OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Anvar Obidjon. Maqtanchoq (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiMaqtanchoq (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Maqtanchoq (hikoya)
Anvar Obidjon

Mardivoy haqida gap ketgudek boʻlsa, «maqtanchoq» degan soʻzni ham albatta qoʻshib aytishadi. Odam, maqtanchoq boʻlganga yarasha, sal botirroq boʻlsa-ku, bir nav. Ammo, uchragan kimsaga osmondan kelib gapirsa-yu, oʻzi chumchuq «pir-r» etsa, yuragi «shir-r» etadiganlar sirasiga kirsa, koʻpchilikka masxara boʻlgani qolarkan.

Mardi-maqtanchoq uzoqdan koʻrindi deguncha, koʻchada turgan tengdoshlari «shuni bir vaqillatsak-chi», deya oʻzaro piqirlab qoʻyishadi. U yaqin kelgach, kimdir ataylab oʻqrayib boqadi. Mardi maqtanchoq avvaliga bir seskanib tushadi, rangi oqaradi, soʻng oʻzini oʻnglab, oʻqrayib turgan bolaga birdan chaqchayadi:

– Ha, vey, nimay-chun koʻzingni olaytiryapsan? Sendan qoʻrqadigan oʻpka endi tugʻiladi. Tirkashning kuchukchasiyam menga bir irillab koʻrganidi. Dumiga tosh bostirib qoʻysam, yarim kun angillab yotdi. Bildingmi? Abbakirning xoʻrozi ustimga tashlanganida, poʻkaniga urib, shaytonlatib qoʻyganman. Bildingmi? Echkimiz meni suzmoqchi boʻluvdi, koʻziga tuproq sochvordim. Bildingmi? Men bilan pachakilashma!

Tengdoshlari hiringlay boshlaganidan arazlangan Mardi-maqtanchoq oʻng koʻzini chala qisib, chap qoshini chimirgan koʻyi, asta nari ketadi. Ariq boʻyidagi nam qumlardan gumbazchalar yasab, «hammompish» oʻynab oʻtirgan kichkintoylar tomonga yuradi. Gerdayganicha borib, gumbazchalarni bir-bir toptab oʻtadi.

– Bundan keyin men yurishim mumkin boʻlgan joylarda oʻynamanglar. Bildilaringmi? – deya ukasi tenggi jujuqlarga dimogʻini shishiradi. – Yoʻlimda qoʻngʻiz uchrasa, naq chalpak qiptashlayman. Qancha-qancha chumolilarni gʻarch-gʻarch ezib oʻtganman. Oyogʻimning tagida oʻralashgan mushuklarni hippa ushlab, koʻziga saqich yopishtirib qoʻyaman. Bildilaringmi? Meni koʻrgandayoq, yoʻldan qochishni oʻrganinglar.

Mardi-maqtanchoqning quruq poʻpisalariga koʻnikib ketgan mittivoylar unga qarab ham qoʻyishmaydi. Oʻzaro juvirlashib, qum gumbazchalarni boshqatdan qurishga kirishadilar.

– Bu surlarning beti charm boʻpketibdi, – deya oʻzicha gʻudranadi Mardi-maqtanchoq. – Kattani hurmat qilib, qoʻrqibroq turishniyam bilishmaydi.

Uylariga biron-bir qarindoshi kelib qolsa, Mardi-maqtanchoqqa xudo beradi. Ora-sira «hing-hing»lab kulib, gapni koʻpaytirishga tushadi:

– Koʻpchilikning yuragini opqoʻyganman. Bildingizmi? Qoramni koʻrsa, hatto, suvaraklar tirqirab ketishadi. Hing-hing-hing. Ayniqsa, pashshalar mendan yomo-o-n qoʻrqishadi. Shu yilning oʻzida bir yarim milliontasini tinchitdim. Hing-hing-hing. Kecha qovogʻarilar murabbomga koʻz olaytirganidi, sekin sochiqni oldim-u, bir urishda beshtasini sulaytirdim. Keyin iniga qaynoq suv sepib, qolganlariniyam jizza qipqoʻydim. Hing-hing-hing. Zoʻrligimni endi bildingizmi?

Mardi-maqtanchoqni koʻrsam, oʻzbeklar juda oʻxshatib toʻqigan maqollarining ba’zilari oʻz-oʻzidan esimga tushaveradi:

– Tentak oʻzini maqtaydi.

– Yomonning bir qiligʻi ortiq.

– Qoʻrqqan oldin musht koʻtarar.

– Yaramasning kuchi yapaloqqa yetibdi.

... Agar ushbu hikoyamni oʻqib turgan boʻlsangiz, hech ikkilanmay aytishim mumkinki, demak Siz kitoblardan aql oʻrganishga tashna, bilimga qiziquvchan, kelajakda taniqli kishi boʻlishga qattiq bel bogʻlagan tirishqoq bolalardan birisiz. Hadeb koʻcha changitib yuradigan oʻrtoqlaringizdan koʻra ancha kengroq fikrlash ham qoʻlingizdan keladi. Shunday ekan, birpas oʻylab olib ayting-chi, yuqoridagi maqollarning qay bittasi Mardi-maqtanchoqning qaysi qiliqlariga koʻproq mos tushadi?

Yaxshilab oʻylang. Erinmang.

2007