OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiMing soʻmlik poʻstak (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ming soʻmlik poʻstak (hajviya)
Anvar Obidjon

Xotinining yana jagʻi ochildi-yu, yuragiga sanchiq kirgan Shavlaev har safargidek koʻchaga qochib qutuldi, yaylovga qoʻyvorilgan qirchangʻidek bosh koʻtarmay, sangdiranglab boraverdi. Bir payt, tuyqus boshlangan gʻala-gʻovurdan seskanib ketib bundoq qarasaki, kinoteatr biqinidagi xiyobonda turibdi. Kinoxonaning toʻgʻonni eslatuvchi lang ochiq eshigidan toshib chiqayotgan tomoshabinlar maydonga daryoday yoyilib borishyapti. Shavlaev gʻarq boʻlishdan choʻchigandek beixtiyor kioska sari chetlanayotganida, nariroqdagi kattakon afishaga koʻzi tushib, birdan afti bujmaydi, ta’bi battardan tirriqlashdi. Shaxsiy hujjatida mulzamlik tamgʻasi kabi boʻrtib turuvchi «…qattiq hayfsan berilsin», degan qora siyohli yozuv koʻz oʻngidan chagʻir ilondek sirgʻalib oʻtdi.

– Tovlamachilar! Firibgarlar!

Sobiq amaldorlardan ekanligi poʻrim va silliqsochligi-yu, bekorchi oʻspirinlarga qoʻshilib, kunduzgi seansda oʻralashib yurganidan sezilib turgan gʻoʻdasha kishi gʻudrangancha kelib, kioskadan siyosiy gazetalar xarid qildi. Soʻng taqirbosh sherigiga yuzlandi.

– Nazorat boʻshashib ketdi, – negadir qoʻlidagi gazetaning birinchi betiga barmogʻini bigiz qilib turib, gapirdi u. – Davlat mablagʻini ayamay sovurishayapti. Shuyam kinomi? Bir pulga arzimaydi! Bir pulga!

«Nima? Bir pulga arzimaydi?» Shavlaevning toʻsatdan zardasi qaynadi, chidab turolmadi.

– Hey, ogʻayni chalish, ogʻzizga qarab gapiring! Bu kinoda ishlatilgan bitta poʻstakning oʻzi ming soʻm turadi.

– Ming soʻm?! Bitta poʻstag-a?!

… Kinostudiya buxgalteri ham poʻstakning narxini eshitib, xuddi shu alfozga tushuvdi, ya’ni koʻzlari kosasidan otilib chiqqudek boʻlib, aynan yuqoridagi jumlani chinqiriq aralash aytgan edi. Sababini surishtirmay turib, namuncha vahima qilaverarkin bu odamlar?

Buxgalter qat’iy tarzda talab qilgach, oʻsha kuni zudlik bilan kasaba soyuz tashkilotining yigʻilishi chaqirildi. Toʻplanganlar qisqa axborotni eshitiboq, yoppa na’ra tortib yuborishdi.

– Ming soʻm?! Bitta poʻstag-a?!

Keyin majlis yoqalashuvga aylanib ketishiga oz qoldi.

– Nima, bizni kalaka qilgani toʻpladinglarmi?

– Bu yoqda plan ishkal boʻlib turibdi, shu topda hazil-mazaxga balo bormi?

– Oʻrtoqlar, oʻrtoqlar! Yo Shavlaev aqldan ozgan, yo boʻlmasa buxgalterimiz gʻirt mast.

Prafkoʻm raisi majlis ahlini tartibga solguncha ancha kuyib-pishdi. Bunga qadar shoʻrlik Shavlaevni allaqachon bir ovozdan jinniga chiqarib ulgurishgandi. Endi esa, osoyishta bir kayfiyatda voqeaning sababini surishtirishga oʻtishdi. Tavba! Ishni shundan boshlasa boʻlmasmidi?

– Keyingi ana shu filmga zavxoz… kechirasizlar, kulturniy aytganda administrator boʻldimu, boshim gʻalvadan chiqmay qoldi, ogʻayni chalishlar, – deya suzilib gap boshladi Shavlaev. – Bozorma-bozor hakillab yurib, Fargʻona bosmachilariga uch yuzta parpasha toʻn topib kelsam, rejissyor shartta brak qildi. Boshida aytmadiki, bosmachilarimizga olacha beqasam kiydiramiz deb. Undan keyin artilda oʻtirvolib, qizillarga besh yuztadan ortiq budyonnipka tiktirdim. Turkman polkiga milliy qalpoq axtarib Ashxobodga bordim… «qalpoq bozori qaydadur», deb. Oxiri, «maxsim» degan pulemyotniyam oʻzim yasab berdim, oʻzim. Pechkani karnayidan yasadim…

– Studiyadagi pulemyotlar-chi? – uning soʻzini boʻldi yosh aktyor.

– Kinolarimizning yarimidan koʻpida bosmachilar minan urishaverganingdan keyin senlarga qurol yetkazib boʻlarkanmi?

– Shavlaev, – prafkoʻm raisi qalamni stolga taqillatib, bosiq ohangida soʻz qistirdi, – juda oʻtlab ketyapmiz.

– Gapniyam chandir qilvordilar-ku, – deya luqma tashladi keksa montajchi.

Shavlaev burnining uchidagi terlarni sidirib tashlagach, kaftini roʻmolchaga artdi.

– Yugurasan, yelasan, yana payti kelsa, rahmat deyish oʻrniga seni talon-taroj qilishadi, – dedi u battardan jigʻi biyroni chiqib. – Masalan, Qizilqumda bir poy batinkamni kalamush paqqos yeb ketdi. Uch yuz soʻmga tushdim, ogʻayni chalishlar!

– Poʻstak ming soʻm, batinka uch yuz, – qoʻlini shop qilganicha sapchib oʻrnidan turdi operator yigit. – Bu qanaqasi, oʻrtoqlar? Maynavozchilik evi bilan-da.

Shavlaev achchigʻlanib oyogʻi bilan polni qattiq doʻpillatdi:

– Oxirigacha eshitsalaring-chi, axir! – operator yelka qisib, indamay joyiga oʻtirgach, u bir tamshanib olib, davom etdi. – Oʻzim nima gʻamda-yu, chet ellik savdogar roʻlida oʻynayotgan artist «menda ortiqcha batinka bor, besh yuz soʻlkavoy berasiz», deb tirjaydi. Avvaliga boplab boʻraladim. Keyin qarasam, ahvol chatoq, ayni saraton payti, atrof sahro, yer choʻgʻ boʻlib yotibdi. Yarim kun savdolashib, uni zoʻrgʻa uch yuz soʻmga koʻndirdim.

Har joy-har joydan qiqir-qiqir kulgi eshitila boshladi.

– Shavlaev, Shavlaev, – qalamni yana stolga tiqillatdi prafkoʻm raisi. – Tagʻin oʻtlayapmiz.

– Poʻstakka qaytaylik, poʻstakka, – bezovta qiyofada qat’iy qilib gapirdi buxgalter.

– Poʻstakmi?..

Shavlaev yechinishga yechinib qoʻyib, suvga tushishga yuragi betlamayotgan odamdek yelkalari titraganicha picha jimib qoldi. Nihoyat, shalvirab turib dedi:

– Xullas, rejissyor «poʻstak topib kelasan», deb doʻq urdi. Oʻttizinchi yillar emaski, uchragan xonadondan poʻstak topsang. Rejissyorga shuni aytsam, «bironta novvosning terisi boʻlsa bas, oʻzimiz uni quritib poʻstak qilamiz», dedi. Xoʻjayinning gapi bizga qonun, ming soʻmga novvos olib, poʻstini shildik. Goʻshtini spisat qilvorib, terini poʻstakka aylantirdik, hammasiga hujjat bor, ogʻayni chalishlar.

…Asabiy javranib tarqalayotgan tomoshabinlardan biri Shavlaevning hakar kovushni eslatuvchi tuflisini bamaylixotir ezib oʻtayotgan paytda uning xayoli boʻlindi-yu, toʻsatdan eski tutqanogʻi xuruj qilib qoldi:

– Hoʻ, bola, koʻtar shippagingni! Oyogʻimdagi narsa uch yuz soʻmga kelgan-a!

Silliqsoch kishi bu safar negadir hayratlanmadi, taqirbosh sherigining yelkasiga turtib, u bilan zimdan koʻz urishtirdi.

– Ketdik. Bunda ozgina kamroqqa oʻxshaydi.

Taqirbosh bir-ikki qadam yurib-yurmayoq, bidirlashni boshlab yubordi.

– E-e, odamzodni bilib boʻlmas ekan. Qarang, koʻrinishidan soppa-sogʻ deysiz. Men galvars, poʻstakni ming soʻm desa, ogʻzim ochilganicha ishonib oʻtiribman-a… Xix-xix-xi…

– Siz-ku endi… Meni aytmaysizmi!

– Xix-xix-xi, xix-xix-xi…

1986