OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

5 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiNishon buqoq va ritmik gimnastika (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm3KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Nishon buqoq va ritmik gimnastika (hajviya)
Anvar Obidjon

Televizoʻr yangi chiqqan davrlarda Habil koʻknorining hujrasiga yigʻilib, pul toʻlab tomosha koʻrardik. Kamxarjlar bir hovuch mayiz yoki uch-toʻrt kalla novvot olib kirishardi. Oynai jahonning qulogʻi buralsa, doʻst-dushmanni ajratmay jilmayadigan bir juvon «assalomu alaykum»lab chiqib, ortiqcha jalanglamasdan gap boshlardi. Keyin qarabsizki, Ma’murjon ogʻa likopchada yelpinib: «Bu kuygan yuraklarni yana yondirasanmi», deb turibdi-da.

Lazgincha etigimga besh-olti yamoq tushib ulgurmay, zamon ikki yumalanib, endi biz tugul Mirzaqand piyonning tomigayam antiyna qoʻndi. Ammo, pashmak koʻpaysa, maza kamayar, deganlaridek, tomoshalarning tobora burdi ketib boryapti. Kinodagilarning tayyor loʻppi yuz turganda, ogʻizdan oʻpib, ahmoqgarchilik qilishiyam, deputotlarning kimoshdiga maqtanishiyam, dunyo axborotchilarining servahimaligiyam bir nav. Eng yomoni – gʻadi-gʻudi kuy chalib, sahardan peshingacha peskultura (kulmang, sizning shevangizda balki feskulturadir) koʻrsatadigan boʻlishdi. Qaniydi, televizoʻr gugurt bahosida boʻlsa-yu, har kuni bittasini pachoqlab, xumordan chiqsang. Raqsga tushging kelgan ekan, «shaltay-paltay»ga irgʻishlaguncha, opoq otangdan qolgan «u yoningga tashlab oʻyna, bu yoningga tashlab oʻyna»ga yoʻrgʻalamaysanmi, lodon. Esizgina Mukarramaxonim!

El oldiga chalayalongʻoch chiqibdiki, bu badantarbiyachi qizlarning shaytonga muridligi bor desam, gapimni mazax qilishardi. Oxiri folchiga aylanib turibman-ku: tunov kungi koʻrsatuv mahali «bir» deganda xonada turgan oʻsha qizlar, «ikki» deganda – maysazorda, «uch» deganda– daryoning boʻyida, «toʻrt» deganda – marmar saroyning tomida paydo boʻlishdi. Shunaqada, yurakdan chiqarib «besh» devorsang, birontasi tizzangga kelib qoʻnishdan ham toymaydi.

Taxmindan tayoq yasab aytganda, televizoʻrchilarning orasida hukumatning gʻanimlari bormi deyman-da. Ayni tirsillab turgan qizlarga shunday dorulomonda bitta lozim topib berolmaslik xorij oldida yurtimizni beobroʻ qilmaydimi? Raykomning koʻzi qayoqda oʻzi?

Ba’zan boshqa narsani oʻylab qolaman – shularniyam uyida tergaydigani bormikan, deb. Ota-ku qizga yarim begona. Hamma ayb onada, bunaqa «repim-repim» qizni shartta uyga qamab, baldoqchasining tagiga ikki shapati tortib, namozga oʻrgatsin – kuniga besh mahal peskulturami!

Yana bularning orasida oʻspirinlar oʻralashganiga oʻlaymi. Baski chiqibsan, oyoqchalarning orasidan moʻralab yurmay, dakan-dakan boʻlib oldinga oʻt, turmaksochlarni soyangga koʻmvor. Turishing shu boʻlsa, qaysi pichoq taqqan ota ertaga senga qizini berib qoʻyarkan?

Eng gʻalatisi – oʻyin tugashi bilanoq hammasi bilagini changallab, devordagi soatga tikilishadi. «Bir, ikki», deb turadigan oʻsha koʻrinmas odam «yoshlarniki koʻproq, qarilarniki kamroq uradi», deganga oʻxshash gaplarni aytib, allabalolarni hisob-kitob qilishga tushadi.

E, suf-e! Yaxshiyamki, Habil koʻknori vaqtida oʻlib ketdi. Tirik boʻlganda, televizoʻrdagi bugungi toʻpolonlarni koʻrib, kuniga oʻn marta shaytonlab yiqilardi.

Ishqilib bular, kuyuntirib-kuyuntirib, oxiri meniyam boshimga yetishmasa goʻrga edi... E, suf-e!

1989