OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiMeshpolvonning janglari
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Bolalar va oʻsmirlar adabiyoti
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
NashriyotТошкент, Чўлпон Нашриёти, 1994
Hajm254KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/22
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
Muharrir Hamza Imonberdiyev


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Meshpolvonning janglari
Anvar Obidjon

Sepkilshohning askarlari tinch qishloqni talab, koʻpchilikni qul va choʻri sifatida haydab ketishadi. Bandilar orasida Meshpolvonning yarador dadasi va koʻzlari kiyiknikidek chiroyli onasi ham bor edi. Qunlardan bir kuni Meshpolvon oʻqlovni nayza, qozonqopqoqni qalqon, daskallani qilich qilib, ota-onasini ozod etish uchun choʻloq xachirda jangga joʻnaydi... Sevimli yozuvchingiz Anvar Obidjonning oʻzbek xalq dostonlari yoʻlida yozilgan ham quvnoq, ham mushohadatalab qissasi ana shu safar sarguzashtlari haqida.

Yozuvchidan:

«
Oʻzbekning dono baxshilariga shogird tushib,
ushbu dostonga qoʻl urdim.
»

Meshpolvon toʻgʻrisida oltiariqliklar juda koʻp hangomalar aytib yurishadi. Bularni eshitmabsiz, dunyoga kelmabsiz. Lekin, shunisiyam borki, uning gʻaroyib kechinmalarini birov undoq ta’riflasa, boshqasi: «Yoʻq, aslida bundoq boʻlgan», deydi. Menimcha, ertakchilarning hammasiyam haq. Chunki, zigʻirdekkina haqiqatdan tugʻilgan qissanamo bu choʻpchak asrlar davomida ogʻizdan-ogʻizga oʻtib, keng ildizlayvergan, har bir ota-ona oʻgʻil-qiziga oʻzidan qittak qoʻshib soʻzlayvergan. Ahvol shunday boʻlgandan keyin, endi borini ortiqcha yashirmay, yoʻgʻini loflab oshirmay, sizlarga oʻrtachasini hikoya qilib berganim tuzuk.

Aytishlariga qaraganda, oʻsha omadli Meshpolvon kelajakda oʻz ishlari afsonaga aylanib, nomi tarixda qolishini hali bilmagan chogʻlaridayoq, tashqi qiyofasi bilan boshqalardan yaqqol ajralib turarkan: ikki lunji nogʻora, beti oftobdan zogʻora, jagʻida eshak tepkisi naqshlagan chandiq, qorni naq qirq pudlik sandiq, burni mushuknikidek puchuq, yelkasi baayni hurpaygan chumchuq, boʻyni oldinga enkaygan, quloqlari dinkaygan, oyoq bosishi ilang-bilang, boshi Yozyovon choʻlidek yap-yalang, koʻrinishidan kamgap-u anqov, aslida mahmadana-yu mijgʻov, koʻzlari boyqushnikidek ola... xullas, rosayam qiziq bola ekan.

Shu bolapaqirning handalakdek boshiga momaguldirakdek koʻrgilik yogʻilib, oʻn ikki yoshga toʻlib-toʻlmay tirik yetim boʻlib qoldi. Yirtqich Sepkilshohning qora papoq kiygan askarlari sel yangligʻ bosib kelib, uning bolalik quvonchlarini beayov yuvib oʻtdi. Xonadonlar talon, kulbalar vayron, ekinzorlar payhon boʻldi. Tirik qolgan jangchilar bilan sogʻlom qiz-juvonlarni zanjirband etishib, birini qul, birini choʻri sifatida Qahratoniya degan uzoq oʻlkaga haydab ketishdi. Ularning orasida Meshpolvonning yarador dadasi bilan koʻzlari kiyiknikidek chiroyli onasi ham bor edi.

Meshpolvon hoʻng-hoʻng yigʻlab, bandi qilinganlar ortidan ancha joygacha ergashib bordi. Shunda dadasi unga oʻqrayib: «Oyimqizlarga oʻxshab hiqillama! Yurt senga qolyapti!» – deb jerkib berdi.Onasi boʻlsa, oʻgʻliga yuragi toʻliqib bir qarab qoʻydi-yu, negadir tezda yuzini oʻgirib oldi.

Dadasining gapidan keyin Meshpolvon oʻz-oʻzidan joyida toʻxtab qoldi, dashtning chagʻir yoʻlida imillab qadam tashlayotgan odamlarning qorasi oʻchgunicha moʻltirab turaverdi.

Yuzlab oyoqlar ostidan koʻtarilib, ufqni tumandek qoplab olgan chang asta-sekin sepsildi, ilonizi yoʻl endi boʻm-boʻsh edi. Bandi qilinganlar safi butunlay koʻzdan yoʻqolgan boʻlsa-da, ular aytib borayotgan qoʻshiq bolakayning quloqlari ostida qayta-qayta jaranglayverdi:

Mardlar senga fido boʻldi,
Bizlar tirik judo boʻldik,
Kechir bizni, ona yurt.
Mungli qoʻshiq aytmoqdamiz,
Seni tashlab ketmoqdamiz,
Kechir bizni, ona yurt.
Bergan suting oqlolmadik,
Dushmanlardan saqlolmadik,
Kechir bizni, ona yurt.
Endi payhon dalalaring,
Qul-choʻridir bolalaring,
Kechir bizni, ona yurt.

Ancha mahalgacha daragi boʻlmaganidan yuragi poʻkillab, dushmanlar uniyam qullikka sudrab ketishdimikan deb joni halak yurgan enasi, Meshpolvonning sogʻ-salomat qaytib kelganini koʻrib, avvaliga sevinchi ichiga sigʻmay qoldi. Keyin birdaniga «huv-huv»lab yigʻlashga tutindi:

– Qora papoq kiyganlar hamma narsamizni talab ketishdi. Endi seni qanday toʻydiraman, yetimchaginam?

– Muncha vahima qilasiz? – deb chinqirdi Meshpolvon. – Filni pishirib bering deyapmanmi? Ja borsa, bir qozon shoʻrva ichib, ikki tandir non yeyman-da.

Yaxshiyamki, bu yurtning quyoshli oyi koʻp, tuprogʻining moyi koʻp, ariq bilan soyi koʻp. Bosqinchilar ketganidan keyin yoz oʻrtalarida ekilgan boʻlishiga qaramay, arpa-yu bugʻdoy, mosh-u loviya, makka-yu sholi, javdar-u qoʻnoq, qizilcha-yu oshqovoqlar kech kuzga qolmasdan pishib yetildi. Odamlar koʻp tirishib, kam uxlab, tut shinnisini zogʻora nonga bulab, oshqovoqni sutga dimlab, behi bargidan choy damlab, qullikka ketganlar gʻamida koʻz namlab, qishdan eson-omon chiqib olishdi.

Bu davrda Meshpolvon bilan enasiga, ayniqsa, qiyin boʻldi. Kampir bechora oʻzini unutib, chala toʻyish tufayli nevarasining koʻzlari kirtayib borayotganiga kuyunsa, xoʻratomoq bola doʻmbiradek qorni kun sayin puchmayib, belida ishton oʻrnash¬may qolayotganidan ichikib yurdi.

Meshpolvonning Janglari

Sirdaryo bilan Amudaryo joʻsh uraverdi, Orol dengizi toʻlasicha turaverdi. Ot ketidan toylar oʻtib, kun ketidan oylar oʻtib, yana bodom gulladi. Qushlar chugʻirlashni, chumolilar ushoq oʻgʻirlashni boshladi. Meshpolvonning yurtdoshlari asalari galasi bilan bir vaqtda tirikchilik tashvishiga tushdi. Kampirlar urugʻlik donni saralab, chollar qoʻsh haydashdi, qizlar ariq tozalab, oʻgʻil bolalar kesak yanchishdi.

Shudgordagi qop-qora doʻngalak kesaklar xuddi qora papoqli boshlarga oʻxshardi, bolakaylar ularni ayamasdan yanchib, havasga tesha urishaverdi.

– Vuy, manavining kattaligini-i!

– Sepkilshohning askarboshisi ana shu-da.

– Iye, bir urib atala qilaylik boʻlmasa. Mana!

– Hayuv-v!!!

Olib tesha-toʻqmoqni,
Yanching qora papoqni,
Hayuv-v!
Bilakda kuch toʻplaymiz,
Yurakda oʻch toʻplaymiz,
Hayuv-v!
Togʻimizda lola koʻp,
Yurtimizda bola koʻp,
Hayuv-v!
Mayli, bizni koʻrgan choq
Kuyib oʻlsin Sepkilshoh,
Hayuv-v!

Urugʻlar sepilib, koʻchatlar ekilib, sukut oʻrnini umid egalladi. Dehqonning oyogʻi dalada, ogʻzi yallada boʻlib qoldi.

Laylak oʻtib gʻoz keldi, bahor ketib yoz keldi. Joʻjalar xoʻrozga, kurtaklar charosga aylandi. Boshoqlarga oʻroq, qovunlarga pichoq tegib, jazlar bir qozon, tandirdagi oʻtlar alamazon boʻldi.

Mana shunday fayzli kunlarning birida Meshpolvon oʻtin yoraman deb, toʻnka yaqinida turgan sopol togʻorani sindirib qoʻydi. Shu narsa bahona boʻldi-yu, oʻgʻlini sogʻinib, koʻpdan beri ichidagi zahrini kimga sochishni bilmay yurgan enasi xumor yozib sannashga tushdi:

– Bitta toʻngakni eplab yorolmaysan, yashshamagur. Boʻying terak boʻlsayam, oʻzing erkak boʻlmading. Erkak boʻlganingda, ota-onangni qullikka joʻnatvori-i-b, tomoshaqovoqdek doʻmpayib oʻtirarmiding? Hoy, koʻzimga qara, jigarlaringga kuyishni bilmasang, odamlardan uyalishni bil. Oriyat degan narsa bormi oʻzi senda? Oriyating boʻlmasa, boʻyningni boʻyinturuqdek qilib yuraver. E, satqayi odam ket!

Qorniday katta, ishtahasiday kuchli boʻlmasayam, harqalay Meshpolvonda oʻziga yarasha hamiyat bor edi. Enasining gapi yuragiga achishtirarli darajada ogʻir choʻkib, dilida gʻashlik chuvalandi. Otga mingashtirib bozor kezadigan dadasi bilan ochligini koʻzidan sezadigan onasini oʻziyam oʻlgudek sogʻinib yuruvdi. Kampirning xarxashasi turtki boʻlib, erkaklik nimaligini bizdan koʻrasiz endi, deya shartta safarga hozirlandi. .

Ammo, gʻarib jangchining na maxsus ust-boshi, na qurol-aslahasi bor edi. Yaktak-ishton ustidan astarsiz choponini kiyib, beliga chilvir bogʻladi, yelkasiga hoʻkizteri poʻstakni ilib, qatiq ivitiladigan sopol chapyani boshga dubulgʻadek oʻrnashtirdi, belbogʻiga daskalla qistirdi, qozonning yogʻoch qopqogʻini qalqon, uchiga bigiz qoqilgan oʻqlovni nayza qildi. Qoʻshni cholning oldingi oyogʻi oqsoq xachirini qarzga olib, egar-jabduq urdi. Unga minmoqchi boʻlganida, oftobda qizib turgan uzangi oyogʻini jizillatdi. Oʻsha turq-atvorda xachirni yetaklab enasining qoshiga bordi, uning kiyilganda choki tepada turadigan, tagcharmsiz shalpildoq kovushiga suqlanganicha bir soʻz dedi:

Sepkilshohning elatiga qilay yurish,
Boʻlar endi dunyoda eng katta urush,
Noqulaydir yalangoyoq jangga kirish,
Enajonim, kalishingni berib turgin.
Toki chapya butun ekan – boshim omon,
Poʻstakdan oʻq oʻtmas dushman otsa kamon,
Bir urganding, gurzidan ham oʻqlov yomon,
Enajonim, kalishingni berib turgin.
Qozonqopqoq yuragimni asrab yurar,
Sepkilshohing kimligimni endi koʻrar,
Gʻalabaga bitta kovush yetmay turar,
Enajonim, kalishingni berib turgin.

Meshpolvondan bunday qahramonlikni kutmagan enasi oldiniga ikkilanib qoldi. Koʻsov bilan savalab, shashtidan tushirmoqchi ham boʻldi. Lekin, sinchiklab qarasa, ahdi qattiq, koʻzida achchiq, lablari pichirlab, tishlari gʻijirlab turibdi. Qaysarligi qoʻziganini sezib, endi uni yoʻldan qaytarolmasligini fahmlab, indamay hujraga kirib ketdi. Bir zumdan keyin ikki koʻzi oziq-ovqatga toʻldirilgan xurjunni zoʻrgʻa koʻtarib chiqib, egar qoshiga oʻngardi. Kalishini yechib berayotib, pand-nasihatlar bilan nevarasiga oq yoʻl tiladi:

Yoʻling oydin yoʻl boʻlsin,
Bosgan izing moʻl boʻlsin,
Yantoq uzsang, gul boʻlsin,
Tikonlari tilmasin.
Soʻz quyilar labimdan,
Magʻiz chayna gapimdan,
Non tilama har kimdan,
Nafsing buzuq boʻlmasin.
Uchrasa ham oʻtinchi,
Salom bergin birinchi,
Seni koʻrgan har sinchi
Odobsiz deb bilmasin.
Tentak soʻksa, doʻqlama,
Yongʻoqzorda uxlama,
Alam oʻtsa, yigʻlama,
Bardoshlilar oʻlmasin.
Hatto holing tangida
Gʻoz yur odam rangida,
Yoʻl soʻrama bangidan,
Seni sarson qilmasin.
Yuvoshga musht doʻlayma,
Zoʻrni koʻrsang, goʻlayma,
Och qolganda sulayma,
Qizlar sendan kulmasin.

Meshpolvon oʻzini xachirga joylab, enasining gapini beliga boylab, yoʻlga tushdi. Yoʻllar esa kaftdagi ajinlardek chiziq-chiziq, yarmi tekis-u yarmi buzuq, biri cheksiz-u biri uzuq edi. Bolapaqir oqsoq jonivorini niqtab, har qaysi guzarda bir toʻxtab, tepa kelsa oʻrlab, nishablikda ashulani tuyoq ovoziga joʻrlab boraverdi:

Olma yedim baqalogʻidan,
Gilos yedim chaqalogʻidan,
Anjir yedim yapalogʻidan,
Bogʻbon buvaning shapalogʻidan...

Shu kuyi necha choyxona-doʻkondan, Bagʻdod-u Qoʻqondan, choʻl-u dashtdan, Isfara-yu Ashtdan ziyon-zahmatsiz oʻtdi, majruh xachirni Jizzax-u Shahrisabzga tik soldirib, yana necha makonni ortda qoldirib, Qizilqumga yetdi. Sahroda bir hafta yurdi hamki, na qoʻqqaygan daraxt koʻrindi, na soʻppaygan quduq. Goh qattiq non kemirib, goh meshdan suv simirib, Sepkilshohning qasdida oldinga ketaverdi. Sepkilshoh esa bu vaqtda hashamdor qasrida bamaylixotir aysh surib yotar, yer yuzining nazardan qolgan qaysidir nuqtachasida oʻziga qarshi dahshatli bir kuch siljiganidan mutlaqo bexabar edi.

* * *

Bir kuni kechki payt boʻron boshlanib, yer-u osmonni toʻzon qopladi, Meshpolvonni xachiriga qoʻshib yerga chapladi. Hayvon boshimdan sadagʻa deya jilovni qoʻyvorib, xurjunni mahkam quchoqlaganicha poʻstakka burkanib yotaverdi. Koʻzi qumga, ogʻiz-burni shoʻrttak tuzga toʻldi. Tongga yaqin boʻron tingach, endi sahroni xurragi bilan besaranjom qilib, lohas uxlab qoldi.

Choshgoh mahali uygʻonib qarasa, hatto qilt etgan shabada yoʻq, quyosh tikkaga kelib, yerni kabobdek jazillatib turibdi. Kal boshidan oqqan terdan chapyada bir choʻmich suv toʻplanibdi. Omon qolganim rostmi-yolgʻonmi deb osmonga tupurib koʻrdi. Loyqa tuprigi shap etib peshanasiga qaytib tushgan chogʻda ich-ichidan quvonib ketdi.

Shundan keyin xachirini qidirib tevarakka alangladi-yu, qoʻrqinchli manzaradan badaniga qaltiroq kirib, yuragi taka-puka tepdi. Koʻmilib yotgan xachirning dumi bilan tumshu¬gʻigina qum yuzasida arang koʻzga chalinar, tumshuqning ustida ikkita gurza ilon boʻyin tikkaytirganicha bir maromda tebranib «raqs tushayotgandi».

Meshpolvon oyogʻini olti qilib qochishniyam, qumga sanchilib turgan oʻqlovni olib ilonlarga otishniyam bilmay, birpas xoʻshshayib qoldi. Es-hushini yigʻvolgandan soʻng: «Ke, mendan nima ketdi, shu turqi sovuqlargayam bir xushomad qipkoʻray-chi», deb soʻzga ogʻiz juftladi:

Ilon tushga kirsa – boylik,
Voy, munchayam siz chiroylik,
Yashang, ilon afandilar!
Men va xachir oʻrtoq boʻlib,
Keldik sizga qoʻnoq boʻlib,
Yashang, ilon afandilar!
Dumni qilib salang-sulang,
Mehmonlarga oq yoʻl tilang,
Yashang, ilon afandilar!
Chaqvolsangiz jon beramiz,
Chaqmasangiz non beramiz,
Kavshang, ilon afandilar!

Meshpolvon shunday deya xurjunidan bir hovuch talqon olib, yerga sepdi. Sahro xoʻjayinlari sipolik bilan sudralib kelib tanavvulga kirishgan damda, fursatdan foydalanib, xachirini xalos qilishga tutindi. Jonivorni yerdan qazib olgach, tirikchilik qilib mador toʻplasin degan maqsadda yantoqzorga haydarkan, ilonlar tomonga zimdan nazar tashladi. Ular talqonni tinchitib boʻlishib, mazaxoʻraklik bilan yalanib turishardi.

– Xush koʻrdik, ilon afandilar,– deya ikki qoʻlini koʻksiga chogʻishtirdi Meshpolvon. – Xoʻp, xayr boʻlmasa.

Ilonlar hamon dikrayib turganidan dili qorongʻulashib, bu surlar xachir ikkalamizni yeb boʻlmaguncha ketmaydi shekilli, deb oʻyladi. Oʻlganining kunidan hiringlab, ularning oldiga choʻkka tushdi.

– Yana mehmon qilay desak, oʻzimizdayam jigʻildon bor, – dedi u yutinib. – Uydagilarga salom aytasizlar-da endi.

Ilonlar qattiq vishillab, kutilmaganda Meshpolvonga tashlanishdi, bir sapchib, uning qoʻyniga kirib olishdi. Qabristondek jimjit sahro zumda dod-faryodga toʻldi: «A-a-a!!! Voy-do-o-d! Oʻldi-i-m! Oʻlyapma-a-n! Voy, ena-a-a! Enajo-o-n!!!»

Meshpolvon uyoqqa yumalanib yigʻladi – oʻlmadi, buyoqqa yumalanib yigʻladi – oʻlmadi, oʻrnidan turib, uvvos solganicha xachir atrofida qirq marta aylandi hamki, tirikligicha qolaverdi. Baqirish oxiri joniga tegib, jagʻini tiydi, qoʻyniga sekin quloq soldi. Haliyam bu dunyoda turganiga ishonch hosil qilish uchun yana osmonga tupurib koʻrdi. Tuprigi qaytib tushib, bu safar burniga chaplandi.

Shundan keyin sal-pal oʻziga keldi. Qoʻllari qalt-qalt titrab, xurjundan kulcha oldi, bir boʻlagini maydalab, ehtiyotlik bilan qoʻyniga tiqdi. Ilonlar «vish-vish»lab toʻlgʻanganicha, oziqni domiga torta boshlaganidan koʻngli joyiga tushib, oʻzi ham qoʻrqa-pisa kavshanishga kirishdi. Har yutinganida boʻynini choʻzib, bu ahvoldan xoʻrligi qoʻzib, yantoqzorda qorin toʻydirayotgan xachiriga yuzlanib, bir arz aytdi:

Boʻron keldi teskari,
Chang-toʻzonlar – askari,
Sen yakka-yu, men yakka.
Sahro qopqon, toʻr ekan,
Peshanamiz shoʻr ekan,
Sen bandi-yu, men bandi.
Ilonlari surbet, shoʻx,
Uxlashyapti qorni toʻq,
Sen ochsan-u, men ochman.
Xom kallasi qotmagan,
Uyida tinch yotmagan
Sen ahmogʻ-u, men ahmoq.

Meshpolvon bu gaplardan keyin har qanday maxluq ham «oh» chekib yuborsa kerak deb oʻylagan edi, unday boʻlmadi, nodon xachir indamay nafsini qondiraverdi.

* * *

Ajdodlari yer chopib, urugʻ sochish bilan koʻhna xonadonga rizq ulashib kelgan Meshpolvon ilgari sahroni hech koʻrmagan edi. Sahro deganda har vaqt uning koʻz oʻngida toʻlqinlari qotib qolgan dengizni eslatuvchi yap-yaydoq qum barxanlari jonlanardi. Unchalik emas ekan. Bu maskanning ham oʻz shovqin-u jimliklari, maysa-yu oʻsimliklari, muqim kun kechiruvchi jonzot-u hasharotlari, alohida bardoshga yoʻgʻrilib yaratilgan parranda-yu darrandalari, har birining oʻziga xos yashash tarzi, ayni chogʻda, bir-biriga zanjir halqalaridek bogʻliqligi, faqatgina shu joyga mansub hayot qonunlari bor ekan.

Odamzod doimo odamlar orasida oʻzini erkin va qudratli sezadi, chetga chiqdi deguncha turli xavf-xatarga yoʻliqadi, yolgʻizlanib, pashshadek ojizlanib qoladi. Oʻrmon ayiqlari bilan, togʻ-adir boʻrilari bilan, chakalakzor qoplonlari bilan, ummon nahanglari bilan, dasht qashqirlari bilan, toʻqay toʻngʻizlari bilan uni hurkita boshlaydi, qalbida yana tezroq odamlarga borib qoʻshilish istagini alangalatadi.

Sahroda ham shunday boʻldi. Sovuqturq echkiemarlar galasi oʻttiz qadamcha orqaroqqa yoyilib olib, Meshpolvon bilan uning xachirini talay joygacha ta’qib qilib borishdi. Ular tungi boʻron mahali shuncha oʻljadan bexabar qolganlaridan afsuslanib, baxtlariga boshqa biron ofat yuz berishini kutganlaricha umidvor emaklab kelishardi.

Meshpolvon xachirga teskari oʻtirib, bigizli oʻqlovni qoʻliga qoʻndirib, eti dir-dir titrab, yirtqichlarga zogʻlanib qarab, toʻxtamasdan ilgarilab ketaverdi. U umrida ilk bor sodir boʻlish ehtimoli kutilayotgan katta jangga oʻzini shaylab, qozonqopqoq ushlagan qoʻlining boshmaldogʻida qorniga qistirigʻlik daskalla tigʻini siypab-siypab qoʻyardi. Kun tikkaga kelib, borliqni jizgʻanak qilishga urinayotgan pallada echkiemarlar salqin inlarida jon saqlash uchun tarqalishdi.

Jizgin barxanlarning cheki yoʻqdek edi. Meshpolvon bir-ikki kundan keyin: «Bu sahroning cheti yer tugagan joyga borib taqalsa-ya», deb xavfsiray boshlagan ham ediki, orqadan otliq kimsaning qorasi koʻrindi. Yaqinlashib kelgach, mundoq qarasa, guldor yugan ushlagan, tagida tulpor kishnagan, koʻzida qandaydir ilinj, belida bir quloch qilich, gavdasi gʻoʻla, bilagi quvvatga toʻla bir oʻspirin qarshisida turibdi, qozonqopqogʻ-u oʻqlovlardan ajablanib, tegrasida aylanib yuribdi. Siyogʻidan payqash mumkinki, shoshib tursa – qamchilab, shoshmasa – soʻz bilan chimchilab oʻtadigan chamasi bor.

Uning avzoyidan choʻchinqiragan Meshpolvon qoʻrqqan oldin musht koʻtarar qabilida ish koʻrib, qolaversa, qoʻynidagi ilonlariga ishonib, boshidan chapyani oldi, peshanasidagi terni yengida artib, toʻsatdan dagʻdagʻa qildi:

Qoʻrqmay oʻlimdan,
Turma yoʻlimda,
Oʻqlov qoʻlimda,
Ilon qoʻynimda.
Bu qozonqopqoq
Mardlarga yaroq,
Daskallam – pichoq,
Xachirim choʻloq.
Boshimda yoʻq soch,
Chapya menga toj,
Yoʻlni toʻsma, qoch,
Oʻzi qornim och.

Buni eshitgan asilzoda oʻspirin Meshpolvonga masxaraomuz tikilib, otdan xachirga bukilib, soʻroq-qistovini boshladi:

Tappaytirib burningni,
Qappaytirib qorningni,
Qayoqlarga ketyapsan?
Och qargʻadek donsirab,
Nortuyadek hansirab,
Qayoqlarga ketyapsan?
Tuksiz kallangni ochib,
Miyang qatiqdek achib,
Qayoqlarga ketyapsan?
Sahroda, tap-taqirda,
Uch oyoqli xachirda
Qayoqlarga ketyapsan?

Meshpolvon oʻziga gard yuqtirgisi kelmay, kalaka qilinayot¬ganini goʻyoki sezmay, jiddiy turib javob qildi:

Yoʻlga chiqsam, asosim bor,
Sepkilshohda qasosim bor.
Elimni u talab oʻtdi,
Asalimni yalab oʻtdi,
Kallalardan qasr qildi,
Koʻpchilikni asir qildi.
Pahlavonim dadam – unda,
Mehribonim onam – unda.
Borib ozod qilayin deb,
Enamni shod qilayin deb,
Qoʻgʻirmoch yeb, kuchni toʻplab,
Yoʻlga tushdim kaftga tuflab.

Bu gapdan keyin dimogʻdor oʻspirinning birdan qiyofasi oʻzgardi, «kechir meni, birodar, dardingni soʻramasdan turib qattiq tegib qoʻyibman», deya otdan tushdi. Kelib, Meshpolvonga doʻstona qoʻl uzatdi.

– Endi ogʻa-ini boʻlamiz, – dedi u ochiq chehra bilan boqib. – Yoʻlimiz bir ekan. Meni otim Oshiqbola.

– Meni toʻgʻrimdagi shov-shuvlarni eshitgandirsan, – deb boʻyin shishirdi Meshpolvon. – Oltiariqdan chiqqan dahshatli Meshpolvon menman. – Soʻng afsuslangandek bosh tebratib, qoʻshib qoʻydi. – Seni noming qulogʻimga chalinmagan ekan. He, attang...

Meshpolvon shu gerdayganicha oʻzidan quvonib turaversin. Biz uni picha tinch qoʻyib, Oshiqbola bilan yaxshiroq tanishib olaylik.

* * *

Voh, nuridiydam kitobxonim! Tili biyron bolakaylar! Shirin-shakar qizaloqlar! Sizlar judayam omadlisiz. Chunki oʻzbeklarga faxrli, yovlarga qahrli boʻlmish dovyurak Goʻroʻgʻlibek haqidagi qiziq rivoyatlarni eshitmagan, uning mardona janglarini sharaflovchi dostonlarni oʻqimagan shoʻrpeshanalar orangizda yoʻq.

Esingizda turgan boʻlsa, yengilmas Goʻroʻgʻlibek shuncha davr surib, bittayam farzand koʻrmadi. Hasanxon degan bolani Vayangan elatidan, Avazbekni Xunxor yurtidan olib kelib, tarbiyalash uchun bunisini Misqol pariga, unisini Ogʻa Yunus pariga tutqazdi.

Bolalar ulgʻayib yigit boʻldi, biri lochin-u biri burgut boʻldi. Koʻp savdolarni boshdan kechirib, gʻanimlarning kayfini uchirib yashashdi. Hasanxon suluv xon Dalliga uylanib oʻgʻil koʻrdi, otini Ravshanbek qoʻydi. Avazbek bilan Gulqizdan esa qiz tugʻilib, nomi Gulanor boʻldi.

Necha marta qor erib, necha bor chechak undi. Qiz erkaroq, oʻgʻil serkaroq boʻlib voyaga yetgach, Hasanxon Avazbekning xonadoniga sovchi joʻnatdi. Keksa Goʻroʻgʻlibekning oʻzi oʻrtaga tushib, oqlik soʻrab bordi. Avazbek boʻlsa oʻz ogʻasi Hasanxonning oʻgʻlini qiziga teng koʻrmay, boboning dilini ogʻritdi. Bu orada Ravshanbek Shirvonshohning qizi Zulxumorga oshiq boʻlib, yuz xil quvonch-azob koʻrib, oxiri unga uylandi.

Yana kun ketidan oylar oʻtdi, qoʻldan-qoʻlga choylar oʻtdi, Ravshan bilan Zulxumor sochi jingalak, peshanasi doʻngalak, zotdor qoʻzidek toʻlpoq, qorakoʻz-u oppoq oʻgʻil koʻrishdi, ismini Oshiqbola qoʻyishdi. Oshiqbola uch yoshida ariqdan sakrab oʻtadigan, toʻrtida harf bitadigan, beshida kitob titadigan, oltisida oʻzini otda erkin tutadigan, yettisida nonga xanjarda yogʻ surtadigan, sakkizida oʻq-yoy bilan tangani yirtadigan, toʻqqizida tuxumni xom yutadigan, oʻnida polvonlarni yelkada turtadigan, oʻn birida uyida oshna kutadigan, oʻn ikkisida haftalab ovga ketadigan boʻldi.

Oʻn uchida ham ovdan koʻngli sovimadi. Bir kuni chambillik chapdast joʻralari bilan kiyik quvib yurib, Bobotogʻda bir gala qizlarga duch kelib qoldi. Ularning sardori – Boysun begining Oytumor ismli qiziga ishqi tushib, eliga sarxushlanib qaytdi, dardini Goʻroʻgʻlibek bobosiga aytdi. Bobosi qirqta guldek navkarini chaman, ulovlarini saman qilib, sovgʻa-yu mol-hol, yana uchta oqsoqol bilan Boysunga sovchi yubordi. Koʻp oʻtmay sovchilar ikki qoʻli burnida qaytib, noilojlikning sababini aytib, Sepkilshohning askarlari Boysundagi sandiqlarni qoqlab, yigit-qizlarni bogʻlab, qul va choʻrilikka olib ketganini ma’lum qilishdi. Buni eshitib, Goʻroʻgʻlibekning yurak sanchigʻi, Oshiqbolaning achchigʻi qoʻzidi. Bobosidan Gʻirotni tilab, dadasining qilichini tasmaga ulab, Sepkilshohga pinhona jagʻ silab, yoʻlga chiqdi...

Oshiqbolaning gaplarini Meshpolvon oʻshanday gʻoʻdayganicha tinglab boʻlgach, unga boshdan-oyoq nazar solib dedi:

– Dadam onamga sovchi qoʻyganida, opoq otam: «Hali yosh ekansan, kurash tushsang – belingni, oʻgʻri bossa – keli ngni, dushman kelsa – elingni saqlay olarmikansan? Avval iligingni toʻldir, biron ishni doʻndir, payingni shishir, aqlingni pishir, keyin uylan», degan ekan. Seniyam boshing chumchuq¬deg-u, yondim-kuydim deyishingga oʻlaymi?

– Zotimiz oʻzi shunaqa, – deb gʻururlandi Oshiqbola. – Dadam Ravshan botir ham oʻn uch yoshida Shirvonda qilich savashib, onamni olib kelgan.

Buni eshitib, Meshpolvon chuqur xoʻrsinib qoʻydi:

– Meni dadam oʻttizida roʻzgʻor qilgan.

* * *

Shu kuyi ikkalasi gapni gapga ulab, yomonning nomini balchiqqa bulab, yaxshini osmonga koʻtarib, garmseldan yuzlari koʻkarib, saksovullarni oralab, poyonsiz sahroni boʻralab boraverdilar. Bir yoqda jizgʻanak azobi, ikkinchi yoqda suv va ovqat tejami, yana uyqusizlig-u sargardonlik balosi qoʻshilib, uch-toʻrt kundayoq Meshpolvonning holi tang boʻldi: ogʻzi qaqrab, tomogʻi taqilladi, jagʻi ochilib, tili osildi.

Oshiqbola oʻzini ancha bardam tutib kelayotgan edi. Ammo, ertalab qulogʻi tagida qandaydir shish paydo boʻldi-yu, isitma chiqib, koʻzlariga qon quyildi, belidan mador ketdi.

– Buqoq boʻlganga oʻxshayman, – deya ruhi soʻniqib poʻngʻilladi u. – Shu bashara bilan Oytumorga qanday yoʻliqaman?

Meshpolvon pishillaganicha qoʻl siltab dedi:

– Xafa boʻlma, oshnaginam, buni yoʻli oson. Ozgina noningdan bersang, qanday tuzatishni aytaman.

Oshiqbola Gʻirotning yuganini tortib, sekin yerga tushdi. Otning beliga har koʻzi toypaxtadek keladigan olacha xurjun tashlangan edi, ochiqqoʻl asilzoda undan toʻrtta non, yarim xalta tolqon, yigirmatacha pishirilgan tuxum, mayiz-turshak olib, dasturxon yozdi. Yozilayotgan dasturxonning shabadasidan uchgan qumlar hali toʻxtab-toʻxtamasidan, Meshpolvon allaqachon shu joyga chordana qurib ulgurgan edi. Oshiqbola narsalarni birin-ketin oʻrtaga keltirib qoʻyayotganda u yutoqib tamshanganicha, har safar: «Rahmat, oshna. Kam boʻlma», deb duogoʻylanib turdi.

Nihoyat «oling-oling»ga navbat yetdi. Oshiqbola dastlabki non burdasini ogʻziga solayotib, tuxumga sepishga tuz yoʻqligini koʻrdi-yu, borib yana xurjunni titkiladi. Tuzni olib kelib qarasa, dasturxon shipshiydam. Nima boʻlganini tushunmay, bir muddat angrayib turganidan soʻng, Meshpolvondan soʻradi:

– Hoy, dasturxondagilar qani?

– Nima balo, seniyam qorning ochmidi? – deya bezrayib boqdi Meshpolvon. – Shuni oldinroq aytmaysanmi? Qoʻlingdagi yeydigan narsami oʻzi?

– Tuz.

– Qani, buyoqqa uzat-chi.

Meshpolvon tuzni olib, shartta ogʻziga toʻkdi. Yutayotib hatto yuzini burishtirib qoʻymadi.

Ular ovqatlanib boʻliboq yana yoʻlga tushishdi. Yutinishga ham qiynalayotgan Oshiqbola yoʻl-yoʻlakay zogʻorani soʻrib borayotib, «buqoqning davosini aytgin endi», deb zardalandi.

– Hozir aytaman, – dedi Meshpolvon. – Oldin ozgina ovqatdan choʻzgin. Chika minan Puka esdan chiqibdi-ku.

– Kim deding? –zogʻorasidan bir toʻgʻramini uzatayotib soʻradi Oshiqbola.

– Ilonlarim, – deya oziqni uch qismga boʻlib, birini oʻng qoʻyniga, ikkinchisini chapiga tiqdi Meshpolvon. Uchinchi boʻlakni esa oʻzi yamlay boshladi. – Oʻng qoʻynigʻimdagisi – Chika, chapdagisi – Puka. Umringda oshiq oʻynaganmisan oʻzing? Otgan oshigʻing yutuq tomonga yonboshlasa – chika, teskari tarafi tushsa, puka boʻladi.

Ana endi Meshpolvonning Oshiqboladan kulishini koʻring:

Shoʻring qursin, baxmal chopon,
Ulgʻayibsan juda nodon.
Oshiq nima, bilmasmisan?
Oʻzbakmisan, habashmisan?
Bordir yana yongʻoq oʻyin,
Yutsang – ovqat ikki qoʻyin.
Yoz kelganda kirib boqqa,
Otganmisan zoʻldir-soqqa?
Yerga chizib «chizma-chiziq»,
Sopol surish undan qiziq.
Oʻynamagan boʻlsang «Dasta» ,
Demak, mendan zarbing past-da.
«Hammom pishdi» besh yoshga mos,
Oʻn yoshgacha hayinchak os.
Katta boʻlib qoldik endi,
Bizga bopi – «eshak mindi».
Bilmayman deb jahlim qoʻzma,
Axir, mashhur «Quloqchoʻzma» –
Kam emasdir ulogʻingdan,
Oʻt chaqnaydi qulogʻingdan.
Hammasini qiyoslab koʻr,
«Moʻri-moʻri» oʻyini zoʻr.
Bordir yana «Bekinmachoq»,
Eng qaltisi – «Urshapaloq» .
Qilar seni ovchi, jangchi:
«Yoppa kurash», «Sholi yanchi»,
«Pichoq sanchar», «Sopqon otdi»,
«Kamand chirmash», «Arqon tortdi».
Aralashsa agar qizlar,
Kelin-kuyov saylab bizlar,
Oʻynar edik «Xola quchgan»,
Kimki sovchi – qoʻlga tushgan.
Boʻshang qizni qilar qoqvosh
«Hakalakam» minan «Toʻptosh».
Ayniqsa til qayrar juda
«Oling, quda-bering, quda».
Oʻynaganlar «Oq-koʻk terak» ,
Chopa olar naq pirpirak.
Yetti pushtdan qolgan meros
«Halov, tuya», «Tojixoʻroz»...
E, bularni kim bilmabdi,
Bu dunyoda tugʻilmabdi.

Oshiqbola nafsi oʻtkir yoʻldoshining bidirlashlariga befarq quloq solib turgach, qovoq-tumshugʻi osilib soʻradi:

– Buqoqning davosi nima, deyapman? Yo xurjunim boʻshamaguncha aytmaysanmi?

– Buqoqmas bu, – deb nihoyat asosiy gapga oʻtdi Mesh¬polvon. – Buni tepki deyishadi. Davosi oson: ikkita kulchami, toʻrtta olmami, oltita varaqimi – nimaniki topsang, hisobini juft qilib, egizak tuqqan xotinning uyiga borasan, qoʻlingdagini berib, dardingni aytasan. Yegan ogʻiz uyalar degan gap bor. Xotin hamma ishini tashlab qoʻyib, kallangni poʻsaxonaga midib yotqizadi, shishgan joyingga yalang oyogʻi bilan yetti marta tepadi. Bir haftadan keyin sen koʻrmading, men koʻrmadim boʻlasan.

Oshiqbola indamay otiga qamchi urdi. Meshpolvon ham xachirini oldinga qistab, sevimli qoʻshigʻini xirgoyi qila boshladi:

Olma yedim baqalogʻidan,
Gilos yedim chaqalogʻidan,
Anjir yedim yapalogʻidan,
Bogʻbon buvaning shapalogʻidan...

Ular turtinib-surtinib, talay yoʻl bosishdi. Egizak bolali xotin uyoqda tursin, qargʻish tekkan bu sahroda biron-bir tirik jonning oʻzini uchratish amrimahol edi. Shunga qaramay, Oshiqbolaning boʻynidagi shish bir haftada oʻz-oʻzidan qaytib ketdi.

* * *

Xayriyatki, sahroning naryogʻi Meshpolvon oʻylaganidek, «er tugagan joy»ga borib taqalmas ekan. Avvaliga yakka-chekka ovullar uchrab, oxiri kattakon daryoning boʻyidan chiqib qolishdi. Qirgʻoq yoqalab borib, kechga yaqin Mingpoda shahriga duch kelishdi. Yoʻldagi ovullarda mehmon boʻlish¬ganda, mingpodaliklar Sepkilshohga oʻz xohishlari bilan boʻysunib, daryodan quyidagi yerlarni talashiga yoʻl ochib berishganini choʻpon-choʻliqlardan eshitishgan edi.

Qoʻsh-omoch arang siqqulik tor koʻchalarida har xil chuqur qazilgan, qurumli gumbazlariga oʻrgimchaktoʻr osilgan, devorlari nuragan, gʻijirloq darvozalari moy soʻragan bu shaharda ikkalasi karvonsaroy qidirib ancha sarson boʻlishdi. Birov itmisan, bitmisan demadi. Hamma oʻz ishini bitirish, oʻz nafsiga qaygʻurish bilan band edi.

Begona-ku – begona, bu yerning odamlari hatto bir-biriga ham oqibatsizligi shundoqqina koʻrinib turardi. Agar yaqin tanishlar uchrashib qolsa, birovi bosh qimirlatsayam obroʻyi toʻkiladigandek, shunchaki qosh uchirib qoʻyar, unisi bezrayganicha sal qovoq yumib alik olardi. Qarama-qarshi darvozalardan koʻchaga teng chiqib kelgan qoʻshnilarning biri gʻoʻdayib koʻz qissa, ikkinchisi jiyinib moʻylov uchirardi. Dushman ularni hech bir qiyinchiliksiz tobe etib, endi osongina tizginlab yurganining boisi ham shu boʻlsa kerak.

Faqat bolalargina gʻalati qurollanib, hoʻkizteri yopingan jangchini alohida qiziquv bilan tomosha qilishib, koʻchama-koʻcha ergashib borishdi.

Yoʻllar torligi uchun ulovlar oldinma-ketin yurar, otning tuyogʻi taratgan changdan Meshpolvonning tomogʻi qichishib, xachiri ham nafasi qaytayotgandek tinimsiz bezanglardi.

«Gʻirot boʻlsang oʻzingga!– deya tixirlandi Meshpolvon. – Xumbosh egang izzatini bilib, orqada yuraversa oʻlarmidi?»

Oldda doim asilzoda,
Qolgan odam goʻyo poda.
Mayli, oldda yursa yursin,
Biroq changitgani qursin.
Achishadi tanglay-tomoq,
Koʻzlaringga toʻlar tuproq.
Yoʻl qayoqda, koʻrolmaysan,
Jilovniyam burolmaysan.
Savol bersang, kelmas javob,
Yetaklaydi battar shitob...
Ayting, axir bunday «poyga»,
Boshlab borar oxir qayga?
Sizga rostin desam, xullas,
Ergashganga qilmang havas.
Umr oʻtar boʻlsa changda,
Oʻlgan yaxshi biror jangda.

Borib-borib, toʻrtkoʻchaga tutashuvchi keng yalanglikka chiqib qolishdi. Oʻrtada – suvsiz toshhovuz. Hovuz boʻyidagi qurigan chinor ostida soch-soqoli oshqovoqpalak boʻlib oʻsgan, chakmoni qalandarning paytavasidek toʻzgan, shalvariga mingta yamoq oralagan, oyogʻining boshmaldogʻi chorigʻidan moʻralagan haykalsimon bir gadoy ajab-ajab gaplarni aytib, javranib oʻtirardi:

– Hoʻ, odamlar! Jindak aql tashlab oʻting, oʻrniga tilimni beraman.

Meshpolvon hech narsaga tushunmay, merovlanganicha Oshiqbolaga qaradi.

– Hoʻ, odamlar! Menga insof berib, jigʻildonimni olaqoling. Bilaman, baribir sizga insofning keragi yoʻq.

Endi Oshiqbola ham hayratlanib, Meshpolvonga oʻgirildi.

– Hoʻ, odamlar! Mayli, burnimni oling, ortiqcha koʻz-quloqlarni menga topshiring.

Ikki musofir angraygan kuyi ulovlaridan tushib, gadoyga yaqin borishdi, birin-ketin salom berishdi.

– Gapni qisqa qilinglar, – dedi gadoy. – Sizlarga oʻpka kerakmi? Oʻrniga nima berasizlar? Yurakmi?

Ular nima deyishni bilmay, bir muddat kalovlanib turishdi. Nihoyat Oshiqbola tili tutilib gap boshladi:

– Nega... bunaqa deyapsiz, bobo?

– Olamdagi eng qimmatli jonzot – odam, – deya shohona qiyofada osmonga qoʻlini bigiz qildi gadoy. – Chunki, unda aql bor, idrok bor. Aql-u idrokniyam, farosatniyam koʻz bilan quloq boyitadi. Biz boʻlsak, burun bilan yashayapmiz, til bilan kun koʻryapmiz. Iskovuchmiz! Chaqimchimiz!

– Bechoraga boringni bergin, – deb shivirladi Meshpolvon, – ochlikdan jinni boʻpqolay depti.

Gadoy bu gal ularni quloq solib emas, koʻzi bilan tinglayot¬gandek edi.

– Dunyoda uch xil jinni bor: xalqini talonchilik bilan toʻydiradigan podsho, podsho nima desa ma’qullayveradigan amaldor, shu ikkala jinniga qoʻshilgan fuqaro.

Gadoy shunday deya ulardan yuz oʻgirib, viqor bilan jagʻini koʻtardi, bulutlari qizgʻish osmonga qiyalab tikildi. Oshiqbola tulporidagi xurjunni tag-tugi bilan olib kelib, uning oldiga qoʻyayotganda ham, ikkovi asta uzoqlashib borayotganda ham, rahmat aytish tugul hatto churq etmadi. Olovrang bulutlarga koʻz qadaganicha toshdek qotib turaverdi.

Ular gadoyning gapidan hayron lab tishlab, ulovlarining tizginidan ushlab, yalanglikni piyoda kesib oʻtishdi, toʻgʻridagi torkoʻchaning boshiga yetishdi. Oshiqbola uzangiga endi oyoq qoʻymoqchi boʻlganida, Meshpolvon unga burun teshigini doʻlayib karilladi:

– Menga qaragin, oshna. Toʻgʻrisini aytganda, haddingdan oshyapsan. Kimsan – dahshatli Meshpolvon boʻlsam, nomimga yarasha obroʻyim bor. Indamasam, shaharda oldimga tushib yurding. Boya gadoygayam men turganda avval sen salom berding. Shuyam ishmi?

Shu kuyi, Meshpolvonning ogʻzidan bodi kirib, shodi chiqaverdi:

Yurma menga egov boʻlib,
Olifta-yu lalov boʻlib,
Yoz paytiyam tumov boʻlib,
Burning qilib paraq-puruq.
Bosib kiborliging yuki,
Yoʻl boshlama loʻkki-loʻkki,
Asli mendan farqing shuki,
Tasmang faqat yaraq-yuruq.
Boʻlmasa non, tolqonlaring,
Tinglamasdim yolgʻonlaring,
Qilich, sovut, qalqonlaring
Jonga tegdi – sharaq-shuruq.
Qoʻymay turib hali soqol,
Pandlar aytib, toʻqib maqol,
Oʻchoqdagi choydish misol
Qilaverma varaq-vuruq.
Gʻirotdan gʻoz boqinasan,
Yayov yursang, qoqinasan,
Goʻdaksan-u, sogʻinasan –
Koʻz suzsa qiz charaq-churuq.
Qon boʻldim sen egov bilan,
Olifta-yu lalov bilan,
Sopqolmayin oʻqlov bilan
Boshginangga taraq-turuq.

Oshiqbolaning bu gapdan gʻashi kelgan boʻlsayam, oʻzini bosdi, oʻrtogʻining soddadilligiga kulib qoʻyaqoldi.

Bir mahal torkoʻchada juvonlari iljaygan, erkaklari soʻljaygan mazanglar paydo boʻldi. Ular chirmandani bata-bang urib, oʻyinchi kampirni oldinga surib, shoʻx-shoʻx qoʻshiq kuylab, bironta laqmani avrashni oʻylab kelishardi.

Oʻyinchi kampirning qoʻshigʻi mana bunday edi:

Qaynanalar, kelinglar,
Kumush tanga beringlar.
Alam qilar kelincha,
Saqich olib chaynasak.
Kelinchalar, kelinglar,
Chirmandadan olinglar.
Kuysa kuyar qaynana,
Uni chalib oʻynasak...

Meshpolvon ularning oldini toʻsib, yaqin atrofda karvonsaroy bor-yoʻqligini soʻradi. Oʻyinchi kampir boʻynidagi marjonlarini sharaqlatib, piyoladek koʻzlarini charaqlatib, unga yaqin keldi. Qoʻlini beliga tirkab, ogʻzidan dovul purkab: «Bittagina karvon¬saroy bor, uyam tovuqning katagidek tor, har oʻnta musofirdan bittasi toʻgʻri, qolgani oʻgʻri, uxlasang – u yoningda hangi, bu yoningda bangi, sani koʻngling gumonda, ularniki – hamyonda, topilsa – chaqani, topilmasa – otingdagi taqani olishadi. Undan koʻra, biz bilan yuringlar, tunning gashtini yalangda suringlar, soy boʻyida bazm qilamiz, yeganimizni ajriqda dumalab hazm qilamiz», dedi. Ikkovlon bir zum paysallanib turishgach, qimmatbaho molimiz yoʻq, birovdan xavfsiraydigan holimiz yoʻq, deyishib mazanglarga ergashishdi.

* * *

Bu koʻchmanchilar shahar chetidagi soy sohiliga makon qurishgan ekan. Borib, oʻtloq joyga davra-davra boʻlib oʻtirishdi. Har kim himmatiga yarasha narsa olib kelib, oʻrtaga toʻkaverdi.

Meshpolvon tekin ziyofatdan suyunib, endigina yeng shimarmoqchi boʻlib turgan ediki, ot tuyoqlarining dupur-dupuri eshitildi. Qosh qoraya boshlagani tufayli, qandaydir otliq toʻda shu yoqqa yaqinlayotganini ham ilgʻamay qolishibdi.

Ot ustiga oʻrnatilgan ulkan tarvuzni eslatuvchi baqaloq kishi birinchi boʻlib doʻng ortidan chiqib keldi.

– Bu Nahang oʻlponchi,– deya u tomonga ishora qildi oʻyinchi kampir.–Soliq toʻplab yuribdi.

...Voy, oʻyinqaroq kitobxonlarim-ey, hali soliqning nimaliginiyam bilmaymiz deng? Juda baxtlisizlar-da!

Dunyoda zoʻrlab olinadigan soliqdan rasvo narsa yoʻq. Masalan, aytaylikki, bobongizning bobosidan meros qolgan besh tanob yeringiz bor. Ana shu yerga oʻzingiz chilla suvi berib, oʻzingiz haydab, oʻzingiz oʻgʻit solib, oʻzingiz mola bosib, oʻzingiz urugʻ sochasiz. Ariq tozalash-u ekin sugʻorish ham oʻzingizning boʻyningizda. Yugurib-elib, bugʻdoyniyam pishirib olasiz. Keyin oʻrasiz, bogʻlaysiz, toʻplaysiz, xirmonga tashib chiqasiz, yoyasiz, birovning hoʻkiziga haq toʻlab yanchiysiz. Donni poxoldan ajratib olgach, uni shamolga shopirib saralaysiz. Ana endi gʻallani qopga solsangiz ham boʻlaveradi.

Bugʻdoy oʻn qop chiqdi deylik. Unga qarab, kallada xomchoʻt qila boshlaysiz: tegirmonga olib borsam, taxminan shuncha un boʻladi, shunchasi tegirmonhaqiga ketadi, shunchasini non yopib yeyishga ajrataman, shunchasini sotib, roʻzgʻorga shu-shu narsalarni olaman...

Birdan fikringiz chalkashadi, bu bugʻdoylardan kelasi bahor¬da ekishga urugʻlik asrab qoʻyish yodingizdan koʻtarilganini fahmlaysiz. Hisob-kitobni qaytadan boshlamoqchi boʻlib turganingizda, dabdurustdan poshsholikning odamlari kelib qoladi, bugʻdoylarni Sepkilshohga qarashli yerlarda oʻstirding, endi haqini choʻzib qoʻy, deyishadi.

Oʻz mehnatingiz bilan oʻz yeringizda yetishtirgan hosilin¬gizning poshsholik uchun olinadigan oʻsha qismi «soliq» deyiladi, uni undirib ketadigan kishilarni esa «soliqchi» yoki «oʻlponchi» deb qargʻashadi.

Oʻlponchi insof qilsa, bugʻdoyingizning yarmini, insof qilmasa, oʻn qopdan yetti-sakkiztasini olib ketaveradi. Bugʻdoy¬ning oʻrniga pul beraman desangiz ham yoʻq demaydi.

Poshsholar-u amaldorlar kimlar-u nimalarning hisobiga kun kechirishini endi bilib olgandirsiz? Ular shunaqa, oʻzini boqayotgan odamlarning xok-poyini koʻzga surtish oʻrniga, ularga zoʻrlik qilishadi, aldashadi, oʻlay deb topganini talab ketishadi...

Nahang oʻlponchi Sepkilshohning moldek fahmsiz, boʻridek rahmsiz soliqchisi edi. Podishoh oʻn xil soliq solsa, u yana uch xilini qoʻshar, besh tangadan toʻplab kel desa, odamlardan olti-etti tangani shilib olardi.

U har safargidek yigirmata maishatparast sarbozi, ikkita kalxatfe’l jallodi bilan Mingpodaga kelib, birovni qoʻrqitib, birovni darrada kaltaklatib, qaysarini dorga osdirib, poshsholikning xilma-xil soliqlarini yigʻib qaytayotgan edi: yer soligʻi, suv soligʻi, uy soligʻi, mol soligʻi, oʻtin puli, tutun puli, eshak puli, kesak puli...

Bulardan choʻntakka urib qolgani yetmagandek, Nahang oʻlponchi salla soligʻi bilan ishton puliniyam oʻzicha qoʻshib qoʻygandi. Soliqchilar kelgandan keyin bu yurtda sallaliklar soni keskin kamayib ketgan boʻlsa-da, ammo ishton pulidan hech kim qochib qutulolmadi.

Nahang oʻlponchidan soʻng doʻnglikda ikki barzangi jallod, yuk ortilgan tuyalarni qoʻriqlab kelayotgan qora papoqli sarbozlar paydo boʻldi.

– Qimirlamay tur hammang! – deb doʻq urdi Nahang oʻlponchi mazanglarga yaqinlashayotib.

Sarbozlar oʻtirganlarni tezda qurshab olishdi.

– Hoy, sandan oynanay, – deya oʻrnidan turib oʻlponchiga yuzlandi oʻyinchi kampir. –Qoʻlida eski chirmanda, choʻntagi quruq sharmanda loʻlilar boʻlsak. Bizdan nimani istaysan?

– Gapni koʻpaytirma, – deb oʻshqirdi Nahang oʻlponchi. – Chirmanda pulini yaxshilikcha toʻlab qoʻy.

Mazang kampirning koʻzlari chaqchaydi. «Yetmish yil sangʻib, sakson mamlakatni koʻrdim. Lokin chirmandaga soliq solganlarini birinchi boʻlib san muttaham aytding», deya bir soʻz dedi:

Soliq solding yerimga,
Qoʻydan shilgan terimga,
Soyda yuvgan kirimga,
Chirmandamga yopishma.
Olding koʻchat pulini,
Olding koʻkat pulini,
Olding noʻxat pulini,
Chirmandamga yopishma.
Boʻkish puli soʻrading,
Choʻkish puli soʻrading,
Soʻkish puli soʻrading,
Chirmandamga yopishma.
Qizlar toʻlar xol puli,
Kampir toʻlar chol puli,
Chol toʻlar soqol puli,
Chirmandamga yopishma.
Duvol puli ber deding,
Roʻmol puli ber deding,
Shamol puli ber deding,
Chirmandamga yopishma.
Ariq puli toʻladik,
Sariq puli toʻladik,
Choriq puli toʻladik,
Chirmandamga yopishma.
Oʻylab topding qor pulin,
Oʻylab topding dor pulin,
Oʻylab topding or pulin,
Chirmandamga yopishma.
Soliq solding tushga ham,
Soliq toʻlar ishtaham,
Kelib endi, muttaham,
Chirmandamga yopishma.

Nahang oʻlponchining birdan figʻoni falakka chiqib: «Kim muttaham? Hozir seni oʻlponga olingan echki hisobida goʻshtga tortaman», deganicha kampirga dagʻdaga qila ketdi:

Hap senimi, loʻli kampir,
Tish oʻtmagan eski chandir,
Gap bilan jon olgan ombir,
Seni goʻshtga tortish kerak.
Bordir poshsho chizgan chiziq,
Tan olmading uni, qiziq,
Oʻy-maqsading juda buzuq,
Seni goʻshtga tortish kerak.
Chiqib kelib shitob bilan,
Fitnanamo xitob bilan,
Gap talashding arbob bilan,
Seni goʻshtga tortish kerak.
Qachongacha semirasan,
Soliq bermay kemirasan,
Mamlakatni yemirasan,
Seni goʻshtga tortish kerak.

Nahang oʻlponchi kampir tarafga imo qilib, moʻylovini qimirlatdi. Jallodlar otdan tushib, qoʻllaridagi soʻyilni havoda vizillatgan kuyi oʻyinchi kampirga yaqinlasha borishdi. Mazang yigitlar chaqqonlik bilan oʻrinlaridan turib, kampirning atrofini oʻrab olishdi, yeng shimarib, musht-mushtga shaylanishdi. Jallodlardan biri oldinroqdagi chayir oʻsmirning oʻsiq sochidan tutamlab, boshdan oshirganicha orqaga uloqtirdi. Buni koʻrib, sarbozlar qah-qah urib kula boshlashdi.

Dadasi gohida Meshpolvonga: «Odamxoʻr jalloddan qoʻrqma, ahmoq doʻstdan qoʻrq», deb uqtirar, soʻng bu gapini izohlab: «Ahmoq odamlar ogʻmachi, ogʻmachilar ta’magir, ta’magirlar xaromxoʻr boʻlishadi. Xaromxoʻrlarni qarmoqqa ilintirish oson, gʻanimlaring undan chayon yasab, paytavangga tashlashadi. Paytavadagi chayon esa seni kutilmaganda chaqishi bilan jalloddan ming marta xavfli», derdi. Qiziq! Ahmoq doʻstning basharasi qanaqa boʻlarkin?

Meshpolvon dangal oldinga chiqib, loʻlilarga: «Toʻxtanglar!» deb hayqirdi va «bularni menga qoʻyib beringlar», deya jallodlarga yaqin bordi. Jallodlardan biri masxaraomuz tirjayib: «Yordam beringloʻ-oʻ-r!» - deb atrofga alangladi. Ikkinchisi ham: «Alpomishga uchradik-ku, voy dod!» - deya askiyaga qoʻshildi.

– Tayyor tur, Chika!– deb shivirladi Meshpolvon oʻng qoʻynidagi ilonni turtib. Ilon yengdan oʻrmalab borib, boshini uning kaftiga suykay boshladi. – Rostdanam juda zoʻrmisan? – dedi Meshpolvon endi birinchi jallodga pisandsiz boqib. – Oldin bir qoʻl qisishib koʻrmaymizmi?

– Iye, shunaqami hali? – deb hingilladi jallod. Keyin osmonga tikilganicha beparvo qoʻl uzatdi. – Ma, bir uqalab qoʻy.

Bu hangomani kuzatib turgan sarbozlar Nahang oʻlponchiga qoʻshilib, yayrab-yayrab kulishdi.

Meshpolvon larzanglab borib, jallodning qoʻlini changalladi. Uni qattiq qismoqchidek «Hayt!» deb qichqirgan paytda ilon begona kaftni chimillatib chaqib oldi. Barzangi bir dodladi-yu, shilq etib tushganicha nafasi toʻxtadi.

Meshpolvon gʻolibona qiyofada atrofga alangladi. Nahang oʻlponchi soʻrrayib, sarbozlar angrayib, mazanglar dong qotib turganini koʻrdi. Birgina Oshiqbola odatdagidek xotirjam edi.

– Shunday mutaxassisni nima qip qoʻyding? – deya achinib baqirdi Nahang oʻlponchi. – Bunaqa vahshiy endi yo topiladi, yo topilmaydi.

Ikkinchi jallodning barmoqlari kaftda boʻgʻizlanib, tumshugʻi toʻngʻizlanib, vahimalar togʻini Meshpolvonning ustiga agʻdargudek boʻldi:

– Kunim bitdi deyaver, bola. Qoʻlingni uzib, itlarga beraman. Oyogʻing hakkalarga hakaltayoq boʻladi. Kindigingni sugʻurib, buzoqqa chilvir qilaman. Qulogʻingdan parrak, burningdan hushtak yasayman.

– Koʻp kerilma!– dedi Meshpolvon. –Peshanangga bitta chertsam, pitillab qolasan.

– Men pitillaymanmi?– deb na’ra tortdi ikkinchi jallod. – Mana, chertvol! Armonda ketma!

U gʻijinganicha peshanasini tutgan chogʻda Meshpolvon chap qoʻynidagi ilonni turtib: «Koʻzingni och, Puka!» – deb shivirladi. Puka asta oʻrmalab, yengining uchiga kelganini sezganidan soʻng, dabdaba bilan raqibiga yaqinlashdi.

– Mayli, odamgarchilik qilib chap qoʻlimda chertaqolay,– dedi u. – Oʻngida chertsam, kallang uchib ketmasin.

Shunday deya «Hayt!» deb jallodning peshanasiga chertdi. Yeng ichidan boshini chiqarib turgan ilon zaharli tishini kallaga botirdi. Jallod aravadan tashlangan toʻngakdek oyogʻi osmondan boʻlib yerga agʻanadi. Mazanglar ham, sarbozlar ham baravar: «Vo-o-h!» deb yuborishdi.

Shundan keyin Meshpolvon sarbozlarga mayda hasharotlarga qaragandek qarab, gapni gupirtirishga tushdi:

– Hov, hani-hunilar! Meni tanimayapsanlar shekilli? Yuz tomonga dongʻi ketgan dahshatli Meshpolvon – menman. Senlarga oʻxshagan chittak-pittaklar minan pachakilashishga vaqtim yoʻq. Kuch sinashmoqchi boʻlsanglar, ana, shogirdim Oshiqbola turibdi, Goʻroʻgʻlibekning chevarasi boʻladi, shu bola minan urisha¬veringlar.

Ilonlarning zahari tugab, Meshpolvon noiloj qolganini sezgan Oshiqbola bir sakrab Gʻirotga mindi. Qilichini sugʻurib, sarbozlarning ustiga hayqirganicha ot soldi:

Kelavergin taraf boʻlsang,
Mendan gina qilma oʻlsang,
Goʻroʻgʻlibek bobom, bilsang,
Qilichida mundoq chopgan.
Senlarga sal beray saboq,
Boshlar bilan uchsin papoq,
Qarindoshim Avaz baboq
Qilichida mundoq chopgan.
Opoq otam Hasan polvon
Urushganda boʻlib qoplon,
Qonxoʻrlarni qoʻymay omon,
Qilichida mundoq chopgan.
Ravshan botir menga ota,
Bilaklari juvozxoda,
Shirvon askarlarin togʻda
Qilichida mundoq chopgan.
Jang qilay, tan bersin olam,
Faxrlansin bir kun bolam,
Desin: «Dushmanlarin dadam –
Qilichida mundoq chopgan!»

Oshiqbola oʻzbekning nomiga xos ish qilib, pahlavon ota-bobolarini pesh qilib, bundan kuchiga kuch qoʻshilib, qoʻlida qilichi eshilib, qora papoqlilarni qiyrata ketdi. Lekin, qora papoqlilar ham sara sarbozlar edi, bir tirranchadan chekinishni oʻzlariga ep koʻrmay, jon-jahdlari bilan savalashishdi, koʻp talafot berayotganiga qaramasdan Oshiqbolani soy yoqasiga qisib borishdi. Endi qoʻlga tushding deya «hayov-hayov»lab shovqin koʻtarishdi.

Oshiqbola oʻng tomondagilarning hamlasini qaytarishga chalgʻigan damda chapdagilardan biri kamonda uning kuragini nishonga oldi. Meshpolvon «orqangga qara», deb qichqirmoqchi boʻlgan ediki, yonginasida «tup» etgan tovush eshitildi. Sarbozning kamoni qoʻlidan uchib, chap koʻzini changalla¬ganicha otdan yiqildi. Meshpolvon oʻgirilib qarasa, boya jallod boshidan oshirib uloqtirgan uzunsoch loʻli bola tuppakni oʻqlab turibdi. Oʻqlab boʻlgach, ogʻziga solib puflagan edi, yana «tup» etgan ovoz taralib, endi boshqa bir sarboz koʻziga kaft bosib, otdan agʻdarildi.

– Oʻqiga qalampir qoʻshganman, joʻro, – deb Meshpolvonga irshayib boqdi mazang bola. – Koʻz deganni yondiradi!

Shu tariqa u hash-pash deguncha besh-olti dushmanni choʻziltirib qoʻydi. Bu orada Oshiqbola qurshovni yorib chiqib, endi qora papoqlilarni quvlab yurib chopishga tushdi.

Nahang oʻlponchi koʻrdiki, ahvol chatoq. Shartta otining boshini burib, «sharaqa-shuruq» qochib qoldi. Ajali yetmagan uch-toʻrt sarboz yarador joʻralarigayam, karvondagi oʻljalarigayam qaramay, jonholatda unga ergashdi.

Yovning yengilib qochganini koʻrgan mazanglar gʻala-gʻovur bilan Meshpolvonni oʻrab olishdi, umrimizda bunaqa pahlavonni uchratmagan edik, deb maqtay ketishdi. Bundan Meshpolvonning behad dimogʻi koʻtarilgan boʻlsayam, oʻzini kamtarroq koʻrsatishga urindi.

– Bas endi, loʻlijonlar, maqtovni toʻxtatinglar, – dedi u moʻmiqdek gʻoʻdayib. – Bular nima boʻpti? Aslini olganda, ertakdagi qizil devniyam men sulaytirganman. Maqtanishni yomon koʻrganimdan, hech kimga aytmay yuruvdim. Boʻldi endi, uyaltirmanglar meni. Odamlar mana shunaqa oyogʻimga yiqilavermasin deb qirq boshli ajdarhoni tinchitganimniyam birovga bildirmagandim. Bas, odamni xijolat qilyapsizlar. Ochigʻini aytsam, Badaxshon-u Fargʻonani kemirib yotgan odamxoʻr yalmogʻizniyam, Buxoro-yu Xorazmni tilsimlab qoʻygan malla jodugarniyam oʻzim oʻldirganman. Yetar endi, etagimni oʻpib, meni uyaltirmanglar. Quruq maqtayvergandan koʻra, ovqat-povqatdan gapiringlar.

Buni eshitib, mazanglarning oqsoqoli mehmonni siylash kimni oʻldiribdi deb, ziyofat ustiga ziyofat beraverdi. Meshpolvon esa, «boʻldi, toʻydim», demay, borini boʻksitib uraverdi. Mazanglarning ikki haftaga yetgulik oziq-ovqati qironga uchrab, «topganimiz shu edi», deb uzr soʻrashgandan keyin, Meshpolvon noiloj qoʻlini artdi. Nafsi andak tiyilib, kayfiyati suyulib maysaga yonboshlarkan, Oshiqbolaga qarab dedi:

– Manavini odamgarchilik desa boʻladi. Mazanglarga qoyil qoldim. Ke, oshna, karvonni mol-dunyosi minan shularga beraylik.

– Narsalarni egalariga qaytaramiz, – deb e’tiroz bildirdi Oshiqbola. – Ular kambagʻal odamlarniki.

Meshpolvonning birdan jahli qoʻzib oʻshqirdi:

– Mingpodaliklar Sepkilshohga oʻzlari sotilgan. Baloni olishsin!

Hozir uning dilida kechayotgan soʻzlarni misralarda ifodalashga urinib koʻraylik:

Boqma boy-u nochoriga,
Qoʻshma odam qatoriga,
Oʻz yurtining attoriga –
Sotqinlarga rahm qilma.
Molasidan uyalmagan,
Dalasidan uyalmagan,
Bolasidan uyalmagan
Sotqinlarga rahm qilma.
Urushmasdan asir tushib,
Bir-biridan endi choʻchib,
Yuraversin rangi oʻchib,
Sotqinlarga rahm qilma.
Yov soqolin yulolmagan,
Oʻqlov bilan sololmagan,
Mendan oʻrnak ololmagan
Sotqinlarga rahm qilma.

– Qoningni qaynatmasdan turgin,–deya Meshpolvonga tanbeh berdi mazang kampir. – Oʻrtogʻing toʻgʻri aytgani shuki, odamlarda ayb kam, yurtni amaldor sotadi. Karvondagi mullajiringlarni kambagʻallarga qaytib topshir. Mazanglarning boyligi yoʻlda, bizga ot bilan tuyalarni savgʻo qilsanglar boʻlgani.

Maslahatlashib, oxiri bir qarorga kelishdi. Mahallalarga ikki kishi-ikki kishidan taqsimlanib, ertalabgacha boyliklarni beva-bechoralarga tarqatib chiqadigan boʻlishdi.

– Nevaram Chumakvoy san pahlavon bilan birga borsin, – tuppakchi bolani Meshpolvonga roʻpara qilib dedi mazang kampir. – Sandan aql oʻrganadi.

Ikkovlon oʻzlariga tegishli mahallada tomma-tom yurib, qopchiqdagi tangalarni moʻrilardan tashlab ketishaverdi. Mahalla oxirlab qolganida oy botib, u yer-bu yerdan xoʻroz qichqiriqlari eshitila boshladi.

Ular pastakkina tuproq tomga chiqishganda, «tamom, mahalla shu yerda adogʻ boʻldi», deb pichirladi Chumakvoy. Shu payt moʻridan dagʻdagʻali ovoz yangradi:

– Ketamiz dedimmi, ketamiz! Kechdim bunaqa egasi betayin yurtdan!

Endi keksa ayolning: «Ota yurtingdan ketib, qayergayam sigʻarding?» – degan titroq tovushi eshitildi.

– Qanaqa ota yurt? Sepkilshohning tomorqasi-ku bu. Nimani xohlasa, shuni qiladi.

– Chidab tur, bolam. Bu kelgindilargayam xudo bordir.

– Qani oʻsha Xudo?– deb shangʻilladi oʻgʻil.– Nega yurtimni ozod qilmayapti?

– Shakkoklik qilma, tiling kesilgur!

«Oshiqbola toʻgʻri gapirgan ekan, – deb oʻylab qoʻydi Meshpol¬von. – Mingpodaliklarning hammasiyam sotqin emas shekilli».

* * *

Sepkilshohning soliqchilari boplab jazolanib, karvondagi boyliklar mingpodalik kambagʻallarga tarqatib chiqilgach, Meshpolvon bilan Oshiqbola tuya va otlarni mazanglarga berib, xurjunlarini yeb-ichgulik narsalarga toʻldirib, yoʻlga shaylanishdi. Oshiqbola Meshpolvonga: «Oʻlja tushgan otlardan bittasini minib olsang-chi», degan edi, Meshpolvon: «Xachirni qoʻshnimga sogʻ-omon qaytarmasam, omonatga xiyonat boʻladi», deb koʻnmadi.

Oʻyinchi mazang kampir bu orada Chumakvoyni qoʻshxur¬junli tuyaga oʻtqazganicha yetaklab kelib, yana «pahlavonlar ustozi»ga roʻpara qildi.

– Shuni manga layzon qilib ber, pahlavon Mesh, – dedi u. – Oʻlsa, yoʻlning boʻyiga koʻmib, goʻriga tuppagini os. Ajabmas, uni topib, ziyorat qilsam.

Meshpolvon odatdagidek maqtanib yuborganini oʻzi bilmay qoldi:

– Tashvishlanmang, loʻli xola, biron yil yonimda yursa, suvda baliqni quvib ushlaydigan qip qoʻyaman. Ana, Goʻroʻgʻli boboning chevarasi menga qoʻshilib, kam boʻptimi?

Uchalasi mazanglar bilan quyuq xayrlashib, yoʻlga chiqishdi. Soʻqmogʻi oʻnqir-choʻnqir, oʻpqoni sayoz-chuqur, maysasi qovjiroq, shamoli buqadek hirqiroq dashtda past-baland boʻlib borishaverdi. Meshpolvon tuyasini loʻkillatib ketayotgan Chumakvoyga zimdan tikilib: «Xayriyat-ey, kalondimogʻ Oshiqboladan balandroqda yuradiganlar ham bor ekan-ku», deb ich-ichidan quvonib qoʻydi.

– Tuyaga nega ikkita xurjun oʻngarding?– deb soʻradi soʻng Chumakvoydan. – Shular hammasi ovqatmi?

Chumakvoy: «Yoʻq, joʻro, bittasiga tuyilgan qalampir bosdim. Oʻqsiz tuppak bilan qaysi ahmoq urushga boribdi?» – deya qoʻlidagi qurolini ta’riflashga tutindi:

Topsa agar bir masov,
Nay boʻlardi bu gʻarov,
Endi mendan ham asov
Qoʻlda turgan tuppagim.
Oʻzi goʻyo qalamdir,
Yoqtirgani – qalampir,
Boshqa ovqatni bir-bir
Chetga surgan tuppagim.
Birga-birga el kezib,
Dardlarimni tez sezib,
Yuragimni goh ezib,
Suhbat qurgan tuppagim.
Birovga dil yashnatar,
Birovga oʻq sachratar,
Doʻst-dushmanni ajratar
Koʻpni koʻrgan tuppagim.
Chiqdi juda nozikta’b,
Suygan yogʻi – doim chap,
Kimki menga otsa gap,
Koʻzdan urgan tuppagim.
Yov koʻzidan ursak soz,
Meni quchmang, iltimos,
Vazifam puflash xolos,
Asli mergan – tuppagim.
Oshiqbola kulib qoʻyib soʻradi:
– Chivinniyam koʻzidan ura olasanmi, Chumakvoy?
– Buni qiyin joyi yoʻq, joʻro, – deya pinak buzmay gapirdi Chumakvoy, – ishqilib, koʻzi qayerdaligini koʻrsatib turgin.
Hoʻkizteri yopingan Meshpolvon oʻqlovni qozonqopqoqqa «taqira-tuqur, taqira-tuqur» urib, eski ashulasini boshladi:
Olma yedim baqalogʻidan,
Gilos yedim chaqalogʻidan,
Anjir yedim yapalogʻidan,
Bogʻbon buvaning shapalogʻidan...

Tuya-otlari harsillab, qovirgʻalari qirsillab borayotgan Oshiqbola bilan Chumakvoyning oʻn kun umri dashtda shu ashulani takror-takror tinglash bilan oʻtdi. Meshpolvonning ishtahasi dastidan asrangʻi oziqlar kutilganidan ilgariroq tugab, ahvol tobora tanglashib borayotgan edi.

Oʻn birinchi kuni dashtni qoplab yotgan koʻztikan-u changal, yovshan-u yulgʻunlar borgan sayin siyraklashib, endi onda-sonda qurogʻ-u qamish, bangidevona-yu burganlar koʻzga chalina boshladi. Aravaiz yoʻlning yoqalarida yosh majnuntolni eslatuvchi qirchinlar koʻproq uchragan sari uchala oʻchkorning dili ravshan tortaverdi. Qirchin degani seroʻt yaylov yoki sugʻoriladigan yerlarga yaqin joylarda oʻsadi. Tabiiyki, qayerda chorva boqilib, ekin ekilsa, oʻsha oʻrtada odamzod yashaydi.

Ochlikdan sulayib, jagʻini qozonqopqoq qirrasiga tiyaganicha oshqovoqmanti, yalpizsomsa, poʻstirmapalov, hatto piyovoniyam soʻlak yutib oʻylab ketayotgan Meshpolvon yoʻlning oʻrtasida qalamsimon rangdor narsa yotganini koʻrib, hushyor tortdi. Sinchiklab qaradi-yu, darrov tanidi: navroʻz va hayit kunlari popukli qogʻozga oʻrab sotiladigan, salmogʻi koʻzda tortiladigan chaynamayshiming meni yalaydigan mard bormi, qand qurgʻur shunchalik xormi, deb porpirab turibdi.

Bironta anqov bozorchining tugunidan tushib qolgan boʻlsa kerak degan fikr boshiga urilib, Meshpolvon ogʻzi suvlashganicha xachirning yuganini tortdi. Oshiqbola bilan Chumakvoy ham tuya va otni teppa-teng toʻxtatganidan bezovtalanib, zudlikda yerga sakradi. Sheriklari xuddi oʻchakishayotgandek oldinma-ketin pastga tushganidan battar xavfsirab, popukqandga yaqinroq bordi, ularning nigohini chalgʻitish maqsadida tevarakka elovladi.

– Ha, nimaga toʻxtading? – deb soʻradi Oshiqbola.

– Hay, endi tinchlikmi oʻzi? – deb mingʻirladi Chumakvoy.

– Tinchlik, – dedi Meshpolvon. – Xachirimning ayilini tortvolay, egar qiyshayib ketyapti.

U, xachirning qorni ostiga bosh tiqib, ayil-pushtani tortayotgandek ivirsishga tushdi. Qancha piypalanmasin, sheriklari erinmasdan kutib turishaverdi.

– Nima, men minan ichaklaring birmi? – deb xitlandi Meshpolvon. – Birov toʻxtasa, toʻxtayverasanlarmi? Yoʻlingdan ketaver-da ikkalang.

– Sherikka qaramasdan ketvorish yaxshimas, – dedi Oshiqbola.

Chumakvoy ham donolangan boʻldi:

– Baski birga yoʻlga chiqdik, endi azobniyam, rohatniyam baham koʻraylik.

«Baham koʻraylik» degan gap Meshpolvonni choʻchitib yubordi. «Nimani shama qilyapti bu loʻlivachcha», deb ichida achchiqlandi.

U, sur sheriklarini tagʻin chalgʻitmoqchi boʻldi. Zero, ikki odim narida turgan shirinlikni qoʻlga kiritish uchun begona koʻzlarni yarim soniyagina alaxsitib qoʻyish kifoya edi. Shu maqsadda osmonga tikilib: «Anavi burgutmi, lochinmi?» – deb soʻz qotdi. Biroq umidi chippakka chiqdi, Oshiqbola ham, Chumakvoy ham osmonga qaramadi, aksincha popukqand tarafga koʻz qirini tashlashgandek tuyuldi.

Meshpolvon nima qilishni bilmay, qaytadan ayilni tortishga kirishgan edi, Oshiqbola dimogʻida xirgoyilanganicha bitta-bitta bosib kelib, popukqandni xirom etigida toʻsib toʻxtadi. Peshining changini qoqqan boʻlib sal egilgan vaqtda, hamma voqeani xachirning oyoqlari orasidan kuzatib turgan Meshpolvon oxiri chidamasdan, oʻzini oʻljaga otdi. Lekin, kutilmaganda, havodan kamon oʻqidek uchib kelgan Chumakvoy popukqandga birinchi boʻlib panja urdi. Chumakvoyning ustiga Oshiqbola, Oshiqbolaning ustiga Meshpolvon qoʻnib, loʻlabolishlardek taxlanib qolishgan damda popukqand bir sapchidi-yu, toʻrt qarich nariga borib tushdi.

Uchalasi ham koʻziga ishonmay bir zum karaxtlanib turdi. Ularning nazarida oralarida kimdir shirinlikni nariroqqa turtib yuborgandek boʻldi.

Meshpolvon eng tepada yotgani uchun oʻljaga yana hammadan oldin tashlanib koʻrdi. Biroq, maqsadga yetdim deganida, popukqand joyidan bir sakrab, uni ikkinchi bor kalaka qildi.

Oshiqbola bilan Chumakvoyning navbatma-navbat irgʻishlashi¬dan ham ish chiqmadi, qitmir oʻlja hammaga pand berib, sal narida ermaklab turaverdi.

Azbaroyi ochlikning zoʻrligi, buning ustiga qizishib ketganlari bois uchalasi ham nima boʻlayotganini mulohazalab oʻtirmadi, bunga fursat ham yoʻq edi. Ular yalanib-qalanib emaklagani sayin, popukqand erinmasdan qocha borib, oxiri yoʻl chetidagi oʻtlar ichida ilondek sirgʻalganicha gʻoyib boʻldi.

Shu pallada qirchinlar ortidan qattiq kulgi eshitildi. Turishi dalliroq, ishton-nimchasi shalviroq, beti yalpoq, boshida kigiz qalpoq, jagʻini soqol bosgan, boʻyniga choʻzma osgan pak-pakana chol qorin quchganicha panadan chiqib kelib, maysalarga dumalab-dumalab xoxolay boshladi.

Birinchi boʻlib Oshiqbola oʻrnidan turdi, keyin Chumakvoy bilan Meshpolvon. Ular qotib-qotib kulayotgan mitti cholga bir-bir xoʻmrayib, kiyimlaridagi changni qoqa ketishdi. Soʻng har biri oʻz uloviga qarab yurdi.

Buni koʻrgan cholning birdan kulgisi bosilib, baroq qoshlari osilib, kiprigidagi yoshlarni qoqib, ularga hayratomuz boqib: «Iye, bu qanaqasi, ukavoylar? Rostdanam meni urmasdan ketavera¬sizlarmi?» – deb, orqadan piching qistirdi:

Hoʻ, omadi ketmagurlar, shoshmanglar,
Meni pisand qilmay haddan oshmanglar,
Uch pahlavon uch qargʻadek qochmanglar,
Nega meni doʻpposlamay ketyapsiz?
Qand yemasdan hali hech kim oʻlmagan,
Tekin qand yeb yo sandigʻi toʻlmagan,
Ustingizdan birov mendek kulmagan,
Nega meni doʻpposlamay ketyapsiz?
Ochning koʻngli nozikligin bilsam ham,
Qogʻozga loy oʻrab, ipga ilsam ham,
Hammangizni boplab jinni qilsam ham,
Nega meni doʻpposlamay ketyapsiz?

Shunda Meshpolvon jahllanib: «Oʻzim yetti iqlimga dongʻi ketgan Meshpolvon boʻlsam, bular mendek pahlavonning shogirdlari boʻlishsa-yu, odam qurib ketgandek, sizni savalaymizmi?», - deya soʻzni koʻpirtirib berdi:

Duvol uchrasa buzib oʻtdim,
Zanjir uchrasa uzib oʻtdim,
Boʻri uchrasa ezib oʻtdim,
Koʻldan baqadek suzib oʻtdim,
Togʻdan achchigʻim qoʻzib oʻtdim,
Choʻldan qumgʻondek qizib oʻtdim,
Suvsiz sahrodan bezib oʻtdim,
Tulkidek junim toʻzib oʻtdim,
Izimni qumga chizib oʻtdim,
Dashtda quyondan oʻzib oʻtdim,
Qulogʻini bir choʻzib oʻtdim,
Yuzlab qishloqni kezib oʻtdim,
Oshning hidini sezib oʻtdim...

– Mayli, ukavoylar, urmasanglar ixtiyor oʻzlaringda, – dedi chol. – Lekin, baribir qiziq ish qilyapsizlar. Shu yerda bolalikdan berisiga oʻtkinchilarni mazaxlab kelayotgan boʻlsam, hali biron marta kaltak yemasdan qolmaganman. Mana, yuzimdagi chandiqlarni koʻrib turibsiz, bular badanimdagilarning mingdan biri xolos. Oʻnta barmogʻimdan sakkiztasi qiyshiq, oʻttiz ikki tishimni oʻttizimdayoq toʻkib boʻlishgan, qoʻl-u oyoq, umurtqa-yu qovurgʻalarimning sinmagan boʻgʻini qolmadi. Labim toʻla tirtiq, jagʻim oʻynoqi, burnim qiyshiq, chap qulogʻimning pardasini yirtishgan. Gʻoʻdayganlarni mazaxlash arzonga tushavermas ekan.

Keyin pakana chol xususan kimlarni masxaralab emaklatganini zavq-shavq bilan sanay ketdi. Ularning orasida mugʻambir baqqol-u dallollardan tortib, qassob-u jallod, hudaychi-yu ponsod, mirshab-u qozi, bek-u nozir, hatto taniqli saroy arboblarigacha bor edi:

Yulgʻich zoti koʻp dunyoda,
Ochkoʻz undan ham ziyoda,
Xoh otdadir, xoh piyoda,
Barin kulib emaklatdim.
Oʻtdi bundan oʻgʻri-kazzob,
Ukasini shilgan qallob,
Oʻtdi allop, oʻtdi jallob,
Jilib-jilib emaklatdim.
Qulga qoʻshib zoʻr quldorni,
Gadoni-yu va puldorni,
Savodsiz-u ilmdorni
Ipga ilib emaklatdim.
Berar boʻlsang la’l-u zarni,
El sotishga rozilarni –
Bek, savdogar, qozilarni
Bagʻrin tilib emaklatdim.
Arzimas-u arzirni ham,
Karnaychi-yu nozirni ham,
Nosfurush-u vazirni ham
Sichqon bilib emaklatdim.
Tekin xoʻrda boʻldi qopqon,
Keldi koʻplar taqib unvon,
Keldi toʻra, keldi sulton,
Ermak qilib emaklatdim.

– Shu vaqtgacha Sepkilshohning doriga osilmaganingizga shukur qiling, – xachiriga minib, egar qoshidagi qozon¬qopqogʻ-u oʻqlovni qoʻlga olarkan, cholga salmoqlanib gapirdi Meshpolvon. – Endi qoʻrqmasangiz ham boʻladi, yaqin orada biz uni mijigʻlab qoʻyamiz.

Mitti chol ularning niyatini payqab: «Sepkilshohning amaldorlari ozgina yerimniyam tortvolishib, meni darbadar qilishdi. Endi sizlar bilan borib, undan qasos olayin», deb arzi hol aytdi. Chumakvoy, «qoʻlingizdan biror ish kelsamikan oʻzi», deb soʻragan edi, chol boʻynidagi choʻzmaga ishora qilib, «chumchuqni burnidan uraman», dedi.

– Bizga zap ajoyib askarlar uchrayapti-da, – deb jilmaydi Oshiqbola. – Biri koʻzni moʻljallasa, boshqasi burunga yopishadi.

Meshpolvon esa yana aqlini namoyish qilgisi kelib, qochiriq gap tashladi:

– Chumchuqda burun nima qiladi, otaginam? Chumchuqda tumshuq boʻladi.

– Biz shunaqa oʻylaymiz, – deb peshanasini tirishtirdi chol. – Chumchuqlar boʻlsa, oʻzlarini burunli, odamlarni tumshuqli deyishadi.

U birpas tortishib, bolakaylarni sherikchilikka koʻndirgach, qirchinzor tarafga «me-e, me-e-e», deya ovoz qilgan edi, shoxdor bir qoʻchqor takir-tukur yugurib chiqib, egasining yonida toʻxtadi. Chol «qani, ketdik boʻlmasa», deb qoʻchqorga mindi, ikkala shoxidan mahkam ushlab, uni oldinga niqtadi.

«Xayriyat-ey, mendan pastroqda yuradiganlar ham topilib qoldi», deya oʻzicha sevinib qoʻydi Meshpolvon.

Picha yoʻl yurishgandan soʻng, mitti chol yoʻldoshlariga qoʻchqordan boʻylanib boqib: «Durustroq soʻrashib olaylik. Meni otim Rayhon qiziq», dedi. Keyin boshqalarning ismi-sharifi, tag-zotini surishtirdi. Hammasi bilan tanishib chiqqach:

– Iye, hali Oltiariqdanmisan? – deya Meshpolvonga iljayib yuzlandi. – U tomonlik odamlarni juda shinavanda deyishadi. Bolaligimizdagi bir aytishuv hozirgacha esimda turibdi.

Oʻsha aytishuv mana bunaqa ekan:

– Oltiariq – zoʻr ariq!

– Bu ariqda nima bor?

– Yelkani koʻk kema bor.

– Kemasida nima bor?

– Joʻra minan Juma bor.

Joʻravoyni uni bor,

Jumavoyni juni bor.

– Qayga borar Joʻravoy?

– Istambulga yetvolsa,

Unni junga almashar.

– Qayga borar Jumavoy?

– Istambulga yetvolsa,

Junni unga almashar...

Meshpolvon Rayhon qiziqqa tumtayib boqdi:

– Nima boʻlgandayam, yurtingizga mehmonmiz. eski-tuski she’rlarni aytgandan koʻra, kichik bir ziyofat tashkil qilsangiz-chi.

– Oʻzim ham yurtimga musofirman, – deb javob qildi chol. Soʻng oldi ochiq nimchasi ostidan bogʻlangan qoʻsh¬belbogʻning birini yechdi. – Mana, belbogʻimda beshta qatirma bor, shuni tinchitib qoʻyaqolamiz.

U yoʻl-yoʻlakay qatirmalarni taqsimlashga tushdi.

– Menga ikkita bering, otaginam, – dedi Meshpolvon. – Qoʻynigʻimda egizak ilonlar yotibdi. Qornini yaxshilab toʻydirmasak, hammamizni chaqib oʻldirishadi.

– Be, gap buyoqda ekan-da, – deb lab burdi Chumakvoy. – Men ahmoqni koʻrginki, jallodni chertib oʻldirganingga isho¬nibman.

Meshpolvonning qoʻqqis avzoyi buzilib, oʻshqirib berdi:

– Ogʻzingni yum, loʻli! Qoʻyinga ilon solib yurishgayam yurak kerak!

– Kimda qancha yurak bor – endi buni bilmadim...

– Loʻlilar ot oʻgʻirlashdan boshqa nimaniyam bilardi!

Meshpolvonning jahli qoʻzishi ishtahasiga zarracha putur yetkazolmadi, yarimta qatirmani Chika bilan Pukaga boʻlib berib, biryarimtasini oʻzi yedi.

* * *

Ular ulovlarini niqtab, yarim tunda gandiraklab toʻxtab, maysatoʻshakda uxlashib, tushida qovurmani yoʻqlashib, azonda yana egarni minib, ochlikdan koʻzlari tinib yoʻlda davom etishaverdi.

Kunlardan bir kuni uzoqda kattakon chorbogʻ koʻrindi: Meshpolvonning koʻziga quymoq, Oshiqbolanikiga qaymoq, Chumakvoynikiga saryogʻ koʻrindi. Rayhon qiziq esa ularning hafsalasini sovitib dedi:

– Uchalang namuncha tamshanib qolding? Xomtama boʻlmanglar, bu chorbogʻning egasini Mutal-maynavoz deydilar. Tillosi ming koʻza, uyida har kuni roʻza, umrida tovuqqa toʻrt dona don, kuchukka bir tishlam non bermagan. Onasi tirilib kelib «ochman» desa, oldiga yovgʻon shoʻrva qoʻyadi.

Rayhon qiziqning gapiga koʻra, Mingpoda bilan Qahratoniya chegarasida yashovchi bu boy Sepkilshohga birinchi boʻlib sotilgan ekan. U avvaliga shu oʻramdagi odamlarni «oʻzimizga oʻzimiz koʻproq xoʻjayin boʻlamiz, kamroq soliq toʻlaymiz», deb aldab, Sepkilshohga yaxshilikcha boʻysundiribdi. Keyin qabila¬doshlarining birini fitnachi, birini isyonchiga chiqarib, hammasining yerini tortib olibdi, oʻzlarini qulga aylantiribdi, hatto yaqin qarin¬doshlarini, jigarbandlarini ham ayamabdi. Endi biron kishi uning izmisiz bu joydagi toshni u joyga jildirib qoʻyishgayam botinolmas ekan.

– Hozir vaqtimiz ziq, Mutal-maynavozingiz bilan keyin hisob-kitob qilamiz,– dedi Oshiqbola.– Lekin, bizga qoʻrslanib koʻrsin-chi!

Toʻrtovlon chorbogʻga yetib borib, darvozani taqillatishdi. Darvozabonlarni poʻpisalab, bu yerning xoʻjayinini surish¬tirishayotgan chogʻda: «E, kelinglar, kelinglar. Xoʻjayin, mana, bizmiz», deb iljayganicha Mutal-maynavozning oʻzi paydo boʻldi. Toʻrt xil ulov minib, toʻrt turda qurollangan mehmon¬larning koʻziga sinchkovlik bilan bir-bir boqib chiqdi.

– Qani, qani, buyoqqa marhamat qilinglar, – deya ta’zimini poyondozga aylantirdi u.

Yoʻlovchilar ichkariga kirib, ulovlarini bogʻlab boʻlishgach: «Xoʻsh, xizmat, akang aylangurlar», deb soʻradi.

Tashqining bir tarafi qator-qator uy-hujra, ikkinchi tomoni mevalar gʻarq pishib yotgan moʻl-koʻl bogʻ edi. Bogʻdan koʻz uzolmay, kekirdagi lik-liklab qolgan mehmonlar bir-biriga gap bermasdan, koʻnglidagini bayon qila ketishdi.

Meshpolvon:

– Tezroq uzing uzumni,
Kuydirmasdan koʻzimni.

Oshiqbola:

– Nafsi buzuq emasman,
Behi yemay ketmasman.

Chumakvoy:

– Meni yaxshi boqinglar,
Yongʻoqni koʻp qoqinglar.

Rayhon Qiziq:

– Anjirvoyni boplayin,
Jigʻildonga chaplayin.

Meshpolvon:

– Tering besh qop gʻaynoli,
Olti paqir shaftoli.

Oshiqbola:

– Elliktacha nok bering,
Yuvib-netib pok bering.

Chumakvoy:

– Koʻp yemayman men goʻdak,
Anor choʻzing bir etak.

Rayhon Qiziq:

– Olma tushsa tap etib,
Yeb qoʻyaman xap etib...

– Voy, akang aylangurlar-ey, itdek ochqaganga oʻxshaysiz¬lar-ku,– deb achingannamo bosh tebratdi Mutal-maynavoz. – Qani, qani, mehmonxonaga kiringlar-chi, nasibada borini dasturxondan olganimiz ma’qul. Shunda kabobi sizga, savobi bizga boʻladi.

«Shunday odamni yomonlab yuribdi-ya», deb oʻylab, Meshpolvon Rayhon qiziqqa chapya tagidan oʻqrayib qoʻydi. Soʻng mezbonning quyuq mulozamati, muloyim iltifotidan bahri-dili ochilib, uning koʻziga umidvor tikilganicha bir soʻz dedi:

Topmasak sizni agar,
Ochdan oʻlardik, masalan.
Kulcha-yu choy bersalar,
Sogʻlik tilardik, masalan.
Tuppani qilsak tamom,
Kovatok dimlab momom,
Qoʻysalar pista-bodom,
Ermak qilardik, masalan.
Qazini yupqa tilib,
Keltiring tarvuz «yulib»,
Shullani «xoʻr-xoʻr» qilib,
Nonni bulardik, masalan.
Shavlalar boʻlgach hazm,
Shoʻrnoʻxat bermak – rasm,
Sut ichib qursak bazm,
Shodon kulardik, masalan.
Oshpalov kelsa pishib,
Chaynasak bodring qoʻshib,
Qornimiz meshdek shishib,
Yayrab silardik, masalan.

Toʻrtovlon mehmonxonaga kirishdi, adras koʻrpachalarga chordana qurishdi. Mutal-maynavoz poygakka choʻkkalab, yuziga fotiha tortdi, qoʻl qovushtirib «xush koʻrdik» qildi.

– Qani, qani, mehmonlarning qoʻliga suv quyvoringlar, – deya ochiq eshikdan tashqariga boʻylandi u.

Ikkita gʻulom zipillaganicha kirib keldi. Ularning qoʻlida hech vaqo boʻlmasa ham, nimanidir ushlab turgandek ehtiyotkorona qadam bosishardi.

Birinchi gʻulom Meshpolvonga yaqinlashib, oʻzini oʻng qoʻlida oftoba, chap qoʻlida chilopchin tutgandek koʻrsatdi, «qoʻlni chayqasinlar», deya qaddini egdi.

Meshpolvonning bir jahli chiqib, bir goʻlayib, buning chinmi-hazilmi degandek gʻulomga ziyraklanib tikildi, uning jiddiy va itoatkorona qiyofadaligini koʻrib, battar merovlandi. Mutal-maynavoz: «Chilopchinni pastroq tutsang-chi, mol!» – deb gʻulomni jerkib bergach, hammasi rost shekilli deb koʻrinmas chilop¬chinning ustiga qoʻl choʻzdi. Gʻulom uch marta suv quygandek qiliq qildi. Ikkinchi gʻulom «sochiqni olsinlar», deya unga quruq qoʻlini uzatdi. Boshqalar ham noqulaylikdan qizarib-boʻzarganlaricha qoʻl chayqagan boʻlishdi.

Shundan keyin birinchi gʻulom dasturxon yozayotgandek harakat qildi, choʻri qizlar esa oʻzlarini barkash koʻtargandek koʻrsatib, qatorlashganicha kirib kela boshlashdi. Mutal-maynavoz: «Mayizlarni buyoqqa qoʻy. Shoʻrdanakni naryoqqa sursang-chi», deb dasturxonchi gʻulomni tergab turdi. Hatto choʻrilardan birini «uzumni toza yuvmabsan» deb yoʻq barkashi bilan orqaga qaytarib yubordi. Goʻyo non sindirgan boʻldi. Keyin choy quyib uzatayotgandek boʻm-boʻsh qoʻlini mehmonlarga bir-bir choʻzib chiqdi.

Deyarli butun hayoti turli tahqirlashlarga chidash bilan oʻtgan Rayhon qiziqning bosiqligi qoʻl kelib, tezda esini yigʻib oldi, oʻzini allanarsaga non botirib yeyayotgandek, choyni xoʻrillatib ichayotgandek qilib koʻrsatdi.

– Manavi shinni bedanatutnikimi deyman? – beparvo turib Mutal-maynavozga savol berdi u.

– Topdingiz, mehmon, topdingiz, – deb odob bilan ta’zim qildi Mutal-maynavoz. – Ana shu holvoytarniyam bir yalab koʻrmadilar-da.

Shundan keyin boshqalar ham Rayhon qiziqqa qoʻshilib, ersak-tersak kavshanishga tushishdi. Quruq kavshangani sari Meshpolvonning ichaklari kuchliroq achishib, tomogʻiga soʻlak tiqila boshladi.

Mutal-maynavoz sipo choʻkkalab olib, lagʻmon ketidan oʻrama, oʻrama ketidan dimlama, dimlama ketidan dumba-jigar, dumba-jigar ketidan loʻlakabob buyurib turaverdi, choʻrilar xonaga quruq kirib, quruq chiqaverdi. Nihoyat, nomi bor-u oʻzi yoʻq osh tortilib, apil-tapil «eb boʻlingach», mehmonlar bu xoʻrlikdan tezroq qutulish uchun uy egasidan fotiha soʻrashdi. Tashqarida chala-chulpa xayrlashib, shoshilinch yoʻlga chiqishdi.

Alami ichiga toʻlib turgan Meshpolvon darvozadan oʻtiboq, Mutal-maynavozni boʻralashga tushdi:

– Hozir urushga ketmayotgan boʻlsam, bu battolni qiymalab tashlardim. Obroʻyimni ikki pul qildi-ya.

– Shapaloq solay desang, qoʻling bormaydi, – yoniqib boqdi Chumakvoy. – Bir ta’zim qiladi, bir iljayadi.

– Sizlarga aytuvdim-ku, juda pixini yorgan deb, – deya kulimsiradi Rayhon qiziq. – Nafsning nogʻorasiga oʻynab, meniyam hijolatga qoʻydinglar, ukavoylar.

Oshiqbola ularning gʻalvasiga barham berishga tirishib dedi:

– Boʻldi-da endi, hozir bunaqalar bilan oʻchakishib yurmaylik. Oldimizda togʻdek dushman turibdi.

* * *

Ertasi kuni ular Qahratoniya yurtining chegarasidan oʻtishdi. Otning tuyogʻini yutadigan shoʻrxok tuproqda imillab, har shamol uvlaganda quloqlari qimirlab, chang qoplagan kiprik tagidan yoʻlga moʻralashib, siyrak oʻsgan chakalakzorni oralashib olgʻa yuri¬shaverdi.

Shamol tinib, endigina yengil nafas olishayotganda boshqa ofatga duch kelishdi: avvaliga onda-sonda gʻashga tegayotgan chivinlar daqiqa sayin koʻpayib bordi, oxiri ularni chimmatdek oʻrab, shafqatsiz talay ketdi. Bu bedavo hasharotlar xonadon¬lardagi mingʻirloq iskabtoparlardan biroz kichikligi, oʻlimdan qaytmasligi bilan ajralib turardi. Eng yomoni – kishi nafas olganda toʻrt-beshtasi shuvillab ogʻizga kirib tanglayga yopishar, Oshiqbola va Chumakvoyning bundan koʻngli behuzur boʻlib tinimsiz tupurishar, Rayhon qiziq tupurishdan tashqari har safar tesha tegmagan soʻkishlarni ishlatardi.

Birgina Meshpolvonning parvoyi falak edi. U kekkayganicha ogʻzini odatdagidan kattaroq ochib borar, chuqur-chuqur nafas olar, oʻzini ajalga urayotgan «oqqanot»larni imkon qadar koʻproq yutishga harakat qilardi. Ammo, chivinlar bitmas-tuganmas boʻlsa-da, haddan ziyod chinqarchaligi uchun qorniga urpoqchalik yuqmasdi. Xudoyim, hech boʻlmaganda, chuvalchangni uchadigan qilmabdi-da, deb ichida afsuslanayot¬ganida, uzoqdan xirilloq oʻkiriklar eshitildi.

Ular ovoz kelgan tomonga yurishib, kichkina yalanglikda qonga belanib urushayotgan ikkita toʻngʻizning jangi ustidan chiqib qolishdi. Olishuvni changallar ortidan birpas tomosha qilishgach, Meshpolvon: «Qani boʻlinglar, bekor turguncha six tayyorlaylik», deb buyruq berdi.

Rayhon qiziq taajjublanib yelka qisdi:

– Sixni nima qilamiz? Achamizga toʻy boʻlyaptimi?

– Toʻngʻizkabob yeymiz, – dedi Meshpolvon.

Buni eshitib Oshiqbolaning burni bujmaydi:

– Avval koʻraylik-chi, hali birontasi oʻladimi, yoʻqmi.

– Ana bu gap toʻgʻri, – deb quvvatladi Chumakvoy.

Meshpolvon oʻjarlanib turib oldi:

– Men aytdimmi – gap tamom. Koʻrmayapsizlarmi, toʻngʻiz¬larning ikkalasiyam urgʻochi. Bedanavoz qoʻshnimiz «ikkita urgʻochi bir-biriga qasdlashsa, bittasi oʻlmasdan qolmaydi», derdi.

Rayhon qiziq: «Bunaqa olishuvning chatoq joyi shuki, oʻlgan haqmidi, nohaqmidi – bilolmaysan», degan edi, Meshpolvon: «Qozilikka savod kerak, men yengilganini yeyaveraman», deb kekirdagini gʻoʻlqillatdi.

Ular jang boʻlayotgan tomonga qarab-qarab, kabob bazmiga ahillik bilan hozirlik koʻrishaverdi. Qiziqishda bir quchoqdan six tayyorlab tashlashdi hamki, na u, na bu toʻngʻiz hadeganda oʻla¬ver¬madi. Olishuv juda choʻzilib ketdi. Yaxshiyamki, nasya oʻljaga ishonib birovni mehmonga aytishmagan, yoʻqsa, rosa oʻsal boʻlishardi.

Hayvonlarning tepalashuvi peshingacha davom etdi. Oxiri ikkalasiyam holdan toyib, gandiraklay boshlashdi. Buni koʻrib, Meshpolvon sheriklariga xursand koʻz qisdi, quruq sixni ogʻziga sirgʻantirib, endi kabob yeymiz degan ishorani qildi.

Kutilmaganda, qoʻchqor qattiq ma’rab yubordi. Terisidan oppoq bugʻ koʻtarilayotgan toʻngʻizlar hansiraganicha bir daqiqa harakatsiz turib qolishdi, atrofga diqqat bilan quloq solishdi, begona sharpani sezganlaridan keyin oyoqlariga mador kirib, ikki tarafga tiraqaylab ketishdi.

Meshpolvon alamdan yigʻlab yuborishiga oz qoldi. Betamiz qoʻchqorni miriqib savalash niyatida oʻqlovni qoʻlga olgan ediki, buni payqagan Rayhon qiziq ustamonlik bilan uni shashtidan tushirdi – qoʻchqorni yengil tarsakilab, doʻq urdi:

– He, betasir! Duch kelgan hayvonga achinaverasanmi? Ming yordam qilgin, toʻngʻiz zoti baribir senga el boʻlmaydi...

– Boplang, otaginam! – deb dalda berdi Meshpolvon. – Bu betigayam tarsillating!

– He, kallang qursin! – deya tergashni kuchaytirdi Rayhon qiziq. – Koʻrpangga qarab oyoq uzat, deb nechchi marta aytganman, gʻirt garang ekansan-ku. Meshpolvondek odam turganda, sen bilan menga gapirishni kim qoʻyibdi? Qachon esing kiradi, vey? Hozir mana shu choʻzma bilan burningga qaratib...

– Otmang choʻzmani! – qichqirdi Meshpolvon. – Boʻpti, bu nodonni kechirdim.

U uzangiga tirmashayotib qoʻchqorga bir-ikki bor ola qarab qoʻydi. Egarga paxsakashdek oʻrnashib olgach, choʻloq xachirini likonglatib, sheriklarini yoʻlga boshladi.

Hivich urib tuyasini oʻrnidan qoʻzgʻatayotgan Chumakvoy, jahllanib poʻngʻilladi:

– Battar boʻl, haromi toʻngʻiz. Bizdek pahlavonlar yemoqchi boʻldik, sen ahmoq noz qilding.

– Hali uyga borib rosa attang deydi, – deb jilmaydi Oshiqbola.

Ochlik hamma narsaga, jumladan, kayfiyatga ham zavol ekan. Ular turnaqator tizilib olib talay manzilni bosib oʻtishdi, ammo na oʻzaro chaqchaqlashishdi, na Meshpolvonning «bogʻbon buva» qoʻshigʻini tinglash sharafiga muyassar boʻlishdi. Xuddi «dim-dim» oʻynagandek goh xayol surib, goh tevarakka befarq koʻz tashlab ketishaverdi.

Quyosh ogʻayotgan pallada oldinda kattakon koʻl koʻrindi. Yaqinroq borib qarashsa, sohilda keng dasturxonning peshi ochilib, bir dunyo noz-ne’mat sochilib yotibdi. Popukdor dasturxonning yonida toʻp-toʻp zodagoncha kiyim, kiyimlar ustida xanjaru qilichlar uyum-uyum, oʻn chogʻlik yigit koʻl oʻrtasida choʻmilib, baqatoʻnga koʻmilib yuribdi. Egasi yoʻq tulporlar esa jilovsizlikdan erkalab, bir-birovini yelkalab, chetda maysa chaynashyapti.

Shu payt boshqa tarafda otliqlar galasi koʻzga chalindi. Sepkilshohning qora papoqli suvorilari oʻz hoqoni sha’niga xushomadnamo qoʻshiq aytganicha shu tomonga yaqinlab kelishayotgan edi. Toʻrttalasi darhol panaga oʻtib, sharbat oʻrniga tuprik yutib turaverdi.

Meshpolvon koʻrsaki, koʻldagilar chalqancha agʻanavolib, asta-sekin qirgʻoqqa qarab suzishyapti. «Shuncha ovqatdan birortasiniyam totmay ketadigan ahmoq menmas», deb oʻyladi u va sheriklarining «hay-hay»iga qaramay, halpillaganicha borib, dasturxon yoniga choʻkkaladi, qoʻliga ilingan masalligʻning nomini surishtirmay, lunjiga tiqaverdi.

Qora papoqli suvorilar zodagoncha kiyimlarni tepalab, sara ovqatlarni toʻporilarcha yamlayotgan Meshpolvonga hayrat bilan birin-sirin boqib qoʻyishib, ashulani toʻxtatmasdan yoʻlda davom etishdi:

Bordir paxmoq soqoli–
Bir bogʻ sholi poxoli.
Poshsho bobo sogʻ boʻlsin,
Doim vaqti chogʻ boʻlsin.
Hamyonida tillo koʻp,
Kallasida hillo koʻp.
Poshsho bobo sogʻ boʻlsin,
Doim vaqti chogʻ boʻlsin.
Ayiqteri poʻstini,
Dorga osar doʻstini.
Poshsho bobo sogʻ boʻlsin,
Doim vaqti chogʻ boʻlsin.

Zodagon yigitlar koʻldan chiqib kelib, baqrayib qolishdi: dasturxon payhon, noz-ne’matlarning koʻpi gumdon. Boshiga sopol idish kiygan notanish juldirvaqi koʻzini moʻltiratganicha qunishib turibdi. Undan koʻraylik deyishsa, bir bola shuncha ovqatni qoringa tiqvorishiga ishonib boʻlmaydi. Oxiri oralaridagi eng barvastasi unga yaqinlashib, «Bu qaysi tovuqning ishi?» – deb soʻradi.

– Ozgina goʻsht bersanglar, toʻgʻrisini aytishim mumkin, – dedi Meshpolvon.

Shunda yigitlarning laychasifatrogʻi oldinga pildirab chiqib, «vey, oʻzingni qiyma qipqoʻymaylik tagʻin», deya musht doʻlaygan vaqtda, Meshpolvonning eski tersligi qoʻzib, gapni balanddan oldi:

Dabdurustdan urmagin doʻq,
Gʻalvalarga toqatim yoʻq.
Shukur qilki, betamizni –
Tuzlolmayman ochligimda.
Gapirsang sal boʻlib odam,
Berardim toʻq boʻlsam yordam.
Lek qornimdan boshqa maqsad
Koʻzlolmayman ochligimda.
Ovqat yesam boʻlar ayon
Nima rost-u, nima yolgʻon.
Azal toʻgʻri gapni topib
Soʻzlolmayman ochligimda.
Oʻqrayasan menga nechun?
Ahvolimni oʻzing tushun –
Ochiq aytsam, pochchamni ham
Sizlolmayman ochligimda.
Ovqatlarni qilib talon,
Ketdi surlar biron tomon.
Ular ketgan tomonni men
Eslolmayman ochligimda.

Boyagi barvasta yigitning toqati toq boʻlib: «E, menga desa dasturxonniyam qoʻshib yut. Bularni kim yeganini gapirsang-chi, nafsingga oʻt tushgur!» – deb baqirib berdi.

Meshpolvon olisda qoʻshiq aytib borayotgan suvorilar tomonga ishora qildi:

– Ana, toʻq qoringa ashulani vajanglatib ketishyapti.

– Otlarni egarlanglar! – deb sheriklariga qichqirdi barvasta zodagon. – Bu tagi pastlar poshsholikning aygʻirini minvolib, hovliqib ketganga oʻxshaydi. Yeganini burnidan buloq qilamiz. Ketdik!

Ular shosha-pisha kiyinib, qurollarini taqishdi, otlarni pala-partish egarlab, qora papoqli suvorilarning ketidan poyga qoʻyishdi.

– Hamma ovqatlar xurjunlarga tiqilsin! – deya Meshpolvon ham oʻzinikilarga buyruq berdi. – Bu yerdan vaqtida jilmagan – nomard.

Xurjundagi oziqlarni iloji boricha tejashib, oshqozonlarini shohona taomlarda «bezashib», qorinlari chirmanda, oʻzlari darmonda boʻlib, yana toʻrt-besh kun yoʻl yurishdi, oxirgi uchta non tuyqus yoʻqolganini Meshpolvondan koʻrishdi.

* * *

Toʻrt oʻchkorning dilidagi maqsad bir-biriga yaqindan-yaqin, ularni maqsadga eltuvchi yoʻllar esa uzundan-uzoq edi.

Tugʻilganidan buyon bir joyda muqim yashagan kishi oʻz maskanini yer yuzining eng koʻrimli, eng tortimli, eng qiyossiz, hatto eng katta boʻlagi deb tasavvur qilaveradi. Yaydoq adir etagiga makon qurgan choʻponlarning xayolida koʻrk-u qudratda tengsiz Jazoir mamlakati ham yaylovning bir chetiga bemalol sigʻadigan moʻjaz shaharcha shaklida namoyon boʻladi, yunonlar elatini esa faqat sayr-u tomosha, savdo-sotiq qilib qaytishgagina yaraydigan yirik bozor deb bilishadi.

Bularning hammasi xomxayolligini, oʻzi kun kechirib kelgan qurama, viloyat yoki yurt poyonsiz dengizning bittagina oʻzanchasi, nari borsa, biron-bir koʻrfazidek gap ekanligini kishi safarga chiqqanda anglay boshlar ekan.

Ular necha-necha qishlogʻ-u shaharlardan oʻtishdi, qanchadan-qancha ovul-u qal’alarga duch kelishdi, turli urf-odatdagi kishilar bilan muloqotda boʻlishdi, lekin hech qaysi joyda sabab-zaruratsiz u yoki bu tarafga borib yashashni, oʻsha yoqdagi qabristonga koʻmilishni orzu qilgan insonni koʻrishmadi. Har kim oʻz oʻzanini, oʻz koʻrfazini eng muhim, eng muqaddas deb tushunarkan. Balki butun boshli dengizning barhayot-u barqarorligi ham shundadir.

Jahd-u jadallik bilan kuyib-yonib yoʻl bosishgani sayin Meshpolvon bir narsaga qayta-qayta shukrona aytardi: yaxshiyamki xachirda miya yoʻq, agar miyasi ishlab yoʻlkiraga haq soʻrab qolsa, surunkasiga besh-olti yil mardikorchilik qilib, qarz uzishi lozim boʻlarmidi? Axir qishloqda birovning daladagi bugʻdoyini shunchaki uyiga tashib bersang ham, har qopidan bir gʻalvir xachirhaqi olasan. Meshpolvon esa kam deganda toʻrt qop bugʻdoychalik tosh bosadi. Shuncha yuk! Shuncha yoʻl! Uning boʻyniga tushishi mumkin boʻlgan qarzni endi oʻzingiz hisoblab chiqaravering.

Xayriyatki, xachir zotida aql-farosat yoʻq. Bunga ming marta shukur qilish kerak.

Ular shu tariqa qoʻnim-tinimni bilmay borishayotib, bir kuni yoʻlda qora matoga burkangan, iyagi burniga surkangan, beti kalishdek burishgan, peshanasi tirishgan, ogʻzining ikki chetida toʻngʻiztish, sopolnusxa koʻzida allaqanday tashvish, oʻng qoʻlida qiyshiq hassa ushlagan, chapida belini mushtlagan kampirni uchratishdi. Toʻrttalasi tengdan salom bergan edi, u: «He, oʻsha salomlaring qursin, hammangni ajina ursin. Bekor sangʻib yurguncha, zolim Sepkilshoh bilan olishsanglar boʻlmaydimi», deb qargʻana ketdi.

– Oʻsha poshsho mengayam yoqmaydi, xolaginam, – dedi Meshpolvon qoʻrsayib. – Mana, askarlarimni olib, uni tinchitgani ketyapman.

Bu gapdan keyin kampirning birdan chehrasi ochildi. Endi tirjayganicha ularni alqashga tushdi:

– Voy, boʻyingga qoqindiqlar! Voy, senlardan oʻrgilib ketay! Sepkilshohni qoʻlga tushirsanglar, dorga osilgan oʻgʻillarimniyam oʻchini olinglar. Boʻlmasa, ikkala qoʻlim tepada ketadi.

– Hay, mayli, shunaqa qilamiz, – deb oʻzicha va’da berib yubordi Chumakvoy. – Shu yoʻl toʻgʻri poshshoning qasriga borsamikan, ishqilib?

– Bu tomondan yursanglar ham boʻladi, – dedi kampir. – Ammo-lekin, sal uzoqroq-da. Agar Iblisjardagi soʻqmadan kesib oʻtsanglar, rosa bir hafta oldin yetardinglar.

Ochlik azobi jonini kemirib turgan Meshpolvonga bu gap malhamdek yoqib, kampirdan soʻradi:

– Oʻsha yoʻlni koʻrsatib qoʻyolmaysizmi, xolaginam? Qasrga tezroq yetvolsak boʻlgani, keyin oʻch olishni bizga qoʻyib berasiz.

– Voy, boʻyingga girgitton boʻlaylar! Voy, senlardan xolang aylansin! – deya tagʻin iljayib sannay ketdi kampir. – Yoʻl koʻr¬satish nima boʻpti? Sizlarni oʻzim boshlab boraqolaman. Sepkil¬shohning dod-voylarini qulogʻim bilan eshitmasam, armonda oʻlmaymanmi?

Kampir tuyaga mingashib yoʻl boshladi. Kun botayotgan mahalda Iblisjar yoqasiga yetib kelishdi.

Jarlik toʻrt terak boʻyi chuqurlikda boʻlib, yonbagʻirlari qilich¬da kesilgandek tippa-tik edi. Pastga qarashgan chogʻda koʻzlari juvillab, boshlari aylanib ketayozdi.

Jar boʻyidan picha yurib borishgach, yogʻoch koʻprikka duch kelishdi. Bu yerda jar ichidan qad koʻtargan ustunsimon tik qoya boʻlib, uning choʻqqisi bilan yonbagʻir oraligʻi oʻn besh qadamcha chiqar, qoyaning berigi tarafi tik, naryogʻi esa jar ichiga bemalol tushish uchun ataylab yasalgandek suyri edi. Qoya bilan yonbagʻirlikni yoʻgʻon yogʻochlar tashlanib qurilgan kenggina koʻprik birlashtirib turardi.

Ular koʻprikdan oʻtib, qoyadagi aylana yoʻlakdan jar tubiga tushib borishganda, kun qorongʻilasha boshladi. Buloq suvidan toʻyib ichib olishgach, yiltirab koʻrinayotgan jilgʻa yoqalab ancha yoʻl yurishdi. Tun rosmana quyuqlashib, hech nimani koʻrisholmay qolgandagina, seroʻt joyni tanlab, tunashga toʻxtashdi.

Ertalab uygʻonib qarashsa, kampir joyida yoʻq. Uyoqqa yugurib chaqirishdi – topilmadi, buyoqqa yugurib chaqirishdi – topilmadi, oxiri hayron boʻlganlaricha bir-birining koʻziga tikilishdi.

Meshpolvonning nazarida sheriklari unga hadiksirab qarayot¬gandek tuyuldi. Shundan keyin: «Menga bunaqa qaramanglar. Nima, kampirlaringni yeb qoʻyibmanmi?» – deb oʻzini oqlashga tushdi:

Ochlikda loy totganman,
Aravamoy totganman,
Kalishpatoy totganman,
Odam yegan emasman.
Ba’zida jun yeb koʻrdim,
Kabobtutun yeb koʻrdim,
Atirsovun yeb koʻrdim,
Odam yegan emasman.
Gohi tivit chaynadim,
Gohi chigit chaynadim,
Dam semizqurt chaynadim,
Odam yegan emasman.
Rostdir boyqush yeganim,
Shamni noxush yeganim,
Xamirturush yeganim,
Odam yegan emasman.
Xom goʻshtdan qon yaladim,
Toʻyda qozon yaladim,
Zangli ketmon yaladim,
Odam yegan emasman.
Kavshab koʻrdim munchoqni,
Qizlardagi qurchoqni,
Chirik piyozpoʻchoqni,
Odam yegan emasman.
Ushlab yedim goh ari,
Yulib urdim qush parin,
Lekin na yosh, na qari –
Odam yegan emasman.

– Qoʻrqma, sendan koʻrayotganimiz yoʻq, – deb Mesh¬polvonga taskin berdi Oshiqbola. – Kampirni yeganingda, hech boʻlmasa hakarkovushi qolgan boʻlardi.

– Menimcha, mundoq, – deya taxmin qilishga tutindi Chumakvoy. – Kampir tahorat qilaman, deb azonda chetroqqa chiqqan, ana unda boʻrilarning qoʻliga tushgan.

Meshpolvon unga qarab, aftini burishtirdi:

– Loʻliliging qoʻzib, fol ochvording-ku.

Rayhon qiziq havoni diqqat bilan hidlab, «Tutunning isini sezyapsizlarmi?» – deb soʻradi.

– Xullas, aldoqchi pistak kampirning qoʻliga tushganga oʻxshaymiz, – deya chimrilib boqdi soʻng. – Qani, orqaga qaytaylik-chi, agar koʻprik joyida turgan boʻlsa, ajalimiz yetmagani. Koʻprik buzilgan boʻlsa, unda jarning narigi chekkasi¬dayam, boshqa joyidayam chiqishga yoʻl yoʻq deyavering.

Ular yuraklari potir-putur boʻlib ortga qaytishdi. Kelib qarashsaki, qoya ustidagi koʻprikning yogʻochlari jar tubida kuyib yotibdi.

– Qopqonga tushibmiz, ukavoylar, – deb asta buloq boʻyiga choʻkkaladi Rayhon qiziq. – Endi osmonga termilib yotaveramiz, chuchvara yogʻishini poylaymiz.

Shu mahal qayerdandir jarangdor qah-qaha yangradi, ular choʻchib tepaga qarashdi. Jar qirgʻogʻida qora papoqli askarlar terilib turar, kechagi kampir soʻyloq tishlarini yiltiratganicha balanddan chaqchayib boqar, qoʻllarini biqiniga tirab olgan Nahang oʻlponchi esa hanuz qah-qah otib kulardi.

– Xoʻsh, qalaysanlar, qaroqchilar? – deb mamnun baqirdi Nahang oʻlponchi. – Endi qaysi biring zoʻr boʻlsang, nimjon¬rogʻingni tutib yeyaverasan. Vox-xox-xo! Vox-xox-xo!

Rayhon qiziq boʻynidagi choʻzmani olib, charsillatib otgan edi, yuqoridan «poʻk» etgan ovoz eshitildi. Nahang oʻlpon¬chining kulgisi boʻlinib, burnini changallaganicha enkayib qoldi. Panjalari orasidan qon sizib chiqa boshlagani pastdagilarga ham yaqqol koʻrinib turardi.

Notanish merganning beyuzligi qora papoqlilarga alam qilib, kamonlardan oʻq yogʻdira ketishdi. Jardagilar tezda qoyaning panasiga oʻtib, biqinib olishdi.

* * *

Birozdan keyin oʻq-yoylarning «viz-viz»i tinib, koʻp oʻtmasdan qora papoqlilarning oʻzlari ham gʻoyib boʻlishdi. Jarlikka qamalib qolgan bandilarning oʻlimini poylab oʻtirishni ortiqcha dahmaza deb oʻylashgan boʻlsa kerak.

Qopqondagi toʻrt oʻchkor ikki kunga zoʻrgʻa chidashdi. Uchinchi kuni Meshpolvon: «Odamlardek tirikchilikka kirishmasak boʻlmaydi, bu ishni tuyani yeyishdan boshlaylik», degan taklifni oʻrtaga surdi:

Qoʻchqor shoʻx-u beorom,
Ot tepogʻich va gʻirrom,
Xachir goʻshti gʻirt harom,
Tuya soʻyib yesak-chi?
Kun ochlikda oʻtmasdan,
Et suyakka yetmasdan,
Uvol boʻlib ketmasdan,
Tuya soʻyib yesak-chi?
Behol burun tortguncha,
Yomon oʻyga botguncha,
Barmoq soʻrib yotguncha,
Tuya soʻyib yesak-chi?
Toʻrt kishiga qoʻy kamdir,
Otlar azal serchandir,
Xachirga-ku na gʻamdir,
Tuya soʻyib yesak-chi?

– Nega birdaniga tuya deysan? – choʻzilib yotgan joyida shangʻilladi Chumakvoy. – Qoʻy goʻshti turganda, ipirisqi tuyaga balo bormi, joʻro?

– Men-ku qarshi emasman-a, – deb paysallandi Rayhon qiziq, – lekin bu qoʻchqorni yesak, dunyodagi hamma choʻpon¬larning qargʻishiga uchraymiz. Olamdagi eng zotdor qoʻchqor¬ning oxirgi nusxasi – mana shu. Hozir buni yetaklab borsam, qozoq biylari qirq ming tillo berishadi.

Oshiqbola esa gapni choʻzib oʻtirmay, uyqusiragan alfozda asta poʻngʻilladi:

– Gʻirotdan gapirganning tilini sugʻurvolaman...

– Unda bilganlaringni qilinglar, – deb achchigʻlandi Mesh¬polvon. – Xohlasalaring, ana, xachirimni yeyaveringlar.

Ochlikka hatto Chika bilan Puka ham dosh berolmadi, Meshpolvonning qoʻynidan chiqishib, bilanglaganlaricha butazorga kirib ketishdi.

– Ha, yoʻl boʻlsin, ilon afandilar? – deb ularning ortidan chinqirdi Meshpolvon. – Qarindosh-urugʻlarni koʻrganimi?

Ilonlar shu kuyi bedarak yoʻqoldi...

Shu kech Meshpolvonning tushiga ota-onasi kirdi.

Ular jazirama daladagi toʻp-toʻp qullar qatorida ketmon chopib, yer agʻdarishayotganmish. Bir vaqt onasi holdan toyib yiqilgan ekan, uyer-buyerda gʻoʻdayib turgan qora papoqlilardan biri yaqin kelib, «tur» deya biqiniga tepibdi. Onasi oʻrnidan qoʻzgʻalmoqchi boʻlibdi-yu, gandiraklab yana yiqilibdi. Shunda qora papoqli quldor qamchini doʻlaygan ekan, dadasi yugurib kelib xotinini gavdasida toʻsib olibdi. Quldor uni ayamay savalashga tushibdi. Savalayveribdi, savalayveribdi...

– Urma! Urma dadamni! Dadajon! Onajonim!

Meshpolvon titrab-qaqshab uygʻonganida, allaqachon tong ota boshlagan ekan. Koʻzlarida jiqqa yosh. Sheriklari unga hayron tikilib turishibdi.

– Tushimda dadam minan onamni urishdi, – deya koʻz yoshlarini artdi u. – Shoʻrliklarni yomon xoʻrlashayotganga oʻxshaydi. Men ularni qutqarish oʻrniga, ochdan oʻlishimni poylab yotibman.

Shunday deya Chumakvoyga oʻqrayib boqqan edi, u boshini quyi solib, «hay, mayli, men rozi, tuyamni yeyaver», deb shivirladi.

– Nega yemas ekanman, yeyman! – tuyqus jonlanib, oʻrnidan turdi Meshpolvon. – Sen-chi? Oʻzingnikidan oʻtmaydimi?

– Oʻtmaydi, joʻro, – deya yana ma’yus shivirladi Chumakvoy.

– Unda baloni yegin! Sen yemasang, mana biz yeymiz. Toʻgʻrimi, ogʻaynilar?

– Men ham yemayman, – dedi Oshiqbola.

– Mengayam ketmaydi, – dedi Rayhon qiziq.

Kutilmaganda Meshpolvonning shashti pasayib, belbogʻidan sugʻurgan daskallasini jahl bilan chetga otdi, sheriklariga araz-duraz aralash tikilib, tegralarida bir karra aylanib chiqdi.

– Unaqa boʻlsa, meni yenglar, – dedi u kesatib. – Oʻng qoʻlim Chumakvoyga, chapi Goʻroʻgʻli boboning chevarasiga. – Soʻng Rayhon qiziqqa qadalib koʻz tikdi. – Yumshoqqina biqinimni oʻzlari gʻajisinlar.

Rayhon qiziq unga bir qarab qoʻyib, indamay oʻrnidan turdi, yerda yotgan daskallani olib, oʻtlab yurgan qoʻchqorga yaqinlashdi. Borib, asta shoxidan ushladi. Odatda betinim irgʻishlab cholning gʻashiga tegadigan qoʻchqor bu safar yuvosh odimlab, egasi yetaklagan tomonga yurdi. Chol uning boʻynini eski chuqurchaga toʻgʻrilab yotqizayotganda ham tipirchilamay turaverdi.

Rayhon qiziq qadrdon qoʻchqorining doʻngalak peshanasini silaganicha unga birpas termilib qoldi. Jonivorning koʻzlari ham xiyol yoshlangandek edi.

Meshpolvonning eti jimirlab ketdi. Chol qoʻchqorni silashdan toʻxtab, shoxidan mahkam ushlaganicha daskallani zarbaga shaylayotgan damda, u qattiq seskanib, «Toʻxtang!» deb qichqirdi.

Chol bu qichqiriqni eshitgan boʻlsa ham, parvo qilib oʻtirmay, koʻzini chirt yumganicha «Ix!» deya zarb bilan daskallani urdi. Ammo, daskalla qandaydir narsaga taraqlab tegdi-yu, qoʻlidan uchib ketdi.

Koʻzini ochib qarasa, Meshpolvon tilingan bilagini ogʻzida «kux-kux»lab turibdi, uning afsonaviy qozonqopqogʻi esa yerda pachoqlanib yotibdi.

Rayhon qiziq shoshib kelib, uning bilagiga lab bosdi, yarasidan jarohat zahrini soʻrib tashlay boshladi. Soʻng: «Meshpolvon! Sen baribir yaxshisan! Juda yaxshi bolasan, Meshpolvon!» – deya uning boʻynidan quchib, yuzidan «choʻlp-choʻlp» oʻpishga tushdi.

Xuddi shu lahzada kimdir Meshpolvonning boldirini qashlayotgandek tuyuldi. U hayron boʻlib ortga oʻgirildi. Eti qalt-qalt titrayotgan qoʻchqor erkalanganicha unga suykanayotgan ekan. Bu unga cholning tashakkuridan ham koʻproq huzur bagʻishladi.

Shu voqeadan keyin Meshpolvonning kayfiyati ochilib, oʻz-oʻzidan ruhi koʻtarilib ketdi. Ochligi esidan chiqqandek boʻlib, tanasiga yangi quvvat quyildi. Endi sheriklari bilan ham gapi qovusha boshladi, avvalgidek quvnoq va xotirjam qiyofaga kirdi.

* * *

Oqshom qoʻnayotganda nogahon Chika bilan Puka paydo boʻldi. Ular boʻgʻib oʻldirilgan semiz kalamushni dumidan tortib sudrab kelishardi.

Hayal oʻtmay kalamushning tash-ichi tozalanib, Chumakvoy chaqmoqtosh yordamida yoqqan oʻtda kabobga aylantirildi. Taom oʻrtaga qoʻyilgach, benihoyat och boʻlishlariga qaramay, luqmaga qoʻl uzatishga hech kimning koʻngli chopmadi.

– Qani, boshlang endi, otaxon, – deya Rayhon qiziqqa iltifot koʻrsatdi Oshiqbola.

– Mayli, men ming marta roziman, – dedi Rayhon qiziq. – Kichiklardan boʻla qolsin.

Chumakvoy odob bilan qoʻlini koʻkrakka bosdi:

– Yoshga qarab ish qilaylik.

– Oʻzi bir isqirt kalamush boʻlsa, shungayam mulozamatmi?

Meshpolvon shunday dedi-yu, butun boshli luqmani olib, bafurja ogʻziga tashladi, bir-ikki yamlab, yutib yubordi.

Masalligʻ jigʻildondan oʻtib boʻlgach, boshqalar labi shilpillaganicha noumid qolganini koʻrib, picha oʻngʻaysizlandi.

– Ortiqcha koʻngilga olmanglar, – dedi u sheriklariga qiyalab. – Ilon afandilarni ertaga yana ovga joʻnataman. Bundanam semizroq kalamushlarni tutib kelishadi. Keyin rosa maza qilamiz, toʻgʻrimi?

Oshqozoniga ozgina iliqlik oʻrlab, Meshpolvon bu kecha hammadan oldin uxlab qoldi, xurragi Iblisjarning borliq kavak-kandiklariga yorib kira boshladi. Qorongʻuda u odamdan koʻra koʻproq yertandirga oʻxshab koʻrinardi.

Yarim kechada kimdir uni chimchilayotgandek boʻldi. Koʻzini ochiboq, bir sapchib tushdi. Chumakvoynikidan ham oʻsiqroq pilta sochlari gajimdek hilpirayotgan toʻlpoqqina bola oppoq tutunga burkanganicha tepasida jilmayib turardi.

– Kimsan oʻzing? – deya qaltirab soʻradi Meshpolvon. – Qayoqdan kepqolding?

– Iye, namuncha qoʻrqasan?

– Yaqinlashma menga! Qirq boshli ajdarhoni qiymachalpak qilganman. Sengayam chatoq boʻladi.

– Iblisjar hoqonining evarasiman, menga boʻyningni choʻzma!

Bu gapni eshitib Meshpolvonning battardan rangi oqarib ketdi:

– Voy! Iblismisan hali?

– Ajinaman. Otim Hojixonajina.

– Nomingni eshitib, xursand boʻldim. Boʻpti endi, ketaver.

Hojixonajina bu gapdan ranjib qovogʻini soldi:

– Nega meni haydayapsan?

– Haydayotganim yoʻq. Koʻrib turibman, yaxshi bola ekansan.

Hojixonajina tezda oʻzgarib, yana avvalgidek jilmayib boqdi:

– Menga oʻrtoq boʻlmaysanmi?

– E, qoʻysang-chi, – dedi Meshpolvon kapalagi uchib. – Boshqa oʻrtoq qurib ketibdimi? Bir kunmas bir kun sal arazlatib qoʻysam, meni urib ketasan. Keyin yo jagʻim qiyshayadi, yo gʻilay boʻp qolaman.

Soʻng dilidagi taxmin-u shubhalarni tilida shunday izhor qildi:

Men qoʻrqmayman jaridan,
Hatto qovogʻaridan.
Tursa lekin ajina,
Oʻtgim kelar naridan.
Choʻchimayman ilondan,
Dumi gajak chayondan.
Ajinaga tobim yoʻq,
Yetib kelding qayondan?
Titramayman baqadan,
Arra tishli laqqadan.
Dardim tutar, gap ketsa
Ajinalar xalqidan.
Tap tortmayman boʻridan,
Oʻrgimchakning toʻridan.
Qorongʻida qoʻrqaman
Ajina-yu moʻridan.
Seskanmayman chaqmoqdan,
Yoʻlda turgan ahmoqdan.
Tangri oʻzi saqlasin
Ajinafe’l oʻrtoqdan.

Hojixonajina uning gapini eshitib: «Oʻylab koʻr. Oʻrtogʻim boʻlsang, seni bu jardan qutqarishim mumkin», dedi.

– Meni xolosmi? Bularni-chi? – deb savol berdi Meshpol¬von, sheriklarini koʻrsatib.

– Hamma gap shunda-da. Yo ularni deysan, yo meni.

– E, yoʻq...

– Shoshilma. Oldin yaxshilab oʻylab koʻr. Meni desang, birga borib, Sepkilshoh bilan jang qilamiz...

– Nimaga ketayotganimni sen qayoqdan bilasan?

– Men hamma narsani bilaman... Xullas, menga qoʻshilsang, ziyon qilmaysan, qoʻlimdan koʻp ish keladi. Bularni desang, shu jarda birga oʻlib ketaverasan. Baringni oʻzim yeyman.

Meshpolvon ikkilanib qoldi.

«Nima boʻlgandayam, ota-onamni, kishandagi odamlarni qutqarishim kerak, – deb koʻnglidan oʻtkazdi u. – Oshnachilik deb jarda harom oʻlsam, kimga foyda-yu, kimga ziyon? Umuman, bular kim boʻpti menga? Insof qilib aytganda, tirik qolsam, uchalasigayam yaxshi-ku – Sepkilshohni yengib qaytayotganimda hammasining suyagini toʻplab, izzat-ikrom bilan koʻmdiraman, ustiga sagʻana qurdiraman. Mehr-oqibat shunchalik boʻlar-da...»

Keyin birdan oʻzining fikriga oʻzi qarshi chiqdi:

«Nimalar deyapman, yo tavba! Mabodo, bular biron sabab bilan tirik qolishsa-chi? Unda, koʻzlariga qanday qarayman? Hatto oʻlib ketishgandayam, bir kuni toʻgʻri gap yuzaga chiqsa, yurtda qanday bosh koʻtarib yuraman? Hali shu ahvolda odamlarni qutqarishga ketyapmanmi? Agar qoʻrqoqligimni onam bilib qolsa, meni yaxshi koʻrmay qoʻyadi, xiyonatkorsan, deydi. Dadam-ku itdek kaltaklaydi. Bizni bunaqa isnodga qoʻyib qutqargandan koʻra, oʻldirib qoʻyaqolsang boʻlmasmidi, deb butunlay oq qiladi...»

Mahallalarida bir baxshi bola boʻlardi. Sepkilshohning askarlari kelib, uni devorga bostirib ketmaslaridan sal ilgari, Meshpolvon undan shunday qoʻshiqni eshitgan edi:

Anqovlikni oqlash mumkin,
Yalqovlikni oqlash mumkin,
Xiyonatni oqlab boʻlmas.
Yulishqoqni oqlash mumkin,
Qunushqoqni oqlash mumkin,
Xiyonatni oqlab boʻlmas.
Kekkayganni oqlash mumkin,
Enkayganni oqlash mumkin,
Xiyonatni oqlab boʻlmas.
Gumonchini oqlash mumkin,
Yolgʻonchini oqlash mumkin,
Xiyonatni oqlab boʻlmas.
Sullalikni oqlash mumkin,
Tullaklikni oqlash mumkin,
Xiyonatni oqlab boʻlmas.
Yigʻloqlikni oqlash mumkin,
Qoʻrqoqlikni oqlash mumkin,
Xiyonatni oqlab boʻlmas...

– Yoʻq, bunisi bizga toʻgʻri kelmas ekan, – deya Hojixonaji¬naga tundlandi Meshpolvon. – Gapingga kirsam, keyin yomon izza boʻlarkanman. Lekin, betingga toʻgʻrisini aytib qoʻyay, bizni yeyman, deb yaxshi ish qilmayapsan. Jigʻildon qurgʻurning gapiga kiraverma.

Aslida Meshpolvonning enasi ana shu keyingi jumlani uning oʻziga nisbatan koʻp marta ishlatgan edi.

Hojixonajina tishini vahimali gʻijirlatib, koʻzlarini olaytirga¬nicha soʻradi:

– Shu gap gapmi?

– Shu gap gap, – dedi Meshpolvon.

– Keyin attang qilmaysanmi?

– Yoʻq.

– Seni hoziroq yeyaveraymi?

– Oʻzing bilasan.

Hojixonajinaning jussasi pufakdek tez kattalasha bordi. Boʻyi mirzaterakdek, har bir tishi kurakdek, koʻzi aravaning gʻildiragidek, tovushi bahorning momaguldiragidek boʻlib, Meshpolvonning tepasida ajdarday aylana boshladi. Oxiri oʻranusxa ogʻzini katta ochib, «eyma-a-a-n», deya pastga shoʻngʻidi. Meshpolvon koʻzlarini chirt yumib olib, dir-dir titraganicha jim turaverdi. Boshining ustida allanarsa shuvillab aylanayotgan pallada ham miq etmadi.

Birdan hammayoq jimjit boʻlib qoldi.

«Allaqachon oshqozonga borib tushdim shekilli, – deb oʻyladi Meshpolvon. – Xayriyatki, chaynab oʻtirmadi».

Uning qulogʻi ostida qiqir-qiqir tovush eshitildi. Yuragi dov berib-bermay sekin koʻzini ochsa, oʻsha piltasoch bola qarshisida yana muloyim jilmayib turibdi.

– Seni koʻpdan beri kuzatib yuruvdim, – dedi u Meshpolvon¬¬ga. – Ovqatga oʻchligingga qaramay, Mingpodadagi gadoydan bo¬ringni ayamading, ochiqqoʻllik qilding. Bildimki, rahmdil ekansan. Mutal-maynavoz qanchalar jigʻingga tegmasin, qanchalar xoʻrliging kelgan boʻlsa ham, asosiy maqsadingdan chalgʻimay, yoʻlda davom etding. Chidamli bola ekansan. Mana, bugun doʻstlaringni sotmading, oʻrtoqlikni hech narsaga almashtirmading. Oriyating, vijdoning bor ekan. Sendan juda xursand boʻldim, Meshpolvon. Bobomning aytishiga qaraganda, yer yuzi shafqatlilar, sabr-bardoshlilar, insoflilar uchun yaratilgan ekan. Bundaylar kamayib ketsa, mana shu olam ham, uning hamma mavjudot-u moʻ’jizalari ham oxiri kuyib kul boʻlarkan.

– Hazillashib, «boʻpti» devorganimda nima qilarding? – deb soʻradi Meshpolvon. – Ajinalar hazilni tushunishadimi oʻzi?

– Hamma narsaniyam oʻrni bor. Ikkidan birini tanlash kerak boʻlib qolganda oraga hazil sigʻmaydi. Agar yoʻldoshlaringdan tonganingda, seni kechasi bilan qoʻrqitib qiynab chiqardim. Bir umr shu yerda qolib ketarding. Eng yomoni – oʻlguningcha sharmandalikda yasharding, juda ogʻir jazoga duchor boʻlarding: el-yurtga sharmandamisan, ota-onang oldida sharmandamisan, oʻzingga oʻzing sharmandamisan, buning hech qanday farqi yoʻq, bir xil azob tortaverasan.

Hojixonajinaning soʻzlarini eshitib, enasi aytib bergan bir ertak beixtiyor Meshpolvonning yodiga tushdi...

Malla jodugar boʻlgan ekan. U Buxoro-yu Xorazmni tilsimlab olib, odamlarni yomon ahvolga solib qoʻyibdi. Bu elatlardagi boylig-u noz-ne’matlarning yuzdan toʻqson toʻqqiz qismi uning jigʻildonini moylashga ketarkan.

Shu vohada yashovchi bir qariyaning uch azamat oʻgʻli bor ekan. Ular butunlay kuchga toʻlib, jang ilmini puxta egallab boʻlishgach, otalari: «Malla jodugardan oʻch olinglar. To dushman yanchilmaguncha, qasosdan boshqa narsani oʻylamanglar», deb oq fotiha bilan uchalasini yoʻlga kuzatibdi.

Ogʻa-inilar yoʻl yurishibdi, yoʻl yursayam moʻl yurishibdi, kunlardan bir kuni gʻaroyib qal’aga duch kelishibdi. Darvoza oldida ularni chiroyda tengsiz uchta pari qiz kutib olibdi. Yigitlar dunyoga kelib, bunaqa husndor qizlarni koʻrishmagan ekan: katta oʻgʻil behush yiqilibdi, oʻrtanchasi anqayganicha ulardan koʻz uzolmay qolibdi, kenjasi esa kiprigini pirpiratib turaveribdi.

Toʻngʻich oʻgʻil hushiga kelib, uchovlon ichkariga kirishgach, battar hayratga tushib, ogʻizlari lang ochilib qolibdi. Qal’aning toʻrt tomoni toʻrt xil olam timsoli boʻlib, bir tarafdagi shinam bogʻda olmaxon-u ohular, sirtloncha-yu tovuslar ahil oʻynoqlashib yurar; ikkinchi yoqdagi kashtanamo gulzorda yer yuzining borliq sayroqi qushlari xonish qilib turar, uchinchi yondagi bir biridan moʻjaz koʻshk-u ayvonlarning naqshi koʻzni qamashtirar ekan.

Qizlar uch ogʻa-inini suvliklar olamining ramzi boʻlgan toʻrtinchi tomonga qarab boshlashibdi. Tagini toʻlqin yuvib turgan uzun koʻprikchadan oʻtib borib, atrofi tilla baliqlarga toʻla, gilam-u koʻrpachalari qavat-qavat soʻriga oʻtirishibdi. Dasturxon bir zumda tansiq taomlarga toʻlib ketibdi. Qizlar goh xushboʻy choy, goh sharbat uzatishib, «toting-koʻring» qilib qistashaveribdi.

Shu mahal kunbotardan malla jodugarning ovozi kelibdi:

– Bu dunyoda mana shu uchala qizimdan boʻlak quvonchim ham, tayanchim ham yoʻq. Had-hisobsiz boyliklarimni teng uchga boʻlib, ularning sepiga atab qoʻyganman. Menga moʻ’tabar kuyov boʻlinglar, azamat yigitlar. Yer yuzini oʻn karra kezib chiqib ham buncha baxt, buncha boylik, buncha nazokatni topolmaysiz.

– Ha, men baxtimni topdim, – deya oqbilak qizlardan biriga mahliyo tikilibdi toʻngʻich oʻgʻil.

Endi kunchiqardan otaning xitobi yangrabdi:

– Koʻzlaringni ochinglar, bolalarim! Malla jodugar oʻz jonini saqlab qolish uchungina qizlarini sizga in’om qilyapti. Shuni esdan chiqarmanglarki, bular baxt-u nomusi poymol etilayotgan ming-minglab choʻrilar evazigadir.

Toʻngʻich oʻgʻil baribir pari qizdan koʻngil uzolmabdi. Katta toʻy-tomosha bilan unga uylanib, shu chamanzorda qolib ketibdi.

Ikki ogʻa-ini yana bir necha hafta yoʻl bosibdi. Togʻ dovonidan oshib oʻtishlari bilan, endi biri-biridan fusunkor ikkita shaharchaga yoʻliqishibdi. Suvi oynadek tiniq koʻlning ikki sohilida qad koʻtargan bu shaharchalarning baland marmar devorlari cheksizlik sari choʻzilib ketgan emish.

Bu obod shaharlarda hamma narsa toʻkin-sochin boʻlib yotar, odamlari boy-u badavlat yashar, ular malla jodugarni tun-u kun duo qilish bilan band ekanlar.

Malla jodugar kunbotar yoqdan yana tovush qilibdi:

– E, botir yigitlar! Mana, muruvvatimni koʻzingiz bilan koʻrib qoʻying. Olamdagi biron-bir oʻlkada bundan farovonroq, bundan charogʻonroq joy yoʻq. Sizlarni bu shaharlarda omad kutyapti, bek boʻlinglar. Shu ikkala jannatni sizlarga berdim – yeng, iching, davr suring. Sizlarga yana nima kerak?

– Toʻgʻri-da, – debdi oʻrtancha oʻgʻil. – Bizga yana nima kerak? Hamma narsa oshib-toshib yotibdi. Fuqarosini shun¬¬cha¬lik yayratib qoʻygan malla jodugarni oʻldirsak, barchaning qargʻishiga qolamiz.

Shunda kunchiqar tarafdan otaning ovozi eshitilibdi:

– Aldanmanglar, bolalarim! Mansabga uchmanglar! Malla jodugar hayotiga xavf tugʻilganini sezib, sizlarni yoʻldan uryapti. Ikkita shaharni may-chay qilib qoʻyish unga ish boʻptimi? Doim esda tutinglar, bu zeb-hashamlar talon-taroj qilinayotgan yuzlab elatlardan keltirilgan, ulardan qonning isi anqib turibdi.

Oʻrtancha oʻgʻil shahar bekligini qoʻldan chiqargisi kelmabdi, shu yerda qolib ketibdi. Kenjasi esa otasining yoʻrigʻiga kirib, tanho oʻzi yoʻlga tushibdi.

Yoʻlda hanuz davom etayotgan Kenja botirni avrash niyatida malla jodugar borliq hiylasini ishga solib koʻribdi, unga va’da qilmagan narsasi qolmabdi, ammo niyatiga yetolmabdi. Shundan keyin har xil xuruj va igʻvolar uyushtirib, uni maqsadidan chalgʻitishga urinibdi. Pahlavon yigit ozod qilmoqchi boʻlgan oʻsha xalq ichidagi hasadgoʻy, anqov, ochkoʻz, kirdil, molparast, manman, poraxoʻr, amalparast kabi rasvo bandalarning koʻnglini ovlab, oʻziga ogʻdiribdi, birini aygʻoqchiga, birini johil zarar¬kunandaga aylantiribdi, ularni Kenja botirga qarshi qayrabdi.

Uning bu galgi niyati pahlavonni oʻz qabiladoshlariga oʻchakishtirish, qon-qardosh odamlarga bir-birovining goʻshtini yedirish, ularni oʻzaro nizolar bilan ovora qilib qoʻyish ekan.

Kenja botirning yoʻl-yoʻlakay qabiladoshlaridan koʻrmagan jabri, tortmagan azobi qolmabdi. Biri menikidan chiroyliroq ekan, deb otini oʻgʻirlabdi, biri quyuqroq salom bermading, deb haqorat qilibdi, biri bekordan-bekorga ovqatini tortib olibdi, yana biri shevangga qaraganda eng isqirt urugʻdansan, deb hamiyatiga tegibdi, kimdir falon joyda menga oliftachilik qiluvding, deya nohaq qamchilab oʻtibdi, boshqasi och yotganini koʻrib ham bir toʻgʻram non berishga yaramabdi. Amaldorlar esa uni hech yerga sigʻdirmay, qayoqqa borsa quvgʻin qilishaveribdi.

Bunday paytlarda Kenja botirning xoʻrligi kelib, beixtiyor xanjariga qoʻl yugurtar, malla jodugar uni gij-gijlab: «Ana, oʻsha aymoqlaring! Hali shularni deb kuyib yuribsanmi? Istasang, seni ularga hokim qilaman, izzat-nafsingga tekkanlardan qonguningcha qasos olasan. Doimo, hamma joyda aytganing aytgan boʻladi», deya kunbotardan soʻz qotarkan.

Shu zahoti kunchiqardan otasining tovushi kelar ekan:

– Jahlingni bos, bolam! Ishongan togʻim bitta oʻzing qolding. Sen ham yanglishsang, hammasi tamom boʻladi. Boshingga tushayotgan koʻrgiliklarga yurtdoshlaring emas, ularni shu koʻyga solgan, shunday qilganlarni ragʻbatlantirayotgan, boylikka koʻmayotgan malla jodugar aybdor.

Kenja botir har gal otasining nasihatiga quloq solib, tezda oʻzini bosib olarkan.

Oxiri u malla jodugarning makoniga yetib borib, qattiq jang qilibdi, yovuzni yengib, asir olibdi. Shundan keyin nomi minglab-minglab tillarda doston boʻlib, ulkan bir qabilaning eng suyukli qahramoniga aylanibdi. Malla jodugarning halokatidan soʻng borliq farogʻatidan ajragan akalari esa ota oldida shuvityuz, el-yurtda sharmanda-yu sharmisor boʻlishibdi...

Obbo, kitobxonlarim-ey! Obbo, chugʻurchuqlar-ey! Oraga gap qoʻshib, ishimga yana xalaqit beryapsiz. Bu turishda fikrim chalgʻib, kitobimning navbatdagi boblarini chalkashtirib tashlashim hech gapmas. Keyin, tanqidchi degan amakilaringiz meni u chigʻiriqdan bu chigʻiriqqa irgʻitib oʻynashadi.

Xoʻp, nimani soʻrayotuvdingiz? Oʻsha chol ikki oʻgʻli hammaga sharmanda boʻlganida achinmadimikan? Bundan oldin toʻngʻich yoki oʻrtancha farzandinikiga borib, mazza qilib yashasa boʻlmasmidi? Kenja botir oʻlib ketishiyam mumkin edi-ku, otasi uni namuncha xatarga qistamasa?

Shularga hayron boʻlyapsizmi?

Yanglishyapsiz. Ota-onangiz sizga qanchalar mehr qoʻy¬ganini, sizdan hatto jonini ayamasligini bilasiz. Oʻsha chol ham oʻz farzandlarini xuddi shunaqa suyub, e’zozlar edi. Ammo u juda dono boʻlgani uchun el-yurtini ja’miki narsadan ortiq sevar, xalqining tinchi, Vatanining erkini barchasidan yuqori qoʻyar, tahqirlangan oʻlkada yashab, oʻzi ham, farzandlari ham hech qachon haqiqiy baxtni topa olmasligini yaxshi bilardi. Shu bois ayriliqqayam, farzand dogʻigayam, yolgʻizlik azobigayam chidadi. Aslida, hammadan koʻp uqubatni cholning oʻzi tortdi.

Oʻsha davrlarda, oʻsha tahqirlangan oʻlkada bunaqa dono otalar juda kam boʻlgan ekan.

Endi qissamni davom ettiray, iloji boricha jim oʻtiringlar...

Hojixonajina Meshpolvonning oʻylanib qolganini koʻrib, «Namuncha daming ichingga tushib ketdi?» – deb soʻradi.

Iblisjar hoqonining evarasi deyarli beozor ekanini fahmlab yetgach, koʻngliga taskin qoʻngan Meshpolvon bu savoldan keyin fikrini jamlab, burnini osmonga koʻtardi:

– Yolgʻondakam shumshayganimga meni qoʻrqoq deb oʻylayapsan shekilli? Indamasam, oʻzingcha katta ketib, har xil mazax gap aytvoryapsan. Boshni bir ishlatib koʻrgin-a, senga oʻxshagan churvaqilardan qoʻrqadigan boʻlsam, malla jodugar minan urushgani borarmidim?

Hojixonajina odatdagiday qiqirlab, uning boʻynidan quchdi:

– Meni aldama! Malla jodugarni senmas, ertakdagi Kenja botir oʻldirgan.

Meshpolvon: «Malla jodugarlar egizak boʻlishgan, sen qaysi birini aytyapsan?» – deb gap boshlaganda, Hojixonajina jarangdor kulib yubordi:

– Judayam qiziqchi bola ekansan. Seni hoziroq ozod qilaman.

Shunday dedi-yu, birdan quyunga aylanib, Meshpolvonni somonqopdek koʻtarganicha tobora balandlay boshladi, uni havoda obdan sayr qildirgach, jar yoqasidagi oʻtloqqa avaylab qoʻndirdi. Yerga qoʻnib oliboq, «boshqalar-chi», deb soʻradi Meshpolvon.

– Ozgina toqat qiptur, – dedi Hojixonajina. – Mening iltimosim bilan bobom ularni sehrlab qoʻygan, buyoqqa uygʻotmasdan olib chiqaman. Ertalab tomoshani koʻrasan.

– Xachirim-chi, xachirim?

– Ulovlardan ham tashvishlanma. Ajina zotining odamlardan asosiy farqi shuki, biz ishni chala qilmaymiz.

Hojixonajina va’dasini bajarib boʻlgach, Meshpolvonning yelkasiga shapatilab dedi:

– Endi vaqtinchaga xayrlashaylik. Hademay tong otadi. Kunduzi odamlarga koʻrinolmayman, quyun boʻlib yuraman xolos.

* * *

Sahargi namsaldan dildirab koʻzini ochgan Chumakvoy bosh tomonida allaqanday «tikir-tikir» ovoz va qadamlar sharpasini eshitib, erinchoqlik bilan oʻgirilib boqdi. Bir-birining etagidan ushlaganicha qatorlashib ketayotgan koʻzi soʻqir uchta kishini koʻrdi. Oldindagisi uzun hassasini yerga urib-urib, ehtiyotkorona odimlab borayotgandi.

– Iye, buyoqqa qanday keldingiz, akajonlar? – deya uyqusirab gap tashladi Chumakvoy.

– Bozorga ketyapmiz, – dedi soʻqirlarning yoʻlboshchisi.

Chumakvoyning kulgisi qistadi:

– Unda bozorga yetdingiz. Tagʻin oʻn qadam yuribsizki, xoʻrozqand doʻkoni bor. Koʻproq olib, yalab yotasiz.

– Nimalar deb tontirayapsan, hov?

– Demoqchimanki, oxirat kelguncha kalamushxoʻrlik qilib yursak ham boʻladi. Koʻzimiz ochiq, lokigin jardan biz chiqolmadik. Hay, sizlarga yoʻl boʻlsin endi?

Orqadagi soʻqirlar: «Kimsan oʻzing? Qanaqa jarni gapir¬yapsan?» – deb javranib berishdi. Chumakvoy: «Bu yerni Iblisjar debdilar. Hammangizni quduqdagi toshbaqaga oʻxshatdim», degandan keyin, bu gal ikkovi yoʻlboshchiga dagʻdaga qila ketdi.

– Bizni qayoqqa boshlab kelding, masov?

– Kecha aytuvdim, «koʻknorini kamroq ichgin», deb. Padarginangga ming la’nat!

Shu tariqa, biri olib-biri qoʻyib, yoʻlboshchini qargʻab-qoralayverishdi:

– Yetmagandek soʻqirliging,
Azal manglayi shoʻrliging,
Kelar ekan ja xoʻrliging,
Yoʻlboshching ham soʻqir boʻlsa.
– Etagidan ushlagaysan,
Begʻam koʻngil xushlagaysan,
Oxir boshni mushtlagaysan,
Yoʻlboshching ham soʻqir boʻlsa.
– Sakrab oʻzin duldul qilar,
Sayrab tilin bulbul qilar,
Ishonchingni bir pul qilar,
Yoʻlboshching ham soʻqir boʻlsa.
– Chiqib oʻzing guzar tomon,
Boshla desang bozor tomon,
Opkeladi mozor tomon,
Yoʻlboshching ham soʻqir boʻlsa.
– Ichib olib xufya koʻknor,
Koʻrsatadi oʻzin hushyor,
Qilar oxir sarson-u xor
Yoʻlboshching ham soʻqir boʻlsa.
– Qulayroqdir yoʻl-safarda
Ergashmoqlik soqov-karga,
Yiqilasan bir kun jarga
Yoʻlboshching ham soʻqir boʻlsa.

– Ogʻzingni yum ikkalang! – deb baqirib berdi yoʻlbosh¬¬chi. – Senlarni shuncha yil boshlab yurib, biron marta adashtiruvdimmi? Men qolib, yoʻlda yotgan qandaydir jinniga ishonganlaring alam qilyapti. Suf senlarga! Qaysi biring mendan shubhalan¬sang, etagimni qoʻyvor, men ketdim.

Orqadagi soʻqirlar Chumakvoyning ovozi kelgan tomonga xiyol bosh burishib: «Hov, jinni, yaxshi qol. Xayr, jinni», deganlaricha yoʻlboshchining etagidan ushlab, manzil sari yurishda davom etishdi.

Chumakvoy sergak tortib, boshini balandroq koʻtardi. Sinchiklab kuzatsa, haqiqatan ham jar yoqasida yotishibdi, atrof keng dala. Jonholatda qichqirib, oyoqqa qalqdi.

Oshiqbola bilan Rayhon qiziq choʻchib uygʻonishsaki, Chumakvoy kallasini changallaganicha dodlab turibdi.

– Oʻzi nima gap? – deb soʻradi Oshiqbola koʻzlariga ishonmasdan atrofga alanglarkan.

Rayhon qiziq esa tevarakka loqayd nazar solib chiqqach, bir esnab olib dedi:

– Hech gap yoʻq. Chumak xumpar tushimizda baqirib yuribdi.

Maysaga yonboshlab, endigina koʻzi ilingan Meshpolvon yon-verida boʻlayotgan gaplarni elas-elas ilgʻagan kuyi garangsib doʻrilladi:

– Och qoringa muncha toʻpolon qilmasanglar? Koʻrib turib¬sizlar-ku, jardan sogʻ-salomat chiqvoldik. Oshnamga rahmat denglar.

– Qanaqa oshno? – koʻzlari oʻynab soʻradi Chumakvoy.

Meshpolvon tunda boʻlib oʻtgan voqeani ularga tushuntirib berguncha quyosh koʻtarilib, atrof nurafshonlanib ketdi.

Oradan yana picha fursat oʻtgach, dalalar boʻylab chapanicha qoʻshiqning ohangi taraldi:

Olma yedim baqalogʻidan,
Gilos yedim chaqalogʻidan,
Anjir yedim yapalogʻidan,
Bogʻbon buvaning shapalogʻidan...

Iblisjar qafasidan tasodifan omon chiqqan Meshpolvon oʻz askarlari bilan yurishda davom etayotganini dunyoga e’lon qilmoqchidek, tobora balandroq ovozda kuylardi.

* * *

Ular sarson-u sargardon yura-yura, nomi betayin, atrofi serqayin, uylari katalak, tomlari kamalak qishloqqa duch kelishdi. Keng koʻchaga yoyilib, burunlari havoga sayilib, gʻishtin moʻrilardan taralayotgan turfa xil taomlar isini simirib borishaverdi. Ayniqsa Meshpolvon har bir taomga solingan masalliqlarning turigacha aniq aytib beradigan darajada diqqat bilan hid olardi.

Navbatdagi muyulishdan qayrilishayotganda, orqada qolgan Chumakvoy hovlilardan birining yonida tuyasini toʻxtatdi. Panjara-devor ortida barq urib oʻsgan shiringullarga bir zum mahliyo tikilib turgach, choʻzgʻilanib quyi egildi. Eng boʻychan shoxdagi gulga burnini bosib hidlay boshlagan ediki, nektar emayotgan asalari peshanasini jizillatib chaqib qochdi. Chumakvoy: «Oh, dono kallaginam!» – deganicha panjaraning ortiga agʻdarildi. Ariqchadagi loyqash tuproqdan bir siqim olib, peshanasiga bosdi, ogʻriq tiyilishini kutib, «uh-uh»lab yotaverdi.

Pichadan keyin sheriklari uni axtarib kelib qolishdi. Tuya panjara-devor yonida egasiz turganini koʻrib, xavotirga tushishdi.

– Arpaboshoqqa oʻxshagan bola edi, – deya achingan boʻldi Rayhon qiziq. – Bechorani chumolilar sudrab ketdimikan?

– Agar yer yutgan boʻlsa, tuyasi tashqarida qolmasdi, – dedi Oshiqbola.

– Yo ishtonini hoʻl qipqoʻyib, chekkaroqda qurityaptimikan?

– Balki oʻrdaklarga qalampir sotib yurgandir?

Meshpolvon xachirining boʻynidan quchoqlab, yumalan¬gudek alfozda pastga sirgʻandi. Yerga bus-butun qoʻnib olganidan soʻng: «Hey, Chumakvoy! Qayerdasan, loʻliginam?» – deb tevarakka ovoz qila ketdi.

Peshanasi ayvonsifat shishib, koʻzlari xandonpistaga oʻxshab qolgan Chumakvoy bu tovushni eshitib, asta oʻrnidan turdi, betini tarvaytirganicha shiringullar orasidan bosh chiqardi. Meshpolvon uni tanimay: «Hoʻ, oshna, tuppak ushlagan anqov loʻlini koʻrma¬dingmi?» – deb soʻragan edi, u: «Ermaklashni senga koʻrsatib qoʻyaman», deya panjaradan oshib oʻtib, yoqalashib ketdi. Oshiqbola bilan Rayhon qiziq tez ulovdan tushib, ularni ajratishga shoshilishdi.

Shu mahal ustiga dasturxon yopilgan mistogʻarani oʻng biqiniga tirab, belini chapga qiyshaytirgan yalangbosh kishi paydo boʻlib: «Tekinga mushtlashguncha, talashib somsaxoʻrlik qilsanglar-chi», dedi. Bu soʻz qulogʻiga ilinishi bilanoq Mesh¬polvon sipo tortdi. Chumakvoyning yoqasini qoʻyib yuborib, yalangbosh kishiga yaqinlashdi. Unga cheksiz hurmat bilan koʻz qadab: «Qanaqa somsani gapiryaptilar?» – deb soʻradi.

– Bozorga somsa sotgani ketyapman, – dedi yalangbosh kishi. – Issigʻida kepqoling, tugamasdan yeb qoling!

Meshpolvon beixtiyor choʻntagini kavladi-yu, birdan manglayi tirishdi.

– Sotgani ketyapman, deng?

– Sotamiz! Pul sizdan, gul bizdan!

– Yoʻq, biz somsa yemaymiz, – deya notavon qiyofada bosh tebratdi Meshpolvon. – Somsayam ovqatmi?

Somsapaz: «Iye, bundan yaxshiroq taomning nomi nima ekan?» – deya jirillab, togʻorasini yerga qoʻydi, ogʻiz koʻpirtirib molining ta’rifini keltirishga tutindi:

Yerni gʻuluv yaratdi,
Gʻuluvlar buv yaratdi,
Buv esa suv yaratdi
Odam somsa yesin deb.
Suvlar qirgʻoq yaratdi,
Qirgʻoq tuproq yaratdi,
Tuproq oʻtloq yaratdi
Odam somsa yesin deb.
Oʻtloqlar don yaratdi,
Donlar dehqon yaratdi,
Dehqon xirmon yaratdi
Odam somsa yesin deb.
Xirmon sabr yaratdi,
Sabr xamir yaratdi,
Xamir tandir yaratdi
Odam somsa yesin deb.
Tandir qalov yaratdi,
Qalov olov yaratdi,
Olov koʻsov yaratdi
Odam somsa yesin deb.
Koʻsovlar kul yaratdi,
Kul kuyik dil yaratdi,
Kuyik dil pul yaratdi
Odam somsa yesin deb.

Meshpolvon somsaning yaralish tarixini tinglab boʻlgach, afsusnamo lab jimirib dedi:

– Toʻgʻrisini aytsam, jon-jon deb yerdig-u, birlamchidan, bu yurtning puli qanaqaligini bilmaymiz. Ikkilamchidan, bilganimizdayam, choʻntagimizda hemiri yoʻq.

Somsafurush Meshpolvonning belidagi chilvirga qistirilgan daskallaga suqlanib: «Anavi xanjaring qiyma chopishga juda bop ekan. Shuni sovgʻa qilsang, hammangga uchtadan somsa berardim», dedi.

«Qozonqopqoqni pachoqlaganim yetmaganidek, daskallayam gumdon boʻp ketsa, enamdan baloga qolmaymanmi? – deb oʻyladi Meshpolvon. – Yo tavakkal qilsammikan?»

Oxiri nafsi gʻolib chiqib: «Mayli, roziman. Lekin, somsani beshtadan berasiz», dedi, somsafurush uchtadan deb turib oldi.

Meshpolvon Chumakvoy tarafga ma’nodor ishora qilib: «Xorijli mehmonning oldida somsa talashsak uyat boʻlmaydimi?» – degan edi, somsafurush past tovushda: «Qayerning odami bu?» – deb soʻradi. Meshpolvon qovoqlari yumilib qolgan Chumakvoyga bir qarab qoʻyib: «Xitoydan kelgan», deb shivirladi. «Boʻpti, yana bittadan qoʻshaman», dedi somsafurush.

Hammaga toʻrttadan somsa tarqatib chiqilguncha Meshpolvon oʻziga tegishlisini yamlab boʻldi. Oxirgi somsadan pichasini Chika bilan Pukaga ehson qilishni unutmadi.

– Bu deyman, akaginam, sal nodonroqqa oʻxshayapsiz-ku, – dedi Meshpolvon sinchaloqda tishini kavlab. – Bunaqa koʻtarishda, togʻora biqinni shilvormaydimi?

– Shilish ham gapmi, naq teshvoraman deydi, – deb zorlandi somsafurush.

Goʻlroq tinglovchi topilsa, ikki kun tinmasdan aql oʻrgatib rohat qiluvchi Meshpolvon: «Yoʻlini bilish kerak-da, bunga uch baravar togʻoraniyam osongina koʻtarib ketsa boʻladi», degach, somsafurush birdan jonlanib, «agar malol kelmasa, oʻsha usul ilmidan andak saboq bersalar», deya iltijolandi.

– Qornimni toʻydirsangiz aytaman, – dedi Meshpolvon.

«Toʻrtta somsani pok-pokiza urvoldi, – deya xayolida hisob-kitob qildi somsafurush. – Juda borsa, yana toʻrtta yeydi-da». Xullas, u shartga rozi boʻldi.

– Erkaklarni-ku qoʻyib turaylik – deb gap boshladi Meshpolvon. – Biz tomondagi xotinlar savatdek mistogʻoraga besh tandir somsa, ustidan uch qozon qatlama bosib, toʻyga joʻnashadi. Buning yoʻli mundoq: teshikkulchadek keladigan baxmal chambarak yasaladi, uni boshga qoʻyib, tepasiga togʻora oʻrnashtiriladi. Keyin koʻribsizki, beli boshmaldoqdek kelinchak ham kallasida bir pud yuk minan besh chaqirim naridagi toʻyga saqich chaynaganicha ketaveradi. Uni it quvib etagini yirtsa yirtadiki, togʻorasini tushirolmaydi.

– Anavini qaranglar-a! – deb angrayib boqdi somsafurush. – Juda koʻp oʻylardim, nega kallaning tepasi tappak yasalgan deb. Demak togʻora qoʻyishga moslangan ekan-da?

Bu orada Meshpolvon xachirdan tushib qorin toʻydirishga kirishdi-yu, «dars tinglovchi»ning bir kunlik daromadi paqqos qulogʻini ushlab ketdi.

* * *

Shu kuyi tez-tez qishloqlar uchrayverdi. Bu tomonlar asosan toʻqayzor boʻlgani uchun tirikchilik qilish ancha osonlashdi – goh maymanchak terib, goh qoʻziqorin pishirib, yeb borishaverdi.

Bir kuni uzoqdan bahaybat tosh qasr koʻrindi. Butun boshli ulkan tepalikni egallab yotgan bu qasr ichidagi baland binolar¬ning ganjli guldevorlari, tomi yarqiroq boʻychan soʻppilari yaqqol koʻzga chalinayotgandi.

– Ana, Sepkilshohning hujrasigayam yetib keldik – deb qoʻydi Rayhon qiziq.

Oʻsha yoqqa qarab ketishayotganda, shoh qasridan uch-toʻrt chaqirim beriroqdagi doʻnglik ortidan boʻy choʻzgan ixchamgina qoʻrgʻonni koʻrib qolishdi. Panalab borib, yaqinroqdan kuzatishsa, qoʻrgʻonning enlik devori ustida yasan-tusan kiyingan bir gala qiz belini oftobga tutib, tevarakdan tomosha kutib oʻtirishibdi. Shu atrofdagi qishloq bolalari esa ularga pastdan gap tashlab, qoʻy-mol boqib yurishibdi.

Bir vaqt toʻrt gʻildirakli koʻtak aravaga oʻtin yuklab, «chu, haromi», deya qari qirchangʻisini doʻqlab, yoʻldan bukri chol oʻtib qoldi. «Bu qanaqa qoʻrgʻon?» – deb soʻrashdi undan.

– Qizqoʻrgʻon bu, – dedi bukri chol.

Turli oʻlkalardan asir qilib keltirilgan qizlar orasidan esli-hushli, biron hunarga usta, oyoq-qoʻli chaqqon yoki shunchaki chiroyli qizlar tanlab olinib, shu qoʻrgʻonga joylashtirilar, tarbiyachilar ularga xulq-odob, bejirim roʻzgʻor tutish, qoʻshiq aytish, raqs tushishni oʻrgatishar ekan. Keyin Sepkilshoh har yili katta sayil uyushtirib, uzoq-yaqin yurtlardan kelgan shahzoda-yu bekzodalarga qizlarni namoyish qilib koʻrsatarkan, mehmonlarga yoqqanini ogʻziga siqqan bahoda kanizaklikka sotarkan.

Bukri chol: «E musofir bandalar, noinsof Sepkilshoh taxtga minib, oxirzamonni boshlab kelgan koʻrinadi», deya kuyinib bir soʻz dedi:

Bordir elak bozori,
Teshik chelak bozori,
Beshik-sumak bozori,
Otashkurak bozori,
Qanday zamon keldiki,
Paydo boʻlsa qizbozor?
Sotiladi qovoqlar,
Chegov, koʻra, tovoqlar,
Kuv, kelisop, oʻroqlar,
Sham yoki jinchiroqlar,
Qanday zamon keldiki,
Paydo boʻlsa qizbozor?
Pullanadi pillaqurt,
Sedana-yu togʻkunjut,
Achchiqtosh-u olmurut,
Guluta -yu echkisut,
Qanday zamon keldiki,
Paydo boʻlsa qizbozor?
Bozorda bor anqo don,
Jodi, qirgʻich, chuv, qopqon,
Itbaligʻ-u suvilon,
Sotiladi hatto jon,
Qanday zamon keldiki,
Paydo boʻlsa qizbozor?
Sotishar soy koʻprigin,
Kirsovunning guprigin,
Olmaxonning kiprigin,
Amaldorning tuprigin,
Qanday zamon keldiki,
Paydo boʻlsa qizbozor?
Qilni savdo qilishar,
Filni savdo qilishar,
Dilni savdo qilishar,
Tilni savdo qilishar,
Qanday zamon keldiki,
Paydo boʻlsa qizbozor?

Bukri chol ketgach, Oshiqbolaning yuragi hovliqib: «Hoy, birodarlar! Oytumor ham shu yerda boʻlsa-ya», dedi. U Qizqoʻrgʻon sari yurmoqchi boʻlgan edi, Rayhon qiziq yoʻlini toʻsdi.

– Oʻpkani bos, ukavoy, – deya oʻychan soqol qashladi u. – Hozir qoʻrgʻonga yaqin borsang-u, Oytumor qizlarning orasida boʻlib seni tanib qolsa, suyunganidan biron narsa deb yuboradi. Sirimiz ochilib, toʻrt yoqni askar bosadi. Chunki, Nahang oʻlponchi bizni toʻgʻrimizda koʻpirtirib, Sepkilshohni choʻchitib qoʻygan. Boʻlmasa, oʻshanda Iblisjar tarafga hiylagar kampir bilan lak-lak askarini yuborib oʻtirmasdi.

– Toʻgʻri, – dedi Chumakvoy. – Biz hushyor ish qilaylik, dushman gʻaflatda yotsin.

Oshiqbolaning shashti soʻnib, ikkilanganicha turib qoldi. Shunda Meshpolvon uning joniga ora kirib, zoʻr chora oʻylab topganini aytdi. Yelkasiga ilib olgan ola terini Oshiqbolaning ustiga yopib, uyoq-buyogʻini tikib-chatdi, archa tomiridan muguz, popukdor ishtonbogʻdan dum yasab, oshnasini bir zumda hoʻkiz qiyofasiga kiritdi. Belidagi chilvirni yechib, uning boʻyniga bogʻlagach: «Hozir oʻtlatib yurgandek boʻlib Qizqoʻrgʻon yaqiniga boshlab boraman, sen poʻstakning teshigidan qizlarni tomosha qil. Oytumoring ularning orasida boʻlsa, tanib olarsan. Lekin, hoʻkizligingni esingdan chiqarib, meni hijolat qilma», deb bir necha pand-nasihat aytdi:

Shubha solib bizlarga,
Koʻp qarama qizlarga,
Eslik, oposh hoʻkizim.
Alanglamay jim yurgin,
Chuchkurmasdan dim yurgin,
Eslik, oposh hoʻkizim.
Yuragimni xitlama,
Chechak uzib hidlama,
Eslik, oposh hoʻkizim.
Chang qilvorma poʻstakni,
Goh chaynab tur kurmakni,
Eslik, oposh hoʻkizim.
Kapalakka tashlanma,
Chivin chaqsa qashlanma,
Eslik, oposh hoʻkizim.
Gapirib yoʻl soʻrama,
«Oytumo-o-r!» deb moʻvrama,
Eslik, oposh hoʻkizim.

Meshpolvon hoʻkizini oʻtlatayotgandek boʻlib, asta-sekin qoʻrgʻon sari boraverdi. Yaylovdagi bolalar notanish podachiga zimdan oʻqrayib-oʻqrayib qarab qoʻyishardi.

U hanuz bitta-bitta odimlaganicha qoʻrgʻon yoqalab ketayot¬ganida, devor ustidagi nayzali soqchilardan biri: «Hov, sopolqal¬poq, bor, nariroqda uymalan!» – deb oʻshqirib berdi.

– Qoʻrgʻoningda kerilaverma, – dedi Meshpolvon, – Oltiariqdan oʻtib qolsang, tuyib qoʻyaman.

Oltiariqni shu oʻramdagi bironta qishloqcha deb tushungan soqchi aftini tirishtirganicha indamay yuz oʻgirdi.

Devor tepasida oʻtirgan qizlar boshiga chapya kiyib, pakana hoʻkizining chilvirini siltay-siltay oʻzlari tomon yaqinlashayotgan baqaloq podachiga qiziqsinib tikilishdi. Meshpolvon ularning qarshisiga yetgach: «Ha qizlar, ahvollar qalay?» – deb shangʻilladi. Kimni mayna qilishni bilmay zerikib yotgan qizlar: «Ahvol zoʻr. Oʻzlaridan soʻrasak? Hoʻkizvoyniyam sogʻligi yaxshimi?» – deya jovillay ketishdi. Faqat, chetroqda xomush oʻtirgan koʻk kamzulli qiz gapga qoʻshilmay, ufqqa jim koʻz qadab turaverdi.

Shoyi-barqutga yasanib, tilla-kumushga bezanib, oʻrtada gʻozdek qad kergan bekach xotin Meshpolvonga masxaraomuz ohangda: «Kelin koʻrgani keldingmi? Oʻzingga oʻxshagan poʻrdoqisidan tanlayver», degan edi, qizlar tipirchilab qiyqirishga tushishdi. Meshpolvon: «Menga anavi koʻk kamzullisi yoqib qoldi, juda indamasidan ekan», deya taltayib gap boshlagan chogʻda hoʻkizi uni bir suzib, oyogʻini osmondan qildi. Qizlar battar qiyqirib kulishdi.

Meshpolvon oʻrnidan turib, «he, boʻkib oʻlgur», deb hoʻkizning ketiga «gup» etkazib tepdi. Bekach xotin: «Shu qizni gapirtirolsang, senga besh ketamiz, poʻrdoqvoy», degandan keyin yana kayfiyati xushlanib iljaydi. Hofizlardek suzilib tomoq qirib olgach, koʻk kamzulli qizga baqrayib tikilganicha «tappa-tupak, tappa-tupak», deya birpas ogʻzida kuy chalib, soʻng qoʻshiq aytishga kirishdi:

Quvlamagin, anoryuzim,
Men senga kerak boʻlaman.
Doʻltali saryogʻingga xum,
Suvingga chelak boʻlaman.
Quloqqinangda baldogʻing,
Koʻylakkinangda qadogʻing,
Oyoqqinangda paypogʻing,
Nimchangga choʻntak boʻlaman.
Zardangga men bezardaman,
Oʻzim romingga pardaman,
Qand soʻrasang parvardaman,
«Tuz» desang, shoʻrttak boʻlaman.
Nonushtada dasturxoning,
Choynak-piyola, qumgʻoning,
Qatlama-yu patir noning,
Chalpag-u pashmak boʻlaman.
Terlaganingda soya-tol,
Uxlaganingda par-poxol,
Yigʻlaganingda dasroʻmol,
Oʻynasang gʻijjak boʻlaman.
Kosangda men yogʻoch qoshiq,
Yuzingni yuv, oʻzim sochiq,
Darvozangga oshiq-moshiq,
Ipingga gʻaltak boʻlaman.
Otangga yangi nosqovoq,
Onangga chinni oshtovoq,
Opangni sochiga taroq,
Ukangga hushtak boʻlaman.
Qaynagan shoʻrvadek toshib,
Qir, tepadan oʻtdim shoshib,
«Kel» desang obroʻyim oshib,
Haydasang ermak boʻlaman.
Yoqtirmadim uni-buni,
Esim ogʻar koʻrib seni,
Bu turishimda bir kuni
Qip-qizil tentak boʻlaman.
Kambagʻal-u tasqaraman,
Hozircha sal masxaraman,
Payti kelib oʻzgaraman –
Dunyoga ertak boʻlaman.

Bu qoʻshiqni eshitib, koʻk kamzulli qiz parvo ham qilib qoʻymadi. Meshpolvon: «Menga qarang, hov, yaxshi qiz...» deb qiypanglay boshlagan ediki, hoʻkizi yana xuruj qilib, uni suzib agʻdardi.

– Bas qil, kallavaram, – deya poʻstak ichidan doʻq urdi Oshiqbola. – Oytumor – shu qiz!

Meshpolvon ham shivirlaganicha uni jerkib berdi:

– Yaxshilikcha shunaqa desang oʻlasanmi? Suzaverib biqinni archvording-ku, duming uzilgur.

Shundan keyin joyidan turib, ust-boshini qoqdi, Oytumorga ancha royishlanib boqdi. «Baribir seni gapirtirmasdan ketmayman, tovushingni eshitib, oshnam bir mazza qilsin», deb ichida tuginib qoʻydi. Uni yayrab mazaxlayotgan qizlarning kulgisiga e’tibor bermay, Oytumorga ikkinchi qoʻshiqni ham bagʻishlab yubordi:

Keldim, mana, sovchi boʻlib,
Hoʻkizni boshlovchi boʻlib.
Iyya-iya, iyya-iya,
Indamagan – bukri tuya.
Sizni birov yaxshi koʻrar,
Hoʻkiz misol gangib yurar.
Iyya-iya, iyya-iya,
Indamagan – laylak uya.
Koʻp qiynamang, aytay sirin –
Hoʻkizniyam joni shirin.
Iyya-iya, iyya-iya,
Indamagan – qozonkuya.
Koʻpaysa sizdek pari qiz,
Bu yaylovga toʻlar hoʻkiz.
Iyya-iya, iyya-iya,
Indamagan – qashqa biya.

Oytumor bu safar ham pinagini buzmadi, osmondan koʻzini uzmadi. Meshpolvonning achchigʻi qoʻzidi, hoʻkizning boʻynidagi chilvirni mahkamlayotgandek egilib turib: «Farosat bormi bu qizingda? Gapni yetkazib qoʻysam ham, hoʻkizga sinchiklab qaramaydi-ya», deb Oshiqbolaga arzlandi. «Endi sen kuylayotgandek ogʻzingni qimirlatib tur, ashulani men aytaman», dedi Oshiqbola.

Bekach xotinning: «Omading yurishmadi-ku, poʻrdoqvoy», deya qizlarni kuldirgani Meshpolvonga qoʻl kelib: «Qizbola qaysar boʻladi, opaginam, hozir yuragiga tegadiganidan aytamiz», deb hoʻkizining biqiniga bir nuqib qoʻydi. Oshiqbola, picha kalovlanguday boʻlsa, endi tepki ham yeyishi mumkinligidan qoʻrqib, tezda qoʻshiqni boshladi. Meshpolvon ilhom bilan tebranib, poʻstak ichidan chiqayotgan ovozga mos ravishda ogʻzini ochib-yopib turaverdi:

Qizlargayam mardlik yaxshi,
Surmali koʻz dardlik yaxshi,
Dangallik – «shart-shart»lik yaxshi,
Yov taltayar indamasang.
Solib yuz xil jabrlarga,
Tiqsa qafas-qabrlarga,
Shahdingni qoʻsh sabrlarga,
Yov taltayar indamasang.
Sen – qul, ruhing ozod boʻlib,
Dilda erkli kun yod boʻlib,
Nafrat sochgin shaddod boʻlib,
Yov taltayar indamasang.
Qasosingni «jiq-jiq» qilgin,
Yuragingni joʻshiq qilgin,
Alamingni qoʻshiq qilgin,
Yov taltayar indamasang.
Qoʻshigʻingni yonib kuyla,
Qoʻrquvlardan tonib kuyla,
Yurt ishqiga qonib kuyla,
Yov taltayar indamasang.

Qoʻshiq boshlangan palladayoq tanish ovozdan yuragi seskanib, beixtiyor qad rostlagan Oytumorning soʻnik chehrasi tobora yorishib bordi. Qoʻshiq tugagandan keyin ham sehrlangandek hoʻkizga termilib turaverdi. Meshpolvon: «Bu safargisi qalay chiqdi?» – deb baqirganidan soʻng hushini yigʻib, atrofdagilarga jovdiradi. Ularni xavfsiratmaslik uchun oʻzini quvlikka solib, «hoʻkizing yaxshi ashula aytarkan», dedi. Chunki, oxirgi qoʻshiqni podachi emas, poʻstakka burkanib olgan boshqa odam aytayotganini ayyor bekach xotin sezmaganiga ishonib boʻlmasdi. Oytumor uning koʻnglidagi hadikni yuvib tashlash uchun qoʻshiqchilarni tirikchilik dardida yurgan xashaki masxarabozlarga yoʻyib yuborishga tirishdi.

– Oytumorniki gapirtirding, balo ekansan, – deya Meshpolvonga jilmayib boqdi bekach xotin. – Bizni qoyil qoldirding. Ma, mukofotni olgin-u, qorangni oʻchir.

U qoʻlidagi naqsh olmani pastga tashladi. Meshpolvon «mukofot»ni panjada emas, katta ochilgan ogʻzi bilan ilib olib, urugʻ-poʻchogʻi aralash yamlab yubordi. Oytumor esa «bunisi hoʻkizingga, poʻrdoqvoy», deb popukli roʻmolchasini irgʻitdi.

Meshpolvon hoʻkizini sudragudek boʻlib Qizqoʻrgʻondan uzoqlashib borarkan, Oytumorning koʻz oʻngida manzarador Bobotogʻdagi sayil, qayoqdandir tuyqus paydo boʻlgan xushroʻygina yosh ovchi gavdalandi, uning oʻshanda aytgan ishqiy qoʻshigʻi qulogʻi ostida boshqatdan yangrayotgandek boʻldi:

Yulduzni kul qilar koʻzi,
Koʻzgusidir oyning oʻzi,
Bu hurliqo kimning qizi –
Sochida ot qamchilagan?
Qirq kanizak hamdam boʻlib,
Men yorisiz birkam boʻlib,
Kulgulari shabnam boʻlib,
Bobotoqqa tomchilagan.
Chambar roʻmol oʻrashlari,
Gajjagini burashlari,
Choʻchib-choʻchib qarashlari
Yuragimni chimchilagan...
* * *

Qizqoʻrgʻondan qaytib kelishgandan keyin Oshiqbola yori sovgʻa qilgan roʻmolchaning mushk-anbarini hidlab, yuragi «pit-pit»lab, qoʻziqorin pishirishga qaralashmasdan, birovning gapiga aralashmasdan yotaverdi. Sheriklari toʻrt six kabobdan birini unga tutishganda, hatto qayrilib boqmadi.

– Uni birpas tinch qoʻyaylik, – dedi Meshpolvon. – Shoʻrlikning kabobiniyam men yeyman shekilli.

Lekin ikki six kabob uning uchun ikki dona olcha yutishdek gap edi, ichga tortib ketgan qornini ma’yus silaganicha ajriqqa yonboshladi, bir necha hafta ilgari koʻl boʻyidagi dasturxondan tanavvul qilingan zodagoncha tansiq taomlar koʻz oldiga kelib, shirin xayolga choʻmdi. U, ayniqsa, nonni juda sogʻinib ketgandi.

Shu asno, yaylovda qoʻy-mol boqib yurgan bolalarga oʻychan tikilib yotarkan, qoʻqqisdan kallasiga ajoyib fikr kelib, shoshib oʻrnidan turdi. Bolalarga yaqinroq borib: «Filni koʻrganmisiz¬lar?» – deb soʻradi. «Eshitganmiz-u, koʻrmaganmiz», deyishdi ular.

Meshpolvon: «Bizda fil bor. Tomoqqa ilinadigan narsa olib kelganlarga uni koʻrsatishim mumkin», deya bolalarni tomoshaga qiziqtirishga urindi:

Yer yuzi keng, beta’rifdir,
Oʻng mashrigʻ-u chap magʻribdir.
Bu dunyoda eng gʻaribdir
Tirik filni koʻrmaganlar.
Garchi maymun qiziqchiroq,
Oddiy itdan kichik biroq.
Juda noshud, juda noʻnoq
Tirik filni koʻrmaganlar.
Derlar: «Qoʻtos zoʻr hayvondir»,
Bu gap «mish-mish» va yolgʻondir.
Gʻirt savodsiz, gʻirt nodondir
Tirik filni koʻrmaganlar.
Tomoshaga siz ilhaqsiz,
Koʻrsatilmas lekin haqsiz.
Oʻta nochor, oʻta baxtsiz
Tirik filni koʻrmaganlar.

Buni eshitgan bolalar «qiyov-chiyov» qilib qishloqlari tomon yugurishdi, koʻp oʻtmay boshqa sheriklarini ham ergashtirib, qaytib kelishdi. Non, pishloq, suzma, archayongʻoq, qoqbaliq, qiyom, mevaqoqi kabilar bir uyum boʻldi.

Shundan keyin Meshpolvon ularni safga tizib, butazorda oʻtlab yurgan tuyaning yoniga yetaklab bordi:

– Manavini fil deydilar!

Bolalar hayratlanib chugʻurlay ketishdi:

– Vu-u-y!

– Balandligini qaranglar!

– Bilamiz, minishda shoti qoʻyib chiqishadi.

– Nega beli doʻngalak, a? Nega doʻngalak, deyapman!

– Filda xartum boʻladi deb eshituvdim-m, – deb chingʻilladi ozgʻingina bola.

Meshpolvon unga tuyaning dumini koʻrsatdi:

– Ana xartumi, ukaginam.

– Iya, xartum dumga oʻxsharkan.

– Balki bular tarafda dumni xartum deyishar.

– Xartum nimaga kerak, a? Nimaga kerak deyapman!

Boyagi ozgʻin bola yana chingʻillab: «Xartumni old tomonda boʻladi deb eshituvdim-m», dedi.

– Sen Hindistonning filini gapiryapsan, – deb gerdayganicha uqtirdi Meshpolvon. – Bunisi Oltiariqniki.

– Hindiston Oltiariqdami?

– Yoʻq, ukalar, ikkalasiyam alohida-alohida yurt.

– Sizlarda yana nima bor?

Meshpolvon hanuz gerdayib turarkan, uzoq oʻylab oʻtirmay, shartta javob qildi:

– Hammasidan bor. Eng koʻp uchraydigani – oqayiq.

* * *

Meshpolvon oʻz lashkari uchun Qizqoʻrgʻondan yarim chaqirimcha naridan zoʻr istehkom topdi. Qachonlardir kesilib, vaqtida tashib ketilmagan azamat daraxtlar bu yerda uyum-uyum boʻlib yotardi.

Tomosha haqiga tushgan oziqlarning bir qismi ehtiyotdan xurjunga solinib, qolgani oʻsha istehkom oldida baham koʻrilayotgan chogʻda Meshpolvon: «Ana! Kelyapti!» – deb quvonch bilan qichqirdi-yu, oʻrnidan turib ketdi. Soʻng: «Oshnam kelyapti! Hojixonajina bu!» – deya irgʻishlab, yoʻlakni changitganicha istehkomga yaqinlashayotgan quyunning istiqboliga yugurdi. Qulochini yoyib, toʻzonni quchmoqchi boʻlganida, eshilib, yerga agʻanadi.

– Gʻirromlik qilma, Hojixon, gʻirromlik qilma, – deya quyunga barmoq saraklatdi u. –Bunaqa oyoqdan chalish yoʻq.

Quyun Meshpolvonning atrofida girgitton aylanib, yana chalib yiqitmoqchidek unga bir zum tegajoqlik qildi, dasturxon tegrasida oʻtirganlar yonidan uyoq-buyoqqa «viz-viz» oʻtib, toʻqlidek shoʻxligi tutib, quvnoq raqs tushib berdi. Oxiri ajriqlarni shildiratib, xas-choʻplarni pildiratib oʻynaganicha oʻrmon ichiga kirib, koʻzdan yoʻqoldi. Meshpolvon: «Uzoqqa ketvorma, Hojixon, bir gaplashaylik endi», deya ortidan baqirib, dilidagi armonlarini toʻka boshladi:

Ayrilganman dadamdan,
Ayrilganman onamdan,
Ayrilganman enamdan,
Tashlab ketma, Hojixon.
Yirtiq-yamoq ustim bor,
Sen-u uchta doʻstim bor,
Yana mehribon kim bor,
Tashlab ketma, Hojixon.
Dushman turar biqinda,
Yurgin bizga yaqinda,
Yararsan ogʻir kunda,
Tashlab ketma, Hojixon.
Bordir otliq navkarim,
Tuya-qoʻyda lashkarim,
Boʻl piyoda askarim,
Tashlab ketma, Hojixon.
Kirsa lashkarim jangga,
Yovni bulab ber changga,
Soʻng uyogʻi – akangga,
Tashlab ketma, Hojixon.

– Qachonki ovqat yesang koʻnglim ayniydi, – deya Meshpol¬von¬ga ezgin qiyofada tikildi Chumakvoy. – Lokigin, gaplaring odamni yigʻlatadi.

Hojixonajina shu ketganicha kechqurun qaytib keldi. U bilan tanishuv Meshpolvonning sheriklari uchun biroz qoʻrqinchli tarzda boshlanib, keyin qiziqarli tus oldi.

– Misol uchun desak, ot oʻgʻirlashga qanday qaraydilar? – deb soʻradi Chumakvoy.

Hojixonajina qovogʻini uyib, bir muddat jimib qoldi. Keyin: «Otni pishirib yeymanmi? Mabodo xohlasam-ku, «xusht» deguningcha erondagi duldulni Uchqoʻrgʻonga opkelaman», deb bir soʻz aytdi:

Gaping menga keldi malol,
Berding picha qoʻpol savol,
Ajinalar garchi halol,
Ot oʻgʻirlash ish boʻptimi?
Garov oʻynab chiroqmoyga,
Oshnam bilan qoʻyib poyga,
Oldin yetib bordim oyga,
Ot oʻgʻirlash ish boʻptimi?
Bu togʻdan u toqqa sakrab,
Shoʻx ukamga yurdim qarab,
Menga bir tosh Shom-u Arab,
Ot oʻgʻirlash ish boʻptimi?
Tunda doim ishlarim soz,
Yomonlar duch kelsa bexos,
Quvalayman boʻlib novvos,
Ot oʻgʻirlash ish boʻptimi?
Boyni zarga koʻmizganman,
Oddiy chaqa yegizganman,
«Jon akajon», degizganman,
Ot oʻgʻirlash ish boʻptimi?
Koʻrshapalak boʻlib atay,
Yotogʻida chalsam surnay,
Poshsho qochgan debon: «Bay-bay»,
Ot oʻgʻirlash ish boʻptimi?
Gapir menga Rum, Turondan,
Dengiz, dala, dasht, oʻrmondan,
Bulut quvmoqni osmondan,
Ot oʻgʻirlash ish boʻptimi?

Chumakvoy unga hang-mang boqib, yoqa ushladi:

– Hay-haaay! Mana shu joyda bildimki, ajinaning oldida loʻli ham ip esholmaydi.

Oshiqbola ulfatini oʻz kulfatiga tortib, «yaxshi koʻrgan qizing bormi», deb savol tashlagan edi, Hojixonajina bezrayib turib: «Hali bunaqa topshiriq olmaganman», dedi.

Rayhon qiziq yoshi boshqalardan ancha salobatliroq, fikriyam daromadliroq ekanini namoyish etmoqchidek «xoʻ-oʻ-sh...» deb qoʻyib, picha sukut saqlab turdi, kiprigi pastga terilib, qoshi koʻrshapalakning qanotidek kerilib, oʻzicha pichirlashga berilib, hammani mahtal qildi. Katta bir masala chiqqanga oʻxshaydi deb, sheriklari ziyrak tortishdi.

Nihoyat, kiprik yuqori sakrab, qosh quyi agʻnab, Rayhon qiziq tilga kirdi:

– Ajinalar jamoasi choʻzma otishni bilarmikan?

– Hech koʻrmaganman, – dedi Hojixonajina.

– Ya’ni aniqrogʻi?

– Yoʻq! Ajinalar choʻzma otishmaydi.

– Ana-a-a!

Rayhon qiziq chapak chalganicha qah-qah urib yubordi, toychoqdek gijinglab, miriqib-miriqib kuldi.

– Otishmaydi dema, bilishmaydi desang-chi, – deb gʻururlandi u. – Men senga aytsam, ukavoy, choʻzma otish har kimniyam qoʻlidan kelavermaydi. Burunga urishni-ku gapirib oʻtirmaylik. Hiq-xiy-xiy. Hiq-xiy-xiy...

Aslida Hojixonajina hozir bu yerga hazil-mazax aytishib gurunglashish uchun kelmagandi.

U, Qahratoniya poytaxtida ertalab paydo boʻldi. Meshpolvon boshchiligidagi oʻchkorlarni qidirib, ancha joyni kezib chiqdi, ularni oxiri yaylovdan topdi. Bu Meshpolvon qoʻrgʻonning devori ustidagi koʻk kamzulli qizga termilganicha, «nimchangga choʻntak boʻlaman», deb xonish qilayotgan payt edi. Hojixonajina oʻzgalar e’tiborini tortmaslik, qolaversa, hofizni chalgʻitmaslik maqsadida bir qarichgina chang koʻtarib, ehtiyotlik bilan yaqinlashgani bois Meshpolvon oʻshanda uni sezmadi.

– Qizqoʻrgondagi bekach xotin zogʻning oʻzginasi ekan, – dedi Hojixonajina. – Oshiqbola poʻstak ichida ashula aytayotganda Oytumorning oʻzgarib qolganini payqab turuvdi. Men undan xavfsirab, orqasidan tushdim.

Meshpolvon bilan Oshiqbola yaylovdan ketishlari bilanoq, bekach xotin Sepkilshoh qarorgohiga qarab joʻnabdi. Borib, pistak kampirga uchrabdi, boʻlgan voqealarni chaqimchilab beribdi.

– Ulardan bittasi boshiga chapya kiygan dedingmi? – deb soʻrabdi pistak kampir. – Voy, yer yutgurlar-ey, Iblisjardan qanday qutulib chiqishdiykin?

Pistak kampir bekach xotindan eshitgan gaplarini oqizmay-tomizmay Sepkilshohga yetkazibdi. Ular birgalashib reja tuza boshlashibdi.

– Qisqasi, hammalaringni hammomda boʻgʻizlab oʻldirish¬moqchi, – dedi Hojixonajina panjalarini tajovuzkor qoplon¬nikidek changaksimon koʻrsatib. – Odamzod hammomga doim qurolsiz kiradi. Ular mana shundan foydalanishmoqchi.

Sepkilshoh oʻz navkarlari orasidan ellikta eng odamxoʻrini tanlab, dushmanning kekirdagidan tishlab oʻldirishni yaxshi koʻradigan bir kalni galaboshi qilib tayinlabdi.

Hojixonajina gapini tugatgach, oʻchkorlar boshni bir yerga jamlab, bunga qarshi chora axtarishdi. Birovi u dedi, birovi bu dedi, piravardida Chumakvoy oʻylab topgan hiyla hammaga ma’qul tushdi.

* * *

Ertasi kuni ular istehkomda nonushta qilib oʻtirishganda, yonlariga bir kampir kelib: «Hoy shoʻrlik musofirlar, juda irkitlanib ketibsizlar-ku. Yuringlar, jonim qoqindiqlar, qishlo¬gʻimizdagi gumbazli hammomni koʻrsatib qoʻyay, yuvinib sal odamnusxa boʻlvolinglar», deya hammasini goʻdakchasiga taltanglata ketdi:

Yuvinadi mushuklar,
Boʻtalogʻ-u kuchuklar,
Popishag-u chumchuqlar,
Siz ham choʻm-choʻm qilvoling.
Buzoq-uloq yalanar,
Zagʻcha-toʻrgʻay taranar,
Toy shudringga belanar,
Siz ham choʻm-choʻm qilvoling.
Joʻjalarin oʻrdaklar –
Soy tarafga yetaklar,
Qurtga toʻldi koʻlmaklar,
Siz ham choʻm-choʻm qilvoling.
Havas qiling qoʻngʻizga,
Kaltakesak, xonqizga,
Yotmang oʻxshab toʻngʻizga,
Siz ham choʻm-choʻm qilvoling.

«Obbo, pistak kampir-ey, – deb oʻyladi Meshpolvon, – basharasiniyam, tovushiniyam tezda oʻzgartirib olibdi».

Ular: «Rahmat, ena, zap savob ishga boshlayapsiz-da», deyishib, kampirga ergashishdi.

Gumbazli hammom keng va baland qilib qurilgan ekan. Yechinib, ichkariga kirishsa, koʻzi chovbirdek oʻynagan, soʻlagini chay¬nagan ellikta muzbashara davangir qulay fursatni kutib, qorniga yolgʻondan sovun surtib oʻtiribdi. Ozgina vaqt oʻtgach, ular burchaklardagi qizib turgan toshlarga jomda «jaz-juz»latib suv sepa ketishdi. Birpasda atrofni bugʻ qamradi, xona bir qarich naridagi odamni tanib boʻlmaydigan holga keldi.

Chumakvoy uch marta qattiq tomoq qirib shartli ovoz qilgan chogʻda, sheriklari sovun ichiga yashirilgan bigizlarni olib, hammomdagilarning dumbasiga jiq-jiq sanchishga tushishdi. Xona bir zumda oh-nolaga toʻldi.

Oʻchkorlar toʻpolonda adashib bir-biriga jabr yetkazib qoʻymaslik uchun imo-ishora bilan oldindan oʻz joylarini taqsimlab olishgan edi. Shunga qaramay, ehtiyot shart deb, chap qoʻlidagi togʻorada orqasini berkitganicha jang qilishardi.

Kallakesarlardan biri hozirgina ortiga bigiz sanchilgan tomonga tavakkaldan chang soldi, shapalogʻi tarsillaganicha galaboshning taqir kallasiga urildi. Qonga tashna boʻlib turgan galaboshi oʻz navbatida uning kekirdagini tishlab, jigʻildonini uzib oldi. Ablahlardan bittasini tinchitdim deb sevinayotganida dumbasini bigiz jizillatib, shataloq otib yubordi.

Kallakesarlarning ahvoli nihoyatda tanglashib, qiyomat avjga chiqqach, ustidagi tuynukdan nur tushib turgan eshikni moʻljallab, hammasi oʻzini tashqariga urdi. Bu paytda eshikning ikki chetiga biqinib olgan Meshpolvon bilan Oshiqbola ularning ketini nishonga aylantirib, biri oʻng dumbaga, ikkinchisi chap dumbaga bigiz tiqib turaverdi, bir-biriga hayqirib dalda beraverdi:

– Bigizingni charxlab sanchgin,
Doʻst-dushmanni farqlab sanchgin,
Jiq-jiq,
Jiq-jiq!
– Xanjar qilib yaltiratgin,
Qonxoʻrlarni qaltiratgin,
Jiq-jiq,
Jiq-jiq!
– Voydodlasin galaboshi,
Yuvilgancha chala boshi,
Jiq-jiq,
Jiq-jiq!
– Oʻtganini muhrlab ur,
Kerak joyga toʻgʻrilab ur,
Jiq-jiq,
Jiq-jiq!
– Qochsin bari buvalashib,
Lungisiga chuvalashib,
Jiq-jiq,
Jiq-jiq!
– Qoʻldan tushgan togʻorasi
Boʻlsin qochish nogʻorasi,
Jiq-jiq,
Jiq-jiq!

Gʻalamis pistak kampir bu mahalda toʻpolonga quloq solib, lippasidan holva olib, chala chaynaganini chala yutib, kalla¬kesar¬lardan xushxabar kutib, tashqarida mamnun oʻtirardi. Hammom¬dan qochib chiqayotganlar shoshilishda uni birin-ketin tepalab oʻtib, arava ezgan baqadek majagʻini chiqarishdi.

* * *

Vaqt yarim kechadan ogʻgan pallada Hojixonajina qasrdan yangi gap topib keldi.

Hammomdagi sharmandalarcha magʻlubiyatni, ayniqsa, makkorlarning piri hisoblangan pistak kampirning ahmoqona tarzda halok boʻlganini eshitgach, arboblarning aqli shoshib, Sepkil¬shohning gʻazabi toshibdi. Nahang oʻlponchi pistak kampirga achinib: «He, attang, shunday zoʻr mutaxassis gʻoʻr ketibdi», deya bosh tebratganda, shoh: «Oʻsha buzgʻunchilarni ikki marta qoʻldan chiqarding, endi oʻzing aybingni yuv», deb baqiribdi. Unga yuzta askar beradigan boʻlibdi. Nahang oʻlponchi: «Bu kamlik qilmasmikan?» – deya dudmallangan ekan, Sepkilshoh: «Nima, toʻrtta iprindini tutishga uyalmasdan yarim lashkarimni joʻna¬taymi?» – deb ayyuhannos solibdi.

– Hammomdagi bigizvozlikni Chumakvoy oʻylab topuvdi, – dedi Rayhon qiziq. – Bu safargisini menga qoʻyib beringlar, ukavoylar.

Oʻchkorlar istehkomi bilan qasr oraligʻidagi yoʻlning boʻyida erta-yu kech «bilq-bilq»lab turadigan botqoqkoʻl bor edi. Rayhon qiziq keyingi kuni qalbaki popukqandni yoʻlga tashlab, «shirintuzoq»qa bogʻlangan ipni ushlab, botqoqning narigi chetiga chekinib, qamishlar ortiga bekinib yotaverdi. Bir mahal shu tomonga jadallab kelayotgan qora papoqli askarlar safi koʻrindi.

Yoʻl qirgʻogʻidagi popukqandga Nahang oʻlponchi bilan yana uch-toʻrt askarning nigohi bir vaqtda qadaldi. Oldingi qator¬dagilardan biri harbiy intizomni yigʻishtirib qoʻyib, oʻlja sari yugura boshlagan ediki, Nahang oʻlponchi qat’iy ohangda: «Tegma! Yeganga soliq solaman!» – deb na’ra tortdi. Soʻng izmidagi askarlarga yuzlanib, ikki juft tanbeh aytgan boʻldi:

Poshsholikning askari
Koʻrgan boʻlar tarbiyat.
Yerda yotgan qandni deb
Safni tashlamoq uyat,
Saqlang tartib-intizom.
Sepkilshohning yurtida
Bir ish qilmang oʻylamay.
Hech nimani yeb boʻlmas
Soligʻini toʻlamay,
Saqlang tartib-intizom.
Bir gal oʻlja tegmasa,
Qoʻrqmang, osmon uzilmas,
Qand topib yeb yursin deb
Atay lashkar tuzilmas,
Saqlang tartib-intizom.
Askarlar oʻz boshligʻin
Izzat-hurmat qilmasmi?
Men turib, siz yesangiz,
Sharmandalik boʻlmasmi?
Saqlang tartib-intizom.

Saf oldidagilarning tili labida pildirab, orqadagilar «nima gap» deya qoʻsh koʻzi yiltirab, hammasi joyida toptanib qoldi.

Koʻrganlar orqali koʻrmaganlarga quloqma-quloq gap tarqaldi: «Popukqand yerda yotibdi... Yerda tekin qand yotganmish... Karmisan? Qanddan gapirishyapti!..»

Nahang oʻlponchi viqor bilan borib, asta egilgan edi, qand sal nariga siljidi. Ikkinchi harakati ham shu tariqa zoye ketgach, jahli chiqib, yerga astoydil tizzaladi, chigirtkadek pit-pit sakrab, popukqandga olti-etti marta tashlanib koʻrdi. Har gal qoʻli ozgina yetmasdan qolaverdi. Oxiri xunobi oshib: «Shirinlik tutib keltirilsin!» – deya askarlarga buyruq berdi.

Nafsi jikillab turgan qora papoqli askarlar «ura-ura» bilan popukqandni quvib, Nahang oʻlponchini ham birga yuvib ketishdi. Shu kuyi orqadagilar oldindagilarni olgʻa choptirib, «hay-hay»gayam qaramasdan botqoqqa yaqinlashib borisha¬verdi. Olddagilar shaloplab, ortdagilar hanuz haloplab, navbati bilan balchiqqa agʻanayverdi.

Goh uning, goh buning yelkasiga chiqib, askarlarni loyga tezroq tiqib, botqoqdan qutulib qolishga jon-jahdi bilan tirishib koʻrgan Nahang oʻlponchi, tugalay choʻkib borayotgan chogʻida ham nariroqdagi choʻgalga ilinib turgan popukqandga qarab, bir yutinib qoʻydi.

Pishayotgan boʻtqani eslatuvchi botqoqning «bilq-bilq»iga endi «biqir-biqir»lar joʻrlanib, atalasimon suv yanada kirlanib, yuzasida pufakchalar turlanib, qoʻrqoq baqalar qirgʻoqda xoʻrlanib qoldi. Badnafslik balosi Nahang oʻlponchiga qoʻshib yuzta askarni ham badboʻylik olamining tubiga yetaklab ketdi.

«Biqir-biqir» tovushlar odatdagi «bilq-bilq»larga aylangach, Rayhon qiziq mabodo bironta dushman chetda jon saqlab qolmadimikan degan xayolda balchiqsuv ustidagi egasiz qora papoqlarni qaytadan sanab chiqdi. Hamma ish joyida ekaniga qanoat hosil qilib, istehkom tomonga yoʻl oldi.

Istehkomga yetay deb qolganida, qoʻlda tugun-u toʻrsavat ushlab, chivinlarni kish-kishlab, chakalakdagi soʻqmoqdan chiqib kelayotgan dehqonlarga yoʻliqdi. Kasbi – tomma-tom izgʻish, sochi dumbulsoqoldek qizgʻish, qoʻyniga allabalolarni solgan, chipta kovushli qariyani yetaklab olgan tirmizak bola Rayhon qiziqni koʻrishi bilanoq, quvonib qichqirdi:

– Ana, ajoyibxonachining sherigi kelyapti!

Dehqonlar bir zumda uni oʻrab olishdi. Rayhon qiziqning yuragi shuvillab: «Sizlarga nima yomonlik qildim?» – deb atrofdagilarga alangladi.

– Hoʻkizteri yopingan sheriging manavi nevaralarimga filni koʻrsatibdi, – dedi chipta kovushli qariya. – Biz ham ajoyibxo¬naga ketyapmiz.

«Meshpolvonning mechkayligi boshimizga balo boʻldi, – deya koʻnglidan oʻtkazdi Rayhon qiziq. – Bolalarni-ku aldash oson, kattalar fil nima-yu, tuya nimaligini yaxshi bilishadi. Endi hammamiz kaltak yeymiz shekilli».

Shunda qariya: «Nega tisarilib qolding? Qoʻrqma, tekinga koʻrmaymiz», deb qoʻlidagi tugunchasini koʻz-koʻz qildi.

– Mana, mendayam bir xalta tuxum bor, – dedi boshqa birovi.

– Oʻgʻizgayam koʻrsataverasizlarmi? – deb soʻradi qoʻltigʻiga koʻza qistirgan uchinchi kishi.

Rayhon qiziq nima deyishini bilmay, kigiz qalpogʻida yelpinganicha turib qoldi.

– Filimiz kasal, – dedi oxiri bahona topib. – Tomoshalarni toʻxtatganmiz.

– Nima boʻldi, qayeri kasal?

– Dumiga puchak chiqibdi.

– Shunga shunchami? Filga puchak chiqqani chivin chaqqandek gap.

– Bundan tashqari, odamlar bergan har xil narsalarni yeyaverib, ichburugʻ boʻp qoldi. Isitmaga kuyib, soʻljayib yotibdi.

– Mayli, yotgan joyida tomosha qilaveramiz. Qani, boshla oʻsha ajoyibxonangga.

Ular Rayhon qiziqdan javob kutib oʻtirmay, istehkom yoqqa qarab yurishdi.

Salgina vaqt oʻtib, istehkom boʻsagʻasi gʻala-gʻovurga koʻmildi. Rayhon qiziq toʻplanganlarning niyatini Meshpolvonga qisqacha tushuntirib, «endi oʻzing gaplashaver, bizni bu gʻalvaga aralashtirma», deb doʻngʻilladi. Meshpolvon bir muddat boʻyin qashib turgach, yoʻgʻon xodaning tepasiga chiqib, yigʻilganlarga murojaat qildi:

– Filni kasal deb aytishibdi-ku. Poda-poda boʻlib kelave¬rasizlarmi?

– Ahmoq boʻlib tagʻin qaytib ketamizmi? – dedi kimdir. – Yotgan joyida koʻrsataver.

– Bu juda xavfli. Kasal fil quturgan itga oʻxshab qoladi.

– Gapni koʻpaytirma! Yaxshilikcha koʻrsat filingni!

Meshpolvon shu topda bularga gap ta’sir qilmasligini sezib, yana oʻylanib qoldi.

– Mayli, men roziman, – deb birdan past tushdi u. – Lekin, hozirmas. Tomosha kechqurun boʻladi. Unga dovur fil tuzalib qolishi kerak.

– Shu tomoshangni bir yoʻla qishloqda koʻrsatsang-chi, – dedi chiptakovushli qariya. – Bahonada kampirlarimizniyam xursand qilarding.

– Ana, shundoq soʻqmoqdan oʻtsang, qishlogʻimiz biqiningda turibdi, – deya chakalakzor tomonga qoʻl choʻzdi boshqasi. – Borsang, burningdan chiqquncha ziyofat beramiz.

«Ziyofat» degan soʻzni eshitib, Meshpolvonning hiqildogʻi likilladi. «Boʻpti, kechqurun bizni kutib turinglar, hamma hayvonlarni olib boramiz», deb va’dani quyuq qildi.

Dehqonlar ketishi bilanoq, Rayhon qiziqning jahli qoʻzib: «Qanaqa hayvonlarni aytyapsan, kuydirgi? Boshimizga kelgan ofat boʻlding-ku», deb vaysab berdi.

– Meni gapim – gap, – dedi Meshpolvon. – Agarda farang yo hangilizlarni bugun yer yutadi desam, ertagacha qolmasdan shu ish boʻladi. Men mana shunaqaman!

* * *

Qorongʻi kira boshladi hamki, Hojixonajinadan darak boʻlavermadi. Diqqati oshgan Meshpolvon yongʻoqboz bolalarning soqqasidek uyoqdan-buyoqqa pildirayotgan chogʻda Chumakvoy: «Ajinang qasrdagi oʻyinchi qizlarga pul qistirib oʻtirgan boʻl¬samikan?» – deb uning jigʻiga tegdi.

Xayriyatki, Hojixonajina ortiqcha kechikmadi. Qaytib kelishi bilanoq, Meshpolvon: «Qasrdagi gaplarni keyin aytarsan. Hozir zarur ishimiz bor», deya uni shoshiltirishga tushdi. Istehkom¬dagilar yoppasiga qishloqqa yurishdi.

Qishloqdagilar chakalakzorning soʻqmogʻidan chiqaverish¬dagi maydonga yigʻilib, ajoyibxonani intiq kutib turishgan ekan, Meshpolvon rahbarligidagi «hayvon oʻrgatuvchilar»ni olqish¬larga koʻmib qarshi olishdi.

– Hayvonlarimni anavi butalarning orqasida qoldirdim, – dedi Meshpolon. – Davraga birma-bir chiqarib koʻrsataveraman. Qani, soʻqmoqni uch tomondan oʻrab oʻtirib olinglar-chi.

Chol-yigitlar chordana qurib, kampir-juvonlar yerga tizza urib, qizaloqlar qiqirlashib, bolakaylar bir-biriga tixirlashib, oydin maydonga yoyilib oʻtirishdi. Shundan keyin Hojixonajina goh u, goh bu hayvonning tusida chakalakdan chiqib, davrani aylanaverdi, Meshpolvon ularni baholi qudrat sharhlab turaverdi:

– Bunisi sahroi kabirning maymuni!

– Sahroda maymun nima qiladi? Maymun toʻqayda boʻlmaydimi?

– Farosat bormi oʻzi? Sahroi kabirning oʻrtasi toʻqayzor-ku.

– E, shunaqami? Oldinroq aytib qoʻyish kerak-da... Iye, iye! Anavinisi nima? Qayerniki bu?

– Buni nomi tuyaqush. Ozarbayjonda boʻladi.

– Tuxumiyam kalladek bordir?

– Ana! Yaxshilab koʻrib olinglar! – dedi Meshpolvon davrada yangi hayvon paydo boʻlgach. – Bu yoʻlbarsni Sulaymoniyadan ushlab kelganman.

Hojixonajina kelgusi safar zebraga aylandi. Umri bino boʻlib, bunaqa mahluq haqida biron-bir ma’lumot eshitmagan Meshpolvon unga boqib angrayib qoldi. Eshak deyay desa, terisi yoʻlbarsniki, yoʻlbars deyay desa, turqi eshakning oʻzginasi. Oxiri chaynalib turib: «Eng yaramas hayvonlardan bittasi shu», dedi. «Nima oʻzi buning?» – deb soʻrashdi undan. Meshpolvon zebraga yanada sinchiklab tikilganicha: «Boyagi yoʻlbarsning ammasi», deb javob qildi.

– Shuyam yoʻlbarsmi? Bizga eshakni boʻyab koʻrsatyapsan!

– Egasi boʻpturib, oʻzim bilmaymanmi? Men yoʻlbars deganimdan keyin, gap tamom-da.

Turli-tuman jondorlar chakalakdan bir-bir chiqaverdi. Meshpolvon: «Mana bunisi Xirotning mushugi. Endi Hoʻngariston ayigʻini tomosha qilyapsiz», deb ogʻziga kelgan gapni qaytarmay, ularning ta’rifini keltiraverdi:

Ana, Toshkent xoʻrozi,
Karnaydan zoʻr ovozi,
Tomoshaga kep qoling!
Bu – misrlik toshbaqa,
Mendan qarzdor besh chaqa,
Tomoshaga kep qoling!
Qashqir derlar bunisin,
Yegan toʻrtta inisin,
Tomoshaga kep qoling!
Sichqon oʻzi bir yashar,
Lekin mashhur tomteshar,
Tomoshaga kep qoling!
Qarang, serka ja goʻshtlik,
Yo iroqlik, yo oʻshlik,
Tomoshaga kep qoling!
Sirtlon – toʻni guldori,
Gʻuljada eng bezori,
Tomoshaga kep qoling!
Anov timsoh yovuzdir,
Boshdan-oyoq ogʻizdir,
Tomoshaga kep qoling!
Bu – yovvoyi qoʻzichoq,
Timsohdan ham xavfliroq,
Tomoshaga kep qoling!
Tulki – juni chuvilgan,
Ashxaboddan quvilgan,
Tomoshaga kep qoling!
Kalamushi sal sharttak,
Xoʻjandda yegan kaltak,
Tomoshaga kep qoling!
Endigisi koʻrsichqon,
Hassa yoʻqotib sarson,
Tomoshaga kep qoling!
Mana, boʻri gʻalamis,
Tegmang, keyin solamiz,
Tomoshaga kep qoling!
Koʻring gurji tuyasin,
Beshigi qush uyasi,
Tomoshaga kep qoling!
Quyon – fe’li buzilgan,
Oʻq yeb, dumi uzilgan,
Tomoshaga kep qoling!
Toʻngʻiz kelar irshayib,
Burni yonga qiyshayib,
Tomoshaga kep qoling!
Va nihoyat fil kelar,
To toʻyguncha yil kelar,
Tomoshaga kep qoling!

Tomoshabinlar filning juda koʻp ovqat yeyishini eshitib, buni koʻzlari bilan koʻrishga qiziqib qolishdi. Ammo, ziyofat boshlangach, oʻsha ulkan hayvon behad ochofatligi bilan taxminan qanday vayrongarchiliklar keltirishi mumkinligini Meshpolvon oʻz ishtahasi misolida namoyishlab berdi.

* * *

Sepkilshoh uchinchi toʻqnashuvga ikki yuz nafar jangchisini tashladi. Bu haqdagi ma’lumot istehkomdagilarga qora papoqli askarlardan ilgariroq yetib kelgandi.

Kecha qishloqda tomosha koʻrsatib qaytishgandan soʻng Meshpolvon bilan Hojixonajina Sepkilshoh qasrida boʻlgan gaplar xususida ancha suhbatlashib oʻtirishdi.

– Suyunchi ber, Meshpolvon, – deb qoldi bir payt Hojixo¬n¬¬ajina. – Dadang bilan onangni topdim.

Meshpolvonning taajjubdan koʻzlari olayib, benihoyat hayajonlanib ketdi, shoshib-toshib surishtirishga tushdi:

– Nima? Nima deding? Rostdanmi? Qayerda koʻrding ularni?

– Qasrdagi gaplardan bexabar qolmayin, deb zuvillab bora¬yotuvdim. Lavlagi kavlayotgan qul-choʻrilarning qargʻishiga¬yam parvo qilmay dalani toʻzitib oʻtayotganimda, qulogʻimga «Meshpol¬von» degan gap chalingandek boʻldi.

– Iye! – deb betoqat pitirladi Meshpolvon. – Qani-qani, uyogʻini gapir-chi.

– Qarasam, bir xotin bilan bir erkak ikki qoʻli ishdan boʻshamay, yonma-yon gaplashib borishyapti. Toʻxtab, quloq soldim.

– Choʻzmasang-chi, oshna, nimalar deyishdi? Xoʻsh?

– Ular seni ochdan oʻlib ketmadimikan deb rosa tashvish tortishyapti. Oʻzlari ozib-toʻzib, gandiraklab turishibdi-yu, boshqaning qornini oʻylaganiga tan ber. Bildimki, ota-onang seni juda yaxshi koʻrarkan.

– Buni qara-ya. Rahmat senga! Kam boʻlma!

– Qariroq enang ham bormi?

– Ha, ha, enam bor. Qariligiyam toʻgʻri. Xoʻsh-xoʻsh?

– Shu kampirgayam koʻp achinishdi. Agar Meshpolvon tirik boʻlsa, uni toʻydiraman deb, qahatchilikda oʻzini oʻtdan-choʻqqa urayotgandir, deyishdi.

– Bundan chiqdi, enamniyam sogʻinishibdi.

– Koʻzlaring dadangnikiga oʻxshab ketarkan.

– Iye, shunaqa degin? – deb quvondi Meshpolvon, soʻng tutunsimon doʻstining parday yumshoq yelkasidan quchib, unga mehribon ishqalandi. – Rahmat senga, Hojixon. Koʻnglimni ancha tinchitding, eng keraklisi – dadajonim minan onajonim tirik ekan, yarim armonim ketdi. Ularni zanjirdan boʻshatsam, keyin menda armon qolmaydi, oshna.

Hojixonajina nigohini oshnasiga qadab, uning gʻamgin koʻzlaridan mana shu soʻzlarni oʻqidi:

Chidash mumkin, jon oʻrtoq,
Choʻlda qaqrasa tomoq.
Qanday chidaysan biroq,
Ota-onang qiynalsa?
Chidash mumkin, oshnajon,
Kun oralab yesang non.
Boʻlar ammo dil vayron,
Ota-onang qiynalsa.
Chidash mumkin, ey joʻra,
Bogʻda tegmasa gʻoʻra.
Xorsan undan ham koʻra,
Ota-onang qiynalsa.
Chidash mumkin, ogʻayni,
Yetmay qolsa husayni.
Kul boʻlasan baayni,
Ota-onang qiynalsa.
Chidash mumkin, e doʻstim,
Qoʻshning ovqat yesa jim.
Yuraging ogʻrir «chim-chim»,
Ota-onang qiynalsa.
Chidash mumkin, birodar,
Qanding olsa birov gar.
Zindon bilan barobar,
Ota-onang qiynalsa.

Ajriqqa uzala tushib olgan Meshpolvon ota-onasi haqida uzoq-uzoq xayol surib yotmoqchi edi, haddan ziyod charchagani uchun koʻp oʻtmay pishsho-pish uxlab qoldi. Bu kecha hatto tush ham koʻrmadi...

Yana tong ota boshladi. Istehkomdagilar barvaqt uygʻonib, jang oldidan yaxshilab tamaddilanishdi.

– Ikki yuzta askar qachon olamni olibdi? – deb chirandi Chumakvoy. – Yuztasiga mana oʻzim bakor turay.

Rayhon qiziq ham past tushishni istamay: «Unda, qolgan yuztasi menga choʻt boʻptimi?» – dedi.

– Aynan shuni oʻylab turuvdim, – deya qoʻmondonligi tutib tamtamlandi Meshpolvon. – Oshiqbolani bunaqa bachkana jang¬larga kiritmayman.

Yerga oftob qoʻnishi bilan, yalanglikda ikki yuz nafar qora papoqli askar paydo boʻlib, tayoqqa ola bayroq ilganicha, ur-sur qilib jangga kirdi. Oldilariga bir uyum mayda tosh, qalam¬pirga qorilgan loy soqqani gʻamlab, temirchining choʻqmoriday shay turgan Rayhon qiziq va Chumakvoy ularni istehkom ortida kutib oldi. Xodalar uyumiga mushukdek tatalab-tirmasha-yotgan qora papoqlilar birma-bir adabini yeb yiqilgani sayin, ikkalasining zavqi joʻshib, jangni hazil-mazaxga aylantirib yuborishdi:

– Uyatga qoʻyma, oshnam tuppak.
– Choʻzmam, ishni bajar mixdek.
– Koʻzga – shap-shap!
– Burunga – poʻk-poʻk!
– Chap koʻzlarni achitib urgin.
– Burunlarni yolchitib urgin.
– Koʻzga – shap-shap!
– Burunga – poʻk-poʻk!
– Qalampirni sachrat qoshga.
– Burunga salom soqqa toshdan.
– Koʻzga – shap-shap!
– Burunga – poʻk-poʻk!
– Koʻzga – shap-shap!
– Burunga – poʻk-poʻk!
– Koʻzga – shap-shap!
– Burunga – poʻk-poʻk!
– Shap!
– Poʻk!
– Shap!
– Poʻk!

Toʻpolon uzoqqa choʻzilmadi. Sepkilshoh hali tushlikka oʻtirib ulgurmay, yuborilgan askarlarning yuztasi chap koʻzidan, yuztasi burnidan yaralanib qaytganini unga xabar qilishdi. Shoh alamidan «dod» deb yubordi. Uyoqdan-buyoqqa potir-putir odimlab, sardorlarini «itbaliqlar» deb soʻkishga, «haromtomoq» deya lashkarboshining obroʻsini toʻkishga tushdi. Koʻringanga olapardek hurib, tokchadagi idishlarni yerga urib, jazavalanib qoldi.

* * *

Har qachongidek oʻz vaqtida uygʻongan quyosh navbatdagi kunni boshlab bergach, maydonda Sepkilshoh lashkarlarining uchdan bir qismi saf tortdi.

– He, afsus, hozir Goʻroʻgʻlibek bobomning qirqtagina yigiti yonimda boʻlsaydi, – deb gʻijindi Oshiqbola.

– Endi bunisini men bilmayman, – dedi Meshpolvon. – Nima boʻlgandayam, bugun navbat seniki. Har xil bahona axtaravermasdan, jangda oʻzingni koʻrsatib qoʻy.

– Haliyam kunim senga qolgani yoʻq, – deb jirilladi Oshiqbola. – Umuman olganda, oʻzingdan-oʻzing nega buyruq berib yuribsan? Seni bizga kim qoʻmondon qildi?

Meshpolvon ham boʻsh kelmadi:

– Onadan qoʻmondonligimcha tugʻilganman. Senlarning peshanangga askarlik yozilgan, mensiz hammang harom oʻlasan. Esingdami, Iblisjarda «buvijon»lab yotganing? Agar Hojixon oshnam yordamlashmaganda, kuningni koʻrarding?

– Oʻrgildim oʻsha ajinangdan, – dedi Oshiqbola. – Kechasi qasrdan qaytib kelib, «hushyor turinglar, ertaga katta urush boʻladi», deganicha qayoqqadir qochvordi. Mana, haliyam qorasini koʻrsatmayapti...

Istehkom ortidan kelgan ovoz ularning gʻidi-bidisiga barham berdi. Elchi ekanini bildirish uchun nayzasiga oq latta bogʻlab olgan bir jangchi yaqindan turib shartini ayta boshladi:

– Oralaringda dahshatli Meshpolvon degan bahodir bor ekan. Zoʻr boʻlsa, maydonga chiqib, bizdagi Choʻtir pahlavon bilan kuch sinashsin.

Avvaliga Meshpolvonning dami ichiga tushib ketdi, qoʻynida Chika bilan Pukasi borligi esiga kelgandan keyin daf’atan dadil¬lanib, noz-firoqli javob qildi:

– Obroʻyimga uncha toʻgʻri kelmasayam, bu shartga roziman.

Shundan soʻng uyoqdan koʻkrak juni poʻstinday, bilaklari ustunday, otboʻyin-u filoyoq, har panjasi bir tayoq boʻlib Choʻtir pahlavon chiqdi, buyoqdan Meshpolvon oʻqlovni belga qistirib, istehkomni oshib oʻtdi.

Ular maydon oʻrtasida yuzma-yuz kelishgach, Choʻtir pahlavon xomsemiz raqibiga parvosiz boqib, bir soʻz dedi:

Zoti toza tozilar
Urushmaydi it bilan.
Nahot xumor yozilar
Olishib sen bit bilan?
Mitir-mitir yurasan,
Koshki qoʻlga ilinsang.
Hali dodlab berasan
Biron joying shilinsa.
Sen munosib zoʻr yov-u,
Tushdimmi men shu holga?
Tupuraman oʻqlov-u,
Boshingdagi sopolga.
Poʻstaknamo shu toʻnda
Qochmasingdan emaklab,
Opkelaqol besh-oʻnta
Oshnangniyam yetaklab.
Aytay endi mazax gap
Turishingga yarasha:
U koʻzingga teshasop,
Bu koʻzingga tarasha.

Bundan Meshpolvonning jahli lunjida koʻpib, kalishida yer tepib, Choʻtir pahlavonga dagʻdagʻa bilan javob qildi:

Tirikka goʻr qaziyverma,
Menga hadeb sasiyverma,
Nima, sendan qarzim bormi?
Yiqitmasdan lof urmagin,
Musofir deb hovliqmagin,
Nima, sendan qarzim bormi?
Hammaga bir kelar davron,
Sen qari, men yosh pahlavon,
Nima, sendan qarzim bormi?
Kim boʻpsanki, solsang qovoq,
Menga kulmay, oʻzingga boq,
Nima, sendan qarzim bormi?
Indamasam, «bitsan» deysan,
Bir musht ursang, uch musht yeysan,
Nima, sendan qarzim bormi?
Men ham aytay bir mazax soʻz:
Ogʻzingga – muz, burningga – tuz,
Nima, sendan qarzim bormi?

Ular raqibini oʻziga oʻchakishtirish uchun taomiliga koʻra bir-birini masxaralab boʻlib, bellashuvga hozirlanishdi. Meshpolvon qoʻynidagi ilonlarini tirsagida turtib: «Chika! Puka! Tayyor turinglar!» – deb shivirlab qoʻydi. Soʻngra raqibiga qarab: «Oldin seni sinab koʻrishim kerak. Qani, yelkangdan bir ezay-chi, agar tizzalab qolmasang, kurashga yaraganing boʻladi», dedi.

– Menga desa, boʻynimga hayinchalak solib uch, – deb tirjaydi Choʻtir pahlavon.

Meshpolvon oyoq kaftlarini tikkaytirib intilganidan keyingina raqibining yelkasiga zoʻrgʻa boʻyi yetdi. Yeng ichidan oʻrmalab chiq¬qan ilonlar biri ikkinchisining dumiga chirmalib, Choʻtir pahlavon¬ning kelidek yoʻgʻon boʻyniga oʻralishdi, uni ayamay boʻgʻa boshlashdi. Choʻtir pahlavonning dami boʻgʻziga tiqildi, zum oʻtmay oʻq yegan ayiqdek gursillab behush yiqildi. Meshpol¬von: «Ha-hayt!» deb qichqirganicha uni bosib tushdi. Ilonlar tezda egasining qoʻyniga kirib olishdi.

Ellik qadamcha narida saf tortib turgan qora papoqli askarlar sarosimalanib qolishgan onda, istehkomdagilar Meshpolvonning gʻalabasidan quvonib, qiy-chuv bilan irgʻishlay ketishdi.

– Endi bizniyam shartimiz bor, – deya qora papoqlilar tomonga qichqirdi Meshpolvon. – Qahratoniyadagi manaman degan ochofat ovqat yeyishda men minan bahslashib koʻrsin.

Hamma joyda boʻlganidek, bu mamlakatda ham ashaddiy poraxoʻr, yebtoʻymaslik bilan dong taratgan nozir bor edi. «Mana, pora», desangiz, qilichni koʻndalang yutardi. Tezda borib, uni topib kelishdi. Oʻrtaga har biri boʻyradek ikkita dasturxon yoyilib, turfa ne’matlarga toʻldirib tashlandi.

Labi kartmon, tishi ketmon, baq-baqaloq, shalpangquloq, burni it gʻajigan chandirday, ogʻzi toʻytandirday, bagʻbaqasi buklangan, qorni alohida aravaga yuklangan nozirni suyab kelishib, ziyofatning roʻparasiga yonboshlatishdi. Meshpolvon narigi dasturxon qarshisiga oʻtirdi.

– Marhamat, xoʻjayin, porani olsinlar, – deb nozirga ta’zim qilishdi qora papoqlilar.

Nozir: «Iye, bular tekinmi hali? Mayli, koʻpchilikning talabini inobatga olamiz», deb oʻz yurtining fuqarosiga sodiqligini shunday izhor qildi:

Osh pishirsa oʻtin qalab,
Yeb bergin, deb qilsa talab,
Turolmaymiz yerga qarab,
Xalq talabin bajaramiz.
Xalq – koʻpchilik, xalq – hukmdor,
Biz shunchaki bir amaldor,
Desa ham: «Yeb, togʻni qoʻpor!»
Xalq talabin bajaramiz.
Norin turar sepilib murch,
Beshbarmogʻ-u sutli guruch,
Barin yemoq biz uchun burch,
Xalq talabin bajaramiz.
Koʻpchilikka qarshi bormoq –
Bilib turib boshni yormoq,
Toki bizda sogʻdir tomoq,
Xalq talabin bajaramiz.

Ikki tarafda yutinib turganlar uchun tomosha boshlandi. Nozir oʻz odatiga koʻra, oldin suyuq ovqatlarni simirib, keyin quyigʻini kemirishga oʻtdi.

Meshpolvon ishni maydalab oʻtirmadi, togʻoradagi qatiqqa sharbat-u qaymoq, murabbo-yu sarimsoq, mastava-yu nonpalla, yalma-yu atala, shoʻrkaram-u holva, qalampir-u tuppani aralashtirib, goʻshtni bulab uraverdi. Togʻora boʻshagach, endi unga shilpildogʻ-u qovurma, ugra-yu doʻlma, oqcho-yu boda, goʻshtkuydi-yu par¬moʻda, shirgurich-u shavla, moshkichiri-yu moshxoʻrda, manpar-u boʻgʻirsoq, chuchvara-yu qovurdoqni agʻdarib, ustiga non toʻgʻrab yedi. Allaqachon xiqichoq tuta boshlagan nozir ziyofatning toʻrtdan uch qismini gumdon qilishga erishgan damda Meshpolvonning dasturxoni yap-yalang boʻldi.

Buni koʻrib, nozirning ensasi qotdi, moʻltirab burun tortdi. Lekin burni yana piqillab, tomogʻi hiqillab, yegan ovqati jigʻildoniga tizilib, ishtahasi buzilib tursa-da, tayyor poraning bir qismini qoldirib ketishga koʻzi qiymay, matonat bilan kavshanishda davom etdi. Oxiri bir tishlam luqmani yutish uchun uch piyola choy ichmasa boʻlmaydigan holga tushdi.

Meshpolvon unga tilamchidek qoʻl uzatib: «Jon togʻa, somsangizdan bittagina beri-i-ng», deb yalina boshlaganida, tengsiz raqibga yoʻliqqanini anglab, rangi boʻzarib ketdi, «ke, olaver», dedi choʻchinqirab boqib. Meshpolvon bu gapni «istaganingcha yeyaver» degan mazmunda tushundi, bir eshak hangrashichalik vaqt oʻtmay, ikkinchi dasturxonni ham tozalab qoʻydi.

Hech narsa qolmagach, hatto, choynakdagi shamaniyam qoqib yegan Meshpolvon ogʻzini chapillatib turib: «Togʻaginam, shunday katta quloqni nima qilasiz?» – deb soʻraganida, nozirning yuragi battardan poʻkilladi, «buyam odamga bir husn-da», deya mungʻayib javob qaytardi.

– Erkak kishi chiroyli boʻldi nima-yu, boʻlmadi nima? – dedi Meshpolvon. – Keling endi, shu quloqdan bittasini yeb koʻraylik.

Shu asno quloqqa qadalib tikilganicha, koʻngilning qulfini ochdi:

Soch tagidan jalpanglanib,
Chalpaknamo yalpanglanib,
Koʻz kuydirar shalpanglanib,
Shu quloqni yegim keldi.
Shakarobga bulab somsa,
Shoʻrva ichdim oʻn toʻrt kosa,
Endi nafsim oʻrtab rosa,
Shu quloqni yegim keldi.
Shirmon tursa savat-savat,
Uraverdim qavat-qavat,
Mana, oxir yetib navbat,
Shu quloqni yegim keldi.
Toʻrt yuzta xom tuxum yutdim,
Doshqozondan palov kutdim,
Barining bahridan oʻtdim,
Shu quloqni yegim keldi.
Ellik paqir ichdim ayron,
Butun qoʻyni qildim vayron,
Bir koʻrdim-u boʻldim hayron,
Shu quloqni yegim keldi.
Qurib ketsin pechak qandi,
Jonga tegdi koʻkatmanti,
Choʻzing endi boʻlib tanti,
Shu quloqni yegim keldi.

Bu gapdan keyin nozirning koʻzlari qinidan chiqqudek boʻlib: «E, hazilingni qoʻysang-chi, oʻzi yuragim kasal, biron kor-hol boʻlsa, tovonimni toʻlab yurmagin», deb qarshi javob qildi:

Bilaman sen filtomoqni,
Yeysan avval bir quloqni,
Soʻraysan soʻng qoʻl-oyoqni,
Hazil qilma, yurak chatoq.
Tekinga yeb shuncha ovqat,
Topmadingmi zarra rohat?
Menga yetkazma jarohat,
Hazil qilma, yurak chatoq.
Toʻy boʻlarmi toʻy uloqsiz?
Togʻ boʻlarmi togʻ buloqsiz?
Qanday yashay men quloqsiz?
Hazil qilma, yurak chatoq.
Boshingdagi sopol idish
Toʻlgunicha beray kumush,
Buyurgin-u boshqa yumush,
Hazil qilma, yurak chatoq.
Men oʻzimga yasab qafas,
Ajdar bilan boylabman bahs,
Qulogʻimga tegma, badnafs,
Hazil qilma, yurak chatoq.

Oʻzining vaxshiyligiga ishona boshlagan Meshpolvonning battar tixirligi qoʻzib: «Quloqni yaxshilikcha ber deyapman!» – deya nozirga davara qildi. Oʻtakasi yorilayozgan nozir: «Voy dod, meni hoʻl balodan qutqaringlar», deb echkiemardek sudralganicha qocha boshladi.

– Toʻxta! – deb baqirdi Meshpolvon. – Baribir qulogʻingni yeyman!

Qorni gavdasiga besh baravar keladigan nozir keyingi oʻn yil ichida birinchi marta yordamchilarsiz oʻrnidan turib, oʻz oyogʻi bilan yugurishga kirishdi. Qora papoqlilar endi butunlay vahimaga tushib, lashkar orasida gʻala-gʻovur koʻtarildi. Bu parokandalikdan vaqtida foydalanib qolishga tirishgan Oshiqbola sheriklarini dar¬hol jangga yetakladi.

Pahlavonni behush qildi Meshpolvon,
Ochofatni noxush qildi Meshpolvon,
Dushmanlarni xomush qildi Meshpolvon,
Garang yovni tirqiratib ur endi,
Goʻroʻgʻliga jondosh Oshiqbolasan,
Ravshanbekka tandosh Oshiqbolasan,
Kambagʻalga yondosh Oshiqbolasan,
Qilichingni yirqiratib ur endi.
Rayhon qiziq, toʻrt lochinning biri boʻl,
Doʻst suyangan togʻ boʻlmasang, qiri boʻl,
Dunyodagi choʻzmabozlar piri boʻl,
Yov burnini zirqiratib ur endi.
Chumakpolvon, jangda oʻzni shoʻx qilgin,
Mard loʻlining jahliga xos doʻq qilgin,
Tuppagingga achchiq-achchiq oʻq qilgin,
Koʻzga puflab, chirqiratib ur endi.

Qora papoqlilar to oʻzini oʻnglab ulgurguncha, maydonning bir tomoni yaradorga toʻlib ketdi. Oshiqbola Goʻroʻgʻlizodaga loyiq ish qilib, qilichni yaltiroq nish qilib, Gʻirotni dovuldek kishnatib, gʻanimlarni tepib-tishlatib, oʻrtaga yorib kirdi. Rayhon qiziq bilan Chumakvoy esa choʻzma-yu tuppakdan tinimsiz oʻq yogʻdirib, dushmanning esini ogʻdirib, qilichini qinidan sugʻurolmay gangsib yurganlarni bitta-bitta qulatishaverdi.

Oqsoq xachirini jilpanglatib, garchi hozir hech kim tovushini eshitmayotgan boʻlsa-da, jonkuyarlik bilan: «Hov, Oshiqbola, qilichni qulochkashlab ur!.. Koʻz ochirma, Chumakvoy!.. Choʻzma toʻxtatmay ishlatilsin, burunlar pachoqlab tashlan¬sin!» – deya sheriklariga aql oʻrgatib yurgan Meshpolvon xumordan chiqib jang qilolmadi. Tabiiyki, uning oldiga yaqinlashishga bironta dushmanning yuragi betlamayotgan edi.

Ammo, sal fursat oʻtgach, koʻp baribir koʻpligini bildirdi. Asta-sekin es-hushini yigʻib olgan qora papoqlilar toʻrttala jangarini uch tomondan qisib, tobora orqaga surib borishaverdi. Sal vaqtdan keyin ularni batamom oʻrab olib, yanchib tashlashlari turgan gap edi.

Bir payt orqa tarafdan «jov-juv» qichqiriqlar eshitildi. Meshpolvon mundoq qarasa, chekina-chekina Qizqoʻrgʻonga yaqin kelib qolishibdi, devor ustiga kaptardek terilib olgan qizlar qiy-chuv bilan ularni chorlab turishibdi.

Bu orada qoʻrgʻonning darvozasi ochildi.

– Askarlarim! Botirlarim! – deya sheriklariga hayqirdi Meshpolvon. – Qoʻrgʻonga qochib kirilsin! Darrov menga ergashilsin!

Bu safar uning tovushi barcha sheriklarining qulogʻiga yetib bordi, buyruqqa hammasi soʻzsiz itoat etdi.

Olma yedim baqalogʻidan,
Gilos yedim chaqalogʻidan,
Anjir yedim yapalogʻidan,
Bogʻbon buvaning shapalogʻidan...

Nogiron xachirni jitranglatib borayotgan qoʻmondon mashhur qoʻshigʻini bor ovozda kuylaganicha, oʻz lashkarini qoʻrgʻon sari ergashtirib ketdi.

Oshiqbola otni Qizqoʻrgʻon yoqqa yeldirib borayotib, «bu tuzoq emasmikan», deb oʻyladi. Devordagi qizlar orasida Oytumor ham turganini koʻrib, dilidagi shubhasi tarqaldi.

Ular ichkariga kirishlari bilanoq, qizlar darhol darvozani berkitib, yogʻoch tambalarni tirkashdi.

Surishtirib bilishsa, dugonalarini Oytumor yoʻlga solgan ekan. Ular avvaliga bekach xotinni tutib, qoʻl-oyogʻini chan¬dishibdi. Keyin Qizqoʻrgʻonni qoʻriqlash topshirilgan soqchilarni bekach¬ning huzuriga bitta-bitta chaqirgan boʻlishib, bir boshdan sholchaga oʻrab bogʻlashaveribdi.

* * *

Oytumor sholchalardan biriga oʻralgan arqonni yechib, «soqchiboshi mana shu», deya, boʻgʻriqib ketgan biqqi yigitni koʻrsatdi.

– Men askarlikka yollangan qulman, – deya toʻrttala oʻch¬korga jovdirab boqdi soqchiboshi. – Sheriklarim ham shunaqa. Bizni oʻldirmanglar, Sepkilshohni birgalashib qiyratamiz.

Xonada qatorlashib turgan sholchalar ichidan soqovcha boʻgʻiq tovushlar taraldi. Chamasi, sheriklari soqchiboshining gapini ma’qullayotgan edilar.

Qora papoqlilar Qizqoʻrgʻonning darvozasini hanuz «gupir-gupir» urib, kamon oʻqlari tepadan vizillab oʻtib turgani uchun vaqt juda ziq edi. Meshpolvon gapni chuvalab oʻtirmay, qizlardan beshta non soʻrab olib, soqchiboshining tumshugʻiga qadadi. «Yorugʻ olamda tengi yoʻq dahshatli Meshpolvonga halol askar boʻlishga qasam ich!» – deya uni qoʻrqitishga tushdi:

Buzsang agar soʻzingni,
Qush choʻqisin koʻzingni,
Eshak tepsin oʻzingni,
Shunday xavfli qasam ich!
Qaytar boʻlsang va’dadan,
Buqa suzsin podada,
Yiqilib tush xodadan,
Shunday xavfli qasam ich!
Pok tutmasang labzingni,
Ochlik qiynab nafsingni,
Quyon yesin sabzingni,
Shunday xavfli qasam ich!
Bir kun tonsang bu gapdan,
Doim uygʻongin chapdan,
Domlang ursin maktabda,
Shunday xavfli qasam ich!
Ontga amal qilmasang,
Erkaklikni bilmasang,
Chayon chaqsin, oʻlmasang,
Shunday xavfli qasam ich!

Soqchiboshi non dastasini qoʻli titraganicha tutamlab, uch marta peshanasi bilan labiga bosdi, «dahshatli Meshpolvonga xiyonat qilsam, meni non ursin, koʻr boʻlay», dedi.

Ochligi koʻzidan sezilib turgan soqchiboshi qasamni tugatgan zahoti Meshpolvon nonlarni undan yulib oldi, sholchalar ichidagi boshqa bandilarga ishora qilib: «Bulargayam ishonsa boʻladimi?» – deb soʻradi.

– Men borman, qilt etishmaydi, – deya gapni choʻrt kesdi soqchiboshi.

– Birontasi aldaydigan boʻlsa, ochiq gap shuki, kamida moxov boʻladi, – deb ogohlantirdi Meshpolvon.

Sholchalar ichidan endi, «um-m, gʻum-m», degan qasam¬yodlar eshitildi.

Meshpolvon beshala nonni yoʻl-yoʻlakay kavshab, sheriklari va fidoyi soqchilar bilan qoʻrgʻon devoriga chiqib bordi. Kamon¬larining oʻqi tugagani bois pastda beish uymalanib yurgan qora papoqli askarlar, ularga yordam berish uchun narvon koʻtarib kelayotgan koʻmakchilar galasi koʻrindi.

Narvonlar devorga tiralgach, qora papoqli askarlar bir-birining ketini choʻqib, qumursqalardek sherigini oldinga nuqib, yuqoriga koʻtarila boshlashdi. Meshpolvonga askarlikka oʻtgan soqchilar gʻoʻdasha-gʻoʻdasha yigitlar edi, ular yigirma-oʻttiz kishi tirmashib turgan narvonni nayza bilan bir itarishdayoq, agʻanatib yubo¬rishaverdi.

Ammo, dushman askarlarining chek-adogʻi, narvonlarning son-sanogʻi yoʻq edi. Bittani yiqitishsa, ikkitasi bosh koʻtarib chiqardi. Jang qizigandan qizib ketdi. Mudofaachilar charchay boshlagan pallada, qizlar ham «toʻxta-toʻxta»ga qaramay devor ustiga chiqib kelishib, har xil idishlardagi qaynoq suvlarni dushman ustidan sochishga tutinishdi.

Soqchilardan biri yarador boʻlganidan foydalangan ikkita qora papoqli askar qoʻrgʻon devoriga endigina oyoq qoʻygan mahalda kirtogʻora koʻtargan qizga duchor boʻlishdi. Qiz toʻsatdan togʻorani selpib, ularning aftiga qaynoq suv sepdi, askarlarning kiyimidan oppoq bugʻ koʻtarildi, dodlaganicha oʻzlarini devordan tashlashdi.

– Barakalla, singilginam! – deb qichqirdi buni kuzatib turgan Meshpolvon. Soʻng qizlarning tevaragida oʻralashib, ularga dalda bera ketdi. – Qoʻrqmanglar, qizlar, men shu yerdaman. Sizlarga tirnogʻini tekkizganni mijigʻlab qoʻyaman, menga yaqinroq turib urishinglar...

Bu orada Oytumor uchta dugonasi bilan zaytun yogʻi dogʻ qilingan dalaqozon ni koʻtarib kelishdi. Hali tutuni bosilmagan yogʻning yarmini narvondan chiqayotganlar boshidan, qolganini devor ostiga narvon oʻrnatayotganlar ustidan sochishdi, «jaz-juz» ovozlar eshitilib, hammayoq chinqiriqqa toʻldi.

– Rahmat, qizlar! Kam boʻlmanglar! – dedi Meshpolvon.

Soqchiboshi esa ustidan tutun chiqarganicha boʻkirib qochayotganlar ortidan: «Hammomga tez-tez kepturinglar!» – deb baqirib qoʻydi.

Koʻp oʻtmay qiz boyoqishlar holdan toyishdi, takasaltang oʻsibmiz deb oʻzlarini koyishdi. Ulardan birining qoʻliga kamon oʻqi sanchilib, «voy, onajonim-ey», deb choʻkkalab qoldi. Sheriklari chugʻurlashganicha kelib, uning yoniga toʻplanishdi.

Mana shu ogʻir daqiqada ufqni birdan chang-toʻzon qopladi. Qizqoʻrgʻon devoridagilar ham, pastdagilar ham nima voqea yuz berganini fahmlab ulgurmay, Meshpolvon yer-u koʻkni zirqiratgudek boʻlib qichqirdi:

– Hojixon oshnam kelyapti! Sheriklariniyam boshlab kelyapti! E, yashavor!

Haqiqatanam bular oʻnlab quyunlar edi. Ular uvlab-guvlab yetib kelishib, qora papoqlilarni almak-jalmak aylantirganicha yerga koʻtarib uraverdi. Qizqoʻrgʻon atrofini birpasda tozalab chiqishib, endi tarqoq galalarni ta’qib qilisha ketdi.

Hamma sheriklaridan baland boʻy choʻzib, hammadan tez aylanib yelayotgan quyun Hojixonajina edi, albatta. U odamlar nazdida xuddi uvilloq tovush chiqarayotgandek tuyulsa-da, aslida joʻshqin qoʻshigʻini baralla aytib jang qilayotgandi:

Aylan, quyunim, pildir-pildir,
Barglar uchsin «shildir-shildir»,
Barglar shildiroq,
Oʻyna, pildiroq!
Doʻstlar kulsin, dushman kuyunib,
Yovning koʻziga qum soch, quyunim,
Barglar shildiroq,
Oʻyna, pildiroq!
Bosqinchilar tekin osh yer,
Shagʻal joyda sendan tosh yer,
Barglar shildiroq,
Oʻyna, pildiroq!
Bosqinchiga uvlab borgin,
Momosini uyiga quvlab borgin,
Barglar shildiroq,
Oʻyna, pildiroq!

Hojixonajina sheriklariga oʻrnak koʻrsatib, charchoq nimali¬gini bilmay, jangni davom ettiraverdi. U, yoʻliga koʻndalang boʻlganlarni osmonga parrakdek koʻtarib, bexosdan tashlab yuborar, dushmanlar yerga «viq» etib tushib, sulayib qolardi.

Qizqoʻrgʻon hademay qoʻlga kiradi deb chetdagi doʻnglikda sevinib turgan Qahratoniya lashkarboshisi maydonda qandaydir sirli toʻzonlar paydo boʻlgach, ish chappasiga keta boshlaganidan qattiq tashvishga tushdi. Talvasada qolgan askarlarning koʻnglini koʻtarish, eng muhimi – Sepkilshohga oʻzini koʻrsatib qoʻyish niyatida janggohga qarab ot soldi. «Mana, yonlaringga yetib keldim, endi ishlar yurishib ketadi. Men umrimda yengilmagan¬man, yengilmayman. Hammang orqamdan ergash! Changdan qoʻrqma, tentaklar! Qoʻrqoqlarni dorga osaman!» – deb jangchilar¬ni Qizqoʻrgʻon sari boshlashga urindi. Biroq, atrofiga oltmish-etmish kishi yigʻilib-yigʻilmay, u ham quyunning qoʻliga tushdi. Hojixonajina guv-guvlab kulib, uni otidan oshqovoqdek yulib, oʻzini havoda chirpiratib, guldor chakmonini bayroqdek hilpiratib, orqaga surgilab ketdi.

– Bizni tashlab qayoqqa ketyapsiz, xoʻjayin? – deb qichqirdi kimdir.

Shundan keyin tevarakni shovqin-suron qopladi:

– Lashkarboshimiz uchib yuribdi, hahov!

– Qasrga qarab qochyapti xumpar!

– Kattalar shunaqa, doim oʻzini oʻylaydi.

– Bizga ot yetishmaydi, xoʻjayinlarga hatto varrak topiladi.

– Hov, mijgʻovlar! Bosh omonligida qochvor endi!

Sepkilshohning yana omadi ketdi. Qanchadan-qancha oʻlkani boʻrondek paypaslab oʻtgan talonchi lashkari bir hovuch iprindiga bas kelolmay, uning koʻzi oldida tum-taraqay boʻlib qocha boshladi.

* * *

Bu kungi yutuq Meshpolvonning qoʻmondonlik shuhratini oʻn chandon oshirib yubordi. Jang tugagan zahotiyoq qizlar uni oʻrab olishib, jovur-juvur qilganlaricha, gʻalaba bilan qutlay ketishdi.

– Boʻldi endi, qizlar, meni xijolat qilmanglar, – deya odatiga koʻra kamtarona maqtanishni boshladi u. – Men kallani ishlatib, toʻgʻri buyruq berib turdim, xolos. Koʻproq ogʻirlik askarlarimga tushdi. Ulargayam rahmat-pahmat deb qoʻyinglar, bechoralar sal xursand boʻlishsin, ertagayam yaxshiroq jang qilishsin.

Sheriklari kiyim-boshini, choʻzma-toshini tartibga keltirib, yuvinib-taranib, oʻziga qaranib olgunicha Meshpolvon ancha mahal tilini vaqillatib, qizlarni laqillatib oʻtirdi.

– Juda qiziq boʻldi-ku, – deb osmonga diqqat bilan tikildi u. – Qora papoqlilardan uchtasini tepaga otvorgan edim. Ikkitasi qaytib tushdi-yu, bittasidan haliyam darak yoʻq. Bulutga ilinib qoldimikan?

– Oshiqbolayam zoʻr urishdi, – dedi qizlardan birovi. – Bunaqa qilichvoz dunyoda bitta, toʻgʻrimi?

– Toʻgʻri! – deb kerildi Meshpolvon. – Bunaqasi ikkita boʻlishi mumkinmas. Chunki, Oshiqboladan boshqa shogird chiqar¬maganman.

Bu gapdan keyin unga ustma-ust savol yogʻilaverdi.

– Voy, hali ustozi sizmisiz?

– Boʻlmasam-chi, iye! Goʻroʻgʻli bobo uni toʻgʻri Oltiariqqa boshlab borib, shu bolapaqirni menga odam qilib berasan, Meshpolvon, dedi. Avvaliga koʻnmadim. Bunga sabab shuki, malla jodugarni yuz kunlik olishuvda yengib kelib, juda charchab turuvdim. Shunda Goʻroʻgʻli bobo «er yuzida bor-yoʻgʻi ikkita pahlavon qolgan boʻlsag-u, bir-birimizga mehr-oqibat shumi», deb zarda qildi. Qarasam, qirqta yigiti minan dunyoni oladigan zot mendan xafa boʻlib ketadigan. Noiloj rozilik berdim.

– Shunaqa usta boʻlsangiz, nega oʻzingizda qilich yoʻq?

– Qilich askarlarga beriladi. Qoʻmondonning quroli – oʻqlov.

– Askarlaringiz bunchayam oz?

– Kam boʻlishsayam, bari oʻzimga oʻxshagan ustamon, hammasini pishiq qilib chiqarganman. Masalan, Rayhon togʻalaringga choʻzma otishni rosa uch yil oʻrgatdim. Oʻzi bir landavur kishi edi, karvonsaroyning darvozasini sakkiz qadamdan zoʻrga urardi. Bir yildan keyin toshni odamga tekkizadigan boʻldi, ikkinchi yili kalladan moʻljal olishni oʻrgatdim, uchinchi yili burunga soladigan darajaga yetdi. Lekin, haliyam oz-moz xomligi bor, yonida aniq-ravshan buyruq berib turmasam, ba’zan burunni quloq bilan adashtirib qoʻyadi... Ha endi, Rayhon togʻalaring hartugur esli-hushli odam, hammadan ham sayoq loʻlini usta tuppakchi qilganimga qoyil denglar.

Qizlardan biri qitmirona boqib soʻradi:

– Shunday yuqori tabaqali odam nega choʻloq eshakda yuribsiz?

– Kap-katta qizdan chiqqan gapni qarang! – deb achchigʻ¬landi Meshpolvon. – Menga oʻxshaganlar bor joyda sal oʻylab gapirish kerak. Birlamchidan, paskash eshak qayoqda-yu, zotdor xachir qayoqda. Ikkilamchidan, bu dovyurak xachirimni Rustam-dostonning samanigayam almashtirmayman. Chunki, u qirq boshli ajdarho minan jang qilayotganimda yaralangan.

– Ajdar dumida tuyogʻiga urgandir-da?

– Be, nimalar deb aljirayapsizlar? Qochib ketmasin deb ajdarhoning dumini bilagimga oʻrab olgan boʻlsam, qanaqa qilib tuyoqqa urarkan? Ajdarhoda yetmishtagacha bosh boʻlishi mumkin, lekin dumi bittaligicha qolaveradi. Soddalik ham evi bilan-da, qizlar.

– Ha boʻpti, nima boʻlganini oʻzingiz aytaqoling.

– Xullasi kalom, qirq boshli ajdarho minan surunkasiga yetti oy-u yetti kun uxlamasdan jang qildim...

– Ovqat-chi? Qorningiz ochmadimi?

– Men sizlarga aytsam, battol ajdarhoning yigirmata boshi tinimsiz suv sepsa, qolgani lovullatib oʻt purkab turarkan. Sochgan suvidan dengiz paydo boʻlib, suzib yurib urishdim. Oʻt purkagan vaqtda xachir ikkalamiz suvga shoʻngʻib-shoʻngʻib turdik. Bir mahal qarasam, tepadan oʻtayotgan parrandalar kabobga aylanib, dengizda qalashib yotibdi. Jang oʻrtasida ajdar¬honing koʻzini shamgʻalat qilib, goh oʻrdak, goh loyxoʻrakni shamshirda ilib yeyaverdim. Bundan tashqari, suvga shoʻngʻi¬ganimda, ba’zan ogʻzimga baliqlar toʻgʻri kelib qolardi. Nihoyat, yettinchi oyning yettinchi kunida ajdarhoda ikkitagina kalla qoldi. Endi oʻt purkashgayam, suv sepishgayam madori yetmay, tipirchilab boʻkirishga tushdi. Dengiz ham oʻz-oʻzidan singib ketdi deng...

– Keyin-chi? Keyin nima boʻldi? – deb jovillashdi qizlar.

Meshpolvon xiyol qovoq uyib dedi:

– Keyin yomon boʻldi. Oʻttiz toʻqqizinchi kalla bilan olishayotganimda, qirqinchisi nomardlik qilib, xachirimning boldiridan kirt tishlab oldi. Men unisini tinchitgunimcha, xachirim bunisini allaqachon gʻajib oʻldiribdi... E, yoʻq! Bunaqa qahramon hayvonni mingta qorabayirgayam almashtirmayman.

– Endi ajinalardan gapirib bering. Ularni qanaqasiga askar qilvoldingiz?

– E, qoʻysalaring-chi, qizlar. Yana xijolat boʻlyapman.

– Keling, endi, gapirib beraqoling. Juda qiziqyapmiz.

– Ha, mayli, gaplaring yerda qolmasin... Shu desangiz, buyoqqa kelayotib, pistak kampirga yoʻliqdik. Bizni sehrlab, chuqur jarga qamab tashladi. Oʻzimiz nima ahvolda-yu, kechqurun oldimizda uch koʻzli choʻchqa paydo boʻlib: «Mana shu jardagi ajinalarga boshliqman, yaxshilikcha mendan qoʻrqishlaring kerak», deb xiralik qilaverdi. U desam boʻlmadi, bu desam boʻlmadi, oxiri tumshugʻiga qaratib tepvordim. Ana endi toʻpolondan soʻrang: u toʻsatdan echkiga aylandi, shoxini bigizlab koʻkragimga sakradi. Xayriyatki epchilman, uni havoda ilib olib, chotimga qistirdim, dikkaygan dumini uyoqqa eshdim, buyoqqa eshdim, rosa qiynadim. Avvaliga «me-e, me-e», deb baqirgan boʻlsa, keyin odamzodga oʻxshab, «voy-ey, voy jonim-ey», deyishga tushdi. Endi ta’zirini yegandir deb chetga irgʻitsam, «shuv» etib osmonga koʻtarildi, tuyadek kattakon burgutning tusiga kirdi. Tikkalab kelib boshimni choʻqib oʻtdi, qiyalab kelib boshimni choʻqib oʻtdi, indamasam, chapyani pachoq qiladigan. Chapya sinadigan boʻlsa, unda ish tamom, dunyoda yalangbosh yurishdan chatogʻi yoʻq. Uchinchi choʻqib oʻtishida qonim qaynab ketdi, orqasidan quvib chiqib, kekirdagidan changalladim...

– Iye, uchishni bilarkansiz-da? – deb soʻradi Oytumor.

Meshpolvonning koʻzi gʻildirab doʻrilladi:

– Qanaqa uchish?

– Burgutni quvib chiqdim deyapsiz-ku.

– Ha, umi? Toʻgʻri, oʻshanda uchganman!

– Tez-tez uchib turasizmi?

– Yoʻq. Kamdan-kam uchaman. Asosan yerda yuraman.

– Hoy, Oytumor, hadeb gapni boʻlavermagin, keyin nima boʻlganini eshitaylik, – deya dugonasini tergashdi qizlar.

– Keyin burgut ikkalamiz gupira-gup yerga agʻanadik, – deb mardona qiyofada soʻzini davom ettirdi Meshpolvon, – uning yarim patini yulib boʻlgan vaqtimda, potirlab qoʻlimdan chiqib ketdi. Shu zahoti eshakka aylanib, shartta orqasini oʻgirdi. Hammaga ma’lumki, olamdagi eng xavfli hayvon – odamga teskari turgan eshak. U bir shataloq otib, jagʻimga tepdi. Jagʻimdagi manavi chandiqni koʻryapsizlarmi, qizlar? Tirik qolganimga qoyilmisiz?

– Hartugur, oʻlmasangiz ham, hushdan ketgandirsiz?

– Yoʻq, qizlar, kallamga oʻz vaqtida toʻgʻri topshiriq berib, hushimni ketkizmadim. Belimdagi chilvirni oldim-u, uchini sirtmoq qilib, bir otishda eshakning oldingi oyogʻini orqadagisiga chirmadim. Boʻyniga tosh osib qoʻyganimdan keyin qilt etolmay qoldi. «Bugundan boshlab qulingman, askarlarimniyam senga berdim, meni qoʻyvor», deb elanishga tushdi.

– Sheriklaringiz yoningizdamidi?

– Yonimda desam ham boʻlaveradi. Harqalay, uzoqqa ketishmagan ekan. Qarasam, Oshiqbola minan Rayhon togʻangiz terakning uchida oʻtirishibdi. Uyoq-buyoqqa ovoz qilganimdan keyin, Chumakvoy yumronqoziqning inidan emaklab chiqdi...

Davraga oldiniga Oshiqbola, sal oʻtgach, Chumakvoy bilan Rayhon qiziq kelib qoʻshildi-yu, Meshpolvonning sarguzasht¬lariga bagʻishlangan gurungdan fayz ketdi. Qoʻmondon birdan jiddiylashib, «endi gʻidi-bidisiz ovqatlanib olaylik», deb farmon qildi...

E, bolasi tushmagurlar-a! Zap gʻalati kitobxonlarga uchradim-da. Boya aytuvdim-ku menga xalaqit bermay turinglar deb. Yana oʻsha ahvol – mana endi: «Meshpolvon olijanob maqsad bilan yoʻlga chiqqan boʻlsa-yu, ovqatxoʻrligiyam mayli, lekin namuncha yolgʻonni koʻp gapiradi?» – deb soʻrayapsiz.

Insof bilan aytganda, ochofatlik ham, toʻqib soʻzlash ham boʻlmagʻur narsa. Ayniqsa, yolgʻonni hamma yomon koʻradi. Ammo, aldoqchilikning atrofdagilar uchun xatarlisi bor, xatarsizi bor, ba’zilari zararli, ba’zilari bezarar. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Meshpolvondan ortiqcha oʻpkalashimizning hojati yoʻq deb oʻylayman. Qolaversa, oʻzingiz yuqorida aytganingiz-dek, uning maqsadi ezgu, yuragi toza. Aynan mana shu ikki narsa Meshpolvonning istarasini mengayam, sizgayam issiq koʻrsatib, kamchiliklarini xaspoʻshlab turgan boʻlsa, ajabmas...

* * *

Hojixonajina Sepkilshoh qasridan ancha kech qaytib, koʻrgan-eshitganlarini davradagilarga kula-kula hikoya qilib berdi.

Uning aytishiga qaraganda, ertangi jang rejasi uyoqda qolib, Sepkilshoh va arboblar lashkarboshini rosa qisuvga olishibdi.
— Askarlarning koʻzini loʻq qilib, varrakda qochganing nimasi? – deya dargʻazab soʻrabdi Sepkilshoh.

– Nega qocharkanman? Qochganim yoʻq!

– Axa! Demak, shunchaki yallo qilib uchgansan. Bundan chiqdiki, saltanatimizga azaldan dushmansan, askarlarni ataylab yoʻldan urgansan.

– Varrak qani? Uni qayerga yashirding? – debdi qopgudek boʻlib vazir.

– Qanaqa varrak? Hech qanaqa varrakni bilmayman. Boshimni aylantirmanglar.

Endi nozirlardan biri pismiqlanib gap qistiribdi:

– Chunonchi varrakda uchmagan ekanlar, unda qanotlarini koʻrsatsalar bir tabriklab qoʻyardik.

– Podshohi a’zamdek oliy zot yerda turganlarida, lashkarbo¬shiga osmonda balo bormi? – debdi ikkinchi nozir.

Bu gapdan keyin Sepkilshoh yanada sergaklanib, jagʻi kaptiga yoʻrgaklanib, masalani koʻndalangiga burib yuboribdi:

– Xoʻsh, qanaqa jazo beramiz bunga?

– Qopga solib, daraxtga ilib qoʻyamiz, – debdi vazir.

Nozirlar ham har xil takliflar kiritishibdi:

– Tirigicha yerga koʻmib, ustiga eshakolma ekish kerak.

– Yaxshisi, qorni paqillab yorilguncha yuvindi ichkizaylik.

– Menimcha, kallasini tandirga tiqib, buyogʻini itlarga talatgan durust.

Sepkilshoh oʻz arboblarining gapini jim eshitib boʻlib, kutil¬ma¬ganda ularga dagʻdagʻa qila ketibdi:

– Bittangdayam insof yoʻq ekan! Nima boʻlgandayam, lashkarboshi bizga koʻp xizmatlar qildi, ba’zida jasorat-pasorat koʻrsatdi. Eng muhimi – hammamizga ulfat boʻlib, tez-tez ziyofat berib turdi. Endi uni koʻpchilikning oldida sharmanda qilib jazolashimiz yaxshimi? Birontangda odamgarchilik degan narsa qolmabdi. – Shundan keyin u picha tundlanib turgach, mehri¬bonona ovozda oʻz taklifini aytibdi. – Kelinglar, adashgan doʻstimizni shu yerda urib oʻldiraylik.

Hayotda tez-tez uchrab turadigan, ayni daqiqada esa Sepkilshoh qasrida yuz bergan bu holatni shundoq izohlash mumkin:

Doʻstimizni xor qilmaylik,
Jallodlarga zor qilmaylik.
Koʻnglimizni tor qilmaylik –
Tepkilaylik oʻzimiz.
Doʻsti borlar chetda oʻlmas,
Begonadan jafo koʻrmas.
Bundan ortiq yordam boʻlmas –
Tepkilaylik oʻzimiz.
Toʻplanishib doʻstlar bunda,
Topdik gunoh bor deb unda.
Asqotaylik ogʻir kunda –
Tepkilaylik oʻzimiz.
Urinmaylik oqlash uchun,
Doʻstni omon saqlash uchun.
Oʻligiga yigʻlash uchun –
Tepkilaylik oʻzimiz.

Sepkilshohning taklifini eshitgan vazir: «Olamga kelib, bunday insonparvarlikni koʻrmaganman», deya masxaraomuz lab himarib, asta yeng shimarib, olatasirga shaylanibdi. Boshqa arboblar ham hukmdorning karami beqiyosligiga ofarinlar aytishib, lashkarboshini qurshovga ola boshlashibdi.

Shunda lashkarboshi oʻzini Sepkilshohning oyogʻiga tashlab, yalina ketibdi:

– Men surbetni kechiring, xoqonim, bundan buyogʻiga sizdan beruxsat uchmayman. Shaytonning gapiga kirib, bir yuzsizlik qil¬dim. Mana koʻrasiz, toʻrttala gʻalayonchi ertalab qoʻlingizda boʻladi. Bir toʻp askarim ikki kundan beri Qizqoʻr¬gʻon tomonga lahim kavlayapti. Yerning tagidan kirib borib, hamma gʻalayonchini asirga olamiz. Bir qoshiq qonimdan keching, xoqonim!

Lashkarboshining bu gapidan soʻng, Sepkilshoh ancha shashtidan tushibdi...

Meshpolvon Hojixonajinaning soʻzini boʻlib: «Qanaqa lahimni gapiryapsan?» – deb soʻradi.

– Lahim allaqachon tayyor boʻlgan, – dedi Hojixonajina. – Dushman hademay tumshugʻingning tagidan chiqib keladi.

Meshpolvonning yuragi hovliqdi:

– Qayerdan kavlashibdi?

– Vahima koʻtarma, oshnalarim qoʻriqlab turishibdi, – deya xotirjam javob qildi Hojixonajina. – Lahim qazishni chakalak¬dan boshlashgan ekan. Oshxonamizning orqasidan teshib chiqishibdi. Hammasini koʻrib keldim.

– Hay, endi nima qildik? – deb atrofdagilarga koʻz yugurtdi Chumakvoy.

– Nima qilardik? – dedi Rayhon qiziq. – Begona kalla koʻrinsayoq, sen koʻziga chapillatasan, men burniga poʻkillataman.

Hojixonajina yoʻl-yoʻlakay oʻziga-oʻzi telbadek soʻylab, ajabtovur bir hiyla oʻylab qoʻygan edi. Hozir shuni aytib, oʻrtoqlariga maslahat soldi. Uning fikri, qoʻmondonning ayrim tuzatishlaridan keyin, ma’qul deb topildi.

Bir payt Meshpolvon: «Hov, qizlar, qogʻoz-qalam opkeling¬lar», deb qoldi. Qizlar aytilgan narsalarni keltirishgach, «bularni Oshiqbolaga beringlar», dedi.

Toʻrttala oʻchkor ichida savodi puxtarogʻi Oshiqbola edi, shu bois u qogʻoz-qalamni indamay qoʻlga olib, qoʻmondonning ogʻziga tikildi.

– Yoz, oshnaginam, – dedi Meshpolvon. – Qahratoniyani kir oyogʻida ezib, qoʻni-qoʻshnilarniyam tinchini buzib yotgan ashaddiy boʻzaxoʻr, tugʻma maraz Sepkilshohga yuz yoqqa dongʻi ketgan dahshatli Meshpolvondan ogohlantiruvchi xat, deb sar¬lavha qoʻy. Yozdingmi, oshna? Rahmat senga, kam boʻlma.

Shundan soʻng u jahongir qiyofasiga kirib, dabdaba bilan bidirlab turaverdi, kotibi hiringlab-hiringlab yozaverdi:

«Ey, Sepkilshoh! Marazliging shundan iboratki, koʻp odam¬ning rizqini qiyib, ogʻzidagini ilib ketding. Seni davringda itlarga omon-omon boʻlib, odamlar zanjirga boylandi. Hamma sendan xafa. Chekkaroqda qoʻlga tushsang, rosa tepishsa kerak. Bu kuningdan oʻlganing yaxshi.

Lekin, ochiq aytganda, haliyam kechmas, taxtni yaxshilikcha boʻshatib qoʻy. Oʻz ixtiyoring minan joʻnasang, biz ham orqangdan quvib oʻtirmaymiz. Askarlarning uvoliga qolma, baribir kuning bitdi. Oʻrningda esliroq odam boʻlganda, ism-u sharifimni eshitgan zahoti mushukni minib qochardi.

Xullas, izzatingni borida gumdon boʻl. Senga men minan askarlarim oq yoʻl tilab qolamiz».

Xat yozib boʻlingach, bekach xotinni qamoqdan boʻshatishib, nomani qoʻliga tutqazishdi. «Qasrdan chiqib, toʻgʻri qiblaga yurasan, boriboq xatni Sepkilshohga berasan», deb qoʻyib yuborishdi.

Shundan soʻng Meshpolvon ertangi jang oldidan toʻyib uxlab olishsin deb soqchi va qizlarning hordiq chiqarishiga ruxsat berdi. Yana birozdan keyin ajinalarni soqchilikka qoldirib, toʻrttala oʻchkor ham uxlagani yotishdi.

Odatda eng sergak odam ham yarim kecha bilan sahar mardon oraligʻida qotib uxlab qoladi. Lashkarboshi oʻz rejasini xuddi ana shu mahalda amalga oshirishni moʻljallagan edi.

Uning fikricha, bu ishga ajratilgan askarlarning yarmi lahimdan oʻtib borib, gʻaflatdagi mudofaachilar ustiga yopirilishi, bu orada bir qismi qoʻrgʻon darvozasini ochib yuborishi lozim edi. Darvoza ortida kutib turganlar ichkariga bosib kirgandan keyin gʻalayonchilarning asir tushishdan boshqa iloji qolmasdi. Uyqusirab turib, bunday jips qurshovni yorishga urinish oʻlimga borish degan gap edi.

Chakalakzordagi qora papoqlilar lahimga kira boshlagani haqida soqchi ajinalardan biri xabar keltirgach, Hojixonajina darhol toʻrttala oʻchkorni uygʻotdi. Ular pana joylarga pisib olishib, chigirtkalar yallasiga quloq solishib, tek yotishaverdi.

Nihoyat, sharpa eshitilib, lahimdan qop-qora papoq, papoq ostidan ikki juft koʻz-quloq, yo burun yo nosqovoq, moʻylovga koʻmilgan ogʻiz, hiqildogʻ-u boʻgʻiz balqib, chalafahm bir kalla atrofga olazarak jalangladi. Soʻng qoʻrqmay chiqaveringlar degandek pastdagilarga imo qildi.

Oshxonaning orqasidagi maydoncha zum oʻtmay askarga toʻlib ketdi.

Hammasi yigʻilib boʻlgandan keyin, yarmi yotoqxona tomon, yarmi darvoza sari yurishga chogʻlangan ham ediki, Hojixonajina¬ning arslon qiyofasiga kirib olgan gala-gala sheriklari ularni toʻrt tarafdan oʻrab, koʻzlari bir botmondan goʻsht soʻrab, irillaganicha yaqin kelishaverdi. Askarlar chumchuq boʻlib tugʻilmaganidan ming afsuslanib, tarashadek qotib qolishdi.

– Qimirlaganing arslonga yem boʻlasan! – deb hayqirdi Oshiqbola. – Qani, hammang darvozaga qarab yur-chi.

Qora papoqlilar bedanasimon pitirlashib, past ovozda gʻudirlashib, oyoqlari chalishib, bir-biridan yurak qarz olishib, darvoza yoqqa odimlashdi. Chumakvoy Rayhon qiziqqa yuzlanib: «Voy ahmoqlar! Buni koʻringki, tutunga oʻxshagan arslonlardan qoʻrqishadi», dab bandilarni ermakladi.

Qora papoqlilar qoʻshqanot darvozali baland ravotning oldiga haydab keltirilgach, Oshiqbola ularga qarab dedi:

– Bizga asirlarning keragi yoʻq. Hozir darvozani ochib, hammangizni qoʻyvoramiz. Ammo, shu shart bilanki, eng orqada qolgan besh kishi tutib olinib, arslonlarga beriladi.

Bu gapdan keyin nomi bandi boʻlsa oldingi qatorga oʻtishga oshiqib, safda janjal boshlandi:

– Hey, laycha, qayoqqa suqulyapsan? Boʻyingga qarab qatorda tur.

– Bu yerda boʻy-moʻy degan narsa ketmaydi. Qoch deyapman, boʻlmasa qoʻlingni tishlab olaman.

– Iye, endi bunisi kelyapti-ku. Yoʻqol joyingga! Nima, jon bitta senga kerakmi?

– Ke, oshnajon, meniyam oʻtkizvor. Mayli, manavi pulni olgin.

– Pulni nima qilaman? Puli koʻpni arslon yemay qoʻyarkanmi?

Meshpolvon bu vaqtda ravot tepasidagi supaga gerdaygani¬cha chiqib borib, biqiniga qoʻl tiradi. Qizqoʻrgʻon tashqarisida hak¬kadek hushyor turgan qora papoqlilar tun quyuq boʻlgani uchun uni yaxshi ilgʻay olmay, yuqoriga sinchiklab tikilishdi.

– Battollarning yarmi buyoqda ekan-ku, – deya ravot supasini titratib qichqirdi Meshpolvon. – Bitta qoʻymasdan qirib tashlansin! Olgʻa, askarlarim! Hayuv-v!!!

U shunday deb baqirgan zahoti, ichkaridagilar darvozani ochib yuborishdi. Arslon changalidan qochayotganlar qiy-chuv bilan otilib chiqib, tashqaridagi sheriklarining ustiga yopirilishdi.

Qoʻrgʻon tashqarisidagi qora papoqlilar bir lahza esankirab turishdi – dushmanda shuncha askar bor deb oʻylashmagan edi. «Dushman» ana-managa qaramay yaqinlashib kelavergach, apil-tapil qilich sugʻurib, nihoyat jangga tashlanishdi.

Zimistonda qiy-pichoq boshlandi. Qilichlarning jarangi-yu qalqonlarning darangi yaradorlar oh-vohiga qoʻshilib, yer-u koʻkni vahima qopladi. Ikki taraf betoʻxtov olishib, yonidagining ismini soʻramay solishib, bir-birining qonini yalashib, itdek talashib, ertalabgacha yoqalashishdi. Tong yorisha boshlaganda mundoq qarashsa, omon qolgan besh-oʻn kishi ham, maydonda choʻzilib yotganlar ham yoppasiga qora papoqlilar. Bizni toza laqillatishibdi deb, sochlarini yulgudek boʻlishdi.

Bu xabar koʻp oʻtmay, Sepkilshohning qulogʻiga yetib bordi. Bekach xotin keltirgan xatdagi haqoratomuz poʻpisalardan tomirida qoni shovullab, badani pilikdek lovullab turgan podshoh keyingi xabarni eshitib, qahri qirq gazga sachradi. Xatda yozilganidan tashqari, Meshpolvonning: «Poshshongga uqtirib qoʻy, bironta taqachiga shogird tushib, yaxshilikcha tirikchilik qilib yuraversin», deb bekach xotindan aytib yuborgan gapi miyasini qayta zingʻillatib oʻtgandek boʻldi.

Bundan bir necha kun oldin zoti tayinsiz toʻrt iprindiga qarshi ikki yuzta askar yuborishniyam oʻziga ep koʻrmagandi. Endi esa bir narsani tushunib yetdi – oʻsha iprindilar bilan boʻlayotgan olishuvlar toj-taxt taqdirini jar yoqasiga tobora yaqinroq sudrayotgan edi.

* * *

Hayot-mamot kurashi ertalabdanoq qizib ketdi. Sepkilshoh borliq suvori-yu sarbozi, kamonchi-yu nayzabozi, yasovul-u bakovuli, itboqar-u qorovuligacha qoldirmay maydonga tashladi.

Dushman bu gal juda katta kuch bilan hujumga oʻtgach, kecha havasga jang qilib yurgan, uchraganni qiziqchilikka koʻtarib urgan shovvoz quyunlar ham behisob qora papoqlilar qarshisida birmuncha ojizlanib qolishdi. Endi Qizqoʻrgʻon atrofidan nari ketolmay, ming-minglab chumolilardek devorga izma-iz tirmashayotganlarni yulqib yiqitishga bazoʻr yarab turishdi.

Meshpolvon oʻqlovini mohir dutorchidek satanglanib tutamlaganicha qoʻrgʻon devori boʻylab aylanib yurar, goh sheriklariga, goh fidoyi soqchilarga kuyunchak qiyofada yoʻl-yoʻriqlar berar, uning bu qiligʻi negadir hech kimning jigʻiga tegmas, aksincha, hammaning koʻnglini koʻtarayotgandek edi.

– Hov, Chumakvoy, oʻqni ayama! Qalampirni koʻproq qoʻsh!

– Yashang, otaginam! Kam boʻlmang! Burun ikkala koʻzning oʻrtasida turishi esdan chiqmasin.

– Boʻsh kelmanglar, soqchilarim! Nayzani mahkamroq ushlanglar. Qasamni buzgan odam moxov boʻladi.

– Vey, Oshiqbola, koʻkragingni ochmasang-chi! Qoʻlingdagi qalqonni nimaga berganmiz? Oʻlsang, bobongdan baloga qolaman-a!

Meshpolvon shu alfozda qilich oʻrniga tilini qayrab, folchining toʻtiqushidek sayrab, askarlariga dalda berib yuraverdi. Ora-sira, oʻng kelib qolganda, devordan endigina boʻy koʻrsatgan biron-bir dushmanning kallasiga qaratib oʻqlov bilan urib ham turdi. Toʻpolonda qay birovi Hojixonajina-yu, qaysi biri uning sherigi ekanini ajratolmay, duch kelgan quyunga: «Balli, Hojixon! Narigi shotilarniyam shunaqa qilib esh. Kim devorga tirmashsa, qulogʻidan choʻz», deb baqirib qoʻyardi.

Qizqoʻrgʻonni makon etib,
Devorini qalqon etib,
Kular, yovni yakson etib
Meshpolvonning askarlari.
Yirtqichligi qoʻzib yana,
Dushman kelar toʻzib yana,
Yayrar quloq choʻzib yana
Meshpolvonning askarlari.
Yov xomaki reja tuzar,
Devorlardan qopdek uchar,
Qilich urib raqs tushar
Meshpolvonning askarlari.
Gʻanimlar och koʻppak boʻlib,
Kelsa qora telpak boʻlib,
Koʻzdan urar tuppak boʻlib
Meshpolvonning askarlari.
Dushman kelar, toqat qilmas,
Tinch yashashni odat qilmas,
Burunlarga shafqat qilmas
Meshpolvonning askarlari.
Koʻpmiz deb yov erkalaydi,
Narvonlarin yelkalaydi,
Nayza sanchib tilkalaydi
Meshpolvonning askarlari.
Goh osmonni oʻrab uvlar,
Narvonlarni burab uvlar,
Yovni qordek kurab uvlar
Meshpolvonning askarlari.
Yangratib toʻrt tomonlarni,
Kuylaydi hur zamonlarni,
Yomon koʻrar yomonlarni
Meshpolvonning askarlari.
Bayroqlari chidam boʻlsin,
Xalqqa doim hamdam boʻlsin,
Baxtimizga bardam boʻlsin
Meshpolvonning askarlari.

Lashkarboshi Sepkilshohning kechagi ishonchini oqlash, lahimdagi bugungi sharmandalikning dogʻini yuvishni diliga tugib qoʻygan edi. Lashkari aridek toʻzib, Qizqoʻrgʻondagilarni behad shoshtirayotganida, oʻzini tutib turolmadi – Sepkilshoh durbindan kuzatayotgan joyni moʻljallab, tapira-tupir ot yeldirganicha janggohga kirib bordi. Har qachongidek ogʻiz koʻpirtirib: «Koʻzingni och, oshqovoqlar, bu yerda men turibman», deya vagʻir-vugʻurni avj oldirgan ediki, Hojixonajina bu safar ham uni egardan uzib, osmoni falakka sudrab ketdi. Qoʻrgʻon atrofida uchinchi marta aylantirib chiqayotganda, qora papoqlilardan biri: «Osmonga qaranglar, osmonga!» – deb baqirdi.

– Iye, lashkarboshimiz tagʻin uchibdi-da?

– Obbo, noinsof-ey! Bizni oʻlimga tashlab, oʻzi varrakda oʻynab yuribdi.

– Bular poshshoga erkatoy. Kun tugʻsayam, shularga tugʻadi.

– Shunaqa varraklarni bizga berishsa, qoʻrgʻonni osongina olardik.

Hammaning koʻzi osmonga qadalgan pallada Hojixonajina lashkarboshining qizil shalvarini pufakdek shishirganicha Qizqoʻr¬gʻondan uzoqlashtirib olib qocha boshladi. Askarlar beixtiyor uning ketidan ergashib, yoppasiga chekinishga tushishdi.

– Qayt, molfahmlar! Buyoqda pishirib qoʻyibdimi? – deya Sepkilshoh otda kelib ularning yoʻlini toʻsdi.

Qora papoqli askarlar: «Bizda nima ayb? Tartibga koʻra, lashkarboshining orqasidan ketyapmiz», deb javob qilishdi.

– Lashkarboshingiz haddan oshyapti, hazratim, – deya Sepkilshohga dimogʻida shipshitdi nozirlardan biri.

– Qurtga toʻygan qizilishtondek tepangizda bezrayib aylanishini qarang, – dedi ikkinchisi.

Vazirning gapi yanada keskinroq chiqdi:

– Yuzingizga oyoq qoʻyib ikkinchi marta uchgan ekan, endi bu qasamxoʻr tirigicha yerga tushmaydi.

Sepkilshohning gʻazabdan peshanasida qoshi aylanib, koʻzlari gʻilaylanib, labi taqa, lunji baqa boʻlganicha, havoga laylaklanib qoʻl choʻzdi:

– Amr-u farmon qilamiz! Gʻurrakpadar lashkarboshi mazkur soniyadan iborat xomaki nishon hisoblansin. Uni urib, oyogʻimiz tagiga tushirganga yangi qumgʻon bergaymiz.

Shu topdayoq yuzlab kamon osmonga qaratilib, qora papoqli askarlar oʻz lashkarboshisini bir zumda tipratikonga aylantirishdi.

Narvonchi-yu kamonchilar sal oʻzlariga kelib olgunlaricha, Sepkilshoh palahmonlarni ishga soldi.

– Tashvishlanmanglar, chiyaboʻrilarim, – deb askarlarining yuragiga oʻt tashlashga urindi u. – Hozir qoʻrgʻon devorini buzib beraman. Ichkariga sayildagidek bemalol kirib borasizlar.

– Sepkilshoh hazratlariga qulluq qilinglar, – deya askarlarga yuzlandi birinchi nozir. – Sizlarga yengil boʻlsin deb, qimmat¬baho palahmonlarni qurdirib qoʻydilar.

– Poshshomizda tillolar koʻp, – dedi ikkinchi nozir. – Mardonavor oʻlganlarni jannatga kiritvorishgayam bemalol kuchlari yetadi.

Vazir ham oʻz navbatida: «Omadingizni sinab koʻring! Ishi yurishganlar bugunoq jannatga joʻnashi mumkin», deb askarlarga tabrik-tavallo bilan murojaat qildi.

...Sandiqdek-sandiqdek harsang toshlar guvillaganicha uchib kelib, qoʻrgʻon devorlariga shikast yetkaza boshladi. Hammayoqni toʻzon qoplab, qay biri palahmontosh koʻtargan chang-u, qay biri quyun ekanini ajratib boʻlmay qoldi. Narigi chetga kelib tekkan tosh qoʻrgʻonning bu chekkasigacha larzanglatib yuborar, devor hademay nozik shishadek chilparchin boʻlishi hech gap emasdi.

Palahmontoshlardan biri devorning tepa qismiga urilib maydalangan chogʻda, mushtdek boʻlagi Meshpolvonning boshiga borib tegdi, chapya sopol tangachalarga aylanib, chor atrofga sochildi. Qoʻmondon shovullab qon otilayotgan peshanasini changallab, shalop etib yerga yiqildi.

– Eh-hay, joʻrolar! – deya tomogʻi yirtilguday boʻlib qichqirdi Chumakvoy. – Meshpalvonimizni oʻldirib qoʻydilar!

Toshlar yogʻilayotganini ham birdan unutib, hamma oʻsha yoqqa qaradi. Picha dong qotib turishgach, yaraga roʻmolcha bosayotgan Chumakvoyning yoniga Oshiqbola bilan Rayhon qiziq kelib qoʻshildi. Ular qoʻmondonni devor orqasidagi zinapoyadan koʻtarib tushishib, mustahkam toshhujra panasida gʻuj boʻlib oʻtirgan qizlarning oldiga olib borishdi.

Meshpolvonning rangi paxtadek oqarib, oyoq-qoʻllari shalvirab, badani butkul sovib ketgan, undan tiriklikning biron-bir alomatini topib boʻlmasdi.

– Ota-onasini koʻrolmasdan ketdi shoʻrlik, – deb namlangan kiprigini artdi Rayhon qiziq.

Chumakvoyning esa koʻzidan yosh daryo boʻlib quyilayotgan edi. U, mushtini havoda oʻynatib: «Qora papoqli ana shu sakvachchalar kunini koʻradi hali!» – deganicha tish qayradi.

– Sizlar tashvish tortmanglar, – dedi Oytumor Oshiqbolaga boqib. – Meshpolvonga oʻzimiz qaraymiz. Manavi dugonam¬ning otasi tabib boʻlgan, oʻziyam ancha narsani biladi.

Toʻshak-yostiq olib chiqishib, Meshpolvonni unga avaylab yotqizishdi. Tabib qiz shu zahotiyoq yelib-yugurib ishga kirishdi.

– Ketdik boʻlmasa, – deb sheriklarini yana devor tomonga ergashtirdi Oshiqbola. – Meshpolvon uchun qasos olamiz.

– Qasos olamiz! – deya baland ovozda takrorlashdi Rayhon qiziq bilan Chumakvoy.

Yuqoridagi soqchilarning: «Qasos olamiz! Dahshatli Meshpolvonning oʻchini olamiz!» – degan tovushlari qoʻrgʻon devori boʻylab zumda aylanib chiqdi.

Palahmontoshlar ulkan qorayaloqlar galasidek uchib kelib yogʻilaverdi. Devor tuya-tuya qilingan qovun tilligi shakliga kirib, ayrim joylari yarim-yorti oʻpirilib tushdi. Chumakvoyning miyasida, dushman shu tariqa tosh otaversa, peshinga qolmay dunyodagi togʻlardan bittasi yoʻq boʻlib ketadi degan shubha uygʻondi. Ammo, qaysidir togʻning kuni bitmagan ekan, koʻp oʻtmay palahmonlarning sharaq-shurugʻi tinib, toshlarning zuvir-zuviri ham, devorlarning gumbir-gumbiri ham eshitilmay qoldi.

Bu yovvoyi sukunat bir necha daqiqaga choʻzildi xolos. Havoni qoplab olgan changlar hali bosilmay turib, Sepkilshohning narvonchilari navbatdagi hujumga tashlanishdi.

Qizqoʻrgʻon qattiq shikastlangani uchun mudofaa qilish yanayam ogʻirlashib ketdi. Hojixonajina devorning koʻproq buzilgan joylariga toʻrt-beshtadan quyunni doimiy birkitib qoʻygan boʻlsa ham, qora papoqlilar himoyadagilarga aynan oʻsha oʻprilmalarda koʻproq qiyinchilik tugʻdirayotgan edi.

Oʻn chogʻlik dushman askari qoʻrgʻonning yon tarafidan yorib kirib, soqchilar bilan devor ustida jang qila boshladi. Ularning maqsadi devorning nuragan yeridan qoʻrgʻon ichiga sakrab tushib, darvozani ochib yuborish ekanini payqagan qizlar yana tadbirkorlik koʻrsatishdi – dushman kirib kelmasligi uchun lahim atrofiga baland qilib yoqilgan gulxanlar choʻgʻini togʻora-yu chelaklarda tashib kelib, nuragan devor ostiga toʻkishaverdi.

Soqchilarni ikki yoqqa qisib, shosha-pisha devordan sakragan qora papoqlilar birin-ketin tizza boʻyi choʻgʻga yiqilib, dodlay desa nafasi tiqilib, qaynatma shoʻrvadagi goʻshtdek irgʻishlab, alamdan oʻzini-oʻzi tishlab, sal oʻtmasdan tagi kuygan qozon¬kabobga oʻxshab qolishdi.

Qizqoʻrgʻondagilarning hayoti qil uchida turgan mazkur vaziyatda ham Oshiqbolaning koʻngli Oytumorda edi. U, narvondan koʻtarilayotganlarni ketma-ket qilichdan oʻtkazarkan, choʻzmasini lagʻmonpazning xamiridek betinim choʻzgʻilayotgan Rayhon qiziqqa qarab qichqirdi:

– Pastga tushing,otaxon! Qizlarniyam, Meshpolvonniyam qoʻrgʻondan olib keting. Tayyor lahim turibdi. Tezroq boring, soqchilarning yarmi qirilib boʻldi!

Rayhon qiziq choʻzma otishni hanuz tark etmay: «Hov, bola, sen meni kim deb oʻylayapsan», deya shangʻillay boshlagan edi, Oshiqbola: «Qizlarning uvoliga qolmang! Keting deyap¬man!» – deb baqirib berdi. Rayhon qiziq jahl bilan bir depsinib qoʻyib, zinapoya tarafga yurdi.

Jang qizigandan qizib, «urho-ur» avjga minib borayotgandi. Terga botgan soqchilar nayzasini yaltillatib, Chumakvoy koʻzga shapillatib dushmanga qiron solar, oʻq oʻtmas quyunlar esa narvon¬larni burab, qora papoqlilarni domiga oʻrab, maydonda suron solardi.

Oshiqbolaning ham zahmati oʻziga yetarli edi – boʻzchining mokkisidek giz-gizlab, u narvon oldidan bu narvon oldiga piz-pizlab, dushmanini gezartirib, qilichini qizartirib, shayton¬dek jang qilayotgandi. Shu orada halok boʻlishiga ham oz qoldi – chap tomondagi gʻanimni chopib ulgurmay, oʻngdagi narvondan chiqqan yov askari qulochkashlaganicha orqasidan nayza oʻqtaldi. Biroq, avval charsillagan, soʻng poʻkillagan ovoz eshitildi-yu, nayzaboz burnini tutamlab orqaga agʻdarildi, narvondan koʻtarilayotgan sheriklariga jonholatda tirmashib, uch-toʻrttasini oʻzi bilan birga pastga tortqilab ketdi.

Oshiqbola Rayhon qiziqning nogahonda yana paydo boʻlganidan bir achchiqlansa, goʻyo hech kimdan hech qanaqa topshiriq olmagandek bemalol choʻzma otayotganini koʻrib, ikki achchiqlandi.

– Qizlar qochmaymiz deb oyoq tirab olishdi, – dedi Rayhon qiziq choʻzmasiga tosh solayotib. – Oʻlsak birga oʻlamiz deyishyapti.

Oshiqbola olishuvni davom ettirarkan, alamnok lab tishladi. Boshida: «Na iloj? Birga oʻlsak – birga-da», degan oʻy chaqnab, koʻngli darz ketgandek boʻldi.

Lekin, pastdan eshitila boshlagan ham hazin, ham jarangdor qoʻshiq qaytadan uning ruhini koʻtardi, qoʻlidagi oynusxa qilichdan bilagiga daryo-daryo mador oqib kirayotgandek boʻldi.

Oytumor esa kuylashda davom etardi:

Mard oʻgʻil bogʻlab belin,
Jonidek asrab elin,
Isfaxon tutgan qoʻlin
Dushmanga jallod qiladi.
Dushmani gʻolib turib,
Qurshasa ortga surib,
Mard oʻgʻil na’ra urib,
Nomardi faryod qiladi.
Boʻlsa kim zoti tayin,
Tinglamas yovning rayin,
Yov chaqa bergan sayin
Xizmatni bezot qiladi.
Yoqsa oʻch mard kinchini,
Oʻylamay oʻz tinchini,
Qiyratib bosqinchini,
El-yurtni ozod qiladi...

Hayot bilan oʻlimning oraligʻi bir qadamdek koʻrinayotgan ushbu daqiqada toʻrt tarafdan tartibsiz bostirib kelayotgan olomon galasi koʻzga chalindi. Ular gʻala-gʻovur bilan jangga kirib, qoʻlida nimaiki boʻlsa oʻshani ishga solib, yovni biydalay ketishdi.

Sepkilshohning borliq lashkar-u malaylari Qizqoʻrgʻonni zabt etishga yuborilgach, boshvoqsiz qolgan qullar gʻalayon koʻtarib, endi bir-birini olgʻa itarib, qoʻlga kirgan narsani ushlab, quroli yoʻqlari yovni chapanichasiga mushtlab, maydonga tobora toʻlib borayotgan edi.

Tish-tirnogʻigacha qurollangan qora papoqlilar oʻn minglab juldurvoqilarning tayogʻ-u panshaxalaridan qoʻrqib, oʻngʻay koʻringan tomonga tirqirab qocha boshladi.

Bu – Sepkilshoh ustidan qozonilgan uzil-kesil gʻalaba edi.

* * *

Gʻalayonchi qullarning bir qismi Qizqoʻrgʻonga kirib kelib, qahramon mudofaachilar bilan quchoqlasha ketdilar.

Oʻlja tushgan qinsiz qilichni changallagan novchagina kishi panadagi qizlarni koʻrib, «nega bunaqa hurkib turibsizlar», deya ularga yaqinlashdi. Kelgach, toʻshakda choʻzilib yotgan Meshpolvonga koʻzi tushib, seskanib ketdi, darhol choʻkkalab, uning latta bogʻlangan boshini asta tizzasiga oldi. Keyin: «Mesh¬polvon! Koʻzingni och, oʻgʻlim! Bu menman, dadangman!» – deb qichqirdi, soʻlgʻin betiga yonogʻini bosdi. «Yuzing buncha sovuq, bolam? Koʻzingni och!» – dedi.

Yov chiritgan oʻtloq uchun,
Yov quritgan buloq uchun,
Yov iritgan tuproq uchun
Kichik joning kerakmidi?
Qonlar tomgan choʻllar uchun,
Qayirilgan qoʻllar uchun,
Toʻsiq tushgan yoʻllar uchun
Kichik joning kerakmidi?
Xazon boʻlgan bogʻlar uchun,
Qoʻporilgan togʻlar uchun,
Yurak-bagʻri dogʻlar uchun
Kichik joning kerakmidi?
Sindirilgan rubob uchun,
Kuydirilgan kitob uchun,
Zindondagi xitob uchun
Kichik joning kerakmidi?
Soʻlib bitgan gulshan uchun,
Oyoqdagi kishan uchun,
Toptalgan or-u sha’n uchun
Kichik joning kerakmidi?
Singan qilich zangi uchun,
Maqbaralar rangi uchun,
Orzu-armon jangi uchun,
Kichik joning kerakmidi?
Mozordagi soʻqmoq uchun,
Zulmatdagi chaqmoq uchun,
Yolgʻonlarni yoqmoq uchun
Kichik joning kerakmidi?
Loyqalangan daryo uchun,
Tuzga toʻlgan sahro uchun,
Tahqirlangan dunyo uchun
Kichik joning kerakmidi?
Onaning oq sochi uchun,
Otaning xor kuchi uchun,
Goʻdaklarning oʻchi uchun
Kichik joning kerakmidi?
Yaxshilarga shafqat uchun,
Yomonlarga nafrat uchun,
Avlodlarga ibrat uchun
Kichik joning kerakmidi?

Hamma dong qotib turgan bu soniyada Meshpolvon labini sezilar-sezilmas qimirlatib qoʻyib, xiyol koʻzini ochdi.

– Oʻgʻlim! Bolajonim! Tirikmisan? – deb nido qildi dadasi.

Meshpolvon javob berishdan oldin bor kuchini toʻplab, osmonga tupurdi. Tuprigi betiga qaytib tushgach, tirikligiga ishonchi hosil boʻlib, bemajol shivirladi:

– Dada... dadajonim...

– Koʻzingni kattaroq och, oʻgʻlim!

– Qoʻrqmang... oʻlmayman...

Shunday dedi-yu, yana kipriklari yumildi.

Dadasi: «Oʻlmaysan, oʻgʻilginam, oʻlmaysan. Sendaqalar ming yildayam oʻlmaydi», deya uni qattiqroq bagʻriga bosdi, sovuq peshanasidan oʻpdi, koʻzlaridan duvillab yosh quyila boshladi.

Atrofdagi odamlar hanuz jim edi. Qayerdandir yetib kelgan mitti quyun esa, bir-birining pinjiga kirganicha miq etmay turgan ota-bola tegrasida tinimsiz aylanib, ona qushdek bezovta charx uraverdi.

* * *

Qahratoniya yovuz hukmdor zulmidan xalos etilgach, Sepkilshoh tarafdorlari uchun motam, ozodlikka chiqqan qullar uchun bir haftalik bayram boshlandi. Odamlar oʻsha davr taomiliga koʻra: «Zoti toj-taxtni koʻrgan yigitsan, endi bizga bosh boʻl, Goʻroʻgʻli boboga oʻzimiz elchi yuborib, seni tilab olamiz», deyishib, Oshiqbolani shu oʻlkaga poshsho qilib saylashdi. Rayhon qiziq unga vazir, Qizqoʻrgʻondagi jangda mardlik koʻrsatgan soqchilar sardori lashkarboshi, Chumakvoy xazinabon boʻldi.

Ota-onasi va tabib qiz qaroviga topshirilib, qasrdagi xonalardan birida davolanib yotgan Meshpolvon bu yurtda qolishga koʻnmadi. Atrofini oʻrab oʻtirgan vafodor sheriklariga bir-bir tikilib chiqib: «Yoʻq, men Oltiariqsiz turolmayman, Oltiariq ham mensiz huvillab qoladi», dedi inqillab. Soʻng tokchadagi egizak ilonlarga ovqat tutayotgan xoʻppa semiz tabib qiz tomonga qiyalab qoʻygach, dadasiga boqib behol soʻz qotdi:

– Achaxon yetim ekan, uniyam olib ketamiz. Toʻgʻrimi, dada?

– Boʻlmasa-chi, oʻgʻlim. Achaxon endi biznikiga borib yashaydi.

– Rahmat, dada. Kam boʻlmang...

Meshpolvon shu kecha qotib uxlab, kunduzi diliga tugib qoʻygan oʻylariga mos tush koʻrib chiqdi.

Oshiqbola, Rayhon qiziq, Chumakvoylar Meshpolvonnikida mehmon boʻlib kelish uchun toʻgʻri Oltiariqqa qarab yoʻl olishibdi. Yonlarida Hojixonajina ham quyunga aylanganicha pildirab borayotganmish. Meshpolvonning ogʻzidan hanuz oʻsha xirgoyisi uzilmasmish:

Olma yedim baqalogʻidan,
Gilos yedim chaqalogʻidan,
Anjir yedim yapalogʻidan,
Bogʻbon buvaning shapalogʻidan...

Koʻp yoʻl yurishib, bir kuni tunda Mutal-maynavozning chorbogʻiga yetib borishibdi. Darvozani taqillatishsa, «oʻzim tilamchidan battar kambagʻal odamman, sizlarni mehmon qilolmayman, akang aylangurlar», deb ularni ichkariga kiritmabdi. Sepkilshoh yengilgandan keyin qullar ozodlikka chiqib, Mutal-maynavozdan yerlarni tortib olishgan ekan. Rosa kaltak yegan bu boy shundan soʻng yakkamoxovga aylanib, chorbogʻining darvozasini oʻn joydan tambalab yotishga oʻrganibdi.

– Ahmoq! Ochkoʻz! – deb achchiqlanibdi Chumakvoy. – Ayamasdan darvozasini agʻdarish kerak.

Qahratoniyaga ketishayotganda Mutal-maynavoz ularni qanday mazaxlaganini Rayhon qiziqdan eshitib, Hojixonajina¬ning ham jahli chiqibdi.

Meshpolvon kechasi bilan tuzib chiqqan rejani ertalabdan amalga oshira boshlashibdi. Atrofdan odamlarni toʻplab kelishib, doʻq-poʻpisa bilan darvozani ochdirishibdi.

– Chorbogʻni yaxshilikcha boʻshatib qoʻy, – debdi Mesh¬polvon Mutal-maynavozga. – Bir vaqtlar sotqinlik qilgansan, manavi odamlarni qiynagansan. Endi ular minan bitta yurtda yashashingga yoʻl qoʻymayman, joʻnab qol!

– Oʻzimniyam bu yerda turgim yoʻq, – deb qoʻl qovushtir¬ganicha iljayibdi Mutal-maynavoz. – Koshkiydi bironta serpul odam bobomdan qolgan chorbogʻimni sotib olsa. Shuni ilinjida yuribman, akang aylangurlar.

Oshiqbola: «Bu chorbogʻ qancha turadi oʻzi?» deb soʻragan ekan, Mutal-maynavoz narxni yuz ming tilloga chiqaribdi.

– Mayli, mana shu guvohlarning oldida yuz ming tilloni sanab beramiz, – debdi Meshpolvon. – Qani, Chumakvoy, qopni och.

Goʻyo bir nima qistirgan kabi chap qoʻltigʻini shishirib turgan Chumakvoy, pinjidan narsa olayotgandek harakat qilibdi, xiyol egilib qopning ogʻzini ochgandek qoʻlini oldinga yoyibdi.

Meshpolvon xachiridagi xurjunga saxiylik bilan panja suqib, hovuchini allanarsaga toʻldirgan tarzda sugʻuribdi-da, donsepish qilib qoʻlini qopga silkishga tutinibdi. Har qoʻl silkitganda, qop ichidan «jarang-jurung» ovozlar eshitilarmish. Bu ovozni Hojixonajina chiqarayotgan ekan.

Oshiqbola guvohlarga qarab: «Jiringlashini eshityapsizlarmi?» deb soʻrabdi. «Eshityapmiz», deyishibdi guvohlar. «Sen-chi?» – deya boyga oʻqraygan ekan, kalovlanib turgan Mutal-maynavoz, «eshityapman, eshityapman», deya ta’zim qilibdi.

Shu tariqa Meshpolvon yoʻq qopga quruq qoʻlini silkib turaveribdi, boy esa «jarang-jurung»larning kayfini suraveribdi:

– Qirq besh, qirq olti, qirq yetti, qirq sakkiz...

Kun tushlikka yaqinlashibdi hamki, sanoq davom etaveribdi, xachirdagi boʻsh xurjundan goʻyo baraka ketaveribdi:

– Ellik uch ming bir yuz, ellik uch ming bir yuz bir, ellik uch ming bir yuz ikki, ellik uch ming bir yuz sakkiz...

Mutal-maynavoz birdan potirlab: «E, yoʻq, toʻxtasinlar! Ellik uch ming bir yuz ikkidan keyin birdaniga sakkiz devordilar, bunaqasi ketmaydi», deb jirillabdi.

– Rostdanam adashdimmikan? – debdi Meshpolvon.– «Ikki»ni «etti»ga almashtirib qoʻydimmikan? Ha, mayli, ketsa mendan ketsin...

Kun qiblaga oʻtgandan keyin sanoq yuz mingga yetgach, «qopni egasiga koʻtartiringlar», deb buyuribdi u.

Oshiqbola bilan Chumakvoy zil-zambil qopni yerdan uzayotgan kabi chiranib harakat qilishibdi, boyning kuragiga bittadan gupillatib musht urishib, yukni ortgan boʻlishibdi. Kunduzi odamlarning koʻziga koʻrinmaydigan Hojixonajina lip etib uning yelkasiga minibdi.

– Ogʻir emasmi? – deb soʻrabdi Meshpolvon.

– Yoʻq-yoʻq, sirayam ogʻirmas, – deya pishillab javob qaytaribdi Mutal-maynavoz, soʻngra burni yer haydagudek boʻlib, kuchanib qadam tashlaganicha ulardan uzoqlasha boshlabdi.

Odamlar uni xoxolab-xoxolab kuzatib qolishibdi.

Hojixonajina kechqurun sheriklarining oldiga qaytib kelib: «Mutal-maynavozniyam tap-tayyor qildik», debdi.

Mutal-maynavozga butun ogʻirligini solib olgan Hojixonajina sahrogacha yallo qilib borgach, bir sakrab uning boʻynidan tushibdi-yu, odatiga koʻra quyunga aylanibdi. Boy boʻlsa: «O, tillojonlarim! Qayoqqa qochyapsizlar, akang aylangurlar?» – deb baqirganicha uni quvishga tushibdi...

Ha, Mutal-maynavoz boylik, aysh-u ishrat, dabdabani deb hamma aziz narsasini qurbon qildi: Sepkilshohga qarshi chiqqan ikki ukasini tutib berib, ularning mol-mulkini oʻzinikiga qoʻshib oldi, kelin-u jiyanlarining nafrat va qargʻishiga uchradi; qaynatasi isyonchilar tarafida boʻlgani uchun xotinini bolalari bilan birga haydadi; doʻstlarini, yurtdoshlarini birma-bir sotdi, olamda boyligidan boʻlak qadrdoni qolmadi.

Endi esa uning bir qop koʻrinmas oltini – dunyodagi yagona ilinji quyunga aylanib, sahroda qochib bormoqda.

Mutal-maynavoz hali uzoq yashaydi, sochlari qordek oqarib, yuzlari iztirobdan koʻkarib ketadi, rahmdil odamlar tutgan oziqni jimgina kavshab, dunyoni kezaveradi. Koʻzlari alang-jalang boqib, kunduzi ham chiroq yoqib, bir qop oltinini axtaradi, quyun koʻrindi deguncha: «O, tillojonlarim! Toʻxtanglar!» – deya uni quvalashga kirishadi. Butun umri quyunni izlash, quyunlarni sizlash bilan oʻtadi...

Meshpolvonning biri-biridan quvnoq doʻstlari chaqchaqlash¬ganicha yoʻlda davom etishibdi, hatto dasht-u choʻllarniyam kuldirib oʻtishibdi, oxiri Mingpodaga yetishibdi.

Chorrahadagi gadoy olovrang bulutlarga tikilganicha haliyam oʻsha joyida oʻtirganmish. Faqat endi avvalgiday gʻalati-gʻalati gaplarini gapirmas, gapiray desa tili, ovqat yeyay desa jigʻildoni yoʻq emish. Burnini ham kimdir kesib olganmish. Bularning evaziga tashlab ketilgan bir uyum koʻz, quloq, miya, yurak kabilar uning oldida qalanib yotgan emish...

Birov qitiqlayotgandek tuyulib, Meshpolvon uygʻonib ketdi. Qarasa, egizak ilonlar uning doʻngalak qorniga chiqib olishib, chalaoʻlik bir chigirtkani talashganicha jiqqamusht boʻlishyapti. Meshpolvon: «Bu qanaqasi, ilon afandilar? Jigʻildonning gapiga kirib, aka-ukachilikniyam yigʻishtirib qoʻyibsizlar-da», deb boshlariga bittadan shapillatib urgach, chigirtkani ikkalasiga teng taqsimlab berdi.

«Jumboqni qarang, – deb oʻyladi u. – Bulardan qaysi biri Chika-yu, qaysi biri Puka? Umuman, ilonlar bolasini qanday tanib olarkin?»

* * *

Qahratoniyadagi bir haftalik shodiyona Oshiqbola bilan Oytumorning toʻyiga ulanib ketdi. Allalar yallaga aylanib, dorbozlar mukofot poylab, kurashchi polvonlar belini boylab, hofizlar tomogʻini moylab, ayollar bichiqchining uyini soʻrab, erkaklar sartaroshxonani oʻrab, buzuq devorlar tuzatilib, koʻchalar bezatilib, hammayoq yana bayram tusiga kirdi.

Dadasi xiyla darmon toʻplab ulgurgan Meshpolvonni yetaklab toʻyga olib chiqadigan boʻldi.

– Achaxon-chi? – deb soʻradi u.

– Sen dadang bilan boraver, – deb kuldi onasi. – Achaxon ikkalamiz kelin tomonmiz.

Keyin onasi uning malham surtib bogʻlangan boshini kallapoʻsh ustidan silab, «mehmonlarning oldidayam bobillab maqtanavermagin, endi katta boʻpqolding», deb bir nasihat qildi:

Kimki aybin yashirib,
Oʻz bahosin oshirib,
Koʻpirtirsa toshirib,
Kulgi boʻlar hammaga.
Pichoq shamshirman desa,
Toʻmtoq oʻtkirman desa,
Qoʻrqoq botirman desa,
Kulgi boʻlar hammaga.
Qoʻr oʻzin choʻgʻ koʻrsatib,
Bor oʻzin yoʻq koʻrsatib,
Lanj oʻzin shoʻx koʻrsatib,
Kulgi boʻlar hammaga.
Chittak zotim tarlon deb,
Uy shifti men osmon deb,
Noshud naslim chaqqon deb,
Kulgi boʻlar hammaga.
Gulman desa tikonlar,
Sherman desa quyonlar,
Zoʻrman desa nimjonlar,
Kulgi boʻlar hammaga.
Kim maqtanib lof ursa,
Soʻzni soʻzga shopirsa,
Oʻylamasdan gapirsa,
Kulgi boʻlar hammaga.

– Toʻgʻrisini aytsam, gapni qayerda oshirvorganimni oʻzim bilmasdan qolaman, – dedi Meshpolvon, onasiga kechirim soʻrayotgandek qarab.

Shunda dadasi hazillashib: «Ortiqcha koʻpirtiradigan boʻlsang, endi qattiqroq yoʻtalib qoʻyaman», deya uning yelkasiga qoqdi.

Qasr bilan bogʻ oraligʻidagi kattakon maydonga gilam va koʻrpachalar toʻshalib, bazmga moʻl-koʻl joy hozirlangan ekan. Yerlik kambagʻallar-u hurlikka chiqqan qullar aralash-quralash boʻlib, bir hovlida oʻsgan ogʻa-inilardek apoq-chapoq suhbatlashib oʻtirishardi.

– Toʻydan keyinoq uyga joʻnaylik, dada, – deya yoʻl-yoʻlakay gap qistirdi Meshpolvon. – Enaginamni juda koʻrgim kelyapti.

– Oʻzimni aytmaysanmi, – dedi dadasi. – Somon yanchishni shunaqayam sogʻindimki!

Qizqoʻrgʻonda yaralanib yiqilganda tizzasi ham qattiq shikastlangan Meshpolvon bigizli oʻqlovini hassa qilganicha, oqsoqlanib davraga yaqinlashdi. Hamma oʻrnidan turib uni shov-shuv bilan qarshi olgach, joyida gʻoz toʻxtalib, olomonga jilmayib boqdi. Bunday izzat-ikromga javoban biron-bir ma’ruza aytmasdan turaverishni yirik odobsizlik va koʻrnamaklik deb tushundi.

Mabodo Meshpolvon davradagi minglab odamlar orasida oʻnlab fozil-u donolar ham borligini hisobga olib, bu safar oʻzini bosiqroq tutishga urinsa yoki shoirona jimjimador soʻz aytib yuborsa, hech qachon Meshpolvon boʻlolmasdi. U, dadasining pinjidan chiqib, oliftanamo tarzda bir qoʻlini yuqori koʻtardi.

– Bunaqa qilmanglar-da, qadrdonlar, – deya ichki mamnuniyat bilan qosh kerdi u. – Juda xijolat boʻlyapman. Nima ish koʻrsatibmanki, hadeb ta’zim qilaversanglar. Sepkilshohni majaqlagan boʻlsam, bu ishda askarlarimniyam ancha-muncha hissasi bor. Ikkilamchidan, mundoq olib qaraganda, dev-u yalmogʻizlarni dabdala qilgan mendek odamga bitta poshshoni yengish ish boʻptimi? Sichqonni ezdim nima-yu, bu nima...

Meshpolvonning haddan oshib borayotganini sezgan dadasi ustma-ust tomoq qirdi. Ma’ruza bir lahza boʻlinib, maydonga jimlik choʻkdi.

– Xullas, meni ortiqcha uyaltirmanglar, – dedi Meshpolvon dadasiga zimdan nazar tashlab. – Maslahatim shuki, xaloskor pahlavonlarga qulluq qilavergandan koʻra, oʻzlaring urushishni sal-pal oʻrganib olinglar. Sepkilshohga oʻxshaganlar koʻp, menga oʻxshaganlar kam. Sizlarni har safar qutqarib ketaverishga vaqtimiz yetmasligi mumkin.

– Meshpolvon toʻgʻri aytyapti, – deb ovoz qildi davradagi¬lardan biri. – Biz oʻzimiz landavurmiz, xomkallamiz.

– Yashasin, dovyurak Meshpolvon! – deb qichqirdi boshqa birov. – Pahlavonimizning botir askarlariyam qandini ursin!

Meshpolvon qoʻlini qorniga bosib, olomonga iltifot bilan bosh qimirlatdi.

– Rahmat sizlarga! Kam boʻlmanglar!

Soʻng: «Endi hammamiz tirikchilik qilamiz», deb davraga qarab yurdi, kelib Rayhon qiziq bilan Chumakvoyning orasiga suquldi. Dadasi qarshi tomondagi koʻrpachaga oʻtib oʻtirdi.

* * *

Birozdan keyin yuzlab dasturxonlar yozilib, guruh-guruh dasturxonchilar ichkuyovdek tovushsiz odimlab, noz-ne’mat tarqata boshlashdi. Meshpolvon oldiga nimaiki qoʻyilsa, hoʻl-quruq demay, peshma-pesh uraverdi. Bitta dasturxonchi uning yonidan jilolmay, boʻshagan idishni olish, yangisini uzatish bilan ovora boʻlib qoldi. Chumakvoy bilan Rayhon qiziqning labi chimirilib, nima deyishni bilmay turishaverdi.

Dadasi «eh-xi» deb yoʻtalib qoʻygandan keyingina Meshpolvon oʻziga kelib, goʻyo shu mahalgacha odob bilan qoʻl qovushtirib oʻtirgan odamdek: «Kattaroqlaring boshlab bersanglar boʻlarmidi», deya atrofdagilarga sipolanib boqdi va ularni dadil harakat qilishga undab, bir soʻz dedi:

Soʻlakda til sugʻorib,
Moʻylovlarni himarib,
Qoʻl choʻzing yeng shimarib,
Toʻyda bari tekindir.
Osh yeyishni odatda
Boshlar biron-bir katta,
Qolganiga biz shatta,
Toʻyda bari tekindir.
Esnar odamzod uyda,
Gaplashar koʻcha-koʻyda,
Ovqat yeb qoling toʻyda,
Toʻyda bari tekindir.
Bildirishar bilmasang,
Yetaklashar kelmasang,
Yedirishar yemasang,
Toʻyda bari tekindir.
Chalib karnay-bolabon,
Kelar saf-saf olomon,
Nima qoʻysang, talamon,
Toʻyda bari tekindir.
Jangda kerak manjaqa ,
Ishda – oʻroq, panshaxa,
Bunda – faqat ishtaha,
Toʻyda bari tekindir.
Tun soʻramas oy puli,
Goʻr soʻramas joy puli,
Toʻychi olmas choy puli,
Toʻyda bari tekindir.
Hammomda bor jom haqi,
Ijarada – tom haqi,
Yoʻqdir pishiq-xom haqi –
Toʻyda bari tekindir.
Bozorda oʻz holing bor,
Yo puling, yo moling bor,
Bunda «ber» yoʻq, «oling» bor,
Toʻyda bari tekindir.
Ovqat tursa muntazir,
Yemaganlar – betasir,
Boʻlsangiz-chi sal abjir,
Toʻyda bari tekindir.

Odamlar «oling-oling» bilan dasturxonga birin-sirin qoʻl urishdi. Ochlar xap-xaplab, oʻrtachalar shap-shaplab, toʻqlar orada gap-gaplab ovqatlanaverdi. Semizlar choyga, oriqlar moyga koʻproq qoʻl choʻzib, novchalar enkayib, pakanalar kekkayib kavshanardi.

Meshpolvon dadasiga tez-tez koʻz qirini tashlab, noilojlikdan boshini qashlab, boshvoqsiz Chumakvoyga havasda boqib, istihola bilan pista chaqib, shoshilmasdan chaynab oʻtirdi. Toʻgʻri, bir marta dadasining koʻzini shamgʻalat qilib, kosadagi nisholdani apil-tapil simirib oldi.

Qarshi tomonda oʻtirganlarning koʻpchiligi Meshpolvonning Qahratoniyaga qul qilib keltirilgan hamqishloqlari edi. Dadasining yoniga choʻkka tushib olgan bodroqchi kishini u bir qarashdayoq tanidi.

Oʻsha bodroqchi suhbat oʻrtasida Meshpolvonning oldidagi oʻqlovga pisanda qilib, sekin gap oʻrmalatdi:

– Menga qaragin, Meshpolvon, urishgani nayza yaxshimi, oʻqlovmi?

– Qaysi qurol egasiga oʻngʻay boʻlsa, oʻsha yaxshi.

– Buyam toʻgʻri. Ammo-lekin, nayzani yuz qadamga otsa boʻladi deyishadi. Oʻqlov uzoqqa bormas-ov.

Jangovar quroliga nisbatan bunday hurmatsizlik Meshpolvon¬¬ning jigʻiga tegdi.

– Yuz qadamni gapirasiz-a, – deb kuyunchaklandi u. – Men ikki yuz qadamdan nosqovoqni urganman. Nayza boshqa narsa, oʻqlov boshqa narsa.

Ana endi Meshpolvondan oʻqlovning madhini eshiting:

Oʻynaymanki dangal garov,
Enasidan yesa oʻqlov,
Gapirvorar hatto soqov,
Nayza oʻqlov boʻlolmaydi.
Chertilgandek toshpalahmon,
Biqiningga tekkan zamon,
Tomogʻingda oʻynaydi jon,
Nayza oʻqlov boʻlolmaydi.
Belga oʻqlov tushsa, demak –
Bosib issiq gʻisht yo kepak,
Qoqrim ichib yotish kerak,
Nayza oʻqlov boʻlolmaydi.
Boldiringga tegsa nogoh,
Toldan yasab qoʻltiqtayoq,
Hakkalaysan urgancha «oh»,
Nayza oʻqlov boʻlolmaydi.
Oʻqlov zarbin har yondan kut,
Boshni burkab, ketingni tut,
Yoʻqsa koʻzdan chiqargay oʻt,
Nayza oʻqlov boʻlolmaydi.
Qochsang oʻxshab pirpirakka,
Otsa orqangdan kurakka,
Aylanasan gʻildirakka,
Nayza oʻqlov boʻlolmaydi.
Meshpolvon soʻz aytib turar,
Dono yigʻlab, nodon kular,
Oʻqlov yegan yaxshi bilar –
Nayza oʻqlov boʻlolmaydi.

Ezma bodroqchi shuncha ta’rif-u tavsifni eshitib ham, oʻqlovning kuch-qudratiga yana shak keltirdi:

– Xafa boʻlmagin-u, Meshpolvon, oʻqlovni ikki yuz qadamga otish baribir qiyin. Tagʻin, nosqovoqni urganman deyapsan...

Meshpolvon koʻpchilikning ichida oʻsal boʻlishni azaldan yoqtirmas edi. Bodroqchi shuncha olomonning oʻrtasida uni yolgʻonchiga chiqarayotgani haddan ziyod alam qildi.

– Menga ishonmayapsizmi hali? Koʻrsatib qoʻyaymi?

Benihoyat qizishib ketganidan na umrida oʻqlovni uzoqqa otib koʻrmagani yodiga tushdi, na dadasining ma’nodor tomoq qirganini eshitdi. Oʻrnidan turib, qadrdon qurolini gulzor tomonga qulochkashlab irgʻitdi, oʻqlov oʻttiz qadamcha joyga yetganda xiyol pastladi-yu, soʻng tuyqusdan yana yuqorilab, shu kuyi tekis uchib boraverdi, oxiri qasr devoridan oshib oʻtib, koʻzdan yoʻqoldi.

Bodroqchining qoshi baroqlanib, tili sangilladi. Boshqalar ham ogʻzi ochilgan asno turib qolishdi.

Oshnasi qurolini otgandan keyin shuvillab borganicha uni havoda ilib ketgan Hojixonajina oʻn chaqirimcha narida qiyalab yonga burildi, oʻqlovni qasrning orqa tomonidan aylantirib kelib, shiddat bilan yana Meshpolvonga yaqinlasha boshladi.

Dunyodagi eng uchqur qurol qarama-qarshi yoqdan paydo boʻlib, dasturxondagi boʻsh kosani pachoqlab toʻxtaganini koʻrgan odamlar battardan hayratga tushishdi.

– Iye, tayogʻing boshqa tarafdan keldi-ku, – deya goʻlayib soʻz qotdi bodroqchi. – Hech baloga tushunmadim-ku.

– Nimasiga tushunmaysiz? – deb gʻoʻdangladi Meshpolvon. – Toʻgʻrisini aytganda, oʻqlovim yerni bir aylanib chiqdi.

Odamlar: «Vo-o-h!!!» – deb yuborishdi.

Gulzor chetida ohista chirpirab yurgan quyuncha oʻqlov otilishi bilanoq koʻrinmay qolib, endi yana paydo boʻlganidan gap nimadaligini allaqachon payqagan dadasi Meshpolvonga eshittirib qattiq tomoq qirdi. Atrofdagilarning qop-qop tasannosidan havolanib turgan poʻstakli pahlavon tezda past tushgisi kelmay, dadasiga dimogʻlanib dedi:

– Oʻrni kelsa-kelmasa yoʻtalavermang-da, dadaginam. Zoʻrligimni koʻzingiz minan koʻrdingiz-ku.

Dadasi oʻzini kulgidan bazoʻr tiyib, asta jagʻ silayotgan damda, ovsar bodroqchi taajjubnamo gardan qashlab: «Qiziq! Oʻqlov bir aylanib chiqqan boʻlsa, yer yapaloq emas ekan-da», deya mingʻirlab qoʻydi.

* * *

Qiz toʻyining kunduzgi qismi atrofdan kelgan tanish-bilishlarni kutib olish, joylashtirish, ziyofat pishirish, qariyalarga alohida osh berish bilan oʻtib, eng qiziqarlisi odatda kechqurun boshlanadi.

Tungi bazmni erkaklar qasrda, ayollar Qizqoʻrgʻonda qilishdi. Hamma joydagidek ikkita hovlida boʻlmagan toʻy toʻyga oʻxsharmidi?

Oshiqbola bilan Oytumorning qarindosh-urugʻlari olislik qilib, bu marosimga ularni ayta olishmagani sababli, Meshpol¬vonning dadasi kuyov tomonga, onasi kelin tomonga mutasaddi boʻldi, mehmonlarni koʻngildagidek kutib-kuzatish, toʻyning barcha rasm-rusumlarini oʻrniga qoʻyib bajarishni boshqarib turishdi. Rayhon qiziq moʻ’tabar keksalarga toʻn kiydirish, Chumakvoy bu sarf-xarajatlarni hisob-kitob qilish bilan band edi.

Qasrdagi dilxushlik yarim kechagacha choʻzilgach, kuyov¬navkarlarning bir qismi Oshiqbolani oʻrtaga olib, Qizqoʻrgʻonga joʻnashdi. Kuy-qoʻshiq, oʻyin-kulgining quyugʻi endi kelin tomonga koʻchdi. Mashshogʻ-u hofizlar, oʻyinchi-yu qayroqboz¬lar, askiya¬chi-yu qiziqchilar, koʻzbaxshi-yu yogʻochoyoqlar bir-birini bahsga chorlab, tunni tongga ulay boshlashdi. Oshiqbola bu orada ikkita joʻrasi bilan goʻshangaga kirib, kelinga uzuk taqib chiqdi. Oyoq ostida oʻralashayotgan bolalarni chalgʻitish uchun qadimiy urf-odat boʻyicha ularning boshidan tanga sochdi.

Vaqt allamahal boʻlganda bazm tugab, kuyovnavkarlar otlarga minishdi, qator-qator aravalarning oldiga oʻtib tizilishdi. Egachilar kelinni yetaklab chiqib, ustiga soʻzanalar yopilgan sayvon aravaga oʻtqazishdi. Yana bir necha aravaga seplarni tugib olgan qiz-juvonlar joylashishdi. Arava-yu otlar karvon-karvon boʻlib, qasr sari yoʻlga chiqdi.

Loʻpchik yoqib olgan kuyovnavkarlarning alyori atrofdagi qishloqlarga taralib, ba’zilar tomosha uchun yoʻl yoqasiga yugura boshladi. Chapani oʻspirinlar ikki-uch joyda, goh arqon tortib, goh xoda yotqizib yoʻlni toʻsishdi. Ular egachi qiz-ayollardan qiyiq, kashta tikilgan sochiq, loaqal gajimdor roʻmolcha undirgandan keyingina aravalarni oʻtkazib yuborishardi.

Kuyovnavkarlar qasr yoniga yetib kelishib, ot va loʻpchiklarni bolalarning qoʻliga tutqazishdi. Aravalar ravotning roʻparasida toʻxtadi. Loʻpchikli bolalar ularning atrofiga tizilib, yoʻlni yoritib turishdi.

Oytumorga egachi boʻlib olgan Achaxon talashib-tortishib Oshiqboladan husnpuli olgach, kelinni aravaning qirgʻogʻiga keltirib oʻtirgizdi, kuyov qalligʻini koʻtarib yerga tushirdi.

Qiy-chuv tovushlarni koʻmib yubormoqchiday chirmandalar ovozi yangradi. Sep-ziynat koʻtargan ayollar kelin va egachilarni qurshab ichkariga yoʻl olishdi, kuyovnavkarlar ularga ergashishdi.

Meshpolvon hassa tayanganicha kuyovnavkarlar bilan maydonga yaqinlashib kelayotganda, chetroqdagi boʻsh soʻri yonida ivirsiyotgan daydi koʻppakni koʻrib, yuragi laka-lak tepdi. Soʻri chetidagi tovoqda turgan pishirigʻlik son goʻshtini u ancha ilgari koʻz tagiga olib qoʻygandi. Bu udumga koʻra kuyovning yaqin joʻralari oldiga butunicha qoʻyilgan qoʻy goʻshtining ortib qolgan boʻlagi edi. Koʻppak iskanganicha tovoqqa yaqinlashayotganidan Meshpolvonning battar kapalagi uchib, Rayhon qiziq bilan Chumakvoyning biqiniga turtdi.

– Hoy, koʻz bormi ikkalangda?

– Nima gap?

– Toʻy rasvo boʻldi-ku. Anavi koʻppak goʻshtni hidlab, harom qilyapti.

– Hamma vahima shungami, ukavoy? – dedi Rayhon qiziq. – Yeganda nima?

– Kalla joyidami? Duch kelgan it besh qadoqdan goʻsht yeb ketaversa, biz ochdan oʻlmaymizmi?

– Hay endi, hazilning joyi bor, joʻro, – dedi Chumakvoy.

– Oʻzi ikkalanggayam amal bermaslik kerak edi, tezda aynibsanlar, – deb jahllandi Meshpolvon. Soʻng tuyqus burni choʻchchayib, doʻq urdi. – Buyuraman! Tuppakni ishga sol!

Darveshtabiat qoʻmondon shu topda hazil qilmayotganini sezgan Chumakvoy zudlik bilan qoʻynidagi tuppakni oldi, uni shoshilinch oʻqlab, bir puflashdayoq aniq nishonga urdi. Koʻppak gʻingshiganicha potirlab qoldi, chap koʻzini mushukyu¬vinish qilib yumdalashga tushdi.

– Battar boʻl, sakvachcha! – dedi Chumakvoy tuppakni qoʻyniga solayotib. – Kim boʻpsanki, Meshpalvon sendan ortganini yesa.

Ammo, itning joni chandir deb bejiz aytishmagan, u tezda oʻzini oʻnglab, sogʻ koʻzini yana goʻshtga olaytirdi. Endi Rayhon qiziq egnida vazirlik libosi borliginiyam paqqos esdan chiqarib, choʻzmasini charsillatdi. Goʻshtga yetay deb turgan tumshugʻi¬dan tosh yegan koʻppak angillab bir irgʻishladi-yu, oʻzini gullarning ichiga urdi. Meshpolvon yengil nafas oldi.

– E, rahmat-e! Qoʻllaring dard koʻrmasin-e!

Shu payt tepadan qiqir-qiqir tovush eshitilgandek boʻldi. Meshpolvon yuqoriga qarab, maydon chetidagi sadalardan birining shoxida gʻuj boʻlib oʻtirgan tutinsimon bolakaylarni koʻrdi. Nigohida piltasoch Hojixonajinani qidirib topgach, dili yanada charaqlab, lunji yoyildi. Hojixonajina ham har qachongidek chiroyli jilmayib, quvnoq koʻz qisdi.

Bu orada qizlar kelinni davra oʻrtasiga boshlab kirishdi, alamazon qilib yoqilgan gulxan tegrasida aylantirib, «yor-yor»ni avjga chiqarishdi. Toʻyda kuyovning tugʻishganlari yoʻqligi bois kelinsalom aytishga ularning tili bormayotgan edi. Buni payqagan Meshpolvon oʻzini tiyib turolmadi. Dasturxondagi boʻsh barkashni olib, uni «dangir-dung, dangir-dung» chalganicha oqsab-toʻqsab oʻrtaga chiqdi-da, ovozining jilovini boʻshatib kuylay ketdi:

Nos chekishga berilgan,
Kampiriga kerilgan,
Salom-salom, kelin salom,
Qaynatasiga bir salom.
Sirini toʻyda ochayin,
Qozon-tovoqqa xoʻjayin,
Salom-salom, yana salom,
Qaynanasiga bir salom.
Atrofdagilar ham qondoshlarning yoʻqligini bildirmay, biri «e, qullugʻ-e», boshqasi «boy boʻlsin kelin», deb turishdi. Bolalar esa har bir kelinsalomdan keyin Chumakvoy rahbarligida «ha-heyy», deya qiyqiriq koʻtarishardi...
Qimmat roʻmol oʻragan,
Saqichni qarzga soʻragan,
Salom-salom, kelin salom,
Qayinsingillarga salom.
Ikkala koʻzi goʻlaygan,
Chumchuqqa pichoq doʻlaygan,
Salom-salom, yana salom,
Qaynogʻasiga bir salom.

– Mayli, hozircha oʻzim qaynogʻa boʻpturay, – deya iljayib qichqirdi Rayhon qiziq. – Pochcham pichoqni choʻzib qoʻysin .

Oʻsmani chaplab surishgan,
Tilini qayrab turishgan,
Salom-salom, kelin salom,
Ovsinlariga bir salom.
Kuyovga qoʻshilib dovdirar,
Qizlarga koʻzi jovdirar,
Salom-salom, yana salom,
Kuyovnavkarlarga salom.
Joyni tepadan talashgan,
Oshtovoqni yalashgan,
Salom-salom, kelin salom,
Mehmonlarga bir salom.
Kavakka qand-qurs bekitgan,
Ertakni erinmay eshitgan,
Salom-salom, yana salom,
Bolachoqlarga koʻ-oʻ-p salom...
* * *

– Xoʻp, ayt-chi, Xitoy qayoqda?

– Kunchiqarda, Oltiariq tarafda.

– Be, chalkashtirvording.

– Nega chalkashtirarkanman? Ishonmasang, ana, xaritadan qarab koʻr...

Obbo, jajji kitobxonlarim-ey! Obbo, shumtakalar-ey! Juda sezgir¬siz-da. Gapim oxir-oqibat hozirgi kunga, zamonaviy maktabdagi sinf¬doshlar suhbatiga borib taqalganini darrov bilib olganingizni qarang.

Lekin, kulmang, bu suhbatni ichimdan toʻqiganim yoʻq. Aytishlaricha, samarqandlik bolalar, haqiqatan ham, Xitoy yer yuzining qay tomonida joylashganini Oltiariq orqali osongina chamalab olishaverar ekan. Buyam boʻlsa, Meshpolvonning dovrugʻi zoʻrligidan, koʻpga suyukligidan. Koshki, ertami-kech birontamizga shunaqa baxt nasib etsa.

Keling endi, gurungimiz tugamay turib, Meshpolvonning eng sevimli qoʻshigʻini birgalashib xirgoyi qilaylik:

Olma yedim baqalogʻidan,
Gilos yedim chaqalogʻidan,
Anjir yedim yapalogʻidan,
Bogʻbon buvaning shapalogʻidan...

E, rahmat! Kam boʻlmanglar! Qachonki bu ashulani oʻzingizcha kuylay boshlasangiz, Meshpolvonga qoʻshib ertakchi akangizniyam bir eslab qoʻying...

1987–1988-йиллар, Тошкент