OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiKambagʻalbop Gulmatiy (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kambagʻalbop Gulmatiy (hajviya)
Anvar Obidjon

«
Yoki olimlikka ishqiboz, ashaddiy Gulmatshunos
Burundor Tusmoliyning hali tasdiqlanmagan
ilmiy ishi
»

Hammomda lungisiz yurgan soʻtakni koʻrganmisiz? Kam boʻlmasinlar! Chindanam koʻrgan boʻlsangiz, demak mushkulimiz ancha osonlashibdi, ya’ni odamizod ibtidoiy davrda qoʻshnilar yonidan qay ahvolda oʻtib borganligini izohlab oʻtirishga hojat qolmabdi.

Xoʻsh, odam bolasi oʻshanday behayo shaklu shamoyildan qutulish uchun beldan pastroq joyni barg bilan toʻsmoqlik kifoyaligiga qat’iy ishongan paytda, dastavval, gaplashishga intilganmi yoki xatlashishga? Bilaman, siz yer yuzidagi manaman degan olimlarning tap-tayyor fikrlariga tayanib, ogʻzaki munosabatlar yozma aloqalardan bir necha yuz yillar oldin paydo boʻlgan demoqlikdan nariga oʻtolmaysiz. Men esam, dunyoda birinchi boʻlib, bu fikrning aksini aytmoqchiman. Talvasaga tushmang, dalil-isbotlarim yetarli.

Masalan, hali soʻzlashish uyoqda tursin, hatto «moʻ» deyishni ham bilmagan ibtidoiy odam tirikchilik taqozosi bilan chakalakzorlarda izgʻishga, shox-shabbalarni sindirib, oʻt-oʻlanlarni tepalab oʻtishga majbur boʻlgani aniq. Payhon qilingan joylar esa oʻz navbatida boshqa bir nafs bandasi uchun: «Toʻxta! Bu yer oʻzga goʻshtxoʻrning tomorqasi!» – degan ogohlantiruvchi shior vazifasini oʻtagan. Bu – gaplashuvmi? Yoʻq, xatlashuv! Ishoraviy, nopoʻchtaviy xatlashuv!

Yoki boshqa bir misolni olaylik: maymunlarcha xudbinlikdan xalos boʻla borib[1], odamiylikka xos kengbagʻirlilik xislatlarini oʻzida ancha mujassamlashtirishga ulgurgan bir ovchi notanish darada kiyiklar toʻdasiga duch kelib qoladi. Maymunsimonlar bu toʻgʻrida boshqalarga gullab oʻtirmay, katta miqdordagi ana shu asrangʻilardan uzoq muddatga moʻljallangan shaxsiy manfaati yoʻlida foydalangan boʻlardi. Ammo, hali oʻziga koʻp jafolar keltirguvchi odamiylik va vijdonlilik jarayonini boshdan kechirayotgan ovchimiz jonivorlardan birini apil-tapil xomtalash qilib boʻlgach, kutilmaganda oʻzgalarning qorni masalasini ham oʻyladi: qimmatli vaqtini ayab oʻtirmay, bahaybat toshlardan biriga kiyikning suratini oʻyib chiza boshladi. Ovchidan bir necha kun keyin bu daraga inqillab-sinqillab kirib kelgan sangʻilar galasi esa, kiyikning toshdagi tasqara suratiga boqib estetik zavq olmadilar, balki: «Och-yalangʻoch qondoshlarim, shu atrofda miriqib kiyikxoʻrlik qiling!» – degan mazmundadagi tilsimlangan maktubni oʻqib, quvonchdan bir-birining tishini sindirishga tushdilar.

Ayni chogʻda, shu damgacha ibtidoiy san’at asari sifatida notoʻgʻri talqin etib kelingan oʻsha sirli maktubni:

    Shu atrofda kiyik bordur,
    Intilganga tole yordur!..

shaklidagi she’rga aylantirib idrok etishimiz va uning ahamiyatini oddiy xabardan nafis badiiy ifoda darajasiga koʻtarishimiz ham mumkin.

Koʻrinib turibdiki, «ogʻzaki nutq yozuvdan ilgariroq paydo boʻlgan», deb koʻkrak kerishga hech kimning haqi yoʻq. Buni dunyoda birinchi boʻlib men aytyapman!

Toshga chizilgan kiyik rasmi oddiy yozuvgina emas, balki ma’lum darajada badiiy toʻqima ham ekan, uning qaysi janrga taalluqli ekanini bilsak boʻladimi, deya yovvoyilarcha luqma tashlanishi ehtimoldan holi emas. Marhamat, istasangiz, janriniyam belgilab beraqolamiz.

Esingizda boʻlsa, kiyikning shakli tasqara koʻrinishda chizilganini yuqorida pisanda qilib oʻtgandik. Kiyikdek xushbichim hayvonni tasqaralashtirishga moyillik sezilgan ekan, shak-shubha yoʻqki, bu satiraning oʻzginasidir. Demakkim, bugungi kunda nazarimizga kirmay, chaproqdagi burchakka qisib qoʻyganimiz satira – aslida badiiy adabiyotimizning jabrdiyda bobokaloni ekan…

Mana endi asosiy mavzuda yoʻrgʻalash, ya’ni satira haqidagi suhbatimizni boshlash uchun qulay vaziyat yuzaga keldi.

Eramizdan ilgariroq bandalik qilgan yunon qalamkashi Aristofan oʻzining achitqiroq asarlarini «satirik dramalar» deb ataganidan soʻng ushbu atama olam boʻylab tarqalgan boʻlsa-da, ammo bundan oʻzbeklar kulishni yunonlardan oʻrganibdi, degan xulosa kelib chiqmaydi. Chunonchi, oʻzbekona askiya gulxan atrofida davra qurib, mamont goʻshtining jizgʻanak boʻlishini kutganlaricha qiy-chuvlashib oʻtiruvchi ibtidoiy odamlar marosimiga juda mos tushadi. Askiyalar latifalarga, latifalar ertaklarga, ertaklar dostonlarga aylana borgani sari ogʻzaki ijodning inqirozi tobora kuchayib, yana ibtidoiy davrning boshlangʻich nuqtasiga qaytish – yozuvga murojaat etish ehtiyoji tugʻila boshladi…

Yozuvdagi sof oʻzbek satirasining ildizi juda chuqur. Biz uni ortiqcha kavlashtirib oʻtirmaylik…

* * *

Gulmat kim oʻzi?

Garchi u ijod gashtidan is olib, nazm boʻstonida oʻralasha boshlaganidan keyin oʻrtamiyona ismining ortiga Shoshiy degan dabdabali taxallusni tirkab qoʻygan boʻlsa-da, ammo uning Fargʻona vodiysidan kelib, Toshkentda turgʻunlashib qolgan kimsa ekanini endilikda biz yaxshi bilamiz. Bu fikrni aytish uchun shoirning raqam 1 va raqam 49 gʻazallaridagi «Oltiariq», «Fargʻona»[2] degan soʻzlariga tayanish bilangina chegaralanib qolsak, da’vomiz puchroq chiqqan boʻlardi. Javonimizda Gulmatga ancha yil qondoshlik qilgan bir shaxsning esdaliklari saqlanmoqdaki, ana buni dalil deydilar.

«Beparhez Gulmat turup pullamoq ishtiyoqinda vodiydan Toshkanga kelib, poygakdagi hujramizni ijaraga olib erdi, - deb yozadi shoirning sobiq qayinogʻasi mulla Akobir oʻz esdaliklarida. – Bul orada toʻngʻich opam oning koʻziga issiq koʻrinibdurmi, bozorchi ulfatlari vositasinda sovchi qoʻyurgʻa botinibdur. Adamizning adasi asli qishloqroqdin boʻlgʻoni bois shoʻrlik musofirgʻa yon bosub, oni ichkuyov qilib oladurgʻon boʻldilar».

Mulla Akobirning yozuvlariga asoslanib, yana shularni aytish mumkinki, ota kasbiga koʻra Beshyogʻochda sartaroshlik qilib kun kechira boshlagan Gulmat ora-sira yerlik dehqonlarga turup urugʻini pullash bilan ham shugʻullanib turgan (toshkentlik tomorqachilar oʻz turuplarini hanuz oltiariqniki deb sotishlari shundan qolgan boʻlsa kerak). Hamyoni ogʻirlashib, alohida hovli sotib olgandan soʻng, uning eski dardi qaytovlanib, yana qalambozlikka ruju qoʻyadi.

«Gulmat xumboshning dimogʻi qoʻlyozmalar qappayishigʻa monand shishib borurdi, – deb yozadi mulla Akobir. – 1881 yilga kelib manmanligi on qadar gazakladikim, nazm nafosatlarini ilgʻay bilmaslikda ayblab, pokdamon opamizni quqqus taloq qildi».

Ammo, ayolparvar shoirimiz uchun bu bor-yoʻgʻi birinchi «ayriliq» edi xolos. Keyinchalik u yana uch bor nikoh marosimlarida bosh qahramon boʻlishdek azobni tortdi, chidadi.

* * *

Usta Gulmat tirikchilik tashvishlari, xotin-xalajlar ishtirokidagi oilaviy mashmashalardan xoli paytlaridagina ijod qilgani tufayli undan bizga koʻp narsa qolgani yoʻq: mana, panjamizda uning ixchamgina toʻplami turibdi – «Bezgakshamol!»

Garchi shoir bu majmuaning ilk sahifasiga «devon» deya bagʻbaqali nom qoʻygan boʻlsa-da, biz uni baribir «toʻplam» deyaveramiz. Chunki, uning devonligini isbotlash uchun bizda na ma’naviy asos bor, na mantiqiy dalil. Birinchidan, toʻplamdagi gʻazallar arab imlolarining lugʻatdagi tartibi boʻyicha joylashtirilmagan. Ikkinchidan, mabodo, tartib berishni zimmaga olgan taqdirimizda ham, lugʻatdagi barcha harflar bilan tugallanuvchi gʻazallarning oʻzi yoʻq. Masalan, satrining oxiri «a», «r», «i» harflari bilan yakunlangan gʻazallar bir uyumligiga qaramay, «d», «p», «j» singari shoʻrpeshana harflarga birontayam she’r bagʻishlanmagan.

Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, usta Gulmat aruzning nozik qonun-qoidalarini yaxshi bilmagan, faqat tashqi koʻr-koʻrona taqlidchilik, ichki yovvoyi sezgi ohanglariga tayanib, maddohlarcha soʻzamollik bilan yozavergan. Hatto, uning oʻzi ham bir gʻazalida aruzda durustgina savodsiz ekanini mardona tan olib, bizning bu masalada janjalli bahslarga shoʻngʻib ketmaganligimizni ta’minlagan:

    Bu nechuk shoir demang, asli man nosogʻroq,
    Yozgʻonim shaklan gʻazal, lek oʻzi barmogʻroq…

Ha, shildir-shoshqaloq Gulmatning ash’ori shaklan gʻazal xolos. U, hattoki, Bobur, Mashrab, Furqat, Muqimiy singari dongdor ustozlarga bitgan naziralarida ham na «ramal bahri»ga amal qilgan, na «hazaj bahri»ga. Ya’ni «fo-i-lo-toʻn fo-i-lo-toʻn fo-i-lo-toʻn fo-i-lon» yoki «ma-fo-i-loʻn ma-fo-i-loʻn fa-u-loʻn» kabi musiqador vaznlar mavjudligini tasavvur ham qila olmagan holda, xalq ogʻzaki ijodidan meros boʻlib qolgan «alyor-astak-gustak-pistak» qabilidagi chapani aytishuvlar ohangida osongina yozavergan.

Qoʻlyozmaning ahvoliga kelsak, juda tashvishli: soqol sovuni bilan xamir qorishmasidan tayyorlangan yelimlar koʻchib, sahifalar juda chalkashib ketgan. Koʻpgina varaqlarga musallas yoki qimiz toʻkilgan boʻlsa kerakkim, harflar suvashib yotibdi. Ayrim soʻzlarni oʻqib tushunishning butkul imkoni boʻlmadi. Bunday hollarda hozircha sirli koʻp nuqtalardan foydalanmoqni lozim topdik.

* * *

Gulmat Shoshiyning bir qadar savodsizligiga panja orasida qaragan holda toʻplamini shunchaki qiziquvimiz hurmati tuzukroq kuzatib chiqaylik.

Shoirning ishqiy she’rlari anchagina. Ular koʻp hollarda bachkana iztirob, soxta firoq, mayda-chuyda koʻngilxushliklarga tashnalik hissi bilan qorishib ketgan. Ayniqsa, tashqi qiyofasidagi badshakllik uning ishqiy rejalariga katta putur yetkazganini shoir aslo hazm qilolmaydi:

    Xudo urgʻon esa bizni ki yoshlikdin bujur aylab,
    Bu ikkovni yasab silliq egam ham qoʻllagʻon erdi…

deydi u, «ulkan shoir»ga parvo qilmay ketib borayotgan ikki suluv ortidan armonli boqib.

Lekin, devonavash Gulmat, ayni paytda, sal narsaga butkul ruhi tushib ketadigan anoyilardan ham emas. Zero, u hushini yigʻib olgach, «Buyuk ishdir magar charxda mani shoir topilgʻonim» yangligʻ misralar hovuridan qaddi gʻozlanib, endi hayotga umid va ishonch bilan qaray boshlaydi:

    Faqat oz-moz choʻtirdirman, shol emasman, bukirmasman,
    Saqol oppoq, kangul yoshdir, visoldin yuz oʻgirmasman…

Qiziq, shu topda u qay visolni nazarda tutyapti ekan? Aniqrogʻi, nechanchi xotinga sovchi qoʻyish arafasida turgan ekan?

Yoʻq, biz bu savolga hech qachon javob ololmaymiz. Shoir ham ataylab bu toʻgʻrida bizga ma’lumot bermagan. Agar u ochigʻini aytib qoʻysa, unda ushbu misralar faqat birgina ayolga taalluqli boʻlib, oʻzga she’rxon ojizalarga zarracha qizigʻi qolmasdi.

«Nikohxoʻr Gulmat har toʻkisda «oʻldim-kuydim» deb ayyuhannos solsa-da, bul dil izhori oning birlamchi xotinigʻa, ya’ni pokdamon opamizgʻa tegishlimidur yoyinki keyingi uch ojizasidin birovigʻa atalgʻonmi – bul haqda lom-mim demaydir, – deb zardalanadi mulla Akobir. – Chamasi, ul tullak bir oʻq ila toʻrt quyonni baravar urmoqni pilonlaydur».

Gulmat Shoshiyning oʻqi aslida toʻrt ham emas, oʻn ham emas, yuzlab quyonlarga qaratilganini soddadil mulla Akobir qayoqdan bilsin!

Usta Gulmatning falsafada dumbulligi, pand-nasihat bobida galdirligi haqida ortiqcha toʻxtalib oʻtirmaylik, bu uning koʻpgina she’rlarida «ahmoqqa toʻqmoq»dek yaqqol koʻrinib turadi. Bu xususda tamoman boshqa narsani aytib oʻtmoqchiman: Gulmatning ovsarligi shu darajada boʻlganki, biz bugun hajv va hazil-mutoyiba deb qabul qilayotgan bu she’rlarni aslida u olamshumul dardlariga davo izlab, oʻta jiddiy kayfiyatda, yonib-kuyib yozgan. Agar ularni hozir biz shunchaki ermak sifatida oʻqiyotganimizni koʻrganida edi, bir qaynovi kam muallif bundan yuragi yorilib oʻlgan boʻlardi.

* * *

Usta Gulmat ijodidagi ba’zi muhim yoʻnalishlarga alohida zukkolik bilan nazar tashlashimizga toʻgʻri keladi. Eng zaruri, shoirning pozitsiyasini – uning kimlarga jon tortishib yashaganini uzil-kesil belgilab olishimiz shart. Aks holda, nazmchi sartaroshimizning eski muxoliflari boʻlgan Gʻishmat, Makriddin Mastavo kabilarning gʻayrli shogirdlari pistirmadan pispislab chiqib kelsa, uning ayrim satrlariga bir yoqlama qarash yoʻlidan borib, mendek bik odamning ilmiy ishini chippakka chiqarishi hech gap emas. Chapaqay-chapani Gulmatning oshnolari har bir zamonda bisyor, gʻanimlari ham hamisha tappa tayyordir.

Shoirning egovlaridan biri uni xotin-xalajni xush koʻrmaslikda, biri mayparastlik yoki bangiroqlikda, boshqasi e’tiqodi sustroqlikda ayblashga tirishadi. Ochigʻi, kallam nihoyatda zoʻr ishlashiga qaramay, bu borada oʻzimda ham ayrim ikkilanishlar mavjud edi. Ammo, aqlni ahmoqdan oʻrgan, deganlaridek, Gulmatning ba’zi gʻazallarini oʻzicha laparga aylantirib, mayda-chuyda chalpakbazmlarda mushukmiyovlash tarzida xirgoyilab yurguvchi Bagʻamsho gʻijjakchi uchirmalagan bir gapdan soʻng, toʻsatdan koʻzim yarqirab, fikrimga qoziq qoqdim.
— Pichoqni oʻzingga ur, ogʻrimasa – birovga, deb qoʻyibdi oʻzbek,- deganicha gʻijjagini sozlay boshlagandi oʻshanda Bagʻamsho.- Gulmat boʻlsa, oldin oʻzingni ermakla, chiday olsang – birovni, deydigan joʻmardlar toifasidan.

Tuzukroq odam qurib ketgandek, kelib-kelib, shu topda Bagʻamsho gʻijjakchiga hasadim qoʻzidi, qayoqdagi kigizqalpoq yallachi bilgan gap nechun mendek baxmaldoʻppining esiga kelmabdi, deb gʻijindim. Bilamiz, koʻrib yurganmiz – tugʻma bosiqfe’l kimsalar bor, davrada oʻtirgan biron-bir kishining kamchiligini aytib qoʻyish zarur boʻlsa, menda anamundoq-manamundoq ayblar mavjud, ulardan tezroq qutulay deyman-u, yana chatoq ish qilib qoʻyganimni bilmay qolaveraman, deb qusurlarni oʻziniki qilib gapiradi. Birovning koʻnglini ogʻritmasdan tarbiyalash deydilar buni. Gulmat ham aynan shu usulni tanlab, kimlarnidir shapatilashga qoʻli bormasa, oʻzini doʻpposlayverganmikan? Darvoqe, mundoq qaraganda, «Tunim oʻtgʻay ezib yostiq, toshar ikki koʻzimdin yosh, biri – Anhor, biri – Boʻzsuv, keling, qizlar, choʻmilmakka» deya baboqlangan shoirning ayollarga bepisandligiga Gʻishmatvachchalardan boʻlak kim ishonsin? Yoki «Ich yana, Gulmat, tugal odam safindin oʻchgali» deb bezanglagan banda mayxoʻrlik qilishdan oʻzini hurkitmoqchimi, biznimi? Gulmatning chindan ham shundoq yoʻldan borishga esi yetgan boʻlsa, otangga balli, deb qoʻyishga majburmiz.

Mulla Akobirning esdaliklarida qayd etilishicha, ahli donishmandga mavhum tuyuluvchi bir soʻzni Gulmat koʻp qaytariqlab yurguchi ekan – yaxshi odam yaxshi musulmondir, deb. Bu e’tiqodni taroziga solmoq vazifasi hozircha zimmangizda tursin. Fikr bahsdan boʻgʻozlanib, haqiqat tugʻiladi.

Yozganlarini oʻqib, Gulmatni toʻpori va dalliroqqa yoʻyishimiz tabiiy. Biroq, insof yuzasidan aytish lozimki, uni gʻirt ahmoq deyishga-da til bormaydi. Atrofda yuz berayotgan voqealar mohiyatini shoir baholi qudrat idrok eta olgan, ularga qoʻldan kelganicha munosabat bildirib, yozarmonlik burchini oqlab kelgan.

Bu oʻrinda, eng avvalo, oddiy turupfurush dehqon va koʻchmanchi sartarosh, keyinchalik mayda savdogar va hardamxayol noskash bir kimsaning ezuvchi kim-u, eziluvchi kimligini ilgʻab olib, ularni sinflarga boʻlishda yanglishmaganiga qoyil qolmoq kerak. Qolaversa, bu badiiy merosni bugungi kunda bizga istarali qilgan omil shuki, usta Gulmat doimo eziluvchi mehnat ahli tarafda turib soʻz aytadi. «Azimboyning uyi, hay-hay, qasri sultonni eslatgʻay», deb boshlanuvchi gʻazalining oxirgi baytini olaylik:

    Yigʻib qimmat matohlarni davr surging kelur, Gulmat,
    Vale kissangdagi ahvol sanga arzonni eslatgʻay.

Koʻrinib turibdiki, topganini roʻzgʻorga uchma-uch yetkazib, nochorgina kun kechirayotgan oʻn minglab oddiy mehnatchilarga shoirimiz darddosh va fikrdosh. Chunki, uning oʻzi asli shular orasidan kelib chiqqan, endilikda uning haqiqiy she’rxonlari ham oʻshalar.

Mulla Akobir bu holni shunday izohlagan edi: «Bizlarga ma’lum va mashhur shoiri kalonlar koʻproq gul ila bulbul haqinda rohatlanib yozar erdilar. Gulmat bachchagʻarni koʻringki, u bedavo har ikki gapning birisida noskashlikni pesh qiladir. Ushbu holat oning past tabaqa orosidin chiqqan andi ekonini tasdiqlamaydurmi?»

Bizga ma’lum sabablarga koʻra, andak gʻarazgoʻylik bilan aytilgan boʻlsa-da, mulla Akobirning bu soʻzlariga qoʻshilmasdan ilojimiz yoʻq. Gulmat Shoshiy ona qornidan yoʻqsilparvar boʻlib tugʻilgan. Ushbu omil uni jaydarfe’l qildi, chapanilar galasiga qoʻshdi, ochiqyuzlarning davradoshiga, adolattalablarning qayroqsoʻz baxshisiga aylantirdi.

* * *

Gulmat Shoshiy ijodining avj pardasi el-yurtda ikki yoqlama zulm tobora kuchayib borayotgan davrlarga toʻgʻri keldi. Vaziyatni bexato baholagan shoir oʻz gʻazallaridan birida deydi:

    Qoʻsh yelkada qoʻsh xoqon, mani jonim bittadur,
    Qay birigʻa beray non, mani jonim bittadur.

Qarang, ham milliy burjuaziya, ham chorizm xalqni ikki yoqlama talayotganini birgina «qoʻsh xoqon» soʻzini ishlatish orqali qanday qisqa va ravshan ta’riflab bergan. Soʻng, zoʻrlovni sharhlashda davom qilib aytadi:

    Serob har xil amaldor: mirshabu shayx, pristav,
    Tanobchiyu soliqbon… mani jonim bittadur.

Chamasi, mahalliy amaldorlar, chor hukumati aygʻoqchilari bir hangomachi shoir bilan oʻchakishishni oʻzlariga ep koʻrmay, uning oldi-qochdi xarxashalariga tamoman befarq qaraganlar. Bundan foydalangan Gulmat payt poylab turib, hatto, oqposhshoga ham gap otishga jur’at etgan. U, ayniqsa, Birinchi jahon urushida front ortini mustahkamlash uchun Turkistondan mardikor olish haqidagi farmondan qattiq norizo edi:

    Maqtagʻon oqposhshosi lol qildi mani,
    Farmoni ul qaddimni dol qildi mani…

Nega endi norizo boʻlmasin? Axir, mardikorlikka faqat nochor kambagʻallargina safarbar etilib, amaldor boylar va ularning arzanda farzandlari hanuz aysh-ishrat bilan mashgʻul ekani kishiga alam qilmaydimi?

Bunday tengsizlikdan jiddiy ranjigan shoir yana bir gʻazalida oʻz qahru gʻazabini shunday izhor etadi:

    Chimildiqdin turib boylar sani haydar yumushlargʻa,
    Bu zoʻrlashning tuzuk nomi gahi ishdir, gahi xizmat…


  1. Bu bilan men Darvin ukamizning odam maymundan tarqagan degan gapiga qoʻshilmoqchi emasman.
  2. Qaralsin: Gulmat. «Bezgakshamol» devoni.