OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiBezgakshamol-2 (hajviy hangomalar)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - She’riyat
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Nashriyot«Sharq» Nashriyot-Matbaa Aksiyadorlik Kompaniyasi Bosh Tahririyati, Toshkent, 2003
Hajm44KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/05/01
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
Tahrir hay’ati: Said Ahmad, Ne’mat Aminov, Anvar Obidjon, Bobur Alimov, Ahror Ahmedov, Ashurali Joʻrayev, Hojiboy Tojiboyev, Rustam Qosimov, Husan Sodiqov.

Mas’ul muharrir: Ashurali Joʻrayev



Annotatsiya
Bugungi ilgʻor hajvchilarimiz qatorida turuvchi Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjonning mashhur Usta Gulmat tilidan yozgan gʻazallari koʻp nusxada bir necha bor chop etilsa-da, kulgisevarlar tomonidan tezda talamon boʻldi ketdi. Ushbu toʻplamga devonavash Gulmatga chevara boʻlmish Kulkuliy afandining shov-shuvli she’riy hangomalari jamlandi. U bobosining «Mushtum» kutubxonasi turkumidan 1985 yilda chop etilgan «Bezgakshamol» devoniga taqlid qilib, oʻz toʻplamini «Bezgakshamol-2» deb atagan. Ishonchimiz komilki, ushbu hajviy hangomalarni ham kulgidan simirib-simirib, yayrab-yayrab oʻqiysiz.

Agar hozir doʻkonda turgan boʻlsangiz, sizga doʻstona maslahatimiz shunday: chapani ogʻaynilaringizga sovgʻa qilish uchun bu tansiq kitobdan bir yoʻla ikki-uchtasini sotib olaqolganingiz ma’qul. Keyin attanglanib yurmang deymiz-da.


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Bezgakshamol-2 (hajviy hangomalar)
Anvar Obidjon

Gʻazalsimonlar

1. Maqtanuvchan zoʻr gʻazal

Meningdek tashnabop shoir olmadek kamdir ayronda,
Birov bunda haqiqiy dur, birovlar soxta marjonda.
Moldan inson qilodir farq oʻt oʻrnigʻa gʻazal kavshab,
Gʻazal ta’min xushlamaslik fanda uchraydi hayvonda.
Soliqbonlik edi kasbim, gʻazal bitmas edim, naylay,
Bobom ruhi sachratib shavq tanam boʻylab suzar qonda.
Bobom noskash edi mashxur, vale menga tabak manzur,
Tabak ichra «Kazbek»i zoʻr, tutatsang — darding osmonda.
Bobong kimdir demas nazmiy quduqda gʻavvos oʻlgʻonlar,
Alar Gulmat yoyin sezgay Kulkuliycha bu paykonda.
Kulkuliy — Ikkinchi Gulmat, bobomni kim etsa hurmat,
Qilib she’rim gazak-sharbat, qimizdan tortsin ayvonda.

2. Shunchaki zoʻr gʻazal

Tojiqorin toʻyga kelar kindigini yalanglatib,
Liko-liko qilib boshin, quymichini lapanglatib.
Yelkada toʻn, ogʻzida nos, doʻppisi qoshin uchida,
Kalishda toʻzon koʻtarib, ishtonbogʻin salanglatib.
Oʻtib yalangdan toʻriga, chikdi gʻijirloq soʻriga,
Oʻxshata burnin moʻriga, qildi duo jaranglatib.
Juvonlara bir qarasa, qozonlara uch qaragay,
Soatdagi mushuk misol koʻzin alang-jalanglatib.
Bir lunjiga qazi solib, bir lunjiga tiqdi patir,
Kemirdi borin boricha sheriklarin garanglatib.
Qoldirdi Kulkulga ushoq dasturxonni gʻarot qilib,
Boʻkkanicha ketdi arang nimanidir varanglatib.

3. Taklifli zoʻr gʻazal

Kel, soqovdek turma, sayrona boʻlaylik,
Bir-birovga sha’mu parvona boʻlaylik.
Notaruslab ovroʻpaviy nikoh-hujjat,
Mullaga soʻng borib sharqona boʻlaylik.
Jadal ishlab chiqarmak-chun bola-baqra,
Ikkimiz zoʻr qoʻshma korxona boʻlaylik.
Tijoriy sayr etib Istambulu Tehron,
Bozorlarda umri kayfona boʻlaylik.
Kelsa omad — birga yashnab, kjsalib juft,
Ketsa omad — birga vayrona boʻlaylik.
Boʻldi ertak birlashib Farhodu Shirin,
Janna-Kulkul boʻlib, afsona boʻlaylik.

4. Zamonaviy zoʻr gʻazal

E boʻtakoʻz, qoʻnding xayolga mana qushdek,
She’rimni duchor aylayin senga yana mushtdek.
She’rimni qoʻyib moʻdalar e’lonini yodlab,
Jonimni jigin qirqma tobora janaqushdek .
Tomda mushuk ingrasa bil holim chatoqdir,
Men ham xayolingga qoʻnay goh chala tushdek.
Rostini ayt, nega meni koʻrganda doim
Metroga qochib berkinadursan kalamushdek?
Uzro esang Vomiq boʻlay, kinoga kirsang —
«Tiko»ngni qoʻriqlay oʻsha polvon Siyovushdek.
She’r-xat bitib Kulkul sekin soʻmkangga tikdim,
Soʻmkang ichida ketdi figʻonim lashu-lushdek.

5. Garangsiragan zoʻr gʻazal

Sevdim Fotima-Zuhrani — vo unisi! Vo bunisi!
Zora yonib sevsa meni ho unisi, ho bunisi.
Oʻtsa ikovlon koʻchadin ikki koʻzim tarqoqlanib,
Oh uraman jalang-julang: «O, unisi! O, bunisi!»
Moʻri-moʻri tabak chekib ishq yoʻlida yutsam zahar,
Men zorini aylar mazah go unisi, go bunisi.
Kutsam etak oʻpmoq uchun, oʻtgay etak changin qoqib,
Goʻyoki men paskash gado, sho unisi, sho bunisi.
Qaysi birin chin sevasan deydi kuyib sodda onam,
Dilga axir birvarakay jo unisi, jo bunisi.
Ikkovining fe’lin sinab bildim aniq, Kulkulmamat,
Oʻldiradir bir kun meni yo unisi, yo bunisi.

6. Ezgin zoʻr gʻazal

Sevgi dardi meni uyga qoʻydi paqqos koʻmmalab,
Ziyon koʻrdim doʻkonimni ocholmay koʻp soʻmmalab.
Qaydanam shum balobozga duch kelibman bemaxal,
Titki-pitki qildi bagʻrimni koʻzida boʻmbalab.
Lolman unga magar men zulm etmasam-da bir gramm,
Nega ustimga jafolar yogʻdirodir toʻnnalab?
Zoraki she’r-tuzogʻimga silovsindek suqsa bosh,
Moʻylovim yo butoq aylab oʻtsa qushdek qoʻnmalab.
Unga bir tanbeh berarga shaymanu, lek qoʻrqaman,
Yurodir tygʻ tirnogʻini egov birla yoʻnmalab.
Uchrashib mirshabga, Kulkul, boshga yor xavf solgʻonin
Arzlanib aytsammi yoki shartta loʻnda-loʻndalab?

7. Mavsumiy zoʻr gʻazal

Mana keldim yoningga, yor, yigirmatta urib bodring,
Quvonching men uchunmu yo tugunchamda koʻrib bodring?
Ana taajjub, ana hayrat — tugunni teshgudek turtib,
Talpinodir sen tomonga mendan oldin yurib bodring.
Takosin tark etib echking kelur barra poʻchoq istab,
Choʻloq-shabkoʻr iting hatto tilar mendan hurib bodring.
Soddalar qiz dilin ovlar tutib oltin uzuk-baldoq,
Meningdek serfahmlar lek aylagay rom berib bodring.
Bu yil, e yor, toʻyga taxtman, hosilu ham daromad moʻl,
Shoʻrim qurgʻon edi bultur ertaroq sal qurib bodring.
Kelib omad takdiring gar qoʻshilsa mard Kulkuliyga,
Oʻtar umring farogʻatda chopib, goʻnglab, terib bodring.

8. Gʻirt zoʻr gʻazal

Zuhrani «pakka» deb chopsak, menga Tohir yetolmaydi,
Bibini deb kasallandim, bibi hatto yoʻtalmaydi.
Qancha sevsam shuncha ichdim, yana sevdim, yana ichdim,
Bundan ortiqroq sevishni arganizm koʻtarmaydi.
Majaq-maymoq xayoldan gʻum boʻlib bosh har kuyga tushdim,
Yigitni qiz buzar shayton uncha yoʻlddn chiqarmaydi.
Nuqub koʻksimga qargʻandi chayondan yor boʻlib battar,
Chayon oʻz oshigʻin yeydi, koʻksidan lek itarmaydi.
Sevib toʻxtamga keldimki zoti sal sust qizni soʻysang,
Pastliging hech ozarmaydi, izzating ham koʻparmaydi.
Ayo Kulkul, borib nazming oʻqi oddiy odamlargʻa,
Kuning qolsa «daho»largʻa bitta she’ring koʻkarmaydi.

9. Toʻydagi zoʻr gʻazal

Demang toʻyda kelin zebo oʻtirgʻonlar orosinda,
Boʻlak bir qiz biza shaydo oʻtirgʻonlar orosinda.
Kuyovga biz kuyovoʻrtoq, kelinga u kelinsepchi,
Gulmiz ajriq ichra goʻyo oʻtirgʻonlar orosinda.
Biri oʻynab, biri esnab, yemas avqot satang qizlar,
U qiz «xoʻr-xoʻr» ichar shoʻrvo oʻtirgʻonlar orosinda.
Sevdigimning qadi shampon, yonida men pepsikola,
Akang shumshuk, u tamanno oʻtirgʻonlar orosinda.
Yuzi boʻlichkayu labi xoʻrozqand, gajjagi pashmak,
Oʻzi toʻqson kilo holvo oʻtirgʻonlar orosinda.
Hama joyda hama shoir hama qizga yoqar, Kulkul,
Meni sevgʻon umas tanho oʻtirgʻonlar orosinda.

10. Kayfbaxsh zoʻr gʻazal

E qaqa qiz, qiypanglama, kimga kerak gʻamzalaring,
Qiypanglatib vino uzat — «Chashma», «Kagor», «Gimza»laring.
Boʻlsin desang oliy bazm toʻlguncha quy, toshguncha quy,
Bobovga ber qandu asal, chuchvarayu somsalaring.
Kelsa sharob — yoningdaman, begonaman — ketsa sharob,
Yangicha oshiqman gʻalat, qotsa qotar ensalaring.
Agʻdaradur tegsa shamol — shalviragan jussang dema,
Kayfimda duch kelsa agar yakson boʻlar ninzalaring.
May beru soʻng javramagil qaylarda sangʻiysan debon,
Bir tosh axir mastlik chogʻim Bishkek, Boku, Penzalaring.
Dil xumiga ilhom-sharob toʻlganda she’r bitsamki, bil,
Bas kela bilmas Kulkula Hamzatovu Hamzalaring.

11. Qishloqona zoʻr gʻazal

Muqom qildi soy boʻyinda qoqigul,
Soʻqqa boʻydoq, bellari oʻynoqi gul.
Boshqa gullar sirlashurlar juft boʻlib,
Oʻynashi yoʻq birgina shu toqi gul.
Sargʻayib turmay yetiltir toʻzgʻogʻing,
Oqbadanlar ichra boʻl eng oqi, gul.
Qoʻl uzatsam nega barging siltading,
Dogʻ dilimning oshdi battar dogʻi, gul.
Izlayursan balki donoroq oshiq,
Bu oʻramda oʻzimman eng sogʻi, gul.
Shahar ketsam «Romashka» koʻp Kulkula,
Kunim senga qolmas, e qishloqi gul.

12. Oʻgitli zoʻr gʻazal

Mardga mehring bas qilma oʻtar-ketar dunyoda,
Nomardlarga arz qilma oʻtar-ketar dunyoda.
Minnatsiz qoq non qoʻygan Nor yoʻqsilning poyin oʻp,
Boyga burning past qilma oʻtar-ketar dunyoda.
Xomush tursa Xol piyon, yaxshilik qil, vino ber,
Lek oʻzingni mast qilma oʻtar-ketar dunyoda.
Itfe’l Yormat xasisdan soʻrab yurma sigaret,
Qiymatingni xas qilma oʻtar-ketar dunyoda.
Poʻchtachidek yetkazma Eshmat soʻzin Toshmatga,
Gʻiybatlanib sas qilma oʻtar-ketar dunyoda.
Ey Kulkul, she’r daftaring chetin yesa yer sichqon,
Kichiklarga qasd qilma oʻtar-ketar dunyoda.

13. Tantanavor zoʻr gʻazal

Kelodir koʻkragin elab bayramda yurgʻon doʻmbogʻim,
Orqa etaklarin silab bayramda yurgʻon doʻmbogʻim.
Qoʻrqadurman bugun bexos poson moʻylovni kuydirgay,
Dilga goʻlaxdek oʻt qalab bayramda yurgʻon doʻmbogʻim.
Qiyo boqmas pul uzatsam gadolar ergashib unga,
Oʻtar bir noz-la haq toʻlab bayramda yurgʻon doʻmbogʻim.
Kissavurlar u yonimdan qochar hamyonimni talab,
Bu yondan jonimni talab bayramda yurgʻon doʻmbogʻim.
Balki ishqimda yongandir, sovutdi oʻz-oʻzin asta,
Muzqaymoqqa barmoq bulab bayramda yurgʻon doʻmbogʻim.
Payqadimki ado qilgay meni ham bir kuni, Kulkul,
Muzqaymoqdek yalab-yalab bayramda yurgʻon doʻmbogʻim.

14. Koʻrkoʻrona zoʻr gʻazal

Ogʻrir oyogʻim dardi ishq tizzada markazlashib,
Yozmasam boʻlmas qoʻyib oshpazligim, she’rpazlashib.
Pulla, ey gazmolsotar, gazchoʻpda oʻlchab gazmoling,
Men sotay dil gazzagini misralar gaz-gazlashib.
Gʻam chekib el ishqida oʻkransa yot shoir agar,
Sizga men xoʻngray suluvlar jabridan bir va’zlashib
Jazzava tutgancha yor yursa tushibon jazda raqs,
Jazmanin joni buyokda jizzadir jaz-jazlashib.
Choʻldagi yulgʻun misol soʻldim uni suygan sayin,
Suymasam yurgay edim men ham qorin gumbazlashib.
Kulkul afandi sevdiki, xoʻshshayma yor, sen ham sev,
Sevmasang rasvo boʻlodir she’rlarim pirkazlashib.

15. Nosqovoqbop zoʻr gʻazal

Gohida qolmay tabak kiftladim oz-oz nos,
Bir-biridan oʻtkiru xushta’mu soz-soz nos.
Aynidi koʻnglim picha kayf urib, bosh aylanib,
Chot kerib bosdim qadam, ayladi gʻoz-gʻoz nos.
Bilmadim balki boshim qildi nosga ishva yo,
Raqs etib boshim ichinda qildi yo noz-noz nos.
Der tabib: «Badboʻy dimogʻ tushlaring algʻovlatur,
Ki etur sogʻ bandani tentagu vos-vos nos».
Tursa «Kazbek» haykali Ikkinchi Gulmat qalbida,
Qistadi Gulmat Birinchi: «E bolam, yoz-yoz nos!»

16. Dod-voyli zoʻr gʻazal

Qochdi doʻndiq men faqirni ortidan hak-haklatib,
Koʻzlarim yoshini suzma singari chak-chaklatib.
Ahli erkak joniga qasdlar qoʻmondoni boʻlib,
Tortdi ustimga balolar askarin lak-laklatib.
Men oʻkinch dashtida boʻzlab misli gʻijjak yigʻlasam,
Bogʻda u ayshin surodir doyrasin bak-baklatib.
Barchinoy Alpomishin asrasa, ul rahmi yoʻq —
Ezgʻilab oʻtdi jigarni toʻflisin tak-taklatib.
Qaydadir ul maysaqoshim, labi goʻyo shoʻrdanak,
Maqtayin kipriklarini bittalab yak-yaklatib.
Xalqaro mavzu qolib, borsam-da ishqiy she’r toʻqib,
Xdydadi Kulkulmamatni itlarin vak-vaklatib.

17. Ochiqchasiga zoʻr gʻazal

Boʻrini qonxoʻr demanglar, oʻlmasiga qon kerak,
Katta toshning ostida ming mayda tosh — qurbon kerak.
Yurmangiz behuda qargʻab, boʻrilik oson emas,
Boʻri boʻlmoqqa temir tish ham poʻlatdan jon kerak.
Sherxonu yoʻlbarslar ichra boʻrilik qilmoq ogʻir,
Shu zayl kun koʻrsa odam, yuztalab ishton kerak.
Saqlagaydir toza iymon yerda odam naslini,
Boʻricha davron surarga boʻricha vijdon kerak.
Esla odamliging Kulkul goh koʻrib hayvon zotin,
Oʻz-oʻzin tanirga inson gohida hayvon kerak.

18. Dogʻlangan zoʻr gʻazal

Bandilikka meni tashlab ozodligingdan dogʻman,
Yotibman yerbiring vayron, obodligingdan dogʻman.
E parang qiz, otang birla onangga gar esang avlod,
Makr bobida shaytonga ajdodligingdan dogʻman.
Boshqalarga boʻlib malham «Tez-iskoʻriy yordam» misol,
Ishq oʻtimga pajarnikdek jalloddigingdan dogʻman.
Ishqda Majnun mayoʻr boʻlsa, sevgida men-ku palkoʻvnik.
Yefreytoʻrfe’l bir satangga sallotligingdan dogʻman.
Hislarim tirnabon behis, asab torimni oʻynaysan,
Dutor topgan junsotardek bedodligingdan dogʻman.
Qoʻyib qizga tuzoq, Kulkul, oʻzing, eh, har safar majruh,
Oʻlimdan qoʻrqmagan botir sayyodligingdan dogʻman.

19. Sayohatli zoʻr gʻazal

Togʻ-dala kezmoq boʻlib, tashlab shahar qizlar bilan,
Bir oʻzim chiqdim saylga oʻn nafar qizlar bilan.
Oʻzbegu uygʻur, qozogʻu tojigu turkman, oʻris,
Qoraqalpogʻu karis, qirgʻiz, tatar qizlar bilan.
Chuchmomo kavlab adirda, jarda quvlab qurbaqa,
Qochdik ilondan shattalab novcha-pakar qizlar bilan.
Soʻng dala yalpizlarin hidlab faranglar atridek,
Otquloq yeb ustiga sepdik shakar qizlar bilan.
Dashtda bir tashlandiq uyni ayladik «Super otel»,
Doyra bazmin qizdirib hufton qadar qizlar bilan.
Kulkulmuhammad, shoʻr qurib, qoldim-ku tomda dildirab,
Uyda bir baxtli mushuk uxlab yotar qizlar bilan.

20. Attangli zoʻr gʻazal

Chiqqandi erdan sevgilim, boshqa merov oldi yana,
Kirmadi bagʻrim qasriga, torgina uy soldi yana.
Ajrashdiyu attoridan, dallolga koʻngil boyladi,
Katta bir shoirni band etmakka uyoldi yana.
Xappa yutardi yot ayol men kabi yumshoq luqmani,
Vaslima parhezlanib nafsini tiyoldi yana.
Bu buyuk foje’ magar, na unda ayb, na menda ayb,
Muttaham takdir oyoqni orqadan choldi yana.
Horigay oʻylab boshim, charchab yozarmon oʻng qoʻlim,
Soʻylabon ishq darsini nodonga jagʻ toldi yana.
Gulmat bobo, gar chevarang Kulkul afandi «oh» desa,
Anglaki oʻzbek uchun bir zoʻr gʻazal qoldi yana.

21. Qoʻllanma zoʻr gʻazal

Joʻja shoir, endi pandimga toqat qil,
Soʻzim umring xonishiga naqorat qil.
Bu olamda xayol ashyo, yurak dastgoh,
Doʻkondir bosh, yoyib fikring tijorat qil.
Nazm choʻng moʻ’jiza, noyob, muqadadsdir,
Nazm bitsang nasr birla taxorat qil.
Kangul — bir uy, agar shoir desang oʻzni,
Oʻz uyingni oʻzing yondir va gʻorat qil.
Xatoyimni qidirma gap titib, e bit,
Xatomni ham oʻzingga sen mahorat qil.
Kulkuliyga egilma, lek bilib maktab,
She’rlarimni har kuni bir ziyorat qil.

22. Tortimli zoʻr gʻazal

Yusufdek men oʻsal oshiq, Zulayhodek davo «Kazbek»,
Oʻkinganda tasallimdir, qoʻshiq aytsam navo «Kazbek».
Tamokini qilib malham, berur shoirga zoʻr ilhom,
Agar tanqidchi bir tortsa oʻldirur behavo «Kazbek».
Aylamish gurjilar yurtin Manguberdi nechuk ishgʻol,
Nahot ul zotni ham etmish oʻzigʻa muftalo «Kazbek»?
Chekar oʻzbek, oʻris, ozar, balki hindu xabash, ingliz,
BMTdan burun qurgan aloqa xalqaro «Kazbek».
«Prima», «Layka»yu «Shipka», «Pamir»lar oʻldi savdoda,
Yashab kelmoqda «Kent», «Kamel», «Hollivud», «Xon» aro «Kazbek».
Kulkuliydek ziyolilar tutatsa faxr etur yayrab,
Yurislar ham chekib ba’zan boʻlur baxti qaro «Kazbek».

23. Yangicha zoʻr gʻazal

Boqmasang yorim dilimga yoprilur jumboq, boq,
Moʻltirab umring oʻtodir nega beoʻrtoq toq?
Qiynading yoshlik qilib bu shoiring shashlik qilib,
Gar tanim tandirga tiqsang boʻlmagʻay andogʻ dogʻ.
Tushmadim molu amal yo zebu ziynatga asir,
Sevgiga taslim boʻloyin silkitib bayroq oq.
Noraso boʻlsam oʻzing aylab rasoroq sev, axir —
Kashta tiksang gul chizib, boʻlgʻay-ku chit belbogʻ bogʻ.
Quvnadim ishq zanjirin solsang-da joning sogʻ koʻrib,
Qoʻl ipingda misli qul moʻndi koʻzmunchoq choq.
Quvdi yor galdirligimni Kulkuliyga es berib,
Oqibat boʻlmish koʻringki shoiri nosogʻ sogʻ.

24. Ijtimoiy zoʻr gʻazal

Kim Baqokal kabi ochchangal boʻlur,
Savlati zoʻr aqli ham sal-pal boʻlur.
Har amalgʻa ishqiboz, u loaqal —
Ikki yalqov uzra bosh tanbal boʻlur.
Qaro koʻnglin niqobi oq galstoʻk,
Fe’li isqirt, toʻni pok bahmal boʻlur.
Burun tiqsa agar harbiy jabhaga,
Bir askarga qalbaki genral boʻlur.
Aytsa boshliq tonar hatto jinsidan,
Kecha aygʻir, bugun u baytal boʻlur.
Baqo sur boʻlmading, Kulkul, shukur qil,
Tiyik nafsing senga zoʻr haykal boʻlur.

25. Soʻqqabosh zoʻr gʻazal

Kipriging charxlanib «shir-shir» shu oqshom menga yoylansin,
Menga oʻq tegsinu bunda, dushmanim unda «voy»lansin.
Tilim tinsin soʻkishlardan, dilim rom aylasin vasling,
Uyimdan tarqatib zulmat yuzing koʻrpamda oylansin.
Xirom etsang qistiroyin hama maqtovni doʻppingga,
Zanglagʻon bu kangul moydek soʻzingdan qayta moylansin.
Ki barmoqda uzuk posbon, qulogʻingda sirgʻa soqchi,
Bebaho lablaring endi moʻylovim birla poylansin.
Koʻzlaringdan koʻzlarimga hislaring chakkalab tomsin,
Ikki zulfing ikki daryo boʻlib koʻksimda soylansin.
Shirin avqot umid qilmay shirin yor orzula, Kulkul,
Qari qirchangʻilikdin kech, yurakda tuygʻu toylansin.

26. Kechinmali zoʻr gʻazal

Demang kim u seni bejiz qiynadi,
Bismillosiz tugʻilgʻon qiz qiynadi.
Belimdan ushladi debdur chaqimchi,
Uch akosi quvib gʻiz-gʻiz qiynadi.
Otosi musht urib shildi jagʻimni,
Onosi jagʻga bosib tuz qiynadi.
Oposi boʻchkada muzqaymoq sotur,
Toʻkib ichga bir hovuch muz qiynadi.
Tagʻosidan soʻrab borsam himoyat,
Quydirib gʻisht yozu to kuz qiynadi.
Royishi bor oʻzga qiz top, Kulkuliy,
Az-azal shoirni beyuz qiynadi.

27. Kutilmagan zoʻr gʻazal

Yaxshiga esh boʻlish sharti — yaxshilardan surinmaslik,
Yomondan asranish sharti — yomonlarga koʻrinmaslik.
Kuchuk zoʻr chiqmogʻin bilsa boʻrilar yoprilib gʻajir,
Oʻlib dovrugʻ solish sharti — tiriklikda bilinmaslik.
Boshingga goh balo kelgʻay ixtiroyu tashabbusdan,
Xatosiz ish qilish sharti — ish qilishga urinmaslik.
Bolari boyimas — xotam, jim tashib, jim yutar sichqon,
Oʻzingga toʻq yashash sharti — oʻzgalarga ilinmaslik.
Kichik chumchuqqa dap qilmay magar turna topar izzat,
Boʻrilik obroʻyin sharti — quyonga avf qilinmaslik.
Hayotga zogʻ boqib Kulkul har qadam gʻam-alam tortding,
Tuzuk shoir boʻlish sharti — dard chekishdan erinmaslik.

28. Zardali zoʻr gʻazal

Suygan qizim boy koʻsaning yori boʻlib,
Yigʻlar ana shoirining zori boʻlib.
Boyning shirin soʻzlari ham unga zahar,
Endi mening doʻq-poʻpisam dori boʻlib.
Kulbama u kelsa agar ziynat edi,
Boy gʻaznasi ichra turar xori boʻlib.
Tashvish yukin ostida boy — bukri tuya,
Men yuraman erkin hayot nori boʻlib.
Qunt ila yor sochin silab, orom berib,
Avrar edim tonggacha hind mori boʻlib.
Boyni qara, Kulkul afandi, to sahar —
Xurragida dam soladur qori boʻlib.

29. Zoʻraki zoʻr gʻazal

Balofe’l yorimni sizga soʻylayin bobu bob aylab,
Magar ismi Adolatdir, adolatsiz hisob aylab.
Adolatmas, Adoʻlifdek yotib bunkersimon uyda,
Meni tashqida qoldirdi xuddi Robintrop aylab.
Kammidi qiz jafosi, vah, tagʻosi boʻgʻdi boʻynimdan,
Koʻzigʻa «Kabek»im bosdim munosib bir javob aylab.
Gulmatiycha desam: tuzlab yurak, buyrak, jigar, oʻpkam,
Boshimga yetdi oxirda meni toʻrt six kabob aylab.
Aridek toʻzdirib ilhomlarimni ishq choʻpin niqtab,
She’rlarim kashtazor qildi tilginamni popop aylab.
Qiziq holat tushib boshga qotibdur Kulkuliy mumdek,
Yurar oʻz koʻzyoshimga yor oʻzimni bosh mirob aylab.

30. Joʻgʻrofik zoʻr gʻazal

Fargʻona — Shoshning oʻrtasi yalang-yulang,
Qamchiq dovonin yoʻllari ilang-bilang.
Shoshdagi qizlarni borib koʻray desam,
Uydagi yorimni koʻzi jalang-julang.
Shoshda kezar dutor-gitar ohanglari,
Uyda qozon, kirtogʻora darang-durang.
Gohida yer chopib, gohi mol boqaman,
Gohi koʻmir tashib tilim salang-sulang.
Men kabi zoʻr shoir sira boʻlmas unut,
Yursam-da qishloqisifat garang-gurang.
Kulkulni Navroʻzda — tugʻilgʻon kunida
Eslaydi xalq mushak otib varang-vurang.

31. Ayronlashgan zoʻr gʻazal

Zap yetilmishdir boʻying oy yuzlaring shirmonlashib,
Old tomondan olmazoru orqadan xirmonlashib.
Suykanib yoshlikda kino kelsa patta oldirib,
Endi hech qilmay pisand oʻtding soching oʻrmonlashib.
Boʻlma koʻp beyuz desam men, «Fu!» deding zaxring sochib,
Chiqmasa basdir gazetda doʻkdaring farmonlashib.
Bir paqir ayron bilan qoldim ketingdan termulib,
Yuz paqir orzu-umidlar ming paqir armonlashib.
Men qolib ketding saylgʻa satta puldorlar bilan,
Oʻrganib Loʻndoʻn, Porijda yurgʻali mehmonlashib.
Chiqmading xorijga, Kulkul, sotmading hech oʻzliging,
Borsa kim Berlingʻa balki qaytadur girmonlashib.

32. Darakchi zoʻr gʻazal

Kirdi bir qiz qalbima razbeg bilan,
Vaslining xummori teng «Kazbek» bilan.
Ayladi ishgʻol dilim bir zarbada,
Toʻqnashib lolman spesnazdek bilan.
Ortidan chopdim lapang oʻrdaklanib,
Ishq koʻlinda suzgali gʻozdek bilan.
Sogʻinib keldim falon xil nozini,
Ajrashib nozi picha ozdek bilan.
Ki oʻsha «Tiko»simon qizdan kechib,
Bir ochomlashsam edim «MAZ»dek bilan.
Sevgida manzil topolmay Kulkuliy,
Boʻzlagay kuygan yurak — jazdek bilan.

33. Tentakparvar zoʻr gʻazal

Xomila olmasin gʻoʻri — oʻsha ispiropkasiz jinni,
Oʻta sassiqtutun moʻri — oʻsha ispiropkasiz jinni.
Zoti jipriq gʻiybat ahlin podasi goh qursa davra,
Joyi shu molxona toʻri — oʻsha ispiropkasiz jinni.
Qutirgʻoch oʻz qizin igʻvo qilib yozsa ajablanmang,
Tuzatgʻay bukrini goʻri... oʻsha ispiropkasiz jinni
Chala anglab, chala soʻylab, chala bitgay, chala gʻajib,
Chala koʻppak, chala boʻri — oʻsha ispiropkasiz jinni.
Amal-obroʻ topsa kimdir ortidan izma-iz kavlar,
Shaloq iblisga kir choʻri — oʻsha ispiropkasiz jinni.
Kulkuliy hech ishonma kim qoplonu sher desa havfli,
Qonchi hayvonni eng zoʻri — oʻsha ispiropkasiz jinni.

34. Qardoshlarcha zoʻr gʻazal

Ukrain qiz sevgi muhrin yurakka bosdiyu ketdi,
Oʻzimdan dor yasab unga oʻzimni osdiyu ketdi.
Koʻzi zangor oʻsha otin sezdirib boy-baland zotin,
Zulfiga purkabon oltin menga goʻr qazdiyu ketdi.
Yurakni bir qilib dangal, dedim «pastoʻy» choʻzib changal,
«Ay-yay» deya chap berib sal, oʻzin qutqazdiyu ketdi.
Qolmas erdim koʻzim yoshlab ketsa bir qismini tashlab,
Oyokdin bosh qadar boshlab balandu pastiyu ketdi.
Onosigʻa borib tikka, desam: «Qizni ber oʻzbekka»,
Boqib ogʻzimda «Kazbek»ka hushidan ozdiyu ketdi.
Otosin bilsam ulfat deb, quvladi birbalo «...mat» deb,
Buni yosh avlodga xat deb Kulkuliy yozdiyu ketdi.

35. Tamtamlangan zoʻr gʻazal

Qiziq she’rlar toʻqib Shoshga tijorat qilgʻali keldim,
Olifta ba’zi shoirni xijolat qilgʻali keldim.
Yorga yolgʻondakam yigʻlab, elga ham qalbaki kuygʻon
Dardfurush toʻdalar birla raqobat qilgʻali keldim.
Millatin qoqlagan boylar, yurtga befarq kazolarni
Shirin gaplar bilan zimdan haqorat qilgʻali keldim.
Oʻldirib xun olishlikdan kuldirib jon olish yaxshi,
Nafratimni mazahlardan iborat qilgʻali keldim.
Kulkuliy, kul, dimogʻdorlar kulgining qudratin koʻrsin,
Qisingan Kulgining ramzin Jasorat qilgʻali keldim.

36. Achinarli zoʻr gʻazal

Boʻyi yetgʻon sanamni deb boʻlib qoldi boshim gʻir-gʻir,
Buzib oʻtgʻoch qovoq-kiprik toʻgʻonin koʻzyoshim gʻir-gʻir.
Ana Bulbul yana Gulga mening she’rimni kuylaydur,
Boʻlak shoirga muxlis ul Qargʻalarga toshim gʻir-gʻir.
Boshokdek bel eshib dildor koʻzin bejo suzar boʻlsa,
Nafas pish-pish boʻlib tuyqus imo qilgʻay qoshim gʻir-gʻir.
Yogʻilsa tosh berardim dosh, sogʻintirsa vale yorim —
Tanamni tark etar chumchuq toʻpidek bardoshim gʻir-gʻir.
Koʻzi goʻyo oʻgit aytur jabr qilsam sabr qil deb,
Tushunmas ul paqirkalla — oʻtib borgʻay yoshim gʻir-gʻir.
Sovchi boʻl deb, e Kulkulmat, yolladim qancha qondoshni,
Yetmadi naf alardin lek boʻldi gʻoyib oshim gʻir-gʻir.

37. Dagʻdagʻali zoʻr gʻazal

Oxiratni sotib qilgʻon kayfingga oʻrtancha barmogʻim,
Odam nomi yana isrof — hayfingga oʻrtancha barmogʻim.
Piyon qoʻsh ulfating qursin — biri qoʻshning, biri bojang,
Oʻsha qoʻsh kulfating Noru Sayfingga oʻrtancha barmogʻim.
Bobom ul deb, zotim bul deb koʻringʻon zotga qaydingga
Va boʻgʻizdan buloq boʻlgʻon qaytingga oʻrtancha barmogʻim.
Ayni roʻza oyi mirshabxona oldida dong qotding,
Tanlagan joyingu topgan paytingga oʻrtancha barmogʻim.
Tavba aylab zora yuvsang qoʻlansa ayb-gunohingni,
Aslida bor gunohu bor aybingga oʻrtancha barmogʻim.
She’r yozishni qiyib qoʻyding zoʻr radif kashf etib, Kulkul,
Oʻz-oʻzing maqtagʻon soʻnggi baytingga oʻrtancha barmogʻim.

38. Choʻpchaknamo zoʻr gʻazal

Dugonangdir boʻyniga dur, quloqqa tilla osgʻonlar,
Ulfatimdir kuya tushgʻon quloqchin boshda toʻzgʻonlar.
Senga sirdosh fan-hunardan baxt qidirgʻon orzumandlar,
Menga yoʻldosh tekin ishrat topargʻa reja tuzgʻonlar.
Yalab bolu murabbolar yoningda bir gala toʻlpoq,
Quruq vino ichib soʻlgʻin yotar tegramda ozgʻonlar.
Kitobxonlik bir bahona kezarsiz uyma-uy mehmon,
Betaklif toʻyma-toʻy yursak biz — uydin koʻngil uzgʻonlar.
Boʻlib bir koʻcha oʻtdingiz chirmanib shohi-atlasga,
Tikildik jim mazgisin is, koʻylagin burga bosgʻonlar.
Marksiy bir xulosa shu bu holatgʻa, ayo Kulkul,
Biz — qarovsiz ezilgʻonlar, goʻzallar — bizni ezgʻonlar.

39. Tilim-tilim zoʻr gʻazal

Yemrilsa soʻz boyligi — togʻ qirchalanur,
Til buzila borsa elat parchalanur.
«Inoq», «Totuv» unut boʻlib, faqat «Ahil»
Qolsa agar jingala soch kalchalanur.
Arabiy Haq soʻzidir, sev, forsiyni uq,
Lek joʻyasiz qoʻllasa, gap gʻalchalanur.
Oʻz tilimiz — oʻz yerimiz uzra chinor,
Ovroʻpacha chatishsa moʻl, archalanur.
Oʻzbeknikin jangchi tili derlar azal,
Boy bersa qoʻrs erkakligin, marjalanur.
Asra tiling, Kulkul, yana yot tilni bil,
Shunda jahonga qulogʻing darchalanur.

40. Doimgidek zoʻr gʻazal

Qaydanam e qushburun qiz tuzogʻingda shaqal boʻldim,
Mamayqoʻrgʻon kabi zulming lashkariga qamal boʻldim.
Taksiga pul boʻlib isrof sovchilar soʻljayib qaytgach,
Taxt suyakni ogʻizdan oldirib itdek oʻsal boʻldim.
Yuribman endi tentakvash, unutdim qaydaman, kimman,
Bemakonu bemetirka, beism, bemuchal boʻldim.
Boʻlib koʻzyoshlarim ummon suzodirman kema yangligʻ,
Yigʻilsa men kabilar bu flotga admiral boʻldim.
Yashardim shod gʻoʻdaygancha oʻz-oʻzimga boʻlib haykal,
Oyogʻing ostida aspalga qorishdim, shagʻal boʻldim.
Kulkuliy men edim odam dildagi sirlarim asrab,
Oʻzimni shu qagʻozga beayov chaplab gʻazal boʻldim.

41. Es-xushli zoʻr gʻazal

Bilmagaymiz umr soʻngin, ammo bilodir oʻlim,
Jonimizni belgilangan damda yulodir oʻlim.
Yer ustinda sigʻmayin goh joy talashsak zoʻrlashib,
Yer ostinda jim yotargʻa majbur qilodir oʻlim.
Eslabon besamar kunlar, sergunoh onlarni biz,
Oʻkrab-oʻkrab yigʻlar ersak, pinhon kulodir oʻlim.
Gʻaflat ichra yotar vaqti tirik doʻstmiz oʻlimga,
Oʻlib ham gar hayot yursak bagʻrin tilodir oʻlim.
Yashay olsak odamiy dard va insofda, Kulkuliy,
Abaddurmiz bizdan oldin oʻzi oʻlodir oʻlim.

42. Qalandarona zoʻr gʻazal

Kelsa sanam narxini Laylo qilajak,
Majnunlatib goʻllarni shaydo qilajak.
Ildirib ishq toʻrvasini, vasl tilatib,
Koʻpni gado, oʻzni yana sho qilajak.
Kim biladur — bizni atay aylab gado,
Saxovatin qay kuni ijro qilajak?
Kutsak-da hech bor etmayin himmatini,
Har gal yana bir fitna paydo qilajak.
Eng yomoni — yalintira, tilantira,
Mendek yirik shoirni maydo qilajak.
Bagʻrim ezib, tangriga tinsiz yigʻlatib,
Kulkulni u soxta Huvaydo qilajak.

43. Hazilkash zoʻr gʻazal

Koʻpqavat uyda yashargʻa kimniki toqati boʻlgʻay,
Onosin yelkalab hajga borandek jannati boʻlgʻay.
Boshlanur ilk azob-qiynoq oyoq yuvmay hali soʻfi,
Sutchi qizda opera xonandasin san’ati boʻlgʻay.
Ish-oʻqishga chopsa hamma, zina «tak-tak», «taraq-tuq», «gurs!»,
It yugurgʻon piyonino tovshining gʻurbati boʻlgʻay.
Tunda kimdir oʻqir oyat, soʻkar qay mast quvib yorin,
Chapda aza, oʻngda qiztoʻy, soʻgʻin jang navbati boʻlgʻay.
Ostki qoʻshning turbani «dangdang» qilur koʻproq yoʻtalsang,
Ustkining goh tepangdan suv quyargʻa mandati boʻlgʻay.
Ishda rohat qilib Kulkul, bezillab uyga qaytmokdin,
Kulahmaddek yer ostigʻa kirurgʻa ragʻbati boʻlgʻay.

44. Soʻroqli zoʻr gʻazal

Devor osha boqay-chi bir ul qoʻshni qiz yakkamikin,
Tirnogʻini boʻyar, ana, xinogami, lakkamikin?
Nesi meni maftun etar, pishloqsimon yuzlarimi,
Yo oʻzi dumbul-shoʻrvada pishgan shirin makkamikin?
Fe’li juda jangaridir, gap otmadim, qoni uning —
Qaysi qabilaga tutash — massagetmi, sakkamikin?
Qancha tuzuk-suzik bilan quvlashmachoq oʻynab rosa,
Oxir kelib toʻxtaganim menga shu qiz pakkamikin?
Toʻzitadir xayollarim yurakka ogʻudek tomib,
Yoki boshim chanogʻidan teshib oʻtgan chakkamikin?
Seskantirib Kulkulni kim shaqilladi bogʻ ortida,
U — sevgilim onosimi, yo shunchaki hakkamikin?

Raqamsiz oxirgi zoʻr gʻazal

Demish Gulmat — guliqahqah boʻlib tarixga kirgum men,
Kuysa Mashrab shami, guldek soʻlib tarixga kirgum men.
Agar Mashrab yoqib qahrin chirmovuqlargʻa oʻt qoʻysa,
Iljayib asta tomirdan yulib tarixga kirgum men.
Oʻzin mangu haykalini qursa Mashrab oʻzi bilmay,
Ilgaritdan joyim sozlab, bilib tarixga kirgum men.
Chaqnasa farqsiz boqurlar, dodlashar portlasa yulduz,
Hama allomalar yangligʻ oʻlib tarixga kirgum men.
Yana Gulmat demish — Mashrab soʻzin nopokka oʻq qildi,
Harom qoʻlga zaxarli gul ilib tarixga kirgum men.
Kulkuliy she’rlaring bol-xat, ta’mida — kislota sulfat,
Elga Gulmat sirin ulfat qilib tarixga kirgum men.

Toʻrtqavatlilar

Nari tur e dilyoqar qiz, oʻzni men oʻtga topshirmay,
Bir azobim qilib mingta, yaramni yodga topshirmay.
Yoʻling poylab ayozda koʻp, tumov boʻldim, javobgarsan,
Seni soldim Xudoyimga ishingni soʻdga topshirmay.
* * *
Umring boʻyi shukur qil — chapdan oʻngʻayguningcha,
Seni asrab keldi Haq oʻsib-qoʻnqayguningcha.
Balki bir yurt yoʻq boʻldi sen aljirab mast-alas —
Bir yiqilib, bir turib, yana doʻnqayguningcha.
* * *
Bir goʻzalni madh aylamish Mir boboning oʻzlari:
Kiprigining soyasinda ul parining yuzlari...
Jahonga bir aytsin endi Kulkuliy ham oʻxshatib:
Yotar burnim salqininda uch mahalla qizlari.
* * *
O, madam,
Bizam odam.
Oshiqlarni
Demang podam.
* * *
Moʻmintoy qulga bu — farmonli dunyo,
Orzumand bandaga — armonli dunyo.
Fahmdor kishigʻa — qamchili kazzob,
Yallaboz anqovga — garmonli dunyo.
* * *
Oʻz soʻzi-la yashar shoir pishiq yo xomidan soʻylab,
Bu ruhiy xastalar qasrin tikanli romidan soʻylab.
Boʻlma artis, Kulkiliyjon, kecha bir artisni koʻrdim,
Oʻzi nojins, turar ammo Temurning nomidan soʻylab.
* * *
O Kulkul, teskari dunyo — tagingda,
Bilmasding sirin mast yotmaganingda:
Eng qiziq narsa — eng zerikarligu,
Eng kutgan narsang — eng kutmaganingda.
* * *
Bu olamning teng huqukdi ahlisan,
Baxtli boʻlish uchun toʻla hakdisan.
She’rim oʻqi, magʻzin tushun, baxtga bot,
Tushunmasang, undan battar baxtlisan.
* * *
Oʻtib bahor-yozim, shu qishdan —
Iste’foga chikdim sevishdan.
Demak boshi ochiq xonimlar
Endi holi xatar-tashvishdan.
* * *
Goʻyo mening vujudim koʻpmillatli bir xonlik,
Goh oʻyinim hindchayu, goh ohanggim eronlik.
Oshpazlikda gʻirt uygʻur, tilovatda arabman,
Dilim, tilim oʻzbegu, burnim ozarbayjonlik.
* * *
Oʻylagil qoʻrkdim doʻqingdan men qachon,
Chaqchayib burningni qilma baqlajon.
Sher uchun obroʻ emas pashsha quvish,
E raqib, davrimda mayli saqla jon.
* * *
Sherik topmay oʻzim birla oʻzim oynakda ichgayman,
Kosa sinsa, orqasiga quyib poynakda ichgayman.
Icharman goh oʻzim maqtab, yoʻq gʻanimdan kuymanib goh,
Bezrayib gohi hay’atda mayni choynakda ichgayman.
* * *
Uyoti yoʻq zot uyotdin oʻlmagʻaydir oʻlmasa,
Fikri qul nursiz hayotdin oʻlmagʻaydir oʻlmasa.
Oʻzganing dardlarin uqmas to oʻzi dard chekmagan,
Oʻz «Bayot»i yoʻq «Bayot»din oʻlmagʻaydir oʻlmasa.
* * *
Asta keldim dalda birla yaxshi gapga och boʻlib,
Yora aytay hasratimni koʻnglima tilmoch boʻlib.
Barcha qiz xil-xil taomu, sevdigim yolgʻiz palov,
Qaqranib tursam netar men yonida qirmoch boʻlib?
* * *
Nozingga uchib devona Mashrab boʻlaqoldim,
Xoʻrlikda qolib koʻzyoshga xumdek toʻlaqoldim.
Tark etib jabring doʻzaxin, oʻz xotinimdan —
Jannatni isin sezdimu uyga kelaqoldim.
* * *
Umring soʻnar baxt degan yulduz miltillaguncha,
Koʻz alanglab kipriging hayron pilpillaguncha.
Yoshligingni berma boy, bos tikanni, oʻtga kir,
Yoshlik oʻtar qoʻshni qiz uch-toʻrt jilpillaguncha
* * *
Men uxlasam nafas rostlar qalamim,
Dilim tirnar tushimda zoʻr alamim:
Ichishda teng kelsam^da ming ulfatga,
Yozishda teng kelmadim bir Gulmatga.

Soʻtaruboyilar

Dutor chertay dingʻir-dingʻir,
Oʻyna, yorim, qingʻir-singʻir.
Bir kunda bir ichib kelsam,
Qilma hadeb mingʻir-mingʻir.
* * *
Yasansang men taqinchoqman,
Choʻmilsang men oqinchoqman.
Bezib ketsang qocholmassan,
Oyogʻingda qoqinchoqman .
* * *
Garchi janjalda balanddir,
Dod solishda zoʻr talantdir.
Qoʻshnilar bilmas, xotincham —
Xudo urgʻon semuvlantdir .
* * *
Shoirlikka tutilgʻonman,
Fahmi boʻrdoq yetilgʻonman.
E raqib, ul «Tarix»ingta
Sensiz taklif etilgʻonman.
* * *
Moʻyqalam der moʻylovi oʻq:
«Sariq rang — och, qora rang — toʻq.
Shundan faraz qilurmizki,
Bu olamda haqiqat yoʻq!»
* * *
Guruch edim boshoklanib,
Koʻp ezildim oqshogʻlanib.
Rubob bilan soldim oxir
Oʻjar qizni mashshokdanib.
* * *
Chimloqda chim chaynab yurdim,
Choydishdek goh qaynab yurdim.
U yomon qiz erga tekkach,
Koʻnglim tinib, oʻynab yurdim.
* * *
Shafqating, yor, serob boʻlsin,
Labing bepul gulob boʻlsin.
Sevgi qoidasin buzsam,
Bu jonim ishtarop boʻlsin.
* * *
Kel, oshna, qahringdan uzat,
Yov qoʻpsa, jahlingdan uzat.
Ortsa lek johilligim,
Axliqqa aqlingdan uzat.
* * *
Qoʻlma-qoʻlsan, sen yasangʻi,
Senga, yorim, men asrangʻi .
Asqoturman, chiqsa ishdan —
Barcha qalangʻi-qasangʻi.
* * *
Oʻy-xayolga itob boʻldim,
She’r yozarda shitob boʻldim.
Edim balki yomon odam,
Vale mixdek kitob boʻldim.

Uchpaxsa

Koʻp qiynadi yigʻlatib...
Oxir meni uxlatib,
Erga tegib ketdi u.
* * *
Uy yonmoqda beomon,
Sohibi yurar shodon,
Kuymadi deb soqolim.
* * *
Nasha urugʻ yeb oz-moz,
Hujum qildi yosh xoʻroz
Och yottan bir qassobga.
* * *
Silliq oʻtsin deb pora,
Boshliqqa bir bechora
Pul berganmish sovunlab.
* * *
Topildi chit toʻshagim,
Solgʻon ekan eshagim
Sevgilisin ostigʻa.
* * *
Bu dengizning baligʻi
Nega «Shoʻrsuv soligʻi»n
Toʻlamasdan yuribdi?
* * *
Bir shilqim der: «Bu tentak
Odam qurib ketgandek,
Oʻz xotinin sevarmish».
Egovlashdi asabim,
Men ham egov yasadim...
Arzigudek asab yoʻq.
* * *
Bugʻdoy oʻrim — bir bora,
Paxta ketma-ket bola —
Koʻraverar oʻzbekdek.
* * *
— Qiziq fojia ayt-chi!
— Jondan toʻygan bir qaychi
Oʻzin qiyolmay xunob...
* * *
Oltiariq tomonda
Yuribdi koʻk choponda
Sen oʻldirgan bir yigit.
* * *
Uqdirdim goʻl sichqonga:
— Tushdim dema qopqonga,
Yangi nomi — bojxona.
* * *
Doim dorda oʻynaydur...
Uni kimlar qiynaydur
Sigʻdirmasdan keng Yerga?!
* * *
She’r — miyaga osh boʻlar,
Toʻdasiga bosh boʻlar
Kitob yegan kalamush.

Ikkiqatlar

Sharob ichsang yana sherikman,
E hayriyat, demak tirikman.
* * *
Goh chekaman jiddiy aziyat,
Xom she’rimga oʻqib ta’ziya.
* * *
Otingni sot, molingni sot sen
Va sotib ol andak uyot sen.
* * *
Tamaki goh dardim oladur,
Hayotimni saqlab qoladur.
* * *
Norpolvonga qarashli hoʻ goʻr...
Men buguncha Norpolvondan zoʻr!
* * *
Garchi senga yoʻlchiyukdurman,
Unutma, yor, men buyukdurman!
* * *
Labingdagi bu xol kishmishdan,
Qoraygan u turli mish-mishdan.
* * *
Koʻzing chiroq, biram xumordir,
Keng shlyopang chiroqtumordir.
* * *
Toshqin boʻlsang, oʻzim qirgʻoqman,
Moshin boʻlsang, avtoturgʻoqman .
* * *
Oʻlsak bizda oʻlar manmanlik,
Dushmanlarda esa — dushmanlik.
* * *
Har balodan asrayman seni,
Yoʻq qilmasang bas, doʻstim, meni.
* * *
Oyogʻimdan chalaverdilar,
Chalib ortda qolaverdilar.
* * *
U shoirdir, yoʻkdir amali,
Amal asli — shoir ajali.
* * *
Shu kungacha saqladimki jon,
Demak dunyo emasdir yomon.
* * *
U — nodiru sarsonroq edi,
Bu — shodonu arzonroq edi.
* * *
She’r — Alpomish, gʻazal — Barchinoy,
Biron-birin yomonlama, hoy!
* * *
Kecha oʻlding demagil menga,
Tugʻilgayman asli indinga.

Oʻrtabarmoq

Tovugʻingni yedim, hey xoʻroz!
* * *
Iljaymay oʻl, sevdirding meni.
* * *
Bir qop savob oldim bozordan.
* * *
Goʻrdan chikdi sigaret soʻrab.
* * *
Xotiniga sotdi erligin.
* * *
It — sayoq, lek qimor oʻynamas.
* * *
Roʻmolcha bor, Dezdemona yoʻq.
* * *
Tushlikda uch likob baxt yedim!
* * *
Uylanganmish koptokka tarvuz.
* * *
Zindonda bit? Gunohi nima?
* * *
Ol-e, ana madaniyating!
* * *
Goʻsht yesa-ku qoʻydan qoʻrqardik.
* * *
Kalda taroq, koʻrda chiroq bor.
* * *
Sol pashshani! Gap poylayapti!
* * *
Kim tanir? Bu kimning haykali?
* * *
Hind kinosi xotindir unga.
* * *
Goʻng yeb koʻrdi havaskor yulgʻich.
* * *
Saroygami? Qalin shim kiyvol.
* * *
Qiynaysan-da insofli boʻlsam.
* * *
Navbatga tur... kaltak yeyishga.
* * *
It egasin qopmas, pul qopar.
* * *
Koʻnglingga koʻp burningni tiqma.
* * *
Muzey — Gulmat nos tupurgan joy.
* * *
Hoʻ, gadoy! Ma... danak chaqib ber!
* * *
Yiqildingmi? Nega chiquvding?
* * *
Qoch! Quyoshni toʻsma, shamchiroq!
* * *
She’r yozmadim... Ana mahorat!
* * *
Doʻst boʻlarmish... tilimni tiysam.
* * *
Yeb boʻldingmi? Endi xizmat bor...
* * *
Eng qiziqchi — tobut oʻgʻrisi.
* * *
Oshqozonga oʻxshar nigohi.
* * *
Shu shoʻrvaga choʻkkim kelyapti...
* * *
Doʻstlasholmas Nay va Nogʻora.
* * *
Bekor ketding. Sogʻinmadim hech.
* * *
Taniyman, gʻirt erxoʻr xotin bu!
* * *
Oʻzi sassiq, ovozi shirin.
* * *
Shimim mendan koʻra puldorroq.
* * *
Sotib oldim uch kilo kitob!
* * *
Bir oʻpich deb ovqatsiz qoldim.
* * *
Meni tinch qoʻy... Boʻpti, dahosan...
* * *
Oy buncha tez boʻgʻoz boʻgggurar?
* * *
Oʻlib qoldi qarsak chalyotib...
* * *
Kaltak yeb-eb, qiziqchi boʻldim.
* * *
Oʻz shoirin tanimadi she’r.
* * *
Kema choʻkdi... Suzmokda kalish...

Xushlashuv

Men oʻqib she’r, sen tekin may ichib turding,
Qochib ogʻzing ishtonbogʻi, qichib turding.
Gahi «Qoyil!», gahi «Ha, doʻst!», «Ofarin!» deb,
Har gujum bayt sha’nigʻa qin bichib turding.
She’r — oʻrtada, lek qachon may ilinding sen?
Kulib soxta, yolgʻondakam kuyunding sen.
Xotindan dod desam birga urib faryod,
Aslida xoʻp ich-ichingdan suyunding sen.
Bevafo doʻst, oʻjar yordan jonim kuydi,
Elu yurt deb tomirlarda qonim kuydi.
Shuki qoʻshgʻon ulushing bu yonishlargʻa,
«Xon»ingdan choʻgʻ tushib dasturxonim kuydi.
Mayfurushni kuylasam, soʻz dalda qilding,
Sutchi qizdan soʻylasam, sal zarda qilding.
Oxiri gal kelanda «Oʻrtabarmoq»qa,
Xurragingni ilhomimga parda qilding.
Payti yetdi, balki oshna xushlasharmiz,
Hali she’r, may ustida koʻp qoʻshlasharmiz.
Kitobda she’r, koʻzada may tugab bitdi,
Oʻtirsak gap aynib endi mushtlasharmiz.