OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiHakka xolaning igʻvolari (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm13KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Hakka xolaning igʻvolari (hikoya)
Anvar Obidjon

Bahrom haqida igʻvo

Turishini qarang – qoʻli choʻntakda, ogʻzi qulogʻida. Xuddi birov tekinga xoʻrozqand berayotgandek iljayadi. Undan koʻra, uyga kirib «Alifbe»ni titkilasang-chi, koʻchada nima bor senga.

Oʻtaketgan qizgʻanchiq bola shu Bahrom. Tunov kun qarab tursam, bir qoʻlida sumka, bir qoʻlida pashmak, shipillaganicha maktabga ketyapti. Sumkaga boqib afti bujmaysa, pashmakka qarab chehrasi ochiladi deng.

– Hoʻ, Bahromboy, – dedim unga, – qoʻlingdagi narsani ikkiga taqsimlasak qalay boʻlarkin?

Toʻgʻri-da, hozirgi maktab bolalar judayam olgʻir. Birpasda boringni shimo qilishadi. Oʻzingga hech balo qolmaydi.

Galvars bola bunga tushunarmidi? Koʻnmadi ochkoʻz. Shundan keyin, mana boʻlmasa, dedim-u, shartta uning sirini ochib tashladim. Qanaqa sir deysizmi? Hali eshitmaganmisiz? Mayli, aytsam aytaqolay, siz ham oʻzimizdansiz.

Aniq bilamanki, bu yil birinchi sinfga oʻttizinchi sentyabrgacha tugʻilgan bolalarni qabul qilishdi. Bahrom esa, toʻrtinchi oktyabrda tugʻilgan. Buniyam aniq bilaman. Shunga qaramay, toʻpalonda u ham maktabga ilashib qoldi. Bilsam-bilmasam, oʻqituvchilari uning hujjatini tuzukroq tekshirib koʻrishmagan. Bolaning aqli kalta boʻlsayam, boʻyi qurgʻur balandgina. Ana shu boʻyiga qarab turib, uni bilmasdan maktabga opqoʻyishgan deb oʻylayman.

Qisqasi, Bahrom qizgʻanchiqning sir-asrorini bir-ikkitasiga sekin shipshitib qoʻydim. Dunyoda siz bilan bizga oʻxshagan yaxshilar koʻp. Bittasi boʻlmasa boshqasi bu sirni oxiri maktab direktoriga yetkazishi turgan gap. Shundan keyin, hujjat tekshirish boshlanadi. Bir vaqt qarabsizki, yanagi yilgacha xayr, deyishib, Bahromboyni maktabdan oʻchirib yuborishadi. Oʻshanda bir yayrab ermak qilamiz-a uni?

Farosat yoʻq-da bolada. Agar farosati boʻlsa, kelib-kelib, Hakka xoladan bir choʻqim pashmakni ayab oʻtirarmidi? Battar boʻlsin!

Ikrom haqida igʻvo

Oldinlari uni tuppa-tuzuk bola deb yurardim. Endi bilsam, tarbiyasi judayam boʻsh ekan. Yaxshi tarbiya koʻrgan bolalar qotirilgan hakkani tomosha qilgani ataylab muzeyga borishadi. U boʻlsa, tirigini ranjitib oʻtiribdi-ya.

Kecha u dikonglaganicha tomorqaga kirib kelib, tovuqlarga makka sepdi. Keyin eshak olmaning tagiga borib, shoxga kesak ota boshladi.

Qarasam, makka koʻp. Tovuqlar oz. Bir chekkadan sekin davraga kirib, rizqimni terib yeyishga tushdim. Ertalab goʻngtepada chalaroq nonushta qilgan ekanman, ishtaham shunaqayam ochilib ketdiki!

Bazm avjga mingan pallada «gʻuv-v» etgan tovush eshitilib qoldi. Chumchuqdek keladigan bir kesak shundoqqina tumshugʻimning yonidan uchib oʻtib, qarsillaganicha katakning eshigiga urildi. Tovuqlar jon halpida har tarafga qochib qolishdi. Men bu chogʻda allaqachon terak boʻyi balandlikka chiqib olgan edim.

Oʻylaganim sari menga shunisi alam qiladiki, yegan boʻlsam, tovuqlaring donidan yebman-da, Ikromga nima? Men sizga aytsam, dunyoda hasadgoʻylikdan yomon narsa yoʻq. Bunaqalar oʻziyam yemaydi, birovgayam bermaydi. Dardi bedavo-da.

Avval aytmasam ham, endi aytaman. Uning laqabi – «Sariqvoy». Bir marta sariqvoy desangiz, gʻashi keladi. Ikki marta aytsangiz, baqirib beradi. Uchinchisida dunyoni boshiga koʻtarib yigʻlashga tushadi.

Shunchaki qiziqchilik uchun bir jigʻiga tegib koʻrmaysizmi?

Nodira haqida igʻvo

Chetdan qarasangiz, yuvoshgina qizaloqqa oʻxshab koʻrinadi. Aslida, judayam mugʻombir. Haddan tashqari mugʻombirligini shundan ham bilsa boʻladiki, oʻzi bir ogʻiz gapirolmaydi-yu, hamma gapga tushunadi. Masalan, choynakka tegma, desangiz oʻzini goʻllikka solib indamay oʻynayveradi. Lekin, qand yeysanmi, deb soʻrab koʻring-chi. Tezda tushunib, shosha-pisha bosh qimirlatmasa, mayli, patimni yulib tashlang.

Ertalab u, ochiq qolgan uy eshigidan uyoq-buyoqqa moʻralab olgach, tetapoya bosganicha ayvonga chiqib keldi. Xurmoning ustidan aniq koʻrib turibmanki, qoʻlida bir boʻlak pishloq ham bor, uni yo ogʻziga solmaydi, yo boʻlmasa tashlab yubormaydi. Bir mahal supurgiga qoqinib, gupillaganicha yiqilib tushdi-yu, qoʻlidagi pishloq nariroqqa uchib ketdi. Shundan keyin ikkala qoʻli bilan koʻzini ishqaganicha hoʻng-hoʻng yigʻlay boshladi.

Yomon yiqilgani rostmikan, yoki shunchaki erkalanib yigʻlayaptimikan, deb oʻyladim oʻzimcha. Xurmodan pastga tushdim-u, uni sinash uchun asta-sekin pishloqqa yaqinlasha boshladim. Oʻzingiz aytingchi, joningiz ogʻrib turgan chogʻda ovqat haqida hech oʻylaganmisiz? Nodira boʻlsa meni koʻrdi-yu, kela solib pishloqqa yopishdi. Yigʻini toʻxtatib, menga shunaqayam xoʻmrayib qaradiki, chetdan kuzatib turgan odam Hakka xola ilgarilari ham uning pishlogʻini yeb yurarkan-da, deb oʻylashi hech gapmas.

Nodiraning mugʻombirligiga endi ishongandirsiz? Uning pishlogʻini yeyman deb ovora boʻlmang, qoʻlidagi narsani olish taxtadan mix sugʻurishdan ham qiyin.

Ravshan haqida igʻvo

Anavini qarang-a! Kelib-kelib, Ravshanni maqtab oʻtiribsizmi? Agar u epaqaliroq bola boʻlsa, men bilan allaqachon doʻstlashib olgan boʻlmasmidi? Axir men bu ovuldagi eng hurmatli Hakkalardanman-a!

Umuman aytganda-ku, bunaqangi oʻrtoqqa koʻzim uchib turgani yoʻq. Chunki u ba’zi bolalarga oʻxshab shokolad yeyish oʻrniga «chapa-chup, chapa-chup» qilib kun boʻyi oqsaqich chaynaydi. U bilan oshnachilik qilishdan menga nima foyda? Tantiligi qoʻzigan paytda menga beradigan saqichini boshimga uramanmi? Hamma biladiki, biz Hakkalar och qolganda hatto shisha sinigʻini yutishimiz mumkin, biroq ustiga nisholda surtib berilgandayam saqich chaynamaymiz.

Ogʻzidagi narsaning yeyishga yaroqsizligini qoʻyib turing, oʻynaydigan oʻyinchogʻiyam bir pulga qimmat. Miltiqchasiga piston solib otilsa, xuddi rostakamday varanglaydi. Oʻtgan kuni soʻrida turgan parvardani moʻljallab borayotuvdim, orqadan gumburlatib qolsa boʻladimi. Shoshilishda boshimni soʻrining suyanchigʻiga urib oldim. Peshanamdagi gʻurrani koʻryapsizmi?

Hm... qolgan gapni keyinroq gaplashadiganga oʻxshaymiz. Tarillagan tovushdan sezib turibman – dadasining mototsikliga mingashib Ravshan kelyapti. Sal chekkaroqda turganim yaxshi. Kim biladi deysiz, balki qoʻlidagi miltigʻi oʻyinchoq emasdir. Tagʻin «paq» etkizib...

Hozircha jonim tirikchiligimga yarab turibdi.

Moʻmin haqida igʻvo

Beshogʻayni mahallasida Moʻmintoy degan bir bedavo bola bor. Balki, uni oʻzingiz ham tanirsiz – peshanasi doʻng, burni puchuq. Shu bola menga kun bermay qoʻydi-da.

Ularning tashqisi ham, tomorqasi ham yoppasiga ishkom. Uzum deganingiz shigʻillab yotibdi. Garov oʻynagandayam, buncha uzumni bitta mahallaning odami yeb tugatolmaydi. Shunday boʻlgandan keyin, toʻrtta hakka bilan beshta chumchuqning choʻqigani qayoqqa borardi?

Moʻmintoy boʻlsa, ishkomning tagiga oʻtirvolib, bizni quvlagani-quvlagan, shaqildoqlarning ipini tortib «jangira-jungur» qilgani ortiqcha. Qiyalab uchib borib, oʻsha shaqildogʻini bir tepib oʻtay deman-u, yana u yerga tuzoq-puzoq qoʻyilgan boʻlmasin deb oʻzimni bosaman.

Boya payt poylab turib, husaynidan bir dona olib qochdim. Oh, oh, oh! Shirasi tilni yoradi deng. Qani endi birov indamasa-yu, bemalol soʻritokka qoʻnvolib uch-toʻrtta shingilni bir boshdan choʻqilab chiqsang. Qayoqda deysiz, ana, haliyam «jangira-jungur» qilib oʻtiribdi. Kunda shu ahvol.

Aslida, hamma ayb uning dadasida. Bola deganga bitta uch gʻildirakli velosiped olib berib, uni koʻchaga quvish kerak. Bu ishning tarbiyaviy ahamiyati katta – tabiatning noyob durdonalaridan biri boʻlgan bizdek parrandaning ashaddiy kushandasi bittaga kamayadi.

Alisher haqida igʻvo

Olakoʻz bolalar yoppasiga hovliqmachi boʻlishadi. Alisher ham shunaqa xilidan. Qoʻliga besh tiyin tushsa bormi, darrovdayoq bosar-tusarini bilmay qoladi. Doʻkonga kirib qilgan savdosi, ja nari borsa, bitta pufak boʻladi.

Uning besh-oltita xashaki kaptari bor. Masalan, biz ularni qush deb hisoblamaymiz. Haqiqiy parranda birov yasab bergan inda yotishdan uyalishi kerak. Haligi nodon bola oʻsha beorlarni biram papalaydiki, biram taltanglatadiki, koʻrib tumshugʻing terlaydi. Keyin ularni uchirib yuborib, dam chapak uradi, dam hushtak chaladi. Agar bironta kaptar havoda umbaloq oshib qolsa, jazavang qurgur bola zavqdan qichqirib yuboradi deng. Xoʻsh, oʻshandaqa qilib umbaloq oshishni biz bilmaymizmi? Istasak, undan oʻtkizvorishimiz mumkin. Ammo, birovning hushtagidan chechansirab, osmonda maynavozchilik qilish bizning obroʻyimizga toʻgʻri kelmaydi.

Zoti past kaptarlarni boqquncha, mana bizni toʻydir, deb qoʻyaman oʻzimcha. Bizni qush desa boʻladi, oʻzimizga yarasha savlatimz bor. Ancha-muncha parrrandaga gap bermaymiz. Yana shunisi yaxshiki, bizga nimaiki berilsa, indamay yeyaveramiz. Olakoʻz bolalar buni tushunisharmidi? Ularga umbaloq oshib bersang boʻlgani. Ha, mayli, bizning qadrimizga yetadiganlar ham topilib qolar.

Zulxumor haqida igʻvo

Kap-katta qiz boʻlib qoldi-yu, haliyam esi kirmayapti. Qachon qaramang, hovlini supurgani-supurgan. Yoshingga qarab ish qilsang boʻlmaydimi, deb qoʻyaman oʻzimcha. U tengi qizlar koʻchada toʻptosh oʻynab yurishibdi.

Umuman, gap uning hovli supurganida emas, men Zulxumorning saranjom-sarishtaligini yoqtirmayman. Hamma joyda oʻralashib, hamma ishga aralashib yuradi.

Uning Ilhomboy degan ajoyib bir ukasi bor. Lalovgina bola. Yurgan yoʻlida non kavshaydi. Kavshangandayam, yarmini yoʻlga uvatib tashlaydi. Buni odamgarchilik deydilar. U non chaynaganicha boraveradi, men uning orqasidan ergashib yurib uvoqlarni guppa-guppa uraveraman. Oʻrtada izzat-hurmat, mehr-oqibat boʻlgandan keyin, bir toʻgʻram non unga ham, menga ham bemalol yetib ortar ekan.

Tunov kuni Ilhomboy bir boʻlak yogʻliq patirni ushlab olganicha uyidan chiqib, endigina uvatishni boshlagan edi, qayoqdanam haligi Zulxumor jikkak kelib qolsa boʻladimi, u «nonni shunaqa uvatib yuradimi odam», deb ukasining ketiga bir shapati tushirib qoldi-yu. Ilhomboy shoʻrlikning chirillaganini koʻring, mening ham jigar-jigarim ezilib ketdi. Bechora bola oʻshandan beri nonni uvatmay yeydigan boʻlib qoldi. Endi uning ortidan yurib, baraka topmayapman.

Tagʻin ota-onasi Zulxumorni maqtaganlariga kuyaymi. Ilhomboyga «yasha, shovvoz», deydigan dono yoʻq. Dunyoning ishlari chalkash, deganlari shu-da.

Otabek haqida igʻvo

Ba’zilarning miyasi toʻliq boʻladi-yu, baribir pandavoqilarning qatorida qolveradi. Buning sababi – aqldan toʻgʻri foydalanmaslik. Otabekning kamchiligi ham xuddi ana shu. Agar kallani toʻgʻri ishlatganda edi, yonida yalinib oʻtirgan mushukning boʻynini silash oʻrniga dumini burab qoʻygan boʻlardi.

Xoʻsh, mushuk nima oʻzi? Dunyodagi jonzotlarning eng pixi qayrilgani, eng bema’nisi! U shumniyat, gʻarazgoʻy boʻlishiga qaramay, laganbardorlik bilan odamlarning pinjiga kirib olgan.

Bu yaramas hayvonning gʻalamisligini sizga isbotlab beray. Hovlida qulupnay hillo-hil pishib yotibdi. Oʻzingiz bilasiz, mushuk qulupnay yemaydi, shunga qaramay, u la’nati ekinzor atrofida kun boʻyi ivirsib yuradi. Mevachalardan bitta-yarimta tatib koʻray desang, balo-qazoday yugurib kelib ustingga otiladi. Oʻsha muttahamning yungi mayin boʻlsayam, tirnoqlari olmosday oʻtkir. Panjasiga ilinganing – asfalasopilinga ketganing. Mana, anchadan buyon olmaga qoʻnib oʻtiribman-u, pastga tushgani sirayam yuragim betlamayapti.

Hoʻ soʻrichadagi mushukni koʻryapsizmi? Otabekning yonida yotibdi-ku hurpayvolib. Koʻzlarining yumuqligiga ishonmang, u jodugar hamma narsani koʻrib turibdi.

Ie, bu Otabek qanaqa bola oʻzi? Yana mushukning belini silayapti-ya. Voy, xumbosh-ey. Undan koʻra, u yaramasning biqiniga qaratib bir tepsang-chi, nodon. Uf-f, bu bolaga qachon aql kirarkin?

Sizning haqingizda igʻvo

Nega xoʻshshayvoli-i-b yonimdan oʻtib ketyapsan? Tanimay qoldingmi meni? Hakka xolangni-ya? Qani, rostgoʻy xolangga yurakdan chiqarib bir salom ber-chi. Salom ber, yur yutkur!

Hoy, namuncha kekkayasan? Boshqalarga oʻzingni «a’lochi» qilib koʻrsatmoqchisan shekilli? Hakka xolaning hech narsadan xabari yoʻq deb oʻylaysan-da. Bilaman, yo oʻzbek tilidan, yo arifmetikadan «ikki»ng bor. Hoynahoy, kundalik daftaringni dadangga koʻrsatmay yurgan boʻlsang kerak.

Nima? Ogʻzingizga qarab gapiring deysanmi? Hu, yer yutkur, hali yolgʻonchi boʻldimmi senga? Agar «ikki» olgan boʻlsam, siyohdonim sinib, burnimga siyoh sachrasin, deb qasam ichgin-chi.

Koʻzing jovdirab turibdi. Sening qasamingga ishonib oʻtiradigan tentak yoʻq.

Xoʻsh, choʻntagingda doʻmpayib turgan narsa nima? Yongʻoqmi? Boshimni aylantirma, oʻchirgʻich unaqa doʻmpayib turmaydi. Yongʻoq oʻynab yurgandan koʻra, «ikki»ngni tuzatsang-chi, lattabosh. Sen tengi bolalarning surati «A’lochilar taxtasi»da turibdi-ya! Uyalgin-e!

Qani, yaxshilikcha yongʻoqni buyoqqa choʻz-chi. Choʻz deyapman! Boʻlmasa, «ikki» olganingni dadangga aytib beraman.

Ie, bu nima? Hm-m, oʻchirgʻich degin? Seni qara-yu, soʻloqmonday bolasan-u, choʻntagingda bittagina yongʻoq ham yoʻgʻ-a. He, landavur boʻlmay ket!

1978