OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Anvar Obidjon. Olovjon (hikoya)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiOlovjon (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Olovjon (hikoya)
Anvar Obidjon

Kunlar isib, talon-taroj mavsumi boshlangani munosabati bilan Qumursqalar podshosi saroyida katta ziyofat berilmoqda edi. Bazm avjga mingan chogʻda Yumaloqpolvon ismli lashkarboshi halloslaganicha shohning huzuriga kirib kelib, gap boshladi:

– Olgʻir qoʻshinlarimiz saxiy odamlar qoqqan dasturxondan tushgan uvoqlarni oʻsha zahotiyoq qurshovga olishga muvaffaq boʻlishgandi. Afsuski, ochkoʻz Chumolilar kutilmaganda ustimizga yopirilishib, oʻljamizni tortib olishdi.

– Senlar ogʻizlaringni ochib turaverdinglarmi? – deya lashkarboshiga oʻdagʻayladi shoh. – Shuncha askar bilan Chumolilarning quruq doʻqidan qoʻrqib oʻtirgan ekansan, bu kuningdan oʻlganing yaxshi, Yumaloqpolvon! Bugundan boshlab seni oddiy askarlikka tushiraman.

Shundan soʻng, shoh atrofida oʻtirgan nozirlariga yuzlanib, kimni lashkarboshi qilib saylash haqida maslahat soʻradi. Hech kimdan durustroq fikr chiqmadi. Ochiqrogʻi, har bir nozir shohning oʻzi uni lashkarboshi qilib saylashidan umidvor boʻlganicha pismayib turardi.

Shohning: «Shu xonada turganlarning qay birovi lashkarboshilikni zimmasiga olib, Chumolilarni yengsa, uni kenja qizimga kuyov qilaman», degan gapini eshitib, tipirchilay boshlagan nozirlar, «Ammo, jangda yengilsa, achigan qatiqqa choʻktiraman», degan qoʻshimchadan soʻng yana shalpayishdi.

Ulardan biri sherigiga shivirladi:

– Jonni ehtiyot qilaveraylik, birodar. Bosh omon boʻlsa, xotin topiladi.

Shoh atrofga bir alanglab qoʻyib, soʻradi:

– Xoʻsh, lashkarboshilikka ishqibozlar bormi?

– Bor! – qichqirdi kimdir eshikning yonidan.

Nozirlar tovush kelgan yoqqa oʻgirilishdi, keyin ikki tomonga surilib, yoʻl boʻshatishdi. Yoshgina, koʻzlaridan jasorat yogʻilib turgan Qumursqa dangal odimlaganicha taxt qarshisiga kelib, shohga ta’zim qildi.

– Zoʻravon Chumolilarning ta’zirini, mana, men beraman! – ishonch bilan soʻz qotdi u.

– Kimsan oʻzing? – taajjublanib soʻradi shoh. – Buncha chiranmasang, zumrasha?

Bu zumrasha saroy oshpazining Temirtirnoq ismli yakkayu yolgʻiz oʻgʻli boʻlib, jangari va dovyurakligi uchun hamma uni Olovjon der edi.

Olovjon shohning kenja qizini bir koʻrishdayoq sevib qolgan, unga yetishish yoʻlida jonini berishga ham shay edi. Bundan tashqari, qoʻrs va surbet Chumolilarni u juda yomon koʻrar, ularning qadim-qadimdan Qumursqalarga zoʻravonlik qilib kelganliklari haqida keksalardan koʻp hikoyatlar eshitgan, payti kelsa, boplab oʻch olishni yuragiga tugib qoʻygandi.

Olovjon shohga oʻzini tanitdi.

– Nima ham derdik, – yelkasini qisib qoʻydi shoh. – Shu xonadagilarning har birovi lashkarboshilikni zimmaga olishi mumkin deb yuborgan ekanmiz, va’dada turishimizga toʻgʻri keladi. Lekin, bilib qoʻy, bola, boshing garovda boʻladi-ya!

– Boshimning tashvishini tortmay qoʻya qoling, – chapanichasiga qoʻl siltadi Olovjon. – Mabodo yengiladigan boʻlsam, unda yaxshisi, jang maydonida oʻlaman.

Odatda, Olovjon dadasiga yordam berib boʻlgach, boʻsh vaqtlarini kitob oʻqish bilan oʻtkazar, ayniqsa, Qumursqalar orasidan chiqqan lashkarboshilar haqidagi rivoyatlar unga judayam yoqar edi. Ba’zan miyasiga dam berish uchun xilvat joylarda kezib yurar, bunday chogʻlarda buyuk lashkarboshi Kallabotir haqidagi qoʻshiqni ovozining boricha joʻshib-joʻshib kuylardi:

    Bizlar mitti yaraldik,
    Ammo qoʻrqoq emasmiz.
    Doʻq urganda kuchlilar,
    Shafqat qiling demasmiz,
    Dadil boʻling, mittilar!

    Eng dahshatli yovlar ham
    Yengolmaydi mardlarni.
    Kallabotir ortidan
    Mahkam tuting saflarni,
    Dadil boʻling, mittilar!

Shohning kenja qizi Zarrabonu kunlardan bir kuni kanizaklari bilan sayr qilib yurib, yaqin oradan shoʻxchan qoʻshiq taralayotganini eshitib qoldi va yoqimli ovozga mahliyo boʻlganicha oʻz-oʻzidan oʻsha tomonga yura boshladi. U butun vujudi bilan qoʻshiq kuylayotgan chiroyli yosh qumursqaga panadan uzoq termilib turdi. Shu kundan boshlab saroy oshpazining oʻgʻli tez-tez uning tushlariga kiradigan boʻldi.

Zarrabonu bugun juda baxtiyor edi. U oʻz sevgilisining lashkarboshi boʻlganini eshitib, behad quvonib ketdi. Olovjonning boshi garovda ekanligidan xabardor boʻlsa-da, bundan uncha xavotirlanmas, uning jangdan gʻolib boʻlib qaytishiga astoydil ishonib turardi.

Eng mashhur sarkardalar kuchli dushmanni hiyla va tadbirkorlik bilan magʻlub etganligini Olovjon yaxshi bilardi. Shu tufayli oʻz lashkarini Chumolilar mamlakati chegarasiga yaqin olib borgach, yovni tuzoqqa qanday ilintirishni oʻylay boshladi. Oxiri ajoyib bir reja tuzdi. Avvaliga, u har oʻn mingta jangchiga boshliq etib tayinlangan sardorlarni qarorgohiga toʻplab, ularga oʻz rejasi haqida gapirib bermoqchi boʻldi, soʻng darrovda bu fikridan qaytdi.

«Yaxshisi, qilinadigan ish toʻgʻrisida ularga yakka-yakka buyruq burib turaman, – oʻzicha oʻyladi Olovjon. – Toki birortasi ham qanday maqsadni koʻzlayotganimni toʻliq anglab yetmasin».

Ha, Olovjon juda aqlli edi. U toʻgʻri yoʻl tutdi. Chunki niyatini koʻpchilikka elburutdan aytib qoʻysa, bironta sotqin chiqqan taqdirda ishning buzilishi hech gap emasdi. Axir, sardorlarning deyarli hammasi zodagonlardan boʻlib, bunday qumursqalardan har narsani kutish mumkin edi.

Ertasi kuni Olovjon oʻz askarlarining toʻrtdan bir qismini jangga yuborar ekan, bu toʻda sardoriga Chumolilar bilan shunchaki toʻqnashgan boʻlib, keyin, dushmanni ortlaridan ergashtirgancha oʻz qarorgohlari sari chekinishni buyurdi.

– Biz bu yerda halqa shaklidagi murabbo devorli qoʻrgʻon qurib qoʻyamiz, – dedi Olovjon. – Siz chekinayotgan askarlaringizni shu xalqaning ochiq qoldirilgan qismidan ichkariga boshlab kirasiz-da, olgʻa boraverasiz. Qoʻrgʻon darvozasining qarama-qarshi tomonidagi murabbo-devor ustiga ajriq poyasi tashlab qoʻyilgan boʻladi. Barcha askarlar undan oʻtib boʻlishgach, ajriq poyasini koʻplashib tashqariga tortib olasizlar.

– Hech narsaga tushunmayapman, – taajjublandi toʻda sardori. – Bundan nima foyda bor? Chumolilar qoʻrgʻonning ichkarisiga kirishadi-yu, bizni quvib yetisholmagach, orqaga qaytib yana oʻsha darvozadan tashqariga chiqib ketishaveradi-da. Menimcha, ajriq poyasini tortib olmaganimiz ma’qul. Chumolilar bu tor koʻprikdan birin-ketin oʻtishga majbur boʻlishadi. Biz esa pastda koʻpchilik boʻlvolib, ularni bitta-bittadan qirib tashlaymiz.

«Mana, zodagonlarning ahvoli, – deya koʻnglidan oʻtkazdi Olovjon. – Shunday oddiy narsaga aqli yetmay turibdi-yu, yana oʻzini katta tutib, menga nasihat qilmoqchi».

– Siz aytganlarimni indamay bajaravering! – qovogʻini solib, sardorni jerkib berdi yosh lashkarboshi. – Hozircha bu yerda men qoʻmondonman. Qolaversa, mening boshim garovda turibdi.

Toʻda sardori «qani koʻramiz-da, qoʻlingdan nima ish kelarkin, tirrancha», degandek labini jiyirib qoʻyib, indamay nari ketdi.

Shundan soʻng Olovjon boshqa sardorlarni toʻplab, ularga boshqacha buyruq berdi:

– Barcha jangchilar ogʻizlarida murabbo tashib keltirib, shu joyga shirali qoʻrgʻon qursinlar. Qoʻrgʻonning kunbotar tomonida kichik darvoza qoldirilsin.

Sardorlar gap nimada ekanligini tushunmay, bir-birlari bilan koʻz urishtirib olishdi. Faqat Nayzapolvon ismli keksa sardorgina yosh lashkarboshi juda puxta hiyla oʻylab topganini darhol tushundi va Olovjonning zehniga qoyil qolib, unga zimdan jilmayib qoʻydi.

Murabbodan tiklanayotgan qoʻrgʻon kechga yaqin bitkazib boʻlindi. Koʻp oʻtmay, ortga chekinayotgan Qumursqalarning dastlabki qismlari uzoqdan koʻzga chalindi. Olovjon sardorlarga yangi koʻrsatma berdi:

– Bu yerdagi askarlarning hammasi ogʻizlariga qaytadan murabbo solib olishib, qoʻrgʻon darvozasining ikki tarafida pistirmada turishsin.

Sardorlar bu buyruqni mingboshilarga, mingboshilar yuzboshilarga, yuzboshilar oʻnboshilarga, oʻnboshilar askarlarga yetkazib, hamma harakatga tushdi. Askarlar shu qadar intizomli ediki, bunga chidab turish qanchalar qiyin boʻlmasin, ogʻizlaridagi tap-tayyor murabboni birovga sezdirmay yutib qoʻyishni xayolga ham keltirishmayotgandi.

Chekinayotgan Qumursqalar oʻz boshliqlari ortidan qoʻrgʻon ichiga kira boshladilar. Son jihatdan bir necha marta ustun boʻlgan Chumolilar ularni mazaxlab-mazaxlab, quvishda davom etishdi. Eng oxirgi Chumoli darvozadan oʻtib boʻlgach, Olovjon pistirmada turgan jangchilarni ishga soldi. Ular ogʻizlaridagi murabbolarni birin-ketin toʻkib, qoʻrgʻon darvozasini bir zumda berkitib tashlashdi. Chekinayotgan qumursqalar esa qoʻrgʻonning yopishqoq devori ustiga qoʻyilgan ajriq poyasidan oʻtib, uni tashqariga tortib olishdi-yu, Chumolilar mamlakatining qoʻshini qopqonga ilindi.

Agar hafsala qilsa, biron-bir omadli Qumursqa bu devordan eson-omon oʻtib olishi mumkindek edi, ammo vazni ancha ogʻir boʻlgan Chumolilar birinchi urinishdayoq shirali devorga oyoqlari bilan yopishib qolar, oz-moz teparoqqa chiqa olganlar murabboga butunlay qorishib ketishga mahkum edi.

Shu tariqa, Olovjon oʻzining donoligi, ishbilgichligi tufayli, deyarli jang qilmasdan turib, Chumolilarning qudratli qoʻshinini tor-mor etdi.

Qumursqalar mamlakatida bu gʻalaba bayramga aylandi. Shu bayram ichida Olovjon bilan Zarrabonuning toʻyi ham boʻldi. Hayot-mamot jangida yosh lashkarboshining oʻta bilimdonlik koʻrsatganiga chin yurakdan tan bergan Nayzapolvon ismli oʻsha sardor kuyovlik kiyimidagi Olovjonning yoniga kelib, asta soʻradi:

– Kechirasiz-u, hali yosh boʻla turib, shunday ajoyib harbiy hiyla topa olganingizga hanuz ishongim kelmaydi. Siz – oddiy oshpazning oʻgʻli bunday ustamonlikni kimdan oʻrgana qoldingiz?

– Aqlli oʻrtoqlarimdan, – deb javob qildi Olovjon. – Men oʻqigan kitoblarimdan juda koʻp narsalar oʻrgandim, shu boisdan ularni haqiqiy doʻstlarim deb bilaman. Doʻstlarsiz esa, hech qanday yutuqqa erishib boʻlmaydi.

... Tokchamizda turgan murabboli piyolani qumursqa bosganini koʻrdim-u, qachonlardir dadam aytib bergan mana shu ertak tuyqus yodimga tushdi.

1982