OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiDardingni stadionda ayt (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Dardingni stadionda ayt (hajviya)
Anvar Obidjon

Hakamning asabini egovlash uchun endigina hushtak chalmoqchi boʻpturganimda, stadiondagi e’lonchi boshini tandirga tiqib olgandek, karnayni gʻoʻngʻillatib gap boshladi. U raqiblar jamoasini tanishtirib kelib, «beshinchi raqamda – Kamol Kapponov» desa boʻladimi? Shu zahoti sochim hurpaydi.

Gap shundaki, ishxonamizdayam Kamol Kapponov degan oʻlaksa bor. Boʻlim mudirimiz boʻladi. Yigirma yildan beri ikkalamiz it-mushukmiz.

Xullas, ismi sharifi e’lon qilingan paytdan boshlab, beshinchi raqamli oʻyinchini oʻlgudek yomon koʻrib qoldim.

– Xap senimi, Kamol Kapponov! – deya musht doʻlayib baqirdim men. – Oʻrgildim oʻsha turxatingdan!

Baqirdim-u, huddi boʻlim mudirimizni koʻpchilikning ichida haqorat qilgandek, koʻnglim yashnab ketdi.

– Hoʻ, Kapponov! – oʻyinning ilk daqiqasidayoq ikkinchi bor bahri-dilim ochilib qichqirdim men. – Kekkayishni senga kim qoʻyibdi? He, soʻtak!

Shunda, yonimdagi suratdor koʻylakli oʻspirin menga oʻgrilib: «Namuncha Kapponovga yopishib oldingiz, aka, u bechoraga hali toʻp tekkani yoʻq-ku», deb qoldi.

– Kamol Kapponovning kimligini bilasanmi oʻzing?– boshqalar ham eshitsin deb, tevarakka alanglaganimcha, joʻrttaga baland tovushda gapirdim men. – Judayam ablah u! Pismayib turib, orqadan oyoqni chaladi!

Bu gapni eshitib, atrofda oʻtirganlar beshinchi raqamli oʻyinchi tomonga ola-kula qarab qoʻyishdi.

Shu mahal qanot hujumchimiz Isroil Shokirov toʻp bilan oldinga intildi. Stadionda «haya-haya» boshlandi. «Hayda, xoʻroz!», «Tep gumbillatib!» degan qiyqiriqlar eshitildi. Isroil jarima maydoniga yaqinlashib qolgan vaqtda Kapponov balo-qazodek yetib kelib, uning oyogʻi ostiga tashlandi-yu, yiqilayotib, toʻpni yon chiziqdan tashqariga tepib yubordi. Bu men uchun ayni muddao boʻldi. Yon-verimdagilarni boʻlim mudirimizning shamoyiliga aylangan beshinchi raqamli oʻyinchiga qarshi qayrashni avj oldirdim.

– Ablahligiga endi ishondilaringmi? Ana sizlarga Kamol Kapponov! Agar Isroil epchilik qilmaganida, boldiri choʻrt singan boʻlardi.

Biqinimda oʻtirgan suratdor koʻylakli oʻspirin qoʻlini ogʻziga karnay qilib, gʻijinganicha chiyilladi:

– Koʻzingga qarab oʻyna, Kapponov!

Yana u yer-bu yerdan «Oʻpkangni bosvol, Kapponov!», «Qara, Kapponov, orqangdagi noʻmiring tushib qoldi», degan pisandalar taraldi. Men boʻlim mudirimizning oʻdagʻaylovchi basharasini koʻz oldimga keltirib, «Sendan qoʻrqadigan ahmoq yoʻq, Kamol Kapponov!» – deb na’ra tortdim.

Isroil – jamoamizning Pelesi. Uning toʻp urmasdan oʻyindan chiqib ketganini hali hech kim koʻrmagan. Agar yigirmayu bir hisobida yutqazgan boʻlsak, bilingki, oʻsha bitta toʻpni shu qoravoy urgan boʻladi. Bombardirni qoʻriqlash Kapponovga topshirilgan boʻlsa kerak, erkatoy hujumchimizga sira kun bermay qoʻydi. Bir gal undan toʻpni tortib olayotib, yelkasidan salgina turtib yubordi. Boʻlim mudirimiz ham meni nohaq turtkilagani turtkilagan.

– Dod Kapponovdan! – deb shovqin koʻtardim men. – Bu zoʻravonni tergab qoʻyadigan odam topiladimi, yoʻqmi?

Stadionda hushtakbozlik boshlandi. Soddadil Isroil oʻziga nisbatan qoʻpollik ishlatilganini shundagina sezib, hakamga hoʻmrayganicha yerga bir tuflab qoʻydi.

Qulaydan-qulay sharoit yuzaga kelganidan foydalanib, ichimda koʻpdan beri toʻplanib yotgan bor zardobni stadionga toʻkishda davom etdim.

– Muncha kuyukasan, uka! – xoʻrligim kelib, Isroilga nido qildim men. – Dunyoda haqiqat bor deb oʻylovdingmi? Haqiqat boʻlsa, Kamol Kapponovga oʻxshaganlar bizni tepalab yurarmidi?!

Bu oh-vohlarimga javoban, turli tribunalardan «Kapponovni haydash kerak», «Bu oʻyinda hakam bormi oʻzi», «Kapponov! Isroilni tinch qoʻy, maraz», degan xitoblar yangradi. Mening nazarimda, minglab azamat yigit boʻlim mudirimizni poʻstaksudrash qilishga shay turgandek koʻrindi. Ana endi koʻnglim togʻdek koʻtarilmasinmi!

Tarafdorlarim soniya sayin koʻpayib borib, birinchi taym oxirlab qolgan chogʻda butun bir stadion Kapponovning ashaddiy dushmaniga aylandi. Toʻrt tomondan uni tahqirlovchi soʻzlar jaranglay boshladi. Bu hol hakamga ham ta’sirini oʻtkazmay qoʻymadi, u yoʻq narsadan ayb topib, muzturxat boʻlim mudirimizning dastidan baloga qolgan futbolchi Kapponovga sariq qogʻozcha koʻrsatdi.

Yonimdagi suratdor koʻylakli oʻspirin bundan oʻzida yoʻq hursand boʻlib, kaftlarini bir-biriga ishqalagan asno: «Qalaysan endi, Kapponov?» – deb chiyilladi. Hakamning sha’niga guldiros qarsaklar yogʻildi. Narigi tribunadan: «Bas endi! Kapponovning dumi tugilsin!»– degan da’vat eshitilgan damda, nihoyat qat’iy talab bilan chiqish payti kelganligini angladim.

– Gʻalamislarga oramizda oʻrin yoʻq! – deb hayqirdim men. – Yoʻqolsin Kamol Kapponov!!!

Shu mahal «baribir niyatingga yetolmaysan, iblis», degan hirqiroq tovush chalindi qulogʻimga. Mundoq qarasam, orqadagi qatorda gezarganicha boʻlim mudirimiz Kamol Kapponov oʻtiribdi.

1977