OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiKasofati temirtak (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kasofati temirtak (hajviya)
Anvar Obidjon

Bu dunyoda nima koʻp? Bilib-bilmay oʻzligini sotuvchilar. Yana-chi? Yana... qisqartma nomlar: BMT, AQSh, ToshMI, SSSR... va million hokazolar.

«RAF» – shulardan bittasi. Yoʻq, bu yangi tashkilot emas, amaldorlarning rangi oʻchmay qoʻyaqolsin. Rahbarlarni Agʻdarish Firmasi hali tuzilmagan. Aspan attorning sandigʻidan sal kattaroq boʻlgan shunaqa markali mikroavtobus bor, haydovchilar uni erkalabmi, ermaklabmi, «Rafik» ham deyishadi.

Idoramizga qarashli pomidorrang «Rafik» jonimni hiqildogʻimga keltirdi. Mustaqil rizq terishni shu tashkilotdan boshlaganman, ammo, bunaqa rasvo mashinaga birinchi duch kelishim, «e» desam, «be» deydi, «yuramiz» desam, «turamiz» deydi. Birinchi haftadayoq payqadimki, uni bironta piyonista yasagan, zavoddanoq buraq chiqqan. Buraq boʻlmasa, qoʻl tormozini tortib qoʻyganimga qaramay, uxlab yotganimdan foydalanib, birovning urgʻochi eshagi ortidan boshvoqsiz oʻrmalashga tusharmidi? «Jarang!» etgan ovozdan uygʻonib ketdim. Qarasam, mocha eshak shattalaganicha qochib boryapti. «Rafik» oʻng «koʻzi»dan tepki yebdi. To oʻzimni oʻnglagunimcha gazeta doʻkonchasi tomonga burilib, endi sotuvchi ayolga tashlandi. Tormozni bosganimda gazeta va muzqaymoq doʻkonlari allaqachon bir-biriga aralashib boʻlgandi.

«Rafik»ni ayolbozlikda ayblashib, pastroq tashkilotga berib yuborishdi, nazoratni susaytirganim uchun menga pattamni tutqazishdi.

Avtobus parkiga oʻtib, ikki yilcha ishladim. Tushumning yaxshiligidan dastlab suyunib yurdim, keyin surunkasiga bir xil manzilga qatnayverish me’damga tega boshladi: oxori toʻkilgan avtobus, biqinida – 165 raqami, peshanasiga «Kommunistik – Yalangʻoch» deb oʻchmas yelimda yozib qoʻyishgan. Istaysanmi, istamaysanmi, bundan qutulolmaysan – chiziqdan chetga chiqib koʻr-chi!

Daromadiyam ordona qolsin deb, erkinlikni qoʻmsab yurganimda, oldingi muovinimiz rahbarlikka koʻtarilib, meni ishga chaqirib qoldi. Avtobus parkidan tez javob olib, eski idoramga yetib bordim. «Rafik» kapital remontdan soʻng qaytadan idoramizga joʻnatilib, meni kutib turgan ekan.

«Rafik» avvaliga juda katta gapirib yurdi (shu kasbda ishlayverib, temir zotining tiliga tushunadigan boʻpketganmiz):

– Bu idora idora boʻlib, hali mendaqa mukammal texnikani koʻrmagan!

– Avval yangi motorni avaylab obkatkadan chiqaraylik, yoʻlning past-balandini oʻrganib, sharoitga moslashib olaylik, keyin «Volga»larni changda qoldiramiz. Hatto, chet elniki bilan gaplashib qoʻyish ham qoʻlimizdan keladi, tajribamiz yetarli.

– Toshiqma, oʻrtoq, behuda shoshilaverma. Hozircha hammasi yaxshi, hamma ish me’yorida ketyapti...

Qarang, shu temirtakning soʻzlariga chippa-chin ishonibman. Yap-yangiligida biron moʻ‘jiza koʻrsatganmidiki, endi ishni qoyillatsa, degan oʻy kallamga kelmabdi.

Men chidam va umid bilan kutaverdim, u pismayib turib xilma-xil maynavozliklar qilaverdi. Goh idoradagilarni hasharga olib ketayotganimda jazirama dashtda oʻchib qoladi, goh yuqoridagi rahbarlar bilan qaltis masalani hal etishga borayotganimizda «pis-s» etib dami chiqadi. Ba’zan qahratonda suvi qaynab ketsa, ba’zan saratonda moyi muzlaydi. Eng alam qiladigan joyi – odatdagi mayda yumushlar vaqtida miq etmay ishlaydi-yu, nozik vaziyatda albatta pand beradi. Agar idoramizdagilarni ayrim masalalarda shashtini pasaytirib turish uchun chetdan qoʻporuvchi yuborilgan boʻlsa, imonim komilki, bu– «Rafik».

Bir kuni shahar chetidagi istirohat bogʻida «Oʻzbek tili bayrami» oʻtkazildi. Shunchaki qiziqqanlar-u, koʻnglida savoli sargʻayib turganlar ishdan keyin bir mashina boʻlib yoʻlga tushdik. Ikki chaqirim yurmasimizdan la’nati «Rafik» qaerdandir «viy-y» etgan tovush chiqardi-yu, ayiqning oʻligiga aylandi-qoldi. Itarib koʻrdik – boʻlmadi, sudratib koʻrdik – boʻlmadi, oxiri sovutish parragidan tortib tutunpurkagichning uchigacha tekshirib chiqdim, kasalini aniqlolmadim.

Achchiqlanib birov eshigini daranglatib yopdi, birov gʻildiragiga tepdi... Men ham jim oʻtirmadim – oʻzbekcha boʻralasam eshitmaganga, tojikcha soʻksam tushunmaganga oladi. Oxiri oʻrischalab «podlets» degan edim, birdaniga oʻziga kelsa boʻladimi – kalitni xiyol burashim bilan, pochtachining soatidek tekis ishlab turibdi-ku!

Ammo, endi kech boʻlgandi, shu mahalda bayram qoptimi? «Maxfiy zararkunanda» bu safar ham niyatiga yetdi. Shunda his qildimki, boshga nima kulfat kelsa, oʻzgalarga xudodan, menga faqat shu «Rafik»dan keladi.

Aslida, hamma ayb boshligʻimizda, uning dastidan kunim qandaydir «Rafik»ka qolib oʻtiribdi. Birinchi rahbarim zoʻr edi – qaerga borsa gapi – gap, idoraning obroʻyi osmonda, mashinaning ham manaman deganini tanlab, istagan vaqtida yangilab turardi. Keyingi rahbarlar biri-biridan lapashang chiqdi. Hozirgisi-ku gʻirt Amerikabop...

Amerikada ishsizlarga nafaqa berishar ekan. Ma’lumki, abjir odam hech qaerda ishsiz qolmaydi, tanballar bilan nogironlargina tekin nafaqaga shukr qilib yashashi mumkin. Amerikadagiga nisbatan bizning mamlakatda odamgarchilik baland – uquvsiz lanjlarga shunchaki nafaqa toʻlashdan or qilamiz, stipendiya va yotoq bilan ta’minlab dorulfununda oʻqitamiz, diplomlar tutqazamiz, katta moyana, hashamatli kabinet, ketvorgan kotiba, xizmatkor mashina beramiz. Oʻrniga koʻz olaytirmaydigan galvarslarni atrofiga toʻplab olsa, ulargayam maosh tayinlaymiz. Koʻribsizki, bizda na ishsizlar bor, na nafaqa. Amerikadagidan qirq marta qimmatga tushsa, nima qipti?

Ha, bedavo, beburd rahbar tufayli, idoramiz obroʻsizlanib, kunim «Rafik»ka qoldi. Balki: «Ie, nega kuning unga qolarkan, mashina senga tobe-ku?» – dersiz. Oʻzim ham shunday fikrlab, katta ketgan ekanman, chuqurroq oʻylab qarasam, men mashinaga emas, mashina menga xoʻjayin ekan: yonilgʻi desa – yonilgʻi beraman, uzatkichlarimni moyla desa – moylayman, falon joyimga ehtiyot qism top desa – topaman, gʻildiragimni almashtir desa – almashtiraman. Men tomidan chakka oʻtadigan tor, pastqam uyda koʻmir yoqib yashayman, u tabiiy gaz bilan isitiladigan keng, baland binoda turadi. U tufayli kiyimim goh moyga, goh loyga belanadi, ammo oʻsha temirtakni doim yarqiratib yurishga majburman.

Kecha haddan ziyod jonimdan oʻtib ketdi. Boshligʻimdan bir kunga javob soʻrab, qishloqdagi qaynanamnikiga yoʻl oldim. Kenja oʻgʻliga qiz topib, sovchilikka borishmoqchi boʻlishuvdi. Xotinim, qaynanam, qaynatam, yana uch kampiru ikki cholni yuklab, «hayyo-huyt» deb qoʻshni qishloqqa joʻnadim. Daradagi soy ustida mashina ba’zoʻr sigʻadigan osmakoʻprik bor ekan, oʻrtasiga yetganda temirtagimning yana ovozi oʻchdi. Eshikni ochsang, tashqarida qadam qoʻyadigan joy yoʻq, soyning toʻlqini naq betingga sapchiydi. Shu kuyi oʻtiraverdik.

Kech kira boshlaganda qaynatam sekin qulogʻimga shivirlab: «Juda pishiqib ketdim-ku, kuyov, bir iloj topmasak, sharmandam chiqadi», dedi.

– Menga qaynata xolossiz, – dedim unga. – Otam boʻlsangiz ham yordam berolmayman.

Qaynatam afti burishganicha joyiga borib oʻtirdi. Ora-sira inqillab-inqillab qoʻyadi deng. Bir mahal: «E xudo, endi xarob boʻldim!»– dedi-yu, shartta eshikni ochib, oʻzini soyga tashladi.

– Voy-dod, cholimdan ajrab qoldim! – deb ayyuhannos soldi qaynanam. Soʻng ikkala cholga dagʻdagʻa qildi. – Nega qarab turibsanlar, xezimlar!

Oriyat kuchlilik qilib, avval tetikrogʻi oʻzini suvga otdi, keyin bukrirogʻi hassasiga tirmashganicha eshikka yaqin kelib, «ollohu akbar», deya parashyutchilarning sak-rashidan qildi.

Uchala cholni tutib qirgʻoqqa olib chiqqunimcha ona sutim ogʻzimga keldi. Birinchi marta kiyilgan kostyum-shimim yuz joyidan yirtilib, xirom botinkamning bir poyi baliqlarga qoʻshilib ketdi. Yaxshiyamki yaponcha soatimni ogʻzimga solib, doʻppimni tishlab olgan ekanman.

Hujumni qaytarish vaqtida titilib ketgan polk bayrogʻidek boʻlib, koʻzlarimda jiqqa yosh bilan mashinaga yaqinlashdim.

– Iloyim, nomingga oʻt tushsin, «Rafik!» – deb qichqirdim qoʻsh mushtimni havoda oʻynatib. – Hech boʻlmasa, shoʻrlik qishloqilarni ayamading-a! Ularni nima qipqoʻyding, la’nati? Endi xotinimning yuziga qanday qarayman?! Hey, qargʻishdan qaqshagur, «Rafik»!

Bu surbetga gap ta’sir qilarmidi...

Bas endi! Asabim yemirilib boʻldi, ortiq chidolmayman. Uni avrab-maqtab, umrida koʻrmagan eng baland tepalikka olib chiqaman-u, sekin pastga qoʻyib yuboraman. Qani, boshqalarning dastyorligisiz oʻzini-oʻzi bir boshqarib koʻrsin-chi. Oldindan sezib turibman, asli buraq yaratilgan bu chiranchoqning faoliyati oʻsha yerda batamom yakunlanadi. Nishon ham qolmaydi.

1989