OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

2 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiBuguncha bayram... (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Buguncha bayram... (hajviya)
Anvar Obidjon

Bayram oʻtib olgach, balki hamma tashvishlardan qutularmiz. Ertani kutib turaylik-chi...

Ha, tashvishu gʻalvalardan juda qon boʻpketdim. Oʻzi boshdayoq ishim yurishmagandi. Kalxoʻzdagi birodarlar meni chorshanba oqshomida partkom kotibligiga saylashgan boʻlsa, payshanba-sahar Moskvadagi aynigan olomon komfirqani poʻpisalab, maydonga chiqdi. Kun boʻyi televizoʻrning yoniga mixlanib, namoyishchilarning qoʻlidagi shior-piorlarni oʻqish bilan ovora boʻldim. Xayriyat, «Falonchi yoʻqolsin!», «Pistonchi oʻrnini boʻshatib qoʻysin!» degan yozuvlar ichida mening familiyam uchramadi. Moskvadagi ba’zi kattalarga nisbatan xalq orasida hali obroʻyim balandligini payqab, yengil tortdim.

Bu bilan «ishim besh, oʻzim yigirma besh», demoqchi emasman. Aytganimdek, boshimda kuniga bir tashvish, kun ora ikki gʻalva. Shunaqada shaharda tugʻilmaganimga koʻp afsuslanaman. Qishloqilarga hammasi bir goʻr – rahbar deyildimi, tamom: bu raismi, partkommi, bosh bugʻoltirmi, farqlab oʻtirmay, toʻyiga tandir kerak boʻlsayam birinchi uchragan boshliqqa arz qilaveradi. Tunov kuni bir kombayinchi xonamga kirib, xotini qatorasiga qiz tugʻayotganidan shikoyat qipketdi. Men partkomman, bu masalada zootexnikka uchrash, desam tushunmaydi-da.

Shu xildagi mayda masalalarda, ayniqsa, chollardan bezor boʻldim. Biri keksa kommunistligini pesh qilib eshagiga yem soʻrab kelsa, boshqasi «soʻqqaboshman, partiyadan oʻchgan boʻlsayam mayli, bironta kampir topib ber», deb xarxashani boshlaydi. Oʻrgildim bunaqa nayniq bolshavoylardan, gapi oʻqlovdek, siyosatdan – noʻl. Mirza buva degani Kuybishevni Qoʻybeship, Kalininni Kallelin deydi. Abreyim oqsoqol jamoat joyida tap tortmasdan «zamon shunday turaversa, yaqinda oʻzingni xotiningniyam tallon berib oʻpadigan boʻlasan», deb masxarabozlik qiladi.

Oyning oxiri yaqinlashgani sayin, har safar bezgagim xurujini boshlaydi. Bu – asabdan, ishimning eng ogʻir pallasi – a’zolik badallarini toʻplash. Ba’zi muttahamnikiga uch-toʻrt bostirib borganingdan keyin qoʻshnilaridan uyalganidan zoʻrgʻa yarim-yortisini toʻlaydi. Xudoyorxonning soliqchisi emasmanki, yonimda ikkita gurzimusht yigitim tursa. Shunaqalarni byuroga qoʻyib, shartta-shurtta javobini bervoray desam, a’zolar kamaysa oxiri oʻzimniyam shtatim qisqarishi mumkinligini oʻylab, shashtim qaytadi.

Bular-ku mayli, bittasi suvchi, ikkinchisi molboqar... Keyingi paytda odamlarning ichki dunyosini kuzatib yurib, hatto idoradagi faollargayam ishonchim qolmadi. Toʻgʻri, idorachilar gazeta oʻqishadi, badallarni vaqtida toʻlab borishadi, majlislarda oʻzlarini yaxshi tutishadi. Lekin ikkitasi xoli qoldi deguncha, ogʻizlariga tezda shayton qoʻnadi. Masalan, iqtisodchimiz Oʻlantoyni eng sinalgan kommunistlardan deb yurardim: siyosiy saboqni oʻzi olib boradi, shiyponlarga chiqib ma’ruza aytib turadi. Bir kuni idora hovlisiga chiqsam, ferma mudiri bilan shaxmat oʻynab oʻtiribdi. Bunaqa oyliksiz boshqotirmalarga toqatim yoʻq, sekin ortga qaytmoqchi boʻluvdim, gaplari qoʻqqis quloqqa chalinib, toʻxtab qoldim. Kechirasiz-u, bunaqa gapni siyosiy raqiblarimiz ham ochiq gapirmaydi. Chetdan qaraganda, ikkovining koʻzi goʻyo shaxmatda, aslida gapni chayishyapti. Ferma mudiri toshlardan birini «taq» etkazib urib: «Partiya tamom!» – dedi. Etlarim junjikib ketdi, «hozir Oʻlantoydan eshitadiganingni eshitasan, kontur», deb oʻyladim. Buni qarangki: «Ha, bu partiyani yutqazdik», desa boʻladimi. Xonaga kirib, anchagacha oʻzimni bosolmay oʻtirdim. «Sotqin! Sen lappashang Oʻlantoy balki partiyaviyligingni yutqazgandirsan, ammo biz partiyani yutqazmaymiz!» – deb stolni mushtlab yubordim. Kim boʻlishidan qat’i nazar, hammaga hushyor boqish zarurligini ana oʻshanda chuqurroq tushunib yetdim.

Boshqalarning fikrini bilmayman-u, menimcha, baridan xavflisi – yoshlar, hatto Oʻlantoydan ham xavfliroq deyish mumkin. Ammo boshqa tomonini tan olish kerak, oʻng kelib qolsa, yetagingga oson yuradigan toifa ham shu. Mana, temirchimiz Farmonqul juda tez yoʻlga kirdi. Garajdagi ayrim tanobi boʻsh shaxslarning biz toʻgʻrimizda aytadigan gaplarini menga roʻyi rost yetkazib turadi. Oʻlmasam, shu bolani komsorg qilaman. Hozirgisi quyushqonga sigʻmayroq turibdi oʻzi. Yo anqov, yo dushman– hatto shundoq burnining tagidagi devoriy gazetani qolipga sololmaydi. Yaqinda bu gazetadagi aksiltarbiyaviy bir she’rni vaqtida yirtib olishga ulgurdim. Payti kelsa kerak boʻladi deb, mana, yonimda saqlab yuribman:

    «Bismillohir rahmonir rohim!»
    Partbiletni olaman asta.
    Kotib chet el toʻlqinin buzgan
    Apparatdek yoʻtalar qasddan.
    Rangim oʻchib toʻlayman badal,
    «Tap» etkazib urar u muhr.

– Kotib aka, bir oy boʻshmizmi?
– Ha, qutulding...
– Ollohga shukur!
– Ollohing kim?

    Seni majlisda –
    Bir savaymiz, – der u gʻam yemay.
    Choʻkib oʻlgan eski partkomdek
    «Agar xudo xohlasa», demay.

Qarang-a, bularga qoʻyib berilsa, ertaga yo Choʻlpon, yo Fitratning «she’r» degan narsasiniyam siyosiy gazetamizga tiqishtirishadi. Indiniga koʻribsizki, baloga biz qolib oʻtiribmiz-da.

Keyingi vaqtda tepadagilarniyam uncha tushunolmay qolyapman. Aytmoqchimanki, ikki haftacha oldin markazqoʻmdan bir tekshiruvchi keldi. Ishimni koʻrib, unimni oʻpoqqa, bunimni soʻpoqqa chiqardi. Oʻzi partiyaga aloqasi yoʻq joʻrnolist odam, shuni markazqoʻmga ishga olishibdi. Yozgan maqolalarini oʻqisang – «xalq», «xalq»... Xalqing bilan yuravermaysanmi! Bizni ish tamom boshqa olam, tushunmasang, aralashib nima qilasan? Bergan savolini qarang: «Sizni kotiblikka saylashda nima uchun boshqa nomzodlar ham qoʻyilmabdi?» – deydi. Buni raisdan soʻra. Oʻshanda uch kishining nomzodi qoʻyiluvdi – meniki, yana Tursinali bilan Yursinaliniki. Raisimiz: «Tursinali yaxshi mutaxassis, oliy ma’lumotli agronom, traktorchi Yursinaliniyam binoyidek kasbi bor, bularni ishdan qoldirmaylik», deb ikkalasining nomzodini oldirib tashladi. Toʻgʻri-da, men partiya maktabini tugatganman, bundan boshqa qaysi ishni uddalayman?

Tekshiruvchi menga uzoq tikilib turib: «Kam boʻlmasinlar, akaxon!» – deb qoʻydi. Xayriyat, oxiri ahvolimni tushundi shekilli. Soʻng chuqur uf tortib, oʻrnidan turdi, «ha, mayli, bayram oʻtib olsin, balki hamma tashvishlardan qutularsiz», deb joʻnab qoldi.

Mana, bugun bayram...

1990