OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiMaqolasiz sarlavha (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Maqolasiz sarlavha (hajviya)
Anvar Obidjon

Oʻquvchiman, lekin amalim bor – maktabimizdagi «Qalampir» devoriy gazetasining muharririman. Ushbu satirik gazetadagi sergʻalva faoliyatim davomida goh imzosiz, goh sarlavhasiz maqolalarni koʻp uchratganman. Ba’zilar shoshqaloqliklari bois sarlavha qoʻyishni shunchaki esdan chiqarishadi, ba’zilar achitqiroq sarlavha topolmay, bu yumushni mening zimmamga yuklab qoʻyaqolishadi. Balki katta gazetalardagi muharrirlar ham sarlavhasiz maqolalarga onda-sonda boʻlsayam, duch kelishgandir. Ammo, ishonchim komilki, maqolasiz sarlavhani koʻrish mendan boshqa hech kimga nasib etmagan.

Oʻtgan hafta tahririyat a’zolari maslahatni bir joyga qoʻyib, maktabimizda ozodalik boʻyicha reyd tashkil etdik. Sinflar va fan kabinetlaridagi ahvol bilan birma-bir tanishib chiqdik. Dalillar jamlab boʻlingach, maqolani yozish menga topshirildi. Foto-toʻgarakchilarning boʻsh xonasiga kirib, stolga oʻtirishim bilanoq, sarlavha ham lop etib kallaga kela qoldi. Oldimdagi qogʻozning tepa qismiga yirik-yirik rangdor harflarda «Kirlik – surlik!» deb yozib qoʻydim.

Shundan soʻng shaxsan oʻzim koʻrgan va tahririyat a’zolari toʻplagan dalillarni miyamda hijjalab oldim-da, ogʻzimda qalampirning ta’mini his qilganimcha aftimni tirishtirib, maqola bitishga kirishdim. Ikkinchi betga oʻtganimda, navbat 7-«V»ga keldi-yu, birdan jazavam tutdi: «Ayniqsa, 7-«V»ning ahvoli xarob! Anavini koʻrib qoʻyingki, hatto navbatchi tayinlanmabdi. Navbatchi kim deb soʻrasak, Ali Valini, Vali Solini, Soli Ahmadni, Ahmad Rahmatni, Rahmat Nigorni, Nigor devorni koʻrsatdi. Shu tufayli, kimdir xattaxtaga chizib ketgan choʻchqaning suratini matematika oʻqituvchisi Hisobiddinov shaxsan oʻzlari oʻchirishga majbur boʻldilar. Agar zoologiya darsi boʻlsa, balki bu rasmni xattaxtada qoldirish ham mumkin edi. Biroq, choʻchqaning matematikaga hech qanday aloqasi yoʻqligini biz a’lochi oʻquvchilar yaxshi bilamiz.

Mana endi 8-«V»dagi ahvolga kelsak, derazadagi tuvaklarga suv quyilmagan, gullar changga botib yotibdi...»

Boshqa sinflarni ham ayamay poʻstagini qoqdim. Maqolani tugatishim bilan ogʻzimdagi taxir ta’m ham oʻz-oʻzidan yoʻqoldi-qoldi. Yengil nafas olib, stolni chirmanda qilib cherta boshlagan kezimda, xonaga oʻzbek tili oʻqituvchimiz Salayxon aka kirib keldi. Koʻksimga qoʻl bosib, irgʻib oʻrnimdan turdim:

– Assalomu alaykum!

– Oʻtiraver, oʻtiraver, – deb jilmaydi Salayxon aka.– Ha, barakalla...

Salayxon aka yonimda piypalanib, stoldagi qogʻozga zimdan qiyalab boqdi. Men xuddi beixtiyor qilgandek, maqolaning ustiga qoʻlimni qoʻyib olganimdan soʻng, yonimdagi stulga oʻtirayotib: «Hm... bu nima?» – deb savol tashladi.

– Reyd oʻtkazuvdik, – dedim men. – Yuqori sinflardagi tozalikni tekshirdik.

Salayxon aka «xoʻ-oʻ-sh» deya yana bir oz paysalanib turgach, 8-«B» haqida surishtirdi. Bilaman, u aynan mana shu sinfning rahbari. Shamol tursa, tabiiyki, hamma birinchi galda oʻzining doʻppisini oʻylaydi.

– Bu sinfda ishlar chatoq, – dedim men yashirib oʻtirmay va kamchiliklarni birin-sirin sanashga tutindim.

Salayxon aka «hm-m» deya yelkamga qoqdi. Keyin, dars vaqtidagi sayroqiligini unutib, duduqlanib-duduqlanib soʻz boshladi:

– Umuman olganda... xoʻ-oʻ-sh... reyd yaxshi narsa. Lekin... Bilasanmi, bu sinfning rahbarligini olganimga bir hafta boʻldi xolos. Haqiqatdanam, intizom boʻshashib ketganakan. Mana, tuzatyapmiz... Endi-i... ish yaxshi tomonga ketayotgan paytda sen «Qalampir»da urib tursang... Menimcha, sinfning yana ruhi tushadi. Picha shoshmay tursakmikin, a? Tagʻin oʻzing bilasan...

Barcha birdek hurmat qiladigan Salayxon akaning menga bir ishi tushibdi-yu, yoʻq dermidim? Uning koʻzi oldida 8-«B» haqidagi jumlalar ustiga shartta chiziq tortdim.

Boʻyalib ketgan maqolani boshqatdan yozishga shaylangan vaqtimda, xonada fizika oʻqituvchisi Toshbek Temirovich paydo boʻlib, oʻzi rahbar boʻlgan sinf reyd a’zolarida qanday taassurot qoldirganini soʻradi. Achchiq boʻlsa ham, borini gapirishga toʻgʻri keldi.

– Juda tirishqoqsan-da, – kutilmaganda meni maqtay boshladi Toshbek Temirovich. – Bariga ulgurasan – bir yoqda darslar, bir yoqda devoriy gazeta... Ha, senga oʻxshagan faollarga yordam berishimiz kerak. Fizikadan choragingga «besh» chiqarishga harakat qilamiz.

– Rahmat Toshbek Temirovich! – dedim sevinib.

Shu payt eshik ochilib, yosh tarix oʻqituvchisi Dehqonov xonaga moʻraladi. Bandligimni koʻrib, eshikni yopdi.

Toshbek Temirovich tashqariga chiqib ketayotib, goʻyo bir narsa toʻsatdan yodiga tushgandek toʻxtaldi-da, «Balki, bu safarcha sinfimizni afv etarsan? Sal beparvo qolibmiz shekilli, bugunoq hammasini oʻnglaymiz», deya koʻzimga tikildi. Yana bitta jumlaga chiziq tortdim.

Oʻqituvchilar shu asno galma-gal huzurimga kiraverdi, kiraverdi, maqola qisqaraverdi, qisqaraverdi. Bir mahal qarasam, maqolaga boshdan-oyoq chiziq tortib chiqqanimni oʻzim ham sezmay qolibman. Oʻchirishni hech kim iltimos qilmagani bois, qogʻozning eng tepasidagi rangdor yozuvlargina koʻzga yaraqlab tashlanib turardi: «Kirlik – surlik!»

Ana sizga maqolasiz sarlavha!

... Bahonada, bir narsani bilib oldim. Odamlar qarishdan, maqolalar qisqarishdan oʻladi.

1975