OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiChakalakzor afsonasi (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Chakalakzor afsonasi (hajviya)
Anvar Obidjon

Chakalakzor sultoni Fil ertak kitobni varaqlab oʻtirib, qadimgi hukmdorlar saroyida oʻqtin-oʻqtin mushoiralar oʻtkazib turilgani, she’rxonlik bahsida gʻolib chiqqan shoirlar taqdirlab borilgani haqidagi joyiga beixtiyor koʻzi tushib qoldi.

«Nahotki, menga tobe boʻlgan jonivorlar ichida she’r yozishni uddalaydiganlar topilmasa? – deya oʻziga-oʻzi savol berdi sulton. – Mabodo shoirlar boʻlsa-yu, men mushoira oʻtkazib turmasam, unda hukmdorligim qayoqda qoldi?»

Baqiroq jarchilar butun chakalakzorni kezib, sultonning mushoira oʻtkazish toʻgʻrisidagi farmonini e’lon qilib kelgach, oradan koʻp oʻtmay saroyga shoir sigʻmay ketdi. Buncha mehmonga ziyofat berish juda qimmatga tushishidan tashvishlangan Fil: «Har toifadagi hayvondan bittadan eng zoʻr shoir qolsin-u, boshqalari ketaversin!» – deb amr qildi. Lekin «men oʻzgalardan pastroq yozaman», deydigan bironta shoir topilmadi, hammalari qimirlamay turaverdilar. Oxiri qur’a tashlashga toʻgʻri keldi. Qur’ada omadi chopgan shoirlarni ichkariga taklif etib, qolganlarni tarqatib yubordilar.

Quyuq ziyofat tortilib, hamma baholi qudrat ovqatlanib boʻlgach, sulton har kimning obroʻyiga qarab navbat berishini diliga tugib, yon-veriga asta koʻz tashladi.

– Adashmasam, sen boshqalardan ancha badnafsroqsan,– dedi u nihoyat Boʻriga qarab. – Mushoirani oʻzing boshlay qol!

Boʻri Filga sipolik bilan ta’zim qilgach, tishlarini irjaytirib she’r oʻqishga tushdi:

    – Qoʻy juda ham koʻp ma’rasa,
    Tilginasin tiyish kerak.
    Tilginasin tiyish uchun
    Uni shartta yeyish kerak.

Tevarak-atrofdagilar: «E, qoyil!», «Yaxshi yozilibdi!» – deya javray ketishdi. Boʻri joyiga borib oʻtirgach, navbat Ayiqqa berildi.

Ayiq boʻkirib oʻqiy boshladi:

    – Asalari uxlaganda, boʻ-boʻ,
    Asalini oʻgʻirlayman, boʻ-boʻ.
    Asalimga birov tegsa, boʻ-boʻ,
    Surobini toʻgʻrilayman, boʻ-boʻ-boʻ!

«Chakkimas!», «Tuzuk harholda!», «Asalingni kim olardi!»– degan tovushlar eshitildi.

Oʻrtada Sirtlon paydo boʻldi. U moʻylovini qimirlatib, bir oz chaynalib turgach, mingʻirlab oʻqiy ketdi:

    – Mushoira boʻlgan joyda, joʻralar,
    Toʻplanib she’r oʻqish yaxshi,
    Menimcha.
    Chakalakda yolgʻiz yurib, joʻralar,
    Kuchsizlarni boʻgʻish yaxshi,
    Menimcha.

Sirtlonning sha’niga ham poyma-poy maqtovlar aytilgach, Tulki joyidan turib, yugurib borganicha Filning oyogʻini oʻpdi. Keyin koʻzlarini yumib olib, yoddan oʻqishga tushdi:

    – Ba’zi ahmoq hayvonlar bor,
    Kavshar koʻngli tortganini.
    Men-chi, toqat qilib yurib,
    Yeyman shohdan ortganini.

Filning mamnun jilmayib qoʻyganini koʻrib, atrofda oʻtirganlar bir-birlariga gap bermay, Tulkini maqtay ketdilar.

Ziyofat paytida hammadan chaqqonroq harakat qilib, qornini allaqachon qappaytirib olgan Shoqol koʻzlarini suzib sultonga ta’zim bajo keltirdi. Soʻng uning chiyilloq tovushi butun xonani tutib ketdi:

    – Men Shoqolman, bilib qoʻying,
    Menga hazil ketmaydi.
    Hazil qilsa hatto oshnam,
    Uyiga sogʻ yetmaydi,
    Menga hazil ketmaydi!

«He, quruq boʻlmay oʻl!», «Doʻqingdan oʻrgildim!»– deya oʻzaro shivirlab qoʻyishdi atrofdagilar.

Navbat yosh Quyonga keldi. U qaerda oʻtirganini unutib qoʻygandek shaxdam odimlagancha oʻrtaga chiqib, yozgan she’rini baralla oʻqishga kirishdi:

    – Atrofimda yirtqichlar koʻp,
    Goh xavfsirab uxlamayman.
    Lekin, meni tinch qoʻying, deb
    Zoʻrlarga hech yigʻlamayman.

Fil «Hm!» deb xartumini peshanasiga tiradi. Hamma birdan indamay qoldi.

– «Zoʻrlar» deyish bilan kimlarga sha’ma qilyapsan oʻzing? – Sultonga ma’nodor qarab qoʻyib, Quyonni soʻroqqa tutdi Tulki. – Yanglishmasam, sen faqat Boʻrini nazarda tutayotgan boʻlmasang kerak?

– Kim qanday tushunsa tushunaversin, – dadil javob berdi Quyon.

– Tilingni sugʻurib olmayin tagʻin! – deya oʻtirgan joyidan gʻijinib xitob qildi Boʻri.

Shoqolning koʻzlari sovuq chaqnadi:

– Bunaqa hazil ketmaydi bizga!

Filning buyrugʻi bilan yasovullar Quyonni ushlab, derazadan tashqariga uloqtirdilar. Uni bundan keyin oʻtkaziladigan mushoiralarga qatnashtirmaydigan boʻlishdi.

Chakalakzor sultoni mushoiraning bosh hakami sifatida eng zoʻr she’rni Tulki yozgan deb topdi va uni mukofotlash toʻgʻrisida farmon berdi...

1981