OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Anvar Obidjon. Jaqqi (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiJaqqi (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Jaqqi (hikoya)
Anvar Obidjon

Shunaqasiyam boʻlib turadi – kimdir Oʻgʻiloyning jigʻiga tegib qoʻyadi. Achchigʻi chiqdimi – birdan qovogʻi solinadi, sochlari kirpitikonning ignalaridek tikkayadi, koʻzlaridan uchqun chaqnab, jajji lablari giloschaga oʻxshab choʻchchayadi. «Ha, nima boʻldi?» – desangiz, toshdek qotib, indamay turaveradi.

Boshqa paytlarda undan xushchaqchaq, undan shirin qiz yoʻq. Bir soʻzamolligi qoʻzisa, uydagilarni gapga tutib charchatadi. Oʻzgalardan koʻra enasining qoʻli boʻshroq, shu bois koʻproq unga mahmadanachilik qiladi:

– Ena! Bir topishmoq aytsam, topasizmi?

– Topishmoqni Toʻmaris opangga aytib tur, men choyimni ichib olay, – deya oldidagi issiq choynakni qaqildoq nevarasidan nariroqqa suradi enasi. – Burushta menga yopishasan-a, bolam.

Enasining yana bir gʻalati gapini ilib olgan Oʻgʻiloy: «Iy! «Burushta» degani nima?» – deb kampirga battardan suykanadi.

– «Burushta» degani – «doim», «hadeb» degani-da, – choy hoʻplayotib tushuntiradi enasi.- Shuniyam bilmaysanmi, jaqqi?

– Iy! «Jaqqi» nima? – deya tagʻin gapni kavlaydi Oʻgʻiloy.

Enasi burushqoq qoʻlida nevarasining sochini toʻzgʻilatib erkalatadi:

– Sendaqangi tinmay gapiradiganlarni «jaqqi» deyishadi. Uqdingmi?

Uydagilar-ku – uydagilar, hatto mehmonga kelgan odam ham Oʻgʻiloyning qopqoniga bir tushdimi, osonlikcha qutulolmaydi. Mehmonni oʻziga sal eliktirib olsa bas, «Bitta topishmogʻim bor. Aytsam, maylimi?» – deya xishava qilaveradi. Mehmon: «Qani, eshitaylik-chi», deb qoʻysa – tamom, topishmoq deganni yogʻdirib tashlaydi.

– Oʻzi zindonda, dumi osmonda. Nima?

– Sholgʻom! – deydi mehmon.

Topishmoqning javobi tezdayoq topilganidan jahllangan Oʻgʻiloy peshanasini tirishtiradi. Tumtayib turib, ikkinchi topishmoqni aytadi:

– Kichkina mehmon – nafsi yomon. Nima?

Mehmonning: «Menimcha-a, bu pashsha boʻlsa kerak», deganini eshitib, koʻngli yana gʻashlanadi. Endi uchinchi topishmoqqa gal keladi:

– Akasi achchiq, ukasi sassiq. Nima?

Mehmon bu safar oʻylanganicha turib qoladi. Uning oʻylanishi qancha uzoqqa choʻzilsa, Oʻgʻiloyning bahri-dili shuncha ochilib boraveradi. Birpas oʻtib: «Iy! Topolmadingizmi? Topolmasangiz, shahar bering. Qaysi shaharni berasiz?» – deb qiqirlaydi. Mehmon: «Ha, boʻpti, Margʻilonni berdim», degach, yayrab jaqillashga tushadi:

– Siz ketaverdingiz, ketaverdingiz, yoʻlda chuqur uchrab «shalop» etib balchiqqa yiqildingiz. Men ketaverdim, ketaverdim, yoʻlda chuqur uchrab, «jarang» etib oltinlarga yiqildim. Oʻsha oltinlarga Margʻilonni sotib oldim. Margʻilonning taxtida oʻtirib, «Akasi achchiq, ukasi sassiq» nimaligini aytsam, u – piyoz bilan sarimsoqpiyoz. Xi-xi-xi, xi-xi-xi.

Oʻgʻiloyga qoʻshilib mehmon, mehmonga qoʻshilib boshqalar ham kulishadi. Bundan Oʻgʻiloyning yanayam chuchchasi koʻtarilib, mehmonning chap biqinidan oʻng biqiniga oʻtib ishqalanadi:

– Odamlar toʻgʻrisidayam ancha topishmoq bilaman. Aytsam maylimi?

Soʻraydi-yu, mehmonning roziligini kutib oʻtirmasdan, darrov ishga kirishadi. Nozima degan qarindoshlari bor, ukasiga sira kun bermaydi. Uning boʻlmagʻur qiliqlaridan birini koʻz oldiga keltirib: «Ukasining soʻrgʻichini soʻrib qoʻyadi. Kim?» – deb soʻraydi. Mehmon javob topolmagani sayin ichi tobora yorishib, topishmoqlarni ustma-ust taxlayveradi:

– Dadasi pul bermasa, maktabga bormaydi. Kim?

– Bogʻchada uxlamay, koʻrpasidan moʻralab yotadi. Kim?

– Emaklab borib, kallasini xontaxtaga urvoladi. Kim?

Bularning birinchisi – katta amakisining oʻgʻli Abdulaziz, ikkinchisi – Tohir togʻasining nevarasi Farida, uchinchisi – kichik amakisining oʻgʻli Furqat ekanini bilib turgan Oʻgʻiloy shunday oson topishmoqlarni topolmay qiynalayotgan mehmonga hayronlanib qaraydi.

Narsalar toʻgʻrisidagi topishmoqlarni Oʻgʻiloyga koʻpincha dadasi oʻrgatadi. Lekin, tevarakdagi tanish odamlar haqidagilarni, xoh ishoning, xoh ishonmang, Oʻgʻiloy oʻzi toʻqib tashlayveradi. Qarang-a, odam oʻyinqaroqlikka berilmay, aqlini joʻyali ishlatishga astoydil qunt qilsa, hatto bogʻcha yoshidayam zoʻr-zoʻr narsalarni oʻylab topishi mumkin ekan.

Ba’zi bolalar bor – biri televizorning oldiga yonboshlavolib, oldi-qochdi koʻrsatuvlarniyam tomosha qilaveradi, biri bogʻcha opasi oʻrgatgan harflarni yozib mashq qilish oʻrniga, koʻchadan beri kelmaydi, yana biri oyisi rangqalam olib bergan boʻlsa-da, «Oʻzing boʻya» kitobidagi tayyor rasmlarni boʻyashga erinadi. Oʻgʻiloyga kelsak, u tugalay boshqacha – qiziquvchan, izlanuvchan, gʻayratli. Bunaqa esi koʻp bolaga qoyil qolish kerak.

Yo... Oʻgʻiloyni ortiqcha maqtab yubordimmikin? Balki, qaysidir mahallalarda undan ham tirishqoqroq, undan ham topqirroq bolalar bordir-u, men bilmay yurgandirman. Agar shunaqalar bor boʻlsa, ertami-kech ular ham kimlardandir albatta maqtov eshitishadi. Nima boʻlgandayam, maqtovga arzigulik ishlar qachonlardir munosib bahosini olmasdan qolmasligiga qattiq ishonib yashagan yaxshi.

2006