OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiHemma Malina (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm12KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Hemma Malina (hajviya)
Anvar Obidjon

Shaxmatilloning vos-vos kasali kuchayib bordi, goh Moʻltonoyning, goh Siroj baqqolning yoqasiga osilib, «qachon xotin oberasanlar», deya kuniga besh mahaldan yetti mahalgacha tiqilinch qiladigan odat chiqardi.

Yaqinginada uch guvohu bir mulla ishtirokida nikoh oʻqitib, er-xotin boʻlib olgan bu ikki bandaning sovchilikka bormagan eshigi, qargʻish eshitib qaytmagan xonadoni qolmadi.

– He, xotinsiramay talogʻing kesilgur, – deb qargʻanardi Siroj baqqol. – Bunaqa yoshda biz eshak quvlashdan boshqani bilmasdik.

– Oʻzimniyam boshim qotdi, – deya uf tortib qoʻyardi Moʻltonoy. – Hatto, Katon loʻliyam saqichdek qizimni oʻsha isfiropkasiz jinniga beramanmi deb, meni mazaxladi.

– Qarindosh boʻlib olsak, eskichadan savodni sal mustahkamlarmidik deb, Gʻoyib qoriga qizidan gap ochsam, «Qachondan beri mullacha boʻpqolding, Siroj shpana? Dinni doʻkonga aylantirib, shariatni beburd qilganing uchun hali bu dunyodayam, u dunyodayam azob tortasan. Moʻlton egribosarning nevarasi Shaxmat duvonani avliyoga yoʻyib mol orttirguncha, tezak yesang boʻlmaydimi», dedi. Hasad qilyapti bachchagʻar...

Kutilmaganda, kelin oʻz oyogʻi bilan keldi. Oldingi xotinini taloq qilgandan keyin uyidan loaqal bitta roʻmolcha ololmay chiqqan Siroj baqqol soʻrida otsiz qoʻqon arava yangligʻ doʻnqayib yotar, kampiri tandir kavlayotganday ortiga oʻtib olib, uning choki soʻkilgan yakkayu yagona ishtonini yoʻrmash bilan band edi. Shu payt oʻn ikki choʻntakli shimga dokanusxa koʻylak kiygan rangpar qiz naycha tovonini «shiqir-shiqir» qilganicha hovlida paydo boʻldi. Siroj baqqol beixtiyor oʻrnidan qoʻzgʻalmoqchi boʻlganida ketiga igna sanchilib, «dumbani yeding-ku, mochagʻar», deya ingrab yubordi. Moʻltonoy tishida ipni uzdi-yu, qizga sinchiklabroq boqib, bir sapchib tushdi.

– Voy! Nima qilib yuribdi anavi?

Bu orada qiz soʻriga yaqinlashib, bir qoʻlini yelkasidagi sumka bogʻichiga chirmab, ikkinchisini biqiniga tiraganicha tamannolanib toʻxtadi.

– Menga koʻz tegdi. Oʻzimni koʻrsatmoqchiman. Qayoqda... haligi avliyo?

– Shaxmatillo pirimni aytyapsizmi? – dabdabali ohangda soʻradi Moʻltonoy. – U kishi...

Qaerdaligini pirning oʻzi ma’lum qilib qoʻyaqoldi. Hujradan uning: «Qaysi maxluqqa koʻz tegibdi», degan hangilloq tovushi eshitildi.

Moʻltonoy qizga kiravering degandek imo qildi. Keyin eriga sirli koʻz qadadi.

– Tanidingizmi? Bultur qamoqqa tushgan poraxoʻr prakuroʻrning qizi shu. Shaharda buzilib ketib, oʻqishdan haydalganmish.

– Labidagi boʻyoqni qarab qoʻy, – aftini burishtirdi Siroj baqqol. – Maymunni orqa tomonidan koʻrganmisan?

Qiz ostonadan oʻtiboq, lolu hayron toʻxtab qoldi. Jagʻini laylakchasiga koʻtarib, qoʻllarini koʻkragiga chogʻishtirib olgan Shaxmatillo pardasi tushirilgan derazaga tikilganicha xona oʻrtasida ustundek qotib turardi. Hatto eshik yopilganidan keyin ham kiprik qoqib qoʻymadi.

– Bu yurtga ka-a-tta avliyo kerak edi. Baayni yarim kechada oftob chiqqandek, men tugʻildim.

– Bravo! – iljayganicha chapak urdi qiz. – Izzumitelno!

– Oʻzbekcha gapir, iflos! – hamon niliy pardaga tikilganicha sokin, ammo qat’iy ohangda doʻrilladi pir.– Kimsan? Isming nima?

– Hemma Malina, – hindcha qarashmalandi qiz.

– Xotin soʻrab, falakka tunu kun sajda qildim, alqazo, iltijoyim mustajo boʻldi.

Oʻylab qoʻygan rejasi oʻz-oʻzidan amalga osha boshlaganini sezib quvongan Malina gapni maqsadga yaqinroq burdi:

– Xoʻsh, kelin yoqdimi?

– «Xoʻsh» demasdan gapir, megajin! – hanuz unga boqmasdan soʻzladi pir. – Oldingda yangi avliyo turibdi! Shaxmatillo! Oyogʻimni oʻpmoqchi boʻlsang, emaklab kel.

«Oʻvv!» deb qoʻydi oʻzicha Malina. Soʻng, eshikning zinjirini solib, yelkasidagi sumkani chetga otdi, burnini masxaraomuz jiyirganicha emaklab borib, Shaxmatilloning popukdor bogʻichli ishtoni yaqinida toʻxtadi.

– Oyoq yuvilganmi oʻzi? Qaeridan oʻpay?

– Oʻpaver! – dedi pir. – Hamma joyim tabarruk.

Malina uning tizzasiga asta lab bosdi, oyogʻidan quchoqladi...

Sal oʻtmay, hujradan pirning «Hayhot!» degan hayqirigʻi eshitildi. Moʻltonoy mushukdek pisib borib, derazadan quloq soldi. Eshikni itarib koʻrib, ichkaridan zinjir ilinganini payqagach, «Voy-dod, musulmonlar!» – deb boshini changalladi.

– Turing, mahallani chaqiring! – deya soʻriga yaqinlasha boshladi u. – Bolamni yoʻldan ozdiryapti anavi.

Siroj baqqol uni jerkib tashladi:

– Xap! Ogʻzingni yum! Oʻzing-ku ana shu molfahmga xotin topolmay, koʻchama-koʻcha ramazon aytib yuruvding. Tangri karam koʻrsatib, bir kajravni joʻnatgan ekan, devonai Bohovaddinga yetti tanga koʻtarmaysanmi!

Oʻsha «Hayhot!» degan hayqiriqdan soʻng kechki payt ham, yarim tunda ham, ertasi ertalab ham hujradan tiq etgan ovoz eshitilmadi. Faqat, tushlikka yaqin Shaxmatillo yarador askardek eshik kesakisiga tirmashib, bazoʻr tashqariga chiqdi, devorga suyanganicha oʻtirib qoldi.

Tuni bilan mijja qoqmagan chol-kampir uni ikki qoʻltigʻidan tirab kelib, soʻriga yotqizishdi.

– Koʻzingni och, qorijonim, senga nima boʻldi? – deya Moʻltonoy koʻziga yosh oldi.

– He... boring! – jahl qilib ingilladi Shaxmatillo.

Moʻltonoy roʻmolining uchida koʻzini artib, sekin oʻrnidan qoʻzgʻaldi.

– Hozir... Tuxum pishirib kelaman, qorijonim.

Kampir kegach, Siroj baqqol «bemor»ga biqin solib shivirladi:

– Oʻzimiz qoldik, pirim. Erkakcha gapiraversinlar.

– Kiriboq oyogʻimga tirmashdi, – hansirab gap boshladi Shaxmatillo, – Pirlarning pirisiz, dedi. Toʻgʻri topdi megajin!.. Boldirimdan, tizzamdan oʻpdi... Keyin... uf... bilibmi-bilmaymi, ishtonbogʻimga osilgan edi...

– Ie, ishtonbogʻning popugi qani?

– Oʻsha iblisda... uf... chiroyli ekan, deb qirqib oldi. Ana, kirib koʻring, koʻylagining burmasiga taqib oʻtiribdi.

– Yo rabbano.

– Bugunoq chillayosun qiling. Ahvolim ogʻir.

Siroj baqqol oʻgay nevarasining iyagiga yengil shapillatib, erkalatgan boʻldi:

– «Xotin, xotin», deb, Goʻroʻgʻlidek na’ra tortingiz. Holingiz shu ekan-u...

Shaxmatillo tilini sangillatib beholgina yoʻtalgach, peshanasida ter yiltillab, soʻzga ogʻiz juftladi:

– Shaytoni layin ekan... uf... Kofircha qiliqlar qildi...

Bir choynak choy, mis kosada jazillab turgan qovurdoq koʻtarib, Moʻltonoy keldi. Dasturxon tuzalgunga qadar Shaxmatillo inqillaganicha hovli etagiga borib, tahorat olib qaytdi. Soʻng, yonboshlab tamaddilanishga tutindi. Chol-kampir kechasi gapni pishitib olishgan edi. Siroj baqqol moʻylovini qimirlatib imo qilgach, Moʻltonoy qiroat bilan gap boshladi:

– Endi-i jamoat jamligida toʻyni maslahatlashadigan boʻlsak...

Shaxmatilloning kekirtagida nimadir «hiq» etdi, chaynagan luqmasi tomogʻiga tiralib qoldi. Shoshilinch ravishda choy hoʻplab, luqmani yutib olgach, buvisiga oʻqrayib: «Qanaqa toʻy?»– deb soʻradi.

– Bir bandaning pokdamon qizini hidlab qoʻydingiz, pirim, – kesatdi Siroj baqqol.

– Pokdamonmish! – Shaxmatilloning zardasi qaynadi.– Gʻirt jinni-ku! Tasbehimni marjon qilib, boʻyniga ildi. Shipga osilgan sumakni olib, ichiga tamaki tiqib chekdi. Bunisiyam mayli... Oʻgʻil tugʻib beraman, deydi. Otini Meshka qoʻyarmish. Bekorlarni aytibsan, Raprapidin Ayshia’loxon toʻra qoʻyamiz, dedim. Yoʻq, Meshka, deydi. Yoʻqotinglar buni.

– Boshni qonunning sirtmogʻiga tiqmasinlar, hov, – tanbeh berdi Siroj baqqol. – Ustingizdan milisaga arz qilib borsa... Keyin tergov-qistov deganlariday...

Buni eshitib, Shaxmatilloning tanasida asta-sekin qaltiroq boshlandi, koʻzi gʻildirashga tushdi. Oxiri, gerdayganicha chordona qurib, qoʻllarini yana koʻkragiga chogʻishtirdi, jununligi boshqatdan qoʻzidi.

– Milisa degani olloning nazaridan qolgan oddiy hushtakbozdir. Tergovchining Munkar-Nakir emasligini qoʻlida haybatlili gurzi yoʻqligidan ham bilmoq mumkin. Men-chi? Men Shaxmatillo avliyodurman! Qani, ikkoving oyogʻimga qarab emakla!

Moʻltonoy darhol alyumin qoshiqni olib, qovurdoqdan boʻshagan mis kosaga jon-jahdi bilan urishga tutindi. Darangʻ-durungʻ ovoz asabiga aks ta’sir koʻrsatib, Shaxmatillo birdan oʻziga keldi, qaytadan yonboshlamoqchi boʻlib turganda, ichkaridan kelinning gʻijjakdek tovushi yangradi. «Shaxma-a-tchik! Shaxma-a-tchik! Te-e-zda bu yoqqa kiring».

– Ha, nolangdan akang! – beixtiyor chapanilanib javob qildi Shaxmatillo. Keyin chol-kampirga boqib iljaydi.– Qorongʻi xonada qoʻrqyapti qizaloq. Yurakdan bor-da.

Shunday deya, endi salmoqlanib odimlaganicha hujraga qarab yurdi.

Toʻy ham toʻrt kishi tarvuz soʻyib yegandek imi-jimida oʻtdi. Shundan keyin kelinning qiligʻi kundan-kun sovuqlashib bordi. Goh magnitofon qoʻyib, erini salla-choponda «tantsa» tushirsa, goh zamonaviy kiyintirib, kinoga yetaklaydi. Shaxmatillo boshida koʻndalang shlyapa bilan allamahalda mast-alast qaytib keladi. Ertasiga boshi ogʻrib, mijozlarga aynab-aljirashga tushadi.

Bularniyam chetga surib turaylik, ikki haftalik kelinga tugʻilgan kunini nishonlash ep boʻptimi? Poygakdagi keng uy yosh-yalangga toʻlib, bayramdagi maroʻjnaxonaga oʻxshab qoldi. Pirning uch oylik daromadi qulogʻini ushlab ketdi.

Bir kuni chol-kampir soʻrida shularni eslab, hasratlashib oʻtirgan edi, kelin ichkaridan chaqchayganicha chiqib kelib, Moʻltonoyga zahrini sochdi:

– Hoʻ, pistak kampir, yana fisqu fasodmi?

Bundan jahli chiqqan Siroj baqqol gʻijinganicha: «Menga qara, vey, Hemma!..» deya oʻdagʻaylashni boshlagan ediki, kelin: «Soqolingni tishla-e!» deb burnini jiyirdi.

– Noshukurlar! – deya qoʻllarini biqiniga tiradi soʻng.– Shaxmatchikni gʻajib yotibsanlar. Indamasam, meniyam yamlaysanlar. Mana! Shimildiriq senlarga! Daromadni bundan bu yogʻiga oʻzim hisob-kitob qilaman.

– Bekorginani aytibsan! – oʻrnidan turib ketdi Moʻltonoy. – Bolamga tuvak tutgan joying bormi?

Siroj baqqol ham soʻridan tushib, qarchigʻaydek koʻkrak kerdi.

– Uni ilmu irfonga men sudraganman. Qolaversa, buvisiga uylandim.

– Qoʻrqmanglar, – beparvo javob qildi Malina, – sizlargayam choychaqa tegib turadi.

– Nima?! – Siroj baqqolning koʻzlari olaydi. Keyin kampirning tirsagidan tutib, hujra tarafga sudradi. – Yur, xotin. Bu anjirfurushdan yaxshilik chiqmaydi. Oʻgʻlingga ayt, vaqtida taloq qilsin.

Ular hujraga kirishlari bilanoq, ichkarida gʻala-gʻovur boshlandi. Dastavval Moʻltonoyning nolasi yangradi:

– Peshanang qursin, bolam. Kelib-kelib, kuning shu karvonsaroyga qoldimi?

– Tezda javobini bering, pirim, – endi Siroj baqqol kuyunishga tushdi. – Biz uni kelin desak, kassirlikka oʻrnashib olgan shpiyon ekan.

– Bunga senmas, puling kerak. Bor shudingdan ayrilib, oxiri xarob boʻlasan.

– Hech boʻlmasa, arra qilaylik, demaydi. Noinsof!

– Vahimalar toʻxtatilsin, – bosiq ohangda ovoz qildi Shaxmatillo. – Biz kelishib qoʻyganmiz. Pul toʻplab, jinguli degan moshin olamiz. Uni xotinim haydaydi, men yoniga oʻtirib, saylu bayramlarga boraman.

– Aqlingni yeb qoʻyibsan!

– Kalla joyidami, pirim?

– Bas!!! – birdan ayyuhannos tortdi Shaxmatillo. – Bas! Bas-s-s...

«Yana qoʻzidi, – deya chimirilganicha oʻylab qoʻydi Malina, – hozir eski diydiyosini boshlaydi».

Darhaqiqat shunday boʻldi. Shaxmatilloning tovushi dabdabali tus olib, endi jaranglab eshitildi:

– Kalla joyidami, degan kim? Tilingga kuydirgi chiqmasdan burun javob ber. Qarshingda avliyolarning avliyosi turibdi – Shaxmatillo! Anqayma ikkalang! Tiz choʻk! Emaklab kelib, oyoqni yala! Ishtonboqqa osilmasdan yala!

Hemma Malina labiga sigaret qistirdi. Uni mischaqmoqda yoqib, surur bilan soʻrdi-da, tutunini xonadan tez chiqib kelayotgan Moʻltonoyning yuziga pufladi.

1987