OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiOltiariq hangomalaridan
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm18KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oltiariq hangomalaridan
Anvar Obidjon

Oltiariqda oʻta ajabtovur hulq-atvorli kishilari bilan mashhur boʻlgan ikkita qishloq bor. Biz ularni shu qadar sevib-e’zozlaymizki, oʻz nomlari chetda qolib, birini Shakarqishloqqa, ikkinchisini Shirinqishloqqa aylantirib yuborganmiz.

* * *

Shakarqishloq chegarasini kesib oʻtuvchi sershagʻal yoʻlning chetiga: «STOP! OYOQ ARTIB KIRILSIN!» – deb yozib qoʻyilgan.

* * *

Shirinqishloqning chegarasida esa: «QISHLOQQA KIRAYOTIB, ESHAGINGNI YUVINTIRIB OL», degan ogohlantiruv taxtasiga duch kelasiz.

* * *

Shakarqishloqlik Oʻrozmat oʻng bilagini doim pashshaxonadan tashqariga chiqarib uxlarkan – chivin chaqib, kaftimni qichishtirsa, ertaga qoʻlimga pul tushadi, deb.

* * *

Shirinqishloqlik Gʻildirmat oy-kuni yaqinlashib qolgan boʻgʻoz sigirini shahar tugʻuruqxonasiga yetaklab borgan ekan.

* * *

Qishloqdoshimiz Mamasodiq-yuvgʻichi eng mashhur gʻassollardan boʻlib, koʻrimli qad-qomati, yoqimli chehrasi, pokiza kiyinishi bilan yodimizda qolgan.

U birov bilan soʻrashganda, chiroyli jilmayib turib, muloyim tovushda ahvol surishtirishga tushar, totli duolar aytib xayrlashar edi. Agar biron-bir olifta unga pisandsiz qoʻl uzatgudek boʻlsa, toʻsatdan avzoyi buzilar, ovozi ham dagʻallashar va koʻzini sovuq chaqnatganicha, kinoyali iljayib derdi:

– Yo... choʻmilamizmi?

* * *

Oynai jahon yangi rusum boʻlgan chogʻlarda shakarqishloqliklar antennani uy ichiga oʻrnatib, televizorni tomdagi baland yogʻoch ustunga osib qoʻyishgan ekan.

* * *

Hatto otashkurakni qizining sepiga asrashni yoqtiradigan shirinqishloqliklar sandiqqa sigʻmaydi deb, yaqingachayam yengil avtomashina olishmas edi.

* * *

Oltiariqda asosan uch narsadan moʻmayroq foyda koʻradilar – mahsulot yetishtirib sotishdan, yovvoyi oʻrdaklarni otishdan, mehmonga borib yotishdan.

* * *

Oltiariqliklar asosan uch narsadan koʻproq ziyon koʻradilar – ekinga tushgan shiradan, qarzini uzmaydigan joʻradan, mehmonga kelgan «xoʻra»dan.

* * *

Kasalxonada davolanayotgan Odil akaga doʻxtir bundan buyon spirtli ichimliklarga yaqin yoʻlamaslikni tayinlabdi. Odil akaning bu gapdan kapalagi uchib: «Nima-a? Umuman ichmasligim kerakmi?» – deya na’ra tortgan ekan, uning ovchilikka havasmandligini yaxshi bilgan doʻxtir: «Juda qoʻmsab qolsangiz, ana boringki, ovga chiqqan paytda oz-moz ichishingiz mumkin», deb sal yon beribdi.

Odil aka kasalxonadan chiqqach, sharobxoʻrlikni yana kuniga davom ettiraveribdi. Biroq, avvalgidan farqi shuki, endi u uyda ham, mehmondorchilikda ham yelkaga miltiq taqib oʻtirib ichadigan boʻlibdi.

* * *

Oltiariqliklarning yoqtiradigani – koʻtaramachi xaridor, ovqat tanlamaydigan mardikor, tomorqa beradigan amaldor.

* * *

Oltiariqliklarning xushlamaydigani – turup ekilmagan boʻsh maydon, bodringpoyaga kirgan hayvon, uzumning yashiklari taxlanmagan ayvon.

* * *

Ardoqli shoirimiz Erkin Vohidov noib sifatida Oltiariqdagi bir uchrashuvga kelganida, saylovchilardan biri mahallada ichimlik suvi masalasi yaxshi emasligidan shikoyat qildi. Erkin aka «sizlarda umuman suv yoʻqmi», desa, «borlikka bor-u...» deb, «quvur kerakmi» desa, «quvur yetarliku-ya...» deb mujmal-mujmal javob qaytara boshladi. Toqati toq boʻlgan Erkin aka: «Dadil gapiravering, yo biron-bir tashabbusingizga kimdir toʻsqinlik qilyaptimi», deb soʻragan edi, arzgoʻy: «Bizni-ku birov «kisht» degani yoʻgʻ-u, ishni baribir u yoqqayam, bu yoqqayam siljitolmay turibmiz-da», deya yana dudmallandi.

Bu gapdan keyin, shaxmatning ashaddiy muxlisi boʻlgan Erkin aka yengil nafas olib, dedi:

– Mana endi tushundim. Pot vaziyatga tushib qoldim demaysizmi, azizim.

* * *

Shakarqishloq aholisining koʻpchiligini puchuqlar tashkil etgani uchun, bu oʻramda burundor kimsalarga alohida ehtirom bilan qarashadi. Boshqa yerlardagi kirachi transportlarda yoshi kattalarni hurmatlash lozimligi uqtirilsa, Shakarqishloqdagi avtobuslarning ichiga «Burni kattalarga joy bering!» deb yozib qoʻyilgan.

* * *

Shirinqishloq ahlining aksariyati esa, boʻychan-boʻychan kishilardir. Shu bois, Tirkash pakana koʻchaga chiqsa, tepasiga taxtacha qoqilgan tayoqni baland koʻtarib yurarkan. Taxtachaga bundoq soʻzlar bitilgan ekan: «Xoʻshshayma! Pastdayam odam bor!»

* * *

Oltiariq bodring va turupdan tashqari novvotta’m uzumlari bilan ham dong taratgan.

Abdulla qiziq yengil mashinasiga oʻn yashik uzum bosib, Margʻilon bozoriga olib boribdi. Koʻpga taniqli boʻlgani uchun goh unisi, goh bunisi quchoq ochib kelib, u bilan quyuq koʻrishaveribdi. Bunaqa xaridorlardan pul olishga kimning ham beti chidardi, oʻn yashik uzumdan toʻqqiz yashigʻi «qadrdon»larni siylashga ketibdi. Yonidagi olmafurush: «Xudo bergan yigitsiz-da, qaerga bormang, hurmatdasiz», desa, Abdulla qiziq lohas javob qilibdi:

– Ha, hurmat qiladiganlarning koʻpligi katta baxt... agar uzum sotmayotgan boʻlsang.

* * *

Oltiariqliklar mehmon kelsa, hatto, jonlarini berishadi... lekin, bodring urugʻini emas.

* * *

Oltiariqlik otalar oʻgʻillariga shunday nasihat qilishadi: «Doʻstingni sotma! Ammo, turup doʻst emas».

* * *

Mashhur tadbirkor Hokimnazarbek yoshligida xususiy «KamAZ»iga meva bosibdi-da, Mirzarasul bilan Azizbekni yoniga oʻtirgizib, Rossiyaga yoʻl olibdi. Ertasi kuni tunda yaydoq choʻldan ketib borishayotsa, mashinaning chap yonidan nimadir zuvillaganicha quvib oʻtib, qorongʻida koʻzdan gʻoyib boʻlibdi. «Ux! Tulki-ku!»– debdi Mirzarasul. «Tulki bunaqa tez chopolmaydi, boʻri bu», deb e’tiroz bildiribdi Azizbek. Hokimnazar esa, mashinani shoshmasdan toʻxtatib, debdi:

– Orqadagi juft balonlardan bittasi chiqib, oldimizga oʻtib ketdi. Qani, tushib gʻildirakni qidiringlar.

Shakarqishloqlik duradgor semiz xotinini randalashga urinib koʻrgan ekan.

* * *

Shirinqishloqlik sartarosh bichiqchi qoʻshnisining oʻzigamas, oʻtkir qaychisiga oshiq boʻlib uylangan ekan.

* * *

Xonqizlik Hoshim tanbur polosonlik Mamadali gʻijjakni mehmonga chaqiribdi. Oʻtirishda bunisi tanburni, unisi gʻijjakni turli rivoyatlar asosida koʻpirtib maqtashga tushibdi. Ittifoqo, shu davrada Abdulla qassob ham oʻtirgan ekan. Uning A’zamboy degan oʻgʻli armiyadan gitara chalishni oʻrganib kelib, qoʻshnilarni koʻp besaranjom qilganini qisqacha aytib oʻtgach, koʻz yumib tebranganicha debdi:

– Oh,oh,oh! Men sizlarga aytsam, azizlar, ayamay devorga urilsa, gitaradan ham nihoyatda shirali ovoz chiqarkan.

– Shakarqishloq bilan Shirinqishloq qaerda?

– Shakarqishloq ariqning suvi kamaya borib, birdan daryoga aylanadigan joyda. Shirinqishloq esa, yorugʻlik Oyning orqa tomonidan tushadigan nuqtaga joylashgan.

* * *

– Shakarqishloq bilan Shirinqishloqning ramziy bayroqlari qanaqa?

– Shakarqishloqniki oq, Shirinqishloqniki oppoq.

* * *

Rahmon akaning ogʻzidan sigaret ariganini koʻrish hali hech kimga nasib etmagan. Ismining ortiga «sigaret» laqabi qoʻshib aytiladigan zot Oltiariq boʻyicha bittaligidan Poloson ahli gʻururlanib yuradi.

Aytishlaricha, u uxlagan chogʻda, xumorbosdiga is olib turish uchun, sigareti soʻngan mushtukni tishlab yotarkan. Sartarosh uning oʻng yuzidagi soqolni qirayotganida, sigaretni ogʻzining chap tomoniga olib turarkan. Hammomga tushsa, ogʻzidagi sigaretni hoʻl qilmaslik uchun faqat jagʻidan pastini yuvar ekan...

Bir kuni Rahmon-sigaret tomorqasidagi baland yongʻoqning ustiga chiqib meva qoqishni boshlabdi-yu, tuyqus oyogʻi toyib, gursillaganicha yerga yiqilibdi. Uydagilar yugurib borishsa, ilangʻijon ahvolda yotgan odam lab orasidagi oʻchiq sigaretni bir-ikki tortib koʻrib: «Gugurt chaqvoringla-a-r», dermish.

* * *

Oltiariqliklarni quvontiradigani – toʻyda kiydirilgan chopon, qoʻylarini bozorda oʻtmaydigan bodringni olib boqadigan choʻpon, eriga turup opkelishni tayinlaydigan juvon.

* * *

Oltiariqliklarni achchigʻlantiradigani – tish oʻtmaydigan bodom, oshga turup qoʻshib yemaydigan odam, bodring bozoriga yaqin yoʻlamaydigan madam.

* * *

Dovruqli ishbilarmon Hokimnazarbek futbolning ashaddiy ishqibozi, oʻzi qoyilmaqom hujumchilardan. Poloson qishlogʻiga oʻz mablagʻi hisobidan hashamatli stadion ham qurib berdi.

Bir kuni qarasam, qishloq komandasining oʻynovchi treneri Tillamat oqsab yuribdi. Sababini soʻragan edim, kecha besh yarim taym futbol oʻynab, oyogʻimda oyoq qolmadi, dedi. Futbol degani ikki taym oʻynalardi shekilli, desam, u qovoq uyganicha javob qildi:

– Boshqa joylarda shunaqa. Bizda to Hokimnazar gol urmaguncha oʻyin tugamaydi...

* * *

Kun ortiqcha qizib ketsa, shakarqishloqliklar katta gulxan yoqib, tutunning soyasida oʻtirishadi.

* * *

Shirinqishloqliklar yomgʻirda tashqariga chiqmoqchi boʻlsa, boshlariga elak yopib olishadi.

* * *

Abdubannob Oxunjoniy oshnasi Odil Boboiyning uyiga borsa, qovoq-tumshugʻi osilib oʻtirganmish. Boisini soʻragan ekan, Odil aka: «Urishqoq dakang xoʻrozim toʻsatdan oʻlib qoldi», deb munglanibdi. Hozir kelaman, deb chiqib ketgan Abdubannob aka birpasdan soʻng yigirmatacha odamni ortidan ergashtirib qaytibdi. Uy egasining ensasi qotib: «Bular kim?» – deb soʻrasa, Abdubannob aka shunday izoh beribdi:

– Bunisi mulla, bunisi yuvgʻichi, bunisi goʻrkov, qolganlari janozachilar...

* * *

Shakarqishloqdagi maktabning «Tirik burchak»ka ajratilgan xonasida yakshanba kunlari gʻozlaru tovuqlar, qoʻylaru echkilar sotilar emish.

* * *

Shirinqishloqdagi muhtasham bino peshtoqiga: «Bemorlar uchun oʻziga-oʻzi xizmat koʻrsatish kasalxonasi» deb yozib qoʻyilgan deyishadi.

* * *

Toshqoʻrgʻonlik Alivoyni ogʻaynilari yevropachalashtirib, «Edik» deb chaqirishadi. Bu chalkashlikdan taajjublanib: «Nega Alik emas, Edik?»– deb soʻrasangiz, qitmir ulfatlari iljayganlaricha joʻr boʻlib javob qiladilar:

– Laqabi «eshak»-da!

* * *

Oltiariqda eng koʻp uchraydigani – turup sotayotgan Avaz, uzum tashiyotgan «Damas», bodring yuklangan «KamAZ».

* * *

Oltiariqda eng kam uchraydigani – xurmoni choʻqib koʻrmagan joʻja, cheti soʻritoksiz koʻcha, hajga bormagan xoʻja.

* * *

Shakarqishloqlik shirinqishloqlikni savolga tutibdi:

– Ha, qayoqdan?

– Bozordan. Sigirimni sotib, manavi ikkita eshakni oldim.

– Eshaklarni nima qilasan?

– Ularda sigirimga daladan xashak tashiyman.

– Iye! Sigirimni sotdim deyapsan-ku?

– Bir qishga yetadigan xashakni toʻplavolay, keyin eshaklarni sotib, yana sigir olaveraman-da, akasi boʻyidan.

* * *

Oltiariqda eng qadrlanadigani – oilaning ulugʻi, bodringning urugʻi, sandiqdagi «qurugʻi».

* * *

Oltiariqda eng qadrsizi – choʻlning suvsiz arigʻi, bodringlarning sarigʻi, hamyonlarning «origʻi».

* * *

Bozor Egam ikki gapga uch soʻkish qoʻshib ishlatadigan kishi boʻlgani uchun «qantovuz» (qand ogʻiz) degan laqab orttirgan edi.

Yigitligida ota-onasi bir qizga «oq kiyib», fotiha toʻyiga hozirlik koʻrishayotganida, boʻlajak kelinning qarindoshi uni yoʻlda toʻxtatib: «Eshitishimcha, ogʻzingiz pesharoq emish, ukam. Endi sal epaqaga keling, tili yomon erkakka xotin chidamaydi», deb nasihat qilibdi. Shunda Bozor-qantovuz oʻzini zoʻr berib oqlashga tushibdi:

– Toʻgʻri, boʻsh qoʻyilsa, bu onangni emgur til odamni pashshaning chotidan oʻtkazib, burganing lippasidan chiqaradi. Lokin, bizda bunaqa xunasa odat yoʻq... Oʻzi meni sizga qaysi enagʻar yomonladi?

* * *

Shakarqishloqlik bolalar bolarini tutib, qassobga olib borishadi – shuni soʻyib bering, goʻshti sizga, asali bizga, deb.

* * *

Shirinqishloqlik qizaloqlar ovchiga yalinishadi – bu safar bizga baldoq otib keling, deb.

* * *

Shoir Shuhrat ogʻa deputatlikka nomzod boʻlib Oltiariqdagi saylovchilar bilan uchrashuvga borganida, tuman gazetida goh toʻrt-besh qator xabari, goh «zamonabop toʻrtlik»lari bosilib turadigan bir zot unga she’riy daftarini tutqazib, «kamtarona» soʻz qotibdi:

– Meni birov mavlono Asqad Muxtorga qiyoslasa, birov mavlono Maqsud Shayxzodaga oʻxshatadi. She’rlarimga koʻz tashlab, shu masalaga oʻzlari oydinlik kiritib bersalar deganidim.

Shuhrat ogʻa daftarning ayrim joylariga koʻz yugurtib chiqqach, muloyim tarzda piching qilibdi:

– Judayam oʻziga xos shoir ekansiz, taqsir. Yozganlaringizni oʻqib, sizni mavlonolarning birortasigayam oʻxshatmadim.

* * *

Bir shakarqishloqlik «qoʻshnimning buqasi gʻarkoʻz», deb sigirining yuziga chimmat tutib qoʻygan ekan.

* * *

Bir shirinqishloqlik yangi tugʻilgan xoʻtikchasiga «Tugʻilish guvohnomasi» olmoqchi boʻlib, tegishli mahkamaga borgan ekan.

* * *

Qoʻshnimiz Toʻravoy togʻa halol, haqiqatchi, ayni chogʻda, choʻrtkesar, soʻzi qoʻpol kishi edi. Oʻzidan kattaroqlarni hisobga olmaganda, hammani birdek sensi-rardi.

Toʻravoy togʻa kolxozda brigadirligida uning qoʻlida koʻp vaqt ishlagan Husanboy-tuyadan shunday bir ta’rifni eshitgan edim:

– Toʻravoy aka tushmagur odamlar ishlayotgan joyga borib qolsa, «hormanglar» desam ham sizlaganga oʻtishi mumkin deb, «horma hammang», der edi.

* * *

Oltiariqliklar boshqa joylardan kelin olmaslikka urinishadi – bodring oʻstirishni bilmaydi, deb.

* * *

Oltiariqliklar chetga qiz uzatmaslikka tirishadilar – ertangi bodring yetishtirish sirlari boshqa joylargayam tarqalmasin, deb.

* * *

Oltiariqni eng uzoq muddat boshqarganlar qatorida turuvchi Noʻ‘monjon aka qoʻl ostidagi xodimlaridan biri xotini bilan ajrashmoqchi boʻlayotganini eshitib, uni qattiq tergab beribdi. Yuragi taka-puka boʻlgan xodim: «Ochigʻini aytsam, xotinni butunlay qoʻyvorish niyatim yoʻq, u la’natiga bildirmasdan boshqasi bilan shunchaki nikohdan oʻtib, tinchroq yashasammikin devdim», deya chuchmallanibdi.

– Kalta oʻylama, kallavaram! – deb jerkibdi Noʻmonjon aka. – Bitta bodringchi erkakka ikkita bodringxoʻr xotin koʻplik qiladi.

Bu tanbeh gʻirt oltiariqcha boʻlgani bois, xomtama «kuyovtoʻra» oʻsha zahotiyoq niyatidan qaytgan ekan.

* * *

– Oltiariqliklar asosan nima bilan shugʻullanishadi?

– Suvni semirtirib, yozda bodring, qishda turup deb sotishadi.

* * *

– Oltiariqda nega yoʻlbarslar yashamaydi?

– Bodringni chumchuqdan qoʻrishni hozircha mushuklar bemalol eplab turishibdi.

* * *

Said Ahmad domla oltiariqlik Mamatoji togʻa bilan juda qalin edi. Bir gal Oltiariqqa borganida, Mamatoji togʻa safarda yurgani bois, oʻgʻli Qodirjon akanikida mehmon boʻldi.

Oʻtirishdagilardan biri qaysidir hasadgoʻy, igʻvogar kimsa haqida gapirib: «Bunaqa odamlarni itday kaltaklab, esini kiritish kerakmikin», deb gʻijindi. Qodirjon akaning turli xayriyalarga tez-tez bosh qoʻshib turishi, koʻpgina savobli ishlarga homiylik qilib kelayotganini yaxshi bilgan Said Ahmad domla oʻsha kuyunchak yigitga qarab dedi:

– Aytayotgan odamingizni oʻzingiz doʻpposlab qoʻyaqoling, inim. Ana, Qodirjon homiy boʻladi.

* * *

– Shakarqishloq oʻz kinoxonasi bormi?

– Doʻqivoy tajang xotinini quvib kelib, qishloqning qaerda tutsa, oʻsha yer kinoxona.

* * *

– qahvaxona Shirinqishloqning qaysi tarafida?

– oʻlja piyonning «maskanim mayxonada» degan xirgoyisi qayoqdan eshitilsa, oʻsha yoqda.

* * *

Mozortagilik Abdurahmon goʻrkov juda qiziq kishi edi. qishloqda soatiga bitta oʻlik chiqayotgandek, doimo shoshib yurardi. Sovuq hazillari turli gurunglarda hanuz latifa boʻlib yashamoqda.

Yoʻlda tanishlar uchrab qolsa, Abdurahmon togʻa apil-tapil koʻrishib, ikkala qoʻlini koʻksiga bosganicha orqaga tisarilardi va ship etib gʻoyib boʻlishdan oldin: «Boʻpti... Kutaman!» – deb qoʻyardi.

* * *

– Shakarqishloq bilan Shirinqishloqdagi ayollarning musiqaga havasi qalay?

– Juda baland! Bulari chirmandani «takatumgʻalvir» deb, ulari tanburni «dingʻirchoʻmich» deb e’zozlashadi.

* * *

– Erkaklarning Shakarqishloq yoki Shirinqishloqdan ekanligini qanday ajratish mumkin?

– Nos soʻrasangiz, shakarqishloqlik oʻzini karlikka solib turaveradi, shirinqishloqlik shunchaki eshitmagandek boʻlib oʻtib ketadi.

* * *

Oltiariqdagi kabobchilarning eng totliqoʻli rahmatli Malik aka edi. Pazandaligining sirini bilmoqchi boʻlganlarga: «Hamma gap zira-zirvakni me’yorida qoʻshib, goʻshtning soʻliga yaxshilab singdirishda», derdi-yu, soʻzga nuqta qoʻyardi.

Malik akaning ichkilikka mayli kuchliroq edi, masalligʻni tayyorlab bergach, ertalabdanoq «otib» olib, lola-lola boʻlganicha bir chetda suzilib oʻtiraverar, qolgan ishni oʻspirin oʻgʻli bajarardi. Ishgayam, gapgayam chechan boʻlgan oʻgʻil esa, koʻradagi kabobni yelpiyotib, oʻtgan-ketganga qitmirona qichqirib qoʻyardi:

– Kepqoling! Kabob ham tayyor, dadam ham tayyor!

* * *

– Oltiariqdan qachon fazogir chiqadi?

– Boshqa bir sayyorada turup bozori borligi ma’lum boʻlganida.

* * *

– Oltiariq Oʻzbekistonning poytaxti boʻlishi mumkinmi?

– Bu qisman bor gap. Bodring pishguncha Oltiariq Fargʻona viloyatiga boʻysunadi. Bodring pishgandan keyin, butun respublika Oltiariqqa qarab qoladi.

* * *

Oltiariqlikni savolga tutishibdi:

– Turupni yetishtirish osonroqmi, bodringnimi?

Oltiariqlik sirli suzilib, javob qilibdi:

– Yuk ortilgan tuyadan «barxanda tepaga chiqish osonmi, pastga tushishmi», deb soʻrashibdi. Shunda tuya «tepaga chiqishniyam enasini oʻpay, pastga tushishniyam», degan ekan. Hm... mana shunaqa...