OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiMishmishali (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Mishmishali (hajviya)
Anvar Obidjon

Hazrat Huvaydo gʻazallari qora qoʻchqorning yogʻiga ilik qoʻshib damlangan polovdan ham kuchliroq ekanini bot-bot urgʻulab yurguvchi Abdurazzoq qori bir pistachaqdi suhbatda: «Eslik ayol hatto qadamining tovushini tashqariga eshittirmaydi», deb naql qilgandi. Zap aytgan ekan-da. Pok-pokiza xonadonga magʻzavasel yoprilishi Yursinoyning oʻsha oddiy madaniyatchaga loqaydligidan boshlandi – oshxonadan chiqayotib, qoʻldagi piyolani tushirib yubordi, buning ustiga, seskanib ketib, «voey» degani ortiqcha boʻldi.

– Jarang! Voey!

Bu tovushlar devor ortidagi Mishmishaliga bejo eshitildi, koʻcha sari yurishdan toʻxtalib, qoʻshni hovli tomonga zogʻlanib quloq tutdi. Idishning jarangdor sinishi-yu, ojizaning munglanib nidolanishi nihoyasida tuyqus yuzaga kelgan jimjitlik yanada shubhali tuyuldi.

Doʻkondan sigaret olishga borayotgan Vasvasaqul tomorqasiga ariqdan suv ochib turgan Mamajonga hani-huni salom berib oʻtishga chogʻlanarkan, koʻchaning u yuzidagi darvozadan chiqib kelgan Mishmishalini koʻrib, unga chalgʻidi.

– Ahvollar qalay, Mishmishali? – sariq tishlarini namoyishlab, mahalladoshining kaftiga tarsillatdi. – Uylar tinchmi?

Mishmishali bir Vasvasaqulga, bir Mamajonga sirli qarash qildi:

– Bizniki hozircha tinch. Omaleykin, ba’zi xonadonlar... Hm... Bu yoqqa chiqayotsam, Guldirmamatnikidan «Jarang!» etgan ovoz eshitildi. Keyin xotini «Voy-e-ey!» dedi-yu, jimib qoldi. Boyaqishning boshiga oshtovoq bilan urildi, menimcha.

Mamajon: «E, bor-e, doim bir gap topib yurasan», deb hovlisiga kirdi-ketdi, lekin Vasvasaqul doʻkonga yetguncha xayol surib bordi: «Xotin «Voy-e-ey!» deb, birdan dami ichiga tushib ketganakan, demak ish katta». Agar doʻkondan chiqib kelgan Vahimaxoʻja: «Ha, Vasvasaqul, garang koʻrinasan?» – deya yoʻlida koʻndalang boʻlmaganida, oʻyga berilib, manzildan oʻtib ketishiyam hech gap emasdi.

– Yaxshimisan? – hushini yigʻib, Vahimaxoʻjaga dimogʻlanib qoʻl choʻzdi u. – Xaltaga nimalarni toʻldirvolding?

– Roʻzgʻorda kirsovun uzilganakan. Xotin topshiriq berdi, biz bajaryapmiz.

– Haliyam xotinni qoʻlga ololmadingmi, Vahimaxoʻja? Uyda xoʻjayinchilik qilishni Guldirmamatdan oʻrgansang boʻlmaydimi? Azamatni qaraki, xotiniga achchiq qilib, bor idish-tovoqni pachoqlab tashlabdi. Keyin oshtovoq bilan boshiga urganakan, xotini «Do-o-d! Voydod!» debdi-yu, joyida shaytonlab qopti.

Bu gap Vahimaxoʻjani tarrakka aylantirdi.

– Shu Guldirmamat-a?! Dongʻi ketgan oʻqituvchi boʻlsa! Yaqinda mukofot oldi!

Ayni damda, ustma-ust signal chalib, «Tez yordam» mashinasi oʻtib qoldi. Vasvasaqulning ikki koʻzi qorason yongʻoqdek boʻrtib: «Voh, Guldirmamat tushmagur hunukroq urganakan-da, Yursinoyni kasalxonaga opketishdi-yov», deya kalla tebratdi.

Bir qaraganda, Vahimaxoʻjaning hozirgi vazifasi suv isitib kutayotgan xotiniga sovunni tezroq yetkazib borishdan iboratdek edi. Biroq, u bunday qilmadi, yarim yoʻlda oʻzini oʻzi mahalla oqsoqolining idorasiga yetakladi. Ichkariga kirdi-yu, ishyoqmas kuyovining ustidan arzlanib oʻtirgan ayolning soʻzini boʻlib, oqsoqolni tikkasiga dakkiladi:

– Oqsoqolsiz-u, mahalladagi mashmashalarni doim oxirida eshitasiz!

Oqsoqol beixtiyor oʻrnidan turib, nima gapligini bezilloq qiyofada surishtirganini biladi, Vahimaxoʻjaning jagʻi qarsakchaldi tarzida ishlashga tushdi:

– Guldirmamat uyidagi bor narsani kunpayakun qiptashlabdi! Xotininiyam majaqlab qoʻyibdi!

– Majaqlab qoʻyibdi?

– Ikkala qoʻlidagi oshtovoq bilan «Jarang! Jurung!» etkazib boshiga qoʻyvorganakan, xotini: «Odamxoʻrning dastidan dod!» – debdi-yu, ogʻzidan oqkoʻpik kelib, sulayib qopti! Uni kasalxonaga opketishganini oʻzim koʻrdim.

Shu pallada tuyqus sirena ovozi yangradi, ikkovi tashqariga tikilishdi. Oʻt oʻchiruvchilar mashinasi vozillab oʻtib ketdi.

– Obbo Guldirmamat pismigʻ-ey! – koʻzlari ola-kula boʻlib bidirladi Vahimaxoʻja. – Yomonning bir qiligʻi ortiq deganlaridek, uyigayam oʻt qoʻyvorgan shekilli?

Mamajon hovlisidan chiqib, tomorqaga oqayotgan suvni berkitishga kirishganida, oqsoqol mutasaddi militsionerni ergashtirganicha kelib qoldi-yu, uni toʻsatdan savolga tutdi:

– Hey, Mamajon, Guldirmamatnikidagi toʻpalangdan xabaring bormi?

– Qanaqa toʻpalang?

– Iltimos! – Mamajonning koʻziga tazyiqli tikildi militsioner. – Bilganingizni yashirmang!

Koʻchadagi nagʻmalardan bexabar Guldirmamat qoʻltiqda saxtiyon popka bilan ishga otlanarkan, qurigan kirlarni dordan yigʻishtirayotgan xotini peshanasiga boʻz laxtak tangʻib olganini koʻrib, koʻnglidagi xotirjamlik xiyol darz ketdi. Xotindan ahvol soʻragan edi, boshi negadir sanchib ogʻriyotganini aytdi.

– Unda, dori-pori ichib, ozgina dam olvoling, – mehribonlandi Guldirmamat. – Boring, uyga kiring.

Yursinoy: «Mayli, shunaqa qilay-chi», deya uyga kirib ketgach, Guldirmamat koʻcha tarafga toʻrt-besh qadam qoʻyib ulgurmasdan, darvozadan oqsoqol, militsioner, Mamajon oʻtib kela boshladi. Guldirmamatning salomi ham, soʻriga oʻtirish borasidagi taklifi ham yerda qolib, oqsoqol toʻgʻridan-toʻgʻri muddaoga koʻchdi:

– Oʻtirishni qoʻyib tur, Guldirmamat. Oldin bir narsani bilvolaylik, xotiningga nima boʻldi?

Guldirmamat tomdan tarasha tushgandek yangragan bu savoldan esankirab: «Shu desangiz... boshi ogʻrib...» deya dudmallanayotganida, militsioner dagʻdagʻali ohangda qoʻshimcha qildi:

– Boshi nima boʻlganini bilamiz! Siz bizga sababini ayting!

Shu mahal, xuddi yerdan chiqqandek hovlida Mishmishali paydo boʻldi:

– Sababini, mana, mendan soʻranglar! Sababini, mana, men bilaman! Avvaliga «Jarang!» etdi. Ana undan keyin «Vo-e-ey!» dedi-yu, jim boʻpqoldi.

– Nima shovqin, dadasi? – uy ichkarisidan ovoz qildi Yursinoy, soʻng tashqariga chiqib kelib, turganlarga jovdiradi. – Kelinglar...

– Oposh boʻpqoldingizmi, Yursinoy qizim? – peshanadagi laxtakka xavotirli qarab qoʻyib, soʻz qotdi oqsoqol.– Kasalxonadan tez qaytganingizga qaraganda, xayriyat, boshingiz qattiq lat yemaganakan.

Yursinoy: «Qanaqa kasalxona?» – deya hayronlanib chimirilganida, militsioner: «Iltimos! Borini boricha gapiring, jabrlanuvchi», deb uni battardan hayratlantirdi. Mamajon: «Ha endi, boshini bogʻlagan odam bularning tilida «jabrlanuvchi» deyiladi-da», deb juvon shoʻrlikni tinchlantirishga chirandi.

Oqsoqol salobat bilan tomoq qirib, Yursinoyga yaqin keldi:

– Endi-i gap bundoq, qizim. Avvalo uydagi gʻalvani tashqariga chiqarmaslikka urinayotganingizdan xursandman. Tarbiya bergan ota-onangizga ming rahmat. Lekin, oyni etak bilan yopib boʻlmasakan. Eshitishimizga qaraganda, roʻzgʻorda ozgina kelishmovchilik chiqib...

Koʻcha darvoza «Taraq!» etib ochildi-yu, oqsoqolning gapi boʻgʻzida qoldi. «Toʻybuzar» laqabi bilan dong taratgan Mashmasha polvon: «Bosh yorish qanaqa boʻlishini koʻrsatib qoʻyamiz! Kuchi koʻpaygan odam, mana, bizga yopishsin!» – deb boʻkirganicha hovliga bostirib kirdi. Yursinoy boshini bogʻlab olganini koʻrib, ikki hissa lovulladi:

– Ha opajonim-a, opajonim-a! Birovlardan eshitmasak, dardingiz ichingizda qopketarkan-da, a? Ve, pochcha, opamni nima qipqoʻydingiz?

Oqsoqol: «Toʻxta, Mashmasha polvon! Haddingdan oshma!» – deya mushtumzoʻrning yoʻlini toʻsdi. Militsioner esa: «Oʻpkani bosing! Gapning tagiga yetaylik-chi, keyin chorani oʻzimiz koʻramiz», deb unga barmogʻini bigizladi.

– Hey, musulmonlar! – turganlarga zorlandi Yursinoy. – Odamchasiga tushuntiringlar. Nimaning tagiga yetmoqchisizlar oʻzi?

Mishmishali lip etib, Yursinoyning yonida muhayyolandi:

– Nimani boʻlardi, kelin? Bular eringiz nimaychun boshingizga oshtovoq bilan urganini bilishmoqchi. Yashirmang, oʻzim eshitib turuvdim. Oldin «Jarang!» etdi. Keyin «Voy-e-y!» deb baqirdingiz. Yo yolgʻonmi?

Yursinoy bu gapni eshitib, bir daqiqa soʻrrayib turgach, dugonasi qitiqlayotgandek, qotib-qotib kulishga tushdi:

– Voy oʻlmasam! Shunga yigʻildilaringmi? Nima balo, sizlarni dastilaringdan bu uyda bitta piyolayam sinmasinmi?

Yursinoyning mazaxomuz kepatada joʻshib-joʻshib kulayotgani oqsoqolning gʻashini keltirib: «Kulishni bas qiling! Qanaqa piyolani gapiryapsiz?» – deya poʻpisaladi.

– Ertaminan oshxonadan chiqayotib, bitta piyolani sindirib qoʻygandim, – oʻzini kulgidan tiyishga tirishdi Yursinoy. – Choʻchib ketib, «voey» deganimam esimda. Boshga oshtovoq bilan urishni kim oʻylab topdi? Voy, odam boʻlmay ketinglar-a...

Mamajon Mishmishaliga oʻqraydi:

– Hamma ayb senda! Bir nimaning tagiga yetmay turib tezda mish-mish tarqatasan. Ahilligiga hammaning havasi keladigan xonadonni mahallada gap-soʻz qilib oʻtiribsan-a. Uyatmasmi?

– Bularda uyat nima qiladi? – kuyinib ketdi oqsoqol.– Bunaqa hamiyatsizlar hatto mahallasiniyam, yurtiniyam mish-mish qilishdan toymaydi.

Mashmasha polvon: «Axa-a, gap buyoda ekan-da», deya gʻijinib yeng shimarayotganida, Mishmishali: «Ana, hozir bunisiyam kalamushquvdini boshlaydi. Doim ahvol shu», deya bezovtalangan kuyi, raqibining hamlasini kutib oʻtirmasdan, qaldirgʻochlanganicha oʻzini koʻchaga urdi. Mashmasha polvon oyoqda yerni buqatimdalash qilib, joyidan qoʻzgʻaldi.

– Toʻxta, hayvon! – quvib borayotib na’ra tortdi Mashmasha polvon. – Tilingni sugʻurib, oʻzingga yediraman! Oʻshanda hamma sendan qutuladi! Vey, maraz, yaxshilikcha tormizingni bos!

Mishmishali koʻchani changitganicha loʻk-loʻk yugurib borarkan, boshida bir oʻy charx urardi: «Bu la’nati ham baribir quvib yetadi. Yana appon-sappon boshlanadi. Chidaganmiz, chidaymiz...»

2004