OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiO...o...jon (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





O...o...jon (hikoya)
Anvar Obidjon

«Jinqarcha» bogʻchasining oʻrtancha guruhiga qop-qora qoshlari bir-biriga tutashgan, kipriklari uzun-uzun, charoskoʻz bir bolakay kelib qoʻshildi. Uning asli ismi Oltinbek edi. Biroq, koʻp oʻtmay, bolachoqlardan tortib tarbiyachilargacha uni «O...o...jon» deb chaqiradigan boʻlishdi...

Bogʻchadagi mashgʻulotlar, koʻp hollarda, guruhdagilarni bir joyga jamlab oʻtkaziladi. Lekin, bolalarga ozgina erkinlik berildi deguncha, birov oʻzicha, birov oʻrtogʻi yoki dugonasi bilan har yer-har yerda oʻyin oʻynay boshlaydi.

Birinchi kuni Oltinbek kimga qoʻshilishni bilmay, picha ikkilanib turdi. Oxiri, atlas koʻylakli qoʻgʻirchoqning dam sochini yozib, dam boshqatdan oʻrib oʻynayotgan qizchaga sekingina yaqinlashdi. Yonrogʻida choʻkkalab, guldor qogʻozdan buklama doʻppicha yasadi-da, qoʻgʻirchoqqa kiydirmoqchi boʻldi. Qizcha qoʻgʻirchogʻini biqiniga yashirib, unga xoʻmrayib qaradi. Oltinbek bundan zarracha oʻngʻaysizlanmadi, marjon tishlarini yarqiratib kuldi. Qizcha to qovoq solishni qoʻymaguncha, shunday jilmayib turaverdi. Qizchada ham doʻstona kayfiyat paydo boʻlgandan keyin esa, yelkasiga beozorgina qoʻl tashlab, «choʻlp» etkizib peshanasidan oʻpdi va koʻz yumganicha: «O, o, o!» – deb tebranib qoʻydi. Qizcha nima deyishini bilmay qiqirlab kuldi.

Shunda, nam qumdan uychalar qurib oʻynayotgn bolalardan biri yonidagi sherigini turtib: «Hey, Boyhusan, hey, Boyhusan, qara, anavi yangi bola opangni oʻpdi», deb chaqimchiladi. Boyhusan qoshlarini chimirgancha davradan chiqib keldi.

– Bufotima, rostmi? Manavi olakoʻz bola seni oʻpdimi? – deb soʻradi u opasidan.

Bufotimaning yuzi xiyol qizarib, koʻzlari gʻildiradi. Indamay boshini solintirdi. - Opamni oʻpdingmi? – endi musht chigib, Oltinbekka oʻqraydi Boyhusan.

Oltinbek Boyhusanning koʻzlariga samimiy boqib, «men qurchogʻiga doʻppi yasab berdim», dedi va unga ham jilmaygancha tikilib turaverdi. Bunday koʻngli ochiqlikni koʻrib, jangari Boyhusanning achchigʻi oʻz-oʻzidan bosila boshladi, tugilgan mushtlari yozilib, qorachigʻidan chaqnayotgan uchqun asta-sekin soʻndi.

– Doʻppi yasab bersang, mayli, – deya endi bosiq tovushda soʻz qotdi u.

Bu gapdan soʻng Oltinbek oʻsha muloyim kulgi bilan Boyhusanga kaftini choʻzdi. Boyhusan ham beixtiyor kulimsirab, oshnachasiga qoʻl uzatdi. Yarashib olishgach, Oltinbek uni quchib, «choʻlp» etkizib betidan oʻpdi:

– O, o, o!

Bu toʻqnashuv qanday tugashini qiziqib kutayotgan tomoshatalab mittivoylar yangi bolaning gʻaroyib qiligʻidan kulib yuborishdi.

– Meni otim Qaytmasvoy, – deya unga iljayib qoʻl berdi boya «opangni oʻpdi», deb Boyhusanga gap tashigan bola. – Mengayam oʻrtoq boʻlasanmi? «O, o» qilasanmi?

Tevarakdagi bolalar ham «ke, mengayam oʻrtoq boʻl», «mayli, oshna boʻlamiz», deb juvillaganlaricha uni oʻrab olishdi. Jovur-juvurlarni eshitib: «Nima gap oʻzi, arzandalarim?» – deya ichkaridan bogʻcha opa chiqdi.

– Anavi yangi bola hammani oʻpyapti, – deb hiringladi Qaytmasvoy.

Bogʻcha opa: «Nima?» – deya bolalarga hayron koʻz yugurtirdi, soʻng Oltinbekka egilib: «Bu qanaqasi?» – deb soʻradi. Oltinbek uzun kipriklarini pirpiratib, bogʻcha opaga odatdagidek shirin tabassum qildi. Bogʻcha opaning ham chehrasi yorishganda, bir sakrab uning boʻynidan quchdi, «choʻlp» etkizib yuzidan oʻpib oldi. Barcha bola chapak urgan kuyi tengdan «O, o, o!» – deb qiyqirib, Oltinbekka joʻr boʻlishdi.

Bogʻcha opa, oldiniga biroz dong qotib turgach, toʻsatdan ochilib-sochilib kulishga tushdi.

– Mana, qanaqa ekan yangi bolamiz! – dedi u koʻzida mehr chaqnab va Oltinbekni bagʻriga bosib erkalata ketdi. – Oʻrgilib ketay sendaqa shirintoydan! Oʻzimning qulogʻichim! Oʻpogʻichim! O...o...jonim!

Shu boʻldi-yu, birov bilan janjallashish nimaligini bilmaydigan Oltinbek hammaga birdek davradosh «O...o...jon»ga aylandi.

1996