OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiEh, la’nati ombor…
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Eh, la’nati ombor…
Anvar Obidjon

Hah, hoʻ-oʻ-oʻ... E, jiyanlarim-a, urushni biz koʻrdik, senlar koʻrmagin.

Toʻgʻri, shaxsan men urushga borolmadim. Anavi Bolta puchuq oʻshanda kolxoʻzimizga rais edi, shu yoʻlimni toʻsdi-da. Voyankamatga borib, senga askar zarur boʻlsa, menga omborchi kerak, deb turvoldi.

Bo-o, mendan juda zoʻr askar chiqqan boʻlardi, jiyanlar. Misol kerak boʻlsa, aytayin: urush boshlangandan keyin, voyankamatdagilar bizni yigʻvolib, Yozyovonni choʻlida rosa mashq qildirishdi. Bir kuni tarafma-taraf turib, yolgʻondan «urush-urush» oʻynadik. Hoshim dallol tomondagilar bizga bostirib keladigan boʻlishdi. Beshotarga paxtavonni bosdim-u, kaftimga tuflab, akoʻpda payt poylab yotaverdim – moʻltoni Hoshim dallol bilan eskitdan ozgina hisob-kitobim bor edi.

Bir payt qiyomat boshlandi-qoʻydi: osmondan boʻmba yogʻilib, «pors-purs» portlab berdi. Toʻrttala bolam koʻzimning oldiga kelib, qator turvoldi, denglar. Komandurimiz «qoʻrqmanglar, ogʻaynilar, bu boʻmbalarning zarari yoʻq», deganini bilaman, bittasi menga yaqinroq joyga tushib, varanglab yorilib bersa boʻladimi. Boshimni chotimga tiqib, «buva-a-a» deb chunonam baqirdimki, atrofimdagilar birdaniga «ura-a-a» deganlaricha akoʻpdan koʻtarilishdi. Es-hushimni yigʻib olib, ularga ergashdim.

Oxiri ikki tarafdagilar aralashib ketib, boʻldi toʻpolon, boʻldi toʻpolon! Qana endi bu olatasirda Hoshim dallolni topib boʻlsa. Yolgʻondakam urush ba’zoʻr toʻxtatilib, gʻijimlangan yoqalarni endigina tartibga solib turuvdikki, bizni tomondagi komandur «birinchi boʻlib baqirgan kim», deb soʻrab qoldi. Sheriklarim meni koʻrsatishdi. Boshliq iljayganicha oldimga kelib, «malades, Karimsher, urushdayam mana shunaqa boyavoy boʻlsang, kamida yepreytur boʻlib qaytasan», dedi.

Endi oʻsha kunlar esimga tushsa, attang qilaman: agar Bolta puchuq oʻrtaga tushmaganda, pashistni rosa jigʻini ezib, allaqachon yepreytur boʻlib ketmasmidim? Ana, Soli miskardek odam ham gerdayib yuribdi-da ordenlarini jaranglatib. Bironta majlis boʻlsa, bizdan balandroqqa chiqib oʻtiradi. Urushda zenitchi boʻlganman, deb maktab bolalarga koʻpirib gapirgani-chi? Kolxoʻzga yordamga kelgan toʻrt qanotli samolyotlar doʻkonchasining ustidan pastlabroq oʻtib qolsa, qoʻlidagi pechkaning karnayini doʻlayib, osmonga yeb qoʻygudek tikiladi. Buyam maqtanishning bir turi boʻlsa kerak.

Nima deyapsan, jiyan? Rapiq sartaroshmi? Toʻgʻri, uyam urushga borgan, lokigin oʻsha yoqdayam sartaroshlik qilgan. Ishonmasang, Moʻsa moʻylovdan soʻra. Bir kuni u soqolini qirdirayotgan ekan, zambarakning oʻqi tepasidan shangʻillaganicha oʻtib qolibdi. Keyin mundoq qarasa, yonida sartarosh ham yoʻqmish, moʻylovining bir tomoni ham. Borib, komandurga arz qilsa, «burning omon qolganiga suyunmaysanmi, noshukur», deb Moʻsavoyning oʻzini soʻkib beribdi.

Paskoʻchadagi Olim polvon lapashanglik qilib, hatto asirlikdayam boʻlgan. Pashist qorovulini oʻldirib qochganini inobatga olib, keyinchalik qamoqdan qoʻyvorishgan. «Oʻzi qanaqasiga qoʻlga tushuvding, e bandai gʻofil», deb soʻrasam, «oʻqim tugab qoluvdi», deydi. Ana ziqnalikning oqibati. Oʻqing tugagan ekan, yoningdagi sherigingga uchta soʻm qistirib, «shunga ozgina patron ber» desang boʻlmasmidi?

He, attang-a, urushga oʻzim borolmadim. Bolta puchuq omborni pesh qilib turvoldi... Mensiz ish bitirolmasdi-da... Endi majlislarning toʻrisi Rapiq sartaroshlarniki boʻp ketdi. Hali bayram kelsa, bir quchoqdan mukofot ham olishadi...

E, jiyanlarim-a, urushiyam qurib ketsin, oʻsha... omboriyam. Shu la’nati omborni deb tengdoshlarim orasida ancha yakkalanib qolgandekman-a.

1983