OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiEng iste’dodli oʻlik (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Eng iste’dodli oʻlik (hajviya)
Anvar Obidjon

Kollej tomoshoxonasi «Chap-chup chayna» firmasining xayriya tadbirida, ya’ni talabalarga bittadan tekin saqich tarqatilgan unutilmas kunda ham bu qadar kallabozor boʻlmagandi. Ichkariga vaqtida yorib kirolmagan oʻspirinlar oʻrindiq chetidagi yoʻlkalarda bogʻlangan poyadek zichlanib turishar, koʻzga ora-sira chalinayotgan qizlar bezovtalanib gʻimirlashar, ulardan birining qoʻlidagi yalangʻoch novdalarni koʻrgan kishi, bu sobiq guldasta ekanligini ilk qarashdayoq fahmlab olmogʻi mushkul edi.

Sahna esa, bekatdagi tirband olomon oldiga kelib toʻxtayotgan kirachi avtobusdek deyarli boʻm-boʻsh boʻlib, ixcham stol ortida faqat ikki kimsa oʻtirar, ulardan biri – bugungi tiqil-suqilning sababchisi Mirgʻob Murdaev avtobus haydovchisiga, ikkinchisi – sumkachasini bot-bot titkilab qoʻyayotgan kollej direktori Bella Qoramullaevna chiptachi ayolga oʻxshab koʻrinayotgandi.

Bella Qoramullaevna sumkachasidan roʻmolcha olib, terlagan manglayiga bosdi. Soʻng, yoʻlkira yigʻishtirishga shaylangan kepatada oʻrnidan turib, odatda aksariyati oychiptadan foydalanuvchi talabalar toʻpiga sovuq koʻz yugurtirdi. Lekin, kutilmaganda, lablaridan iliqlik ufurib, soʻzni muloyim tarzda boshladi:

– Sevgili talabalar! Yana ozgina minutlardan keyin sizlarga kino qoʻyib beriladi. Bunda Djalaliddin Manguberdievning askarlari mongollarni qanday quvlaganini koʻrib, hayajonlanamiz. Tomoshadan avval bugungi mehmonimiz, shu kartinada quduq yonidagi oʻlik rolini oʻynagan Mirgap Murdaevichga soʻz beraman…

Burgut tamgʻali kamzul kiyib, kepkasining ayvonini quloqqa burib bostirgan, moʻylovidagi taram-taram oq tuklar sochidagi tim qoralikning soxtaligidan dalolat berib turgan Mirgʻob Murdaev chapaklar toʻxtashini kutib, barmoqlarida stolni chirmandalagan kuyi, bino shipini shoshmasdan koʻzdan kechirib chiqdi. Bir muddat nimalarnidir mulohazaladi. Oxiri tomoshabinlarga qiyalab, sargʻaygan tishlari orasidan gap uchirdi:

– Ha! Kino bu – san’atlashtirilgan tegirmon! Undan butun chiqdim men!

Bella Qoramullaevna miyigʻida kulib, qoʻshimcha qildi:

– Slava allaxu…

Mirgʻob Murdaevning «san’atlashtirilgan tegirmon»dan bus-butun chiqqaniga talay asoslar bor edi. Birinchidan, u maxsus malakali aktyor emas, yaqindayam Xadradagi avtomat gaz-suv doʻkonida tangasotar boʻlib ishlardi. Sherigi bilan yarimtalikni maydalashga stakan topolmay turgan yordamchi operatorning hojatini chiqardi-yu, yoshi ellikdan oʻtib, kino olamida chalqanchasiga paydo boʻldi-qoldi. Paydo boʻliboq, yarq etib chaqnadi. Ikkinchidan, rejissyor dastlabki sinovlarsiz, hech ikkilanmasdan unga rol berganligi iste’dodining tugʻma ekanligidan bir nishona edi. Uchinchidan, oʻta mas’uliyatli rolini shunchalar qoyillatib uddaladiki, natijada, uning ishtirokidagi koʻrinishlarni qayta suratga olishga biron marta ham zarurat tugʻilmadi. Vaholanki, kir yuvib oʻtirgan juvon moʻgʻul askarining boshiga sopoltogʻora bilan soladigan parchani olti bor dubl qilishga toʻgʻri keldi. Oltinchi tolqontuydidan keyin Chingizxonni pardozchidan ajratolmay qolgan jangarvachchani «Tez yordam»ga tiqib, kasalxonaga itob qilishdi.

– Eng muhimi, – deya barmogʻini tepadagi mogʻor qandilga bigizladi Mirgʻob Murdaev, – men suratga tushgan kino hozir jahon ekranlarida shataloqlab yuribdi. Shundan kelib chiqib, bahoyimni oʻzingiz beravering.

Talabalarda savol koʻpayib, Mirgʻob Murdaevning javoblari choʻzilgan sayin, tomoshaxonadagi havo soniyama-soniya achqimtirlanib boraverdi. Bella Qoramul-laevna oʻzini gazli krematoriyda oʻtirgandek his etib, koʻngli oza boshladi. Ayollarga xos iskovuchlik bilan qayta-qayta hidlab koʻrgach, bu badboʻylik pastdagi yuzlab poyabzallar ichidan oʻrlayotganini anglab yetdi-yu, kimyo dorilfununining sobiq laboranti sifatida, fanga hali unchalar ma’lum boʻlmagan mazkur gazning formulasini miyada hijjalashga urindi. Afsuski, eng oddiysi– umumyotoqdagi moʻrchalarga issiq suv tarqatuvchi qozon hanuz ta’mirdan chiqmaganligi uning esiga ham kelmadi.

Mirgʻob Murdaev bu lahzada talabalardan birining: «Suratga tushishda qanday qiyinchiliklar boʻldi?» – degan savoliga chuqur «uf» tortish bilan qisman javob qaytarib, iztirobli xotiralar aks eta boshlagan koʻzlarini yana shipga qadab turardi.

– Qiyinchilik bu – aktyorning ulfati! – suratga tushish maydonida qulogʻiga chalingan gaplardan birini qaytadan savdoga tashladi u. – Masalan, men kinoda toʻrt marta koʻrinib, ekranni yigirma bir sekund band qilaman. Ochigʻini aytsam, mana shu yigirma bir sekund balki umrimni yigirma bir yilga qisqartirgandir. Rolim qanchalar xatarli ekanligini birpasdan keyin kinoni koʻrib bilvolarsiz. Egnimga xorazmshoh askarining sovutini kiydirishib, quduqning yoniga chalqancha choʻziltirib qoʻyishdi. Birinchi koʻrinishimda, moʻgʻul chavandozlari ustimdan pala-partish ot choptirib oʻtishadi. Bu dahshatni chalayumuq koʻzlarim bilan ilgʻab, yuragim kekirdakka tiqilgan boʻlsayam, miq etib qoʻymadim. Ikkinchi koʻrinishimda, endi meni moʻgʻul piyodalari tepalab oʻtishga tushadi. Oʻsha piyodalardan ayrimlari s’yomkadan sal oldin boʻkkudek araq ichib oʻtirishganini koʻrganim uchun, jonimni hovuchlab yotdim. Bunisigayam chidadim…

Mirgʻob Murdaev «Saraton» qutisidan filtrsiz sigaretni sugʻirayotib, «Ha! Hammaga suyukli boʻlish osonmas, buning uchun ogʻir yoʻllarni bosib oʻtish kerak», deb poʻngʻilladi. Namiqqan gugurtning ikkita choʻpi pand bergach, moʻylovi ostidagi tamakini uchinchi urinishda nihoyat choʻgʻlantirib, tutunni taltanglab pufladi.

– Uchinchi koʻrinishimda, – deya «jabrnoma»sini davom ettirdi u, – xorazmliklar otgan olovli loʻpchik kallamdan yarim qarich nariga tushib, lovullab ketadi. Mis dubulgʻam qizigandan-qizib, sochlarimning jizgʻanaklanib sasishi yonimdagi oʻliklarni bezovta qilsa qildiki, men baribir tirikligimni sezdirmadim. Toʻrtinchi koʻrinishimda, yarador moʻgʻulning qoʻlidan tushgan nayza shundoqqina chotimning orasiga sanchildi. Hoʻ-oʻ! Tasavvur qiling, naqadar xavfli bu!

Mirgʻob Murdaev havoning dimiqligidan tobora lohaslanib borayotgan Bella Qoramullaevnaga tamtamlanib yuzlandi-da, «naqadar xavfli» degan soʻzga tirjayib ilova qistirdi:

– Ayniqsa, erkak uchun…

Pastda olqishlar yangragani bois, uning keyingi qochirigʻi uncha eshitilmadi. Oʻrindiqda oʻtirganlarning qarsagiga yoʻlkada qoʻl qimirlatolmay zich turganlarning qisqa-choʻziq hushtaklari qoʻshilib, erkin harakatga imkon qolmagan joyda albatta hushtakbozlik paydo boʻlishligi yana bir karra isbotini topdi.

Birinchi qatorda oʻtirgan xomsemiz oʻspirinning: «Akaginam! Bu kino koʻpgina mukofotlar olgan deyishadi. Sizgayam biror narsa tegdimi?» – degan kesatiqnamo savoli Mirgʻob Murdaevni picha mulzamlantirib qoʻydi. Chala chekilgan sigaretni kuldonga astoydil mijiqlayotib, oʻzini puxtaroq javob berishga hozirlab oldi.

– Gaping toʻgʻri, uka, – xomsemiz oʻspiringa qosh irgʻitib nazar tashladi u. – Men oʻynagan bu kino tezda mashhur boʻlib, koʻplab ijodkorlarga «Eng iste’dodli rejissyor», «Eng iste’dodli aktyor», «Eng iste’dodli bastakor» singari mukofotlarni olib berdi. Kaminaga kelsak…

Mirgʻob Murdaev labini burishtirib, yelka qisdi. Jarangli ovozi birdan soʻniqdi:

– Hozircha «Eng iste’dodli oʻlik» degan mukofotning yoʻqligidan faqat afsuslanish mumkin…

Burniga roʻmolcha bosib oʻtirgan Bella Qoramullaevna uchrashuv qahramonining shashti keskin pasayganidan foydalanib, darhol yigʻinning jilovini changalladi.

– Bravo! – dedi u oʻrnidan turayotib. – Zoʻr gap aytdingiz, Mirgap Murdaevich. San’atda bundan keyin oʻliklarniyam yaxshiroq qadrlashimiz kerak… Rahmat sizga…

Bella Qoramullaevna endi «sevgili talabalar» uchun kino namoyish etilishini e’lon qilib, mehmonni sahnadan pastga, birinchi qatordagi ikkita boʻsh stul tomonga yetakladi. Yoʻlkadagilar orasida tiqilib turgan qizning uloqtirgan novdalari oldingi qatordagilar mehmonga tutqazgan gullarning ustiga kelib tushdi.

Ajdodlarimizning jangovar oʻtmishidan hikoya qiluvchi tasmalar namoyish etila boshlandi. Ammo, jahon ekranlarida «shataloqlab yurgan» dovruqdor filmdagi voqealar talabalarni unchalik qiziqtirmayotgandek tuyular, ular oʻzaro «visir-visir» qilishib, nuqul ekranning ostki qismiga jovdirab-jovdirab tikilishayotgandi. Barcha, jumladan, Bella Qoramullaevna ham, quduq yonidagi oʻlik qachon koʻrinishini sabrsizlik bilan kutmoqda edi.

2000