OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiMenga til oʻrgatmoqchi boʻlishgani (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Menga til oʻrgatmoqchi boʻlishgani (hajviya)
Anvar Obidjon

Xolisanlillo aytganda, rus tili darsining oʻziyam mana mundoq yetib turuvdi, yana chet tili qoʻshildi– frantsuzcha. Ona tilimizdan farqi shuki, shahardan toʻrtta oʻzbekcha soʻzni yodlab kelgan boʻyanchoq oʻqituvchimiz: «Maktab tamom, hamma – dalaga!» – desa, biz: «Bonjur, madam, bonjur!» – deymiz.

«Farang ayamiz» beshinchi sinfgacha amallab chidadi– bir yoqdan qishloqda yashash azobi, ikkinchi yoqdan u yuz xil savol beradi-yu, javob oʻsha-oʻsha: «Bonjur, madam, bonjur». Oxiri kelgan joyiga qarab qochvordi.

Oltinchi sinfda inglizcha oʻrgatadiganni topib kelishib, tagʻin bizga tiqishtirishdi. «Bunisining joni harqalay qirqta emasdir-ov, koʻramiz-da», degan edik, xuddi aytganimiz boʻldi. Ammo, shundayam tinchimadik – yettinchida hindchani, sakkizinchida xitoychani «shudgorlash»ga urinib koʻrdik. Buning ustiga matematika bor deng. Menga qolsa, hatto geometriyayu trigonometriyani ham chet tili hisobiga qoʻshvorardim. Masalan, qovoqchoʻmich yunonchada nima deyilishini bilasizmii? Bilmaysiz! «Kotangens»ni-chi, turkiyga agʻdarib aytish qoʻlingizdan keladimi? Kelmaydi! Demak, ikkalasiyam bir goʻr.

Toʻqqizinchi sinfda chet tili oʻqituvchisi topilmay, ancha yengil tortib yurdik. Lekin bir kuni...

Bir kuni Xomit-jarchi sinfga uchib kirib, «nemis keldi, nemis keldi», deb shovqin soldi. Tomoshaga chiqib «ob’ekt»ni oʻrab oldik, u hayron. Sochini sip-silliq tarab, yalmani oʻrtadan ochganini hisobga olmaganda, turqida nemisning «n» harfi yoʻq, juda nari borsa, oʻzimizning ozarbayjondir.

Abdulla-elim uning atrofida surlanganicha aylanib chiqqach, kinodagilarga oʻxshatib: «Aufshteyn!» deb qichqirgan edi, nemis uni oʻzbekchalab soʻkdi. Soʻng menga oʻqrayib, yana tilimizda doʻq urdi:

– Nega menga baqrayasan?

– Nemismisiz axir? – deb soʻradim.

– Oʻzbekman, ahmoqlar, – dedi u, – sizlarga nemischadan dars beraman.

Shu kuyi nemischani tatalashga tushdik. Ikki oy oʻtib-oʻtmay markazdan komissiya kelib, chet tilini qanday oʻzlashtirayotganimizni tekshirdi. Barvasta bir ayol «pish-pish»lab turib, bexos savol tashladi:

– Qani, bolalar, kim javob qiladi, «men darsni yaxshi bilaman», degani nemischada qanday aytiladi?

Noma’lum askar qabri ustida turgandek jimib ketdik. «Bir minut sukut saqlash» nihoyasiga yetgach, komissiya opa oldingi qatorda oʻtirgan Rahim-poʻmpaga barmoq niqtadi:

– Sen ayt.

– Xende xox! – deb doʻrilladi Rahim-poʻmpa.

Komissiya opaning qoshi qanot yoyib, kipriklari pilpillay boshladi:

– Xende xox, bu – «qoʻlingni koʻtar», degani shekilli?

– Menam shuni aytyapman-da, – dedi Rahim-poʻmpa. – Darsni yaxshi bilganlar doim qoʻlini koʻtaradi.

«Nemis akamiz» ham oʻquv yili tugaguncha zoʻrgʻa tishini tishga bosib yurdi. Oʻninchi sinfda butunlay chet tilisiz qoldik. Maktabning bosh goʻlaxi boʻlgan Qori togʻa ahvolimizga oʻzicha achinib, goh direktor, goh oʻrinbosarning yoʻlini toʻsar, «keling, shu kambagʻallarga oʻzim arabiyni oʻrgatay, odam boʻlishsin», deb tiqilinch qilardi.

Qori togʻa bekorga bezovta boʻlmaganini universitetga kelib bildim – attestatimda chet tilidan baho yoʻqligi uchun hujjatlarimni qabul qilishmadi, xorijiy til (qaysi tilligini aniq koʻrsatib oʻtirmadim) boʻyicha mustaqil tayyorlanganman, deb rektor nomiga ariza yozganimdan keyingina, kirish imtihonlarini topshirishimga ruxsat berishdi.

Inshoyu tarixdan bir nav oʻtib oldim, gal chet tiliga keldi. Xorijiy tillardan imtihon qabul qilinayotgan qavatga chiqsam, oʻn toʻrtta xonada oʻn toʻrt xil lisondan sinov ketayotgan ekan. Har qaysi eshik oldida guruh-guruh «umidvor»lar tizilib turibdi. Har bir guruhning ortidan erinmay navbat olib chiqdim. Bittasi menga angrayganicha boqib, «qiligʻingizga tushunolmay turibmiz», degan edi, «menga baribir», deb qoʻyaqoldim.

– Oʻn toʻrtta tilni yoppa biladilarmi? – deb soʻradi u battardan xayratlanib.

– Aksincha, – dedim men, – bittasiniyam bilmayman.

Nihoyat eshiklardan biriga oldinroq navbatim yetdi. Bu xonada ispanchadan imtihon olinayotgan ekan, tavakkaliga kirib bordim. Ichimda bismilloni aytib, bilet sugʻurdim. Bu orada oʻqituvchi nimadir degan edi, yana tavakkal qilib, «rahmat, domla, ishlarim yomonmas», dedim. Domla aynan oʻsha gʻoʻldirashini takrorladi. Bu safar gapning oqimini oʻzgartirib, «Fargʻonadanman», deb koʻrdim.

– Familiyangni soʻrayapman, – dedi u oʻzbekchalab.

– Familiyam Gulmatov.

– Ispancha ayt!

– Ispanchadayam, forschadayam, yaponchadayam Gulmatov, – dedim.

Domla xoxolab kuldi.

– Kayfiyatim ochilganidan foydalanib qol, dehqonvachcha, – deya muruvvat va’da qildi u. – Bittagina ispancha soʻz topib aytolsang, shartta «uch» qoʻyvoraman.

Birdan qaddimni rostladim. Oʻng qoʻlimni panshaxaning chetki ilgagiga oʻxshatib yuqoriga koʻtardim-da, qattiq musht tugib: «Rot front!» – deb baqirdim...

E, afsus, ming afsus, mehribonlarim meni odam qatoriga qoʻshish uchun koʻpdan-koʻp pullarni sovurishdi, har xil tillarni oʻrgatmoqchi boʻlishdi, ularning ta’biri bilan aytganda, noshudlik qildim, bundan baribir ish chiqmadi. Qaytaga, kallamda boriyam chalkashib ketdi. Endi hammasini yigʻishtirib qoʻyib, odmigina boʻlsa ham, oʻzimga qulayrogʻini yaxshilab oʻrganmoqchiman– ya’ni oʻzbekchani.

1988