OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiKezargon Boychechak (qissa)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Bolalar va oʻsmirlar adabiyoti
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Qissalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm82KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/22
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
«Sharq yulduzi» jurnali, 2010 yil, 2-son


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Kezargon Boychechak (qissa)
Anvar Obidjon

Qutlugʻ kecha

Shaylanuvlar oxiriga yetdi-yu, qalam tebranishga tushib, ajabtovurdan-ajabtovur bu voqea, koʻhna rivoyatda qanday bashorat qilingan boʻlsa, xuddi oʻshanday tarzda boshlandi...

– Qaddingni koʻtar, Boychechak! Sovuqlarning qahrli basharasidan qoʻrqma!

– Sen har qanday izgʻirinni yengishga qodirsan. Kuchingga astoydil ishonsang bas.

– Qoʻzgʻal, Boychechak, qoʻzgʻal! Boshiga ogʻir kun tushgan Navroʻzoyni birgina sen qutqara olasan, sen!

Boychechak biri yomgʻirlarnikidek pichirloq, biri epkinlarnikidek mayin, biri irmoqlarnikidek tortimli tovushlar qayoqdan kelayotganini bilolmay hayron edi. Balki, unib chiqishga intiq turgan oʻt-oʻlanlarning tomirchalari yer ostida gʻimirlab, oʻtinchli shivirlashayotgandir. Balki, daraxtlarning qoqshol shoxlari bulduruqdan qaqshagan yosh xivichlar qismatidan xavotirlanib, ezgin iltijo qilishayotgandir. Yo boʻlmasa, tezroq kapalakka aylanib, chechakdan chechakka sakrab oʻynoqlashni orzulayotgan urugʻchalar qaragʻay poʻstlogʻi qatidagi gʻumaklarning ichida turib, yalinib-yolvorishyaptimikan?

Bu ovozlardan uygʻonib ketmaganida, Boychechak hali ham tinchgina tush koʻrib yotgan boʻlarmidi. Juda shirin tush koʻrayotuvdi – oppoqdan-oppoq koʻylak, yashildan-yashil nimcha kiyib, boshiga moviydan-moviy roʻmol oʻragan, vujudidan kamalakrang yalinlar sachrab turgan mislsiz bir Goʻzallik unga quloch yoyib yaqinlashayotgan emish. Yaqinlashayotganmish-u, “Men Navroʻzoyman, ismimni unutma. Taqdirimizga bizning birga boʻlishimiz bitilgan. Borliqni jonlantirib, barchaga rizq ulashish uchun biz bir-birimizni albatta topishimiz kerak”, deb uqtirar emish...

Uvilloq tovush eshitilib, Boychechakning xayoli sochildi. Oldiniga, shamol yana ufurishni boshladi, deb oʻyladi. Keyin koʻrib bilsa, terskay tomoni olachalpak qorli doʻngchaning ustida pahlavon bir it yulduzlari miltilloq oydan-da charogʻonroq chaqnayotgan osmonga suqlanganicha ulib turibdi.

Bu itning oti Oqbars boʻlib, tushunarsiz fe’l-atvori bilan chetdan juda qiziq koʻrinardi. Bir qarasang, tilini chapanicha sangillatib olib, bekordan-bekorga chopayotgan, joʻshqinlanib irgʻishlayotgan, ochilib-sochilib yumalanayotgan. Yana bir qarasang, tevarakka oʻychan tikilgan, koʻzlari ma’yus.

Hozirgi turishda tugʻyoni ichiga sigʻmayotgan shoirga oʻxshab koʻrinyapti – samoga yoniqib-yoniqib termilmoqda, toshiqib-toshiqib nola qilmoqda. Agar, dunyodagi mushuklarning eng sullasi sanalgan Mallamosh bezrayganicha kelib, har galgidek jigʻiga tegishni boshlamaganida, shu turishda ertalabgacha turavergan boʻlarmidi.

– Namuncha tomogʻing yirtilgudek uliysan, Oqbaris? – itning gʻashini qoʻzitish uchunmi, uning otini buzib aytdi Mallamosh. – Bizga yana uyqi yoʻgʻakan-da, a?

Vagʻilloq tovushni eshitiboq, Oqbarsning birdan qovogʻi uyilgan boʻlsa-da, tagʻin bir muddat oydan koʻzini uzmay turdi. Soʻng, mushukka noxush yuzlanib, jerkib berdi:

– Hey, qanaqa hayvonsan oʻzi? Qachon qarama, sal narsadan bahona topib, injiqlik qilganing-qilgan.

– Uv-uvlab uxlatmaganingdan keyin, injiqlik qilaman-da, – koʻzini chaqchaytirdi Mallamosh.

– Kunduzlariyam oʻn marta uxlab, oʻn marta uygʻonganing yetmayaptimi? – deb jahllandi Oqbars. – Hech boʻlmasa, shu qutlugʻ kechada uxlamasang, tuking kamayib qolmas.

Mushukning toʻsatdan chehrasi ochildi:

– Qanaqa qutlugʻ kechani aytyapsan, mulla Oqbaris? Birov tekinga yemish tarqatmoqchimi deyman? Bundan bexabar qolganimni qara-ya.

Oqbarsning battar qovogʻi solinib: “Kallang qursin seni, bu olamda ovqatdan boshqa narsalar ham borligini bilmasdan oʻtib ketasan shekilli”, deb irilladi.

Bugun qishning oxirgi kechasi edi. Odamlar bu kechani qadim-qadimdan Oytugʻdi deb kelishadi. Oytugʻdi onaning duosi tufayli kezargon boʻlib yaraladigan eng kechki, eng oxirgi Boychechak aynan shu tunda unib chiqadi. U boshqa sheriklaridan oʻta oʻtkir, oʻta yoqimli is taratishi bilan ajralib turadi. Tomiri juda nozik boʻlgani uchun ozgina shabada tegsa ham tuproqdan koʻchib, u joydan bu joyga sakrab-sakrab uchishga tushadi, qarichma-qarich oldinga intilaveradi. Tushida koʻrgan sevgilisini izlab tinimsiz kezib yuraverishi bois, uni “kezargon Boychechak” deyishadi.

Aytishlaricha, bu tun tugab, Oy oʻz oʻrnini Kunga boʻshatib berayotgan erta tong chogʻida Boychechak bilan Navroʻzoy nihoyat bir-birini topadi. Sharqona yangi yil ana shu yangi kundan boshlanadi. Necha-necha oʻlkalar koʻrkam liboslarda bezanib, ne-ne ellar bayram dasturxonini tuzashga tutinadi. Koʻklam faslining birinchi tongini esa, odamlar Kuntugʻdi deb atab kelishgan.

Itdan bu gaplarni eshitib, mushukning hafsalasi pir boʻldi:

– Ikkita shoʻring qurgʻur bir-biri bilan uchrashsa uchrashibdi-da. Shuginani deb, oʻpkangni chirmanda qilib turganingga oʻlaymi.

– Navroʻz bayrami nimaligini bilasanmi oʻzing? – deb oʻqraydi Oqbars. – He, qovoq!

– Oʻzing qovoqsan! – koʻzi kosasidan sitilgudek boʻlib gap qaytardi Mallamosh. – Qovoq boʻlmaganingda, boshni behudaga qotirmasdan, jamiki esli-hushli jonivorlarga oʻxshab, toʻyib-toʻyib uxlagan boʻlarding, – soʻng soʻzining ohangini bir oz yumshatdi. – Men senga aytsam, bu yorugʻ jahonda uyqudan mazaliroq narsa yoʻq. Bir tasavvur qilgin-a, Oqbarisjon – iliqqina kecha, qorning toʻq, atrof jimjit. Mening uxlashim manavi – pish-sh, pish-sh, pish-sh. Ha pish-sh, ha pish-sh. Sening uxlashing manavi – qiq-qiq xr-r, qiq-qiq xr-r, av-av! Qiq-qiq xr-r, qiq-qiq xr-r, av-av! Shunaqa rohatdan kechib, qayoqdagi Boychechak-moychechaklarni gapirib oʻtiribsan-a. Oʻl-e!

– Tugʻilganingdan beri shunaqasan, – afsusnamo bosh tebratdi Oqbars. – Hovlidagi kovakdan yarim kun koʻz uzmay sichqon poylaysan-u, kovakning yonginasidagi chechakka biror marta qarab qoʻymaysan. Hatto chechaklarning eng chiroylisi boʻlgan Boychechakni ham umringda koʻrmagansan. Agar koʻrganingda...

Oqbarsning gapi chala qoldi. Doʻngchadan pastga tikilganicha, bir zum tarrakdek qotib turdi. Pichadan keyin oʻziga kelib: “Ana u! Qara, qara, koʻryapsanmi? Bu oʻsha – kezargon Boychechak!” – deya irgʻishlab yubordi.

Mallamosh it koʻrsatgan yoqqa oʻgirilib, yengil epkinda sapchib-sapchib uchib kelayotgan kulgichyuz chechakli giyohni koʻrdi. Turxatida biron-bir oʻzgarish sezilmay, yana itga yuzlandi:

– Oʻsimlikshunos olim boʻlmasam ham bilaman, chechak degan yer yutkur bir joyda oʻsguvchi edi. Bu daydi nimaga shataloq otib yuribdi?

– Boya aytuvdim-ku, darrov esingdan chiqdimi? Navroʻzoyni qidirib ketyapti u.

Oqbars doʻngchadan tushib, Boychechak sari yurdi. Yaqin borgach, qalbi toʻlqinlanganidan nafas olishi tezlashib, chechakni avaylab hidladi, hushidan ketgudek boʻlib tebrandi. Tebranishi tiyilmasidan: “Bu senmisan? Kezargon Boychechaksan, a?” – deb soʻradi.

– Ha, Boychechakman!

– Adashmasam, Navroʻzoyni izlab ketyapsan. Toʻgʻrimi?

– Toʻgʻri, – qoʻngʻiroqchanikidek jarangli sasda javob qildi Boychechak. – Bilaman, Navroʻzoy ikki koʻzi toʻrt boʻlib meni kutib turibdi.

Shu payt shuv-v etgan ovoz taralib, etlarga igna boʻlib sanchiluvchi sovuq havo toʻzgʻidi. Yashil yaproqlarida gulini shoshib yopib olgan Boychechakning qarshisida ajdarsifat qora tutun paydo boʻldi. Dumining uchi oʻrim-oʻrim sochlardek yoyilib hilpirar edi.

– Kutib turibdi deb xomtama boʻlma! – deya guldiroqlanib soʻzladi u. – Oʻsha Navroʻzoying hozir birovni kutadigan ahvolda emas. Buni men – kuch-qudratda tengi yoʻq Ayozzoda aytyapman!

Oldilarida qartaygan Qishning toshbagʻir lashkarboshisi Ayozzoda turganini anglab yetgan Oqbars, qanchalar dovyurak boʻlmasin, bir lahza esankirab qoldi. Biroq, sarosimaga tushmadi, Boychechakni oʻz gavdasi bilan devordek toʻsib, uni izgʻirinning muzsanchar ignalaridan himoya qilishga tirishdi.

Itning turishini koʻrib, Ayozzoda qah-qah ota boshladi. Kulgani sayin, sovuq battar kuchayib boraverdi, yalangʻoch butalardan tortib ulkan daraxtlarning tanasigacha chirsillab ketdi. Bunaqada suyaklari chatnab yorilishi mumkinligidan hayiqqan Mallamosh “Voy, miyov-ey” deb qoʻyib, oʻzini qoqmoch burganlar ichiga urdi.

Navroʻzoyning notanish qalligʻi

Ayozzoda yolgʻon soʻzlamagandi. Navroʻzoy shu topda chindan ham behushlik holatiga tushib qolgan, na atrofda nimalar boʻlayotganini sezar, na biron-bir shovqin uni bezovta qila olardi.

Navroʻzoy ertalab ham tuppa-tuzuk edi. Koʻksaroyni fayzga chulgʻab, kun boʻyi xushchaqchaqlanib yurdi. Ariqchadagi suvlar bilan quvlashmachoq oʻynadi, tubidagi toshchalarni olib, qizaloqlarga toʻptosh ulashishni istayotgandek, yumaloq-yumaloqlarini saraladi, omborchasiga kirib, oʻt-oʻlanlar, dov-daraxtlarning tanasini, yaproqlarini, gullarini boʻyab chiqish uchun turfa xil ranglar tanladi. Kechki payt yana maydonchaga qaytib chiqib, xilma-xil oʻyinchoqlar shaklidagi bulutlarning suzishini tomosha qila boshlagan mahalda, bobosi uning yoniga keldi.

– Bayramga tikkan kiyimlaringni qachon kiyasan, qizim? – deb soʻradi. – Qish bugun yarim kechadayoq senga taxtini boʻshatib berish tadorikiga kirishadi. Ertaga ilk saharda Bahorxonning timsoli boʻlib taxtga sen oʻtirasan. Qolgan-qutgan qorlarni supurishga, yerlarni yomgʻir bilan sugʻorishga, tabiatni boʻyashga tushasan. Borliq seni katta shodiyona bilan qarshi oladi.

Bobosining gaplarini eshitib, Navroʻzoy entikib ketdi. Xonasiga kirib, oq koʻylagini, yashil nimchasini, xirom maxsisini kiydi, moviy roʻmolini oʻradi, oʻzini toshoynakka solib koʻrdi. Oldilaridan bir oʻtib qoʻymasam boʻlmas deb, shu yasan-tusanda bobosining yoniga bordi, yangi kiyimlarini koʻz-koʻz qildi.

– Hah hoʻ-oʻ, judayam ochilib ketibsan-ku, qizginam, – deya nevarasiga koʻzi toʻymay tikildi Kuntugʻdi ota. – Seni shu turishda koʻrsa, Boychechakbek naq angrayib qoladi hali.

Navroʻzoy ingichka qoshlarini chimirib, bobosiga savol nazari bilan boqdi:

– Boychechak? Kim u?

– Qalligʻing-da, – bamaylixotir javob qildi Kuntugʻdi ota.

– Voy, qanaqasiga qalligʻim boʻlarkan? – taajjublandi Navroʻzoy. – Uni umrimda koʻrmaganman-ku, bobo.

Kuntugʻdi ota oʻshanday xotirjamlik bilan: “Hali koʻrasan, yoqtirib ham qolasan”, deya tasalli bera boshlagan edi, nevarasi: “Yoqtirib qolishimni qayoqdan bilasiz?” – deb battar hayratlandi.

Bobo bu gal ham pinagini buzmadi:

– Bilaman-da. Chunki, rivoyatda shunday deb yozilgan. Boychechak ikkovingning taqdiring bitta. Shunaqa ekan, bir narsa bahona boʻladi-yu, sizlar uchrashasizlar. Ana oʻshanda, Boychechak oʻz-oʻzidan koʻzingga issiq koʻrinib ketadi. Keyin undan ayrilging kelmay qoladi.

– Yetti yot begonadan-a?

– Iye, Oytugʻdi opamning nevarasi nega begona boʻlarkan?

Xonasiga qaytib borayotganida ham, borib, yana toshoynakning oldiga oʻtirganida ham Navroʻzoyning xayolida bir savol takrorlanaverdi: “Qanaqa ekan oʻsha Boychechak?”

Boychechak koʻz oʻngida turli qiyofalarda gavdalana boshladi. Shunisi qiziqki, barcha qiyofalar biri biridan yoqimtoy edi.

Navroʻzoy sochlariga oro berayotganida, xonaning torgina tuynugidan shovullab shamol kirgandek boʻldi. Shamol oʻzi bilan birga bolachoqalar uzoq-uzoqlarda kuylayotgan joʻshqindan-joʻshqin qoʻshiqning sadosini ham olib kelgandi.

Boychechagim, Boychechak,
Atir xumli gulpechak.
Yashirib qoʻysin atrini,
Opqochmasdan Oʻrgimchak.
Boychechagim shaylansin,
Koʻchani kezib aylansin.
Kelinchaklar qand bersa,
Bagʻriga kirib joylansin...

Elda Navroʻzoy hali bilmagan bir udum bor – bolalar boylam-boylam boychechaklarni mistovoqqa terib, qoʻshiq aytganlaricha, azali xonadondan tashqari, mahalladagi har bir uyga kirib chiqishadi. Ayollar mistovoqdan bir boylam gul olib, oʻrniga turshak, yongʻoq, qand-qurs tashlayveradilar. “Boychechakchi”lar topganini oʻrtada taqsimlab yeyishadi.

Navroʻzoyning bor koʻrgiliklari aynan shu palladan – sovuqqina shamol tuynukdan shuv-v etib kirib kelishidan boshlandi. U oʻz tanasida gʻalati bir junjukishni his etayotganida, ajdarsimon qora tutun paydo boʻlib, koʻmirrang koʻzlarini unga loʻqqaytirdi. Uchi toʻziq dumini tagiga yigʻib olgach: “Ha, jinqarchaxon, taxtga oʻtirgilari kepqoldimi?” – deb guvrandi.

Navroʻzoy yuragini bosib olib, sipolik bilan dedi:

– Eshitishimcha, Qish janoblari menga taxtni oʻz ixtiyorlari bilan boʻshatayotgan emish.

– Miyasi aynib qolgan oʻsha qariya nimalarni oʻylashi menga bir pul! – deb gʻoʻdaydi sumbati sovuq qora bulut. – Kallasi joyida boʻlsa, tayyor taxtdan voz kecharmidi? U taxtdan ketsa, bizga oʻxshaganlar ham amalidan mahrum boʻladi. Shaxsan men bunga yoʻl qoʻyib boʻpman. Oxirgi askarim qolguncha jang qilaman! Buni men – nayzaboz izgʻirinlar lashkarboshisi Ayozzoda aytyapman!

Bu poʻpisalarning ostida ne maqsad yotganini tushunib yetgan boʻlsa-da, tepadan uchib tushayotgan toshni orqaga qaytarishga urinishdan nima foyda, deb oʻylagan Navroʻzoy Ayozzodaga koʻzini jovdiratib boqdi:

– Azaldan belgilab qoʻyilgan muddat bitganidan keyin, fasllar saroyida oʻz-oʻzidan oʻzgarishlar boʻlib turishi barchaga ayon-ku. Shunday ekan, bu oʻjarligingizdan qanday naf bor? Boʻlmasdan qolmaydigan ishga qarshi chora topish mumkinmi?

Ayozzoda ogʻzining chetida tirjaydi:

– Chora yoʻqligini tan olish – lapashanglik. Iloji yoʻq, tartib shunaqa deb oʻtirmasdan, doim dangal harakat qilish kerak.

Gapni tugatiboq, Ayozzoda oʻsha dangal harakatni amalda koʻrsatishga kirishdi. Uning koʻzlari shishayotgan pufakdek olayib borgani sayin, sovuq ham zoʻrayaverdi. Navroʻzoy oldiniga titrashga tushdi, soʻng etlari boʻshashib, uyqu bosayotgandek tuyuldi, oxiri karaxtlangan tarzda turib qoldi. Faqat lablari damo-dam xiyol qimirlab qoʻyar, kiprik qoqishlari oʻta sekinlashib ketgandi.

Ishni bitirgan Ayozzoda mamnun kekanglab, ortga qaytdi. Ikki yondagi qator-qator xonalar oralab ketgan yoʻlakdan tutundek sirgʻalib oʻtib, Koʻksaroy maydonchasiga chiqib bordi. Chiqqan zahoti, Kuntugʻdi otaga duch keldi. Avvaliga, Kuntugʻdi otaning tafti uni bugʻlantirib yuborishi mumkinligidan choʻchib, shuvillab koʻzdan yoʻqolishga chogʻlandi-yu, bu chol balki yaxshilikcha bitim tuzishga rozi boʻlar degan oʻy bilan uzoqroqda toʻxtadi.

Kuntugʻdi ota: “Buyoqda nima qilib yuribsan, muzbashara?” – deya hadiklanib soʻragan edi, Ayozzoda: “Bittasini akashak qilish zarur boʻpqoluvdi, shu ishni qildik”, deb burnini koʻtardi. Bundan Kuntugʻdi otaning bezovtaligi oshdi:

– Agar nevaramga tekkan boʻlsang...

– Boshqa kimgayam tegardim? – deb gapni ilib ketdi Ayozzoda. – Qoʻrqmang, vaqtinchaga karaxt qipqoʻydim xolos. Navroʻzoy ertaga taxtga oʻtirolmasa, qarabsizki, moʻysafid Qish ham oʻz oʻrnida, biz ham oʻz amalimizdamiz.

– Baribir niyatingga yetolmaysan, qilvir, – qat’iy boqib soʻzladi Kuntugʻdi ota. – Avliyolar ming yillar burun aytib qoʻyishibdi, dushmanlar Navroʻzoyni hushsizlantirsa, kezargon Boychechak koʻmakka keladi deb. Mana koʻrasan, Boychechak albatta keladi. Navroʻzoy uning isini seziboq, hushiga qaytadi.

Ayozzoda qitmirona qiyaladi:

– Boychechak kelolmasa-chi? Navroʻzoyni karaxt qilishni uddalagan ekanmiz, oʻsha kezargonni muzlatib tashlashgayam kuchimiz yetar?

Endi biron-bir kelishuvni taklif qilib qolar deb turgan Ayozzoda Kuntugʻdi ota avzoyi buzilganicha yaqinlashayotganini koʻrib, butkul erib ketmasidan oldin shuv-v etib gʻoyib boʻldi. Uning dumidan tutishga ulgurolmay qolgan Kuntugʻdi ota shoshganicha Koʻksaroy ichkarisiga qarab yurdi. Nevarasining xonasiga kirib borgach, seskanib toʻxtadi.

Navroʻzoy bir nuqtaga tikilgan kuyi sopol qoʻgʻirchoqdek qotib turardi.

Marazlarning marazi kim?

Kezargon Boychechakni sovuqdan asrashga urinayotgan Oqbarsning turishini koʻrib, qah-qah otib yuborgan Ayozzoda, kulgisi tiyilgach, itga masxaraomuz gap tashladi:

– Bir bilib qoʻyaylik, nechchi daraja sovuqqa chidaydilar?

– Bundan battar sovuqlardayam oʻlmaganman, – dedi Oqbars.

Ayozzoda: “Oʻldiradiganini mana endi koʻrasan-da”, deb chuchchalandi va uyon-buyoniga alanglab: “Boshlanglar, nayzabozlarim! Itniyam biryoqli qilinglar, Boychechakniyam!” – deb hayqirdi. Birdan qoramtir tutunchalar paydo boʻlib, sovuq havodan yasalgan nayzalarini oʻqtalgan asno hujumga oʻtishdi. Oqbars achitqi izgʻirinlarga dosh berib, hali u, hali bu tutuncha bilan soʻqishayotgan esa-da, Boychechak tobora soʻlgʻinlanayotgandek koʻrinardi. Bundan Ayozzodaning koʻngli chamanga aylandi, “Barakalla, azamatlarim! Ikkoviniyam tarasha qipqoʻyinglar!” – deb askarlarini toʻxtovsiz qayrab turdi.

Dam u tutunchaga, dam bu tutunchaga tashlanaverib, sillasi qurib boʻlgan Oqbars oxiri Boychechakning ustiga avaylabgina bagʻir bosib, momiq yungli badanidagi bor haroratni unga berishga tirishdi.

– Koʻppakni chetga yumalatib tashlasanglar-chi! – askarlariga oʻshqirdi Ayozzoda. – Menga oʻlgan it emas, muzlagan Boychechak kerak. Koʻkatvachchani xazondek qovjiratinglar! Tanasini tolqonlab, kuldek toʻzgʻitib yuboringlar!

Qoni soniya sayin sovib, vujudi izmiga boʻysunmay boryotgan chogʻda ham Oqbars oʻz jonidan emas, Boychechakni ezgʻilab qoʻyishi mumkinligidan xavfsirayotgan edi. Yana qancha chidarkinman deb turganida, baxtiga Oytugʻdi ona kelib qoldi.

Oytugʻdi ona boʻynidagi tumoridan charaq-charaq nur sochib, qoramtir tutunchalarni kish-kishlab haydagach, Ayozzodaga xoʻmrayib dedi:

– Yomonning kuchi yapaloqqa yetibdi deganlari toʻgʻri ekan. Itimda nima oʻching bor edi?

– Qiziqsiz-a, Oytugʻdi ona, – deb qalbaki royishlandi Ayozzoda. – Men kimman-u, it kim, unda qanaqa qasdim boʻlishi mumkin?

– Boʻlmasa, nimaga qiynayotuvding?

– Qiynab oʻlibmanmi, nechchi daraja sovuqqa chidashimni bilib beringlar deb, it oʻzi iltimos qipqoldi. Yoʻq deyishga betim chidamadi.

Ayozzoda Oytugʻdi onaga hanuz dimogʻdorlik bilan boqib turarkan, bemahalda qayoqqa ketayotganini surishtirdi. Boychechakni izlab yurganini eshitib, bunaqa oʻsimliklar atrofda koʻpligi, qidirib yurishning hojati yoʻqligini uqtirishga tushgan edi, Oytugʻdi ona soʻzini boʻldi:

– Bilasan, jamiki Boychechaklar menga nevara boʻladi. Men bugungi tunda hammasidan keyin unib chiqadigan kezargon Boychechakni axtaryapman.

– Iye, Boychechakning kezargoniyam boʻlarkan-da? – yolgʻon gapirayotib zarracha qizarib qoʻymadi Ayozzoda. – Qani, onaxonga yoʻl boʻshatinglar, askarlarim. Borib, tezroq oʻsha nevarasini topsin.

Oytugʻdi ona yurishga shaylanganida, qoramtir tutunchalarning hujumi toʻxtagani bois badaniga sal iliqlik yugurgan Oqbars, soʻylanishga qurbi yetmaganidan, zorlangan ohangda ingilladi. Itining nimadir demoqchi boʻlayotganini payqagan Oytugʻdi ona yana toʻxtalib qoldi. Buni koʻrib, Ayozzoda bezillab tipirchiladi.

– Anqaymasdan, ishni davom ettirsanglar-chi! – deb askarlarini qistovga oldi u. – Ana, shoʻrlik it sinovni toʻxtatganimizdan noliyapti. Kambagʻalni yaxshilab sinanglar.

Qoramtir tutunchalar sovuq nayzalarini oldinga oʻqtala boshlaganlarida, Oqbars bor kuchi bilan qoʻzgʻalib, yonga agʻdarildi. Gʻujanaklanib olgan Boychechak sekingina qaddini koʻtardi-yu, Oytugʻdi onani koʻrib, quvonib ketdi:

– Buvi! Buvijon!

– Tanidi, – deya mamnun jilmaydi Oytugʻdi ona. – Kezargon Boychechak shunaqa, sheriklaridan boʻlakcha. Hamma yaqinlarini tushida koʻrib, oldindan tanib oladi.

Oytugʻdi ona Boychechakni yerdan koʻtarib, avaylabgina koʻksiga bosdi. Bu vaqtda ancha oʻziga kelib qolgan Oqbars, Ayozzoda tomonga ishora qilib, xasta ovozda dedi:

– Anavi qorayaloq Boychechakni muzlatib oʻldirmoqchi boʻldi.

Oytugʻdi onaning birdan gʻazabi qaynadi. Ayozzodaga jirkanib koʻz qadadi. Endigina soʻzga ogʻiz juftlaganida, Ayozzoda bezlanib turib, oʻzi gap boshladi:

– Boʻynimga olaman, dunyodagi marazlarning maraziman. Shunaqa tugʻilgan boʻlsam, nima qilay? Kezargon Boychechakni yoʻqotishim kerak edi, shunga urinib koʻrdim.

Oytugʻdi onaning gʻazabi nafratga aylandi:

– Nevaramning nima ziyoni teguvdi senga, yashshamagur?

Ayozzoda taxtni Navroʻzoy egallashiga qarshi ekanini yashirib oʻtirmadi. Navroʻzoyni allaqachon karaxt qilib qoʻyganligini bildirib, endi uni oʻziga keltirishi mumkin boʻlgan Boychechakni ham zararsizlantirishga majburligini aytdi.

– Majbur boʻlsang, majburligingcha yuraver, – dedi Oytugʻdi ona. – Bundan berisiga nevaramga yaqinlashib boʻpsan.

Oytugʻdi ona shunday deya boʻynidagi tumorni bir charaqlatib qoʻygan edi, Ayozzodayu qoramtir tutunchalar chaqindan qamashgan koʻzlarini qora bugʻdek eshilayotgan kaftlari bilan toʻsishdi. Ayozzoda oʻzini oʻnglab: “Bu tumorda yorugʻlik bor-u, taft yoʻq, shu sababli undan qoʻrqmayman”, deb kerilgan edi, Oytugʻdi ona zaharxanda kulimsirab qoʻyib: “Qoʻrqqaningdan tiyilib turibsan-da. Bu tumor kuydirmasa ham, koʻzingni koʻr qila olishini juda yaxshi bilasan”, dedi.

– Nima boʻlgandayam, oldindan ogohlantirib qoʻyay, – deb devlandi Ayozzoda. – Agar kezargon Boychechak uyingizdan bir qadam tashqariga chiqsa, uyogʻiga jim turolmayman. Buni men – doimo gapi gap boʻlib kelgan Ayozzoda aytyapman!

Boychechak: “Shu baqiroqni koʻr qipqoʻyaqoling, buvi. Men baribir joyimdan jilmasdan oʻtirolmayman, Navroʻzoyni topib, hushiga keltirishim kerak”, deya yalinishni boshlagan edi, Oytugʻdi ona: “Avval uyga boraylik-chi, keyini bir gap boʻlar”, deb yoʻlga tushdi. Oqbars ortidan ergashdi.

Mallamosh burganlar orasidan sekingina emaklab chiqib, oyoqni qoʻlga olib qochmoqchi boʻlganida, uni koʻrib qolgan Ayozzoda shuvillab borib, oldini toʻsdi. Qoramtir tutunchalar mushukni zumda qurshab olishdi, sovuq nayzalari bilan biqiniga bir-ikki nuqib qoʻyishdi.

Ayozzoda shunchaki “puf” degan edi, mushukning tanasiga sanchiq kirib, bir muddat kulchalanib turdi.

– Qayoqqa emaklayotuvding, chalayoʻlbars? – deb soʻradi Ayozzoda.

Gap toʻqishga mittiligidanoq usta boʻlgan Mallamosh och qolib, sichqon ovlayotganini aytdi. Hech kimi yoʻq yetimcha ekanligi, tashlandiq va qarovsizligi, qirq kundan buyon tuz totmaganini ham qistirib oʻtib, turganlarning rahmini keltirishga urindi.

– Yovvoyi mushukman deb meni laqillatmoqchi boʻlyapsanmi, tullaki? – deya achchigʻlandi Ayozzoda. – Yovvoyi mushuklarning badani chandiqqa toʻla boʻladi. Sendaqa yuvinib-taranib yurishmaydi.

Hozir gapni loyqalashtirib oʻtiradigan vaziyat emasligini anglagan Mallamosh: “Ha, oxiri meniyam qoʻlga oʻrgatishdi”, deb mungʻaydi. Ayozzoda bu oʻramda Oytugʻdi onadan boshqa hech kim yashamasligini nazarda tutib, piching qildi:

– Oytugʻdi onaning qoʻlini yalab kun koʻraman degin?

– Buniyam toʻgʻri topdingiz, janob Ayozzoda, – mingʻirladi Mallamosh. – Kallangizda oʻn besh qop miya bormi deyman?

– Meni maqtashga urinib, yaxshi ish qilding, – dedi Ayozzoda. – Lekin, oʻn afsus, yuz afsus, ming afsuski, seni tirik qoʻyib yuborolmayman.

Mallamoshning koʻzi qaynab, aybi nimada ekanligini soʻragan edi, Ayozzoda: “Aybing shuki, dushmanlarimga qarashlisan”, dedi va askarlariga yuzlanib, ma’nodor ishora qildi. Qoramtir tutunchalar mushukning ustiga yopirilishdi. Mushuk jon halpida qayonga sakramasin, qoramtir tutunchalar oʻsha yoqda paydo boʻlib, sovuq nayzalarini beayov sanchiyverishdi.

– Vagʻ-gʻ, vagʻ-gʻ! Voydod! – borliqni boshiga koʻtarib ayyuhannos soldi Mallamosh. – Janob Ayozzoda, shafqat qiling! Bir gʻaribga nimaga rahmingiz kelmayapti? Hammaga oʻxshab, men ham bu dunyoda bir marta yashayman. Oʻn gulimdan bir gulim ochilmay turib, harom oʻlib ketaveramanmi? Bahor kelyapti, hech boʻlmasa, yana bir marta uylanib koʻray, meniyam orqamda bola-chaqa qolsin. Oʻtinib soʻrayman, oʻldirmang meni. Qulingiz boʻlay, akaginam!

Ayozzoda oʻng qoʻlini yuqori koʻtardi. Qoramtir tutunchalar shu daqiqadayoq harakatdan toʻxtashdi.

– Oxirgi gapingni yana bir qaytar-chi, – deya mushukka yaqinlashdi Ayozzoda.

Mallamosh: “Jon achchigʻida aytganlarimning qaysi biri esda qolardi”, deya dildirab yigʻlamsiragan edi, Ayozzodaning: “Balki tuzukroq jiq-jiq qilsak, yodingga tushar”, deganini eshitib, moʻylovi titradi, “Menimcha, qulingiz boʻlay devordim-ov”, deb koʻzini moʻltiratdi.

– Shu soʻzlaring rost boʻlsa, menga tirigingcha keraksan, – dedi Ayozzoda.

– Boshingga qilich kelsayam faqat rost gapir, deb ota-onam har kuni tayinlaydi, – boya yetimligini pesh qilganini unutib, aravani quruq olib qochdi mushuk. – Shu vaqtgacha bir tomchi yolgʻon ishlatmaganman, bizbop xizmat-pizmat boʻlsa, tortinmay aytavering.

Ayozzoda chetga boqib: “Hoʻ, gʻildirakkoʻz! Qayoqdasan?” – deb qichqirgan edi, bir Ukki uchib kelib, yonidagi butaga qoʻndi.

– Salgina “kuv-v” deb qoʻysang bas, shu gʻildirakkoʻz allaqachon yoningda turgan boʻladi, – mushukka xizmat-pizmatni yuklashga kirishdi Ayozzoda. – Kezargon Boychechak uydan chiqdi deguncha, Ukki orqali menga xabar yetkazasan. Agar pand bersang, dengizning tubida boʻlsang ham topib, mushukka oʻxshagan muzqaymoqqa aylantiraman seni.

– Bunaqa sovuq gaplarning nima keragi bor? – zardalandi Mallamosh. – Qulingizman deganimdan keyin, boʻldi-da. Hali u shubhani, hali bu shubhani roʻkach qilib qoʻrqitaverasizmi?

Ayozzoda muloyim tortdi:

– Boshqa tomoniniyam aytib qoʻyay, topshirigʻimni qoyillatsang, moʻmaygina mukofot olasan.

Mallamoshning yuragi potirlab, mukofotning qanaqa ekanligini surishtirdi. Ayozzoda: “Nimaligini oldindan bilsang, qizigʻi qolmaydi”, deya uning belini siypaladi. Sovuq qoʻl tegishi bilanoq badaniga muz oralagan mushuk sir boy bermay, likillab yaltoqlandi. Erkalatishlarini juda yaxshi koʻrardi, nima maqsadda erkalatishayotgani uni qiziqtirmasdi.

Tayini yoʻq mukofot

Kezargon Boychechak uyga kelganidan beri tiqilinch qilib charchamayotgandi. Oytugʻdi onaning: “Shoshmasang-chi, seni bu yerdan qanday yashirincha olib chiqishni oʻylayapman”, degan soʻzlarini eshitgisi kelmasdi.

– Hozir oʻylanib oʻtiradigan vaqtmi, buvi, – deb toshiqar edi. – Navroʻzoyni tezroq topmasam, keyin kech boʻladi.

– Qoʻrqma, kech qolmaymiz, – deya nevarasini tinchlantirishga urinardi Oytugʻdi ona. – Yuzlab yillardan buyon Kuntugʻdi ukam bilan vaqtida uchrashib yurgan boʻlsam-u, bu safar kechikar ekanmanmi? Buyoqdan seni yetaklab men boraman, uyoqdan Navroʻzoyni boshlab Kuntugʻdi ukam keladi. Tun bilan kunning qizil chegarasida albatta yuz koʻrishamiz. Birpas hovliqmay turgin.

– Aytaverasiz-da, buvi. Bu gal ish ancha chigal, koʻnglim bir chatoqlikni sezib turibdi.

– Elburutdan yomon niyat qilma. Ayozzodaning birinchi betamizligi emas bu, ilgariyam shunaqa qilgʻiliklar qipturgan. Baribir qoʻlidan hech nima kelmaydi, iliq havolarning yoʻlini toʻsaman deb, oʻzi baloga uchraydi.

Buvisi taskin berishga nechogʻli tirishmasin, Boychechakning xunobi oshib borverdi. Oxiri yuragi siqilganicha joyidan qoʻzgʻaldi:

– Yoʻq, buvi, sizning oyogʻingizga qarab yurishga sabrim chidamaydi. Oqbarsni minaman-u, hoziroq yoʻlga tushaman.

– Ayozzoda xuddi shuni poylab turibdi.

– Ayozzodadan qoʻrqmayman!

Bir buvining, bir nevaraning ogʻziga alanglayverib boʻyni ogʻrib ketgan Oqbars, toqati toq boʻlib, Oytugʻdi onaga yuzlandi:

– Ahvolni koʻrib turibsiz-ku, aytganini qilmaguncha nevarangizning koʻngli joyiga tushmaydi. Mayli, men uni qizil chegaraga tezroq olib boraqolay, hovuri sal bosilsin. Ayozzoda roʻpara kelsa, borguningizcha qoʻriqlab turishga yarayman.

– Zoʻr gapni aytding! – sevinib qichqirdi Boychechak. – Ketdik, Oqbars!

Shunday deya, bir sakrab, itning beliga mindi. Choʻ degan tovush yangrashi bilan Oqbars ilondek sapchilab, eshik sari otildi, Oytugʻdi ona hoy deyishga ham ulgurmay qoldi.

Otilgan oʻqyoydek chiqib ketgan Oqbarsning epkini bosilmay turib, ichkariga Mallamosh kirib keldi. Oytugʻdi onaga yaqinlashib, koʻzi bejolangan siyoqda: “Bu uloqchilar qayoqqa yoʻl olishdi, yo Oqbarisning ammasi yana tugʻibdimi?” – deb savolga tutdi.

– Boychechak tushmagur meniyam, Oqbarsniyam xit qilvordi, – dedi Oytugʻdi ona. – Tezroq yetib bormasa, goʻyo Navroʻzoy behushligicha qolib ketarmish. Shunaqayam shoshqaloq boʻladimi!

Mallamosh suzilib bosh chayqadi:

– Nimasini aytasiz, hozirgi yoshlarning achchigʻi burnining uchida turadi, biri biridan qaysar. Odob qani? Axloq qayoqqa ketdi?

Oytugʻdi ona bir xoʻrsinib olib, oʻrnidan turdi:

– Mayli, men ham boraqolay boʻlmasa. Tagʻin Ayozzodaga yoʻliqishib...

– Bemalol boravering, onaxonim, – qaddini yasovuldek gʻoʻqqaytirdi Mallamosh. – Uyni poylashni menga qoʻyib bering. Birorta sichqon sandigʻingizga koʻz olaytib koʻrsin-chi!

Oytugʻdi ona ketgach, mushuk tashqariga chiqib, uning uzoqlashishini kutib turdi. Keyin, oldingi oyoqlarida ogʻzining ikki chetini toʻsib, “kuv-v, kuv-v” deb ovoz qildi. Choparlikka qoldirilgan Ukki qayragʻochlar orasidan gʻuvillab uchib chiqib, tomning qirrasiga kelib qoʻndi. Mushukning chaquvini eshitiboq ortga qaytdi, koʻp oʻtmay tutunsimon askarlarini ergashtirib olgan Ayozzodani boshlab keldi.

– Ketishganiga qancha boʻldi? – sovuq purkab soʻradi Ayozzoda.

– Koʻp boʻlgani yoʻq, – dedi Mallamosh. – Ja borsa, bir sichqon yeyishchalik vaqt oʻtgandir-da.

Bu gapdan jizzakiligi qoʻzigan Ayozzoda: “Bitta sichqonni qanchada yeb boʻlasan, meshqorin?” – deb oʻshqirgan edi, Mallamosh: “Sichqon tutib bersangiz, buni aniq bilib olardingiz”, deya tamshandi.

Mushukning taltayishi Ayozzodaga yoqmay, qovogʻini uydi. Shu kepatada turib: “Tezda ularning iziga tush, nima qilib boʻlsayam yoʻldan chalgʻit. Kezargon Boychechak Navroʻzoyning oldiga kerakli muddatda yetib borolmasa, mukofotingni naq uch baravarga oshiraman”, dedi. Buni eshitib, Mallamosh peshanasini qirt-qirt qashladi, koʻzi alagʻdalandi. Nimaligi hanuz tayinsizligicha qolayotgan mukofotning uch baravari koʻtarasiga qancha salmoqqa ega ekanligini bilolmay garang edi.

– Har holda, chalaroq boʻlsayam bilvolsak, zarar qilmasdi, – deb chaynaldi u. – Oʻsha mukofotning yo shakli, yo ta’mi, yo qimmati toʻgʻrisida qittak shama qilib oʻtsalar deganidim.

– Aytuvdim-ku, bilsang qizigʻi qolmaydi deb, oʻzining mujmalligida turib oldi Ayozzoda.

– Unda, yoʻq narsaning uch baravari taxminan qanaqaroq boʻlsaykin?

– Buni chamalash uchun miyani achiguncha ishlatishingga toʻgʻri keladi. Oldiniga jahondagi hamma narsani koʻz oldingga bitta-bitta keltirib, keyin shulardan qaysi biri senga atalgan boʻlishi mumkinligi ustida bosh qotirasan. Oʻylayverib kallang yorilay deganida, e bor-e, unisi boʻlmasa, bunisi qoʻlga kirar degan toʻxtamga kelasan. Qoʻlga kirishi mumkin boʻlgan biron narsaning bir varakayiga uchtasiga ega boʻlish uch baravar mukofot deyiladi.

– Demak, bu – yo uch togʻora pishloq, yo uch dona ushoq. Shunaqa desa, toʻgʻri boʻladimi?

– Juda uquvsiz maxluq ekansan. Mukofot – pishloq degani ham emas, ushoq degani ham emas. Chunki, falon narsa oldim demaysan, mukofot oldim deysan. Toʻgʻrimi?

– Toʻgʻri-yov!

– Mana endi zehnlab yetgandirsanki, mukofotning qanaqa mukofot ekanligini oldindan bilishing, koʻngling toʻlish-toʻlmasligi hech nimani hal qilmaydi. Mukofot, bu – mukofot! Vassalom!

Miyasi qatiqqa aylana boshlaganini his etgan mushuk soʻrrayib turib qoldi. Mukofotni hansirab-hansirab qabul qilish oʻta maroqli, ammo jinni boʻlib qolmay desang, to olmaguningcha, u haqda oʻylamagan ma’qul ekan.

Mushukni fikrlar changalzorida adashtirib huzurlanayotgan Ayozzoda gapni yana asosiy maqsadga burdi:

– Shunaqa, mushukvoy, kezargon Boychechakni Oqbarsga qoʻshib biron-bir falokatga yoʻliqtira olsang, uch baravar mukofot qopidan yuqigacha seniki. Bu ishni bajarging kelmasa, tugʻilganingga attang qildirvoraman!

– Muz-muz gaplarni gapiraverib, yuragimni tushirib qoʻymasangiz yaxshiydi, – dedi Mallamosh, rangi oʻchib. – Bizga oʻxshaganlardan ming marta kuchlisiz, meni qiynamay, ularni oʻzingiz kesak qipqoʻyaqoling-da.

Haqiqatan ham bu ish Ayozzoda uchun choʻt emasdi, faqat bunday qilishni istamayotgandi. Sababi, ortdan yetib kelgan Oytugʻdi ona Boychechak bilan Oqbarsni muzlab yotgan holda koʻrsa, bu Ayozzodaning ishi ekanligini tezda fahmlaydi, oʻch olmay qoʻymaydi. Ular oʻzlari qandaydir ishkallikka yoʻliqishsa, bu boshqa masala, Ayozzoda oppoqligicha qolaveradi. Birovni ayblash uchun dalil kerak, Oytugʻdi onaning shubhasi esa dalil boʻlolmaydi.

Ayozzoda buni mushukka ijikilab oʻtirmay: “Tagini kavlamasdan, aytganimni indamay qilishni oʻrgan”, deb oʻdagʻayladi.

– Obbo, – deb aftini bujmaytirdi Mallamosh. – Oqbaris niyatimni sezib qolmasin-da, ishqilib. Sezsa, oʻsha joyning oʻzida atalamni chiqaradi.

– Vahima qilma, – dedi Ayozzoda. – Hammasi joyida boʻladi. Buni men – sendaqangi ablahlarning qoʻlidan nimalar kelishini yaxshi bilgan Ayozzoda aytyapman!

Ayozzoda gapini qildirmasdan qoʻymasligini anglagan Mallamosh taqdirga tan berdi. Yangi egasiga boqib: “Unaqa boʻlsa, meni toʻgʻri botqoq tomonga uchirib boring.Ularni oʻsha joyda kutvolib, oʻsha joyda gumdon qilaman”, dedi.

Shunday deya, bir irgʻib, Ayozzodaning belidagi tasmaga oʻtkir tirnoqlarini botirdi. Ayozzoda shuv-v etib joyidan qoʻzgʻaldi, tasmasida salanglab turgan mushuk bilan birga havoga koʻtarildi. Tutunchalar askarlik tuzigidagi qoidaga boʻysunib, qayoqqaligini surishtirib oʻtirmasdan, lashkarboshi yoʻnalgan yoqqa qarab siljishdi.

Osmonning qoramtir tusga kirgan qismini yomon maqsadlar qoplab olganga oʻxshardi.

Koʻzi ojiz yetakchi

Rivoyatda qanday bitilgan boʻlsa, soʻzsiz xuddi oʻshanday boʻladi. Aytilmalarning xatodan xoliligi necha zamonlardan buyon turmushda isbotini topib kelyapti.

Fasllar rivoyati oʻzgaruvchanlikka moyil his-tuygʻularning emas, asosga tayanuvchi aql-idrokning mahsuli. Unda aytilgan ekanmi, demak Oytugʻdi ona bilan Kuntugʻdi ota, Boychechak bilan Navroʻzoy belgilangan kun, belgilangan fursatda uchrashmasdan qolmaydi. Yilma-yil shunday boʻlib kelgan, bugun yana shunday boʻladi, kelgusida ham shunday boʻlaveradi. Buni oʻzgartira oladigan kuch yer sathida yoʻq. Oʻzgartirish zarurati tugʻilsa, bu ishni shunday tartibni joriy etgan fazoviy Qudratning oʻzigina amalga oshirishga qodir.

Kuntugʻdi ota karaxtlangan Navroʻzoyga yoʻl-yoʻlakay shu yangligʻ hikmatlarni soʻzlab kelar, zora eshitayotgan boʻlsa deb umid qilardi. Axir, yetaklasa, imillab boʻlsa-da odimlayapti-ku. Shunday ekan, nega endi elas-elas eshitmasin? Agar eshitayotgan boʻlsa, Boychechak toʻgʻrisidagi soʻzlarni tinglaganda, ichi yashnab-yashnab ketayotgandir?

– Bu qanaqasi boʻldi, bu? Yerning tagidayam tinch qoʻyishmaydi-ya!

Qulogʻiga ortdan tovush chalindi-yu, Kuntugʻdi ota Navroʻzoyning qoʻltigʻidan burib, oʻsha yoqqa oʻgirildi. Chap qoʻlida hassa ushlab olgan Koʻrkalamush yer ostidagi uyasidan chiqib, kavakning chetida uyon-buyon alanglab turganini koʻrdi.

– Uyimning tomida gupir-gupir qilayotgan kim oʻzi? – quruq doʻqni davom ettirdi Koʻrkalamush. – Bizga oʻxshaganlarga kun bormi?

Kuntugʻdi otaning yuziga samimiylik yoyilib, keksayibroq qolgan jonivorga iltifot bilan muomala qildi:

– Yaxshi yuribdilarmi, taqsir? Bu menman, Kuntugʻdi otaman.

Koʻrkalamushning chehrasi charogʻonlanib: “Iye-iye, oʻzlarimilar? Xush koʻrdik, Kuntugʻdi ota, xush koʻrdik. Tanamga taftingiz tekkanidayoq, sizga yoʻliqqanimni fahmlashim kerak edi men lodon. Tabarruk zot bilan uchrashish nasib etgan ekan, bir koʻrishib qoʻyaylik”, deya ikkala kaftini oldinga choʻzib oʻrmalaganicha ularning yonidan oʻtib ketdi. Borib, nariroqdagi chuqurchaga agʻanadi.

Kuntugʻdi ota Navroʻzoyni ehtiyotlik bilan yana ortga burib, Koʻrkalamushga qanday koʻmaklashishni bilmay turganida, u tezda oyoqqa qalqdi-yu: “Sezgisiga ortiqcha bino qoʻyib, hassani ishlatmaganning jazosi mana shu”, deya chuqurdan chaqqon chiqib keldi.

– Men buyoqdaman, taqsir, – Koʻrkalamushning shu yoshda ham tetikligiga havas-la boqib ovoz qildi Kuntugʻdi ota. – Mana, toʻgʻringizda turibman.

Koʻrkalamush: “E, qadamlariga hasanot”, deb, hassasida yerni choʻqilay-choʻqilay, ularga yaqinlashdi. Hassasini oldin Navroʻzoyning, soʻng Kuntugʻdi otaning oyoqlariga urib koʻrib: “Kuntugʻdi ota bitta boʻlsa kerak deb yurardim, ikkita ekansizlar-da, a?” – deya sayroqilandi.

Kuntugʻdi ota miyigʻida kulimsirab dedi:

– Men haliyam bittaman. Yonimda nevaram Navroʻzoy ham bor.

– Yolgʻiz kelmaganingiz yanayam soz boʻpti, – joyida tipirchilab bidirladi Koʻrkalamush. – Qani, ichkariga kiraylik. Bulturgi makkalardan anchagina bor. Burnoq yilgisini yaqinda yeb tugatdim. Uyogʻini soʻrasangiz, aziz mehmonlarga atab, toza bugʻdoydan ham bosib qoʻyganman.

– Rahmat, taqsir. Hozir sal-pal shoshib turuvdik.

– Unaqa boʻlsa, qayoqqa shoshilayotganlarini bilib qolaylik.

Kuntugʻdi ota qayoqqa ketishayotganini aytgach, Koʻrkalamush Navroʻzoyning nega jim turgani bilan qiziqib: “Suvarakdan tortib Tipratikongacha bizga birinchi boʻlib salom berardi, nevarangiz haliyam indamayotganiga hayron boʻpqoldim-da. Yo ogʻzida qand bormi? Biz ham bittasini tatib koʻraylik boʻlmasa”, deb oʻng qoʻlini oldinga choʻzdi. Kuntugʻdi ota nevarasi gapirolmay qolgani, dushmanlar uni yarim behush qilib qoʻyganini bildirdi.

– He atta-a-ng, he atta-a-ng, – deb qoʻlini pastga tushirdi Koʻrkalamush. – Yoʻq qandga qoʻl choʻzib, sharmanda boʻldim-ku. Buni birovga aytib yurmang, Kuntugʻdi ota.

Kuntugʻdi ota tagʻin kulimsiradi.

Koʻrkalamush endi Navroʻzoyga achinishga tushdi, uni sovuq nafasida karaxtlantirib qoʻygan Ayozzodani boʻralab qargʻadi. Kuntugʻdi ota qattiq qarshilik koʻrsatishiga qaramay, bu qingʻir-qiyshiq yandamaliklarda qiynalib qolishlaring mumkin, sizlarni oʻzim boshlab bormasam boʻlmaydi, deb turib oldi. Hassasini tikillatib, oldinda yoʻrgʻalashga tutindi. Picha yurishgach, yomgʻirlar koʻlmaklanishidan namiqqan boʻkak pastqamlikdagi majnuntolsimon qirchinlardan biriga duch kelib, uni hassasida urib-urib koʻrdi va: “Xoʻsh! Xoʻsh deyapman!” – deb dagʻdagʻa qildi.

– Oldingizda qirchin turibdi, taqsir, – dedi Kuntugʻdi ota.

– Iye, shunaqami? – aslo xijolat tortmasdan yonroqqa burildi Koʻrkalamush. – Bu qirchin deganiyam sigirning tuyogʻiga oʻxshab ketarkan. Mayli, aylanib oʻtaqolamiz.

Koʻrkalamush yoʻl bosayotib, tinimsiz javranib bordi. Yoshligida bir Yumronqoziqxon sizni yaxshi koʻraman deb yurib, omboridagi hamma donni yeb qochgani qolmadi, daladagi uvatga tashlab ketilgan siniq tandirni eshak bilan adashtirib, meni ham bir mindirsangiz-chi deya yalingani qolmadi, oʻz uyasini yanglishtirib, qoʻshnisining uyiga kirib borgani, bilmasdan qizlarining qatoriga yotib olgani qolmadi, hiringlab-hiringlab soʻzlayverdi. Soʻng, jiddiyroq masalaga oʻtib, toshga xat bitish rusumga kira boshlagan zamonlarda bu chek-chegarasiz yerlar birgina Koʻrkalamushlarga qarashli boʻlgani, keyinchalik oʻzga burundorroq jonzotlar ham bir-bir makon qurib, ularning naslini buzgani, shu toʻgʻrida boʻyi tengi kitob yozishni oʻylab yurganligini bayon qila ketdi.

Kuntugʻdi ota qancha olgʻa yursa, qorongʻilik undan shuncha chekinib borayotgandi. Kimlardandir oldinroqda odimlashni oʻziga xos bir mansab deb biluvchi Koʻrkalamushga esa yorugʻ bilan qorongʻuning farqi yoʻqdek edi.

– Koʻzi ochiqlarning gapiga qaraganda, odamlar uchun ertaga sumalak bazmi boshlanarkan-da, a? – yoʻldoshining diqqatini qaytadan oʻziga jalb etib, suhbatni boʻlak oʻzanga burdi Koʻrkalamush. – Sumalak nima oʻzi?

Ivitilgan bugʻdoyni shu yerlik kishilar qadimda suma deyisharkan. Suma solib pishirilgan taom, ya’ni sumaliq bora-bora sumalak boʻlib ketgan ekan. Gapni tag-tugigacha bilib olgan Koʻrkalamush: “Odamzot deganiyam ta’bi oʻrtamiyona jonliq-da. Tap-tayyor bugʻdoyni ivitib nima qiladi, qozonga solib atalashning nima keragi bor, oʻzini karsillatib-karsillatib yesa, ana mazza-yu mana mazza”, degan edi, Kuntugʻdi ota: “Sizniki toʻgʻrimi, ularniki toʻgʻrimi bilmadimu, ammo-lekin bu gaplaringizni odamlarga chikitib qoʻyaman”, deb tegishqoqlik qildi.

– Odamlarga yana bir narsani shipshitib qoʻying, otaxon, – dedi Koʻrkalamush. – Oʻsha sumalakdan bizgayam ehson-pehson qipturishsa, chakki boʻlmasdi.

– Boʻpti, buniyam aytaman.

– Tamagirlik qilyapti deb oʻylamang tagʻin. Bu shunchaki qiziquvchanlik-da.

Oʻzini oqlash uchun emas, toʻgʻrisini gapirdi shekilli Koʻrkalamush. Axir, sovuq oʻlkada yashaydiganlar issiq yurtlarda echki ham yemay yotadigan bodringni umrida bir kavshab koʻrgisi keladi-ku.

Koʻrkalamush Navroʻz bayramini bor-yoʻgʻi sumalak bazmidan iborat marosim deb tasavvur qilayotganidan Kuntugʻdi ota afsuslanib ketdi. Agar, yer yuziga kengroq nazar tashlansa, barchani bir xil yumushga yoʻnaltirib, bir xil maqsad atrofida jamlashda bunga teng keladigan bayram yo topiladi, yo topilmaydi.

Tong otar-otmas, harakat hamma joyda bir xil boshlanadi – kundalik odat tusini olgan hovli va koʻchalarni supurishdan tashqari, bu kuni ariqlar, hovuzlar tozalanib, yuvilgan chinnidek qilib qoʻyiladi, daraxtlarga shakl berilib, bogʻlar xas-xazonlardan xalos etiladi, ekinzorlar uvatidagi qovjiroq oʻtlar qirtishlab tashlanadi, koʻchatlar, gullar ekiladi. Hatto, qabristonlarga oro beriladi.

Kentu qishloq mahallalaridagi bazmlarni, ziyofatlarni, hofizlaru mashshoqlar, oqinlaru laparchilar, dorchilaru koʻzboʻyamachilar, askiyachilaru qiziqchilar, poygachilaru kurashchilar, xoʻrozvozlaru bedanavozlar ishtirokidagi tomoshalarni, yarim kechada ham tugamaydigan oʻyin-kulgilarni, berigi tongdan narigi tongga ulanib ketuvchi sumalak soldilarni qoʻyib turaylik, bu kuni bayramning nashidasi yetib bormagan biron-bir ovloq joy qolmaydi. Qirlarda “chuchmomo topdi”, togʻlarda “lola uzar” sayllari avj oladi, dashtlar basma-basiga varrak uchirayotgan bolakaylar bilan toʻlib-toshadi. Biri biridan guldor varraklarning ipi uzilganlari chirpiraganicha uchib-uchib borib, sahrolarga tushadi, qumloqlarni uygʻotadi.

Dalalardagi tantanavorlikning shavqi butunlay oʻzgacha. Jussasi yarqiragudek yuvib-taralgan Hoʻkizni eski udumga koʻra ekinzorga yetaklab kirishib, qozonimiz yogʻli boʻlaversin degan umidda muguziga moy surtishadi, keyin omoch qoʻshib, yerning uzunasigayam, koʻndalangigayam toʻqqiz qadam qismini haydashadi. Turganlarning barchasi ichida tilak aytib, hovuchidagi urugʻlarni sochishadi.

Bu marosim tugagach, uvat boʻylab yoyilgan sholchalardagi toʻshaklarga borib oʻtirib, oʻrtadagi dasturxonni qurshovga olishadi. Oqsoqollardan biri tilovat qiladi. Olamdagi borliq ezgu istaklar bayon etilib, yuzlarga fotiha tortiladi.

Ana endi, navbat “eyaver-ichaver”ga keladi. Dasturxonda jiq-jiq noz-ne’mat. Har kim elga ilinganini keltirib, oʻrtaga tashlab qoʻyibdi: jizzali patirlar, sedanali shirmonlar, varaqiyu qatlamalar, holvaytaru sumalaklar, mayizu qoqilar, anjir murabbosiyu tut shinnilari, asalu novvotlardan tortib, qishda uyning shipiga ipda ilib saqlanadigan uzum, behi, anor kabi osilgʻilaru, asrangʻi qovun-tarvuzlargacha bor. Ogʻziga solsa, oʻlikni tiriltiradigan bilqildoq koʻkatmanti terilgan tovoqlar qoʻlma-qoʻl aylanadi. Ayniqsa, dumba yogʻi qoʻshib yopilgan koʻksomsalar alohida e’zozda, keksalar ularni yeyishdan oldin koʻzlariga surtishadi. Doshqozonda pishayotgan toʻypalovning isi dimogʻni yoradi.

Hozir bularning barini aytib bersa, yemsoq Koʻrkalamush hayajondan shaytonlab, guppa agʻdarilishi hech gapmas.

Navroʻzoy qisqa-qisqa qadam tashlaganicha hanuz jimgina kelar, goho qoqinib ketsa, qoʻltigʻidan mahkam tutib olgan bobosi uni yana muvozanatga solib qoʻyardi.

Oldinda oʻrmalayotgan Koʻrkalamushning hassasidan taralayotgan “tikir-tikir”lar ham, ogʻzidan yogʻilayotgan “bidir-bidir”lar ham jimjitlik qoʻynida oʻzgacha bir ohang kasb etayotgandi. Goʻyo kimdir: “Sen soʻzlashdan toʻxtaganing zahoti olamni suv bosadi”, degan-u, u jahonni falokatdan asrab qolishga astoydil urinayotgandek edi.

Tevarakda yiltillab-yiltillab koʻrinayotgan tillaqoʻngʻizlardan biri tumshugʻining yonginasidan vizillab uchib oʻtdi-yu, Koʻrkalamush qulogʻini dikkaytirib, joyida toʻxtaldi. Soʻng olgʻa yurishda davom etarkan, oʻzicha tusmollandi:

– Bironta gʻilayroq ovchi chalama-chakki kamon otdimi deyman-da. Oʻqi gʻoʻngʻillaganicha kelib, burunginamga tegay-tegay deb oʻtdi-ya. Bay-bay-bay!

Eshakda nega dum bor?

– Qayoqqa ketyapmiz, dadajon?

– Endi izgʻirinlar tinib, iliq epkinlar esadi. Yangi kun boshlanishini bir koʻrib olgin deb, seni ataylab sayrga olib chiqdim-da, oʻgʻlim. Navroʻzoyning kirib kelayotganini tomosha qilib turish hammagayam nasib etavermaydi.

Xoʻtik otasining biqiniga erkalanib bosh ishqadi:

– Navroʻzoy deganingiz qanaqa oʻzi?

– Chiroyli! – loʻnda qilib ta’rifladi Eshak.

– Navroʻzoy kelsa, uyam sizni minadimi?

– Qaniydi minsa! Kimdir ustimga minib olganidan umrimda birinchi marta suyungan boʻlardim.

Odamlar tarvayib egarga oʻtirib, “xix” deya quymichiga qamchi ursa, Xoʻtikning har gal otasiga rahmi kela boshlardi. Oyisini minishsa-ku, tamoman xoʻrligi qoʻzib, yigʻlab yuborishiga ozgina qolardi.

Shu odamzot degani qanaqa mavjudot boʻlsaykin? Oʻzlarida ham oyoq bor, oʻshanda yuraversa, oʻlib qolishadimi?

– Katta boʻlsam, odamlar meniyam minisharmikin? – otasiga boʻyin qisib boqdi Xoʻtik.

– Buvamni minishgan, otamni minishgan, meni minishyapti, – deya oʻychan javob qildi Eshak. – Shundan oʻzing xulosa yasab olaver, oʻgʻlim.

– Mindirmasam-chi? Qassobga berib yuborishadimi?

– Yoʻq. Biz Buqa yoki qoʻy emasmiz, bizni qassobga sudrashmaydi. Qaysarlik qilsak, yo sotvorishadi, yo yem bermay qoʻyishadi.

Xoʻtikning savollari koʻp edi, barini aytishga ulgurolmadi. Shu tomonga yaqinlashib kelayotgan Oqbarsni koʻrib: “Iya, anavi itni qarang, beliga gul taqib olibdi”, deya tumshugʻida otasining biqiniga nuqiladi.

Eshakning koʻzi oʻgʻlinikichalik oʻtkir emasdi. Nimqorongʻida zoʻriqib boqib: “Hoʻ, Boʻbik, sendan bir narsani soʻrasam maylimi?” – degan edi, it toʻxtab: “Boʻbikmas, Oqbarsman. Nima gaping boridi?” – dedi.

– Xato oʻylayotgan boʻlsam, kechirasan, – madaniyroq soʻzlashga harakat qildi Eshak. – Ustingda ilashib kelayotgan giyoh, mabodo, kezargon Boychechak emasmi?

Oqbars hayron boʻlib: “Vo, buni qayoqdan bilding?” – deb soʻragan edi, Eshak: “Buvam bir mahallar ustiga Boychechakni mindirib olgan nihoyatda haybatli itni uchratgan ekan. Laqabi “kezargon” boʻlgan oʻsha Boychechak behush Navroʻzoyni oʻziga keltirib, dunyoni abadiy sovuqdan asrab qolibdi oʻshanda. Buvam buni oʻz koʻzi bilan koʻrganini otamga aytgan ekan, otam menga aytuvdi”, deya oʻtmishdagi gaplarni toʻkib soldi.

Buni eshitib, kezargon Boychechakning xayolida: “Buvimning soʻzlari rost ekan. Demak, Ayozzoda Navroʻzoyga ilgariyam xuruj qilgan-u, qaysidir ajdodim uni qutqarib qolgan”, degan fikr kechgan boʻlsa, Oqbars: “Ota-buvalarim eskitdan shunaqa qahramonlik koʻrsatib kelishgan ekan-da”, deb oʻylab, magʻrurlanib ketdi.

Eshak Oqbarsga bolalik xotiralarini soʻzlab berayotgan pallada Xoʻtik gʻalati bir manzaraning guvohi boʻldi. Tepadan toʻp-toʻp qora tutunchalar oʻta boshladi. Oldiroqda tim qora bulut uchib borar, unga tirmashib olgan qandaydir maxluqning orqa oyoqlari toʻxtovsiz tipirchilab turardi. Boʻrsiqmikan? Balki Sugʻurdir.

Xoʻtik ularni yaxshiroq ilgʻab ulgurmasidan, Ayozzoda va askarlar doʻnglik uzra suzib oʻtib, pastga shoʻngʻishdi.

Umrida ilk bor uchib koʻrgan Mallamosh qoʻrquvdan potirlayverib toliqib ketgani bois, yerga tushiboq, choʻzilganicha yotib oldi.

– Tur! – uni gʻazabladi Ayozzoda. – He, soʻljaymay oʻl. Nima, seni dam oldirishga opkeldimmi? Tur-e!

Mallamosh erinibgina qaddini koʻtardi. Dam kerishib, dam etlarini qattiq titratib, tanasidagi uvishiqni haydashga tirishdi.

Ayozzoda: “Ana, oʻsha botqogʻing. Xoʻsh, buyogʻiga nima qilmoqchisan?” – deya sovol bergan edi, Mallamosh: “Sizning sovgʻangizga oʻxshab buyam bir sir, oldindan bilsangiz, qizigʻi qolmaydi”, deb tirjaydi. Soʻng ogʻzini karrakdek ochib esnadi.

– He, sulla! – unga yeb qoʻygudek boʻlib boqdi Ayozzoda. – Shunaqa lanjlanib ishning pachavasini chiqarsang, oʻzing tugul, urugʻingniyam quritvoraman. Buni men – quritish boʻyicha bosh mutaxassis Ayozzoda aytyapman!

Ayozzoda mushukning har bir qadamini chetdan kuzatib turishini koʻz olaytirganicha ta’kidlab qoʻyib, askarlarini qamishzor sari yetakladi. Mushuk dushmanlarni qanday choʻktirayotganini miriqib tomosha qilmoqchi edi, chamasi.

Turqi sovuq xoʻjayindan vaqtinchaga boʻlsa ham qutulgani Mallamoshga rohat bagʻishlab, yana yerga choʻzildi. Shu yotishda qulogʻiga allaqanday tapir-tupurlar chalindi, doʻnglik tomonga erinibgina bosh burib, sinchikovlanib boqdi. Agar hozir mushukning oʻrnida odam bolasi boʻlganida, havo nechogʻli ochiq, tun qanchalar tiniqligidan qat’i nazar, sharpalarni gʻira-shira payqashdan nariga oʻtolmas edi. Jonivorlar esa tunda narsalarni odamlarga nisbatan bir necha bor aniq, ayrimlari deyarli kunduzdagiday koʻra olishadi. Tim qorongʻi kechada uyning u chetidagi kavakdan bosh chiqargan sichqonni bu chetida turib ilgʻay oluvchi mushuk doʻnglikdan Oqbars, Eshak va Eshakcha tushib kelayotganini yaqqol koʻrib ham, shalpayib yotaverdi.

Otasi Navroʻzoyni mindirishni orzulaganini eslagan Xoʻtik, yonida toychoqlanib borayotgan Oqbarsga koʻzi kuyib tikildi. Bir necha daqiqa ilgari birovlarga mingi boʻlishdan ijirgʻangan edi, endi buni unutib, itga yanada yaqinlashdi va elanchoqlik bilan dedi:

– Ke-e, Oqbars, kezargon Boychechakni men ham ozgina mindirib yuray. Boʻptimi-i?

Oqbars bu taklifga qarshi emasligini bildirib, yurishdan toʻxtadi. Xoʻtik uning yoniga choʻk tushdi. Boychechak bir irgʻishda yangi ulovning beliga qoʻndi.

Boychechakdan “oʻrnashib oldingmi”, deb soʻrab qoʻygach, Xoʻtik asta oʻrnidan turdi, koʻzlarida surur uchquni yalligʻlanib, oldinga qoʻzgʻaldi. Otasiga yetib olib, yonma-yon yoʻrgʻalarkan, gʻururlanganicha bir qiyalab qoʻydi. Ota oʻgʻlining bu ishini ma’qullagandek, salobat bilan bosh qimirlatdi.

– Choʻ! – deb, bargida Xoʻtikni qamchilagan boʻldi Boychechak. – Yaxshiroq oʻrmala, kichkintoy.

– Birinchidan, bizga choʻ deyilmaydi, xix deyiladi, – deb chaynaldi Xoʻtik. – Ikkinchidan, yiqilib ketmagin deb, atay sekin yuryapman.

Mallamoshni birinchi boʻlib Xoʻtik koʻrdi va: “Hay-hay-hay, anavi mushukning yalpoqlanib yotishini qaranglar”, deya shoʻxchan xanda qildi. Oqbars diqqat bilan boqib: “Iye, bu Mallamosh-ku”, degan edi, mushuk shoshmasdan oʻrnidan turib, tundlandi:

– Mallamosh endi esingga tushdimi? Bir ogʻiz shipshitib meniyam birga olib kelsang, burgang koʻpayib ketarmidi? Orqangdan qidirib uyoqqa chopaman, buyoqqa chopaman, jonimda jon qolmadi-ku.

– Shunga shunchami? – oʻzini oqlagan boʻldi Oqbars. – Biz shoshib yoʻlga chiqdik, sen uyda yoʻq eding.

– Ha, mayli, – deya labini burdi mushuk. – Birovlarni oʻrtoq deb yurib, bundan battar qiliqlariniyam koʻrganmiz.

Adi-badilarning choʻzilayotganidan gʻashi kelgan Boychechak, vaqillab turavermay tezroq oldinga yurishlari, tun bilan kunning qizil chegarasiga vaqtida yetib borishlari lozimligini sheriklariga yana bir bor qaytariqladi. Mallamosh Boychechakning gapiga qoʻshilish bilan birga, qizil chegaraga olib boradigan eng yaqin yoʻl chaproqda koʻrinib turgan qamishzordagi soʻqmoq ekanligini ham qistirib oʻtdi. Bundan quvonib ketgan Boychechak Xoʻtikka oʻsha yoqqa yurishni buyurayotganida, Eshak: Toʻxtanglar! – deb baqirdi.

– Mushuk yolgʻon gapiryapti, – dedi u. – Qamishzorning ichkarisi botqoq. Domiga tushsang, oyogʻingdan tortishni boshlab, qulogʻingda tugatadi.

– Oʻzing aldayapsan bizni, – Eshakka davara qildi Mallamosh. – Boya bir podachi qoʻylarni oʻsha tarafga haydab ketdi. Yetakchi Serkadan soʻrasam, egamiz bizni qizil chegaraga olib ketyapti, hademay bayram boshlanarmish dedi.

– Agar podachi oʻsha yoqqa yurgan boʻlsa, yoʻl borligi aniq, – odatiga koʻra shoshqaloqlandi Boychechak. – Ketdik!

Xoʻtik: Dadajonim toʻgʻri aytyapti, deb joyidan jilmadi. Soʻng, bundan oʻn kuncha oldin bilmasdan qamishzorga kirib qolgani, botqoqqa choʻka boshlaganida otasi yetib kelib, dumini uzatgani, shu dumni tishlab balchiqdan zoʻrgʻa chiqib olganini hikoya qilishga tutindi.

– Avvallari eshakka dumning nima keragi bor deb yurardim, – mittivoylarga xos jikillab iljaydi u. – Endi bilsam, botqoqqa botayotgan bolasini tortvolishda asqotar ekan. Hang-hing, hang-hing...

Boshqalarning ham oʻz-oʻzidan kulgisi qistadi.

Sotqinning pushaymoni

Oytugʻdi ona Oqbarsning izini koʻzdan qochirmaslik uchun boʻynidagi tumorini yoqib olib, ancha yoʻl yurdi. Izlarning bir tekisda ekanligi it hech qayerda toʻxtamay borayotganidan darak berardi.

Tomirlaridagi koʻrinmas ogʻizchalari bilan yerni koʻproq emishga urinayotgan butasimon yovvoyi tutlar changalzori, yuzasini oqish qasmoq qoplagan shoʻrxokliklar, u yer-bu yerida maysalar chumaklanib qolgan boʻztuproq oʻnqirliklardan oʻtib kelgan Oytugʻdi ona, endi qachonlardir qorovultepa vazifasini oʻtagan doʻnglik sari koʻtarila boshladi. Tepaga chiqqach, naryoqdagi yalanglikda nima haqidadir juvirlashib bahslashayotgan Oqbars, Mallamosh va ota-bola Eshaklarga koʻzi tushdi. Pastga yurib, ularga yaqinlashib borarkan, Mallamoshning bu yerda qanday paydo boʻlganidan ham, kezargon Boychechak bu gal Xoʻtikni minib olganidan ham birdek taajjublandi.

– E xayriyat, ana, Oytugʻdi onamiz yetib keldilar, – deya egasini shodlanib qarshi oldi Oqbars. – Yoʻlni oʻzlari yaxshi biladilar.

Mallamosh oʻngʻaysizlanib, tevarakka elovladi.

– Yoʻlga chiqqanimda, sen uyda qoluvding, – dedi Oytugʻdi ona, mushukka hadikli boqib. – Buyoqqa qanday kepqolding? Yon-verimdan oʻtsang, payqagan boʻlardim.

– Eng yaqin yoʻllarni bilishda mendan oʻtadigani topilmaydi, – deya oʻz niyatini amalga oshirishga zamin hozirladi Mallamosh. – Hozir ham bularga kesma soʻqmoqni koʻrsatsam, oyoqlarini tirab turishibdi.

– Botqoqda soʻqmoq nima qiladi? – deb qizishdi Eshak.

Oytugʻdi ona tortishuvga oʻrin yoʻqligi, buyogʻi uncha olis emasligini aytib, oʻzi yoʻl boshlab berdi.

Bari sokin kayfiyatda borar, barchaning qiyofasi xotirjam edi. Oytugʻdi onaning vaqtida yetib kelishi ularni muqarrar oʻlimdan asrab qolganini mushukdan boʻlak hech kim bilmasdi.

Mallamosh Oqbarsning yonida tosrayib odimlar ekan: “Qorin qalay, oshna?” – deb soʻradi. “Oʻrtachadan mundogʻroq”, degan javobni eshitib, ogʻzini bir chapillatib olib, vijirlashga tushdi:

– Eh, Oqbaris,Oqbaris... Hozir ikkovimizning oʻrtamizda bir kosa qaymoq turgan boʻlsamidi! Mening yalashim manavi – chilip-chilip, chilip-chilip. Yana chilip-chilip, tagʻin chilip-chilip. Uyogʻidan chilip-chilip, buyogʻidan chilip-chilip. Sening yalashing manavi – shap-shap-shap, shap-shap-shap. Shapira-shupur, shapira-shupur, shapira-shupur...

Oqbars ketma-ket soʻlak yutib: “E, boʻldi-e”, dedi-yu, qadamini tezlatib, mushukdan nari ketdi.

Yoʻl yurganlari sayin, Mallamoshning bezovtaligi oshaverdi. Oxiri, sheriklaridan orqaroqda qolib, oʻzini panaga urish uchun chetga burilayotganida, sezgir Oqbars oʻgrilib boqib: Ha, tinchlikmi? – deb soʻradi. Mallamosh yerga tappa oʻtirib, oldingi panjasini ogʻzida kux-kuxlarkan: “Bilmasdan koʻztikonni ezvolibman. Boraveringlar, yetib olaman”, dedi.

Oqbars yana oldinga yurgan chogʻda Xoʻtik unga yaqinlashib: “Oʻylab qarasam, boyaginda shu mushukni koʻrgan ekanman, buyoqqa qora bulutga osilib uchib keldi”, deya shunchaki gurunglashgan boʻldi. Oqbars esa: “Qanaqa bulut?” – deb, qulogʻini ding qildi.

– Ertakdagi ajdarhoga oʻxshagan bulut, – dedi Xoʻtik, vahimaliroq ohangga oʻtib. – Mallamosh deganlaring unga tirmashib olganidi. Hozir senga gapirayotganda koʻzi qanday yaltillagan boʻlsa, oʻshandayam shunday yaltillab turuvdi.

– Ajdarhoga oʻxshagan bulut Ayozzoda-ku, – hushyor tortdi Oqbars. – Gaping rostmi? Adashmayapsanmi?

– Koʻrganimni aytyapman-da, – deb koʻzini gildiratdi Xoʻtik.

Kezargon Boychechak Xoʻtikning ustida turib, Oqbarsning gumonlariga loqayd munosabat bildirdi:

– Yetarli dastaging boʻlmasa, birovni shoshib aybdor qilmagan yaxshi. Balki oʻsha mushukning niyati buzuqroqdir, balki bizni ataylab botqoqqa boshlamoqchi boʻlgandir. Hamma ish oʻtdi-ketdi, endi bizga hech kim toʻgʻanoq boʻlolmaydi. Buvim aytyapti-ku, buyogʻi yaqin qoldi deb... Aytganday, qani oʻzi oʻsha Mallamosh?

Mallamosh bu paytda Ayozzodaning biri biridan qoʻrqinchli jazolarni pesh qilib tutaqayotganidan vasvasaga tushgan kuyi qaltirab turardi.

– Sendaqalarni oltiga boʻlib, oltita daryoga oqizvorish kerak, – deb doʻqni kuchaytirdi Ayozzoda. – Anqov! Lalov! Xomsemiz! Shu osongina ishni eplolmay oʻtiribsan-a. Oʻn la’nat, yuz la’nat, ming la’nat senga! Tezda chuqur kavla! Kavla dedim!

– Chuqurni nima qilasiz? – yelka qisib soʻradi Mallamosh.

Ayozzoda koʻzini baqraytirdi:

– Seni muzlatib shu chuqurga koʻmaman-u, keyin ishim yurishadi.

Mallamoshning kapalagi uchib, oʻz-oʻzidan orqaga tisarildi. Jahondagi yalinchoq soʻzlarning eng oliy navlarini ishlatib, Ayozzodaning koʻnglini eritishga urindi. Ayozzoda anchagacha bezrayib turdi, nihoyat sal yumshadi.

– Oxirgi gaping menga boshqacha ta’sir qildi, – dedi u. – Shunday chiroyli zot meni oʻldirib xunuk ish qilmang, deb chinqirishing ichimni toʻkvordi. Boʻpti, oʻzingni oqlashingga imkon berib koʻray. Bunisiniyam chalkashtirsang, aytmasimdan turib, oʻzingga chuqur qaziyver.

– Bu safar Boychechakni yoʻqotmasdan qoʻymayman, – qasam ichayotgandek turib shangʻilladi mushuk. – Oʻlsam oʻlamanki, uddalayman!

Ayozzoda birdan yuvvosh tortdi:

-Agar uddalasang, mukofotni shartta besh baravarga oshirib...

– Kerakmas mukofot! – deb baqirdi jonidan toʻyib ketgan Mallamosh. – Tinch qoʻysangiz, shu oʻzi mukofot menga!

Bu yerdan unchalar uzoq boʻlmagan jarlikda chiyaboʻrilar galasi yashardi. Shallaqi laqabli chiyaboʻri bu galaga boshliq edi. Bu ochofatlarning har biriga bittadan qoʻtosni qiymalab bersang ham, toʻydim degan gapni eshitish amrimahol edi.

Ayozzoda Mallamoshga oʻsha jarga borishni, galaboshini topib, shu atrofda bir necha tirik masalliq kimga yem boʻlishni bilmay, sandiroqlab yurganidan xabardor qilib qoʻyishni topshirdi.

– Gapirishga ulgurolmay qolsam-chi? – koʻzlari ola-kula boʻlib savol berdi Mallamosh. – Chiyaboʻrilar meni koʻriboq, turgan joyimda taqsimlab olishsa-chi?

– Uyogʻiga men aralasholmayman, – qoʻrslanib javob qildi Ayozzoda. – Peshanangdagi yoziqda nima boʻlsa, shuni koʻrasan.

Mallamosh yurishga oyogʻi tortmay, jar sari imillab borarkan, oʻzini oʻzi koyishga tushdi.

Olamda oʻgitlar koʻp. Shularning ichida miyaga qoziqdek qoqib qoʻyishga arziydigan bitta eng zoʻri bor: “Boshim omon boʻlsin desang, boʻlar-boʻlmasga uydan chiqma!” Buni qazidek-qazidek harflarda yozib, borliq uy, molxona, qoʻra, katak, in va uyalarga ilib tashlash kerak.

Oqbars uvillasa uvillab oʻlmasmidi oʻshanda. Issiq joydan chiqib borib, uni tergash shartmidi? Bormaganida, Ayozzodaga yoʻliqmagan boʻlardi. Ayozzodaga yoʻliqmasa, boshiga shuncha galaguldur tushmagan boʻlardi. Boshiga bu galaguldurlar tushmagan boʻlsa, hozir ichiga non toʻgʻralgan qaymoqni moʻnda-moʻnda qilib yamlayotgan boʻlardi. Keyin, xamirdek yoyilib uxlardi.

Iye, nega uxlamas ekan? Oytugʻdi onaning ilma-teshik sandigʻiga kim ham tegardi?

Oytugʻdi ona hanuz bir maromda odimlar, Eshakning: Meni minib olaqoling, degan taklifini muloyimlik bilan rad etib, hali bardamligini namoyishlayotgandek, qaddini gʻoz tutib borardi.

Ular sayhonlikdan oʻtib, keng yaylovga chiqishgan chogʻda, qarshilarida burama shoxli ikkita polvon-polvon Qoʻchqor paydo boʻldi. Ikkovi bir-biriga quyib qoʻygandek oʻxshab turar, bittasining boʻychanligi-yu, ikkinchisining pakanaroq ekanligidangina farqlab olish mumkin edi. Pakana Qoʻchqorning ustiga qizgʻish patli dimogʻdor bir Xoʻroz qoʻnib olgandi.

Novcha Qoʻchqor oʻtib borayotganlarga qiziquvchanlik bilan boqib, qayoqqa ketishayotganini soʻradi. Itning qisqa javobini eshitib, biz ham Navroʻzoyni bir koʻrib qoʻyishga chiqqan edik, deya sherigi bilan toʻpdagilarga qoʻshildi. Yoʻl-yoʻlakay hammalari oʻzaro tanishib olishdi. Bular egizak Qoʻchqorlar ekan. Xoʻroz esa joʻjalikdan beri ulardan ajralmas ekan.

Ha, joʻjalikdayoq onadan ayrilib qolish – ogʻir qismat. Buni yengib oʻtish uchun yo Xoʻroz, yo xoʻrozfe’l boʻlish kerak. Aks holda, yanchilib ketasan. Orqasi yoʻqlarni yanchish, xoʻrlash hisobiga kun koʻradiganlar son-sanoqsiz. Shumshayganlarni ezishga navbat poylab turishadi.

– Yaqin qoldik degandingiz-ku, buvi, – oldinga betoqat tikilib, yana injiqlandi Boychechak. – Qizil chegaraga qachon yetamiz? Uyoqdagilar kechikmasmikin, ishqilib? Ularni koʻrmay qolsak-chi?

Oytugʻdi onaning oʻrniga Xoʻroz javob qildi:

– Tashvishlanma, kezargon Boychechak. Kuntugʻdi otaning sharpasini birinchi boʻlib men sezaman. Qayoqdan kelayotganini hali koʻrmasimdanoq bilaman. Bilganim zahoti, qichqirib jar solaman.

– Unda, juda kerakli Xoʻroz ekansan, – deb yengil tortdi Boychechak. – Iltimos, yaqinrogʻimda yurgin.

Xoʻrozni ortmoqlab kelayotgan pakana Qoʻchqor bu gapni eshitib, Xoʻtikka biqin tirkadi-da, uni minib borayotgan kezargon Boychechakka qarab samimiy jilmaydi. Xoʻroz oldinga tiyrak nazar tashlaganicha, qoʻmondonlardek gerdayib turardi.

Jar hukmdori

Boshqa hayvonlar qishni yoqtirishmaydi xolos, chiyaboʻrilar esa oʻlgudek yomon koʻrishadi. Qish – ochlikning eng avjga mingan davri, chiyaboʻrilar – maxluqlarning eng yebtoʻymasi. Qishni oʻylasang, ovchi istarali koʻrinadi, degan maqol bor ularda.

Jarni oʻziga boshkent qilib olgan chiyaboʻrilar galasi ochlikdan tamoman qirilish arafasida turgandi. Ba’zilari oʻlib boʻlgandi ham. Ularni yaqin qarindoshlari, qadrdon oʻrtoqlari talashib yeyishdi. Bundaylardan biri: Yarim oy tuz totmasang, hatto oʻz otang koʻzingga ovqat boʻlib koʻrina boshlar ekan, deganida, yonidagilarning hech qaysisi taajjublanmadi.

Ana endi, shu kayfiyatdagi galaning ichiga etlari tirsillagan toʻlpoq mushukning soʻlqillab kirib kelishini tasavvur qiling. Salom berishga ulgurarmikin boyoqish?

Buni yaxshi anglagan Mallamosh oʻngardan jarga tushayotgan mahaldan boshlaboq: Shallaqiga gapim bor! Shallaqiga gapim bor! – degan jumlani tinimsiz qaytariqlashga tutindi. Qovjiroq butalar orasidagi qimtiq yoʻlakdan borarkan, har qadamda yon-veriga yuragi poʻklaganicha jalanglab qoʻyardi.

Yaxshiyamki, mushukning tovushi oʻtkir edi, butalar orasidagi pichan toʻshamada yonboshlab yotgan galaboshi uning nagʻmasini birinchilar qatorida eshitdi. Eshitdi-yu, qornini silab turib: “Katta ashula aytib kelayotgan hofizga hech kim tegmasin!” – deb buyurdi.

Qimirlab-qimirlab qoʻyayotgan butalar orasida allaqanday sharpalar gʻimirlab yurganini his etgan Mallamosh: Shallaqida gapim bor-ov! – deb yanada balandroq shovqin solishga tushdi. Oxiri, sertikan yoʻlak tugab, pichanga yonboshlagan asno unga koʻzini pildiratib turgan soʻyloq Chiyaboʻriga roʻpara keldi.

– Shallaqiga gapim bor, – bu safar past tovushda mingʻilladi Mallamosh.

Galaboshi qaddini rostlab, oldingi oyoqlariga tayanib oʻtirdi. Maynabozlikka moyil ovozda shoshib-shoshib soʻzlay boshladi:

– Shallaqi deganlari menman. Qani-qani-qani, beriroq kel-chi. Qoʻrqma, toʻlpogʻim, kelaqol, kelaqol. Qani-qani-qani, yanayam yaqinroq kel. Yanayam, yanayam, yanayam, qani-qani-qani...

Mallamosh qalt-qalt titrab yaqinlashgach, Shallaqi bir chang solishda uning tomogʻidan boʻgʻizlab, oyogʻini yerdan uzdi. Mushuk pala-partish pitirlab, vagʻillay ketdi.

Shallaqi ogʻzidan soʻlak sachratib chiyilladi:

– Potir-puturni yigʻishtir! Vagʻillashni toʻxtatmasang, dumingni yulib tomogʻingga tiqib qoʻyaman!

– Tomogʻimga tegmang, – deb xirqiradi Mallamosh, – sizga gapim bor.

– Gaplashamiz, – dedi Shallaqi. – Faqat, oʻsha gaplaringni qornimda yoti-i-b, bemalol aytarsan. Hozir ochman, eshitish qobiliyatim sust.

Shallaqining oʻng yonida oʻtirgan Chiyaboʻri tamshanib turib: “Harqalay, birinchi oʻrinbosaringizman. Oyoqlarini menga berasiz-a, xoʻjayin”, desa, chap yonidagisi: “Ikkinchi oʻrinbosarga, hech boʻlmasa, ikkita qulogʻi tegib qolar”, deb lab yaladi.

– Tekin ovqat bor! – yirtqichlarni irdashga kirishdi Mallamosh. – Aytmasimdan oʻldirib qoʻymanglar!

Shallaqi changalidagi mushukni tap etkazib yerga tashladi:

– Qanaqa tekin ovqat? Qani-qani-qani, tezroq gapir-chi.

– Bir toʻp sangʻilar yaylov tomonga ketishyapti, – dedi Mallamosh. – Bari semiz-semiz.

– Semiziniyam yeymiz, origʻiniyam. Qani-qani-qani, yana nima demoqchisan?

– Ularning ichida Boychechak degan sehrli gul bor, – ustamonlik bilan gap toʻqidi Mallamosh. – Kim uni yesa, ustiga togʻ agʻdarilsayam oʻlmaydigan boʻladi.

Shallaqi: “Vo! Gapni shundan boshlamaysanmi!” – deb qoʻygach, oʻrnidan turib, tirnogʻida yerni tataladi:

– Qana-qani-qani, bizni zipillab oʻsha yoqqa boshla-chi. Qornimiz tuzukroq toʻysa, seni yemasdan turamiz. Qani-qani-qani...

Ular oldinga qoʻzgʻalishi bilanoq, har bir buta ortidan ikki-uchtadan Chiyaboʻri chiqib kelib, toʻdaga tirkashaverdi. Galadagilar juda koʻpchilik ekanligini koʻrib, Mallamoshning yuragi orqaga tortdi.

– Bular toʻyishi qiyin. Baribir meniyam tirik qoldirishmaydi. Aslida, Ayozzoda tiqilinchni boshlagandayoq, toʻgʻri Kuntugʻdi otaning Koʻksaroyiga qarab qochishim kerak ekan. Xotinlardan muruvvat koʻrasan xolos, erkakning yonida boʻlish bexavotir.

Ammo, shu topda Kuntugʻdi otaning oʻzi ham qattiq xavotirda edi. Oʻjar Koʻrkalamush hassasini tikirlatib, ularni nuqul oʻydim-chuqur yerlardan yetaklab borar, oʻngroqda tekis soʻqmoq turibdi, degan gapga quloq solgisi kelmasdi. Kuntugʻdi otaga-ku bunaqa joylarda yurish unchalar mushkul emasdi, biroq karaxtlikda odimlayotgan Navroʻzoyning tez-tez qoqinib turishidan bir tashvishlansa, dovdir yoʻlboshchining oʻzi bironta oʻpqonga yiqilib lat yeyishidan ikki tashvishlanayotgan edi.

Kuntugʻdi otaning nihoyat sabr kosasi toʻldi. Bu qoʻlida Navroʻzoyni tutib, u qoʻlida Koʻrkalamushni yetaklab, tekislikka chiqib bordi-da, “Mana endi , qiynalmasdan karvonboshilik qilavering, taqsir”, deb miyigʻida jilmaydi.

Koʻrkalamush tekis soʻqmoqdan ravon oʻrmalayotib, odatdagi bidir-bidirini boshladi:

– Oytugʻdi ona opangizmi, yo singil boʻladimi, otaxon?

– Opam boʻladilar, – dedi Kuntugʻdi ota.

Shundan keyin, Koʻrkalamush toʻxtovsiz javranishga tushdi:

– Oytugʻdi onani qarshilashga borayotganingizni eshitiboq, toza xursand boʻpketganidim. Opani izzat qilgan sirayam kam boʻlmaydi. Aka bilan uka – erkak, opa bilan singil – ayol. Erkak ziyofatga oʻch, ayol mehribonlikka tashna. Yaxshiyam, sizga oʻxshaganlar bor. Bu odatingizni koʻrib, yalay-malaydan boshqani bilmay borayotgan yoshlar zora oʻrnak olishsa. Iye, vey, toʻxta-chi, Kuntugʻdi ota shu yoshidayam erinmay opasidan xabar opturadi-yu, biz oʻshanchalik boʻlolmaymizmi, undan nimamiz kam, deb oʻylashsa, ajabmas-da. Ukalari oqibatli chiqqanidan koʻngli koʻpgan opalar bilishmaydiki, bu ishning orqasida Kuntugʻdi ota turibdi. Bilishsa, kunu tun duo qilishmasmidi? Biroq, menimcha, asosiy gap bunda emas. Muhimi, yaxshi axloqni boshqalarga koʻrsatib qoʻyib, shunaqalar koʻpayib boryotganidan bir chetda quvoni-i-b oʻtirishda. Labbay deb qoʻydik, Kuntugʻdi ota?

– Toʻppa-toʻgʻri gapiryapsiz, taqsir, – deb ma’qulladi Kuntugʻdi ota. – Yaxshi xislatning qadriga yaxshilar yetadi.

– Ux-ux-ux, zap topib aytdingiz-da! – hayajonlanib ketdi Koʻrkalamush. – Soʻzingiz nihoyatda oʻrniga tushdi. Vaholanki, mashoyixlar...

Hassaning uchi qayoqdandir shamolda uchib kelib shu joyga qoʻngan, soʻqmoqda eshilib-buralganicha poʻmpayib turgan yirtiq poʻstakka urilib, Koʻrkalamushning gapi boʻlindi.

– Chip! – deya poʻpisa qildi u. – Chip dedim senga! Chip-e!

Kuntugʻdi ota oʻzicha bosh tebratib qoʻydi:

– Taqsir, oldingizda turgan narsa – eski poʻstak.

– Shunaqa-da, ba’zan qarichilik qipqoʻyamiz-da, – deb qiqirladi Koʻrkalamush. – Poʻstakni itdan ajratolmaydigan yoshga yetganimizga shukur. Tengdoshlarimdan qancha-qanchasi ayni qirchillagan chogʻida oʻtib ketdi. Ularni oʻylasam, jigarim teshilgudek boʻlib, hayhot devorganimni bilmay qolaman.

Koʻrkalamush, javrana-javrana poʻstakni aylanib oʻtib, yoʻlboshchilik qilishda davom etdi. Kuntugʻdi ota: “Shu qaqildoq taqsirning yoʻliqqaniyam bir hisobda yomon boʻlmadi, hali uyoqdan, hali buyoqdan gapirib, meni zeriktirmay kelyapti-ku”, deb xayolidan oʻtkazdi.

Uchrashuv

Yuraverishdi, yuraverishdi, yaylov pastqamgina bir oʻrkachga borib taqaldi.

– Qizil chegara ana shu oʻrkachning ustidan oʻtadi, – dedi Oytugʻdi ona. – Yana ozgina yursak, pakkaga yetamiz. Uyoqdan Kuntugʻdi ota bilan Navroʻzoy chiqib kelishadi. Hozir yaqinlab qolishgandir.

Oytugʻdi onaning ortidan hammalari tepaga oʻrlay boshlashdi. Buni yantoqning yaydoq novdalari orasidan kuzatib turgan Ayozzoda: “Qayoqlarda yuribsan, maxov mushuk?!” – deb yer mushtladi. Nima boʻlsa boʻlar, endi jang qilmay ilojim yoʻq, deya oʻrnidan qoʻzgʻalayotganida, chiyilloq tovushlar eshitilib, shoshib yonga oʻgirildi. Chiyaboʻrilar galasi Mallamosh bilan birga shu tomonga yopirilib kelayotgandi. Shodlikdan Ayozzodaning nafasi boʻgʻziga tiqilayozdi:

– Obbo battol-ey, oxiri uddalabdi-da? Ish degani mana mundoq boʻpti! Yashshavor, mushuk! Oʻn ofarin, yuz ofarin, ming ofarin!

Chiyaboʻrilar uchqurlab kelib, Oytugʻdi ona boshlab borayotgan toʻdani iskanjaga olganida, ular tun bilan kunning qizil chegarasiga yetay deb qolishgan edi.

Shallaqi oldinroqqa chiqib, turganlarga muttahamlarcha shangʻilladi:

– Bizga tegishli yaylovda nega loʻlanglab yurishibsan, bosqinchilar? Birovlarning yeriga koʻz olaytirish jonni qimorga tikish degani. Jon ortiqchalik qildimi?

– Qorni toʻq kelgindilarga oʻlim! – deb qiyqirdi Shallaqining birinchi oʻrinbosari.

Shallaqi darhol aniq maqsadga koʻchdi:

– Qisqasi, siz dushmanlarni bitta qoʻymay yeyishga majburmiz! Qani-qani-qani, ogʻzimizga yaqinroq kelinglar-chi...

Chetroqdagi Chiyaboʻrining panasidan pismayib boqayotgan mushukka bexos koʻzi tushgan Oytugʻdi ona, Shallaqining doʻqini e’tiborsiz qoldirib: “ Hoy, Mallamoshmisan? Bu oʻlat tekkurlarning orasida nima qilib yuribsan?” – deya hang-mang boʻlib soʻradi. Mallamosh tisarilib, oʻzini yanada panaga olmoqchi edi, Shallaqining ikkinchi oʻrinbosari uni bir tepib oldinga chiqardi:

– Oʻlishlaridan oldin senga savol berishyapti. Javobingni eshitib qolishsin.

Mallamosh indamasdan pildirpislanib turaverdi.

– Bu chakkibosar baroq Ayozzodaga sotilib ketganini allaqachon fahmlagan edik, – dedi Oqbars. – Sizga aytishdan tortinuvdik, Oytugʻdi ona.

– Oʻladigan boʻlsam, eng oldin shu sotqinni tepalab oʻlaman, – deb hangrab yubordi Eshak. – Bunaqa josuslar millionta Chiyaboʻridan xavfliroq.

Mallamosh toʻsatdan jonlanib, Eshakka chaqchaydi:

– Koʻp kuchayma! Bir yumdalashda koʻzingni oqizvormayin tagʻin!

– Shunaqayam jirkanch boʻlasanmi? – mushukni gʻajib qoʻygudek boʻlib, tishlarini qirtillatdi Oqbars. – Bizni chetga surib tur, Oytugʻdi onaning yuziga oyoq qoʻyishga uyalmadingmi? Qaymoqlar berib boqardi-ya!

– Kampirdan qarzim yoʻq, – deya tugalay surlandi Mallamosh. – Sandigʻini qancha-qancha sichqondan qoʻriqladim, yertoʻlasidan qancha-qancha kalamushni haydadim. Mehnatlarimga yarasha ovqat yeganimni eslolmayman.

– Nonkoʻr! Beyuz! Xoin! – deb vovullay ketdi Oqbars. – Baribir mendan qutulib boʻpsan! Bitta men emas, butun bir avlodim butun bir avlodingni quvib oʻtadi!

Ishtahasi karnay boʻlib, nafsi lakalumlanib turgan Shallaqining chidami tugab: “Bas!” – deb oʻshqirdi itga. Soʻng, galaga yuzlandi:

– Qashqirlarim! Novcha Qoʻchqor bilan Boychechak meniki! Qolganini bemalol “sen je, men je” qilinglar!

Yeru koʻk chiyilloq tovushlardan larzaga keldi. Chiyaboʻrilar bir-birini toptagudek boʻlib, oʻljalarga tashlanishdi.

Uyoqdagilar ham boʻsh kelishmadi. Ota-bola Eshaklar uchragan dushmanni tepib uchirishga, egizak Qoʻchqorlar burama shoxlarini xanjardek sanchishga, pahlavon Oqbars tishiga ilinganni chirpiratib uloqtirishga tushdi. Xoʻroz goh irgʻishlab turib, “aykido” usulida tepar, goh yogʻi tugagan uchoqdek balanddan shoʻngʻib kelib, chiyaboʻrilarning koʻziga chang solar, miyasini choʻqib, tentiraklatib qoʻyardi.

Bu shovqin-suron oʻrkachning narigi tarafidagilarga ham eshitilib, Kuntugʻdi ota hushyor tortdi. Koʻrkalamush qulogʻini picha ding qilib turgach: “Men aralashmasam boʻlmaydigan yirik gʻalva chiqqanga oʻxshaydi”, deb, hassasini tez-tez tikillatganicha, tepalik sari jadal yoʻrgʻaladi.

Kuntugʻdi ota shoshilolmasdi. Imillab odimlayotgan Navroʻzoyni oʻrkachga oʻzi bilan birga olib chiqishi kerak edi.

Buyoqda chiyaboʻrilar tutdek toʻkilib borayotgani, uyoqda Kuntugʻdi otaning lovullab koʻrinishiga oz muddat qolayotgani Ayozzodani talvasaga soldi. Jangda Shallaqining oʻzi ham Eshakning tepkisidan sulayib qolgach, chiyaboʻrilarning ruhi tushib, ayrimlari qocha boshlaganini koʻrgandan keyin, chidab turolmay, askarlarini oldinga yetakladi. Jang maydonining ustini qoramtir tutunchalar qoplab, pastdagilarga sovuq havo purkay ketishdi.

Izgʻirin soniya sayin zoʻrayib bordi. Ikkala tomondagilar ham qunishib-qunishib harakatlanayotgan edi. Zum oʻtmay, jangohdagilarning barchasi qirov bosgan haykallarga aylanib qoladigandek tuyuldi. Oytugʻdi ona boʻynidagi tumorni yoqib, koʻzlarini qamashtirgandan keyingina, tutunchalarning shashti keskin susaydi.

Boychechak Xoʻtikning yoliga nechogʻli mahkam tirmashib olgan boʻlmasin, toʻxtovsiz shataloq otishlarning birida qaltisroq siltanib ketib, yerga uchib tushdi. Hamma ur-yiqit bilan ovoraligi bois, kezargon Boychechak himoyasiz qoldi.

Jangga kirganidan beri asosan Xoʻtik bilan olishayotgan Ayozzoda nochor ahvoldagi Boychechakning ustiga kelib, dumini kulchalab yigʻdi-da, tinimsiz “puf-puf”lashga tutindi. Endiyam muzlamay koʻr-chi, deb gʻalaba gashtini surayotganida, hilviroq yaproqchalariga burkanib olgan Boychechakning yonida qandaydir Koʻrkalamush paydo boʻldi. Keliboq, Boychechakni yerdan koʻtarib, bagʻriga bosdi, uni sovuqdan panalab, gʻujanaklanib oldi.

Koʻrkalamushga ancha-muncha sovuq pisand emasligini yaxshi bilgan Ayozzoda, nima qilishini bilmay, yon-veriga alangladi. Tala-toʻpalangda oʻralashib yurgan mushukni koʻrib, jigʻ-biyroni chiqib chaqirdi:

– Mallamosh! Mallamosh deyman! Buyoqqa kel! Gʻaji anavi Koʻrkalamushni! Keyin, Boychechakni majaqla! Tuproqqa qorishtirvor! Buni men – oʻzingni oʻldirishim mumkin boʻlgan Ayozzoda aytyapman!

Mallamosh Ayozzoda koʻrsatgan tomonga otildi. Goh Eshakning tuyogʻiga, goh Qoʻchqorning shoxiga chap berib oʻtib, Koʻrkalamushga yaqinlashdi. Ustiga tashlanishga shaylangan mahali, hech kutilmaganda, Koʻrkalamush chap qoʻlidagi hassani qilichdek selpib, mushukning qoq kallasiga qarsillatib tushirdi.

“Qars!” etishi bilan, Mallamoshning koʻzidan charsillab oʻt chaqnab, gandiraklab qoldi. Oʻzini oʻnglashga tirishayotganida, selpilgan hassa ikkinchi marta peshanasiga kelib urildi-yu, shilqillab yiqildi, qaytib qimirlamadi.

Soʻqishuvda Shallaqining ikkala oʻrinbosari ham halok boʻlganidan keyin, chiyaboʻrilar tugalay tahlikaga tushib, tirqirab qocha boshlashdi. Qochoqlardan biri yerda tuproqqa belanib yotgan mushukni chaqqonlik bilan tumshugʻiga qistirib, koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Jang maydoni boʻshab, shovqinlar tindi. Ayozzoda yengilganini nihoyat tan oldi, tutunsimon askarlarini ergashtirib, u ham qorasini oʻchirdi.

Birovining u yer-bu yeri shilingan, birovi oqsab-toʻqsab qolgan boʻlsa-da, barcha sheriklari sogʻ-salomatligini koʻrib, Oytugʻdi onaning koʻngli yorishdi. Jang qilganlar qatorida kezargon Boychechakni koʻksiga bosib olgan Koʻrkalamush ham turganligi uni hayratga solib: “Siz qayoqdan kepqoldingiz, muhtaram Koʻrkalamush?” – deb soʻradi.

– Meni bu olatasirga taqdirning oʻzi yuborgan boʻlsa, mutlaqo ajablanmayman, – dedi Koʻrkalamush, kiborlarcha dimogʻlanib.

Boychechak: “Meni shu zot asrab qoldi”, deya, boʻlgan ishlarni ipidan ignasigacha soʻzlab berdi. Koʻzi ojiz bir jonivor shunday qila olishi mumkinligiga Oqbarsning ishongisi kelmay: “Sira aqlim yetmayapti, qori ogʻa, Boychechakni qanaqasiga topib bordingiz-u, qanday qilib mushukning hujumini qaytardingiz?” – deb savol berdi.

Koʻrkalamush viqor bilan qosh kerdi:

– Yaratguvchi bizni koʻzdan qisgan boʻlsayam, boshqalarnikidan koʻproq sezgi bergan. Hid bilan sharpani sezishda oliyzot Koʻrkalamushlarga teng keladigani kam. Boychechakni isidan sezib topdim, mushukning sharpasini moʻljalga olib, boshini yanchdim.

Koʻrkalamush soʻzini tugatib-tugatmasidan, Xoʻroz zoʻr berib qichqirishga tushdi:

– Quq ququ qu-u-u! Qip-qizil quyosh-u-u!

– Xoʻroz qichqirdi! Xoʻroz qichqirdi! – deb irgʻishladi Boychechak. – Xoʻroz Kuntugʻdi otaning sharpasini birinchi boʻlib sezaman degan edi.

Oytugʻdi ona: “Qani, yuringlar endi”, deb yoʻl boshladi. Buyoqdagilar oʻrkachning tepasiga tayinli muddatdan biron soniya kechikmay yetib borishgan zahoti, uyoqdan Kuntugʻdi ota bilan Navroʻzoy ham chiqib kelib, tun bilan kunning qizil chegarasi uzra uchrashishdi. Oytugʻdi ona kezargon Boychechakni Oqbarsning ustidan olib, Navroʻzoyning oldiga qoʻydi.

– Uygʻon, Navroʻzoy, – dedi Boychechak. – Men keldim. Boychechakman!

Dimogʻiga yoqimli hid urilgan ondayoq, Navroʻzoy shirin uyqudan bosh koʻtargandek boʻlib, koʻzini beozorgina ochdi, uzun kipriklarini tezgir pirpiratib qoʻyib, Boychechakka tikildi. Nigohida sevinch shu’lasi charx urayotganini, tong otib qolgani bois, atrofdagilarning bari aniq-tiniq koʻrib turishardi.

– Bu senmisan, Boychechak? – entikib pichirladi Navroʻzoy. – Seni shunaqayam koʻrgim kelgan ediki!

Uning tovushi rayhon yaproqlarining yel esayotgandagi shivirlogʻini eslatardi. Ajabboki, borliqning birdan jonlanishi uchun shu shivirloqning oʻzi kifoya edi.

Kuntugʻdi ota sogʻinch toʻla koʻzlarini porpiratib, Oytugʻdi onaga yaqin keldi, manglayidan choʻlpillatib oʻpdi.

“Choʻlp” etgan bu tovushni eshitib, Koʻrkalamush tuyqus sergaklandi.

– Bilaman, tushunib turibman, – deya tamtamlanib gap boshladi u. – Boychechak bilan Navroʻzoy bir-birini juda sogʻingan. Ammo... lekin... biroq.... koʻpchilikning ichida oʻpishish bizdagi tutumgayam, udumgayam toʻgʻri kelmaydi. Yosh-yalanglar koʻrib qolsa, shunaqa qilsa boʻlaverarkan-da deb...

Koʻrkalamush soʻzini tugatolmadi. Tevarakda turganlar, goʻyo ilgaritdan maslahatlashib olgandek, tengdan kulib yuborishdi.

Ulkan shodiyona yaxshilik va yaratuvchanlik yoʻlida qoʻrquvsiz kurashganlarning koʻnglidan barcha azob-uqubatlar choʻkindisini yuvib oʻtuvchi toshqin kulgi bilan boshlandi. Bayram avjiga mindi-yu, har bir qoqvosh bola qachonlardir uchrashmoqni ich-ichi qaynoqlanib orzulaydigan kezargon Boychechak toʻgʻrisidagi qissa, eski rivoyatda qanday bashorat qilingan boʻlsa, xuddi oʻshanday tarzda oxiriga yetdi.

Toshkent, 2009