OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiOltin vasvasasi (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oltin vasvasasi (hajviya)
Anvar Obidjon

«
Ne’mat Aminovning latifasidan ilhomlandik.
»

– Otasi, tushlikka nima qilay?

– I, i! – bir seskanib tushib, xotiniga olayib boqdi Alirafiq. – Kechagi mastavoni ityaloqqa toʻkvordingmi? He, uvoliga qolgur!

– Ana, turibdi mastavongiz... bir kosa chiqib-chiqmaydigan.

– Ichiga qattiq non boʻktirib isitsang, ikkalamizgayam yetadi. Bor!

Xotin qoshini zardali chimirib qoʻyib, eshik sari yurdi. Soʻng toʻxtab, yana oʻgirildi:

– Katta tanaffus boʻlsa, hademay Muzrobingiz ham jalanglab kepqolsa-chi?

Alirafiqning lab-lunji asabiy pirpirab, qisilgan koʻzlarida gʻazab yalinlandi:

– Dadasining roʻzgʻorini alohida qilganimga uch yildan oshsayam, bolasidan qutulmadim. Bizga oʻxshamadi shu nevarang, mechkay qudangga tortdi. Maktabida davlat tekin ovqat berib turibdi, shunga qanoat qilmaydi-ya. Uni sen taltaytirgansan. Bir toʻgʻram non bilan besh-ol... uch-toʻrtta turshak bersang, yetib ortadi. Bola toʻyganini bilmaydi. Oʻzi-ku bittagina nevarang bor, shuniyam boʻktirib oʻldirmagin, noporso.

Qoqmoch nonga shimitilgan mastavoning shifobaxshlik xususiyatlarini xotiniga uqtirib-uqtirib ovqatlanish Alirafiqqa nasib etmadi. Bozordagi pattachi oshnasi Qorabolta yetilgan novvosni eslatuvchi shopmoʻylovu kavushburun kimsani ergashtirib kelib qoldi. Salom-alikdan soʻng mehmonni tanishtirdi:

– Bu kishi shaharlik kelinimning togʻasi. Otlari Oʻzganboy. Shaharga kiraverishdagi boloxonali choyxonani sotvolib, yonboshiga doʻkon ham quryaptilar.

– Juda yaxshi-da, juda savob ish boʻpti-da, – deya mehmon bilan qaytadan quchoqlashib koʻrishdi Alirafiq.– Bundan buyon, oʻtgan-ketganda, oʻzlarini ziyorat qipturarkanmiz-da, a?

– Bemalol, – bagʻbaqalari uzra yoyilgan moʻylovini tartibga solaturib javob qildi Oʻzganboy. – Hozircha yerimiz roʻslarniki, oshimiz doʻstlarniki, deganakan Madaminbek.

Alirafiq maxsus hujra kalitini xotinining changaliga qistirgach, dasturxon tansiq taomlar koʻrgazmasiga aylandi. Mehmon qoʻl choʻzgan narsa borki, mezbon shu zahoti uning ta’rifini keltira boshlar, «bahuzur» deya koʻksiga kaft bosar, ora-sira oʻzi ham u-bu ne’matga shunchaki qoʻl urgan boʻlib, «tavoze bilan ovqatlanishda mendan oʻrnak ol», degandek, Qoraboltaga namunavor qarab qoʻyardi.

Oʻzganboy esa, oxurning oldida turgan boʻrdoqining ishini qilaverdi. Dasturxonning mehmon oʻtirgan tarafida pistayu bodom, olmayu anor poʻchoqlari, oʻrigu shaftoli, gilosu gʻaynoli danaklari, uzumu tarvuz urugʻlari, behiyu nok qoldiqlaridan yangi «Oloy togʻ tizmasi» paydo boʻla bordi. Alirafiqning ichidan ichqirindi oʻtayotganini his etgan Qorabolta qondoshiga asta qochiriq qildi:

– Shu meva-cheva qurgʻurni yegan saring yeging keladi-yu, odamning sovugʻini oshirib yuborishi chatoq-da.

– Ha, ketidan chaplamasini qilmasangiz, soʻlakogʻiz boʻpqolasiz. Chaplamada gap koʻp, quda. Mana, masalan, asal...

Mehmon u yogʻini aytib oʻtirmay, asalli piyolani olib, qoshiqchada sura-sura simirishga tushdi. Yuqiga choy quyib ichdi.

– Bahuzur, bahuzur, – deya kaftini koʻksiga bosdi Alirafiq. – Jizzaxlik bir ulfatimiz opkeluvdi. Nimay-chun tusi oq desam, yantoqning gulidan olingani shunaqa boʻladi, deydi.

Oʻzganboy asalni tinchitgach, qaziga qoʻl choʻzdi. Toʻrtta parrakni ustma-ust taxlab, birvarakay lunjiga tiqdi.

– Bahuzur, – dedi Alirafiq tovushi qaltirab. – Har yili shundan oʻttiz-qirqini erinmasdan Jallavotdan opkelaman. Ishonchli tanishlar bor.

– Toʻgʻri qilasiz, – ma’qullab bosh irgʻadi mehmon. – Bizdagilarni hasibdan farqi yoʻq. Menam chimkentlik qadrdonlardan opkelaman, – keyin, miyigʻida irjaygancha kiborlandi. – Ha endi biz, bachkanalanib oʻtirmay, bir olganda, yuzta-yuztalab olamiz. Bir tomoni – choyxonamizdagi mijozlar, u tomonini soʻrasangiz – baland kursilarni koʻrgan odammiz. Xonadonimizdan haliyam kazo-kazolarning qadami arimaydi.

Mehmonning mijozisitar chaplamasi yongʻoq-mayizlar zaxirasini gʻorat qilish ila nihoyasiga yetgandek tuyulgan edi. Piyoladagi qaymoqning pok-pokiza eplashtirilishi tushunarsiz hol boʻldi.

Nihoyat, Oʻzganboy biqiniga yostiq surib, vishillaganicha yonboshladi. Qaynoqroq choy soʻradi. Mezbonning ta’riflashicha, ukasi Pokiston safaridan olib kelgan «sultonchoy»ning ikkinchi piyolasini gʻoʻlqillatayotgan mahalda qornidan momaguldirakka oʻxshash tovushlar tarala boshladi-yu, besaramjonlanib oʻrnidan turdi.

– Xizmat boʻlmasa, bizga obdasta hozirlasalar, – deb qattiq kekirdi u. – Bahonada, tomorqaniyam bir tomosha qilaylik.

Qudalar tomorqa tarafga oʻtib, devorlar yoqalab ekilgan mevali daraxtlarning daromadini chamalab ulgurmaslaridan, iliq suv quyilgan obdastani koʻtarib Alirafiq kirib keldi.

Oʻzganboy obdastani oliboq, joyidan qoʻzgʻaldi. Nariroqda toʻxtab, olchadan choʻp sindirib, doʻppining chetiga guldek qistirdi-da, yoʻlida davom etdi. Bundan bir taajjublangan Alirafiq mehmon, hojatxona bu yoqda qolib, qiygʻos dumbullagan makkapoyaning ichiga kirib ketganini koʻrib, ikki taajjublandi.

– Qudangizni shaharlik desam, asli dashtliklardan shekilli? – piching qilib tirjaydi u.

– Iyq, gʻi-gʻi-gʻiy, – oʻziga xos yelka silkitib kuldi Qorabolta. – Tilla tishlaridan bittasi ilkillabroq qolgan ekan, kecha shavlaga qoʻshib yutvoribdi...

Alirafiq viqor bilan suzildi:

– Shunga shunchami? Biz tilla taqinchoqlardan qanchasini undaqaroq boʻtakoʻzlarga sepib keldik. Qudangizning gapi osmonda-yu, qilgan ishini koʻrib...

Qaysidir qoʻshni televizoʻrining ovozini balandlatib, urush kino koʻrayotgan boʻlsa kerak, tomorqa etagi tarafdan talatoʻp tovushlar yangray ketdi. Avvaliga, oʻziyurar ogʻir zambaraklar uzuq-yuluq gumbirladi, keyin pulemyot va avtomatlar biri qoʻyib, biri sayrashga tushdi.

U yoqda urush kino tugayverdi, bu yoqdan mehmon ham holdan toygan jangchidek makkapoya ichidan chiqib keldi. Boʻsh obdastani tajanglangan siyoqda chetga otib, artizonda sovunlab qoʻl yuvdi.

– Daragi chiqdimi? – unga yaqin borib gʻudrandi Qorabolta.

Oʻzganboy Alirafiq tomonga olazarak qarab qoʻyib, qudasiga oʻqraydi. Topolmadim degan ma’noda bosh tebratib, shivirladi:

– Oʻchakishganday, koʻzoynagim mehmonxonangizda qolib ketibdi.

Uchalasi yana ichkariga kirishdi. Palovxoʻrlik chogʻida mehmon maqsadga oʻtib, Alirafiqning dilidagi xijillikni yozdi. Bundan bir oy oldin ellik qop devzira guruchni koʻtarasiga olib, melisalarning garajiga bosib qoʻyganidi, shunga xaridor boʻlib kelganakan. Bir qaynashib, ikki chaynashib, oxiri bahosini kelishib olishdi.

Alirafiq mehmonlarni kuzatiboq, bir emas, ikkita obdastaga suv toʻldirib, tomorqa tomonga oshiqdi. Qoʻylarga xashak solayotgan xotinda Alirafiqning boyagi holati takrorlandi: qoʻshaloq obdastadan bir taajjublangan boʻlsa, eri yoʻl-yoʻlakay olchadan choʻp sindirib doʻppisiga qistirganidan ikki, bora solib makkazorga shoʻngʻiganidan uch taajjublandi.

Uzoq vaqtgacha Alirafiqdan darak boʻlmadi. Qosh qoraya boshlab, xotini kechki ovqatga chorlagandan keyin ham, oradan bir soatcha oʻtib, tumtaygan alfozda tashqariga chiqdi.

– Voy, maraz-ey! Voy, kalamush-ey! – deya oʻzicha bidirladi u. – Erinmasdan puxtalab koʻmganini qarang. Na izini topasan, na isini.

– Makkalarni obdastalab sugʻordingizmi, otasi? – eridan gap olish umidida ehtiyotlik bilan soʻzladi xotin.

– E, bor, tuppangga oʻt qala!

Oʻylana-oʻylana, koʻngli kemtiklanganicha allamahalda zoʻrgʻa koʻzi ilingan Alirafiq, ilk saharda darvoza taqillashidan erinib uygʻondi. Turib borib, darvozani ochdi. Ochdi-yu, koʻm-koʻk «Neksiya»ning yonida tirjaymalanib turgan Oʻzganboyni koʻrib, yuragi oʻpkasiga chaplandi.

– Yana diydor koʻrishish nasib etganini qarang, – bez boʻlib soʻz qotdi Oʻzganboy. – Qoraboltanikidan shoshib chiqib kelaveribmiz. Bir chaqirim yurmasdanoq, shunaqangi pishiqdimki... Bur Alirafiq oshnamnikiga, dedim.

– Ja yaxshi boʻpti-da, – qulluq qildi mezbon. – Bahuzur, mehmon, bahuzur.

Bir qoʻlida tayyor choʻp va koʻzoynak ushlab olgan Oʻzganboyga yana suv ilitib berildi. U obdastani koʻtarib tomorqaga oʻtgach, oʻzini tagʻin makkalarning orasiga urdi. Birpasdan keyin «uchir, uchir, qushingni uchir, bizga qarab qoshingni uchir» laparini dimogʻida xirgoyilaganicha qaytib chiqdi. Qoraboltaga qiya boqib, hammasi joyida degandek koʻz qisdi. Artizonning oldiga borib, qoʻlini sovunlab yuvarkan, Alirafiqqa yuzlanib, labining burchagida masxaraomuz iljaydi:

– Tovugʻingiz koʻpmi deyman, Alirafiq?

– Tovuq boqmayman, – oqduvoldek gezardi Alirafiq.– Nimaydi?

– Aytaman-da, – Qoraboltaga sirli qarab qoʻyib, mezbonga egovlandi Oʻzganboy. – Makkazorning titkilanmagan joyi qolmabdi. Yo qoʻshni-poʻshnining tovuqlari oraladimikin? Labbay?

Alirafiqning rangi endi birdan koʻkish tus oldi. Qorabolta «Iyq, gʻi-gʻi-gʻiy» qilib kulishga tushdi.

1997