OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiMadaniy zoʻravonlik (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Madaniy zoʻravonlik (hajviya)
Anvar Obidjon

Hushyorxonaga tushmasligim ham mumkin edi, til qurgʻur pand berdi. Yoʻl chetida gaplashib turgan ikkita milisani koʻrib, men uchun goʻyo vaqtning ahamiyati bordek, soat necha boʻlganini soʻradim. Oʻn ikki, deb beparvo javob qildi bittasi. «Tungi oʻn ikkimi, kunduzgimi?» – deganimdan keyin ular menga alohida e’tibor bilan tikilishdi. Bir payt qarabsizki, ikki tirkovuch bilan oyogʻim yerga tegmay ketib boryapman. Endi bu yogʻi – «Fargʻona tong otguncha …»

Baxtimga hushyorxonadagi suv quvurlari ta’mirlanayotgan ekan, meni choʻmiltirib oʻtirmasdan, toʻgʻri yotoqqa olib kirishdi. Navbatchi: «Anovi oltinchi karavotga agʻdaril», deb chetdagi boʻsh joyni koʻrsatdi.

– Moʻmay ishtaraf olishni bilasanlar, – deb navbatchiga zarda qildim men. – Alohida xona beringlar.

Navbatchi indamasdan tashqariga chiqib, eshikni sharaqlatib yopdi. Toʻrtinchi oʻrindiqdagi meshqorining xurragidan quloq batang boʻlganicha gandiraklab borib, oʻzimni karavotga tashladim. Shu vaqt biqinimdagi beshinchi karavotdan momaqaldiroqdek ovoz yangradi: «Hov, umringda koʻrpa koʻrganmisan? Oyogʻni yostiqqa uzatding-ku, palid».

Chap koʻzimni qiya ochib qarasam, rayonimizning eng obroʻli piyonistasi Yunus-gradus roʻparamda yonboshlab yotibdi, kayfim yozilib ketdi. Gavdamni arang koʻtarib, iljayganimcha unga qoʻl choʻzdim. U kaftimni qattiq tutamlab, kutilmaganda meni oʻziga tortdi.

– Kechadan beri boshogʻriqqa davo topolmay yotibman, – dedi u yoqamdan gʻijimlab. – Qani ogʻizni och, hidlab bir xumorbosdi qilaylik.

Yunus-gradus bulgʻor qalampirga oʻxshash burnini ogʻzimga tiqqudek boʻlib, usma-ust chuqur nafas oldi. Har nafas olganda chehrasi bir shamdan yorishib bordi. Nihoyat yoqamni qoʻyib yuborib, huzur qilganicha picha sarxushnamo tebranib turdi: «Oh, oh, oh! Svejiy ekansan!» – dedi. Oxirgi yuz elliktani otganimga yarim soat boʻlgani yoʻq, deya faxrlanib javob qildim men. Yana nimadir demoqchi edim, toʻrtinchi karavotdagi xurrakboz uyqusirab, ersak-tersak aljirashga tushdi:

– Aldama! Bilaman, oʻynashing bor! Yo bir soʻm ber, yo uch taloqsan !

Yunus-gradusning qoʻllari asabiy titrab, tishlari gʻijirladi. Ogʻir gavdasini besoʻnaqay yumalatib, narigi yoqqa oʻgirildi-da, xurrakbozning kuragini moʻljallab musht tushirdi. Mana senga «uch taloq»! Xurrakboz qashqirnamo choʻziq gʻingshib qoʻydi-yu, uygʻonmadi. Men fursatdan foydalanib, sekingina koʻrpa orasiga kirdim, «balodan hazar», deya boshimni burkab oldim. Yunus-gradus bir zum oʻzicha gʻudranib yotdi, keyin qiroat bilan she’r oʻqishga tutindi:

    Jannatda ham huru ham may boʻlarmish,
    Hammasi moʻl-koʻlu moʻmay boʻlarmish.
    Biz mayu ma’shuqni sevsak arziydi,
    Chunki oqibat ham shunday boʻlarmish…

Soʻng u karavotimni qattiq tepib, dagʻdagʻa bilan soʻradi:

– Hov, palid! Buni kim yozganini bilasanmi?

Indamay yotganimdan jahllanib, karavotimni bu gal agʻdargudek qilib tepdi:

– Bilmaysanmi? Shunday mashhur shoirni-ya?!

«Mashhur shoir» deganini eshitib, tezda oʻzimni oʻnglab oldim.

– Nega bilmas ekanman, – deya koʻrpamdan dadil bosh chiqardim men. – Erkin Vohidov yozgan.

Shunday deya, «…koʻksi osmo-o-n oʻzbegi-i-i-m», deb xonish qila boshlagan edim, u uzalib turib gardanimga mushtladi.

– Mana senga oʻzbeging!

Keyin: «Umar Hayyomdek zotni bilmasang, ichib nima qilasan, palid», deb boʻralay ketdi.

Bekordan-bekor kaltak yeyish menga juda alam qildi. Hech boʻlmaganda ellik grammni talashib yoqalashsang boshqa gap. Oʻrgilim sendaqa olimdan! Hayyomovlar bilan nima ishim bor? Mendan rayondagi bufetlarni soʻra…

– Sen-chi? – endi toʻrtinchi karavotdagi xurrakbozni turtib uygʻotdi Yunus-gradus. – Umar Hayyomni bilasanmi?

Xurrakboz «hm-m, gʻm-m», deya picha alahsirab turgach, qat’iy bosh tebratdi:

– Yoʻq! Bu yerga koʻp tushganman, ammo-lekin Umar degan bilan yotmaganman.

– Mana senga Umar!

Yunus-gradus xurrakbozni bir zarbdayoq karavotga mixladi.

– Chalasavodlar! Madaniyatsiz palidlar! – Yunus-gradusning figʻoni falakka chiqib, oʻrnidan turib ketdi, xonada u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. – Umar Hayyomni bilmagan koʻr boʻladi! Koʻrsan ikkalang! Koʻrsan! Yo yolgʻonmi?!

– Koʻrman, – deya shumshayib boqdi xurrakboz.

– Toʻgʻri, koʻrman, – dedim men ham chaqchayib turib.

– Mana hozir koʻzingni ochaman! – deb qarshimga kelib yonboshladi Yunus-gradus. – Qani, Umar Hayyomning kimligini topmay koʻr-chi? Seni baribir madaniyatli qilmasdan qoʻymayman!

– Yana zoʻravonlikmi? Namuncha xoʻrlaysizlar? – deya tuyqus yigʻlab yubordim men. – Na tashqarida kun berishadi, na ichkarida. Qani haqiqat?

Yunus-gradus poldagi maymoq botinkasini olib, ayamasdan betimga urdi:

– Mana senga haqiqat!

Koʻzim oldida oʻt chaqnab, uvillab yubordim. Peshanamning poshnadagi nagʻal tekkan joyidan shirillab qon oqa boshladi. Qichqiriqni eshitib, xonaga kirgan navbatchi nima boʻlganini surishtirdi.

– Peshanam-ku oʻzi shoʻr edi, – dedim men. – Haqiqatni talab qilsam, battardan pachoqlashdi.

– Kim urdi oʻzi? Nima bilan urdi?

– Majburiy madaniyatning dastidan dod! – deb baqirdim men. – Maymoq haqiqatdan dod!

– Bas qiling, grajdanin! – deya poʻpisani boshladi navbatchi. – Nimalar deb valdirayapsiz? Qanaqa haqiqat?

Toʻrtinchi karavotdagi xurrakboz tirjayib turib, mening oʻrnimga javob qildi:

– Ve-ha-ha… Maymoq haqiqat! Nagʻaliyam bor!

1976 yil