OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiImpoʻrtbop yigit (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Impoʻrtbop yigit (hajviya)
Anvar Obidjon

Kechki ovqatdan keyin dadam oziq tishini kavlab turib: «Sizga bildirmay, bitta ish qipqoʻydik, oʻgʻlim», deb qoldi. Birdan yuragim algʻov-dalgʻov tepdi.

– Uyim kuyibdi-ku, dada! – deb vangilladim men. – Dakang xoʻrozimni oxiri soʻyvoribsiz-da?

Kutilmaganda, dadamning eski tutqanogʻi tutib, «he, oʻsha jipiriq xoʻrozingni...» deya ogʻziga endigina zoʻr berayotuvdi, ayam uning gapini boʻlib, «qachon esing kiradi, yer yutkur, senga xotin topib qoʻydik», deb peshanamga musht niqtadi. Shundan soʻng sal oʻzimga kelib, xuddi uyalayotgandek, sekin boshimni egdim.

Ochigʻini aytsam, xotinsiz yashash judayam qiyinligini birinchi sinfligimdayoq payqab yetganman. Uyga berilgan vazifalarni bajarolmay, jonim hiqildoqqa kelgan vaqtda, «shu ziqnalar meni bironta a’lochi qizga uylantirib qoʻyishsa oʻlisharmikin», deb ota-onamdan yomo-o-n oʻpkalardim. Mana, bugun niyatimga yetib turibman.

Taqdirning tantiligini qarangki, ayam quyi mahallalik bir qiz bilan toʻyda yonma-yon oʻtirib qolib, ikki ogʻizgina gaplashibdi-yu, bor ixlosini beribdi-qoʻyibdi.

– Voy, uning biyronligi, voy, uning donoligi! – deya ochilib-sochilib maqtashga tushdi ayam. – Bodringdan gap ochganimni bilaman, urugʻni tanlab ekishdan tortib, palak yulishgacha boʻladigan ishlarni oldimga bittalab taxlab qoʻydi. Gapini eshitib, oʻqishni Yoponiyada bitirganmi deb oʻylaysiz. Akamning keliniyam yuribdi-da, besh yil doʻxtirlikka oʻqib kelib, oshqovoq oʻstirishniyam bilmasdan.

Dadam bir kekirib olgach, gerdayib gap qoʻshdi:

– Sal hovliqmasdan gapirgin! Ishqilib, tuzukroq sinadingmi uni? Masalan, qoraurugʻ bodringdanam gapirib koʻrdingmi?

– Qoraurugʻ azaldan kamxamak boʻlarkan, – dadamga jahl bilan tikildi ayam. – Aytuvdim-a, bu yil olaqashqadan ekaylik deb. Dunyoda bitta qaysar qolgan boʻlsa, uyam sizsiz!

Dadam havo ayniyotganini payqab, toʻsatdan jiddiy qiyofaga kirdi. Jiddiylashib qovoq uydimi, bilingki, siyosiyroq bir ma’ruza qiladi.

– Koʻchama-koʻcha xoʻroz urishtirib yurishni yigʻishtiring endi, oʻgʻlim, – dedi u menga yuzlanib. – Yaratganga ming qatla shukurki, ajdodimizda zoti past parrandavozlar oʻtmagan. Biz... dehqonmiz!

– Ha, yetti pushtimiz dehqon, – ma’qullab bosh irgʻadi ayam.

Nihoyat, dadamning siyosatiga navbat yetdi:

– Hozirga kelib, davlatimizning hamma umidi dehqondan boʻpqoldi. Dehqondayam oʻziga yarasha farosat borligini oxiri tan olishdi. Oʻzing bilgan yerga oʻzingga ma’qulini ek, qancha koʻp narsa topshirsang, bizniyam yolchitasan, oʻzingniyam, deb turishibdi. Ilgari, institutni chala bitirganlar yigirmanchi qavatda oʻtirib, pastda yer chopib yurganlarga aql oʻrgatishardi. Oqibati nima boʻlganini koʻrdik. Ota-buvalarimiz bogʻ-dalaga yaqin joylarga hatto hammom soldirishmagan, bular dalalarning biqiniga zaharli zavoʻdlar qurishdi. Burungilar yarimlab qolgan hovuzni koʻrishsa, mahalladagilarni no-shudga chiqarishgan, bular kattakon bir dengizni quritvorishdi. Adirlarni bogʻ qilamiz deb, pastdagi bogʻlarni zaxlatib chiritishdi, tayyor ekinzorlar ishdan chiqdi...

Men gapning qachon xotin masalasiga kelib taqalishni kutib, dadamning ogʻziga betoqat termildim.

– Xullas, asosiy javobgarlik endi oʻzimizga qolyapti,– deya soʻzini davom ettirdi dadam. – Davlatning ishonchini oqlashimiz kerak. Men bilan seni qoʻlingdan keladigani– bozorlarni bodringga toʻldirvorish!

Dadamning bu soʻzlaridan keyin mamlakatimizni yanada farovonlashtirish uchun oʻsha qizga uylanishim shartligini chuqurroq his qildim. Boshqacha aytganda, el-yurt fidoyilarining soni shu topda yana bittaga koʻpaydi.

– Kelinbolani bir koʻrib qoʻyasanmi? – deya men kutayotgan mavzuga koʻchdi ayam.

Avvaliga «ha endi, xotin boʻlsa boʻpti-da», demoqchi edim-u, keyin yigitlik gʻururim qoʻzib, «mayli, bir koʻz urishtirib qoʻyaylik», dedim.

Mundoq qaragandayam, koʻrmay-gaplashmay turib xotin olish bizga oʻxshagan impoʻrtbop yigitlarga toʻgʻri kelmaydi. Hozirgi qizlarni har tomonlama sinab koʻrish kerak. Bodring oʻstirishni bilsa, nima, olim boʻpketibdimi? Shu ayam bilan dadam doim uzoqni oʻylamay ish qilishadi-da. Bunaqa jiddiy masalaga bir yoqlama qarab boʻladimi?!

Qisqasi, oʻzim kallani joyiga qoʻyib, kelinbolani qattiq imtihon qilmasam boʻlmaydi. Qani, bir gʻalvirda gʻildiratib koʻraylik-chi, oʻsha maqtagan qizlari turupchilikdan nimalarni bilarkin...

1985