OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiBuzoq guvohlikka chaqirilsin! (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Buzoq guvohlikka chaqirilsin! (hajviya)
Anvar Obidjon

Xurmo ostidagi soʻrida oydindagi oqilondek qazilanib yotgan Oymamatning halovatiga vijirloq xotini yana putur yetkazdi. «Qosh qorayib qolyapti, buzogʻimiz yaylovda tunamasin endi», degan sibizgʻasimon tovush uning qulogʻiga suvaraklar galasidek yoprilib kirib, miyasini timdaladi. Tilining uchiga toʻplangan sassiq soʻzlarni soʻlakka qoʻshib tuflagach, oʻzini bosib: «Qashqavoy sendan hushyorroq, molxonasi qaerdaligini biladi», deya doʻrillab qoʻydi.

– Yomo-o-n tanbal boʻpketyapsiz-da! – battardan tixirlandi xotin. – Ana, amakingizning gʻoʻnajini hovlini adashtirib, uch kun deganda zoʻrgʻa topildi.

– Bizniki adashgandayam, peshanasidagi yum-yumaloq qashqasi hammaga taniqli. Toʻgʻri uyimizga qarab haydashadi.

Xotin biqiniga qoʻl tirab, karnayni endigina avjga hozirlayotganida, koʻchadan kelgan: «Sattor aka! Hoʻ, Sattor aka!» – degan ovoz shashtini soʻndirdi.

– Tunov kuniyam bittasi Sattor akaning uyi deb biznikini chaqirib keluvdi, – eriga selkillab boqdi xotin. – Sargʻish darvoza mahalla boʻyicha bizniki-yu, Sattor folchiniki. Shuni boshqa rangga boʻyab qoʻysangiz boʻlmaydimi?

Folchining otini eshitib, Oymamatning koʻzlari birdan ayyorona chaqnadi. Qaddini koʻtarib, toʻshakka oyoq chogʻishtirarkan: «Shoshma, kallamga bir oʻy keldi», deya xotiniga shumlanib iljaydi-da, koʻchaga boʻylanib shangʻilladi:

– Hoʻ, labbay! Kiravering!

Odimlashi qoqinishga moyilligidan shoshqaloqligi yaqqol sezilib turgan jiydabarg moʻylovli yigit kela solib qoʻshqoʻllab koʻrishdi-yu, hol-ahvol soʻrab oʻtirmasdan: «Hamma umidim sizdan, akajon!» – deya Oymamatga kuchukdek jalangladi. Soʻrining chetiga omonat qoʻnib, duo oʻrniga «nima xizmat boʻlsa, tappa-tayyormiz», degan soʻzlar bilan yuziga apil-tapil fotiha tortdi.

Oymamat muddaoni surishtirgach, yigit hatto uloqchilar ham havas qiladigan chopqir eshagi qoʻqqisdan gʻoyib boʻlgani, shu noyob jonivorni topish umidida najot izlab kelganini ma’lum qildi. Folchilikdagi tajribasizlik Oymamatga pand berib, gapni nimadan boshlashni bilmay, birpas chaynalib qoldi. Piyoladagi choyni shoshmasdan simirib, shoshmasdan yutishga tutindi. Fikrini jamlab olgach: «Eshaging hangimidi, mochamidi?» – deya savol yumalatdi.

«Hangi edi», degan javobni eshitib, tuyqus qovogʻini uydi:

– Oting nimaydi, uka?

– Qurvanaqqul.

– Ochigʻini aytsam, ishimiz ancha chigal, Qurvanaqqul,– qoshini bilanglatdi Oymamat. – Odatda, mochani topish osonroq, ojizaligiga borib, uzoqqa ketishdan qoʻrqadi. Ammo-lekin, erkak zoti «hayyo-xoʻy» deb, uydan bosh olib chiqdimi, uni dunyoning narigi chetidan qidir.

Qurvanaqqulning koʻzi yoshoʻrab: «Hamma ayb oʻzimda, eshagimni qattiq xafa qipqoʻyganidim», deya moʻltiraganida, Oymamat: «Xoʻsh, xoʻsh?» – deb qulogʻini ding qildi.

– Kecha tomorqaga kirsam, eshagim hadeb tuproqqa agʻnab oʻynayapti-da, – soʻzlana ketdi Qurvanaqqul. – Qitmirligim qoʻzib, u yoqda enang oʻlib yotibdi-yu, sen yumalab oʻynashingni qara, dedim. Buni eshitib, eshagim «Ena-a! Ena-a!» deb yigʻlashga tushdi. Unga rahmim kelib, oʻzingni bos, shunchaki hazillashdim, desam, «i-i, i-i», deganicha menga bir zum oʻqrayib turdi-yu, shartta oʻgrilib, ogʻilxonaga qarab yurdi. Ertalab kirsam, arazlab ketvoribdi.

– Yo tavba-a! – yoqa ushladi xotin. – Eshak odamning gapini uqishini endi eshitishim.

Shundan keyin Qurvanaqqulning sayroqlanishini koʻring. «Folchi»ning xotiniga oʻgrilib olib, bitta eshakmas, xonadonidagi borliq jonzot uni odamdek tushunishi, ba’zilari hatto soʻzlashniyam oʻrgana boshlagani, masalan, birov koʻchadan chaqirsa, iti undan oldin «Ha-hov!» deb qoʻyishi, qoʻyi yemiga koʻz olaytirayotgan echkiga qarab «Yema-a! Yema-a!» deb baqirib berishi, dakang xoʻrozining doni tugasa, boʻsh idishni tepib, «Qupquruq-ku! Qupquruq-ku» deya shovqin koʻtarvorishi haqida koʻpirib sannashga tushdi.

– Xoʻrozimning shallaqiligidan bezib, oxiri pastkoʻchadagi jiyanimga bervordim, – hobbonilikni davom ettirdi u. – Bervordim-u, haliyam qulogʻim tinchimaydi. Ertalabgacha «Qurvanaqqu-u-l! Qurvanaqqu-u-l!» deb meni chaqirib chiqadi.

Xotin daf’atan munglanib: «Xoʻroz sizga ichikibdi, inim. Qaytarib opkelmasangiz, uvoliga qolasiz-a», deya donolanishni boshlaganida, Oymamat: «Bor endi, ovqatga urin», deya damini kesdi. Xotin lab burganicha nari ketgach, Oymamat toʻshakka tizzaladi, Qurvanaqqulga ham tizzalab oʻtirishni, nima desa, shuni adashmay takrorlab turishni tayinladi.

– Vavaq-vavaq! – yelka uchirib qiypanglashga kirishdi Oymamat. – Vavaq-vavaq!

– Vavaq-vavaq! Vavaq-vavaq! – jilpillab takrorladi Qurvanaqqul.

– Shaqira-shuqur, vaqira-vuqur!

– Shaqira-shuqur, vaqira-vuqur!

– Vaq!!!

– Vaq!!!

Shundan soʻng «folchi» koʻz yumgan asno bir dam jimib qoldi. Keyin oʻzicha gʻudrana ketdi:

– Gʻavva-gʻavva, gʻavva-gʻavva. Gʻir-r, gʻip! Ana… ana… koʻryapman. Koʻzi goʻlayib turibdi.

Qurvanaqqul umidvorlanib: «Oʻsha mening eshagim boʻlishi kerak, haqiqatanam koʻzi loʻppayganroq», deya tipirchilaganida, koʻzi yumuq Oymamat «koʻragon»likda davom etdi:

– Boshida ikkita quloq koʻrinyapti…

– Toʻppa-toʻgʻri topdingiz! Qulogʻi ikkita boʻlsa, aynan mening eshagim!

– Orqasida bitta dum…

– Oʻsha bir dumli eshak meniki! Qoyilman, aka!

– Tagida toʻrtta oyoq turibdi…

– Xuddi mening eshagimni gapiryapsiz! Oyogʻi chindanam toʻrtta, oʻzim sanab koʻrganman! Endi, qaerdaligini aytsalar bas, Nigeriyadan boʻlsayam ushlab kelaman!

Oymamat asta koʻzini ochib: «Mana, kerakli hayvonning shaklini aniqladik», deb viqor bilan doʻranglaganida, Qurvanaqqul: «Shakli eshakmi, axir?» – deya toqatsizlanib pitirladi.

– Folimga bir qizgʻish buzoq tushdi, – dedi Oymamat.– Qansharida yum-yumaloq oq qashqasi bor. Menimcha, u eshagingni koʻrgan. Shu buzoqni yaylovdan topib, oldimga haydab kelsang, qattiq tergov qilaman. Eshagingni rostdanam koʻrgan boʻlsa, qaysi yoqqa ketganini aytadi. Aytmay koʻrsin-chi!

Qurvanaqqul: «Qimirlamay oʻtirib turing, buzoqni gʻizillatib opkelish bizdan», deya oʻrindan qoʻzgʻalayotganida, Oymamat: «Toʻxta!» – deb yoʻldan qayirdi va qoʻshimcha qildi:

– Buzoqni pok holatda soʻroq qilishim kerak. Uni yoʻldagi ariqda yaxshilab choʻmiltir.

– Xoʻp boʻladi! – koʻksiga qoʻl bosdi Qurvanaqqul.

– Erinmasdan tuyoqlariniyam yarqiratib yuvgin.

– Xoʻp!

Oʻchoq boshida ivirsib turgan xotin kutilmaganda gapga suquldi:

– Dumiga yopishgan qoʻytikonlarniyam tozalab qoʻyaqoling, inim.

Qurvanaqqul angrayib, bir xotinga, bir «folchi»ga alangladi. Oymamat xotiniga zimdan oʻqrayib qoʻygach, Qurvanaqqulga yuzlanib, beoʻxshov tirjaydi:

– Anqayma, Qurvanaqqul. Folchilik bu opangga bizdan ozgina yuqqan. Mayli, duminiyam tozalab qoʻyavur.

– Xoʻp! – koʻksiga qaytadan shapatiladi Qurvanaqqul. Soʻng kattakon kalishini «shilipa-shilip» qilganicha koʻcha sari chopqilladi. Erining nojoʻya qiliqlaridan xijolat tortgan xotin qozon ostidagi oʻtga keskaldirik tashlayotib, norozi qiyofada bidirladi:

– Yigit shoʻrlikni mazahlab yaxshi ish qilmadingiz, dadasi. Qolavursa, buzogʻimizni haydab kelib, endi eshagimni topib bering desa, nima qilasiz?

Oymamatning koʻzlari yana mugʻambirona miltirab, xotiniga sirli ishshaydi:

– Qurvanaqqulingga aytdim-ku, buzoqni soʻroq qilaman, deb. Soʻroq qilamanam! Agar qashqavoyimiz oʻsha eshakni koʻrgan boʻlsa, aytar. Mabodo, koʻrmagan boʻlsa, folchi akangning qoʻlidan nimayam kelardi, xotinjon…

Oymamatning ogʻzida qahqaha portladi-yu, xurmo shoxlarida yayrab chugʻurlashayotgan chumchuqlar gurungni chala qoldirib, toʻrt tomonga tirqirab ketishdi.

1998