OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiMarayim gʻijjak (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Marayim gʻijjak (hajviya)
Anvar Obidjon

Qara, Alivoy, qara – bir qoʻlida boʻgʻcha, bir qoʻlida bola, yana uchtasi etagiga osilgan...

Shunaqa xotinlarni koʻrsam, erkakligimdan suyunib, «ququgʻ»lagim keladi, yaratganning himmatiga tinmay tasanno aytaman. Agar tangrim ozgina loyni ayasa bormi, hozir lippamga gugurt qistirib, ayvonda xamir qorayotgan boʻlardim. Unda, toʻyingda kim gʻijjak chalib berardi, uka?

Oʻqish bitay dedimi oʻzi? Toʻy ham yaqindir? Bir akalik gapimni eshit, odamning jinsi qanaqaligi moʻylovidanmas, roʻzgʻoridagi obroʻyidan bilinadi. Oilada erkak boʻlishni xohlasang, maslahat shu – xotining «gʻiring» desa, shapalogʻing «diring» desin. Xotining tilini bir marta qimirlatguncha, sen oyoqni ikki-uch ishlatvor.

Qoʻrqma, Alivoy, qoʻrqma. Xotin zoti toʻpdan ham pishiq boʻladi, hammasiga chidaydi. Chidamasa, otasinikiga borib, toʻrtta singlisining orqasidan navbatga turadi. Ana, qoʻyvorgan xotinlarimdanam birortasi er topolmadi...

Nima? Nechchi marta uylangansiz, deysanmi? Obbo ukam-ey, meni bugʻoltir qilvorasan shekilli.

Xoʻ-oʻ-sh deganda... birinchisini hisobga olmasak ham boʻladi, gʻirt kolxozchi edi, hatto zagsdan oʻtmaganmiz. Qolganlarini sanasak, bittasi medik, bittasi redik, yana bittasi detik...

E, gapni boʻlmay turgin! Shuniyam bilmaysanmi: medik – doʻxtir degani, redik degani – redaktsiya xodimi, detik – detsad, ya’ni bogʻchachi. Endi uqdingmi? Kallayam borakan-da!

Xoʻ-oʻ-sh deganda... Qaysi xotinga keluvdik? Medik, redik, detik... Ha, oxirgisi – xetik. Xetikda ishlardi...

Aljirama, Alivoy, aljirama. Xetik boshqa narsa, hoʻtik boshqa narsa. Toshkentda nimani oʻrganyapsan? Sendaqalarning boshida mudarrisning gavroni oʻynab turmasa, yuzta fan doʻxtiri siyosatni ashula qilgandayam RSDRPni RSFSRdan ajratolmay oʻtib ketasan. Xetik ham bosh harflarda yoziladi: XETIK! Ya’ni «Xotinlar Etigini Tozalash Ilmiy Kengashi»!

Nega kulasan? Buyam ovchilar jamiyatiga oʻxshagan katta bir uyushma, raisi partiya a’zosi, alohida idora, beshta yengil mashina ajratilgan. Bu tashkilotda xotinlarning etigi qanaqa charmdanligi-yu, qanday rangdaligiga qarab, qachon, qaerda, qancha muddatda, qanaqa asboblar vositasida, qaysi usulda, eng muhimi – kimlarning javobgarligida tozalanishi yuzasidan koʻrsatma tayyorlanadi. Hujjatlar Oliy Sovetda tasdiqlangandan keyin, Ministrlar Soveti mablagʻ beradi...

Nima deding, Alivoy? Shuyam savolmi, yaqinda oʻrta maxsus ma’lumotli oshpaz boʻlasan-a. Etikni har kim bilganicha tozalasa, hukumat agʻdarilib ketadimi, deganing nimasi? Huddi shunaqa savolni oʻzingga bersam-chi? Mana, hamma oʻspirinlarga oʻxshab komsomolsan. Oʻsha tashkiloting kelib senga biror marta chuchvara tugishganmi? Ularga chuchvara tugdirib boʻpsan, oshpazlikdan haydalishga toqating bormidi. «Boʻpti, koʻrsatma-poʻrsatma berib turinglar-u, ishimga aralashmanglar», deysan, a’zolik badalini toʻlab, osongina qutulasan.

Yana-chi? Yana qaerlarga a’zosan? Xoʻp, DOSAAF – bir, kitobsevar – ikki, suvga choʻkkanlarni qutqarish – uch, NTO – toʻrt, «Paxtakor» jamiyati – besh...

Boʻldi, Alivoy, boʻldi, hamma tashkilotni sanash shartmas, shu yogʻining nishonini taqsang ham, koʻylaging ilma-teshik boʻpketadi.

Xoʻ-oʻ-sh deganda... Oʻsha DOSAAF senga nimani oʻrgatadi oʻzi? Gʻani sartaroshning derazasini choʻzmada otib sindirishnimi? Masalan, maktabdan paxtaga quvlashsa, el qatori traktorda bording. Yoki DOSAAFchilarni dalaga parashoʻtda tashlashdimi? Adashmasam, pashshani choʻmichda urib oʻldirishniyam oʻzing oʻrgangansan.

Suvga choʻkkanlarni qutqaradiganlarga kelsak, XETIKdan uning nimasi ortiq? XETIKda harqalay tozalashga etik-petik topilib turadi. Ish koʻrsatishlaring uchun senlarga qaerdan daryo qazib beramiz endi? Qolavursa, qutqaruvchilardan bittasi sen boʻlsang, bundan buyon ariqchadayam choʻmilmaganim boʻlsin.

Xayr-ehson degan narsa savobgarchilikka qilinadi. Ammo, «Paxtakor» jamiyatiga tanga yigʻib topshirganlar u dunyoga kamida toʻrt qop gunohni orqalab joʻnaydi. Oʻsha jamiyating qishloqqa stadion qurish u yoqda tursin, indamasang, ustingdagi maykaniyam yechib ketsa kerak. Senlar bergan pulga nuqul atrofdan futbolchi sotvolishyapti. Demak, bu jamiyatingdan koʻra bizga XETIK foydaliroq, tozalangan etiklar harholda oʻzimizniki.

Luqmon moliyachi degan bir baloi ofat bor, tomorqangga ekin eksang-ekmasang, bir xil soliq solaveradi. Kitobsevar jamiyatingni shunga oʻxshataman – qovogʻing shishib ketganini koʻrsayam, rosa kitob oʻqibsan, haqini choʻz, deydi. Koʻzimni ari chaqqan, desang ishonmaydi.

XETIKdan kulishni-ku bilasan, oʻzing NTOga a’zo boʻlib, ilmiy-texnikani qancha taraqqiy ettirvording? Toʻgʻri, tan olaman, bu tashkilotda huquqing katta, fanlar akademiyasining roʻyxatda yoʻq akademigisan. Ya’ni aytmoqchimanki, birov yangi ixtiro koʻtarib kelsa, akademik ham xatosini topib qaytaraveradi, sen ham. Lekin bundan menga, yo boʻlmasa, yangi kelin ayangga qanday naf bor?

Ie, hali eshitmaganmiding? Kechagina uylandim-ku, uka.

Ha endi, toʻgʻri, karnay-surnay chalmadik, sozanda shogirdlargayam bildirmadik. Bildirsak, mahalladagi bitta odamga toʻrtta ashulachi boʻbketardi. Teng-tushlaring nevaratoʻyi qiptursa, chimildiqqa «yor-yor» bilan kirishga uyalarkansan.

Xullas, uylandik, Alivoy. Ammo, xex-xe, bu yogʻi sal qiziqroq chiqdi. Oʻzimdayam ayb bor – ahmoq boʻlmasam, qalliq topishni mahallaga yaqinda koʻchib kelgan Mirhol bangiga ishonarmidim? «Xotinimning kenja singlisi tushgan qishloqda bir beva ayol bor ekan», desa, «besh marta uylanganimni eshitganlar shaytonlab qolyapti, unga tag-zotimni tushuntirib oʻtirmay, ishni imi-jimida bitir», deb etagiga yopishibman. Mayli, u tarafni biz ham ortiqcha surishtirmaymiz, dedim. Ichimda boʻlsa qaltirab: «Ishqilib, qariganimda kirchimoli uchrasin, medigimga oʻxshab shimimni qoʻlqopda yuvmasin, redigimga oʻxshab qogʻoz-qalamni koʻrpagayam koʻtarib kirmasin, detigimga oʻxshab haftada yetti kun kasha yedirmasin, xetigimga oʻxshab shoʻrvaniyam naychada soʻrib ichmasin», deb turibman. Mundoq qaraganda, Alivoy, xotinning eng ma’quli – ketmonchisi ekan. Daladan kelsayoq, unga oʻzing brigadir, oʻzing tabelchi.

Xoʻ-oʻ-sh deganda... gapning qisqasi, kecha ikki erkak, uch ayol jamlanib, katta toʻy qildik. Tashqida zoʻr bazm uyushtirdik: oʻzim gʻijjakda «Koʻcha bogʻi ikkinchi»ni ezdim, pochcham patnisni chirmanda qildi, ammam oʻyinga tushdi. Mirhol bangi unga bir soʻmlik qistirib, mendan uch soʻm undirvoldi-ya. Tovlamachiligini boʻyniga qoʻyib bir uray desang, guvoh kam.

Qosh qorayganda ikkala yanga chiqib kelib, akangni ichkariga imlashdi. Ostonada choʻzilib yotgan mushukda poyabzalimni choʻtkalab, sekin kelinning yoniga kirsam, roʻmolni paranji qilib oʻtiribdi.

– Ansambl bilan gastirolda yuraverib, roʻzgʻordan uzoqlashib ketuvdik, – deb gap boshladim men. – Mana endi kolxoʻz klubida toʻgarak tuzdik, doim biqiningizda boʻlamiz, – dedim. Keyin qiziqishda: «Gapim toʻmtaqroq chiqqan boʻlsa uzr, ayollar bilan koʻp gaplashmaganman, bu birinchi uylanishim», devoribman. Kelin ayang roʻmolini teparoq surib, qiqir-qiqir kulishga tushdi. Unga suqlanibroq qarab: «Kechiradilar-u, oʻzlarini qaerdadir koʻrganga oʻxshayapmiz», dedim. U battar kuldi. Keyin yelkamga shapatilab: «E, odam boʻlmay keting, tanimadingizmi, qoʻyvorgan birinchi xotiningizman», dedi...

Kulma, Alivoy, kulma. Gap xotiradamas, gap erkakchilikda. Doim uydan sahar chiqib, ulfatchilikdan bemahalda qaytardik. Shu xotinimni kunduzi bir marta qoʻshnining ma’rakasida koʻruvdim. Yana oradan shuncha yil oʻtdi...

Ha, Alivoy, taqdir mana shunaqa narsa. Agar peshanangga yozilgan boʻlsa, hatto tupurgan nosing ogʻzingga qaytib kelishi hech gap emas ekan. Bunga endi ishondim, uka.

1989