OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiHalokatdan asrovchilar (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Halokatdan asrovchilar (hajviya)
Anvar Obidjon

«
Bir majlis hujjatidan
»

Toʻqqiz aymoq maqbarasi oʻt ola boshlagani munosabati bilan tunda atrof-muhit va yodgorliklarni muhofaza etish boʻyicha tuzilgan Supershtabning shoshilinch yigʻilishi chiqarildi.

Yigʻilishni Supershtab raisi Moʻmin Itoatovich ochib, moʻ‘tabar idoraning mas’ul xodimi sifatida xalq xoʻjaligining barcha sohalarida katta yuksalishlarga erishilayotgani, jumladan shu yilning oʻtgan kvartalida majburiyatini bajarmagan bironta tarmoq qolmagani haqida bafurja toʻxtalib oʻtdi. Soʻng ayrim shaxslarning loqaydligi natijasida ba’zan xatolar ham uchrab turishidan afsuslanib, bunga misol tariqasida koʻhna Toʻqqiz aymoq maqbarasida yongʻin chiqqani, ayni daqiqalarda alanga tobora avjlanib borayotganini ilova qildi.

Tarix fanlari nomzodi oʻrtoq Oʻsarxoʻjaev oʻz soʻzida Toʻqqiz aymoq maqbarasi jahondagi eng qadimiy yodgorliklardan ekanini bildirib, uni Misr, Rum va Dorussalomdagi afsonaviy inshootlarga taqqosladi. Uning aytishicha, eramizdan ancha avval tiklangan bu maqbara Turondagi bir qancha vayrongarchilik urushlarida el-yurt mehri tufayli omon qolgan. Iskandar Zulqarnaynning (yosh olim oʻz nutqi davomida Iskandarni qandaydir Aleksandr bilan bot-bot adashtirib turdi) bosqinchilik yurishlari chogʻida xalq daryodan kanal qazib kelib, pastqam joyga qurilgan maqbarani suvga bostirib yuborgan. Mazkur usul keyinchalik arablar istilosi davrida ham qoʻl keldi.

Oradan koʻp yillar oʻtib, ikki marta suvdan quruq chiqqan Toʻqqiz aymoq boshida yangi xavf paydo boʻldi– endi yovuz Chingizxon talonchilari yopirilib kela boshladi. Dushman kent jangchilarini holdan toydirish maqsadida daryoni boʻgʻib qoʻygani sababli, vaziyat qaltisligiga qaramay boʻlak chora oʻylab topilib, maqbara hashar yoʻli bilan tashib keltirilgan qumga koʻmib tashlandi.

– Bu bilan shuni aytmoqchimanki, – dedi notiq soʻzining oxirida, – sara granitdan qurilgan mustahkam maqbara suvda ivib ketmagani, qum ostida uqalanib tushmagani kabi oʻtda ham kuyib kul boʻlmaydi. Binobarin, vahima koʻtarishimiz uchun hech qanday asos yoʻq.

Shundan keyin akdemik Burunovskiy soʻz oldi. Oʻrtoq Burunovskiy yosh olimning oxirgi gaplarini toʻliq qoʻllab-quvvatlab, bu boradagi shaxsiy fikrini rad etib boʻlmaydigan dalillar bilan isbotlab berdi.

– Har qanday tosh oʻzining fizik xususiyatiga koʻra oʻtga beqiyos darajada bardoshlidir, – deb uqtirdi oʻrtoq Burunovskiy, – zero bu turkumdagi jismlar tarkibida yonuvchi moddaning oʻzi yoʻq. Ayniqsa granit oʻta chidamli boʻlib, hatto poʻlat quyuv qozonida ham erimaydi.

Taniqli professor Mansabaliev, arxeologiya sohasidagi yirik mutaxassis Egilman, mashhur arxitektor Xoʻpboʻlarov, «Haromharishstroy» trestining quruvchi injeneri Pultoparov, shahar ijroiya komiteti raisining oʻrinbosari Sansalorov oʻrtoqlar oʻz navbatida akademik Burunovskiyning ilmiy asosdagi mulohazalariga qoʻshilib, ortiqcha bezovtalanishga hojat yoʻq degan xulosaga keldilar. Chunonchi, tarixda toshdan qurilgan turli qasr, ibodatxona va madrasalarda yongʻin sodir boʻlish hollari kuzatilgan, solnomachilar bu ob’ektlar aytarli zarar koʻrmaganini yozib qoldirishgan.

Fizika fanlari doktori oʻrtoq Otboshev akademik Burunovskiyga hamfikr boʻlish bilan birga, qizib turgan toshning suv sepilishidan parchalanib ketishi mumkinligini, shu bois yongʻinni oʻchirishda ishqorli koʻpikdan foydalanish maqsadga muvofiqligini alohida ta’kidladi.

Yigʻilishda yosh jurnalist Birkesarov soʻz soʻradi. U oʻz nutqida bir qadar pessimistlikka berilib, maqbaraning markaziy gumbazi ichidagi betakror naqshlar kuchli harorat ta’sirida chatnab tushib, zarhal bitiklarning butunlay erib ketishi xavfi borligidan tashvishlanib gapirdi.

– Mabodo, bular nobud boʻlsa, yana asl holiga keltirishimiz amri mahol, – dedi u. – Vaholanki, Shermat qoʻrboshi bilan «qizillar» oʻrtasida boʻlgan jangda qattiq shikastlangan kungirador soʻppini hanuz qayta tiklay olmayapmiz.

– Bularni gapirishdan endi foyda yoʻq, – dedi oʻt oʻchiruvchilar rahbari oʻrtoq Narvonov. – Naqshlar taqdirini maqbarada turistlarga xizmat koʻrsatuvchi yogʻoch doʻkonchalar rastasi qurilmasdan ilgari oʻylash kerak edi. Hali bunisiyam holva, maqbara ostidagi yertoʻlaga qoʻshni avtokorxonaning yonilgʻi ombori joylashtirilgani boshimizni koʻproq qotiryapti.

Oʻrtoq Narvonov soʻzining yakunida oʻt oʻchiruvchilar ish boshlashi uchun Supershtab a’zolari tezroq biron qarorga kelishlari lozimligini eslatib, ulardan aniq koʻrsatma talab qildi.

Shundan soʻng muzokara qizib ketdi. Ertalabga yaqin kutilmaganda bahsni toʻxtatishga toʻgʻri keldi – alanga yertoʻladagi yonilgʻilarga yetib borib, Toʻqqiz aymoqning kuli koʻkka sovurilgani haqida telefonogramma olindi.

Bir necha minut davom etgan nonushtali tanaffusdan keyin Supershtabning e’tiborli a’zolari yana dumaloq stol atrofiga toʻplanishdi. Ular kun tartibidagi ikkinchi masala – qurib-qaqshab borayotgan Orol dengizini asrab qolish muammosini muhokama etishga kirishdilar...

1987