OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiGʻilay sichqon (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Gʻilay sichqon (hajviya)
Anvar Obidjon

«Xoʻsh, sizni nima bezovta qilyapti?» – degan odatiy savolga bemor: «Sichqon!» – deya gʻayritabiiy javob qaytargach, Habib tabibning hayratdan kipriklari kerilib, qulogʻiga shapalogʻini tutdi:

– A, labbay?!

– Xoʻjayinimni sichqon tinch qoʻymayapti, sichqon! – tinkasi qurib, tili gapirishga ham qovushmayotgan erining oʻrniga munglanib soʻz qotdi Chambarakxon. – Ana, qarang, chuchkurganda derazalarni zirqiratvoradigan odam jarangliroq yoʻtalishgayam yaramay qoldi.

Dahlizdagi taxta karavotda soʻligan palakday shalpayib yotgan Vosvosxoʻja xotiniga oʻqrayib koʻz tashladi.

Yalmogʻiz! Aslida, bariga shu aybdor! Uyimiz sichqonbozorga aylanib ketdi deb javrayverdi, javrayverdi, oxiri taxtamushuk topishga toʻgʻri keldi. Taxtamushukka dastlabki kuniyoq qorindor bir sichqon ilindi…

Ha, ilinmay oʻlgur-a! Oʻshandan beri Vovosxoʻjada orom yoʻq. Sal mudradi deguncha, allaqanday gʻilay sichqon uning ustiga bostirib kelib: «Homilali xotinimni nima qipqoʻyding, chuvak?» – deya koʻzini yondirib gʻijinadi. Har gʻijinganida, tishlarining orasidan «chars-churs» etib uchqun sachraydi.

– Keyin qoʻlidagi pichoqning tugmasini bosib, «shiq» etkizib ochadi, kallamni orqaga qayiradi, – doʻxtirga sarosima-la boqib arzlandi Vosvosxoʻja. – Jallodlik manavinaqa boʻladi, it, deb boʻynimga pichoq tortganida, dodlab uygʻonib ketaman. Boshqatdan koʻzim ilinsa, yana oʻsha gʻilay sichqon, yana oʻsha «shiq» etib ochiladigan pichoq…

Vosvosxoʻja arazchi boladek yigʻlamsirab, lab burishtirdi. Bu ahvolni koʻrib, Habib tabibning beixtiyor kulgisi qistadi:

– Xex-xex– xe… Vahimaning uyasi boʻpketing-e!

– Tanasi boshqa dard bilmas deganlari shu-da, – jahllandi Vosvosxoʻja. – Men nima gʻamda yotibman-u…

– Boʻpti, boʻpti, – unga tasalli bergan boʻldi Habib tabib. – Shunchalik yurak oldirganakansiz, harqalay, oʻsha gʻilayni murosaga chaqirib koʻrish kerakmidi-i…

Vosvosxoʻja: «Kelishishga urinib koʻrdim», deya gap boshladi-yu, tuyqus toʻxtalib, xotiniga yuzlandi: «Bor, chiqib tur!»

– Men bor-yoʻgʻi taxtamushuk opkeldim xolos, dedim unga, – xotini chiqib ketgach, soʻzida davom etdi Vosvosxoʻja. – Taxtamushuk opkeling deb tiqilinch qilganam, xoʻrakli taxtamushukni tuyasandiqning tagiga qoʻyganam xotinim, ana shu karilloq bilan hisob-kitob qilaver-da, akasi, dedim.

– Sichqon nima dedi, sichqon?

Vosvosxoʻja bu gal yigʻlab yubordi:

– Yix-yix-yix… Ha nomard, dedi, aybingni kelib-kelib xotin kishiga agʻdarasanmi, dedi. Oldin soʻymasamam, mana endi soʻyaman deb, yana kekirdagimga yopishdi. Boʻynimga pichoqni teskari ishqalab, ataylabdan qiynadi. Haromzoda! Yix-yix-yix.

– Oʻzingizni bosing, Vosvosxoʻja, oʻzingizni bosing,– bemorning yelkasini siypaladi Habib tabib. – Yigirma besh yildan buyon qishloq doʻxtiriman, lekin bunaqa chalkash kasallikka birinchi duch kelishim. Hozircha tinchlantiruvchi ukoldan berib turaylik-chi. U yogʻini keyin koʻrarmiz…

Tinchlantiruvchi ukoli zap moʻ'jiza ekan-da! Mana, ikki kundirki, Vosvosxoʻjaning joni halovatda. Hamma odamga oʻxshab, ish qilgisi kelganda ish qiladi, dam olgisi kel-ganda, xohlasa choyxonaga chiqib, xohlasa hozirgidek hovlidagi soʻriga yonboshlab, hordiq chiqaradi.

Koʻchadan kimdir chaqirdi-yu, Vosvosxoʻja bolishdan biqin uzib, ovoz qildi:

– Hoʻv! Kiravering!

Hovliga Habib tabib kirib keldi. Garangsiragan qiyofada salomlashganicha soʻriga chiqdi. Horgʻinlik bilan oʻtirib, yuziga chala-chulpa fotiha tortdi.

– Ming rahmat sizga, Habib tabib, – dasturxondagi kulchani sindirayotib, minnatdorchilik bildirdi Vosvosxoʻja. – Oʻsha bitta ukolingiz bilanoq battol gʻilay tushimdan gʻoyib boʻldi-qoldi.

Habib tabib Vosvosxoʻjaga zimdan xoʻmrayib: «Qayoqqa gʻoyib boʻldiyki-i-n, deb oʻylab koʻrmadilarmi», deya pichinglagach, sobiq bemor: «U yogʻi bilan ishim nima? Balki yerga kirgandir, balki osmonga uchgandir», deb parvosiz iljaydi.

– Afsuski, yergayam kirgani yoʻq, osmongayam uchgani yoʻq, – hoʻngrak otishga chogʻlangan turxatda mingʻirladi Habib tabib. – Oʻsha gʻilay sichqon endi mening kallamga koʻchib oʻtib, ikki kundan beri miyamni gʻajiyapti. Andakkina mizgʻisam, tamom, xomilali xotinimni oʻldirgan yirtqichni doʻpposlash oʻrniga, davolab yuribsanmi, deb koʻzimga barmoq niqtaydi. Keyin meni yalangʻoch qilib, karavotga boylaydi-yu, pintsetda «gʻir-r» etkizib qornimni yorvoradi. Narkozsiz-a!

Choy damlab kelib, uni soʻrining suyanchigʻi osha eriga uzatayotgan Chambarakxon bu gapdan seskanib ketdi:

– Voy oʻlmasam!

Vosvosxoʻja Habib tabibga darddoshlik bilan tikildi:

– Obbo-o, sizgayam qiyin boʻpti-ku, Habib tabib. Koʻmak beray desam, qoʻlimdan kelmasa…

– Qoʻlingizdan keladi, Vosvosxoʻja, qoʻlingizdan keladi, – negadir yeng shimarib turib soʻz qotdi Habib tabib. – Ozgina chidab bersangiz boʻldi.

– Nimaga chidab berishim kerak?

– Kaltakka. Aytdim-ku, gʻilay sichqon nuqul sizni doʻpposlashimni talab qilyapti. To talabini bajarmagunimcha, tinchimni topolmasligim aniq. Qani, soʻridan tushaylik.

Habib tabib, koʻzlari quturgan buqanikidek qontalash boʻlib, joyidan qoʻzgʻaldi. Vosvosxoʻjaga davaralanganicha, uni soʻridan quvib tusha boshladi. Chambarakxon avvaliga hay-haylab ularni ajratishga urindi. Bu ish qoʻlidan kelmasligini anglagach, pizillab koʻchaga chiqib ketdi-yu, zum oʻtmay, qoʻshnisi Jabbor melisani ortidan ergashtirib qaytdi.

Jabbor melisa soʻri atrofida quvdi-quvdi boʻlib turganlarni tezda tartibga keltirib, mashmashaning sababini surishtirdi. Sababini eshitib, qorin quchib kula ketdi…

Keyingi uch kun davomida kulgining nimaligini tugalay unuta boshlagan Jabbor melisa hovlisidan chiqib kelib, koʻcha supurib turgan Chambarakxonni koʻrdi. Uyqusizlikdan shilpiqlangan koʻzlarini roʻmolchada artayotib, Chambarakxondan eri uyda bor-yoʻqligini surishtirayotganida, Vosvosxoʻjaning oʻzi qoʻlida xarajat bilan bozordan kelib qoldi. Vosvosxoʻja qoʻshni bilan koʻrishayotib, uning buzuq turqiga hadiksirab koʻz yugurtdi:

– Ha, Jabborvoy, tinchlikmi?

– Uncha tinchlikmas, – sarxush odamdek qovoqlarini ogʻir ochib-yumdi Jabbor melisa. – Sizni qamoqqa olmasak boʻlmaydi shekilli.

Vosvosxoʻja turgan joyida tarashaga aylanib, tili kalimaga kelmay qoldi. Chambarakxon esa supurgini yerga otib, erini oʻdagʻaylay ketdi:

– Sizga aytuvdim-a, dadasi, Gʻulom qallobning kalishlarini sotishga aralashmang deb. Bilardingiz, chetdan oʻgʻrincha mol opkelib, ilgariyam qoʻlga tushganidi.

Vosvosxoʻja: «Ogʻzingni yop!» – deb xotinining unini oʻchirgach, Jabbor melisaga talvasalanib yuzlandi:

– Buning gapiga parvo qilmang, har payshanbada miyasi chalgʻib turadi. Men hech qanaqa kalishni koʻrganim yoʻq! Gʻulom degan zotniyam tanimayman! Buni hech kim boʻynimga qoʻyolmaydi!

Bu gapdan Jabbor melisaning zardasi qaynadi:

– E, qanaqa odamsiz? Qayoqdagi kalish bilan Gʻulomni oraga suqib nima qilasiz? Sizni boshqa masalada qamashga toʻgʻri kelyapti.

Vosvosxoʻjaning yuziga qon yugurib, keskin oʻzini oʻngladi va: «Agar bu ishga kalishniyam, Gʻulomniyam aloqasi boʻlmasa, unda nima gunohimiz borakan, uka?» – deya gerdayib qosh suzdi.

Shu savol yangradi-yu, masala yana kemiruvchi maxluqqa borib taqaldi. Jabbor melisaning aytishicha, oʻsha gʻilay sichqon endi uning tushiga kirib, boʻgʻoz xotinimning qotilini nimaga qamoqqa olmayapsan, deb zugʻum qila boshlabdi. Jinday uyqu elitsayoq, «gʻilay ekstremist» uning boʻyniga tosh boylarmish-da, «Kelishuvchanlikning jazosi mana shu!» – deya daryoga itarib yuborarmish.

– Kecha majlisdayam pinakka ketib, toʻsatdan baqirib yuboribman, – kiprigida yosh yiltirab saslandi Jabbor melisa. – Boshligʻimiz meni ishdan haydavorishiga oz qoldi. Gap shu, Vosvos aka, sizni loaqal biror kun qamab qoʻymasam, gʻilaydan qutulishim qiyin. Qoʻrqmang, hibsxonaga yumshoq divan qoʻydirib beraman.

Chambarakxon biqiniga qoʻl tirab, Jabbor melisaga dagʻdagʻa qildi:

– Hoʻ, inim! Ogʻzingizga qarab gapiring! Xoʻsh, sichqon oʻldirganni qamash qaysi qonunda borakan?

Janjal endigina avjlanib borayotgan chogʻda, Vosvosxoʻjaning devor qoʻshnisi Farmonqul oqsoqol koʻchaga chiqib kelib, oʻzini oʻrtaga koʻndalang qildi. U tomon ham, bu tomon ham fikrini ma’qullatishga uringani sayin, oqsoqolning ogʻzi tobora tirjaya bordi. Oxiri oʻzini qahqahadan bazoʻr tiyib, dashnom berishga oʻtdi:

– Bas qilinglar! Birov eshitsa, hammangni jinniga chiqaradi-ya! Yo tavba! Mahalla oqsoqoliga, kelib-kelib, qandaydir gʻilay sichqondan arz qilasanlarmi?

– Sichqonni pisandsiz tilga olganingiz chakki boʻldi,– Farmonqul oqsoqolga achinib boqdi Jabbor melisa. – Joningizga jabr qipqoʻydingiz-da, otaxon…

Jabbor melisaning xavotiri oʻrinli ekanligi ertasi kuni ertalabdayoq oʻz isbotini topdi. Artizonda yuzini yuvib turgan Vosvosxoʻja qoʻshni devor ortidan yangragan na’rani eshitib, bir choʻchib tushdi.

– Vosvosxoʻja-a!!!

Vosvosxoʻja oʻzini daraxtning panasiga olib ulgurmasidan, devor ustida Farmonqul oqsoqolning boshi balqidi. Boshdagi koʻz tevarakka ola-kula jalanglab, ogʻzidan hayqiriq tosha boshladi:

– Vosvosxoʻja deyapman! Qayoqdasan, hey? Jimgina tirikchilik qilib yurgan sichqonga tegib nima qilarding, qiztaloqvachcha?!

Vosvosxoʻja daraxtning panasida shumshayib turarkan, hoʻl yuziga sekingina sochiq bosayotib, oʻzicha gʻudrandi:

– Doim shunaqa! Biron-bir balo-qazoning daragini aytsang, seni vahimachiga chiqarib, mazaxlashadi. Oʻzlarining boshiga tushsa, shunaqangi dodlashadiki, shunaqangi dodlashadiki!.. Ha odamlar-a, odamlar…

2003