OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiOltin yurakli avtobola (qissa va hikoyalar)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Kitoblar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
NashriyotТошкент, Ўзбекистон ЛКСМ Марказий Комитети, «Ёш гвардия» нашриёти, 1988
Hajm234KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/10/12
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


Nashr belgilari
Чўпчак қисса, ҳикоялар


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Mundarija

Logo.png





Oltin yurakli avtobola (qissa va hikoyalar)
Anvar Obidjon

Oltin Yurakli Avtobola (Choʻpchak Qissa)

Sehrli sartaroshxona

Ajdodlarimizning donishmandligidan faxrlanib yuruvchi oʻqimishli bolalar yaxshi bilishadi – Sherdor madrasasini tiklashga oʻn ikki yil, dunyoda qiyosi yoʻq Oqsaroyni bitkazishga qariyb chorak asr vaqt sarflangan. Peshtoqiga «Qaychi xola» deb yozib qoʻyilgan yogʻoch doʻkoncha esa, shahrimizning qoq oʻrtasida bir kechadayoq paydo boʻldi-qoldi.

Xoʻsh, nima qipti, dersiz. Gap shundaki, oʻsha doʻkoncha qurilmaganda, ushbu qissa ham bitilmagan boʻlardi.

Xullas, usta Toshmat degan tinib-tinchimagur chol nafaqaga chiqqanidan soʻng uyda uymalanishdan zerikib, bolalar uchun sartaroshxona ochdi. Balki, bunaqa maxsus sartaroshxona jahonda yakkayu yagonadir-u, olamshumul yangilik yaratganidan cholning oʻzi ham bexabar yurgandir.

Sartaroshxona bolalarniki boʻlishiga qaramay, u yerdan na qiy-chuv, na araz-duraz, na yigʻi-sigʻi eshitilar, tabiiyki bu hol oʻtkinchilarni taajjubga solar edi. Hatto ilgarilari ustaning qoʻlidagi moʻykesarni temir yalmogʻiz deb oʻylaydigan kenja oʻgʻlim ham endi miq etmay oʻtirib soch oldiradigan boʻldi.

Buning sababi bor. Usta Toshmat juda koʻp ertaklarni bilar, «Avazxon», «Kuntugʻmish», «Goʻroʻgʻli» singari dostonlarni yoddan aytar, «mish-mish» gaplarga oʻxshab ketuvchi sirli voqealarni hayajonli tarzda hikoya qilib berardi. Bunaqa vaqtda bolalardan tortib, mittivoylarni yetaklab kelgan ota-onalargacha navbat kutib zerikishmas, ayrimlar soch oldirib boʻlganidan keyin ham usta buvaning soʻzi tugashini poylab, ketolmay turishardi.

Buniyam oʻsha sartaroshdan eshitganman. Boʻlib oʻtgan ishlarga oz-moz qoʻshib-chatib gapirganmi, Marchello bilan Gabriella ertagiga qiyosan oʻzi ichidan toʻqiganmi, aniq bir narsa deyishim qiyin. Umuman, buning unchalik ahamiyati ham yoʻq. Biz uchun muhimi shuki, bu juda qiziq voqea.

* * *

Shahrimiz oʻzining ulugʻvorligi bilan emas, koʻrkam va sarishtaligi tufayli ogʻizga tushgan. Bir-birini shaxmat kataklariday kesib oʻtuvchi ravon koʻchalari ulkan chinorlarning tarvaqaylagan shoxlari ostiga koʻmilib yotadi. Markazdagi oʻrmonsimon boqqa kirsangiz, yurtimizda oʻstiriladigan gullardan istalgan namunani topishingiz mumkin. Bogʻ yonidan oqib oʻtadigan soyning uloqchi suvi saratonda ham tishingizni qaqshatadi. Shahar shimol yoqdan yaydoq dashtga borib taqalsa, gʻarbi – togʻ etaklariga, sharq tarafi chuchmoma-yu yakkam-dukkam giyohlargina oʻsadigan sertosh adirlarga tutashgan. Janubiy qismini esa oʻrkachdor yaylovlar, buloqlarga boy chakalakzorlar tashkil etadi.

Adirga yondosh tomondagi chakalakzor tepasidan oʻtuvchi soyning shahobchasi hisoblanmish kichik anhor yoqasida baland tosh devor bilan qurshalgan moʻjazgina qoʻrgʻon bor. Bu qoʻrgʻon bir davrlarda paxtachi boyning chorbogʻi boʻlgan ekan.

Aytishlaricha, paxtachi boy hokimiyat «qizillar» qoʻliga oʻtgandan keyin bor bisotini tuyalarga ortibdi-yu, toʻngʻich xotini va bolalarini ergashtirib, uzoq yurtga bosh olib ketibdi. Kenja xotini qattiq shamollashdan betob yotgani sababli olti oylik oʻgʻli Bekxoʻja bilan shaharda qolibdi. Boyning paxta zavodi, dangʻillama uylari, qolgan-qutgan mol-mulki davlat tomonidan musodara qilingan boʻlsa-da, shahar chetidagi kichik chorbogʻi kenja xotiniga xatlab berilibdi.

Bekxoʻjaning onasi savodxon ayol boʻlib, hamma uni Otin bibi deb atardi. Otin bibi oʻgʻlini bilimdon, tadbirkor, soʻzamol qilib tarbiyalay boshladi. Bekxoʻja yoshi yetib maktabga tortilgach, dunyoviy ilmlarni egallashda ham zoʻr ishtiyoq koʻrsatib, e’tibor qozondi.

Lekin, hayotda tasodif koʻp. Bekxoʻja oʻn toʻrt yoshga qadam qoʻyganida toʻsatdan shol boʻlib qoldi. Shundan keyin Gʻani zargar degan togʻasi uni tarbiyasiga olib, tirikchilikka yarab turar degan maqsadda oʻz kasbini oʻrgata boshladi. Zehni oʻtkir Bekxoʻja toʻrt-besh yildayoq zargarlikda togʻasidan ham oʻtib ketdi, yasagan taqinchoqlarining ta’rifi butun shaharga yoyildi.

Oʻgʻlining ishlari rivoj topayotganidan Otin bibi qanchalar quvonmasin, baribir koʻnglining bir chekkasi doimo xijil yurardi. Ayniqsa, qarindosh-urugʻlari toʻy-hashamga aytganida, kelin koʻrdiga borganida mungʻayib qolar edi.

Keyinchalik bir dardi ikki boʻldi. Bekxoʻja tunlari oldiga keladigan qandaydir shubhali kimsalar bilan gohida sahargacha gurunglashadigan qiliq chiqardi.

Otin bibi sil kasalligidan vafot etgach, shahar chetidagi osoyishta chorbogʻ Koʻrshapalak laqabli mashhur qulfbuzar toʻdasining bosh maslahatxonasiga, paxtachi boy qurdirgan sirli yertoʻlalar oʻgʻirlangan mol saqlanadigan omborlarga aylandi.

Ishlar yurishib turgan bir pallada Gʻani zargar yashirincha tilla sotayotib qoʻlga tushib qoldi. Qariyaning salgina tildan toyishi butun toʻdaning fosh etilishi degan gap edi. Shundayin ham bir choʻqib, yetti alanglab yashayotgan Bekxoʻja bu voqeadan soʻng butkul oromini yoʻqotdi. Qanday boʻlmasin, Gʻani zargarni qamoqdan qutqarib olish lozim edi. Lekin, qanday qilib? Qaysi kalit bilan?

Kalitning daragi mutlaqo kutilmagan joydan chiqdi. Bekxoʻja bir kuni yangi gazetlarni apil-tapil koʻzdan kechirayotib sobiq sinfdoshi, endilikda dovrugʻdor olim Kamol Kamtariy haqidagi maqolani oʻqib qoldi-yu, yarasiga malham topilgandek sevinib ketdi.

– Avvalroq esimga kelmaganini qarang-a, – deya qoʻllarini bir-biriga ishqab qoʻydi u. – Mana, kalitniyam topdik hisob. Endi bahosini insof bilan chamalab koʻraylik.

Pismiq zargar

Kamol navbatdagi tabriknomani ochib, odatiga koʻra oldin imzoga koʻz tashladi: «Bekxoʻja». Kim boʻldi bu?

Uzoq oʻylanib oʻtirmay, xatni oʻqiy boshladi.

«Azizginam Kamol! Texnika fanlari nomzodi unvonini olganing bilan chin yurakdan tabriklayman. Martabang bundan ham ulugʻ boʻlaversin, biz faxrlanib yuraveraylik.

Koʻrishmaganimizgayam ancha boʻldi. Dam olish kuni qittak fursat topib, biz gʻariblardan hol-ahvol soʻrab oʻtsang, boshim osmonga yetardi. Harqalay, chorbogʻimni unutmagandirsan?

Hozircha xayr. Seni sogʻinib kutuvchi:

Bekxoʻja».

Xatni oʻqib boʻlib, muallifning kimligi nihoyat yodiga tushdi-yu, lov etib yuziga qon tepdi. Kamol yoshligida dimogʻdor Bekxoʻja bilan hech qachon yaqin tutinmagandi. Shunga qaramay, nogiron boʻlib qolgan maktabdoshini kiroyi odamgarchilik yuzasidan yoʻqlab qoʻyish biron marta esiga kelmaganidan uyalib ketdi, doʻngalak peshanasini kaltabaqay barmoqlariga tiraganicha xayolga choʻmdi...

Kamol muallimlardan kamdan-kam tanbeh eshitardi. Oʻsha kuni tarix oʻqituvchisi uni tergab qoldi:

– Oxirgi vaqtlarda susayib ketyapsan. Oʻz yurtining tarixini bilmaslik... bu endi...

– Bunga matematika boʻlsa bas.

– Sendan soʻrayotganim yoʻq, Bekxoʻja! Hm... xullas, endi yosh bola emassan, Kamol. Muqannani Torobiy bilan adashtirib oʻtiribsan-a.

– Qoʻyib bersangiz, bu afandim Jaloliddinni Qoʻqon xoni boʻlgan deyishdanam toymaydi.

– Bekxoʻja! Jim tur deyapman!

– Toʻgʻri-da, – baribir tiyilmadi Bekxoʻja. – Kallavaramligini betiga aytib qoʻyish kerak.

Endi Kamolning ham sabri tugadi.

– Ogʻzingni yumib oʻtir, sarqit!

Dars tugab, uyga qaytishayotgan chogʻda ortdan Bekxoʻjaning: «Hoʻ, yalangoyoq!» degan tovushi eshitildi. Bu gapning goʻyo unga aloqasi yoʻqdek, indamay yoʻlida davom etayotgan Kamol, «yurak bormi oʻzi», deya ikkinchi marta murojaat qilingandan keyin nomus kuchi toʻxtab, ortga oʻgirildi. Bekxoʻja kela solib, hech bir «muqaddima»siz uning koʻkragiga kalla qoʻydi. Kutilmagan zarbadan yumalab tushgan Kamol oʻzini oʻnglab ulgurmay, Bekxoʻja uning ustiga minib olib, ayovsiz doʻpposlay ketdi...

Oynavand ayvon ichida zirillab yurgan chumakari «chars-churs» qilganicha oʻzini u derazadan bu derazaga ura boshladi.

– Kallavaram deb anavini aytsa boʻladi, – qoʻlidagi xatni biqqi kursi yonidagi tokchaga qoʻyarkan, ariga tikilib miyigʻida jilmaydi Kamol. – Qaytay desa, oʻzi kelgan yoʻlni oʻzi topolmay sarson.

* * *

Bekxoʻjaning tap-taqir boshga sholchadoʻppi kiygan shaxsiy xizmatchisi dasturxonni bir zumda tansiq ne’matlarga toʻldirib tashladi. Sobiq sinfdoshlarning suhbati tezda qizib ketdi.

Zargarning mehmonxonasi aralash mollar doʻkonini eslatardi. Eshikning chap biqinida tizilgan past-baland naqshindor javonlar tokchasidagi chinni-yu billur, kumush-u tilla idish-buyumlar marjondor qandil nurini qaytarib, koʻzni qamashtirayotgandi. Oyoq ostiga toʻshalgan momiq turkman gilamlarining eng chiroylisi toʻridagi devorni yoppa egallab turar, uning u yer-bu yeriga qadimiy qurol-yarogʻlar did bilan ilib qoʻyilgandi. Eshikning qarshi tomonidagi baxmal pardali derazalarda boʻychan xitoyi koʻzalar. Poygakdagi yogʻoch taxmon esa kitoblar bilan liq toʻla. Ularning talay qismi «noyob»lardan ekanini Kamol bir qarashdayoq sezib ulgurdi.

Oʻhoʻ! Yusuf xos Xojibdan tortib Spenser-u Gegelgacha! Hozirgi baldoqfurushlar bilan ham hazillashib boʻlmaydi shekilli?

Hm... pastga koʻndalang taxlanganlari... Bular eskicha kitoblar boʻlsa kerak.

Kamol zeb-hashamlarni alohida diqqat bilan koʻzdan kechirayotganini sezib, Bekxoʻjaning koʻkragi kerildi.

– Bular shunchaki yupanchga oʻxshagan narsalar, – deya magʻrur qoʻl siltab qoʻydi u. – Toʻrt muchang sogʻ ekan, oʻttiz yoshda el ogʻziga tushding. Men kandikka biqinvolib, sirgʻa-uzuk «kashf» qilib yotibman.

«Toʻrt muchang sogʻ...» degan gapning tagida, «agar nogiron boʻmasam, dovrugʻ solish nimaligini koʻrsatib qoʻyardim», qabilidagi ta’na yashiringanini anglagan Kamol bir lahza oʻngʻaysizlanib qoldi.

– Ie, ayollarimizni chiroyli qilib koʻrsatish mayda ish boʻptimi? – mezbonning koʻnglini koʻtarishga tirishdi u. – Buniyam jamiyatga nafi katta.

Bekxoʻja yuzaga kelgan har qanday qulay vaziyatdan ustalik bilan foydalana bilardi. Bu safar ham shunday qildi.

– Odamni juda quvontirib yubording, – dedi u ortidagi javonga uzalganicha gʻaladonni tortayotib. Gʻaladondan duxoba quticha olib, uni Kamolning oldiga surdi. –

Gaplaring rost boʻlsa, jamiyatga yana bir marta foyda keltirishimga toʻsqinlik qilma.

Kamol qutichani qoʻliga olib, asta qopqogʻini ochdi. Unda bir juft tilla baldoq va yoqut koʻzli uzuk charaqlab turganini koʻrib, ikkilangan siyoqda zargarga yuzlandi.

– Xijolatpazlikni yigʻishtirib qoʻy, azizginam, – arvoh rolida oʻynayotgan artistdek qat'iy va dona-dona soʻzladi Bekxoʻja. – Bular menga dehqonchilikdek gap.

– Axir...

– Oʻzingga oro berishga vaqt topmayotgan ekansan, loaqal xotiningga parvo qiptursang yomon boʻlmasdi.

Bekxoʻja yosh olimning tartibsiz toʻzgʻib turgan sochlari, egnidagi odmigina kostyumiga istehzoli koʻz yugurtib chiqqach, «erib turganimda opqolsang-chi», degan ma’noda kiprik qoqib, muloyim jilmaydi.

Kamol favqulodda oʻtkir did bilan yasalgan taqinchoqlarni qiziqib koʻzdan kechirarkan, ora-sira zargarga sinovchan koʻz tashlab qoʻyar, Bekxoʻja yuziga samimiy tus berishga urinib, unga jim tikilib turardi.

« – Qanchalar bebaho boʻlmasin, bu dahmazalar baribir meni butunlay rom qilolmaydi, – derdi goʻyo Kamol. – Saxovatli tabiat menga gʻayrat va iste’dod shavqini berdi. Yana nima kerak?».

« – Shoʻring qursin, shippaksiz Aristotel, – deb javob qilayotganga oʻxshardi Bekxoʻja. – Bilmaysanki, ayni paytda mislsiz zahmat, bir umr oʻz-oʻzidan qoniqmaslik azobiga mahkum etilgansan».

« – Tabiat menga zehn va idrok berdi, bu bilan olam qalbini tinglay olishdek ulkan saodat in'om etdi. Yana nima kerak?».

« – Bilmaysanki, ayni paytda oʻsha dardmand olamning dod-faryodlariga parvosiz boqishdek cheksiz halovatdan mahrum qilingansan... Ha, tabiatda adolat bor, tarozining posangisini doim teng ushlaydi. Birovni nimalargadir yolchitgan ekan, shak-shubha yoʻqki, nimadandir kamsitadi ham».

« – Shaxsan men na kecha, na bugun biron-bir narsadan kamsitilganimni sezmaganman».

« – Biz gʻofillar turmushga oʻzimizga oʻng turgan tomondan qarab oʻrganganmiz. Sen oʻzingga oʻxshagan xayolparastlarning olqishidan sarxushlangan chogʻingda allaqachon choʻntakni qappaytirib ulgurgan uddaburonlar orqangdan bearmon mazax qilishayotganini sezmaysan. Mening ahvolim, balki, buning aksidir. Lekin, nima boʻlgandayam, ustunlik baribir men tarafda – menda pul bor. Pul kishining hamma nuqsonini yashiradi: nodonni donodan hurmatliroq qiladi, nimjonni polvon ustidan hukmron etadi, sichqonni qoplonga aylantiradi. Bilimda bunaqa imtiyoz yoʻq, aqalli kamxarjligingniyam begona koʻzdan berkitolmaydi».

« – Nahotki, kamxarjlikni nuqson deb oʻylasang?»

« – Har holda, u fazilat ham emas. Shunday ekan, kaftingda omonat turgan oʻljani mahkamroq changallashning payida boʻl. Tirikchilik bozori shunchalar ur-toʻpolonki, qoʻldan tushirgan narsangni qaytib topolmaysan. Ol, olaver, birinchisi odatda qiyinroq boʻladi, keyin binoyidek koʻnikib ketasan...».

Hatto raqiblar iste’dodini ham tan olib, qadrlab oʻrgangan Kamol ustasi farang zargarning mahoratiga tahsin oʻqigandek hayratomuz bosh tebratib, qutichaning qopqogʻini yopdi. Uni stol chetiga qoʻyarkan, nima deyishni bilmay, biroz paysallanib qoldi. Chamasi, oʻta saxovatpesha mezbonning qoʻlini dilga ogʻir botmaydiganroq tarzda qaytarish chorasini izlar, durustroq bahona esa hadeganda kallasiga kelmayotgan edi.

Sovgʻa koʻlankasidagi jodu

Garchi Bekxoʻja xotirjam koʻrinsa-da, aslida nigohini oʻqdek qadab, Kamolning qiyofasidagi har bir oʻzgarishni ziyrak kuzatib oʻtirardi. Uning ingichka qoshiga rangdosh timqora koʻzlari qadimiy sharqona suratlardagidek qiyiq va jozibali edi. Bir qarashda bu koʻzlar egasi biron-bir kimsaga ozor yetkazishi mumkin emasdek tuyulardi.

– Dehqonchiligim koʻnglingga oʻtirmadi shekilli? – deya qisqa jimlikni buzib, afsusnamo ohangda gap tashladi Bekxoʻja.

– Aksincha... – bu gal ham uning koʻnglini koʻtarishga tirishdi Kamol. – Qoʻling gul ekan, tan berdim.

– Senki tan bergan ekansan, endi kelin haqida gap-soʻz yoʻq...

– Ming attang! – kulimsirab boqdi Kamol. – Xotinim bu masalada juda qoloq. Zeb-ziynat desang, qirq qadam naryoqdan aylanib oʻtadi. Yurist xalqi ham oddiy, ham jiddiy boʻlishi kerakmish.

Bekxoʻja uning oilaviy tomoni haqida hech narsa bilmaydigandek, oʻzini taajjublanganga soldi.

– Yurist? Anavini qarab qoʻy!

– U tirrancha... shahar prokurori hozir.

– Yoʻgʻ-e, nimalar deyapsan! Bundan chiqdiki, togʻamni ishiyam...

Bekxoʻja beixtiyor oʻrinsiz gap aytib yuborgandek, tilini tishladi. Kamol unga hushyor tortib qaradi.

– Togʻang?

– Bema’ni odatim bor-da, – oʻzini koyigan boʻldi Bekxoʻja. – Koʻngilga yaqin kishim bilan gaplashsam, tilimni tiyolmay qolaman.

– Hartugur... nima gap oʻzi?

– Shu desang, menga ota yoʻllik boʻlib qolgan togʻam qamoqda yotibdi. Arzimagan ishga.

Kamolning yuragi nimadandir bezillab, zargarga tiyraklanib boqdi.

– Agar... chindanam arzimagan ish boʻlsa...

– Senga oʻxshagan donolar hozir tanqisroq, – deb hasratlandi Bekxoʻja. – Arziydigani qaysi-yu, arzimaydigani qaysi – buni ortiqcha surishtirib oʻtirishmaydi. Ayniqsa, gap tillaga borib taqaldimi, tamom – ellik gramm pullaganniyam, ellik kilo oʻmarganniyam bir xil tayoqda savalashadi. Shu insofdanmi?

Qimmatbaho sovgʻaning zigʻirttak koʻlankasida ulkan iltimos yashirinib yotganini nihoyat anglab yetgan Kamol tuyqus noqulay ahvolga tushdi. Chaynayotgani boʻgʻziga qadalib, qoʻlidagi shingil uzumni qaytarib idishga tashladi.

– Sen aytmoqchisanki... Kechirasan-u, xotinimning ishiga sira aralashmaganman.

– Juda toʻgʻri qilasan, – Bekxoʻja kutilmaganda uning gapini ma’qullab, ta’zimnamo bosh qimirlatdi. – Hadeb xotin kishining ishiga suqilaverish – bachkanalik. Ammo... zarur boʻpqolsa...

Zargar etsiz jagʻini silaganicha bir muddat kalovlanib turdi. Keyin Kamolning koʻziga, «na iloj, umidim bitta sendan», degandek iltijoli boqib, davom etdi:

– Umuman... xotiningga hech narsa dema. Mabodo, taqinchoqlarni qaerdan olganingni surishtirib qolsa, mayli, unda meni toʻgʻrimda ozgina gapirib berarsan. Gap orasida togʻamning musibatidan azoblanayotganimni qistirib oʻtsang, yomon boʻlmasdi.

Kamolning tili tutilib, ensasi qotganicha turib qoldi. Bekxoʻja ichimlik quyilgan qadahni unga uzatayotib, ochiqdan-ochiq yalinchoqlikka oʻtdi:

– Jon doʻstim, yordamingni ayama. Oʻzim yarimjon odamman. Togʻamsiz yanayam ogʻir kunga qolaman. Xudo xayringni bersin.

«Xudo xayringni bersin...» Haliyam oʻsha-oʻsha Bekxoʻja!

... Oʻqituvchi oʻsha kuni uning javobidan uncha qoniqmadi:

– Mazang yoʻq, Bekxoʻja. Bu safarcha «toʻrt» qoʻyaman.

– Shoshmang! Bitta «besh» qarz qipturing. Mana koʻrasiz, kelasi gal...

– «Besh»niyam oʻshanda olaverasan!

– Jo-o-n, domlajon... Xudo xayringizni bersin...

– Ie! Sovet maktabini machit qilvording-ku! «Ikki» senga!

– Shoshmang! Uzr... Bilasiz-ku, ayam kichkinaligimda eskicha oʻqitgan. Til qurgʻur oʻrganib qolgan boʻlsa, nima qilay? Ana, hammadan soʻrang, oʻzim xudoga qarshiman.

Xohlasangiz, avliyolarni ahmoq deyishim mumkin. Hukumatimiz bor, nimadan qoʻrqaman?

... Ha, bu baribir oʻsha Bekxoʻja!

Kamol qadahni ixtiyorsiz ravishda qoʻlga oldi-yu, barmoqlari kuya boshlagandek, yana stolga qoʻydi. Bekxoʻjadagi tullaklikni bolalikdayoq koʻp marta koʻrib-kuzatgan Kamol uning surbetlarcha yaltoqlanishidan ortiqcha ranjib oʻtirmadi. Ammo, uni oddiy molparastlar safiga qoʻshib, laqillatish uchun eng siyqa va arzon tuzoqdan foydalanayotgani juda alam qildi.

– Demak, bu... xamir uchidan patir ekan-da? – shunday deya, u minnatli sovgʻani zargarning oldiga tashladi. – Olaqol, ogʻir kuningga yarab qolar.

Himoyasizdek shumshayib koʻringan «parranda» bir siltanishdayoq tuzoqni uzib yuborganidan Bekxoʻjaning koʻngli zil ketdi. Shunday boʻlsa-da, qiyofasidagi osoyishtalikni saqlab qolishga erishib, xotirjam qosh chimirdi.

– Boʻpti, unda ochiqchasiga gaplashaylik, – Bekxoʻja jilla xijolat tortmay, gʻariblik niqobini yechdi. – Senda aql koʻp, menda – pul. Ikkalasini birlashtirolsak, juda uzoqqa borardik.

– Falsafangga tushunmadim.

– Oʻzingni goʻllikka solma.

Bekxoʻja fikrini biroz jamlab olmoqchi boʻldimi, sixdan tishida kabob sidirib, erinchoqlik bilan chaynashga tushdi.

– Sen iste’dodlisan, – nihoyat luqmani yutib, falsafasini sharhlashga kirishdi u. – Iste’dodli odamning dushmani koʻp boʻladi. Bugungi qarsaklar tez orada orqadan tushadigan tarsaklarga aylanishi turgan gap. Aks holda, mantiq izdan chiqadi.

Bekxoʻja Kamolning koʻzlariga bir daqiqa dohiyona tikilib turgach, bir-ikki tamshanib qoʻyib, soʻzida davom etdi:

– Sen intiluvchansan. Intiluvchan boʻlgandayam – besabrsan, tezkorsan. Yoʻl tekis boʻlsa, oʻlguningcha yuguraverasan. Afsuski, hayotda toʻsiq koʻp. Ulardan birma-bir oshib oʻtishga bardoshing yetgandayam, ancha narsani yutqazasan: vaqting ketadi – bir, holdan toyasan – ikki, asosiy maqsaddan chalgʻiysan – uch. Loʻnda qilib aytganda, orzu shohsupasiga eltuvchi pillapoyaning oxirgi uch-toʻrt pogʻonasini boy berasan. Ammo, qoʻlingda bir tutam pul koʻrindi deguncha, gʻanimlaring homiylarga, toʻsiqlar koʻpriklarga aylanadi. Pul shunaqa kuchli narsa. Istasang, oʻsha qudratni senga men beraman. Qulay tomoni shundaki, qarzga emas.

– Birinchidan, hech qanaqa dushmanim yoʻq, – bu safar jahlini yutib, sokin soʻz qotdi Kamol. – Boʻlgandayam, erkakchasiga kurashgan yaxshi.

Bekxoʻja gavdasini ortga tashlab, hafsalasi pir boʻla boshlagandek, shipga boʻzrayib boqdi, uzun barmoqlarini oʻynatib, stolni tiriqlatishga tutindi.

Hali, kelib-kelib, senga kuyinib oʻtiribmanmi? Goʻdak ekansan-ku! Qiziq, soʻrgʻiching qaysi choʻntagingda turganikin?

Gerdayib oʻtirishini koʻring. Pokizaman demoqchimi? Oʻlsam, haykal qoʻyishadi, deb oʻylaydi-da. Kimning goʻri hashamatliroq boʻlishini hech kim oldindan aytolmaydi.

Bekxoʻja labini himarib qoʻyib, «chirmandasi»ni toʻxtatdi.

– Bilaman, halol yigitsan, – endi nodon doʻstga achinayotgan alfozda hazin soʻzlay boshladi u. – Lekin, boshqalar-chi? Bugun sen olmagan pul ertaga birovning qoʻliga oʻtib, oʻzingga qarshi ishlatilishiyam hech gapmas. Pul degan maraz dev kim haq-u, kim nohaqligini surishtirib oʻtirmaydi, kimga tobe boʻlsa, oʻshanga xizmat qiladi.

– Qora xizmatlarni bajaradi! Ezgulikka devning nima aloqasi bor?

– Nega boʻlmasin? – birdan jonlanib ketdi Bekxoʻja. – Ezgu ishlar qilmoqchi ekansan, bemalol qilaver. Ezgulik dushmanlarini devlaring bilan Sulaymondek yanchib oʻt, demoqchiman xolos. Bu dunyo shunaqa, gʻaflatda qoldirmasang, gʻaflatda qolasan.

Bekxoʻja bilan butunlay boshqa-boshqa oʻzanlar ekanligiga endi batamom iqror boʻlgan Kamol suhbatni ortiq davom ettirgisi kelmadi. Ketishga shaylanib oʻrnidan turarkan, zargarga dimogʻdor boqib dedi:

– Pul guldor qogʻoz xolos. Ilm-u fan oʻtdayam kuymaydi.

Kamol hech bir mulozamatsiz «xayr» deb qoʻygach, salmoqli odimlab eshik tomonga yoʻnaldi. Ostonadan hatlayotgan damda ortidan Bekxoʻjaning dagʻdagʻador tovushi eshitildi:

– Ilm-u fan yaratgan moʻjizalar pulga sotib olinadi. Pul kuchli!

* * *

Oradan ikki kun oʻtgach, Bekxoʻjaning Supersur laqabli shaxsiy xizmatchisi taqir boshini qashlab xonaga kirib keldi.

– Chatoq boʻpti-ku, xoʻjayin.

– Gapni oʻsha «chatoq» deyilgan joyidan boshla.

– Togʻangiz Gʻani zargarni aytaman-da, – bezrayib gapni chuvaladi xizmatchi.

– Dimlanma, Supersur, – toqatsizlandi Bekxoʻja, – yorilib ketasan.

– Xullasi kalom, qamoqda yurak oʻynogʻi tutibdi.

Bekxoʻja ovsar xizmatchisining boʻgʻzidan asosiy gapni sugʻurib olishga oshiqdi:

– Oʻlibdimi?!

– Tinchibdi chol, – deya pinak buzmasdan barmogʻini shiqirlatdi Supersur.

Bu Bekxoʻja uchun soʻnggi haftalardagi eng quvonchli daqiqa edi. Yengil tortib, kresloga yastandi.

– Menga qoʻshilib aza tutayotganingdan minnatdorman, azizginam Supersur, – qup-quruq koʻzlariga shunchaki roʻmolcha surtayotib, odob yuzasidan mungliroq ovozda gapirdi u. – Nachora, shaxsan yuqoridagi zotga togʻamizdek oddiy zargar kerak boʻpqolgan ekan, sen bilan men oʻrtaga tusholmaymiz.

«Dunyoga kelib, bunaqa bezbetni koʻrmaganman, — deya oʻylab qoʻydi xizmatchi. — Tagʻin meni Supersur deganiga kuyaymi».

Yigirma yildan soʻng

Bahor havosiga ishonib boʻlmaydi: yertalab quyosh charaqlab turgan edi, tushdan keyin toʻzon koʻtarilib, shimol tarafdan qora bulutlar karvoni yopirilib kela boshladi, kechga yaqin yomgʻir savalab berdi. Shiddatkor tomchilar oʻtgan yilgi juldur yaproqlarni shoxlardan uzib olib, chirpiratganicha yerga chaplar, zahil daraxtlarning batamom yalangʻochlangan novdalari yangi libos kiyish oldidan yaxshilab choʻmilayotganga oʻxshardi.

Qosh qorayib qolgan paytda Bekxoʻja zargarning xilvat chorbogʻi yaqiniga taksi avtomashinasi kelib toʻxtadi. Uning orqa eshigidan bolishnusxa xalta koʻtarib olgan qomatdor kimsa tushdi-da, junjikkanicha yomgʻirpoʻshga burkandi. Bu oʻsha Koʻrshapalak laqabli talonchi edi. Bundan besh-olti oy ilgari oʻn yillik qamoq jazosini oʻtab kelib, yana eski hamtovoqlarini topib olgandi.

Taksi qaytib ketgach, Koʻrshapalak anhor ustidagi koʻprik taxtalarini mayishtiradigan darajada vazmin qadam tashlab, koʻhna qayragʻochlar ogʻushidagi gʻishtin uy tomonga yurdi. Anhorning zaxi urib, ikki yondagi tosh devorchasini poʻpanak bosa boshlagan zinapoyadan koʻtarilib, ayvonchaning panasiga suqildi. Qoʻlini endigina qoʻngʻiroq tugmasiga choʻzgan chogʻda zarang eshik tovushsiz ochilib, olti yoshlar chamasidagi chaqmoqkoʻz bola iltifotsizlik bilan uni ichkariga imladi:

– Kiraver, egriburun. Kelayotganingni derazadan koʻrib turuvdim.

Koʻrshapalak dahlizga kirib, shlyapasi bilan yomgʻirpoʻshini qoziqqa ildi. Keyin bolaning yelkasiga doʻstona qoqib, boʻrinamo tirjaydi.

– Ishtahalari joyidami, janob tayyorxoʻr?

– Oʻzing tayyorxoʻr? – mushtini tugib, jirrakilik bilan oʻshqirdi bola. – Nima opkelding menga?

– Biz va’dasida turadigan mardlardanmiz, Xoldorvoy, – Koʻrshapalak kostyumining ichki choʻntagidan oʻyinchoq toʻpponcha chiqarib, bolaga uzatdi. – Manavi duranduletni toʻpponcha deydilar.

Quv bolakay sevinganini sezdirmaslikka tirishib, qovoq uyganicha toʻpponchani qoʻliga oldi. Keyin uni Koʻrshapalakning qiyshiq burniga toʻgʻrilab turib, tepkini bosdi. Kuchala toshli toʻpponcha ogʻzidan uchqun sachratib, tirillay ketdi.

– Yaxshisini topibsan, egriburun, – sovgʻa uchun oʻziga xos tarzda minnatdorchilik bildirdi Xoldor. – Toʻpponchasiz kelganingda, kallangni uzvolardim.

Shu payt ichkaridan biyobonsifat kallasiga sholchadoʻppi qoʻndirgan Supersur chiqib keldi.

– Xoʻjayin seni kutib oʻtiribdi, – Koʻrshapalakka tosrayganicha qoʻl uzatarkan, salom-aliksiz maqsadga oʻtdi u. – Kir tezroq.

Koʻrshapalak skafandr kiygan gʻavvosdek lapanglaganicha ichkariga qarab odimladi. Sholcha-poyondozni tepalab borib, choʻziq xona oxiridagi qora charm qoplangan eshikni qoʻpollik bilan oʻziga tortdi.

Bekxoʻja zargar velosiped gʻildiraklari orasiga oʻrnatilgan biqqi kreslosida xona toʻrrogʻidagi elektr oʻchoqqa yuzlangan kuyi isinib oʻtirardi. Hatto eshik yopilgandan keyin ham miq etmadi.

– Salom berdik, xoʻjayin, – poygakda toʻxtalib, atayin baland ovozda gapirdi Koʻrshapalak.

Kresloning boʻychan suyanchigʻi ortidan arvohlarnikiga oʻxshash oʻsha tiniq tovush eshitildi:

– Qulogʻim senda, Koʻrshapalak. Professorning qalb sandigʻidan biron narsa oʻmardingmi?

Koʻrshapalak stolga yaqin borib, qoʻlidagi xaltani ichimlik toʻlatilgan grafinning yoniga qoʻydi.

– Keragidan koʻproq eplashtirganga oʻxshaymiz, xoʻjayin.

Zargar gʻildiraklarni qoʻli bilan harakatga keltirib, stol tarafga oʻgirildi, Koʻrshapalakka muloyim nigoh tashlab, qarshisidagi oʻrindiqqa oʻtirishga ishora qildi.

– Rostini aytsam, azizginam, bu sandiqqa sendagi kalitlar tushmasmikin deb qoʻrqqandim, – dedi u mamnun qiyofada.

Koʻrshapalak xaltani ochib, radio muxbirining reportyorini eslatuvchi gʻilofli magnitofonni oldi.

– Mahmadanaroq bir yigitim bor, – magnitofonni sozlayotib, izoh berdi Koʻrshapalak. – Radiodan yuborilgan muxbirman deb, professorni rosa vaysatibdi.

Bekxoʻjaning istarasiga rahna solib turuvchi qonsiz yuzida kuldirgich oʻynadi.

– Ofarin, Koʻrshapalak! Kamol Kamtariyning bebaho ma’ruzasini nihoyat tekinga tinglaydigan boʻlibmiz.

Koʻrshapalak labiga sigaret qistirib tutatdi-da, magnitofon murvatini buradi. Dastavval soxta muxbirining sayroqi ovozi eshitildi.

MUXBIR: Muhtaram ustoz, keyingi maqolalaringizdan birida qandaydir avtoodam yasayotganingizga shama qilib oʻtgandingiz. Qisqa vaqt ichida radio shinavandalaridan yuzlab xat oldik – avtoodamga boʻlgan qiziqish ortib bormoqda. Agar sir boʻlmasa, shu ixtiro haqida batafsilroq soʻzlab bersangiz.

PROFYeSSOR: Avvalo shuni aytib oʻtishim kerakki, bu temirtan fikran barkamol avtoodam emas, balki jamiyat oldidagi burchini hali chuqur his qila olmaydigan kibernetik Avtobola xolos. Uning mustaqil fikrlay olish qobiliyati birmuncha chegaralangan, unga muntazam ravishda yoʻl-yoʻriqlar berib turishga toʻgʻri keladi.

MUXBIR: Radiotinglovchilarimizni temirtanning asosiy xususiyatlari koʻproq qiziqtiryapti.

PROFYeSSOR: Barcha toifadagi kishilarga birdek tushunarli boʻlishi uchun bu haqda soddaroq qilib gapira qolay. Avtobolani yasar ekanman, inson organizmidan iloji boricha aniq nusxa koʻchirishga harakat qildim. Uning kalla qismiga joylashtirilgan mikrosxema tuzilish jihatidan odamzotning miya toʻqimasiga judayam oʻxshab ketadi. Bu toʻqima sharofati bilan u koʻradi, eshitadi, gapiradi, idrok etadi, aniq maqsadga boʻysungan holda harakat qiladi... Charchaydi ham. Shu tufayli, maxsus tugmachani bosib, uni kamida olti-etti soat uyquga yotqizish lozim boʻladi. Aks holda, uning miya toʻqimasi uzogʻi bilan oʻttiz besh soatdan keyin butunlay ishdan chiqishi mumkin.

MUXBIR: Uyqusizlikka kelganda, Avtobola oʻt oʻchiruvchilardan chidamliroq koʻrinadi.

PROFYeSSOR: Juda oʻrinli hazil... Gapda davom etadigan boʻlsak, xuddi biz bilan sizdagi kabi Avtobolada ham yurak-qontomir tizimi bor. Faqat uning tomirlaridan qon oʻrniga elektr zaryadi oqadi. Pozitron miyadan tinimsiz ravishda kelib turadigan signallar buyrugʻiga itoat etuvchi bu tizim oʻta mustahkam, ayni paytda, nihoyatda elastik gavda va bagʻoyat sezgir paylarga ega boʻlgan Avtobolaning eng nozik ishni ham bejirim uddalay olishini ta’minlaydi. Masalan, u piyolaga limmo-lim toʻldirilgan suvning biron tomchisini toʻkmay egasiga olib borishi, bozordan narsalar xarid qilib kelishi mumkin. Faqat uni oʻn besh puddan ortiq yuk koʻtarishga majbur qilmasangiz bas.

MUXBIR: Tasanno deyish kerak! Bolasi tushmagur durustgina pahlavon ekan.

PROFYeSSOR: Buning ustiga, yuguroq ham. Qaysi joyda qanday tezlikda yurgan ma’qulligini, sharoitga qarab, Avtobolaning oʻzi tanlaydi. Eng tiqilinch joylarda ham u hech kimga xalaqit bermay yura oladi. Lekin, qulay imkoniyat tugʻildi deguncha, agar shoshilish juda zarur boʻlsa, hatto sirtlonni dogʻda qoldiradi. Uning maksimal tezligi soatiga bir yuz yetmish kilometr.

MUXBIR: O, naqadar gʻaroyib tilsimot! Ishonchimiz komilki, payti kelib, hamshaharlarimiz bu noyob bolakayni bozor yoki xiyobonda uchratish sharafiga muyassar boʻlishadi. Hurmatli professor, balki oʻsha kun yaqindir?

PROFYeSSOR: Unchalar uzoq emas. Avtobola deyarli tayyor. «Yettinchi sayyora» firmasiga berilgan buyurtmamning bajarilishini kutib turibman. Bu firma uzoq yillarga chidamli boʻlgan oltin gʻilofli akkumulyator, ya’ni oltin yurakni yasab bersayoq, Avtobolamiz oyoqqa turadi. Keyin, pedagogchasiga aytganda, unga kundalik muomalada kerak boʻladigan soʻzlarni yodlatish, ongiga insoniy xulq-atvorni singdirish qoladi xolos...

Koʻrshapalak magnitofonni oʻchirib, sigaret tutunini erkatoylarcha shipga pufladi.

– Tadbirkorlikda tenging yoʻq, azizginam! – sigaret tutunidan koʻngli behuzur boʻlayotganligini sezdirmaslikka tirishib, burnini siypalaganicha maqtov yogʻdirdi zargar. – Demak, oltin yurakcha bitsayoq...

– Akkumulyator bir haftada tayyor boʻladi, – xoʻjayinning gapini boʻldi Koʻrshapalak. – Muxbirim «Yettinchi sayyora» firmasigayam borib, qalbaki reportaj yozdi. Muxbirlik guvohnomasini oʻzim yasab berdim.

Bekxoʻja xizmatchisiga qoniqish bilan koʻz qadadi. Qoʻl ostidagi yugurdaklari oʻsha takabbur professorni ham, firmadagi «kallador zot»larni ham boplab laqillatishgani va nihoyat badboʻy sigaretning kuldonga ezgʻilanayotgani uning diliga bab-baravar huzur bagʻishladi.

– Amir Temurning qarorgohida oʻtiribman-u, gap Damashqni ship-shiydam etish ustida ketyapti deb faraz qil. Demoqchimanki, bu ishga jiddiy qarab, pishiq reja tuzvolishimiz kerak.

Koʻrshapalak shunday gap boʻlishini oldindan bilgan shekilli, ortiqcha mulohaza qilib oʻtirmay, darhol fikr bildirishga kirishdi:

– Muxbirimni «Yettinchi sayyora»ga bejiz yuborganim yoʻq, – dedi u. – Avtobola bilan akkumulyatorni bir vaqtda, lekin alohida-alohida oʻgʻirlagan ma’qul. Shunaqa qilmasak, professor bolaning tarbiyasini buzib qoʻyishiyam mumkin. Toʻgʻrimi?

Bekxoʻja asta bosh irgʻadi:

– Muso alayhissalomdek bexato karomat qilyapsan, Koʻrshapalak. Gapiraver.

Fikri xoʻjayinga ma’qul tushayotganidan taltaygan Koʻrshapalak oʻzini yanada erkin tutib, qoʻynidan yarqiroq pichogʻini sugʻurdi-da, shisha likopdagi olmalardan birini olib, archa boshladi.

– Akkumulyatorning qaerdaligi aniq, – endi ancha bosiqlik bilan gapirdi u. – Oʻsha narsa qachon tayyor boʻlishiniyam bilamiz. Bu ishni yigitlarim mensiz ham boplashadi. Avtobolani oʻzimga qoʻyib berasiz.

Koʻrshapalak soʻqir chap koʻzini qisganicha ishtiyoq bilan olma archishda davom etarkan, lablarini chapillatib, Bekxoʻjaga suzilib boqdi. Chamasi, uning gapi tugagan edi.

– Menga qolsa, kuchni aksincha taqsimlardim, – yoqut koʻzli uzuk chaqnab turgan barmogʻini Koʻrshapalakka niqtadi Bekxoʻja. – Bu dunyoparast odamlar ikki

pudli temir boladan koʻra ikki gramm oltinni hushyorroq qoʻriqlashadi.

Koʻrshapalak olmaning boʻlagini pichoq uchiga ilib, ishtaha bilan lunjiga tiqarkan, grafinga suqlanib qarab qoʻydi.

– Tushundim, xoʻjayin, – dedi u vishillab kavshanib. – Bundan chiqdiki, akkumulyatorni oʻzim eplashtirishim kerak. Yigitlarim Avtobolani «telpak» qilishadi-yu, biryoʻla professorniyam...

U aytilmagan gapni harakat orqali ifodalab, qoʻlidagi pichoqni xona burchagidagi yogʻoch haykalga otdi. Pichoq oʻrta asr kamonchisi qiyofasidagi haykalning qoq peshanasiga borib sanchildi. Bekxoʻja tahqirlangan «kamonchi»ga zimdan koʻz tashlab qoʻyib, yana Koʻrshapalakka yuzlandi.

– Olimlarni oʻldirib boʻlmaydi, Koʻrshapalak, – dedi u buyruq ohangida. – Ular jamiyatga katta foyda keltirishadi. Oʻzimiz ham oʻsha jamiyatning bir boʻlagimiz. Masalan, Kamol Kamtariy boʻlmaganda, sen bilan menga kim Avtobola yasab berardi? Kallakesar Supersurmi?

Olma bekorga archilmaganini fahmlagan zargar grafin qopqogʻini ochib, stol ustidagi qadahlardan biriga ichimlik quydi. Koʻrshapalak gapga ogʻiz juftlarkan, qadahdagi suyuqlik salmogʻini sogʻ koʻzida chamalab olishga ulgurdi.

– Professor parrak boʻlmasa, ishning loyqasi chiqadi, – deya u qingʻir burnini jiyirdi. – Muxbir boʻlib borgan yigitim unga tanilib qoldi. Izquvarlar uchun kalavaning uchi bu.

– Manavi gapingda jon bor, – deb ma’qulladi zargar. – Uni gumdon qilishing kerak.

Koʻrshapalak boshliqqa soʻzini oʻtkaza olganidan quvonib, tirjayganicha qadahga panja urdi-yu, «ha, muxbirni gumdon qilishing kerak boʻladi», degan «izoh»ni eshitib, yana gezardi.

– Jang qurbonsiz boʻlmaydi, – qat'iy ta’kidladi Bekxoʻja. – Oʻsha mahmadona yigitingga behad achinib turibman. Ammo, ming afsuski, professor Kamol Kamtariy bilan oʻzimning alohida hisob-kitoblarim bor. Men uni ruhan oʻldiraman. Ru-u-han! – Soʻng qoʻshib qoʻydi. – Qani, professorning sogʻligʻiga qoʻlingdagini koʻtarvor-chi.

Togʻdagi fojia

Shahar jinoyat qidiruv boʻlimi boshligʻi mayor Ahmedov tezkor guruh a’zolari bilan professor Kamol Kamtariyning hovlisiga qadam qoʻyiboq, allaqanday gʻayritabiiy sukunatni his etdi-yu, birdan yuragi uvishdi. Ular qulflanmagan eshikdan oynavand ayvonga kirishib, professorning uy xizmatchisi qoʻl-oyogʻi arqon bilan chandilgan, koʻziga latta bogʻlanib, ogʻziga sochiq tiqilgan holda yotganini koʻrdilar. Professorni ham xonasidan xuddi shunday ahvolda topishdi. Qotillik roʻy bermagani mayorni biroz taajjublantirdi, ayni paytda, koʻngli yengil tortdi.

– Yaramaslar! – uni boʻshatishgach, arqon izidan momataloq boʻlib, uvishib qolgan bilaklarini uqalarkan, gʻudrandi professor. – Avtobola kimga kerak boʻp qoldiykin? Buning ustiga, akkumulyatoriyam yoʻq.

– Hamma gap shunda-da, hurmatli professor, – xonani sinchiklab koʻzdan kechirayotgan ekspertlarning nozik va diqqinafas ishini zimdan kuzatib turib gapirdi

mayor. – «Yettinchi sayyora» firmasidagi akkumulyator bugun tunda oʻgʻirlab ketilgan. Buni ertalab bilishibdi. Agar shuni xabar qilishmaganda, men... biz uyingizga kelmagan, siz haliveri arqondan boʻshatilmagan boʻlardingiz.

Tuni bilan polda yotib, suyak-suyaklari zirqirayotgan Kamol Kamtariy divanga yastanarkan, rohatdan koʻzlari yumilib ketdi. Mayor Ahmedov stullardan birini olib, professorga yaqinroq joyga qoʻydi.

– Avtobola haqida, mabodo, biron kishiga batafsilroq gapirib bermaganmidingiz? – stulga oʻtirayotib soʻradi u.

– Gapirib berganman, – negadir aftini burishtirdi professor. – Radio muxbiriga.

Mayorning qiyofasida xiyol jonlanish aks etgandek boʻldi.

– Harholda, muxbir bilan bir gaplashib koʻrishim kerak. Malol kelmasa, uning familiyasini...

– Hojati yoʻq, – qoʻlini undov belgisidek koʻtarib, gapni boʻldi professor. – Oʻsha muxbir kecha men bilan telefonda bogʻlanib, bor-yoʻgʻi bir necha minutga qabul qilishimni soʻradi. Jurnalist xalqidan qochib qutulishning iloji yoʻqligini bilganim uchun, vaqt kech boʻlib qolganiga qaramay, rozilik berdim.

Hayot tasodiflari qozonida qaynab, ne-ne chigalliklar bilan olisha-olisha soch oqartirgan tajribali mayor bu qabulning oqibati qanday tugaganini allaqachon anglab yetgan boʻlsa-da, voqea qay tarzda yuz berganini aniq bilib olish maqsadida professorning ogʻziga tikilgan kuyi turaverdi.

– Muxbir desangiz, xonamga kiriboq, iljayganicha menga qurol oʻqtaldi, – gapida davom etdi professor. – Keyin yelkamdan turtib, «marhamat qilib devorga oʻgirilib

tursalar», dedi. Na iloj, aytganini qildim. Sheriklari kirib kelishib, avval koʻzimni boylashdi...

Kamol Kamtariy qolganini oʻzingiz koʻrdingiz, degandek doʻrdoq labini jimirib qoʻyib, yana asta koʻz yumdi.

– Avtobola toʻgʻrisida ancha-muncha narsalardan xabardorman, – professorning rohatini buzishga majbur boʻlayotganidan xijolat tortibroq gapirdi mayor. – Mumkin boʻlsa, ayting-chi, uni yasashdan asosiy maqsadingiz nima edi?

– Yolgʻizlik balosidan qutulish, – koʻzlarini ochmasdan, uyqusirayotgandek gʻoʻldirab javob qildi professor...

Kamol Kamtariy uylangandan keyin uzoq vaqtgacha farzand koʻrmadi. Nihoyat, qirq toʻrt yoshida xotini oʻgʻil tugʻib berdi. Professorning nazdida koʻp yillardan buyon jussasini toʻrt tarafdan qisib turgan uy devorlari birdan kengayib ketgandek, odatda rutubat anqib turadigan xonalar daf’atan charogʻonlashgandek tuyuldi. Xotini ham chinakam oilaviy baxtni endigina his qilayotganga oʻxshar, uning chiroyli koʻzlaridagi oʻngʻaysizlanishga oʻxshash soya butunlay yoʻqolib, endilikda onalik faxri porpirab turadigan boʻldi.

Afsuski, bu quvonch uzoqqa choʻzilmadi. Oradan koʻp fursat oʻtmay, professor bir vaqtning oʻzida oʻgʻlidan ham, xotinidan ham judo boʻldi.

Oʻsha mudhish kunni eslay boshlasa, daqiqa sayin taranglashib borayotgan asab tomirlarining setor simlaridek birin-ketin tarsillab uzilayotganini his qiladi. Hozir ham ana shu azobdan uning boʻyin tomirlari tortishib, divanga tobora chuqurroq choʻkib borayotgandi.

Togʻ oraligʻiga joylashgan soʻlim va bahavo Xoʻjamozor qishlogʻi shaharliklarning sevimli saylgohi hisoblanardi. Kamol Kamtariy Navroʻz bayramida oila a’zolari bilan birga oʻsha yoqqa lola sayliga joʻnadi. Bu uning oʻn toʻrt oylik oʻgʻli endigina tetapoya yura boshlagan, «dada», «aya» degan soʻzlarga tili kelishib qolgan paytlar edi. Ular Xoʻjamozorda ilgaritdan tanish boʻlgan objuvozchi cholning uyiga qoʻnishdi. Objuvozchining xonadoni qishloqdan ancha chetda joylashgan boʻlib, bu yer sokin va pokizaligi bilan ajralib turardi.

Professorning oʻsha mahalda ishi juda tigʻiz edi. Ikki kundan keyin mashinamni yuborarman, deb kechqurunoq shaharga qaytib ketdi.

Ertasi kuni tunda qattiq jala quydi. Tong pallasi shofyori hovliqqanicha kelib, «Xoʻjamozorni sel bosganmish», deb qoldi. Professor zudlik bilan mashinaga oʻtirib, toqqa joʻnadi...

Oradan uch kun oʻtgach, xotinining jasadi Xoʻjamozor qishlogʻidan ancha olisdagi yoyilmadan topildi. Garchi oʻgʻlining murdasi biron-bir joydan chiqmagan boʻlsa-da, uning tirik qolganiga umid qilish uchun asos yoʻq edi...

Kamol Kamtariy erinchoqlik bilan koʻzini ochib, mayor Ahmedovga bir lahza xazin tikilib turdi. Soʻngra gʻamgin tovushda dedi:

– Men oʻzimga eng pahlavon, eng ishchan, eng itoatkor oʻgʻil yasab olmoqchi edim. Sel uyoqda tursin, uni hatto oʻq ham halok qila olmasdi. Afsuski, taqdir menga

shuniyam koʻp koʻrdi.

Mayorni shu topda boshqa bir narsa koʻproq tashvishga solayotgandi. Avtobolani nima uchun oʻgʻirlashdi? Undan qanday maqsadda foydalanishmoqchi? Odamlar epaqaga kela boshlagan bir paytda, nahot endi temir qalloblar paydo boʻlsa?

Ishlarini tugatgan ekspertlar tashqariga chiqib borishayotgan damda mayor ham oʻrnidan turib, ketishga chogʻlandi. Kamol Kamtariy haddan ziyod charchagan boʻlishiga qaramay, mehmonni kuzatib qoʻyish uchun odob yuzasidan joyidan qoʻzgʻaldi. Ular yonma-yon yurib borishib, tashqi eshikka yaqinlashishgan chogʻda mayor toʻxtalib, professorga oʻgirildi:

– Haligi soxta muxbirning tashqi qiyofasini surishtirmayotganim qiziq tuyulmayaptimi?

– Har kimning oʻz ish uslubi bor, – mayorning koʻngliga botmaydigan gap aytishga harakat qildi professor.

Mayor esa oʻz savoliga oʻzi javob berdi:

– Surishtirmayotganimning boisi shundaki, siz bilan ikki marta yuzma-yuz uchrashgan oʻsha tovlamachi boshligʻi uchun vazifasini bajarib boʻldi. Ertami-kech, uning murdasi shahar atrofidagi bironta xandaqdan topilib qolsa, sira ajablanmayman.

Professor, «qaydam, balki chindanam haqdirsiz», degan ma’noda beparvo yelka uchirib qoʻydi.

Mujmal dars

Yozga chiqib, Avtobola faqat gaplasha oladigan emas, balki ayrim masalalar ustida odamlar bilan bahslashadigan, shaxsiy mulohazalari asosida mustaqil fikrlaydigan boʻlib qoldi. Oʻz atrofidagilarga oʻxshab u ham takabbur, dagʻal va beshafqat edi.

Garchi uni «Temirtak» deb chaqirsa-da, Avtobola bu xonadonda faqat Xoldorni yoqtirardi. Xoldor serzarda va jirraki boʻlishiga qaramay, poʻlat jussasi tangabaliqni eslatuvchi oshnasini nohaq oʻkintirmas, qoʻpol tabiatli Supersur oʻzicha xoʻjayinchilik qilib boʻyin choʻzgan vaqtda u doimo Avtobolaning yonini olardi.

Avtobola Bekxoʻja zargarni ham uncha xushlamasdi: uning mujmal gaplarini tinglab oʻtirishdan benihoyat toliqib ketar, kalla qismidagi mikrokondensatorlar zirillab qiziy boshlardi. Zargarni u faqatgina Xoldorning dadasi boʻlgani uchungina hurmat qilardi.

Bugun ham kunning birinchi yarmi Avtobola uchun odatdagidek xushchaqchaq oʻtdi. Baland devorlar bilan qurshalgan bogʻda Xoldor ikkalasi rosa «urush-urush» oʻynashdi. Xoldor uni oʻn bir marta yolgʻondakamdan oʻldirgan boʻlsa, Avtobola oʻz dushmanini yigirma martacha choʻziltirdi. Afsuski, shunday qiziq oʻyin xafagarchilik bilan tugadi. Bu koʻngilsizlikka Xoldor sababchi boʻlsa-da, soʻkishni baribir shoʻrlik Avtobola eshitdi.

Voqea bunday boʻldi. Oʻyin rosa avjiga chiqqan pallada Xoldor, badnafsligi qoʻzib, hali shira yigʻib ulgurmagan kuzgi olmaga kesak ota boshladi. Kecha ham berkinish navbati Avtobolaga kelganda, u olma yeyishni bahona qilib, oʻyinni sovitgan edi. Xoldorning yana gʻirromlik qilayotganidan jahli chiqqan Avtobola tanasi etik qoʻnjidek boʻlib qolgan olma daraxtini quchoqlab turib, tag-tugi bilan koʻchirib oldi-da, zardali qiyofada yerga agʻdarib otdi.

– Ol, burningdan chiqquncha yeyaver endi!

– Yasha, Temirtak! – xursand boʻpketib, chapak chalib yubordi Xoldor. Keyin olmalarni ochkoʻzlarcha gʻajishga tushdi.

Shunda halloslaganicha Supersur kelib qoldi-yu, yana ogʻziga zoʻr berdi:

– Kuching daraxtga yetdimi, otashkurakdan tarqagan? Kallangdagi uskuna ishlaydimi oʻzi?

– Anavi shalpangquloqning koʻzi toʻysin dedim, – oʻzini oqlay boshladi Avtobola. – Berkinish navbati menga kelganda, bu gʻirromchi olmaning tagidan jilmay qoldi.

Supersur esa Xoldorni tergash oʻrniga Avtobolani boʻralashda davom etdi.

– Bu bogʻ tunukabosh enangdan qolganmidiki, daraxtlarni bir chekkadan oʻpiraversang. He, oʻsha seni oʻylab topganni...

– Vagʻillama! – olmani kavshab turib Supersurga musht oʻqtaldi Xoldor. – Temirtakni xafa qilsang, kallangni uzvolaman.

Xoldor tushlik qilayotganda Avtobola uning rasm daftari va qalamini olib, oʻzicha allanimalarni chizib oʻtirdi. Xoldor hali oʻqish-yozishni bilmasa ham rasm solishga ishqiboz edi. Bir kuni u raqibiga pichoq oʻqtalib turgan kishining suratini chizgan edi, garchi odamlar haddan ziyod tasqara: joʻxoripoyadek ingichka, olakoʻz, maymoq tarzda tasvirlangan boʻlsa-da, dadasi uni rosa maqtadi. «Mana bu haqiqiy erkakcha san'at, – degandi u oʻshanda. – Gul bilan bulbulning suratini, mayli, hezalaklar chizib yuraversin».

Ovqatlanib boʻlgan Xoldor temir oʻrtogʻining yoniga borib, chizgan suratiga razm soldi-yu, birdan koʻzlari chaqnab ketdi.

– Voʻy! Judayam oʻxshatibsan!

Soʻng daftarni Avtoboladan tortib olib, «Egriburunni koʻrib qoʻy», deya uni hanuz choy ichib oʻtirgan Supersurga uzatdi. Supersur rasm daftarni mensimagan qiyofada qoʻlga olarkan, choy hoʻplayotib koʻz qirida sahifaga qaradi. Shu qaraganicha avvaliga koʻzlari loʻq boʻlib turib qoldi. Keyin piyolani shosha-pisha stolga qoʻyib, suratga diqqat bilan tikildi. Koʻrshapalak qoyilmaqom qilib chizilgan edi. Hatto qiyshiq burnining yonidagi kichkina chandigʻi ham e’tibordan chetda qolmagandi.

– Yo tavba! – hayrat izhor qildi Supersur. – Kallangni paqir deb yursam, balo ekansan-ku!

Shu payt stol yaqinidagi javoncha ustida turgan yoʻqlagichdan Bekxoʻja zargarning donador tovushi eshitildi: «Nasibangni yutib boʻldingmi, Supersur?»

Supersur sertuk tumshugʻini yoʻqlagich karnayiga yaqinroq olib borib, gʻingshigandek ovozda javob qildi:

– Shukur, boʻkmagudekmiz...

– Juda soz, Supersur, – yana tovush keldi yoʻqlagichdan. – Avval xonamga kirib, dasturxonni yigʻishtirib ol. Keyin Avtobola bilan mashgʻulot oʻtkazamiz.

– Xoʻp dedik-ku, xoʻjayin.

Birozdan soʻng Avtobola istar-istamay zargarning huzuriga kirib bordi.

– Salom, xoʻjayin.

– Keldingmi? – unga doʻstona nazar tashladi zargar. – Xoʻsh, ahvollar qalay, Avtobola?

Endigina kresloga oʻtirmoqchi boʻlgan Avtobola zargarning soʻnggi soʻzini eshitib, beixtiyor toʻxtalib qoldi. Uning koʻz oʻngida samimiy jilmayganicha tikilib turgan oqsoch kishining yoqimli chehrasi namoyon boʻldi. Lekin, bu chehrani qachon, qaerda koʻrganini eslay olmadi. Faqat, oʻshanda oqsoch kishi ham xuddi ana shu gapni aytgan: «Xoʻsh, ahvollar qalay, Avtobola?» deya uning boshini silab, yelkasiga dangillatib urib qoʻygandi.

– Bugun xomush koʻrinasan, azizginam? – zargar koʻzi bilan imo qilib, uni oʻtirishga undadi. – Oʻgʻlim xafa qilmayaptimi seni?

– Xoldor bilan urishmaymiz, – oʻrindiqqa yastanib javob qildi Avtobola. – Anavi Super meni sal narsagayam soʻkaveradi-da. Bundaylarni akkumulyatorsiz qoldirib, oʻldirish kerak.

Bekxoʻja zargar qah-qah urib kulib yubordi.

– Bu keksa shallaqi oxiri avtomatlarning ham joniga tega boshlabdi-ku, – dedi u kulgidan zoʻrgʻa tiyilib. Keyin, hozir aytadigan gapi kelgusida unga qimmatga tushishini xayoliga ham keltirmagan holda, qoʻshib qoʻydi. – Afsuski, oʻzidan kuchsizlarni oʻldirish mardlikka kirmaydi, azizginam.

Xoldorga qoʻshilib ancha oʻyinqaroq boʻlib qolgan Avtobola, «gapni choʻzmay, darsingni tezroq oʻtib qoʻyaqol-da», degandek toqatsizlanib turardi. Buni fahmlagan zargar qiyofasini birdan jiddiylashtirib, barmogʻida stolni chertgan asno bir zum shipga tikilib turdi.

– Yanglishmasam, oʻtgan darsda biz buyum va uning qadri haqida suhbatlashib, oxiri oqilona bir xulosaga kelgan edik, – deya gapga kirishdi u Avtobolaga yuzlanib. – Xoʻsh, yodingdami oʻsha xulosa?

– Esimda turibdi, – bosh irgʻadi oʻta noyob xotirali Avtobola. – Siz, «buyumning qadri – uning narxida», degan edingiz.

– Ofarin, Avtobola! Demak, yoʻlda yotgan temir qoshiqni hatto sayoq it ham hidlamaydi. Ammo, oʻsha qoshiqdek tillani deb kap-katta odamlar bir-birlarini boʻgʻizlashsa, biz bundan zarracha hayratlanmasligimiz kerak ekan. Shundaymi?

– Toʻgʻri, xoʻjayin, – Avtobola zargarning gapini ma’qullab, yana bosh irgʻadi. – Chunki, tillaning narxi baland.

Zargar boʻzrang yuziga tantanavor tus berib, navbatdagi mujmal falsafalari bilan talabasining pozitron miyasini gʻovlatishga kirishdi.

– Bugun biz pul va odamzotning unga munosabati haqida gaplashamiz, – dedi u. – Odam yer yuzidagi barcha mavjudot singari asosan nafsini qondirish bilan ovora

boʻlsa-da, sinchiklab kuzatilganda, unda ba’zi bir afzalliklar mavjudligi koʻzga tashlanadi. Ya’ni pulni oddiy qogʻozdan ajrata oladi, pulga mehr qoʻyadi, jamgʻaradi, zarurat tugʻilganda, qisman xarjlaydi ham. Odamzot aynan shu qobiliyati bilan eshak va choʻchqadan keskin farq qiladi.

Bekxoʻja navbatdagi jumlalarni fikrida marjondek tizib olish uchun biroz toʻxtalib turdi.

– Nozik tabiatli odamzotning hurmat-e’tiboriga haqli ravishda sazovor boʻlgan oʻsha pul ikki xil yoʻnalishda harakat qiladi, – deya «dars»ni davom ettirdi zargar. – Birinchi yoʻnalish, bu – daromad, ikkinchisi – xarajat. Yanayam soddaroq qilib aytadigan boʻlsak, choʻntakka tushgani – daromad, choʻntakdan ketgani – xarajat deyiladi. Ba’zi donolar daromadni kirim deb ham aytadi, xarajat esa chiqimdir. Daromad qancha moʻmay boʻlsa, sarf-xarajat uchun shuncha qulay imkoniyat tugʻiladi. Ammo, har qanday holatdayam, xarajatning daromad bilan tenglashib qolishiga zinhor-bazinhor yoʻl qoʻymaslik kerak. Choʻntakdagi xonavayronlik mana shu oddiy qoidani tushunib yetmaslik yoki unga koʻr-koʻrona itoat qilmaslikdan boshlanadi. Hamyoni boʻm-boʻsh bandada esa na burd qoladi, na obroʻ...

Avtobolaga oʻz portretini chizdirishni niyat qilib oʻtirgan Supersur uning darsdan toliqib chiqqanini koʻrib, bu ishni keyinroqqa surishni ma’qul topdi.

– Kallam qizib ketdi, – keliboq oʻzini karavotga tashladi Avtobola. – Meni uxlatib qoʻy, Supersur. Ozgina boʻlsayam uxlavolay.

– Senga maza, paqirbosh, – dedi Supersur, gerdayganicha kelib, uning koʻkragidagi qopqoq murvatini burarkan, – qizil tugmani bossa – oʻlasan, yashilni bossa –

tirilasan. Agar men bir oʻlsam, akasi, toʻqson joyimni bosganingdayam hatto qulogʻim qimirlab qoʻymaydi.

U ichida yashil va qizil tugmachasi boʻlgan quticha qopqogʻini ochib, qizilini bosdi, Avtobola shu zahotiyoq uyquga ketdi. Supersur poʻlat qopqoqchani yopib, «erkatoyim alla-yo, paqirboshim alla-yo», deb mingʻirlaganicha tashqariga qarab yoʻnaldi.

Birinchi amaliy mashgʻulot

Devordagi osma soat tungi uchga zang urgan chogʻda uyqu elita boshlagan qorovul chol sergaklanib koʻzini ochdi. Uning qovoqlari qoʻrgʻoshin osilganday ogʻirlashib ketgan, boshidagi sarxushlik tarqamay, stulda tebranib oʻtirardi. Chol uyqusini qochirish uchun termosdan piyolaga qaynoq choy quyayotgan vaqtda oʻzi oʻtirgan xonaning yonginasidagi tashqi eshikning qarsillab ochilgani, ichkaridan solingan qulfning sharaqlab yerga tushgani eshitildi. Qorovul hushini yigʻishtirib ulgurmay, boshdan-oyoq temir niqob kiygan ajinasifat bir maxluq alanglab xonaga kirdi. Maxluqning yelkasida qiyrixon qilib osilgan koʻk baxmal xalta boʻlib, xaltaning oʻrtasiga qip-qizil xoʻrozning surati solingandi.

– Damingni chiqarma! – devorda osigʻliq turgan miltiqqa qoʻl choʻzganicha qotib qolgan qorovulga yaqinlashib, barmogʻini labiga bosdi Avtobola. – Tsh-sh-sh!!!

– La ilaha illollo, – yelkasini qunishtirib kalima keltira boshladi chol. – Ogʻzingga oshpichoq, koʻzingga qalampir... Kuf-suf! Daf boʻl!

– Oshpichogʻingdanam qoʻrqmayman, qalampiringdanam, – dedi Avtobola. Soʻng, baquvvat panjalari bilan cholning boʻgʻzidan ushlab, sudragudek holatda uni koridorga olib chiqdi. Koʻrshapalak qogʻozga chizib koʻrsatgan yoʻllanma boʻyicha aniq harakat qilib, koridorning oʻng tarafidagi beshinchi eshik qarshisiga yetganda taqqa toʻxtadi.

– Yaxshilikcha ochib ber, – «kasaba uyushmasi» degan taxtacha qoqilgan eshikni koʻrsatib, cholga buyurdi u.

– Bu xonaning kaliti egasida, – qoʻrquvdan dir-dir titrab javob qildi chol. – Aldayotgan boʻlsam, ustimda xudo turibdi.

Avtobola qora tugmaga oʻxshash koʻzini gʻildiratganicha tepaga qaradi, shipda hech narsa koʻrinmagach, «he yolgʻonchi», deya barmogʻini saraklatib, cholni tergagan boʻldi. Keyin, tutqichdan ushlab turib, eshikni shunchaki siltagan edi, qulf turgan joy oʻpirilib, atrofga payraxa sachradi. U qorovulni ichkariga yetaklab kirdi-da, xonaning toʻrisiga olib borib, yuzini devorga oʻgirib qoʻydi. «Damingni chiqarma», deya ogohlantirdi qaytadan.

Avtobola xona burchagida turgan temir javonning yoniga bordi. Bu – devorlari orasiga qum toʻlatilmagan oddiy seyflardan edi. U eshikchaga oʻrnatilgan qoʻshquloqli buramani ikkala qoʻlida ushlab turib, shahd bilan orqaga aylantirdi. Seyfning ichida allaqanday temirlar sochilib ketgandek boʻldi. Soʻng, bamaylixotir eshikchani ochib, xoʻroz gulli xaltadan fonar chiqardi, seyfning ichini yoritdi. Yuqoridagi taxmonda sochilib yotgan, pastkisida esa beli bogʻlangan holda taxlab qoʻyilgan pullar turardi.

«Mana, oʻsha noyob qogʻozlar! – sevinib oʻyladi Avtobola. – Koʻrshapalakning tili bilan aytganda, «koʻrdingki pul, darrovda yul!»

U xaltachaga dastavval seyfning ustki taxmonidagi pullarni soldi. Pastdagi taxmonda esa pul juda koʻp edi, xaltaga yarmidan ozrogʻi sigʻdi xolos.

Avtobola bir daqiqa oʻylanib qoldi. Keyin xaltadagi pullarni yana joyiga agʻdarib, eshikchani berkitdi-da, seyfni biroz yonboshlatdi, oʻzi egilganicha uning tagiga kirdi.

Polni sindirgudek ogʻir qadam tovushi tobora uzoqlashib borayotganini sezib turgan qorovul qoʻrqa-pisa boshini ortga oʻgirgan paytda temir ajina ham, paxta tozalash zavodi kasaba uyushmasi ixtiyoridagi seyf ham xonadan gʻoyib boʻlgandi.

«Yopiray! – anqayib qoldi chol. – Sulaymon paygʻambarning devi togʻdan tushganga oʻxshaydi. Oxir zamon yaqin shekilli...»

* * *

... Deraza yonida tamaki burqsatib bedor oʻtirgan Koʻrshapalak kattakon seyfni orqalab olganicha chorboqqa yaqinlashayotgan Avtobolani koʻrib, kapalagi uchib ketdi. Sapchib oʻrnidan turib, tashqariga chiqqan vaqtda Avtobola allaqachon pillapoyadan koʻtarila boshlagan edi.

– Qayoqqa oʻrmalayapsan, befarosat? – nima qilarini bilmay potirlab qolgan Koʻrshapalak, Avtobolani boʻralashga tushdi. – Nega koʻtarib kelding bu duranduletni? Mol ekansan-ku!

– Nima qil deysan, egriburun? – seyf ostidan oʻqrayib boqdi Avtobola.

– E-e... manavi tomonga yur, – Koʻrshapalak nihoyat oʻzini oʻnglab olib, uni chorbogʻ ortidagi xilvat eshik tarafga yetakladi.

Ular seyfni eshik yonidagi omborga qoʻyishgach, boshliqni bu ishdan tezroq xabardor qilishga oshiqqan Koʻrshapalak lapanglab chiqib ketdi. Birozdan soʻng ilondek vishillab yana qaytib keldi. Uning ketidan Bekxoʻja zargar oʻtirgan gʻildirakli kresloni itarganicha Supersur kirdi.

– Pullar xaltaga sigʻmadi, xoʻjayin, – seyfni bu yerga orqalab kelishga majbur boʻlganligining sababini tushuntirdi Avtobola.

Bir necha ming kishilik zavod ishchilaridan tushadigan badallar ancha yirik boʻlishini zargar ilgaritdan chamalab qoʻygandi-yu, lekin bu pullarning xaltachaga sigʻmay

qoladigan darajada moʻmay ekanini tasavvur ham qilmagandi.

Bekxoʻjaning birdan kayfiyati ochilgani uning yiltirayotgan koʻzlaridan yaqqol sezilib turardi. Bu mamnunlik oyoqlari ostida salmoqdor oʻlja yotganidan emas, balki Avtobola topshiriqni kutilganidan afzalroq qilib oʻrinlatgani tufayli edi.

– Kasbdoshingga bunaqa angrayib qarama, Koʻrshapalak, – rohiblardek tavoze bilan soʻzladi zargar. – Qani, daromadni bir hisoblab koʻr-chi.

Koʻrshapalak seyfni inqillagancha zoʻrgʻa engashtirib, ichidagi narsalarni agʻdardi. Yerda bir uyum pul va bir necha bogʻlam lotereya pattalari qalashib yotardi. Zargar Supersurning yordamida bir bogʻlam lotereya pattasini qoʻlga olib, Avtobolaga yuzlandi:

– Manavi narsa, azizginam, oddiy nayrangda ishtirok etuvchilarga tarqatiladigan qadrsiz qogʻoz. Adashmasam, men senga haqiqiy pullardan namunalar koʻrsatgan edim. Darsni yaxshi oʻzlashtirolmabsan-ku.

– Egriburun bergan chiroq judayam xira yonarkan-da, – bezrayganicha aybni Koʻrshapalakka agʻdardi Avtobola. – Qorongʻida bular ham pulga oʻxshab koʻrindi, xoʻjayin.

Buni eshitib, Koʻrshapalakning figʻoni falakka chiqdi.

– Duranduletning topgan bahonasini qarang, – sogʻ koʻzini olaytirib oʻshqirdi u. – Fonar xira yonganmish. Yaxshisi, oʻzing bironta ustaxonaga borib, koʻzingni tuzattirib kel.

Supersur ham kechagina qarta oʻyinida unga talaygina pul yutqazgan jabrdiyda Koʻrshapalakning yonini olishga tirishib, Avtobolaga boʻyin choʻzdi:

– Bu kallami yo mantiqozonmi?

Zargar «bas» degan ma’noda sheriklariga xoʻmrayib qoʻygach, Avtobolaga yuzlanib soʻradi:

– Oʻylaymanki, qorovulni gumdon qilgandirsan?

– Kuchsizlarni oʻldirish mardlikka kirmaydi, xoʻjayin, – dars chogʻida eshitgan gapini «muallim»ning oʻziga takrorladi Avtobola. – Yo notoʻgʻrimi?

Bundan bir necha hafta ilgari bu gapni Avtobolaga shaxsan oʻzi aytganini Bekxoʻja ham esladi. Oʻz falsafasiga oʻzi qarshi chiqqudek boʻlsa, talabasining ishonchini birmuncha soʻndirishi mumkinligini payqab, picha kalovlanib qoldi.

– Umuman, sen haqsan, – oz-moz yon bosgan boʻldi u. – Lekin, shuni unutmaginki, bugun sen ojizligi uchun sichqonni ayasang, ertaga u xoʻroz gulli xaltangni ilma-teshik qilvoradi. Ojizlar ikki xil boʻladi, azizginam. Tirikchilik jangida beayov boʻl, gʻaflatda qoldirmasang, gʻaflatda qolasan.

Zargar soʻzini tugatib, xavotirli qiyofada seyfga tikildi. Davlat hisobida turuvchi bu inventarni chorbogʻdagi omborda qoldirib boʻlmasdi. Lotereyalarning ham bahridan oʻtgan ma’qul edi. U pattalarni qaytadan seyfga solishni, seyfni esa ikki chaqirim naridagi koʻlga choʻktirib yuborishni buyurdi. Shoʻrlik Avtobola oʻzi koʻtarib kelgan dahmazani yana orqalashga majbur boʻldi.

– Choʻtalning barakasi qochdi-ku, – Avtobola ketgach, yerda yotgan bir toʻp pulga nokaslik bilan koʻz qadadi Supersur. – Aslida, kassani ursayam boʻlarkan.

– Kassada signalizatsiya bor, – dedi zargar. – Qolaversa, ishchilar kecha maoshlarini olib boʻlishgan. Mening maqsadim otamdan qolgan paxta zavodidan ulushimni tortvolish emas, Avtobola bilan shunchaki amaliy mashgʻulot oʻtkazish edi.

Bekxoʻja zargar oʻzining tadbirkorligidan faxrlanib, magʻrur koʻkrak kerib qoʻydi.

«Eh, Kamol Kamtariy, Kamol Kamtariy! – nimadandir oʻchkor kimsalarga xos qiyofada yupqa, xushbichim labini zaharxanda burib, xayolga choʻmdi u. – Bir paytlar pullarimning qudratiga shak keltirib, bir umrga tatiydigan xatoga yoʻl qoʻyding. Men seni oʻzing uchun aziz boʻlgan koʻpgina narsalardan bebahra qildim, har qadamda ruhan azob berdim, hayot dasturxoningdan lazzatni birma-bir tortib oldim. Sen tanholik iztiroblaridan qutulish uchun oʻzingga temir ovunchoq yasading. Lekin, Avtobolang hali koʻz ochishga ulgurmay, seni yana judolik botqogʻiga choʻktirdim. Bundan bir necha yil avval «iste’dodsiz va maishatparast», deb oʻz assistentingni vazifasidan chetlatding, ilmiy ishini chippakka chiqarding. Xuddi oʻsha iste’dodsiz shogirding Avtobolangni oyoqqa turgʻizib berdi, bizga uning nozik sirlarini oʻrgatdi. Bularning hammasini men emas, mening pullarim qildi. Mening kuchim – mening pulimda. Oʻsha pul yordamida, agar xohlasam, seni hatto unvonlaringdan ham benasib qilishim mumkin edi. Ammo, buni istamadim. Chunki, raqib qanchalar nomdor boʻlsa, u bilan olishish shuncha gashtli. Men qarshimda ojiz kimsa emas, balki bir vaqtlar ilm-u fanning qudratiga astoydil sajda qilgan, endilikda oʻsha qudratni turli unvonlar vositasida oʻzida mujassamlashtirgan mashhur Kamol Kamtariy ruhan murdaga aylanishidan zavqlanaman. Sen hozircha oʻzingni tetik tutayotgan boʻlsang-da, ingrayotganingni eshitib turibman. Ingrayotgan ekansan, demak pulning bilaklari kuchlilik qilyapti. Ha, pul kuchli!»

Oltin tuzoq va mikromayoq

Mayor Ahmedov professor bilan koʻrishib, hol-ahvol soʻrab boʻlgach, divanga oʻtiriboq asosiy gapga oʻtdi.

– Nega kelganligimni aytmasam ham bilib turgandirsiz, – deya suhbatdoshiga yuzlandi u. – Shahardagi shov-shuvlardan hurmatli professor bexabar qolmagandirlar?

– Xabarim bor, – asta bosh qimirlatdi Kamol Kamtariy. – Hammaning ogʻzida – Avtooʻgʻri.

– Tasodifan tirik qolgan qorovul chol temir talonchining ishlarini aytib berayotganida Avtobolaning imkoniyatlari haqidagi soʻzlaringiz beixtiyor yodimga tushdi, – professorning koʻnglini avaylab gapirdi mayor.

Kamol Kamtariy bu talonchilikka goʻyo shaxsan oʻzi rahbarlik qilgandek, gunohkorona bosh egdi.

– Ha, u mening Avtobolam, – dedi chuqur homuza tortib. – Boshqa biron-bir robot bunday puxtamon ish qilishi mumkin ham emas.

Mayor professordan ruxsat soʻrab, sigaret tutatdi. Al-Xorazmiyning devordagi suratiga tikilganicha sigaretni bosib-bosib tortdi-da, suhbatdoshiga qarab dedi:

– Oʻsha bezori sizning Avtobolangiz ekanligini boʻyningizga qoʻyish uchun kelganim yoʻq bu yerga. Sizdan yordam soʻramoqchiman.

Professor mayorning koʻzlaridan uning fikrini uqib olishga tirishib, sinchkovlik bilan razm soldi.

– Aytmoqchisizki... avtobezoriga qarshi avtoizquvar yasab...

– Yoʻq, menimcha bu haddan tashqari koʻp vaqtni oladi, – uning gapini boʻldi mayor. – Menga... bizga mikromayoq kerak.

– Nima?

– Oddiy mikromayoq. U iloji boricha koʻzga tashlanmaydigan, keyin magnitli boʻlsa devdim. Ana undan soʻng «Oltin tuzoq» operatsiyasini boshlasak ham boʻlaveradi.

Mayor oʻylab topgan bu tuzoq juda joʻn va ishonchli edi – shaharda qadimiy noyob oltin bezaklar koʻrgazmasini tashkil etish kerak, degan qarorga kelgandi u. Bu ulgurji oʻlja Avtobolani oʻz chigʻirigʻida oʻynatayotgan toʻdaning e’tiboridan chetda qolishi mumkin emasdi. Mayorning rejasiga koʻra, mikromayoq yirikroq bezaklardan biriga yopishtirib qoʻyilar, soʻngra, bu chinqarcha uskunadan tinimsiz kelib turadigan signal yordamida talonchining iziga tushish imkoni tugʻilardi.

– Umuman aytganda, ancha qiziq narsa oʻylab topibsiz, – dedi professor. – Lekin mikromayoqning nima keragi bor? Avtobolani oʻsha koʻrgazmaning oʻzida bemalol

tutib olishingiz mumkin. Masalan, oʻta mustahkam qafas yasab...

– Mana shu yerga kelganda izquvar emasligingizni sezdirib qoʻydingiz, – sigaret kulini qoqayotib gapni ilib ketdi mayor. – Qulfbuzardan koʻra, unga buyruq berayotganlar meni... bizni koʻproq qiziqtiradi. Agar Avtobolani qoʻlga olsak, oʻz boshliqlarining qaerdaligini osongina aytib beradi deb oʻylaysizmi?

Avtobola bilan ochiqchasiga gaplashish uchun eng avvalo uning ishonchini qozonish lozim edi. Aks holda, uni hech qanday kuch bilan hech narsaga majbur qilib boʻlmasligini professor yaxshi bilardi. Uning koʻnglini topish, toʻgʻri yoʻlga solishga esa talay vaqt kerak boʻladi. Lekin, mayor uchun har bir daqiqa gʻanimat, u asosiy jinoyatchilarni tezroq qoʻlga tushirish haqida oʻylayapti. Nega tezroq? Agar shoshilmasa, butunlay kechikishi mumkin. Uning ishi shunaqa.

Kamol Kamtariy andak sukut saqlab turgach, oʻz oʻgʻlining odobsizligidan xijolatga tushgan otadek iymanib, mayordan soʻradi:

– Paxta zavodidan qancha pul oʻgʻirlanibdi oʻzi?

– Hozircha uncha koʻp emas, – «hozircha» degan soʻzga alohida urgʻu berib gapirdi mayor. – Menimcha, Avtobolani shunchaki sinab koʻrishgan boʻlsa kerak.

– Sinab koʻrishgan?

– Ha, bunga ishonchim komil. Agar zudlik bilan oldi olinmasa, Avtobolangiz... kechirasiz, oʻsha temir qaroqchi hali ajabtovur karomatlar koʻrsatishi mumkin... Xullas, mikromayoq qancha tez bitsa, shuncha yaxshi.

Diqqati oshgan professor mayor ketgandan keyin xonada uyoqdan-buyoqqa tinimsiz aylanib yurdi.

Bu qanday gap? Professor Kamol Kamtariy nodir apparatini eng pokiza orzu-umidlar bilan yaratmaganmidi? Nahotki, uning temir bolasi bugun birovlarni muttahamlarcha talayotgan boʻlsa?

Bugun talayapti! Ertaga qotillik qilsa-chi? Unda, keksa olim odamlarga qaysi yuz bilan qaraydi? Men buni istamagandim, uni boshqalar yoʻldan urishdi, deyish bilan oʻzini oqlashi mumkinmi?

«Axir sen juda royishli eding-ku! – alam bilan lab tishladi professor. – Oʻsha kuni koʻzlaring shunaqayam samimiy chaqnagan ediki...»

Oʻsha kun professorning sirayam yodidan chiqmaydi. «Yettinchi sayyora» firmasiga oltin akkumulyator buyurishdan oldin Avtobolani har ehtimolga qarshi sinab koʻrmoqchi boʻldi – uning «tomirlari»ga oʻn ikki voltli elektr tokini yubordi. Xona burchagiga suyab qoʻyilgan, kallasi quyi solinib, oyoq-qoʻli shalvirab turgan Avtobola asta-sekin qaddini rostladi, boshini oʻngu soʻlga burib, xonadagi buyumlarni, al-Xorazmiyning devordagi portretini diqqat bilan koʻzdan kechirdi va nihoyat Kamol Kamtariyga tikilganicha turib qoldi. Professor unga jilmayib boqarkan: «Xoʻsh, ahvollar qalay, Avtobola?» deya uning spiralsimon metalldan mayin qilib yasalgan jingalak sochini siladi, «bardam boʻl, yana bir necha kun sabr qilishingga toʻgʻri keladi», degan mazmunda yelkasiga qoqib qoʻydi.

Avtobolaning barcha qismlari bekamu koʻst ishlayotganiga ishonch hosil qilgan professor kuchsizlantirilgan elektr tokini uzarkan, Avtobolaning qaytadan shalvirab qolganini koʻrib, negadir koʻngli buzildi – hayotga ilk marta nazar tashlash baxtiga muyassar boʻlgan begunoh goʻdakni shu soniyadayoq boʻgʻib oʻldirgandek his etdi oʻzini...

Kamol Kamtariy hozir ana shular haqida oʻylarkan, nigohida gʻurur va cheksiz begʻuborlik aks etib turuvchi Avtobolaning qiyofasi koʻz oʻngida yana bir bor gavdalandi. Xonada uyoqdan-buyoqqa yurishdan toʻxtalib, hozirgina dardchillik yogʻilib turgan nursiz koʻzlarini qattiq yumganicha, joyida qotib qoldi. Shu turishda oʻzicha ma’yus shivirladi:

– Seni nima qilib qoʻyishdi, bolaginam!

Oʻq oʻtmas talonchi

Mamat-millioner kimyogarlar shaharchasidagi doʻkonlardan pul solingan qopchiqlarni yigʻishtirib boʻlib, «Volga» mashinasining orqa oʻrindigʻiga yastanganicha shahar tomonga yoʻl oldi. Toʻgʻrisini aytganda, u hech qanaqa millioner emasdi, oʻrtamiyona maoshini u oydan bu oyga uchma-uch yetkazar, toʻqqiz nafar bolasini yasantirishdan orttirib, oʻzi durustroq kostyum ham sotib ololmasdi. Salkam oʻttiz yildan beri inkassator boʻlib ishlayotgani, qoʻlidan kuniga oʻn ming soʻmlab pul oʻtib turishi tufayli ulfatlari unga ana shunday dabdabali laqab qoʻyishgandi.

Kimyogar shaharcha bilan shahar oraligʻidagi oʻn besh kilometrlik masofada jizgʻanak dashtlik yastanib yotar, hozirda yam-yashil daraxtlar va anvoyi gullarga burkangan shaharchaning oʻrni bundan bir necha yil ilgari xuddi mana shunday tap-taqir joy boʻlganiga kishining ishongisi kelmasdi.

Mamat-millioner bu yovvoyi manzarani, kim biladi, nechanchi bor his-hayajonsiz tomosha qilib borarkan, bugun oʻrtancha qizining tugʻilgan kuni ekanligi birdan yodiga tushdi. Qanday sovgʻa olgani ma’qulligi haqida oʻylab, jagʻini siladi. Lekin, oʻyini oxiriga yetkazish unga nasib qilmadi – bir qoʻlini yuqori koʻtarganicha yoʻl yoqasida gerdayib turgan temir odamni koʻrib, koʻzlari olayib ketdi.

– Toʻxtama! – shofyorning yelkasiga nuqib baqirdi u. – Bu oʻsha! Avtooʻgʻri!

Shofyor koʻproq gaz berib, mashinasini gʻuvillatganicha yoʻltoʻsarning yonginasidan oʻtib ketdi.

– Tezroq hayda! – toʻpponchasini yalangʻochlab, orqa oynakka oʻgirilib olgan Mamat-millioner haydovchini battar qistashga tushdi. – Avtooʻgʻri bizni quvib kelyapti!

Mashina spidometri tobora yuqori tezlikni koʻrsata boshladi: 100... 110... 120... 130...

–Yanayam tezroq! – chinqirdi Mamat-millioner.

Nayzacha soatiga 140 kilometr tezlikni koʻrsatgan vaqtda shaldiroq mashinaning motori ingraganga oʻxshash tovush chiqarib, tunuka devorlar zirillab titray boshladi. Bu eng oxirgi tezlik edi.

Ularga qaldirgʻochdek shitob ila yaqinlashib kelayotgan Avtobola oxiri mashinaga yetib olib, jahd bilan tunuka tomga mushtladi. Tomning lagandek joyi ichkariga botib ketdi. Oʻtakasi yorilayozgan Mamat-millioner issiq havoda oynasi tushirib qoʻyilgan orqa eshikning derazasidan temir qaroqchiga qarata ketma-ket oʻq uzdi. Avtobola deraza girdidan mahkam ushlab olganicha mashina bilan hanuz yonma-yon chopib borarkan, koʻzlarini loʻq qilib, ichkariga moʻraladi.

– Hey, toʻnka! – dedi u oʻdagʻaylovchi qiyofada. – Men bilan yana «urush-urush» oʻynaydigan boʻlsang, moʻylovingni yulvolaman.

Temir qaroqchiga hatto oʻq ham ta’sir qilmaganini koʻrgan Mamat-millioner vahimadan angrayganicha qarshi tomondagi burchakka qapishib qoldi. Avtobola mashinaning oldingi derazasiga oʻtib, bir qoʻli bilan rulni changalladi.

– Toʻxta! – baqirib buyruq qildi u. – Toʻxtamasang, mashinangni burib yuboraman. Ana unda, oyogʻing osmondan boʻlishini koʻrasan.

Shofyor noiloj tormozni bosdi. Avtobola eshikni ochib, qoʻrquvdan dagʻ-dagʻ titrayotgan shofyorni tashqariga sugʻurib olgach, uni yoʻlning narigi chetiga koptokdek uloqtirib yubordi-da, kela solib yana Mamat-millionerga xuruj qila boshladi.

– Daromadni yaxshilikcha buyoqqa choʻzib qoʻy, – dedi u orqa eshikni ochib, temir panjasini tajovuzkorlik bilan ichkariga uzatarkan.

– Jinnimisan?! – qopchiqlarni koʻksiga bosib shangʻilladi Mamat-millioner. – Bular davlatni puli-ku, esi past!

– Kimnikiligi bilan nima ishim bor? – surlanib javob qildi Avtobola. – Pul davlatniki boʻlsa, olmagin deyishmagan menga. Qani, choʻz daromadni.

Mamat-millioner ham boʻsh kelmadi.

– Buning javobgarligi katta, hoʻ, bola, – barmogʻini bigiz qilib, yuqorini koʻrsatdi u. – Oʻzbekiston jinoyat kodeksini oʻqiganmisan oʻzing? Bunaqa qalloblik uchun seni temir-tersakka topshirishadi, hov!

– Kallamni koʻp qizdirma, – Avtobola ichkariga bosh suqib, qopchiqlardagi pullarni xashak yigʻayotgandek gʻijimlab-gʻijimlab, xoʻroz gulli xaltachasiga tiqa boshladi.

– Toʻxta deganda toʻxtamaganing uchun ikkalangniyam chalpak qilib tashlasam boʻlardi-yu, kuchsizlarni oʻldirish mardlikka kirmaydi-da.

U yigʻma zanjirni tortib xaltachaning ogʻzini berkitgach, orqaga tisarilarkan, barmogʻini labiga bosib xoʻmrayganicha dedi:

– Damingni chiqarma! Tsh-sh-sh!

Mamat-millioner es-hushini yigʻib olib, qoʻrqa-pisa ortga oʻgirilgan damda, koʻk xaltali temir qaroqchi dashtni changitganicha «reaktiv tezlik»da ulardan uzoqlashib borayotgandi.

Bu voqeadan keyin Avtooʻgʻri haqidagi mishmishlar shaharda yanayam avj oldi. Kishilar har joy-har joyda toʻplanishib, oʻzaro gap talashishar, ular oʻrtasidagi bahs goho soatlab davom etardi:

– «Volga»ni quvib yetibdi-ya...

– Bir mas’ul oʻrtoqdan eshitdim – soatiga besh yuz bosarmish xumpar...

– Bankning moshinasini shilganidan keyin... Boʻlganicha boʻpqolgandir, a?

– Buni qarangki, varanglatib peshanasidan otishsa, pinaginiyam buzib qoʻymabdi...

– Nima boʻlgandayam, ushlash kerak oʻsha oʻgʻrivachchani...

– Buni endi oʻzing boplarsan, oshna. Yaqin orada «assalomu alaykum» deb derazangdan kirib qolsa, qoʻldan chiqarmaysan-da. Vax-xax-xa, vax-xax-xa...

Pufak momo

Xoldor oʻzining yoshiga nomunosib ravishda oʻta qoʻrs va tajang edi. U chuqur botgan koʻzlarini chaqchaytirganicha kishiga zimdan xoʻmrayib boqar, xiyol doʻrdoq lablarini arazgoʻylik bilan choʻchchaytirib gapirar, achchigʻi kelganda choʻziq qoshlari burni ustida tutashib, doʻng peshanasi xamirturushdek tirishib ketardi. Undagi bu qadar jizzakilik sababini faqat arzandalik, haddan ziyod erka-tantiqlik, atrofidagi shaxslarning badfe’lligidan izlash notoʻgʻri boʻlardi. Tashqi muhit bilan deyarli aloqada boʻlmaslik, harakat doirasining torligi, tengdoshlari bilan quvnab, dil gʻashliklarini dala-dashtga sochib kelish imkonidan mahrumlik; ona mehriga, tabiat ogʻushiga, erk va poyonsizlikka boʻlgan instinktiv tashnalik uning murgʻak asabiga oʻz ta’sirini oʻtkazmay qolmagandi.

Supersur oʻzining shalogʻi chiqqan «Zaporojets»ida (Xoldor uni «qoʻngʻiz moshina» derdi) ba’zan ota-bolani sayr qildirib kelishi hisobga olinmasa, u aytarli koʻcha yuzini koʻrmay katta boʻldi. Faqat, dadasi temir oʻrtoq olib bergandan keyingina (ha, Xoldor Avtobolaga dadasi tomonidan ataylab uning uchun sotib olingan ovunchoq sifatida qarardi), kunlari ancha quvnoq kecha boshladi. Bundaqangi ajoyib oshna bilan oʻynab, kim ham zerikardi deysiz?

Chorbogʻ etagidagi omborxona yonida Avtobolani toychoqdek minib yurgan Xoldor ravotga tutash qurilgan shiypon ostida Supersur mashinasini kavlashtirayotganini koʻrib, dili ravshan tortdi. «Toychoqdan» sakrab tushib, shiyponga kirdi.

– Hey, Super, yana shaharga oborasanmi bizni? – ikkala qoʻlini biqiniga tirab turib soʻradi u.

Motorga yonilgʻi yetib kelmayotganining sababini aniqlolmay xunobi oshib turgan Supersur Xoldorga oʻqrayganicha bir qarab qoʻydi-yu, indamay ishini davom ettiraverdi. Yana picha uymalangach, qoʻlidagi ombirni jahl bilan yerga uloqtirib, shiypon chetidagi supachaga borib oʻtirdi, moyga belangan qoʻllarini irkit lattaga shoshilmasdan arta boshladi.

Xoldor takabbur Supersurning ahvoli tangligini koʻrib, «battar boʻl», deya oʻyladi ich-ichidan quvonib. Keksa ovsar bilan oʻchakishishdan zavq olib oʻrgangan quv bolakay uning yarasiga tuz sepish uchun ataylab haqoratomuz ohangda gap qotdi:

– Yangi moshina olsang oʻlasanmi, kal?

Lekin Xoldor bu safar noumid qoldi. Supersur oʻz odatiga koʻra tutoqib boʻralash oʻrniga unga qiya boqib, mayna qilayotgandek, yasama tirjayish bilan mingʻirladi:

– Shu aqlni dadalariga oʻrgatsalar qalay boʻlarkin?

– Oʻzingdayam mana shuncha til bor, – deya qulochini yozib koʻrsatdi Xoldor, – borib aytaver-da.

– Aytib koʻrganmiz, – siyrak tishlari orasidan «chirk» etkazib tupurib qoʻydi Supersur. – Xoʻsh, xoʻjayin nima deb javob qilganini biladilarmi?

Xoldorning indamay turganini koʻrgan Avtobola, shosha-pisha gap qistirdi.

– Ezmalik qilyapsan, Supersur. Xoʻjayin senga nima deganini Xoldor qayoqdan biladi?

– U kishi, – gap xudo haqda ketayotgandek, ikkala qoʻli bilan osmonga ishora qildi Supersur, – mol-dunyong qanchalik koʻpaysa, shuncha seryamoqroq ishton kiy, dedilar.

– Qanaqa... ishton? – serrayganicha soʻradi Xoldor.

Supersur indamay oʻrnidan qoʻzgʻalib, allaqanday qoʻshiqni xirgoyi qilganicha hovli tarafga keta boshladi.

– Tamom! – dedi Avtobola uning ortidan sinchkov boqib. – Super tamom boʻpti. Miyasi buzilganga oʻxshaydi. Sen moshinadan gapirsang, u ishtondan kelyapti.

Keyin, Supersurning yoʻqligidan foydalanib, ikkalasi mashinani oʻynashga tushdi. Xoldor rulga oʻtirdi, Avtobola uning yonidagi oʻrindiqqa choʻkdi. Xoldor rulni uyoqdan-buyoqqa aylantirib, «dr-r, dr-r», deya ogʻzidan tinimsiz tupuk sachratar, Avtobola esa ora-sira «bip-bibip», deb tovush chiqarib qoʻyardi.

– Moshina tuzalsa, seniyam oʻynatgani oboraylikmi? – rulni algʻov-dalgʻov burashda davom etib soʻradi Xoldor. – Oʻzi kichkina boʻlsayam, juda tez yuradi bu.

– Baribir, mendan oʻtolmaydi, – maqtandi Avtobola.

Temir oʻrtogʻining beqiyos darajada chopqirligidan hanuz bexabar yurgan Xoldor unga koʻzini olaytirib boqdi.

– Jinnimisan oʻzing? Buni qoʻngʻiz moshina deb qoʻyibdi!

– Men bilan hazillashma, – qizishdi Avtobola. – Hakkalab yurganimdayam, bundaqa qoʻngʻizlaringdan oʻtib ketaman, bildingmi!

– Oʻtasan-a, oʻtasan!

– Ke, garov oʻynaymiz, – battar achchigʻlandi Avtobola.

– Boʻpti. Nimadan oʻynaymiz?

– Toʻpponchangdan. Men yutqazsam, fonarimni beraman.

Ular mashinadan tushishgach, Avtobola darvozaning ogʻir temir tambasini osongina chetga olib, Xoldorni tashqariga yetakladi. Ikkalasi chorbogʻning orqa tomonidagi chakalakzordan oʻtishib, adir etagiga chiqib borishdi.

Koʻpdan beri uning havasini keltirib yurgan toʻpponcha nihoyat butunlay oʻziniki boʻlishiga shu topda zarracha shubha qilmayotgan Avtobola «qani, yelkamga min-chi», deya yerga choʻnqaygan paytda, Xoldor qarshisida birdan namoyon boʻlgan cheksizlikka suq bilan boqqan kuyi karaxtlanib qolgandi. U umrida birinchi marta bugun oʻz ixtiyori bilan chorbogʻdan tashqariga chiqqandi va oyoqlari ostidagi boʻrsiq tuproqqa, ana shu tuproqqa jon-jahdi bilan yopishganicha tinimsiz titrayotgan qovjiroq giyohlarga, bu giyohlarning za’faronligidan motamsaro tus olgan qat-qat oʻrkachlarga, oʻrkachlar uzra omonatgina hilvirab turgan oppoq bulutlarga ham endilikda oʻz ixtiyori – erkin nigohi bilan tikilayotgan edi.

– Tezroq boʻlsang-chi, hey! – Xoldorni qistashga tushdi Avtobola. – Min deyapman senga!

Xoldor hushini toʻplab, temir oʻrtogʻining yelkasiga tirmashdi. Avtobola oʻrnidan turib, yaxshiroq oʻrnashdimi, yoʻqmi, bilib olmoqchidek, uni bir-ikki silkib koʻrdi.

– Toʻpponchangdan umidingni uzaver endi!

U shunday dedi-yu, adir oʻrkachlari orasiga yashil kamardek singib ketgan soy tomonga qarab chopdi.

– Qalay, akkumulyatoring poʻkillamayaptimi? – Avtobola yoʻl-yoʻlakay kallasini salgina yonga burib savol berdi.

– Shuyam yugurishmi? – uning qitiq patiga tegdi Xoldor. – Ja borsa, itchalik choparkansan-da.

Avtobola, «unaqa boʻlsa, boʻynimdan mahkamroq quchoqla», deb qichqirdi-yu, tezlikni tobora oshira boshladi. Avvaliga bundan Xoldorning zavqi oshib, «chu, toychogʻim», deya soni bilan uning biqiniga niqtadi. Keyin soy yoqasidagi sarv va qirchinlarning koʻz oldidan borgan sari shuvalashib oʻtayotganidan boshi aylanib, yuragiga vahima tushdi. Oxiri Avtobolaning boʻyniga oʻrgimchakdek yopishib olib: «Toʻxta endi! Boʻldi deyapman-ku!» deb baqirishga tutindi.

Avtobola sekinlay bordi, nihoyat sohildagi shagʻalni toʻzgʻitgudek boʻlib taqqa toʻxtadi. Xoldor uning orqasidan sirgʻalib pastga tushgach, xuddi oʻzi yugurgandek hansirab, yerga oʻtirdi.

– Tuzuk choparkansan, Temirtak, – sir boy bermasdan, parvosiz boqib gapirdi Xoldor. – Ke, endi damingni ol.

Xoldorning unga chin yurakdan qoyil qolmaganini sezib, Avtobolaning gʻashi keldi.

«Bu gʻirromchi bilan ish bitirish qiyin, – oʻyladi u. – Bilib turibman, qoʻngʻiz moshina sendan tezroq yuradi, deb turib oladi hali. Fonarimni olib boʻpsan!»

– Charchaganim yoʻq, – zarda bilan javob qildi u. – Xohlasam, bundanam uzoqqa, bundanam tezroq yuguraman. Nima deb oʻylayapsan meni!

– Maqtanma.

– Gʻirromchi! Surbet! – jazavasi tutdi Avtobolaning. – «Boʻldi endi, toʻxtayqol», deb yalingan kim? Durustroq yugurishga qoʻymading-ku oʻzing.

Xoldorning yana quvligi qoʻzidi.

– Shunaqami hali? Unda, hoʻ anavi oxirgi doʻnglikka toʻxtamasdan borib kel-chi, – qoʻli bilan eng yuksak oʻrkachni koʻrsatdi u.

Avtobola bu gapdan aslo talvasaga tushmadi.

– Nima qipti? Zuv etib boraman, zuv etib kelaman. Keyin, toʻpponchangni berasanmi axir?

– Ha, mayli...

Achchigʻi chiqib turgan Avtobola gʻildiragi ariqchaga tushgan mashinadek ortga shagʻal sachratib, shiddat bilan oʻrnidan qoʻzgʻaldi, uning oyoq harakati amaldagi tezlik bilan mutanosiblashib olgunga qadarlik boʻlgan masofada omoch izini eslatuvchi chuqurcha hosil boʻldi. Temir bolakay ovchi oʻqiga chap bergan ohudek jadal uzoqlashib borar, oʻrkachlar toʻlqini orasida goh koʻzdan yoʻqolib, goh yana yuqoriga balqib chiqar, zum oʻtmayoq uning eng yuksak doʻnglik ustida paydo boʻlishiga shak keltirib oʻtirishning hojati qolmagandi.

«Toʻpponchayam qulogʻini ushlab ketdi, – Avtobola bilan bemavrid garov oʻynaganidan afsuslanib, bosh qashladi Xoldor. – Kattaroq narsadan bahs boylasang, oymomogayam chiqib keladi shekilli bu Temirtak».

Xayoli band boʻlib, soyning muyulish joyida toshlar shaldiray boshlaganini ham eshitmay turgan Xoldor: «Bu yerda nima qilyapsan, oʻy, bacho? Kimsan oʻzing?» degan tovush qulogʻiga chalingandan keyingina, yonga oʻgirildi. Xurjun tashlangan eshak ustida toʻlpoqqina qizchani oldiga mingashtirib olgan qoracha kampir yalpayib oʻtirar, uning boʻrtib chiqqan ola koʻzlari xuddi niqob teshigidan boqayotgandek alohida yiltillab turardi. Eshak ham, eshakning orqa oyoqlari yonidan Xoldorga tajovuzkor koʻz tikkan tumshuqdor koʻppak ham qozonkuyadek qop-qora edi.

– Men bilan nima ishingiz bor? – kampirning bu yerdan tezroq jilishini istab, sovuqqina javob qildi Xoldor. Keyin uning haliveri joyidan jilish niyati yoʻqligini payqab, qoʻshib qoʻydi. – Oʻzingiz kimsiz?

– Ana xalos-o-s! – tizzasiga shapillatib urdi kampir. – Oʻy, bacho, san oʻzimizni mamlakatdanme, yo Farangistondin keldingmu? Shu deparadagi bandayi bejanoza borki, eshagimni hangrashiydin taniydu mani. Pufak mamo degan dono kampirni eshitgan boʻlsang, anqayub armonda qolmaginki, shundoq nishoningda turibman. Yaxshilab salom ber manga.

– Salom... pufak kampir.

– Oʻy, bacho, san oʻylamagin bu mamone semizligi tupaylin «pufak» deydilar deb, – kuyundi kampir. Soʻng quchogʻidagi qizchaga ishora qilib, davom etdi. – Mana shundoq goʻdak edim man, bolalarga pufak sotishne boshlaganimda.

– Pufak deysizmi? – bir kuni navbatdagi sayrga chiqishganda Supersur unga shaharda rang-barang pufaklar olib berganini eslab, kampirga umidvor termildi Xoldor. –

Mengayam berasizmi?

Pufak momo koʻrsatkich barmogʻini boshmaldogʻiga ishqab, pishillaganicha dedi:

– Avval haqqine choʻz, oʻrgulay. Axir choʻntagingda bir-ikkita tanga turgandirki, mandan pufak soʻrab yoʻlimga koʻndalang boʻlding.

Xoldor dastavval koʻylagining koʻkrak choʻntagiga, soʻng baxmal shimchasining kissalariga beixtiyor qoʻl tiqib koʻrdi-yu, birdan boʻshashib, kampirga yana moʻltillab qaradi. Pufak momo esa umrida hatto ignaniyam birovga nasiya bermagandi. Shu tufayli, bolakayda sariq chaqa ham yoʻqligini allaqachon anglagan boʻlsa-da, undan biron narsa undirishdan hamon umidini uzmay soʻradi:

– Hech boʻlmasa, shisha-pishang yoʻqme? Ichmaydimu dadang battol? Man xasis emasman, lokigin...

«Shigʻ-gʻ-gʻ» etgan gʻayritabiiy tovushni eshitib, Pufak momoning soʻzi boʻgʻzida qoldi, bagʻbaqasini yelkasiga tiraganicha oʻng yonboshiga oʻgirildi. Adirni changitib marradan qaytib kelayotgan Avtobola tarafga qoʻlini peshanasiga soyabon qilib astoydil zehn soldi.

– Buyoqqa nima toʻpalon, oʻy, bacho? – mazangcha shevada hayrat izhor qildi u. – Manga moʻljal tortib kelaturgoning poygachi matasepkilme, eshagimdan hid olgan moʻchaxarme?

– Qoʻrqmang, – garchi kampir shu chogʻda oʻzini vazmin tutishga tirishayotgan boʻlsa-da, hali zamon vahimaga tushishi mumkinligini his qilib, oldindan unga dalda berdi Xoldor. – Oʻzimni oʻrtogʻim u.

Ularga daqiqa sayin yaqinlashib kelayotgan Avtobolaning hayratomuz turqi-tarovati aniq koʻzga chalina boshlagach, Pufak momoning birdan ensasi qotdi. Allaqanday yarqiroq narsa qarshisiga kelib, toʻs-toʻpolon bilan toʻxtagan mahalda vasvasaga tushgan eshak shataloq otib irgʻishlay ketdi. Ogʻushidagi qizchani mahkam quchganicha shagʻal ustiga gupillab yiqilgan Pufak momo joni bejo eshakning yuganini hanuz qoʻyib yubormay, oʻz tilida allanimalar deb qargʻanar, kapalagi uchgan qizcha potirlab yigʻlar, qari koʻppak esa tishlarini girak qilib, tinmay irillardi.

– Ol, Qorayaloq! Us-s... – koʻppakka qarab qichqirdi Pufak momo. – Ol-a kish-kish!

Qanchadan-qancha kaltak va siylovlarni boshdan kechirgan, gohida qattiqqoʻl, gohida saxiy bekasining barcha amr-u farmonlarini soʻzsiz bajarib oʻrgangan tamagir it bu safar ham oʻylanib oʻtirmay oʻzini raqibga otdi, lekin Avtobola uning zarbasidan hatto chayqalib ham qoʻymadi. Bundan jahli chiqqan Qorayaloq raqibining toʻpigʻidan tizzasigacha astoydil gʻajib koʻrdi.

Qoqilgan qoziqdek hamon qimir etmay turgan Avtobola koʻppakning xurujini hayron boʻlib kuzatar, «bu nima qilyapti oʻzi», degandek, Xoldorga savol nazari bilan qarab-qarab qoʻyardi.

Qattiq terili notanish mavjudotning quyi qismi bilan boʻlgan jangda ishi oʻngidan kelmagan Qorayaloq nihoyat hujum uslubini oʻzgartirishga qaror qildi: oʻzini chekinayotgandek koʻrsatib biroz orqaga tisarildi-da, kutilmaganda bor basti bilan raqibining boʻgʻziga sapchidi. Koʻppakni havodayoq ilib olgan Avtobola qoʻgʻirchoqni tomosha qilayotgandek, uning uyoq-buyogʻini agʻdarib koʻrdi, bir qoʻli bilan ogʻzini kerib, tish, til va tanglaylarini qiziqib koʻzdan kechirdi, oxiri dumidan ushlab turib, avaylabgina chetga uloqtirdi. Itning gʻingshiganicha uchib borib, yerga muvaffaqiyatsiz qoʻnganidan sarosimaga tushgan eshak bir siltanishda jilovini egasining qoʻlidan yulqib oldi-yu, sira ikkilanmay, oʻzini soyga tashladi.

– Xudo urdi maniy! – qoʻllarini ikkala soniga toʻxtovsiz shapillatib, ayyuhannos soldi Pufak momo. – Eshagim oqde! Xonimonim xurjunda ketdu-u!

Qizcha ham kampirga qoʻshilib, battardan chinqirishga tushdi.

– Muncha dodlaysiz? – kampirga doʻq urdi Avtobola. – Tutib kelaymi eshakni? Shallaqilikni toʻxtating!

– Yo xoliq! – yoqa ushlab, Xoldorga yuzlandi Pufak momo. – Buningniy qoʻl-oyoqlik pechka desam, mani odamday haqorat qildi, – Soʻng Avtobolaning poyiga yiqilgudek boʻlib, yalina ketdi. – Oʻrgulib ketoyin sandan, Choʻyan palvon, qoʻlingdan kelsa, xurjunimni tutib kel. Mandek donoga vafo qilmagan ahmoq xangivachchaniy boshshimga uramanme?

– Boʻpti. Ammo-lekin, endi baqirilmasin.

Avtobola dangal borib, soyga kalla tashladi. Temir oʻrtogʻining shu shoʻngʻiganicha bedarak ketganidan yuragi bezovta tepa boshlagan Xoldor kampirga gʻazabnok yuzlanib, qichqirdi:

– Eshagingdan oʻrgildim! Temirtakni choʻktirding-ku, yalmogʻiz! Kallangni uzvolaman hozir!

Agar Xoldor kattaroq yoshda boʻlganida, ilgarilari unga temir ovunchoq boʻlib tuyulgan Avtobola asta-sekin jonajon doʻstiga aylanib qolganini, endi uning musaffo quvonchi-yu, bezarar injiqliklarisiz yashash deyarli mumkin emasligini ushbu damda butun ong va vujudi bilan anglab yetgan boʻlardi. Koʻzlaridan daf’atan tirqirab chiqqan yosh uning koʻnglidagi ana shu kechinmalarni hech bir izohsiz bayon qilayotgan edi.

– Oʻy, bacho, manda ayb yoʻq, – keng yenglarini bayroqdek hilpiratib, qoʻllarini yoydi Pufak momo. – Oʻrtogʻing jinni boʻlganme? Oʻzi choʻyan boʻlsa, ha endi, choʻmilishni kim qoʻyibde... mana shundoq soyda. – U qoʻlini shop qilib, guvlab oqayotgan soyni koʻrsatdi-yu, birdan quvonch bilan qiyqirib yubordi. – Qara! Hu ana, Choʻyan palvonne boshi koʻrindu. Choʻkmabde yer yutgur.

Xoldor shosha-pisha koʻzyoshini artib, kampir koʻrsatgan yoqqa qaragan pallada, tinmay tipirchilayotgan Avtobola asov toʻlqinlar beshigida lipanglaganicha oqib borayotgandi.

– Qirgʻoqqa qarab suz, Temirtak! Nima qilasan oʻsha eshakni?

Sohil boʻylab beixtiyor yugura boshlagan Xoldor hali gapini tamom qilmay turib, oʻrtogʻi oqib borayotgan joyda suv toʻzoni paydo boʻldi. Xoldorning yuragi hapriqib, angrayganicha toʻxtalib qolgan chogʻda qoʻl-oyoqlarini jon-jahdi bilan ishga solgan Avtobola toʻzon ichidan torpedadek otilib chiqdi-yu, toʻlqinlarni birin-ketin yorib oʻtib, aql bovar qilmaydigan shiddat bilan olgʻa suzib ketdi.

Bir qarashda noʻnoqqina koʻrinuvchi Avtobolaning oʻta universal qilib yaratilganini, jumladan tanasi sof poʻlatdanligiga qaramay, ichki qismi gʻovakligi bois qoʻl-oyoqlarning yengil harakati bilan ham suv sathida oʻzini bemalol ushlab tura olishi mumkinligini Xoldor hali bilmasdi. Sirasini aytganda, bu shovvoz robot hatto uning imkoniyatlari bilan yaqindan tanish boʻlgan kishilarning yetti uxlab tushiga kirmagan moʻ'jizalar koʻrsatishga ham qodir edi.

Temir oʻrtogʻi suzib ketgan tomonga boʻylaganicha angrayib turgan Xoldorning yoniga qizchani yetaklab yetib kelgan Pufak momo hozir va’z aytaman deb ogohlantirayotgandek, ma’nodor tomoq qirdi.

– Yerda matasepkilday chopdu, suvda qilichbaliqday ketdu battol, – yana javrashga tushdi u. Soʻng qaddini egib, Xoldorga shivirladi. – Mani aytdi dersan, bu oʻrtogʻingne shayton bilan aloqasi bor.

Xoldor asta yonga burilib, hamon piqillab yigʻlayotgan qizchaning pahmoq sochini qoʻpolgina siladi.

– Yigʻlama, oʻrtogʻim eshagingni ushlab keladi, – deya ovuntirgan boʻldi uni. – Oting nima?

– Childilagʻ, – hiqillab javob qildi qizcha.

– Gʻildirak?

– Shildiroq! – oʻpkalangan qiyofada gapga aralashdi Pufak momo. – Odamzotne gʻildirak deydilarmu hech jahonda? Bibi Shildiroq bu.

– Vix-xax-xa! Vix-xax-xa! – yana shumligi tutib, kula ketdi Xoldor. – Kim bunaqa ot qoʻydi unga? Bibi Shildiroqmish. Vix-xax-xa!

– Oʻy, bacho, mazaxlama mani nabiramne, – odatiga koʻra qoʻlini shop qildi kampir. – Bu otniy sanga oʻxshagan bezorilar qoʻygan. Man bolalar toʻplansun deb chirmanda urib ashula aytaman, nabiram shildiroqni chalib turadu. Oʻziniy oti Tojixon. Ana, quloqchasini naryogʻida qizil narsase bor.

Xoldor qizchaning boshini burib, qulogʻining orqasida qip-qizil dogʻ turganini koʻrdi.

– Adash ekanmiz-ku, – negadir sevinib ketdi Xoldor va koʻylagining tugmasini yechib, yelkasini koʻrsatdi.

– Mana, mendayam xol bor. Shunga otimni Xoldor qoʻyishgan.

– Unday boʻlsa, nabiramne qulogʻini tishla, – koʻzlarini baqraytirib iljaydi Pufak momo. – Shu qiz katta boʻlsun, keyin uni sanga beroyin.

Bu gapni eshitib, Xoldorning qizchadan asta chekinganini koʻrgan Pufak momo chapak chalib kula ketdi.

– Kuyov qochde! Kuyov qochde! Qoʻrqoq chiqdi kuyov pochchamez!

Xoldorni shu vaqtgacha hech kim bunchalik beayov masxara qilishga botinmagandi. Uning qovoq-lunji osilib, Pufak momoni ikkinchi marta sensiraganicha jerkib berdi.

– Hey, Pufak kampir! Senga ermak boʻpmanmi? Kallangni uzvolmayin tagʻin.

Uzoqdan eshakning hangragan tovushi eshitilib, endigina boshlanayotgan yangi nifoqning avj olishiga chek qoʻydi. Yelkasiga xurjun tashlab olgan Avtobola nihoyat taqdirga tan bergandek, endi itoatgoʻylik bilan odimlayotgan eshakni yetaklaganicha ular tomon odimlab kelayotgandi. Uchalasi beixtiyor uning istiqboliga yurishdi.

– Oʻrgulib ketoyin sandan, Choʻyan palvonim, – uzoqdan quloch yoyib, tinmay javrab borardi Pufak momo. – Sani suvda uchirgon parraklaringdin aylonayin.

Avtobolaning yoniga yetib borgach, uning boʻynidan quchib, yaltiroq betidan qayta-qayta oʻpa ketdi.

– Ana shu eshakne kallasiday tillo berishsin-chi, man baribir uyda oʻtirmayman, – goh Avtobolaga, goh Xoldorga qarab, tushuntirishga tushdi u. – Man erkinman, qayoqni oʻylasam, shuyoqqa joʻnayman. Endi aytgin, eshakdin ayrilsam agar, boshshimga qaro kun tushmaydimu? Eshagim boʻlsin-u, xurjunim boʻlmasin, och qolmaymanmu man battol?

Birozdan keyin ustiga hoʻl xurjun, zilday kampir va uning toʻlpoq nabirasini ortib olgan qora eshak «xr-r, xr-r!», deb qoʻyib, hozircha faqat xoʻjayiniga ma’lum boʻlgan manzil sari qoʻzgʻaldi.

– Beh, itvachcha, beh! – zada yeganidan buyon odamlarga yaqinlasholmay, narida ivirsib yurgan koʻppakka tovush qildi Pufak momo. Yoʻl-yoʻlakay ortga oʻgirilib, ikki

Oʻrtoqqa quvnoq koʻz qisdi. – Qorayaloqne yuzi shuvit. Endi mani koʻzimga qarolmaydu.

Xoldor erksevar kampirning ortidan ancha vaqt parishon termilib turdi. Azbaroyi uyga qaytishga oyogʻi tortmayotganidan Avtobolaning, «ke, orqamga chiq, tezroq bormasak, Superdan baloga qolamiz», degan gapini ham eshitmaganga oldi.

– Muncha tumtayasan? – uning bu holatini navbatdagi muttahamlikka yoʻyib, poʻngʻilladi Avtobola. – Toʻpponchani berging kelmayaptimi deyman? Bilaman-da sen gʻirromchini.

Yoʻq, shu topda Xoldorga toʻpponcha ham, undan noyobroq buyumlar ham, hatto zeb-ziynatga liq toʻla oʻsha hashamdor uy ham kerak emasdi. U anavi paxmoqsoch qizaloqdek, Pufak momoning quchogʻiga oʻtirib olib, qay tomon boʻlishidan qat'iy nazar, uzoq-uzoqlarga ketishni orzu qilayotgandi.

Supersurning siri

Avtobola xayolidagi notanish kishining suratini chizib boʻlib, unga uzoq tikilib turdi, lekin bu odamni qachon, qaerda koʻrganligini aniq eslay olmadi. «Xoʻsh, ahvollar qalay, Avtobola?» degan muloyim tovush uning quloqlari ostida takror va takror yangradi.

– Nimalarni chizding, Temirtak? – Xoldor kela solib rasm daftarni Avtobolaning qoʻlidan yulqib oldi. Yulqib oldi-yu, birdan jiddiylashib, negadir u ham samimiy jilmayib turgan oqsoch kishining suratidan nigoh uzolmay qoldi.

– Bu odamni koʻrganga oʻxshayapman. Kim oʻzi? – soʻradi u beixtiyor yuvosh tortib.

– Bilmadim, – dedi Avtobola. – Menam uni koʻrgandayman-u...

– Dadamdan baldoq-maldoq olgani kelganlardan bittasidir-da.

Avtobola temir kallasini asta saraklatib dedi:

– Yoʻq, men u bilan boshqa joyda koʻrishgandayman. Devorda sersoqol odamning suratiyam bor edi. Bu oqsoch kishi menga hatto gapirgan. Hammasi aniq esimda turibdi.

Xoldor oʻsiq kipriklarini pirpiratib suratga qaytadan razm solarkan, dilida ana shu oqsoch kimsaga nisbatan mehr uygʻongandek boʻldi.

– Bir boʻlsa, mengayam gapirgan, – dedi u oʻychanlik bilan. – Tagʻin, odamning tushida gaplashadigan sehrgar boʻlmasin?

– Tush? Nima u?

Shu payt xonaga loʻkillaganicha Supersur kirib keldi.

– Uxlash kerak, qashqirvachchalar, – gʻingshidi u. Soʻng Xoldorga qarab dedi. – Paqirboshni uyquga yotqizib, oʻzing ham xonangga pistirma qoʻy.

Tashqi eshikning qoʻngʻirogʻi jiringlab qoldi-yu, u yana iziga qaytdi. Birozdan keyin Koʻrshapalak ikkalasi oʻzaro gʻudurlashganicha zargarning ishxonasi tomonga oʻtib ketishdi.

– Oʻziyam uyqum kep qoluvdi, – rasm daftarni yopib esnadi Xoldor. – Qani, karavotingga choʻzil-chi, Temirtak, oldin seni uxlatayin boʻlmasa.

Avtobola imillab odimlaganicha borib, deraza yonidagi maxsus mustahkamlangan poʻlat karavotiga yotdi. Xoldor uning ustiga kelib, chap koʻkrak choʻntakka oʻxshatib yasalgan qopqoqni bamaylixotir ocha boshladi. Qopqoqni ochib, qizil tugmachani bosmoqchi boʻlib turganda Avtobola uning qoʻlini beozorgina nari itardi.

– Sen kirib uxlayver, tugmani oʻzim ham bosib qoʻyaveraman, – deya asta doʻrilladi u. – Ozgina yotay-chi, yaxshiroq oʻylasam, haligi oqsoch kishini qaerda koʻrganim balki esimga tushar.

– Tugmachani-ku bosasan, ammo-lekin qopqoqni qaytib yopolmay qolasan-da, – Avtobolaning peshanasiga dangillatib chertdi Xoldor. – Ehtiyot boʻl, tagʻin ichingga sichqonlar toʻlvolmasin.

Xoldor oʻz xonasiga kirib ketgach (dadasi uning Avtobola bilan bir xonada uxlashiga negadir ruxsat bermasdi), Avtobola yuzini deraza tarafga oʻgirib yonbosh yotib oldi-da, yana oqsoch kishi haqida oʻylay boshladi. Uning koʻz oʻngida oʻsha manzara qayta gavdalandi: moʻjazgina xona... istarasi issiq oqsoch kishi mehribon jilmayganicha unga tikilib turibdi... Keyin u: «Xoʻsh, ahvollar qalay, Avtobola?» deya uning boshini siladi, yelkasiga bir urib qoʻydi... devorda esa sersoqol odamning surati... Ha, kattakon surat... Rangli surat...

Bularning bari, chamasi, juda qisqa vaqt ichida roʻy berdi, shunday boʻlganiga uning ishonchi komil. Faqat, davomini eslolmayapti...

U qaytadan koʻz ochganda, oʻzini zargarning chorbogʻidagi tamoman boshqacha muhitda koʻrib, picha hayratlangani ham yodida. Oʻsha oqsoch kishi kim edi? Hozir qaerda boʻlishi mumkin?

Gʻiyqillab eshik ochildi-yu, Avtobolaning xayoli boʻlindi. Nima haqdadir bahslashganlaricha xonaga Supersur bilan Koʻrshapalak kirib keldi, Avtobola qizil tugmachani bosishga ham ulgurmay qoldi. «Obbo, uygʻoqligimni bilsa, yana ogʻzidan bodi kirib, shodi chiqadi», deya oʻyladi u va Supersurning, «apparating haliyam ishlayaptimi, paqirvachcha», degan gapini eshitib turgan boʻlsa-da, uxlayotgandek jim yotaverdi.

– Tinchibdi durandulet, – deb qoʻydi Koʻrshapalak.

– Xoʻjayin qoʻyib bersa, oʻlsam ham bu bilan bitta xonada uxlamasdim, – gʻudrandi Supersur. – Ba’zan alahsib uygʻonib ketaman-u, arvohdek yarqirab yotganini koʻrib, naq boʻlmasa shaytonlab qolay deyman.

Ular stullarni gʻijirlatib oʻtirishgach, «charsa-churs» qarta oʻynashga kirishdilar. Gohida qartani shunaqayam zarb bilan urishardiki, stol ustidagi shishalar bir-biriga tegib, jaranglab ketardi. Xonani tamaki tutuni va araqning badboʻy isi qamrab oldi. Tez-tez jirrakilik qilib turishiga qaraganda, Koʻrshapalak koʻproq yutqizayotgan edi. Oxiri u stolga qoʻlini shapillatib urib, hoʻkizdek xirilladi:

– Pulim tamom... Oʻynamayman!

Shishadan piyolaga quyilayotgan ichimlikning «qult-qult» tovushi eshitildi.

– Puling sob boʻlsa boʻlgandir, lekin akkangni aragʻi tugamaydi, – Supersurning kayfi nihoyatda oshganligi tilining chuchuklashib qolganidan yaqqol sezilib turardi. – Ma, ich!

– Boshim omon boʻlsa, bunaqa pullardan hovuchlab topaman hali, – chamasi qoqlanib qolgani Koʻrshapalakka alam qilayotgandi. – Lekin sen maxov shu arzimagan chaqalarni deb doʻstingni aldayapsan.

– Ogʻzingga qarab gapir...

– Yengingga qarta yashirib oʻynaysan, tulki. Sezmaydi deysan-da, a? Kallangni choʻrt uzib olmayin tagʻin!

– Mishiqi Xoldorning gapini gapirma, – dagʻdagʻali ohangda pisanda qildi Supersur. – Undan koʻra, ichsang-chi zahringga.

Ichimlikning gʻoʻlqillab yutilayotgani, piyolaning stolga toʻq etkazib qoʻyilgani eshitildi. Ular negadir bir lahza jimib qolishdi. Soʻng Koʻrshapalak: «Hali biz mishiqi Xoldorga teng boʻldikmi», deya poʻngʻilladi.

– Rostini ayt, Supersur, shu bola qaerdan kep qoldi oʻzi? – qamoqda yotgan chogʻida bu xonadonga kelib qoʻshilgan Xoldor bilan qiziqdi Koʻrshapalak. – Uni bolalar uyidan olganmiz, degan gaping gʻirt «xamak». Koʻrshapalak kalla deb tandirdi koʻtarib yurgani yoʻq, baribir hammasini bilib oladi.

– Bilib olganingda, mengayam shipshitib qoʻyarsan. Oʻshanda bitta oshga qarzdor boʻlaman.

– Menga ishonmayapsan-a! – toʻngʻizdek xirqirab oʻdagʻayladi Koʻrshapalak. – Oʻrgildim sendaqa qadrdondan. Men ahmoq seni hurmat qilib, dasta-dasta pul yutqizib tursam-u, sen boʻlsang... E-e-e...

– Obbo! Buni senga nima qizigʻi bor? – qartavozlikdagi doimiy omadsiz raqibidan ayrilib qolishni istamay, biroz yumshadi Supersur. – Xafa boʻlmagin-u, buni aytolmayman.

Koʻrshapalakning tishlari gʻijirladi.

– Qoʻrqasan! – dedi u. – Hoʻ, kimdan qoʻrqyapsan? Zargardanmi? Istasang, hoziroq kirib, oʻsha choʻloqning sayroqi tilini sugʻurvolaman. Nima, usiz kunim oʻtmaydimi? Xohlasam, sengayam tupuraman. Tupuraymi shu joyning oʻzida?

– Karnayingni sekinroq chal-e! – Supersur Koʻrshapalakni jerkib tashlagandek tuyulsa-da, yalinchoqlikka moyil tovushidan pastroq kela boshlagani yaqqol sezilib turardi. – Och mushukka oʻxshab bitta sichqonni deb doʻstlikni oʻrtaga qoʻyaverma-da. Agar bilishing juda zarur boʻlsa...

– Zarur! – gapni choʻrt kesdi Koʻrshapalak. – Men dasturxon atrofida oʻtirgan odamlar doʻstlarimmi, dushmanlarimmi – aniq bilvolishim kerak. Agar birov sendan sir yashirsa, bilginki, oʻsha xumpar ovqatingga margumush solishni moʻljallayapti.

– Obbo, koʻrvachcha-ey! – uni ermakladi Supersur. – Zaharlashga arziydigan odammiding sen. – Keyin jiddiy tarzda davom etdi. – Agar, Xoldorga ja qiziqayotgan boʻlsang...

Bu voqea Koʻrshapalak qamoqda yotgan chogʻlarda yuz bergandi. Eski gʻanimi boʻlmish Kamol Kamtariyning har bir qadamini kuzatib, har bir «muyulish»da unga choh qazishga tirishib kelayotgan Bekxoʻja professorni tuzukroq jarohatlay olmay, koʻp dogʻda yurdi.

Ha, Bekxoʻja Kamolni kechirolmadi. Agar uning taklifini rad etgan kishi yettiyot begona boʻlsaydi, zargar bundan unchalik oʻpkalanib oʻtirmasdi, «vaholanki tugʻma goʻsxoʻr ekansan, tekin luqmani silliqqina yutadigan donolar topilib qolar», deb qoʻyaverardi. Kamol esa, begona emas, sobiq sinfdoshi. Zargar uning yordam berishiga qattiq ishongan edi. Afsuski, ishongan oshnasi uning sazasini oʻldirdi, hamiyatiga tegadigan gap aytdi, ermakladi.

Bir kuni zargar Kamol Kamtariyning nihoyat farzand koʻrganini eshitib qoldi-yu, dilida qoniqishga oʻxshash gʻalati bir his paydo boʻldi. Goʻyoki, nomard doʻstdan olinajak qasos bilan ana shu goʻdak oʻrtasida qandaydir bogʻliqlik bordek edi.

Taajjub! Qanday bogʻliqlik boʻlishi mumkin?

Bekxoʻja miyasida nogahon chaqnab oʻtgan bu ajabtovur oʻylardan oʻsha kuni parvosizgina jilmayib qoʻygandi. Ammo, oradan bir hafta oʻtgach, beixtiyor yana shu mavzuga qaytdi, bunga televizorda hindlarning «Daydi» degan kinosi koʻrsatilishi sabab boʻldi. Kino qahramonlaridan biri – oʻta mashhur talonchi uni qamoqqa tiqqan sudyaning oʻgʻlini bolaligidayoq oʻziga ogʻdirib oladi. Teskari tarbiya koʻrgan bola halol va vijdonli otaning aksi boʻlib ulgʻayadi.

«Manavini oʻch olishning oliy namunasi deydilar! – goʻyo gap machitdagi obdastani oʻmarish ustida ketayotgandek, pinak buzmasdan gʻudrandi zargar. – Oʻzimizdan ishbilgichroq zotlardan tinimsiz tajriba oʻrganib borishimiz kerakka oʻxshaydi».

Bekxoʻja ertasi kuniyoq Supersurni oʻz xonasiga chaqirdi.

– Bu choʻtal dastlabki xarajatlarga, – dedi u xizmatchisiga bir dasta pul tutqazarkan. – Professorning arzandasini tiriklayin olib kelsang, pulni koʻrpa qilib oʻranadigan boʻlasan.

Ancha vaqtgacha bu yumushni uddalashning imkoni boʻlmadi. Faqat navroʻzda Xoʻjamozorga saylga chiqilgan kundagina ish oʻngidan keldi. Qattiq jala quyib, Supersurga tabiatning oʻzi koʻmak berdi-yu, jinoyat sodir boʻlganini hech kim payqamay qoldi.

Qaltis vazifaning haddan ziyod beqiltiriq uddalangani zargarni nihoyatda xursand qildi.

– Bu goʻdakni quruq safsatalar qulligidan qutqarib oldik, – degandi u oʻshanda. – Endi hamma puldor odamlardek tili oʻtkir, qoʻli uzun boʻlib ulgʻayadi.

Oradan koʻp oʻtmay, gazetda professor Kamol Kamtariyning xotini va oʻgʻli tabiiy ofat natijasida fojiali halok boʻlganini bildiruvchi ta’ziyanoma bosildi. Bolani butunlay koʻzdan yashirib yurish, hatto ismini oʻzgartishga ham hojat qolmagandi...

– Bundan chiqdiki, professor anavi duranduletni xumorbostiga yasagan ekan-da? – hiringladi Koʻrshapalak.

– Mana endi bunisiniyam oʻmardik, – yana piyolalarga ichimlik quyilayotgani eshitildi. – Bir vaqtlar professor bilim puldan kuchli deb bizni xijolat qiluvdi. Pul undan koʻp narsalarni yulib oldi. Bilim ish bermayapti.

– Bundoq oʻylab qaralsa, bu shoʻrliklardayam ayb yoʻq, – ziyolilarga hamdardlik bildirdi Koʻrshapalak. – Ularni institutlar buzyapti. Muttaham falsafachilar baxt boylikda emas, halol mehnatda, deb gʻoʻr oʻspirinlarni laqillatishadi.

Yana ancha gaplashib oʻtirishgach, Koʻrshapalak, «soat ham beshdan oshibdi, ozgina agʻanab olaylik», deya bogʻ tarafdagi hujrachaga chiqib ketdi. U chorbogʻda qolgan kunlari oʻsha joyda tunardi. Supersur ayiqdek gursillab oʻz karavotiga yotdi, sal vaqt oʻtib, xonaning shipini titratadigan darajada xurrak ota boshladi.

«Mana, kim ekan oqsoch odam, – tomirlarida elektr zaryadlari joʻshib oʻyladi Avtobola. – Xoldorniyam, meniyam dadam oʻsha kishi ekan-da!»

Unda oʻrnidan irgʻib turib, Supersurni shu yerdayoq boʻgʻizlab tashlash, keyin biryoʻla Koʻrshapalak va zargar bilan ham hisob-kitobni toʻgʻrilab, Xoldorni ularning panjasidan qutqarish, oʻz otasiga qaytarish istagi tugʻildi. Keyin birdaniga fikridan qaytib, oʻzini bosdi.

«Xoldor balki zargarni juda yaxshi koʻrar, – oʻyladi u. – Balki unga boshqa ota kerak emasdir. Yaxshisi, avval oʻrtogʻim bilan gaplashib koʻray...»

Avtobolaning oʻta sermulohazaliligi payti kelib uning fojiasiga sabab boʻlishi mumkinligini professor oldindan koʻra bilganida, pozitron miyani bunchalar murakkab qilib yaratmagan boʻlarmidi.

Xayolga berilgan Avtobola tong yorisha boshlaganini sezmay qoldi. Kalla qismida nimadir tinimsiz gʻuvillab turganini ham endi payqadi. U Supersurning oʻlikdek qotib uxlayotganiga ishonch hosil qilgach, qoʻlini sekingina koʻkragiga olib kelib, qizil tugmachani bosdi. Ammo miriqib uxlash nasib etmadi, tugmacha bosilgandan keyin oradan bir soat vaqt oʻtmayoq shoʻrlikni yana uygʻotishdi. Uning miyasi hanuz gʻuvillab turardi.

Oxirgi topshiriq

Shaharda qadimiy oltin buyumlar koʻrgazmasi ochilishi haqidagi xabarni Bekxoʻja zargar bundan bir hafta oldin gazetda oʻqigandi. Koʻrshapalakning kecha chorboqqa kelishiga sabab nihoyat oʻsha koʻrgazmaning ochilganini xoʻjayinga bildirib qoʻyish edi. Uning gaplari rost boʻlsa, bu koʻrgazmani Xudoyorxonning xazinasi deyish mumkin edi. Ayniqsa, Oqsaroy atrofini qazish chogʻida topilgan mashhur oltin dubulgʻaning oʻzi butun bir olam!

Tungi ichkilikbozlikdan afti tundlashib, qovoqlari shishib ketgan Koʻrshapalak ertalab maslahatni pishitib olishga kelganida ham zargarning fikr-yodi Temurning oltin dubulgʻasida edi.

Suhbat qisqa boʻldi. Bekxoʻja allaqachon bir qarorga kelib qoʻygandi – rejani shu bugun tundayoq amalga oshirgan ma’qul!

– Umuman, koʻrgazma oʻn kundan keyin yopiladi, – shoshilishning nima hojati bor, degan ma’noda izohlab oʻtdi Koʻrshapalak.

Bekxoʻja zargar esa oʻzining olgʻirlik fazilatiga bu safar ham sodiq qoldi:

– Koʻrgazma yana oʻn kun ishlaydi, deb anqayib yurganlar, mayli, dogʻda qolishaversin, – quyuq kipriklarini katta ochib, Koʻrshapalakka tazyiqona tikildi u. –Tirikchilikning oliy qonuni bor: gʻaflatda qoldirmasang, gʻaflatda qolasan! Nima, shaharda bizdan boʻlak kamxarjlar yoʻqmi?

– Boʻpti-da, bugun boʻlsa bugun-da, – qoʻlga kirajak oʻljadan darak berayotgandek, qichisha boshlagan kaftini qashib turib bosh irgʻadi Koʻrshapalak. – Bor gap shumi, xoʻjayin?

Zargar stol burchagidagi yoʻqlagichni oʻziga yaqinroq surdi:

– Hozir Avtobolani chaqiraman. Asosiy gapni gaplashib olganimizdan keyin, miyasini oʻzing alohida pishitasan.

U yoʻqlagich karnaychasi ostida qatorlashib turgan tugmachalardan birini bosib, gapirishga endigina shaylanganda, Avtobolaning kim bilandir soʻzlashayotganini eshitib, jimgina quloq soldi.

« – ...mastlikda Koʻrshapalakka hamma gapni aytib berdi, – kuyunib uqtirardi Avtobola. – Meni uxlayapti deb oʻyladi. Ular ayangni oʻldirishdi. Sen bilan meni dadamizdan tortib olishdi. Endi bilyapman, bular yomon odamlar».

Keyin karnaychadan Xoldorning qichqirigʻi eshitildi:

« – Yolgʻon! Sen yolgʻonchisan, Temirtak! Bilib qoʻy, agar gaping rost chiqmasa, kallangni uzvolaman!»

Endi Avtobola oʻshqirib berdi:

« – Supersurni boʻgʻizlab turib, hammasini boshqatdan gapirtirsam, ishonasanmi? Chaqirib kelib, sayrataymi hozir?»

Rangi birdan boʻzarib ketgan zargar tugmachadan qoʻlini olib, yeb qoʻygudek vajohatda Koʻrshapalakka chaqchaydi.

– Toʻngʻizlar! Ishni rasvo qipsanlar-ku!

Koʻrshapalak norgʻul gavdasiga yarashmagan alfozda boʻyin qisdi.

– Hm... biz... – dedi u gʻoʻldirab, – qayoqdan bilibmiz? Obbo durandulet-ey, motori oʻchmagan ekan-da!

– Avtobolani tezda buyoqqa chaqir, – bir daqiqa mulohazalanib turgach, oʻzicha shoshilinch reja tuzib olib, buyurdi zargar. – Men uni picha chalgʻitishga harakat qilaman. Sen Xoldorni yertoʻlaga tiqqin-u, Supersurni boshlab kel.

Koʻrshapalak halloslaganicha xonadan chiqib ketdi. Zargar telefonning simini pastdan uzib qoʻyib, eshitqini qulogʻiga tutdi. Avtobola eshikdan oʻqrayib kirib kelishi bilan u xuddi suhbatni davom ettirayotgandek, bamaylixotir javrashga tushdi.

– Tushundim. Demak, xotiningizgayam, qizingizgayam bir juftdan qashqarbaldoq. Juda soz, azizginam.

Zargar gap orasida koʻzi bilan imo qilib, kresloga oʻtirishni taklif etgan boʻlsa-da, Avtobola mushtlarini tugkanicha qaqqayib turaverdi.

– Mumkin boʻlsa, xotiningiz bilan qizingizning yoshini aytsangiz, – yolgʻondakam suhbatini davom ettirdi zargar. – Ha, albatta, bu judayam muhim. Biz har qanday bezakni mijozning yoshiga qarab yasaymiz. Iloji boʻlsa, oʻzlari bir kelib ketishsin...

Koʻrshapalak bilan Supersur xonaga kirib kelgach, Bekxoʻja gapni qoq belida toʻxtatib, eshitqini xayr-ma’zursiz joyiga qoʻydi-da, bezrayganicha Avtobolaga yuzlandi.

– Xoldor bilan oʻrtangda hozirgina boʻlib oʻtgan suhbatdan xabardorman, Avtobola, – temir bolakay hali-hozir boshlab qolishi mumkin boʻlgan xurujning dahshatli oqibatidan ortiqcha choʻchimay, bemalol gapirdi u. – Bilaman, dushmanlaring ayni kerak paytda oldingda toʻplanib turganidan suyunyapsan. Lekin, qoʻlingga erk berishdan ilgari soʻzlarimga toqat bilan quloq sol. Sen bu yerga kelib, telefondagi suhbat tugashini kutib turganingda, Koʻrshapalak Xoldorni yashirib qoʻyishga ulgurdi. Endi uni bizdan boshqa hech kim topolmaydi. Ammo, sen topib berishimizni iltimos qilsang, eski ulfatchilik hurmati gapingni yerda qoldirmaymiz.

– Hozir uchalangniyam devorga chaplab tashlayman! – gʻijindi Avtobola.

Koʻrshapalak rangi oqarib, beixtiyor bir qadam orqaga tisarildi. Supersur oyogʻiga qaltiroq kirganini sezdirmaslik uchun bir qoʻli bilan stul suyanchigʻiga tayandi. Zargar esa Avtobolani barmogʻida oʻdagʻaylab, shosha-pisha eslatdi:

– Shuni bilib qoʻyki, bolakay, devorga chaplab qoʻyilgan odam senga yordam berolmay qoladi. Bu degani – qamab qoʻyilgan oshnang ochlikdan oʻlib ketadi!..

Hamlaga shaylangan qoplondek turgan Avtobola bu gapdan keyin sal boʻshashgandek tuyulsa-da, hanuz tajovuzkorlikdan qaytmay, zargarga yaqinroq bordi.

– Qachon qoʻyvorasan Xoldorni?

Bekxoʻja zargar xiyla yengil tortib, kresloga yastanibroq oʻtirdi.

– Arzimagan bir xizmat bor, – dedi u. – Shuniyam bajarsang, Xoldorni oʻsha zahoti qoʻlingga topshiramiz.

– Keyin, menga desa, ikkalang Istambulga ketmaysanmi! – gap qistirdi Supersur.

– Sen akillamay tur! – unga oʻgirilib oʻshqirdi Avtobola. Soʻng yana zargarga yuzlandi. – Mayli, Xoldor uchun nima desang qilaman. Lekin, bilib qoʻy, xoʻjayin,

endi aldoqchilik ketmaydi. Aldasang, ichingdagi uskunalarni pachoqlab tashlayman.

Qanchalar zehnli boʻlmasin, Avtobola oʻz nomi bilan baribir bola edi. Kalla qismidagi mikrokondensatorlar battardan qizib, fikrlash qobiliyati birmuncha susayib qolgan mazkur vaziyatda u qarshisidagi muttahamlarning ikkita tirik guvohni osongina qoʻyib yuborishi mantiqqa zidligi toʻgʻrisida oʻylab oʻtirmadi. Mabodo, buni tushunib yetgan taqdirda ham, hozircha ularning shartiga koʻnishdan boshqa iloji yoʻq edi.

– Nima qilishim kerak? – biroz itoatkorona, ammo gʻazabnok ovozda gapirdi Avtobola.

Endi koʻngli batamom joyiga tushgan zargar Koʻrshapalak bilan ma’nodor koʻz urishtirib olib, odatdagidek keskin va dona-dona qilib dedi:

– Topshiriqni Koʻrshapalakdan olasan. Ishlaringizga aralashib oʻtirmayman, boshqa xonaga chiqa qolinglar.

Ular chiqib ketishgach, zargar Supersurga oʻchkor koʻz qadadi:

– Oxiri tilingdan ketibsan-da, kal?

Supersur oʻshshayganicha lab jimirdi.

– Agar Yer tinchgina aylanib tursa, ertami-indin bu haqda bafurja gaplashib olamiz. – Bekxoʻjaning yuzida aks etib turgan ginaxonlik alomati birdan gʻoyib boʻldi. – Hozir oldimizda juda dolzarb ish turibdi – Avtobola qaytib kelishi bilanoq uni temirlar xudosiga topshirvorish kerak boʻladi. Xoldorni boʻlsa, Avtobola miya aynish kasalligidan

bandalik qildi, deb ishontirishga urinib koʻrasan.

Quduqdagi qorovul

Soat tungi toʻrt...

Bundan bir necha soat ilgari choʻkayotgan kemadagi gʻala-gʻovurni eslatuvchi shahar endi navbatdagi seans tugagan ulkan kinoteatrday boʻm-boʻsh boʻlib qolgandi. Yoʻl yoqasidagi boʻychan simyogʻochlarga oʻrnatilgan sutrang chiroqlarni ham mudroq bosayotganga oʻxshar, trotuar chetidagi bogʻkursilar esa chinorlar ostiga uzala tushganicha qotib uxlayotgandek koʻrinar edi.

Yelkasiga ov miltigʻini osib olgan qorovul uyquni qochirish uchun qadimiy oltin buyumlar koʻrgazmasi binosi oldida tinmay uyoqdan-buyoqqa yurib turardi. Chetdan qaraganda parvosizdek tuyulsa-da, koʻz qirida tevarakni ziyrak kuzatar, biron-bir sharpani e’tibordan chetda qoldirmaslik uchun chor atrofga diqqat bilan quloq solardi.

«Keladigan boʻlsa, tezroq kelgani yaxshiydi, – deya diqqati oshib oʻylardi, koʻrgazma ochilishi bilanoq qorovul rolini oʻynay boshlagan militsiya serjanti. – U kelguncha na menda halovat boʻladi, na tezkor guruh a’zolarida. Ishqilib, talonchilar koʻrgazma yopiladigan kunni moʻljallayotgan boʻlishmasin, yana toʻqqiz kechani mana shunday dildirab oʻtkazishga toʻgʻri keladi. Bordi-yu, robot umuman kelmasa-chi? Shunday boʻlishi ham mumkin-ku? Ha-a, unda...»

Qorovul bir seskanib tushdi. Koʻrgazma binosi yaqinidagi qoʻshchinor ayrisi orasida allaqanday kalla vahimali yarqirab turardi. Bu – Avtobolaning nikellangan poʻlat yuzi edi albatta.

Mayor Ahmedov: «Avtobolani koʻrganda vahimaga tushma, u oʻzidan ojizlarni ortiqcha xafa qilmaydigan mardlardan chiqib qoldi», deb tayinlaganiga qaramay, qorovulning yuragi orqaga tortib ketdi. Yoʻq, xavfli jinoyatchilar bilan boʻlgan olishuvlarda ham zarracha titramagan serjantni qoʻrqoq deb boʻlmasdi. Mislsiz hayajon uni shu kuyga solib qoʻydi – u hayotida birinchi marta temir talonchi bilan yuzma-yuz kelishi edi.

Serjant bir lahzalik hayajonni yengib, darhol oʻzini bosib oldi, yana vazifasini loqaydgina bajarayotgan toʻpori qorovul qiyofasiga kirdi. Hech narsa sezmayotgandek ortga burilib, binoning narigi burchagi sari imillab keta boshladi.

Orqadan tez yaqinlashib kelayotgan qadam tovushi eshitildi. Qorovul keskin oʻgirilgan paytda boʻyniga xoʻroz gulli koʻk xalta osib olgan Avtobola undan bor-yoʻgʻi ikki odim narida turardi. «Mana, qanaqa ekan temir qaroqchi», deya hayrat bilan unga tikilib qoldi qorovul.

– Damingni chiqarma! – barmogʻini labiga bosib, sevimli gapini takrorladi Avtobola. – Miltiqni yaxshilikcha berasanmi?

Qorovul sarosimaga tushgandek picha ikkilanib turdi, keyin qurolini yelkasidan olib, sekingina unga uzatdi. Avtobola miltiqni gugurt choʻpini sindirgandek qoq oʻrtasidan boʻldi-da, trotuar chetidagi ariqqa tashlab yuborib, soqchining orqa yoqasidan tutamladi. Mayor serjantga koʻpdan-koʻp daldalar berganiga, Avtobola ham «qaltirama, kuchsizlarni oʻldirish mardlikka kirmaydi», deya unga hayot va’da qilayotganiga qaramay, bu manzara baribir qoʻrqinchli edi. Uning qarshisidagi talonchiga na sambo usuli, na oʻq bakor kelar, agar u istasa, odamniyam ariqda yotgan anavi miltiqdek osongina «sindirib» qoʻya olardi.

Tashqarida boʻlayotgan ishlarni koʻrgazma binosi qarshisidagi uyning derazasidan kuzatib turgan mayor Ahmedov qorovul rolini bajarayotgan serjant uchun bu daqiqalar naqadar ogʻir kechayotganini yurak-yurakdan his qilayotgandi.

Avtobola qorovulni shaxdam yetaklab kelib, yoʻl boʻyidagi oqavasuv qudugʻining qopqogʻini ochdi. Qorovul buyruqqa boʻysunib quduqqa tushgach, qopqoqni berkitdi, trotuarda qatorlashib turgan gazsuv avtomatlaridan birini xotirjam koʻtarib kelib, qopqoq ustiga bostirib qoʻydi.

– Naqadar puxta ishlayapti azamat! – yonida turgan leytenantga qarab asta shivirladi mayor. – Haqiqiy moʻ'jiza!

Avtobola atrofga bir alanglab, koʻrgazma binosi tarafga yurdi. Yoʻl-yoʻlakay xaltasidan qandaydir sargʻish matoni olib, qoʻltigʻiga qistirdi. Pillapoyadan koʻtarilgach, eshikning qulfini bemalol olib tashlab, birdan ishga tushgan signalizatsiya chinqirigʻiga parvo ham qilmay, shipillaganicha ichkariga kirib ketdi.

Talonchi ishni kutilganidan birmuncha tez uddaladi – oradan ikki minut ham oʻtmay, sargʻish qopchiqni orqalaganicha yana tashqarida paydo boʻldi. Trotuar uni qoniqtirmadi shekilli, katta yoʻlning oʻrtasiga chiqib keldi-da, oyoqlari ostidan uchqun sachratib yugurishga kirishdi. Uning tezligi sekund sayin ortib borib, asfaltdan tobora tezob chalinayotgan nogʻoraning ohangiga oʻxshash tovush tarala boshladi.

Birozdan soʻng shahar jinoyat qidiruv boʻlimi xodimlari va ularga koʻmaklashuvchi qoʻshimcha guruh mikromayoqning signaliga ergashganicha Avtobolaning iziga tushdi.

Avtobola janubiy yoʻnalishda harakat qilib, shahardan jadal uzoqlashib borayotgandi. Lekin, bir necha minut oʻtgach, uning tezligi keskin susayib ketdi. Oxiri butunlay harakatdan toʻxtadi.

– Hozir u oʻn ikkinchi kvadratda turibdi, – mashinaga oʻrnatilgan maxsus asboblarga tikilib, aniq axborot berdi leytenant. – Bu yerda koʻl bor xolos, oʻrtoq mayor.

– Nega toʻxtab qoldiykin? – oʻychanlik bilan qosh chimirdi mayor. – Ma’lum vaqtda uni uxlatish lozimligi hisobga olinmasa, Avtobola umuman charchamaydi.

– Oʻljani koʻlga choʻktirayotgan boʻlmasin tagʻin? – oʻz taxminini aytdi leytenant. – Balki boshligʻi shunday topshiriq bergandir.

Mayor yarq etib leytenantga qaradi.

– Ehtimoldan xoli emas, – dedi tashvishli qiyofada. – Unda, ishim... ishimiz ancha chigallashadi. Mikromayoq ham koʻlda qolib ketadi.

Mikromayoqdan uzluksiz uzatilayotgan signal Avtobolaning qaytadan harakatga kelganligini bildirdi. Guruh uni ta’qib qilishda davom etdi. Temir talonchining yurishi endi ancha sust edi. Oʻn toʻrtinchi kvadratga yetganda yana toʻxtadi.

– Bu kvadratda Bekxoʻja zargar turadigan chorbogʻdan boshqa bino yoʻq, – axborot berdi leytenant.

Bekxoʻja zargarning nomini eshitib, mayor birdan hushyor tortdi, ostki labini tishlab, bir zum nimalarnidir mulohaza qilib turgach, keskin ohangda buyurdi:

– Chorbogʻdan hech zogʻ tashqariga chiqib ketmasligi kerak. Tez, aniq, shovqin-suronsiz ishlaymiz, yigitlar.

Yogʻoch haykalning boshi

Daqiqa sayin kalla qismidagi gʻuvilloq kuchayib borayotganiga qaramay, Avtobola topshiriqni odatdagidek bexato bajardi. Koʻrgazmani qoqlab chiqqach, avvaliga asfaltda juda yengil yugurib bordi, keyin kutilmaganda darmonsizlanayotganini his qildi, tezligi oʻz-oʻzidan kamayib ketdi.

«Menga nima boʻlyapti oʻzi? – taajjublanib oʻyladi Avtobola. – Nega tez yurolmayapman?»

Avtobola oʻzini har kuni uyquga yotqizishlariga shunchaki bir halovat sifatida koʻnikib qolgandi. Uxlatib turilmasa, uzogʻi bilan oʻttiz besh soatdan keyin butunlay ishdan chiqishi mumkinligini mutlaqo bilmasdi. Agar bilganida, bedorligi allaqachon qirq soatdan oshib ketgani hozir uni jiddiy tashvishga solgan boʻlardi.

Bora-bora, u atrofdagi sharpalarni yaxshi eshitmay qoldi, koʻz oldi xira tortgandek boʻldi. Endi uning koʻkrak qismida ham nimadir zirillay boshlagandi. Koʻl boʻyiga yetganda yurishga madori qolmay, tizzalaganicha maysalar ustiga oʻtirdi. U hatto seyfni orqalab kelgan kuni ham ustida yuk borligini deyarli sezmagandi, bu gal esa yelkasidagi yengilgina qopchiq jussasini tobora ezib tushyapti, barmoqlarini toliqtiryapti.

Avtobolaning koʻkrak qismidagi zirilloq kuchayib, boshi battardan gʻuvilladi, koʻz oldi jimirlashib ketdi. U qopchiqni yerga tashlab, boshini kaftlari orasiga olganicha maysa ustiga chalqancha yotib olgan chogʻda, koʻz oʻngida yana oqsoch olimning qiyofasi namoyon boʻldi.

« – Buyoqqa kel, tezroq kelsang-chi, – derdi u Avtobolani mehribonlik bilan huzuriga chorlab. – Seni oʻzim darrov tuzatib qoʻyaman. Men bilan boʻlsang, boshing ogʻrimaydi, koʻkraging ham jizillamaydi, senga doim koʻz-quloq boʻlib turaman. Axir sen... farzandimsan... xuddi Xoldorga oʻxshab...»

– Xoldor! – Avtobolaga birdan quvvat kirgandek boʻldi. – Tezroq bormasam, uni oʻldirishadi! Oʻldirishadi ablahlar!

U oʻrnidan sapchib turib, qopchiqni orqaladi. Oyoqlari oʻz-oʻzidan chalishib ketayotgandek tuyulsa-da, iloji boricha shaxdam odimlab, chorbogʻ tarafga yoʻl oldi.

Boshidagi gʻuvilloq endi azobli sanchiqqa aylandi. Koʻkrak qismidagi mikrosxemadan esa oʻsha sanchiqqa monand ravishda «chirs-chirs» etgan tovush kela boshladi. Yana bir necha minutdan soʻng oʻz hayotida qandaydir dahshatli narsa sodir boʻlishi muqarrarligini shu topda aniq his qilayotganiga qaramay, Avtobola tobora ildamroq odimlashga tirishayotgandi. Xoldorni qutqarish zarur edi.

* * *

Supersur Avtobolani tashqi eshik yonida kutib olarkan, tirjayishga uringandek koʻrinsa-da, sovuq nigohida qabihona bir niyat yalligʻlanib turardi. Bekxoʻjaning xonasiga kirib borayotganida Avtobolaning boshi qattiq sanchib, gandiraklab ketdi. Bu sanchiq tinimsiz davom etayotganiga parvo qilmay, zargarga yaqin borib, oʻljani stolga agʻdardi. Tilla bezaklarning bir qismi stoldan toshib, polga sochildi, qopchiq tubidagi oltin dubulgʻa esa daranglaganicha yumalab, zargarning quchogʻiga tushdi.

– Xoldor qani? – gap goʻyo zargarning choʻntagidagi buyum haqida borayotgandek, unga kaftini choʻzib soʻradi Avtobola.

Qoʻlidagi dubulgʻani avaylab siypalay boshlagan zargar xotirjam javob qildi:

– Darvoqe, va’da bergandim. Bilaman, doʻstlikning buzilishi u yoki bu tomonning beburdligidan boshlanadi. Vaholanki, doʻstligimizcha qolmoqchi ekanmiz...

– Gapni choʻzma! – oʻdagʻaylovchi tovushda jerkib berdi Avtobola. – Xoldorni hoziroq koʻrsat. Vaqtim ziq, tushunyapsanmi?

– Buncha shoshasan? Oshnang maza qilib uxlab yotibdi, – deya gap qistirdi boyadan buyon sogʻ koʻzini tilla buyumlardan uzolmay turgan Koʻrshapalak.

Eshitish qobiliyati susayib ketgan Avtobola chetdan kelgan bu xirqiroq tovushga e’tibor bermay, zargarning koʻziga qattiqroq tikildi.

– Ber deyapman Xoldorni! Agar hoziroq bermasang...

Bekxoʻja oldidagi yoʻqlagichning tugmalaridan birini bosib, uni Avtobola tomon surdi.

– Avval oʻgay akangga bir tovush qilib koʻr-chi. Uxlagisi kelmayotgan boʻlsa, mayli, darrovda olib chiqishadi.

Avtobola stol oldida doimo koʻndalang turadigan kresloga oʻtirib, yoʻqlagichning karnayiga egilganicha bor tovushda qichqirdi:

– Xoldor! Akajon! Uygʻoqmisan? Meni eshityapsanmi? Gapimni eshityapsanmi, aka?

– Bu senmisan, Temirtak? – karnaydan Xoldorning shodon, lekin odatdagidan xastaroq tovushi keldi. – Meni yertoʻlaga qamab qoʻyishdi, oshna. Qorongʻida oʻtiribman. Suv ichgim kelyapti.

– Hozir olib chiqishadi seni. Xohlasang, bir boʻchka suv ichasan. Keyin dadamizning oldiga ketamiz. Avval seni yertoʻladan...

Avtobola gap bilan boʻlib, Supersurning xona burchagiga oyoq uchida yurib borganini ham, oʻrta asr kamonchisi qiyofasidagi yogʻoch haykalning kallasini chapga buraganini ham sezmay qoldi. Haykalning boshi buralishi bilan kreslo old tomonga munkib, Avtobola undan sirgʻalgan asno chuqur oʻraga tushib ketdi.

Dangʻillaganicha oʻraning tubiga kelib urilgan Avtobola hali es-hushini yigʻib ulgurmay, tepadagi qopqoq yopilib, zimistonda ivirsib qoldi.

– Ablahlar! Yaxshilikcha tortvolinglar meni! – qoʻllarini yuqoriga koʻtarib, qopqoq sari jon-jahdi bilan sakray boshladi u. – Baribir bu yerdan chiqvolaman. Chiqsam, hammangga yomon boʻladi. Tortvolinglar deyapman yaxshilikcha!

Bu mahal uning boshidagi sanchiq chidab boʻlmaydigan darajada zoʻrayib, koʻkrak qismidagi charsilloq ovoz yanada kuchaydi. Sakrashdan toʻxtab, boshini changallaganicha bemajol turib qoldi. Soʻng asta-sekin choʻka borib, oxiri gʻujanak boʻlib yotib oldi.

«Bu odamlar qanaqa maxluq oʻzi? – qattiq azobdan titrab, alam bilan oʻyladi u. – Ularga nima yomonlik qildim? Nega meni bunchalik qiynashyapti?»

Uning koʻz oʻngidan Bekxoʻja zargarning tajovuzkor nigohi, Koʻrshapalakning qabihlik aks etib turuvchi tund basharasi, Supersurning sovuq tirjayishi kino tasmasidek sharillab oʻtdi. Keyin oq sochli kishi dilkashlik bilan uning oldiga kelib, yelkasidan achomlayotgandek boʻldi. Yertoʻlada qolib ketgan Xoldor: «Suv ichgim kelyapti, oshnajon!» deb qichqirgandek tuyulgan damda Avtobola sapchib oʻrnidan turdi. Shu sapchishda oʻraning tosh devoriga shiddat bilan urilib, bir daqiqa haykaldek qotib qoldi, soʻng shalviraganicha yerga yiqildi, boshqa qimirlamadi.

Uning ochiq qolgan munchoq koʻzlarida mislsiz azob, borliqqa nisbatan hadik izlari yaqqol aks etib turar va bu koʻzlar: «Erkimni himoya qilolmas ekansan, nega meni yaratding?» degan savolni tinimsiz takrorlayotganga oʻxshardi.

Ha, yaratishda unga baxt va’da qilishdi, yaralgandan soʻng ayovsiz aldashdi, aldovga qarshi bosh koʻtargani uchun oʻldirishdi. U odamlar bilan yashab koʻrdi, lekin odamlarga tushunolmadi.

«Avtobola qani?»

Supersur yogʻoch haykalning kallasini toʻgʻrilab qoʻyishi bilan oʻra ustidagi qopqoqqa mahkamlangan kreslo avvalgi holatiga qaytdi. Avtobolaning birdan jimib qolgani Xoldorni shubhaga soldi, yoʻqlagichdan uning hayajonli tovushi taraldi: «Temirtak! Qaerdasan, oshnajon? Nimaga indamayapsan?..»

Koʻrshapalak qiyshiq burnini yoʻqlagichga tekkizgudek boʻlib xirqiradi:

– Tashvish tortmasinlar. Xolavachchasini koʻrgani ketdi oʻsha durandulet. Ve-xa-xa...

– Uni nima qilding, egriburun? – tovushi qaltirab qichqirdi Xoldor. – Temirtakka tegma! Qarab turgin, kallangni uzvolaman hali!

Koʻrshapalak yoʻqlagichni oʻchirib, gʻudirladi:

– Olimvachchaniyam axloqi buzilib boʻpti-ku. Betamizgina bezori chiqardi bu uying kuygurdan.

Avtobolani hibsga olib, nihoyat koʻngli taskin topgan Bekxoʻja endi Temurning oltin dubulgʻasini oʻyinchoqparast boladek zavq-shavq bilan tomosha qilib oʻtirardi.

– Bir paytlar deyarli butun Yevropani shaxsiy tomorqasiga aylantirgan turk sultoni yeldirim Boyazid ham mana shu dubulgʻaning egasi oldida bosh egkan, – jahongirlik shu damdan e’tiboran uning qoʻliga oʻtgandek faxrlanib soʻzladi Bekxoʻja.

Oʻraning niqoblangan qopqogʻi qanchalar zich yopilgan boʻlmasin, pastdan Avtobolaning nimadir deb qichqirayotgani elas-elas quloqqa chalindi. Birozdan soʻng uning qattiq dangʻillab oʻra devoriga urilgani eshitildi. Shunday qattiq urildiki, xona shipidagi qandil chayqalib, deraza oynalari zirqirab ketdi.

– Kamol Kamtariy jannatga kirgur muxbirchani laqillatmagan boʻlsa, Avtobola tez orada olamdan oʻtishi kerak, – bu safar sadaf qadalgan tilla zebigardonni koʻzdan kechirayotib, Supersurga qiyalab boqdi zargar. – Hay, mendan nima ketdi, uning oltin yuragini Koʻrshapalak ikkoving boʻlishib ola qolinglar.

Bu vaqtda Avtobola allaqachon oddiy temirga aylanib qolganidan u hali bexabar edi.

Toʻsatdan eshik zarb bilan ochildi. Xonaga yosh leytenant boshliq toʻrt nafar militsioner otilib kirdi.

– Qoʻlingni koʻtar hammang! Hech kim joyidan qimirlamasin! – buyurdi leytenant.

Ular qoʻlga tushganlarni tintishayotganda xonaga mayor Ahmedovga ergashganicha Kamol Kamtariy kirib keldi.

– Voh, chayon! – Bekxoʻjaga oʻqrayib koʻz qadadi professor. – Meni chaqayotgan sen ekansan-da?

– Seni qaqshatgan men emas, pullarim! – vaziyatdan ortiqcha sarosimaga tushmay, bamaylixotir kesatdi Bekxoʻja. – Azamat pullarimning qudratiga tayanib, seni qoʻgʻirchoqdek oʻynatib keldim. Aziz narsalaringni tortib oldim.

– Toʻgʻri, pul bilan koʻp qabihliklar qilding, ammo gʻolib chiqolmading.

Bekxoʻja istehzoli jilmayib qoʻydi:

– Kechirasan, azizginam. Men shaxsan sendan magʻlub boʻlganim yoʻq. Seni anavi xaloskorlaring gʻolib qilishdi. Chunki ularga keraksan.

– Ha, xalqimga bundan keyin ham kerak boʻlaman.

– Xalqimga? Sizlarga kerakmanmi, yoʻqmi deb soʻrab koʻrganmisan xalqingdan? Balki ularga sen yaratayotgan moʻ'jizalardan noyobroq narsa zarurdir?

– Kishilarga nimaiki zarur boʻlsa, ilm-u fan ertami-kech hammasini yaratib beradi.

Bekxoʻjaning qiyiq koʻzlari battar qisildi:

– Yoʻq! Olamda shunaqa narsalar borki, ularni laboratoriyalarda yasab boʻlmaydi. Koʻz oʻngimda qanchadan-qancha jahonshumul kashfiyotlar qilindi, lekin biron-bir kashfiyotchi menga ota yasab berolmadi. Bolalik, oʻspirinlik davrlarim mungʻayish, farzandini erkalatib turgan otalarga ichikib termilish bilan oʻtdi. Sen buni tushunasanmi, olim?

– Kechirasan, otangni bu yurtdan men haydaganim yoʻq.

– Sen haydading nima-yu, seni xudong haydadi nima? Sen bitta otamnimas, ollohimniyam yuragimdan sugʻirib olding, oʻrniga oʻzing sigʻinayotgan soxta xudoni tiqishtirmoqchi boʻlding. Lekin, mehribondan mehribon yaratguchisi osmondaligini bir marta zavqlanib eshitgan odam, hatto uning borligiga ishonmay qoʻyganidan keyin ham, yerda yasalgan xudoni baribir tan ololmas ekan. Oxiri, oʻzimdan tangricha yasab, jannatimni shu dunyoga koʻchirdim. e’tiqod arosati menga toʻgʻri kelmadi... Xullas, kimligimni bilaman. Ammo, sen-chi? Bu olamda nima qilib yuribsan oʻzi?

Kamtariy, odatdagidek, shoshmasdan javob qilishga hozirlanayotgan chogʻda, mayorning sabri tugab, mavzuni maqsadga burdi:

– Gapni chuvalama, tullak! Avtobola qani?

Bekxoʻjaning professorga tikilgan koʻzlaridagi qahr va achinish qorishmasi, u mayorga yuzlanayotgan damda, birdan ifodasini oʻzgartib, masxaraomuz tus oldi.

– Avtooʻgʻrini aytyaptilarmi? – deya bezrayib piching otdi u. – Hammomga ketuvdi shekilli...

Professorning koʻngli qandaydir noxushlikni his etib, qiyofasini bezovtalik qopladi:

– Nega tirjayasan? Qani Avtobolam?

Oʻzi uchun endi hamma narsa tugaganini sezib turgan Supersur Bekxoʻjadan ham, Koʻrshapalakdan ham tap tortmay, zaharxandalik bilan shangʻilladi:

– Galvars ekansan, professor! Kallasi paqirdan yasalgan oʻsha temirni boshingga urasanmi? Undan koʻra, oʻgʻlingni surishtirsang-chi!

Kamtariyning yuragi koʻkrak qafasini sindirgudek irgʻishlab, nafasi boʻgʻziga tiqilgan kuyi, keksa talonchiga dong qotib boqdi:

– Oʻgʻlim? Q... qanaqa oʻgʻil?

– Ombordagi yertoʻlada kalla uzishga ishqiboz bir bola yotibdi, – endi qoʻllaringdan nima kelardi degandek, avval Bekxoʻjaga, soʻng Koʻrshapalakka bir-bir xoʻmrayib olib, gapida davom etdi Supersur. – Men senga aytsam, professor, oʻsha bolaning oti Xoldor. Oʻng yelkasida yarim oyga oʻxshagan xoli bor.

Professor hayajondan qaltiray boshlagan qoʻllarini Supersur tarafga choʻzib, nimadir demoqchi boʻldi-yu, soʻzga ogʻiz juftlagan mahalda birdan gandiraklab ketdi. Mayor chaqqon sakrab kelib, uning qoʻltigʻidan ushladi. Kamol Kamtariy allaqachon hushini yoʻqotgandi.

Tirilib qaytgan oʻgʻil

Oradan bir hafta oʻtgach, mayor Ahmedov professor bilan yana suhbatlashib qoldi. Bu safar ular tasodifan uchrashdilar.

Oʻsha kuni yomgʻir shivalab turgandi. Shaxsiy avtomashinasida ishdan qaytayotgan mayor Fanlar Akademiyasi yonidan oʻtib borayotib, bekatda turgan Kamol Kamtariyga koʻzi tushdi. Mashinani toʻxtatib, qiya ochiq oynadan unga tovush qildi:

– Oʻrtoq professor! Kamol aka! Kelavering, oʻzim tashlab oʻtaman.

Professor mashinaga oʻtirgach, mayor bilan qirq yillik qadrdonlardek iliq koʻrishdi.

– Xizmatchi mashinam bugun texnika koʻrigidan oʻtayotuvdi, – yayov qolganligidan xijolat tortayotgani yuzidan sezilmagan boʻlsa-da, harholda izoh berib qoʻydi professor. – Oʻchakishgandek, akademiyadan majlisga chaqirib qolishdi.

Ular ancha joygacha u-bu narsalar haqida soʻzlashib bordilar. Lekin, baribir, gap shu damda ikkala taraf ham negadir eslashni unchalar xushlamayotgan eski mavzuga borib taqaldi.

– Ishqilib, Xoldorbek bilan ahilmisizlar endi? – deb soʻradi mayor.

– Unchalar emas, – deya hazilomuz ohangda javob qildi professor. – Avtobolani tezroq tuzatib berishimni talab qilib, mendan arazlab yuribdi. Agar tuzatib bermasam, kallamni uzib olarmish.

Mayor qah-qah otib kulib yubordi.

– Obbo shumtaka-ey! Uni odam qilguncha hali ancha terlaydiganga oʻxshaysiz. Mabodo mendan... bizdan yordam kerak boʻp qolsa, tortinmaysiz-da.

Professor bir muddat jimib qoldi.

– Bilasizmi, birodar, – baxtiyorlik uchqunlari chaqnayotgan koʻzlarini mayorga qadab, ohista gap boshladi u. – Shu keyingi hafta ichida oʻzim ham yosh bolaga oʻxshab qoldim. Xuddi yangitdan tugʻilib, hayot lazzatini endigina totib koʻrayotgandayman.

– Tushunib turibman, – bosh irgʻab qoʻydi mayor. – Oʻldiga chiqarilgan farzandingiz qariyb olti yildan keyin tirik qaytib kelsa-yu... Bunaqada odamning yuragi yorilib ketishiyam hech gapmas.

– Ha! – shu topda bahri-dili ochilib ketganini yashirib oʻtirmay, koʻksini toʻlatib shavq bilan havo simirdi professor. – Bu shunaqa bir baxtki, dunyodagi hamma xazinalarni garovga qoʻyib ham ataylab sotib ololmaysiz.

Mayor ma’nodor yoʻtalib, qovoq-lunjini osiltirishga harakat qildi. Soʻng Kamol Kamtariyga koʻz qirida quvlik bilan boqib dedi:

– Haddingizdan oshmang, hurmatli professor. Menimcha, pul baribir kuchli.

Professor yarq etib unga oʻgirilgan paytda oʻzini bazoʻr jiddiy tutib turgan mayor salgina piqirlab kuldi-yu, ikkalasi biri qoʻyib, biri «ho-ho»lay ketishdi. Ular chinakam insoniy mehr-oqibatning, vijdon va insofning, gʻurur va iffatning, e’tiqod va tafakkurning ustidan hech qachon hukmron boʻla olmaydigan shoʻrlik pulni, ana shu shaldiroq qogʻozga sigʻinishgacha borib yetgan xokisor bandalarni yayrab-yayrab ermak qilishayotgandi.

Mayor mischaqmoqni chiqirlatib, hozirgina labiga qistirgan sigaretni yoqqach, tutunni darcha tarafga puflayotib soʻradi:

– Harqalay... Avtobolani tiklash mumkinmi?

– Mumkin, – ishonch bilan bosh silkidi Kamol Kamtariy. – Unchalik qiyin joyi yoʻq.

Mayorning yuzi birdan quvnoq tus oldi.

– Unday boʻlsa, Xoldorning oldida boshingizni garovga qoʻyib yurasizmi? Tuzatib beraqoling temir oshnasini.

Professor suhbatdoshining koʻngli uchun salgina tabassum qilgan boʻldi-yu, keyin qiyofasi yana tundlashdi.

– Bundan nima foyda? – afsusnamo qoʻl siltab qoʻydi. – Uning miya qismidagi toʻqimalar erib, xotiralari tamoman kuyib bitgan. Ta’mir qilingan robot butunlay boshqa Avtobola boʻladi. Eski tanaga yangi bosh ulangandek gap. Xoldorga boʻlsa, avvalgi oʻsha qadrdon Avtobola kerak.

Mayor yumshoqqina tormoz berib, mashinani yoʻl chetiga toʻxtatdi. Ular professor yashaydigan hovli yoniga yetib kelishgandi.

– Endi peshayvonda oʻtirib bitta choy ichsak, – deya uni ichkariga taklif qildi professor.

– Biryoʻla ziyofatga kelarman, – jilmayib qoʻl uzatdi mayor. – Oʻgʻlingizning tugʻilgan kunini nishonlaydigan boʻlsangiz, bizgayam bir yoʻtalib qoʻyarsiz.

Ular qattiq qoʻl qisishib, doʻstona xayrlashishdi.

* * *

...Kitobxon doʻstim, chamasi, bizning ham xayrlashadigan vaqtimiz kelganga oʻxshaydi. Faqat, ikkalamiz ikki tarafga qarab yoʻl olishdan oldin, bir narsa xususida kelishib olsak degandim. Zero, dunyoda orqadan aytiladigan ta’nadan yomoni yoʻq.

Balki fizikdirsiz, Avtobolaning ichki va tashqi tuzilishi bilan bogʻliq gaplarimdan talaygina xato toparsiz. Avvalo, shuni ta’kidlab oʻtishim lozimki, qoʻlimga qalam olayotib, ilmiy maqola yozishni aslo maqsad qilmaganman. Qolaversa, muqaddimada aytganimdek, bu voqeani mashhur kibernetik olimdan emas, oddiy bir sartaroshdan eshitganman. Keksa sartarosh bilan oʻrtamiyona yozuvchidan bundan ortiq nimaniyam kutish mumkin?

Xullas, gap shu: mabodo, bu qissa koʻnglingizga manzur boʻlmasa, hamma aybni Toshmat sartaroshga agʻdarishimizga toʻgʻri keladi; bordi-yu, sal-pal yoqib qolsa, mayli, barcha maqtovni oʻz gardanimga olganim boʻlsin.

1981-1985-yillar,
Oltiariq – Toshkent


Hikoyalar - Futbol Tupining Sarguzashtlari (Olti Taymli Hangoma)

Katakka koʻmilgan tangalar

Keling, maktabda oʻtilmay qolgan badantarbiya darsi hisobidan avval bir dumalashib olaylik, keyin salqinroq joyni topib, bemalol vaqillashaveramiz. Hatto, yurakdan chiqarib tinimsiz bidirlash uchun ham, gapni erinmay tinglab oʻtirish uchun ham katta jismoniy tayyorgarlik kerak. Badanni qizitib olsak, boshimdan oʻtgan gʻaroyib hangomalarni aytib men toliqmayman, eshitib siz charchamaysiz.

Qani, darvoza tomonga qarab yana bir-ikki yumalashaylik-chi. Buning uchun oldin meni teping, soʻng bironta polvonroq odam sizning ketingizga gupillatsin. Qarabsizki, ikkalamiz ham ketma-ket uchib boryapmiz-da!

... Hadeb ketingizni silayvermay, endi gapimni eshiting. Xullas, meni doʻkondan Akmal qora degan istarasi issiqqina bola sotib oluvdi. U, oʻsiq kipriklarini pirpiratib, «anavi sarigʻini choʻzing-chi», deya meni koʻrsatganida, oʻsha kuni shunaqayam sevinib ketdimki, agar sizning ham damingizni chiqarib, besh yarim oy peshtaxtaga tashlab qoʻyishsa, chekkada jim yotishga majburlik qanchalar iztirobli ekanligini tushunib yetgan boʻlardingiz. Mabodo, futbol darvozasining ustuni shuncha vaqt bekor tursa, diqqatpazlikdan «Bor-e!» derdi-da, shartta shox chiqarib, barg yozvorardi. Bu ustun mevali daraxtniki boʻlsa, shu topda siz uning tepasiga chiqib, olma yoki nashvati yeyishni boshlab yuborardingiz, albatta.

Endi ishim yuribdi-yu, daryoning suvi quribdi, deganlaridek, qulogʻi ogʻir doʻkonchi quvonchimni bir zumda chippakka chiqarayozdi – u oʻng yonimda tarvuzga chatishtirilgan pomidordek qip-qizarib turgan qorindor toʻpni olib, bolakayga uzatdi. Birdan ichikib, battar shalvirab qoldim. Nima, aybim qizil boʻlmaganimmi?

Chap biqinimda burishib yotgan bokschilar qoʻlqopi garang doʻkonchidan achchiqlanib: «Shu masovning qanshariga qaratib tortvoraymi hozir!» – deya gʻijinib qoʻydi.

Shu payt bir umr yodimda qoladigan voqea yuz berdi – Akmalvoy haligi qizil poʻstakka qayrilib ham qaramay, barmogʻini toʻpponcha qilib, ikkinchi bor meni koʻrsatdi:

– Anavinisini uzating dedim-ku sizga! Sariq toʻpni oydinda ham oʻynasa boʻlaveradi. Qizilni pishirib yeymanmi?

Doʻkonchi meni burun jiyirganicha olib, Akmalning oldiga uloqtirdi.

Shunday qilib, doʻkondan qutuldim-u, koʻp oʻtmay, Akmal qora yashaydigan hovlida paydo boʻldim. U akasining velosipedidan damlagichni olib, meni ishiraverdi, ishiraverdi, ishiraverdi... Rostini aytsam, bundan oʻzim ham juda qoʻrqib ketdim: shunaqada biron joyimdan salgina chokim soʻkilsa bormi, boʻmbadek «gumbir-r» yetib yorilaman-u, suvga tushgan telpakdek bujmoq boʻlaman-qolaman.

Akmal qora akkashni damlab boʻlib, tanamdagi changlarni koʻylagining yengida artib turganida, uydan chiqib kelgan ayasi meni koʻrib, toʻsatdan rangi oʻchdi.

– Bu toʻpni qaerdan oʻgʻirlading, hoy? – deb oʻgʻliga doʻq urdi u. –Dadangga aytuvdim-a, bu bolani ortiqcha taltaytirmang, deb. Mana, xonadonimizni oxiri sharmanda qilding!

Bolakay qalin qoshlarini kergan kuyi, bamaylixotir javob qildi:

– Bunaqa zoʻr toʻpni qaysi ahmoq oʻgʻirlatib qoʻyarkan? Maktabda ovqatlanishimga pul berarmidingiz, berardingiz. Oʻsha pullardan har kuni bir-ikkita tanga orttirib, katakka koʻmib yuruvdim. Oldiniga-ku meni tovuq qiynadi, endi siz bormisiz?

– Qanaqa tovuq? – battardan shangʻillab berdi Akmalning ayasi.

Oʻziyam juda qiziq ish boʻlgan ekan-da. Buni alohida gapirib bermasam, «paq» etib portlab ketaman shekilli. Ichimda gap saqlashga sira chidolmayman.

Qarangki, Akmal qora nafsini qahramonlarcha tiyib, ovqatdan tejagan tangalarini erinmasdan katakka koʻmib yuraveribdi. «Xazina»si moʻljaldagiga yetib qolganida, uni kavlab olish uchun katakka kirib qarasa, chipor tovuq tuxumlarini tangalar koʻmilgan joyning ustiga toʻplab, soʻppayib bosib oʻtirganmish. Surbetlik bundan ortiq boʻladimi? Bunaqa molparast tovuq oʻz vaqtida tartibga solinmasa, oqibati chatoq tugaydi. Bugun tangalarning ustida joʻja ochgisi kelibdimi, yanagi safar tuxumini toʻppadan-toʻgʻri xonadon mulki saqlanadigan sandiqning ustiga qoʻyadi. Shundayam birov indamasa, keyingi gal davlat bankidagi pul omborini ochib bermasang, tuxum bosmayman, deb turib oladi. Faqat oʻz huzurini oʻylaydigan tovuqlar yoki tovuqfe’llar koʻpaygan mamlakatda esa hech qachon futbol rivojlanmaydi. Chunki, sport bilan maishat tamoman boshqa-boshqa narsalar.

Dunyoda tovuqni qiyratishdan oson narsa yoʻq – dum tarafiga bitta changal solinsa bas, avvaliga qoqogʻlab uchib koʻradi, soʻng parragi buzilgan uchoqdek gupillab yerga tushadi-yu, uyogʻiga piyoda qochadi. Akmal desangiz, oʻzi qora boʻlsayam, nihoyatda oqkoʻngil bola ekan, gunohsiz joʻjalarning taqdirini oʻylab, yigirma kundan ortiq toqat qilib yuraveribdi...

Meni sotib olgunicha talay azob-uqubatlar chekkanini eshitib, Akmalni yanayam yaxshi koʻrib qoldim. Agar oʻzbek futbolchilarining loaqal oʻndan biri toʻpga shunaqa mehr qoʻya olsaydi, «Paxtakor»ning nomini eshitganda, hatto «Borussiya»ni bezgak tutadigan boʻlardi.

Men qornimni ishirib mamnun turganimda, qulogʻimga: «Oʻ-hoʻ! Toʻp juda qoyilmaqom-ku!» – degan jarangdor tovush eshitildi. Bundoq qarasam, Akmalga oʻxshagan qoramagʻiz kishi koʻcha eshikdan kirib kelib, menga tikilganicha iljayib turibdi.

– Chiroylimi toʻpim? – dedi Akmal kekkayib. – Qani, Pelechasiga bitta tepib koʻring-chi, dadavoy.

– Tepsak tepaveramiz, toychogʻim, – deya menga yaqinlasha boshladi Akmalning dadasi. – Oʻsha Pele deganiyam bizga oʻxshagan qoʻshoyoq odam-da.

U hazillashayotgan boʻlsa kerak deb, beparvo qolibman. Qarangki, kap-katta kishi oʻxshatib turib, biqinimga tepvorsa boʻladimi, janubiy sharq tomonga qarab oʻqdek uchib ketdim. Orqamdan uning bir poy tuflisi ancha joygacha quvib kelib, oxiri qoʻshni hovlidagi kattakon qozonda pishirilayotgan sumalakka borib tushdi. Qozonning tevaragida oʻtirgan kampirlar jon holatda toʻrt tomonga tizgʻib ketishdi. Sodda boʻlmay ketgurlar, osmondan yulduz parchasi tushdi deb oʻylashdi shekilli, bu haqda oldindan ogohlantirib qoʻyishmagani uchun observatoriyada ishlovchi olimlarni qargʻay boshlashdi.

Men havoda uchaverdim, uchaverdim, uchaverdim, ikkinchi, uchinchi, toʻrtinchi hovlilarning tepasidan oʻtib, nihoyat asta-sekin pastlashga tushdim. Pastlayotib: «E, xayriyat, birpasdan keyin Akmal bilan yana diydor koʻrishamiz», deb oʻyladim.

Bekorga quvongan ekanman – qoʻnay deganimda, kenggina yoʻlning ustiga toʻgʻri kelib qoldim-u, qoʻrqqanimdan choklarim tirsillab ketdi. Yoʻlda qator-qator mashinalar bir-birovining tutunini hidlashib, ikki tomonga gʻizzo-gʻiz oʻtib turishar, mabodo ularning orasiga borib tushsang, omon chiqishing amrimahol edi.

«Eh, peshana qursin, – deb oʻyladim men. – Endigina shirin hayotni boshlaganimda, nahotki bevaqt nobud boʻlsam? Toʻgʻri, ichiga havo toʻldirilgan gʻildiraklar aslida bizning uzoq qarindoshimiz. Ammo, ular mendan ancha katta. Kattalar esa, koʻpincha, qarindoshlari tugul, tugʻishgan ukasiniyam tanimay qolishadi. Shunaqa gaplarni eshitganmiz-da».

Ha, begonani-ku begona deysan, biroq seni oʻzingnikilar tepalab tursa, dunyo koʻzingga qorongʻi boʻpketsa kerag-ov. Dahshat bu!

Omadim bor ekan, ishim oʻngidan keldi. Akmalning dadasi haqiqatanam Peledek aniq moʻljal bilan tepgan shekilli, men gʻildirak ostiga emas, vagʻillab oʻtib borayotgan buqasimon yuk mashinasi ustidagi qumga borib tushdim.

Eng muhimi – salomat qoldim. Buyogʻi bir gap boʻlar...

Qoʻchqorali meni yeyolmadi

Mashinadagi qum Qoʻzi qassob deganning tashqisiga toʻkildi. Yangi qurayotgan uyini qumsuvoq qildirsa kerak-da.

Mashina joʻnab ketgach, qassob meni koʻrib qolib, koʻzini chaqchaytirganicha qoʻliga oldi va: «Xudoyimning tantiligini qarang, tuzlab topshirgan terilarimdan bittasini toʻp shaklida oʻzimga qaytarib turibdi-ya», deb, changimni pufladi. Xuddi bozordan qoʻy tanlayotgandek, u yer-bu yerimni ezgʻilab ham koʻrdi. Keyin: «Qoʻchqorali! Kelaqol, oʻgʻlim, senga toʻp opkeldim. Tepsang, uloqchaday irgʻishlaydi bu zangʻar», deb xirqiradi. Soʻlaqmonday kishining gʻirt yolgʻon gapirayotganini koʻrib, haddan tashqari uyalib ketdim. Meni sotib olguncha Akmal shoʻrlik qancha qiyinchiliklar tortganini bu tayyorxoʻr qayoqdan bilsin?

Darvozaning yonidagi mehmonxonadan bir bola chiqib keldi: kallasi ogʻirligidan boʻyni bir tomonga qiyshaygan, qorni koʻylagining tugmalarini uzgudek doʻppaygan, oyoqlari tizzadan ikki yoqqa tob tashlagan, beti tovoqday. U menga mensimagan qiyofada boqib: «Toʻpni boshimga uramanmi? Buni oʻrniga xurmo-purmo olib kelavermabsiz-da, dadaginam» deb mingʻirladi.

Obbo ochofat-ey! Qoʻl-oyoqli oziq-ovqat omborimi bu? Ishonchim komilki, meni saryoqqa qovurib berishsa, darrov oldimda chordana qurgan boʻlardi. Keyin meni chaynayverardi, chaynayverardi, chaynayverardi... Bu toʻpxoʻrlik bir oyga choʻzilarmidi, ikki oygami, unisini aniq aytolmayman.

– Yana yemishdan gapirasan-a! – deya oʻgʻliga zardasi qaynab tikildi Qoʻzi qassob. – Boʻrdoqiga boqilayotgandek yaltillab ketganingni qara. Toʻp-moʻp tepib tursang, sal poying pisharmidi?

Qoʻchqorali bezillab qoʻl siltadi:

– Toʻp tepaman deganimdayam, bolalar «bor, nariroqda pishilla», deyishib, meni baribir oʻyinga qoʻshishmaydi. Juda zarur boʻlsa, sportning boshqa turi bilan shugʻullanarman.

– Masalan? – yana koʻzlarini chaqchaytirdi Qoʻzi qassob.

– Masalan, velosiped sporti bilan, – dedi Qoʻchqorali. – Endi bitta velosiped oberasiz, dadaginam. Motorligidan!

Bu gapni eshitib, Qoʻzi qassob boʻkirib yubordi:

– Motor?! Motordanki gapirding, sendan ming yildayam qassob chiqmaydi. Menga desa, mexaynik boʻlib oʻlib ket.

– Futbolchilik-chi? Buyam havfli-ku – taysallandi Qoʻchqorali. – Tepib choʻloq qilishsa, keyin meni boqib oʻtirasiz.

– Darvozada tursang, tepishmaydi, – deb donolandi Qoʻzi qassob. – Qolaversa, sen guvalakka boshqa narsani uqtirmoqchiman, ya’ni mexaynik bu – oʻlguncha mexaynik. Futbolchi oʻttiz yoshgacha toʻp tepadi xolos. Oʻttiz yoshida ishsiz qolgan odam qassoblik qilmay, qayoqqa borardi? Hov, sendan oxirgi marta soʻrayapman, tepasanmi manavini, yoʻqmi?

– Bu boshqa tomondanam juda xatarli, dadaginam, – endi mugʻambirlikka oʻtdi Qoʻchqorali. – Maktabimizga bir doʻxtir kelib, koʻp ovqat yegandan keyin yugurish odamni ogʻir kasallikka yoʻliqtiradi, dedi. Ovqatxoʻrligimni bilib turib, toʻp tep, deysiz-a!

Toʻp boʻlib yaralganimdan beri bundaqangi tanbalni koʻrmagan edim. Tepsa tebranmas deganlari shu boʻlmay, kim? Qoʻchqoraliga yana bitta oʻzibop sherik topilsa, ulardan bemalol darvoza ustunlari sifatida foydalanish mumkin. Bunga oʻxshaganlarni maydonning chetiga yetaklab borib, ogʻziga saqich solib qoʻysangiz bas, kavshangan kuyi miq etmasdan turaverishadi.

– Oʻynamasang, oʻzingdan koʻr, – dedi hafsalasi pir boʻlgan Qoʻzi qassob. – Unda, bu toʻpni Emin etikdoʻzga berib, maxsimga yamoq soldiraman.

Bu dagʻdagʻa Qoʻchqoraliga emas, menga ta’sir qilib, kapalagim uchib ketdi.

Biqinimdan darcha ochishmoqchi

Emin etikdoʻz kovushnusxa burnining uchiga koʻzoynak qoʻndirib, menga uzoq tikilib qoldi. Keyin tirnogʻida etimni tatalab koʻrishga tushdi. Oʻzingiz bilasiz, asosiy vazifam – har qanday tepkiga oʻz vaqtida moslashib ulgurish, lekin turli maqsadlardagi qitiqlashlarga chidash mening burchimga kirmaydi. Shunga qaramasdan, bu holga mardlarcha bardosh berib turaverdim.

– Shunday ajoyib terini toʻpga ishlatib, rasvoi olam qilishibdi, – deb, Emin etikdoʻz afsusnamo bosh tebratdi. – Odamlarga futboldan nima foyda? Ularga pishiq poyabzallar kerak.

U damimni chiqarib yuborish uchun biqinimga bigiz qadagan pallada, qoʻrquvdan etlarim qaltirayverdi, qaltirayverdi, qaltirayverdi. Sopoldek karaxtlanib qolganimga qaramay, jonajon oshnam Akmal qora bilan xayolan vidolashib olishni unutmadim.

La’nati chipor tovuq! Oʻsha churvaqi joʻjalaringni bir kun oldin, yo boʻlmasa, bir kun kechroq ochsang, oʻlarmiding? Unda, taqdirim tamoman boshqacha boʻlardi. Boshimga shuncha koʻrguliklar tushishiga birinchi oʻrindagi sababchi sensan. Molparast! Oliftaxon!

Shu mahal bir poy botinkani qoʻltiqlab olgan jingalaksoch bola ustaxonaga almov-jalmov kirib keldi. Kirgach, ahvolimni koʻrdi-yu, koʻzlari qinidan chiqqudek boʻlib qiyqirib yubordi:

– Iy-y-y! Toʻxtang!!!

Aksar hollarda boʻlar-boʻlmasga sarflanaveradigan qichqiriqlardan biri bu safar mening hayotimni asrab qoldi. Emin etikdoʻz choʻchib ketdi, bigizi qoʻlidan uchib tushib, pastda shalvirab yotgan mahsining naq tumshugʻiga sanchildi. Yaxshiyamki, mahsini bizga oʻxshatib damlashmaydi. Yoʻqsa, hozir «pis-s» etardi-yu, joni uzilardi.

– Kimsan, hey bola? – yoqasiga tuflab olib, bolakayga doʻq urdi etikdoʻz.

– Farhodman!

– Farhod boʻlsang oʻzingga! Ustaxonamda baqirishga nima haqqing bor? Ana, koʻrgin, seni dastingdan ajoyib bir mahsini yarador qildim. Hayriyatki, shu topda uni ichida Qoʻzi qassobning oyogʻi yoʻq. Boʻlganda, kuningni koʻrarding, bola!

– Axir-r... toʻpni teshmang-da, – bu gal mungʻayib soʻzladi Farhod. – Bu... vahshiylik, Emin togʻa.

Emin etikdoʻz ham oʻzini bosib, osoyishta gapirishga oʻtdi:

– Balki, bu narsa sen uchun toʻpdir. Lokigin, biz yamoqchilar hatto jahon birinchiligida ishlatiladigan toʻplargayam charm deb qaraymiz. Baski charm ekan, uni mahsiga yamoq qilish hech qanaqa vahshiylikka kirmaydi. Tushunarlimi?

Usta shunday deya, bigizni qaytadan qoʻlga olganida, a’zoyi badanimga tagʻin titroq kirdi. Ish boshqatdan chappasiga ketayotganini sezgan Farhod bir lahza jovdirab turgach, shosha-pisha taklif kiritdi:

– Jon Emin togʻa, bunaqa qilmay turing. Sizga boshqa charm topib bera qolay.

– Oʻzing-ku eski botinkani qoʻltiqlab, sargardon yuribsan, – deya kinoyali iljaydi etikdoʻz. – Obroʻying shu boʻlganidan keyin, charm topib beraman degan gapingga qaysi ahmoq ishonardi?

Farhod uzoq oʻylanib oʻtirmay, qoʻlidagi botinkani shartta unga uzatdi:

– Mana sizga charm! Tashvish tortmang, dadam indamaydi, oʻzi yangisini oberaman, deb yuruvdilar.

Emin etikdoʻz meni qanday tekshirgan boʻlsa, botinkini ham xuddi oʻshanday sinchiklab koʻzdan kechirdi. Menimcha, botinkani qitiqlab oʻtirishga sira hojat yoʻq edi. Ana, oʻzi shundayinam, ogʻzini yigʻishtirolmay, tirjayib turibdi.

– Birinchidan, bu dahmazaning oyoqqa iladigan joyi qolmabdi, – deya mugʻambirlik bilan peshanasini tirishtirdi u. – Ikkinchidan, faqat daraxtlargina bir oyoqli boʻlishadi. Xullas, manavi «Hasan»i menda tursin, sen vizillab borib, «Husan»iniyam opkelgin-u, keyin toʻpni quchoqlab joʻnayver.

Farhod quvonchini ichiga sigʻdirolmay, etikdoʻzning boʻynidan achomladi:

– Rahmat, Emin togʻa! Mana koʻrasiz, Oʻzbekiston termasida hujumchi boʻlaman hali...

– Ogʻzingni yum! – etikdoʻzning birdan avzoyi oʻzgardi. – Terma jamoani gapirma menga! Ularga ishqivozlanib yurib, kenja oʻgʻlim yurak oʻynoq boʻpqoldi. Senlar, vaqti kelib, nevaramniyam inpark qilmagin endi.

– Unaqa demang, Emin togʻa, – balanddan kelib va’da berdi Farhod. – Biz oʻynasak, chempion boʻlmasdan qoʻymaymiz. Koʻrasiz!

Emin etikdoʻzning bu gapdan chehrasi yorishib ketdi va «Ma, olaqol unda», deb meni Farhodga irgʻitdi. Bolakay suyunganidan yigʻlab yuboray dedi. Balki, tugʻilganidan buyon bunaqa ulgurji sahiylikni koʻrmagandir.

– Eminjon togʻajon, rahmat sizga, rahmat! – dedi u yuragi hovliqib. – Haligi... ikkinchi poy botinkaniyam hozir opkelaman!

– Mayli, tezda yetkazib kel, – dedi etikdoʻz. – Baribir unisiniyam uyoq-buyogʻini koʻrib qoʻyishim kerak. Keyin... indiniga opketarsan... Tushunarlimi?

– Mahsi-chi? – mehribon ustaga jon tortishdi Farhod. – Qoʻzi qassobning mahsisini nimada yamaysiz?

Emin etikdoʻz miyigʻida jilmaydi:

– Bir ilojini toparmiz.

– Yo oʻchogʻimizning oldidagi poʻstakni keltirib beraymi? – soʻradi Farhod. – Toʻyimda soʻyilgan novvosning terisi!

– E, yoʻq, poʻstakdan ayrilsa, enang xafa boʻladi, – deya darhol e’tiroz bildirdi etikdoʻz. – Bor endi, toʻpingni tep. Tushunarlimi?

Buning nimasi tushunarli boʻlmas ekan? Farhod «Urre-e-y!», deb qichqirdi-yu, oʻn bir metrdan tepilgan toʻpdek, zuvillaganicha tashqariga otildi.

Yashasin Emin etikdoʻz va unga oʻxshaganlar!

Birquloqning himoyada oʻynagani

Farhod bilan tezda doʻstlashib qoldik. U meni stadionga olib bora boshlaganidan soʻng, bahonada, Tepamahalladagi koʻpgina bolalar bilan tanishvoldim. Gohida Akmal qorani eslab, yurak-yuragim ezilib ketishini hisobga olmaganda, kunlarim ancha quvnoq oʻtayotgan edi. Payti kelsa, surunkasiga besh-olti soatlab oʻyingohdan chiqmayman. Ba’zan men buyoqda qolib, futbolchilar bir-birlarini koptok qilishga kirishib ketishadi. Buyam qiziq tomosha!

Ayniqsa, kecha zoʻr oʻyin boʻldi-da. Avvalgi kuni biznikilarga toʻrt-u ellik besh hisobida yutqazib qoʻygan quyimahallaliklar bu safar boplab oʻch olish niyatida eng jirraki oʻyinchilarini saralab kelishgandi. Doimo yalangoyoq toʻp suradigan raqiblar shu kuni kalish, botinka, hatto etik kiyib olishibdi deng. Darvozabonning sumbatini koʻrib, xoholagingiz keladi. Havo jizillatib turganiga qaramay, boshida qulogʻi tushirilgan telpak, egnida qalin poʻstin, paxtali shim ustidan kiyilgan etigining qoʻnji tizzadan bir qarich balandda. Shu kepatada uzunasiga yonboshlab yotsayam, darvozaga gol urish amrimahol boʻlib qoladi.

Shu qishloqqa kelib bildimki, toʻp kimniki boʻlsa, bolalar oʻshaning gapidan chiqishmas ekan. Aha shundan kelib chiqib, Farhod endigina uchinchi sinfda oʻqiyotganiga qaramay, uni jamoaga oʻyinboshi qilib saylashgandi.

Oʻyinboshi, odatdagidek, kimning qaerda oʻynashini belgilab bergach, bolalarning oʻrtasida janjal koʻtarildi. Dastlab, toʻqqizinchi sinfdagi Voqisher norozilik bildirdi:

– Terakday boʻlib men darvozada turarkanman-u, birinchida oʻqiydigan Kenjavoy hujumda oʻynarkan-da? Jamoamizdayam insof qolmadi, mahallamizdayam.

Voqisher bahonada yuragining tubida yotgan eski dardlarini ham toʻkib solayotgandi. Bundan uch kun avval mahalladagi toʻyda chiroq oʻchib qoldi. Pichadan soʻng yongach, mundoq qarashsa, kelin-kuyovning oldidagi stol ustida Birquloq laqabli barchaga tanish koʻppak bemalol varaqisomsa yeb turibdi.

Olishuvlarda raqibiga tishlatib yarador boʻlmasligi uchun egalari jangchi itlarning qulogʻini kesib qoʻyishar ekan. Bu koʻppakning ham kuchuklik chogʻida endigina bitta qulogʻini kesganlarida, qoʻldan siltanib chiqib, ura qochgan, shu kuyi hech kimga tutqich bermay, yagona quloq bilan qolib ketgan ekan.

Toʻyni boshqarib turgan oqsoqol Birquloqning betamizligidan qattiq ranjib: «Bu marazni menga tirigicha ushlab beringlar!» – deb na’ra tortdi. Atrofdagilar darvozani taqa-taq berkitishib, Birquloqni gʻippa qurshovga olishdi. Devor ostidagi kandikni toʻsib turish Voqisherning zimmasiga tushdi. Ana endi, «hayov-hayov» kuchayib, ta’qibga uchragan shoʻrlik it sirkdagi otga oʻxshab doira boʻylab chopa ketdi. Faqat, farqi shu ediki, sirkdagi ot olqish olsa, bu itga ketma-ket tepki yogʻilib turdi. Birquloqning ahvoli naqadar tang boʻlmasin, bu hovliga qaysi joydan kirib kelganini unutmagandi, qulay fursat poylab turib, oʻzini yana oʻsha yoʻlakka, ya’ni devor ostidagi kandikka urdi. Bu pallada qoʻlidagi kosachaga barmoq tiqib, nisholda yalashga berilib ketgan Voqisher gʻaflatda qoldi. Muttaham itni bearmon tepkilash imkonidan mahrum boʻlgan ermaktalab oʻspirinlar endi xumorbosdiga Voqisherning changini qoqa ketishdi...

– Bugun oʻyin qattiq boʻladi! – olimlardek qoʻlini osmonga bigizlab, Voqisherga uqtirdi Farhod. – Bugun koʻp gol urganlar emas, darvozasidan kam toʻp oʻtkizganlar

yutishadi. Bundan chiqdi, asosiy gap darvozabonda!

Buni eshitib, Voqisherning dimogʻi koʻtarildi. Kekkayganicha borib, darvozadan joy olgan chogʻda, xuddi dohiylarning haykaliga oʻxshab qoldi.

Eng tashvishlisi – shu topda jamoamizga bitta oʻyinchi yetmay turgani edi. Tepamahallaliklar nima qilishni bilmasdan, oʻylanib qolganlarida, stadionning yonidagi yoʻlakdan oʻsha Birquloq itni ergashtirib olgan sap-sariq bola oʻtib qoldi. Quyib qoʻygandek menga oʻxshaydi!

– Biz bilan toʻp tepsang-chi, Botir sariq, – dedi unga Farhod.

Botir toʻxtalib, qovoq solib kekkayganicha, oʻz talabini qoʻydi:

– Oʻynasam, hujumchi boʻlaman!

Bolalar baravariga kulib yuborishdi.

– Boʻyi bir qarich-u, gapi qirq qarich, – deya piching otdi kimdir.

– Biryoʻla stadionga direktor boʻlaqol, – deb hiringladi boshqasi.

Yana birovi iljayib dedi:

– Bogʻchadayam amaling kattami deyman? Xi-xi-xi...

Botir sariq juda arazchi ekan, qovogʻi battardan osilib, indamasdan yoʻlga tushdi. Birquloq ham sal irillab qoʻyib, egasiga ergashdi.

– Himoyada oʻynasang, senga konfet berardik, – Botirning yoʻlini toʻsib, avradi Farhod.

– Konfetmi, konfetlarmi? – xoʻmrayib soʻradi Botir.

– Konfetlar, konfetlar, – shosha-pisha aniqlik kiritdi Farhod. – Kamida oltita!

– Konfetlar – Birquloqqa, – dedi Botir. – Oʻzimga oʻnta yongʻoq berishlaring kerak. Himoyada men... yongʻoqqa oʻynayman.

Bolalar yongʻoqning sonini sal kamaytirishga urinib koʻrishdi. Botir gapida qat'iy turib olgach, u bilan ogʻzaki shartnoma tuzilib, jamoamiz nihoyat musobaqaga shay qilindi.

Avvalda aytib oʻtganimdek, haddan tashqari qiziq, haddan tashqari beayov oʻyin boʻldi. Ikkala mahallaning milliy terma jamoasi oxirgi tomchi kuchi qolguncha olishaverdi, olishaverdi, olishaverdi, bu tanaffussiz oʻyin beshinchi soatga yetganida, hamma joy-joyida sulayib qoldi-yu, hakam hushtagini chalib, oʻzi ham «gup» etib yerga yiqildi. Lekin, bungacha oʻrtada qancha ishlar sodir boʻldi. Eng yomoni – oldiniga jamoamiz oʻn daqiqa ichida oʻn bitta toʻp oʻtkizib, oʻzi bittayam urolmadi. Quyimahallaliklarning poʻstinli darvozaboni sira hayiqmasdan oʻzini oyoq ostiga tashlashi, goh kikboksingchilarning qoʻlqopida toʻpni uraman deb, hujumchilarimizning jagʻiga sopqolishi tepamahallaliklarni sarosimaga solib qoʻydi. Keyin buning chorasi topildi – darvozani uzoqdan moʻljalga olishlar boshlandi. Raqiblar darvozaboni qoʻpol kiyimda chuvalanib, to oʻzini yerlatib tepilgan toʻpga tashlaguncha uch qoshiq murabbo yalagulik vaqt oʻtardi. Hujumchilarimiz shundan foydalanib, golni yomgʻir qilvorishdi.

Xullas, quyimahallaliklarning botinka va yetik kiyib kelganlari ham naf bermadi. Qaytaga, oldingi kundagidan-da battar boʻlishib, 48:91 hisobida yutqazishdi. Manavini tor-mor qilish deydilar!

Botir sariqning Birqulogʻi raqib hujumchilariga egasi bilan birga tashlanishi himoyachilarimizning ishini yanayam osonlashtirgan edi. Shu bois, oʻyindan keyin Birquloqqa konfet yogʻilib ketdi, ammo Botirga va’da qilingan yongʻoq masalasi hal etilgunicha, ancha sansalorchilik boʻldi. Sababi, yongʻoq pishigʻi hali boshlanmagan, oʻtgan yilgilari esa, bolalarga allaqachon yem boʻlib ketgan edi. Oxiri, kuzda oʻnga oʻn besh qilib qaytarish sharti bilan, Manazar attordan qarz olishga toʻgʻri keldi.

Aslida-ku, Botirni kuzgacha sabr qipturishga koʻndirish ham mumkin edi, lekin u: «Agar va’dalaringni bajarmasanglar, kelasi safar quyimahallaliklarga qoʻshilib oʻynayman», deb dagʻdagʻa qilgach, hamma tipirchilab qoldi. Botirning oʻzi oʻyinchi sifatida bir pulga arzimasayam, uni Birquloq iti bilan birga raqiblar safida koʻrish gʻirt ta’bi xiralik edi. Xayriyat, oʻnta yongʻoqning evaziga katta bir balodan qutulib qoldik.

Diqqatpazlik

Yangi oshnamga endigina elikib, kunlarim xushchaqchaq oʻtayotgan damlarda, kutilmagan voqea yuz berdi. Ta’til boshlanib, maktabdagi koʻpchilik bolalar qatorida Farhod ham oʻquvchilar oromgohiga joʻnaydigan boʻldi. Hoynahoy, meniyam birga opketsa kerak deb oʻylagandim, afsuski, umidim chippakka chiqdi. Oyisi bolakayning osmaxaltasiga kiyim va yegulik narsalarni shunaqayam koʻp tiqishtirdiki, u yerga nafaqat men, hatto bir dona gilos sigʻmagan boʻlardi. Farhod yolgʻizlikdan zerikib qolishimni his etdi shekilli, haytovur, sal odamgarchilik qilib, meni qoʻshni hovlida yashovchi Dildora degan qizaloqqa tashlab ketdi.

Senga jon-u dilidan mehr qoʻygan dastlabki oʻrtogʻingdan biron tasodif tufayli ayrilib qolsang, keyinchalik yoʻl-yoʻlakay uchraydiganlar orasidan ishonchli doʻst topish gʻoyatda qiyinligini endi anglab yetdim. Oʻzingiz ayting-chi, agar Farhodning oʻrnida Akmal qora boʻlganida, meva-yu shirinliklarni deb, mendek oshnasini tashlab ketarmidi? Yoʻq, bir-ikki kunga asqotadigan yemishlarning qadrini mendek doimiy sherikdan yuqori qoʻymasdi. Meni sotib olguncha qancha qiyinchiliklarga chidagan qadrdonim akkashni hatto bir sandiq xoʻrozqandga ham almashmagan boʻlardi.

Taqdir ekan, kelib-kelib, qiz bola bilan murosa qilishga majbur boʻpqoldim. Mundoq oʻylab qaralsa, qiz bolaning futbol toʻpiga nima aloqasi bor? Kichikroq kigiz toʻp boʻlsa, bu boshqa gap – tennis oʻynash, hartugur, ularning qoʻlidan keladi.

Dildora oldiniga meni yerga doʻpira-doʻpir urib oʻynab yurdi. Bilakchasi ogʻriy boshladi shekilli, almak-jalmak tepib ham koʻrdi. Oyisi qoʻgʻirchoq olib berganidan keyin, meni hovlidan kesib oʻtadigan ariqning yoqasiga tashlab qoʻyganicha, qaytib yonimga yoʻlamadi. Chok-chokimga zax oʻtib, behad lanjlashib qoldim.

Boshga tushganni koʻz koʻrar deb, boʻshashib yotaverdim. Bir kuni xudoning rahmi keldi-yu, shamolini joʻnatib, meni ariqqa yumalantirib yubordi. Shaloplab suvga tushdim. Endi buyogʻidan tashvish tortmang, choʻkmasdan suzishni bizga chiqargan!

Tasodifiy sayohat

Shunday qilib, suv yetaklagan tomonga qarab oqib ketaverdim, ketaverdim, ketaverdim. Yoʻlda uchragan har xil shovvalarda bir-bir shoʻngʻib, binoyidek choʻmilib ham oldim. Ozgina sovun topilsa-ku, qozondan chiqqan boʻgʻirsoqdek boʻpqolardim-a.

Ariqning toʻlqinchalari allalagani sayin biram uyqu tortadiki, miriqib esnay desam, ogʻzimni tikib tashlashgan. Gohida u yoki bu qirgʻoqqa yaqinlashib qolsam, yalpizlar erkalatgandek yuzimni siypalab qoʻyishar, bu menga judayam xush yoqardi.

Bir payt, oqib borayotib, uzoqdan qassobxonaga koʻzim tushdi. Qassobxona biqinidagi soʻri shundoqqina ariqning yoqasiga oʻrnatilgan boʻlib, uning bir tomonida Qoʻzi qassob tarvayib oʻtirgan kuyi qoʻlidagi mahsining yamalgan joyini diqqat bilan koʻzdan kechirar, ikkinchi tarafda chordana qurgan Emin etikdoʻz unga nimalarnidir uqtirar, burchakka choʻkkalab olgan Qoʻchqorali boʻlsa, qoʻlidagi katta bir ustixonning iligini qoqib yeyishga urinayotgan edi.

Koʻnglimda suv ostiga shoʻngʻib, ularga koʻrinmasdan oʻtib ketish istagi tugʻildi. Ammo, damlangan holatimda shoʻngʻishning sira iloji boʻlmadi. Bir mahallar, qachon havoga toʻyarkinman, deb oʻksinardim, hozir yesa, bundan pushaymonda edim.

Birinchi boʻlib, meni Qoʻzi qassob ilgʻadi.

– Ie! – deya oʻrnidan turib ketdi u. – Tuzlab topshirgan terilarimdan bittasini xudoyim mashinada joʻnatganidi, bunisi suvdan kelyapti-ku!

Emin etikdoʻz burnining uchidagi koʻzoynakdan menga sinchiklab tikildi:

– Bu tinib-tinchimas toʻp yana qayoqdan kelyapti? He, attang, shunday toza charm nam tortib, rasvo boʻpti-ya.

– Qani, tur, Qoʻchqorali! – oʻgʻlini shitobladi Qoʻzi qassob. – Shuni tagʻin qoʻldan chiqarsang, ikki kun ovqatdan tortib qoʻyaman.

Ustixonni hakamning hushtagiga oʻxshatib ogʻziga tiqib olgan Qoʻchqorali nonushtaga noiloj barham berib, erinibgina soʻridan tushdi. Ariqning boʻyiga kelib, bir qoʻlida tolning tomirini ushladi-da, ikkinchisini menga choʻzdi. Endigina biqinimga changal solganida, birdan tomir uzilib, «Dadaginam!» – deganicha ariqqa yiqildi. Qoʻzi qassob noshud oʻgʻlini qutqarishga oshiqdi, meshday qornini selkillatgan asno yugurib keldi-da, yangi qurilgan kemadek boʻlib, oʻzini suvga tashladi. Ota-bola tarvuz bilan handalakdek boʻlib oqib borayotgani Emin etikdoʻzga nasha qildi shekilli, qotib-qotib kulishga tushdi.

Eng havfli dushmandan qutulganimga shukur qilib, chirpirab-chirpirab suzib ketaverdim. Qishloq tugab, koʻm-koʻk rangga burkangan dalalar boshlandi. Gʻoʻzasi koʻsaklay boshlagan paykallar yoqasidan oqqanim sayin, suvi har xil shoxobchalarga boʻlinayotgan ariq tobora sayozlashib boraverdi. Oxiri, shu yerlarda qumga botib qopketmasaydim, deya bezillayotganimda, meni zoʻrgʻa sudrab ketayotgan suv boshqa bir ariqqa kelib quyildi. Yangi ariqning suvi oʻta loyqa boʻlsa ham, tez oqishi bilan menga yoqib qoldi. Oʻzingni ivitganga yarasha, suzish suzishdek boʻlishi kerak-da.

Osmondagi qaldirgʻochlarning hasharot tutishini tomosha qilib, ancha alahsib qolibman. Bir mahal, mundoq pastga qarasam, tevaragimda boshqa bir qishloq turibdi. Bu joylar, negadir, koʻzimga issiq koʻrinib ketdi.

Navbatdagi shovvada yayrabgina shoʻngʻib olgach, nariroqdagi koʻprikning ustida xomush oʻtirgan bolaga koʻzim tushdi-yu, dovdiragandek joyimda bir lahza aylanib turdim. Kimni uchratganimni, aytmasimdan ilgariyoq sezib olgandirsiz – ha, bu bola oʻsha eski qadrdonim Akmal qora edi!

Akmal ham meni koʻrgan zahoti, koʻzlariga ishonmay, qovogʻini bir ishqalab qoʻydi. Keyin quvonchdan qichqirib yubordi:

– Sariq toʻpim! Toʻpjonim qaytib keldi!

Akmal suvga egildimi, yo boʻlmasa, toʻlqinga qoʻshilib, oʻzim uning bagʻriga otildimmi, bunisini aniq eslolmayman. Doʻstim «choʻlp» etkazib peshanamdan oʻpganimdan keyingina oʻzimga keldim. Bolapaqir: «Toʻpginam! Sariqqina toʻpjonim!» – deya meni burushta bagʻriga bosardi. Men ham toʻliqib ketib, yigʻlayverdim, yigʻlayverdim, yigʻlayverdim, bir vaqt qarasam, oʻrtogʻimning koʻylagini shalabbo qilib yuboribman...

Mana, bir haftadan buyon yana Akmal qora bilan birgamiz. Uning yonida boʻlish men uchun naqadar zavqli ekanini siz tasavvur qilolmaysiz. Chunki, buning uchun oldin eng jonajon oʻrtogʻingizni yoʻqotib qoʻyib, uni ichikib-ichikib sogʻinishingiz, keyin qaytadan topishganda, diydor koʻrishmoqlikning huzurini shaxsan his etishingiz kerak boʻladi.

Bilaman, ichingizda: «Eh, nodon toʻp, xuddi boshqalar tepadi-yu, Akmal boʻlsa seni silab-siypalaydigandek sevinasan-a», deb turibsiz. Toʻgʻri, Akmal qora ham meni tepadi, ammo gap bunda emas. Birinchidan, biz toʻplar azaldan tepkilanish uchun yaralganmiz. Buni, xohlasak-xohlamasak, tan olishga majburmiz. Qolaversa, kimdir seni yurak-yurakdan yaxshi koʻrishini, seni hech qachon, hech narsaga sotmasligini doimo his qilib tursang, hatto uning tepkisi ham koʻnglingga ogʻir botmas ekan.

1982-1984 yillar.

Pashshavoyning Boshidan Kechirganlari (Mitti Roman-Fojea)

I Qism - Xonadonning Yemirilishi

Birinchi bob

Uzoq-yaqindagi odamlar iloji boricha «Sharq» oshxonasida ovqatlanishga harakat qilishadi. Chunki, bu yerdagi taomlar xilma-xil, eng muhimi – judayam arzon. Biz ana shu oshxonaning shipidagi kandikda yashaymiz.

Odamlarning fe’l-atvoriga sira tushunib boʻlmaydi. Ochqagan paytlarida oshxonaga mungʻayib kirib kelishadi-yu, qorinlari toʻygach, birdan gerdayishib, ichkilikbozlik qila boshlashadi. Birpasdan keyin qarabsizki,biri chiyaboʻridek uvlasa, boshqasi qoʻtosdek boʻkirib turibdi. Ayamning aytishicha, pashshalar orasidan chiqqan araqxoʻrlar ichishni shunaqa odamlardan oʻrganishgan ekan.

Araqxoʻr pashshalardan bittasi – mening dadam. Kuniga kayfi taraq kelib, ayam bechorani doʻpposlagani-doʻpposlagan. Uyimizda tinch kun yoʻq. Akamning jahli chiqib, dadam bilan bir-ikki marta aytishib ham qoldi. Ayam, oʻzi hozirgina kaltak yegan boʻlsa-da, dadangning koʻziga hech qachon tik qarama, deb akamni koyib berdi. Hayron qoladigan hol, toʻgʻrimi?

Ammo, qanchalar dagʻalligi qoʻzimasin, dadam menga sirayam tixirlik qilmaydi. Aksincha, meni boʻlar-boʻlmasga erkalataveradi.Bu qanchalar yoqimli tuyulmasin, baribir yuragimning bir cheti gʻashligicha turaveradi. Axir, ayang piqillab oʻtirganida, erkalanish koʻnglingga sigʻarmidi?

Araq deganlari juda kasofati narsa ekan. Sogʻ-salomat ulgʻayib olsam, shu la’natining yaqiniga yoʻlamaganim boʻlsin-ey!

Ikkinchi bob

Bugun kunbotarga yaqin dadam shoʻrlik qadahga quyilgan araqqa choʻkib ketib, olamdan oʻtdi. Ayam bilan akamga qoʻshilib men ham rosa yigʻladim. Qanchalar janjalkash boʻlmasin, dadam biz uchun nihoyatda aziz ekanligini shu topda tushunib yetdim.

– Rahmatlining oʻziyam keyingi vaqtlarda haddidan oshib ketuvdi, – deya kuyindi ayam. – Avvallari araq yuqi idishlarni yalab yurardi. Bora-bora, qadahlarga odamlardan oldinroq tumshuq suqadigan boʻldi.

Keyin u sodda pashshalarni yoʻldan ozdirayotgan mayxoʻr odamlarni boʻralab qargʻay ketdi.

Umrimda bir marta boʻlsa ham kattalarga aql oʻrgatgim kelib, «yaxshisi, odamlardan uzoqroqqa koʻchib ketish kerak», deb gap qistirdim.

– Bu joylar bizniki! – birdan oʻdagʻaylab berdi akam.– Odamlar butun binoni surbetlik bilan egallab, bizni kavakka tiqib qoʻyishdi. Aksincha, kelgindilarning tinimsiz gʻashiga tegib, bu yerdan bezdirishimiz kerak.

Haqiqatan ham, tugʻilmasimdan ancha ilgari «Sharq» oshxonasida faqat pashshalargina yashashar ekan. Bu yerga dastavval oshpazlar bostirib kirishibdi, soʻng xoʻrandalar keladigan boʻlibdi.

– Endi ularni haydab boʻpsiz, – dedim akamga. –Ishqilib, oʻzimizni tiraqaylatib qolishmasa boʻlgani.

Akam «qismatda borini koʻramiz», deya beparvo qoʻl siltadi. Undan: «Qismat nima?» – deb soʻragan edim,oʻqrayib turib: «Enang!» – dedi. Demak, akamning bundan oldingi gapini «enamizni koʻramiz» deb tushunish kerak boʻladi.

Uchinchi bob

Dadamning vafot etganiga hali koʻp boʻlmasidan, uyimizga sovchilar kirib kelishdi. Novvoyxonadagi tandirning yonida yashaydigan qari pashsha ayamni yoqtirib qolganmish. Uning kampirini bir yallachi qurbaqa kap otib qoʻyganini eshitganday boʻluvdim.

– Oʻsha uyatsiz cholni boshimga uramanmi? – dedi ayam.– Unga tul qolgan bironta Itpashshani topinglar!

Bezbet sovchilarni ayam tuzlabgina joʻnatganini koʻrib, juda zavqlanib ketdim.

Sovchilardan endigina qutulib turganimizda, akamning Layzon ismli oʻrtogʻi uyimizga gandiraklab kirib keldi-yu, gursillaganicha yerga yiqildi. Ayam uni qanoti bilan yelpib turib, nima boʻlganini surishtirdi. Layzon qisqa-qisqa nafas olarkan, uzuq-yuluq tarzda tushuntira boshladi.

Uning aytishiga qaraganda, akam jangari oʻrtoqlarini yigʻib, odamlarga qarshi kurashuvga yetaklabdi. Odamlar oldiniga bu xurujlarga parvo qilmayotgandek koʻrinishibdi. Keyin, oq kiyimli kimsa kelib, pashshalarning ustidan allaqanday sassiq dorini purkashga tushibdi.

– Sheriklarim tutdek toʻkilib qolishdi, – hansiragan kuyi, alam bilan ingradi Layzon. – Bu odamzot degani oxiri hammamizni bitta qoʻymay qirib tashlaydi!

Layzonning koʻzlarida yosh yiltilladi. Bir-ikki marta chuqur-chuqur nafas oldi-yu, qanotini qattiq zirillatib, oyogʻi osmondan boʻlganicha miq etmay qoldi. Akamning oʻlganini bilib, ayam behush yiqildi. Men: «Aka!Akajonim!» – deya yigʻlab, tashqariga otildim. Hoʻngrak otib uchib borarkanman, Layzonningsoʻnggi gapi qulogʻim ostida qayta-qayta jaranglardi: «Bu odamzot degani oxiri hammamizni bitta qoʻymay qirib tashlaydi! Bitta qoʻymay qirib tashlaydi!! Qirib tashlaydi!!!»

Toʻrtinchi bob

Yo dadamdek araqxoʻr, yo akamga oʻxshagan urishqoq boʻlib ketishimdan choʻchidi shekilli, ayam oshxonada ovqatlanishimga ruxsat bermay qoʻydi. Qornimiz ochsa,tamaddilanib olish uchun meni boshqa joylarga boshlab boradigan boʻldi.

Qimirlab turgan qisinib oʻlmas ekan– goh choyxonadan rizqimizni topamiz, goh molxonadan. Bir kuni tushlikda ayam ikkalamiz ityaloqqa borib qoʻndik. Balki siz itdan nimayam ortardi, dersiz. Yuvilmagan idish borki,u yerda biz gʻariblarga yarasha ovqat topiladi. Keksa pashshalar aytganidek, hali hech kim yuvilgan ityaloqni koʻrish sharafiga muyassar boʻlmagan. Shu bois, hech bir joydan ovqat topilmagan mahalda, uzoq oʻylab oʻtirmasdan, yo ityaloqni, yo boʻlmasa, bet-qoʻli shatmoq bolani axtarib qolamiz.

Xullas, ayam ikkovimiz ityaloqqa tushib olib, boshqa pashshalar bilan esh-qoʻsh tirikchilik qilishga kirishdik. Birov birovga xalaqit bermay, har kim oʻzining oldidagini talamonlab turgan vaqtda, qandaydir befarosat odam ustimizdan yuvindi quyib yuborsa boʻladimi. Yirik maxluqlar «axir bu mittilarningham joni bor-ku», deb oʻylashmas ekan. Qochgan qochib qoldi, qocholmaganlar yuvindi hisobida Toʻrtkoʻzga yem boʻldi.

Oh, shoʻrli ayaginam! Hozir u oʻsha itvachchaning oshqozonida pitir-pitir suzib yurganmikin? Balki, allaqachon hazm boʻpketgandir...

Uyga qaytib kelganimdan soʻng yuragimni negadir vahima bosdi. Huvillagan xonada tun boʻyi mijja qoqmay oʻtirib chiqdim.Koʻzim yumildi deguncha, tushimga Toʻrtkoʻzning tishlari kiradi-yu, bir seskanib ketaman.

Shu damda mendan dunyodagi eng dahshatli narsa nima, deb soʻrashsa,sira ikkilanmasdan: «Yolgʻizlik!» – deya javob qilgan boʻlardim.

Ii Qism - Darbadarlikda

Birinchi bob

Pochcham bilan opam kelib, meni oʻz uylariga olib ketishdi. Tugʻilgan joyimdan uzoqlashar ekanman, oʻzimni xuddi yana bir jigarbandimdan judo boʻlgandek his etdim. Bu – uqubatli darbadarlikning boshlanishi ekanligini oʻshanda bilmagandim...

Opamlar bir boy odamning dangʻillama uyidagi qimmatbaho javon ortida turisharkan. Xonaga kirib, ogʻzim lang ochilib qoldi. Devorning eshik-derazalaridan boʻlak hamma joyiga gilamlar qoqilgan, shipdagi naqshlarkoʻzni qamashtiradi, idish-tovoqdan tortib qoshiq-choʻmichgacha – bari yalt-yult qiladi.

Borgan kunim katta ziyofatning ustidan chiqib qolibman. Oʻsha badavlat odam endigina emaklayotgan oʻgʻlining tugʻilgan kunini nishonlash bahonasida oʻz ulfatlarini yigʻib, katta isrofgarchiliklar qilayotgan ekan. Dasturxonda oymomodan boshqa hamma narsa bor deng.

Pochchamning qari buvisi bilan birga u taomdan bu taomga sakrab yurib, rosa yayradik. Shoʻrva ichdik, oh, oh, oh, qovurma yedik, oh, oh, oh, xorijiy baliqning ivildirigʻidan totdik, oh, oh, oh, asal yaladik,oh, oh, oh... Chanqab ketib, olma sharbatiga tumshuq tiqqan chogʻimda ochkoʻz kampir «yur,anavi murabboniyam sinab koʻraylik-chi», deb yelkamga turtkiladi. Uning koʻngli uchun borib, murabboga ham ogʻiz tekkizgan boʻldim.

Murabboxoʻrlik qilib turganimizda, kayfi oshib qolgan odamlardan bittasi: «Quy quyadiganingni!» – deya hayqirganicha stolni mushtladi-yu, murabboli piyolani agʻdarib yubordi. Men-ku tepaga bir sapchib, osongina qutuldim, biroq pochchamning buvisi murabboga aralashib ketib, dimiqib oʻldi. Buni birov sezmadiyam, achinmadiyam.

Bilaman, sezganlaridayam baribir achinishmasdi. Ular bizni azaldan yomon koʻrishadi, irkit maxluqlar deb ijirgʻanishadi.

Bu voqeadan keyin pochcham «he, poyiqadamingdan oʻrgildim», degandek menga sovuq qaraydigan boʻlib qoldi. Na iloj, oʻqraysa oʻqrayib yuraversin. Endi pochchadan qoʻrqish yetmay turuvdi menga.

Ikkinchi bob

Dod-voyni eshitib, zingʻillaganimcha qoʻshni xonaga kirib bordim. Kirib qarasam, opam bechora ustiga allanarsa surtib qoʻyilgan qogʻozga qoʻnib olib, zirillab turibdi. U jon-jahdi bilan tinmasdan qanot qoqar, lekin harchand chiranmasin, oyoqlarini qogʻozdan uzolmasdi.

Shu pallada qayoqdandir pochcham kelib qoldi. Oʻsha sirli qogʻozning tevaragida bir-ikki aylanib chiqib, tumtaygan holda yonimga qoʻndi.

– Odamlar bizga qarshi yelimli dori ishlatishyapti,– dedi u. – Opangni tugʻma kallavaramsan desam, jirillab ayyuhannos solardi. Mana,oʻzing koʻrib turibsan, esi joyida boʻlsa, kelib-kelib, yopishqoq qogʻozga qoʻnarmidi?

Opamga koʻmaklashish uchun endigina qoʻzgʻalmoqchi boʻlganimda, pochcham shosha-pisha yoʻlimni toʻsdi:

– Nima balo, joningdan toʻydingmi? He,tirrancha!

Pochcham shunday deya, meni qanotlari orasiga mahkam qisib oldi. «Qoʻyvoring meni, qoʻyvoring!» – debqancha tipirchilamay, ezgʻilab ushlab turaverdi. Opamga rahmim kelib, koʻzlarimdan yosh tirqiradi.

– Oʻzingni oʻylasang-chi, uka, – menga joni achishgan boʻldi pochcham. – Opang endi peshanasiga yozilganini koʻradi.

U soʻzini tamomlamay turib, shoʻrpeshana opam yelimga butunlay qorishib ketdi. Pochcham nihoyat meni qoʻyib yuborib, xomushlangan kepatada boshini egdi.

– Men haqimda yomon oʻylamagin, – koʻzimga qaramay, asta gapirdi u. – Opangga yordam berishim mumkin edi. Lekin, unda, sevimli pochchangdan ham ayrilib qolgan boʻlarding.

Sevimli emish! Bunaqa soʻtakni qaysi ahmoq yoqtirarkan?

Nima boʻlgandayam, kunim shu qoʻrqoqqa qoldi...

Uchinchi bob

Hovlidagi laychaning «vak-vak»lashini eshitib, soʻlaktumshuq Toʻrtkoʻzga yem boʻlgan rahmatli ayam beixtiyor esimga tushdi. Deraza tokchasidagi telefonga qoʻnib olib, ezgin-ezgin yigʻlay boshladim. Agar, mehribon ayajonim tirik boʻlganida, hozirgidek och-nahor oʻtirarmidim? Oʻzi yemasa yemasdiki, biror narsa topib, papalaganicha ogʻzimga tiqardi.

Eshikning tirqishidan chimrilib kirib kelgan pochcham yigʻlayotganimni koʻrib, telefon yonidagi kitobga kelib qoʻndi-da: «Nega xunob boʻlyapsan?» – deb soʻradi. Men gapni choʻzib oʻtirmay, qornim surnay chalayotganini aytdim.

– Judayam boʻshang bola ekansan! – deya koyib berdi pochcham. – Shuni esdan chiqarmaginki, yaxshilab qidirilsa, tuyadek joydan kuyadek ushoq hamma vaqt topiladi. Ushoqning oʻzi pashshani axtarib kelganini hali hech kim koʻrmagan. Vaholanki, sen tengilar...

Yana nimalar demoqchi boʻluvdiykin – buni birgina pochchamning oʻzi biladi. Uning nasihati chala qoldi. Xonada ivirsib yurgan semiz xotin qoʻlidagi charmshalpildoqni bir siltadi-yu, pochchamni kitobga paqqos chaplab qoʻydi. Hozirgina kekkayib va’z aytayotgan pashshaning birdan chalpakka aylanib qolganini koʻrib, koʻnglim battardan buzilib ketdi.

Shunda oʻylanib qoldim – pochcham-ku baribir oʻlar ekan, oʻshanda opamga koʻmak berib, mabodo omadi kelmasa, yelimga birga qorishib ketaversa boʻlmasmidi? Toʻgʻri, bir necha kun oldinroq oʻlardi, lekin oʻzidan yaxshi nom qoldirardi. Uning bu ishini boshqa pashshalar uzoq-uzoq vaqtgacha eslab, bola-yu nevaralariga ham gapirib yurishardi.

... Bu olamda hech kimim qolmadi.

Toʻrtinchi bob

Haqiqiy darbadarlik boshlandi. Koʻp joylarda boʻldim. Ahvolingni soʻrab, darddoshlik qiladiganlardan koʻra, seni nohaq masxaralab yoki doʻpposlab, oʻz koʻnglini xushlaydiganlar toifasi koʻproq ekan. Hamma maxluq oʻzining oʻrniga begonani qoʻyib koʻrolsa-ku, olam guliston boʻlardi-ya.

Bir kuni sangʻib yurib, oʻzimdan picha yoshroq Pashshaoy bilan tanishib qoldim. U boshpanasiz yetimcha ekanligimni eshitib, juda achinib ketdi. Umrim bino boʻlib, bundaqangi rahmdil qizni koʻrmagan edim. Rahmdillar olijanob boʻlishadi deganlari toʻgʻri ekan, u meni mehmondorchilikka taklif etdi.

Och boʻlganim uchun uyalib oʻtirmadim.Unga ergashib, qassobxonaga kirib bordim.

– Biz hoʻ ilgakning tepasidagi teshikda turamiz,– dedi Pashshaoy. – Xohlasang, avval shu yerda bir goʻshtxoʻrlik qilib olaylik. Keyin uyimizni koʻrsataman.

Oldin qorin toʻydirib olinmasa, har qanday tomosha ham yurakka sigʻmasligini mendan tuzukroq bilasiz. Shu tufayli, Pashshaoyning soʻziga tezda koʻnib qoʻyaqoldim.

Endigina goʻshtga borib qoʻngan edik, orqamizdan bir Qovogʻari dirillaganicha kelib qoldi. Men zoʻr berib qassobning burni atrofida aylana boshladim. Chunki, odamlar paskash arilarni oʻzlarining muqaddas burunlariga hech qachon yaqin yoʻlatishmaydi. Buni yoshligimda dadamdan eshitganman.

Ha, men ustamonlik bilan qutulibqoldim. Ammo, Pashshaoy nodonlik qilib, qayroqtoshning panasiga yashirinmoqchi boʻldi-yu, Qovogʻarining changaliga tushdi. Olijanoblar sodda boʻlishadi degan gap ham toʻppa-toʻgʻri ekan.

Donolar aytganidek, bu dunyoda istagancha dushman orttirish mumkin-u, biroq durustroq doʻst topish juda mushkul. Men zoʻrgʻa bitta doʻst orttirganimda, shu zahotiyoq undan ayrilib qoldim.

Shu payt jangari akamning qachonlardir gapirgan bir soʻzi toʻsatdan esimga tushdi. «Qismatda borini koʻramiz», degan edi u. Oʻzingni qismatning oqimiga tashlab qoʻyib, anqayib yuraversang, yashashdan nima ma’ni chiqadi? Qiziq!..

Xotima

Men bu «roman»ni baxtsiz bir Pashshaning choʻntagidan topilgan yondaftarchadagi esdaliklari asosida yozdim.

Musibat haqida gapirish qanchalar ogʻir boʻlmasin, axborotingiz uchun yana bir narsani bildirib qoʻyishim shart: oʻsha darbadar Pashsha 1978 yilning sakkizinchi avgustida men tanovul qilib turgan qaynoq shoʻrvaga tushib, fojiali halok boʻldi...

1978 yil

Atrofimizdagi Qiziqchilar (Yumoristik Turkum)

Kuchukning hikoyasi

Oʻrtogʻing yaramasroq boʻlsa, orani ochiq qilib qoʻyish oson – payt poylab turib, unga itqitilgan suyakni olib qochsang bas, sen bilan bir umrga salom-alikni yigʻishtirib qoʻyaqoladi. Lekin, oʻz tugʻishgan opang boʻlmagʻur chiqsa, vov-vov, bundan qutulishning iloji yoʻq ekan.

Dardi bedavo-dashu opam. Menga sira kun bermaydi. Sal-pal esimda bor, jishlik chogʻimizda ham ayamni avval u emardi. Aslida, yonma-yon emsak tuzuk ish boʻlardi-yu, ammo bunga koʻnmasdi u yaramas. Koʻpincha ochligimcha uxlab qolardim.

Mana, zanjirga bogʻlansak bogʻlangudek boʻpqoldik. Biz tengilar allaqachon alohida ityaloq qilishib, odamlarning uyini poylashyapti. Ularga qarab, havasing keladi. Opamning boʻlsa, hali-veri esi kiradiganga oʻxshamaydi. Voy uning ochkoʻzligi! Voy uning jirttakiligi!

Gapini qarang,«qiz bolaman, shuning uchun idishni men tozalashim kerak», deydi. Oʻzingiz ham tushunib turgandirsiz, idishni tozalash, bu – ityaloqdagi yuvindini pok-pokiza yalab qoʻyish degani.

Dasturxon qoqilishi bilanoq, qolgan-qutgan nonlargayam birinchi boʻlib u xonim chang soladilar. «Hey, uyatsiz, endi buyogʻini menga qoʻyib ber-da», desam, «oʻgʻil bolasan-ku, sen suyakniyam gʻajiyverasan», deb surbetlarcha kavshanishga tushadi. Hech boʻlmasa, ulgurjiroq suyak tegib tursa ham mayliydi. Qayoqda deysiz, hozirgi qassoblar nihoyatda noinsof boʻlib ketishgan, bir kilo goʻshtga bor-yoʻgʻi yarim kilo suyak qoʻshishadi.

Uf-f, juda hayron boʻpqoldim. Yo uydan shartta bosh olib ketvorsammikin? Bunaqa opa bilan, masalan, siz bir kun ham yasholmagan boʻlardingiz...

Mana, azbaroyi qornim ochganidan, barmogʻimni soʻri-i-b oʻtiribman. Opam boʻlsa, «chilip-chilip, chilip-chilip»latib idish tozalayapti. Bir narsa deyay desam, yana qiz bolaligini pesh qiladi. He, beting charmdan boʻlmay ketgur!

...Ishqilib, sen ukangni xafa qilmayapsanmi, qizaloq? Yo odamlarning bolalari ham bizga oʻxshaganroqmi?

Qargʻaning hikoyasi

Qagʻ-gʻ! Ishlar chatagʻ-gʻ! Qagʻ-gʻ! Qagʻ-gʻ-gʻ!!!

Hoy, ahvolimni soʻrab nima qilasan? Oʻrgildim sendaqangi mehribondan. Nima, aytganim bilan yarim dardimni tortishib berarmiding?

Qagʻ, qagʻ-gʻ! Voy,ablagʻ-gʻ! Biqinimni yedi-ku bu ablah Qoramosh!

Mabodo, seniki emasmi oʻsha yumdalogʻich iblis? Haligi qora Mushukni aytaman-da. Bu befarosatni avvallariyam yomon koʻrardim. Boya oʻrikning shoxida qirov yalab oʻtirsam, baraka topkur Laychavoy uni zingʻillatganicha quvib oʻtib qoldi.

Ana endi Qoramoshning holini tomosha qil – qoʻrquvdan junlari tikkayib, koʻzlari ola-kula boʻpketibdi. Oyogʻi yerga tegmaydi. Shu qochishda qochib borib, oʻzini bostirmaning ostiga urdi. Bostirmaning chetiga bir uyum xazon toʻplab qoʻyilgan, ivitib qoʻyga berib turishadi-da. Qoramosh borasolib, xuddi oʻsha xazonning ichiga kirib ketdi. Daraxtning ustidan koʻrib turmasam ekan!

Qarasam, Laychavoy garangsigan taxlitda ivirsib qoldi. Bu ishga shaxsan oʻzim aralashmasam boʻlmaydigandek tuyuldi. Borib, yaqinroqqa qoʻndim-u, goʻyo hech nimadan xabarsizdek, beparvo soʻradim:

– Xoʻ-oʻ-sh... Bu yerda nimalar boʻlyapti oʻzi, Laychavoy?– dedim.

– Mushukni quvib yurib, shu joyda yoʻqotib qoʻydim, – deb akilladi Laychavoy. – Oʻsha xumparni tutib dumini yulmasam, it emasman deb qasam ichganidim.

– Donolarning gapiga qaraganda, birov bilan oʻchakishish umuman yaxshi emas, – deya gerdaydim men. –Ming afsuski, ogʻzingga qaltisroq soʻz olib qoʻyibsan. Endi «it» degan tabarruk nomni astoydil himoya qilmogʻingga toʻgʻri keladi. Binobarin, shunday ekan, sen pahlavonzoda...

Gapni ortiqcha choʻzganim Laychavoyga yoqmadi shekilli, soʻzimni shartta boʻlib, «Olimligingni yigʻishtir! Qoramosh qaerga berkinganini koʻrdingmi, yoʻqmi?» – deb irilladi.

– Koʻrishga-ku koʻrmadim-a, – dedim, hanuz satanglanishni qoʻymay. –Lekin, farosatni ishga soladigan boʻlsak, kalavaning uchini topmoq mumkindir. Ya’ni, Qoramosh kalamush emaski, kavakka kirib ketsa. Agarda aqlim pand bermasa, u xazonning ichiga berkingan boʻlmogʻi ehtimoldan xoli emas.

Hali gapimni tugatganim yoʻq ediki, Qoramosh xazonning orasidan oʻqdek sapchib chiqib, ustimga otildi.Laychavoy ham, men ham oʻzimizni oʻnglashga ulgurmay qoldik. Battol mushuk: «Mana senga,chaqimchi!» – dedi-yu, biqinimga bir tirnoq urib oʻtib ketdi. Yulingan patlarimni toʻzitib,zoʻr-bazoʻr havoga koʻtarildim. Laychavoy uni yana quvishga tushdi.

Voy, biqinginam-ey! Oʻrikning shoxida jimgina oʻtiraversam boʻlmasmidi? Nima qilardim birovlarning ishiga aralashib? Boshqalarga oʻzimni aqlli qilib koʻrsatgim keldimi deyman-da. Eh, pishmagankalla!

...Chaqimchilik yomon narsa deysanmi? Aql oʻrgatmoqchimisan, uka? Bor, yoʻlingdan qolma. Farosat bilan aytganda, shaxsan menga dars berishga hali yoshlik qilasan.

Qagʻ-gʻ!!!

Choʻchqachaning hikoyasi

Xur... xur... xursandchilik yaxshi narsa-da. Kecha balchiqqa yumalab,rosa oʻynabman deng. Keyin maza qilib axlat titkiladim. Dadam ahvolimni koʻrib, «sendan haqiqiy Choʻchqa chiqadi», deya yelkamga bir urib qoʻydi.

Siz qanday oʻylashingizni bilmayman-u, men kallamni ishlati-i-b turib, «Agar dunyoda balchiq degan narsa boʻlmasa, yashashning bittayam qizigʻi qolmasa kerak», deb yuraman. Afsuski, ba’zilar shuni tushunmaydi. Masalan, qoʻshnimiz qora Sovliq esli-hushli hayvon boʻlaturib balchiqni hurmat qilmaydi-ya.

Oʻtgan kuni unin goʻgʻli bilan birgalashib oʻynagani chiqdik. Qarasam, Qoʻzichoq tushmagur toʻgʻri maysazorga qarab ketyapti. Bilaman, u yoqda ajriqdan boshqa hech vaqo yoʻq.

– Hoʻ, lattabosh, buyoqqa yur! – deb qichqirdim unga.– Juda ajoyib joy bor, yumalanib-yumalanib oʻynaymiz. Qani, orqamdan oʻrmala-chi.

Uni oʻsha huzirijon Sassiqkoʻlga boshlab bordim. Boriboq, oʻzimni balchiqqa otdim. «Ke, menga oʻxshab bir yayra», dedim Qoʻzichoqqa. U oz-moz ikkilanib turib, sekin balchiqqa tushdi.

– Qoʻrqma, – debdalda berdim unga. Keyin tumshugʻimni balchiqqa tiqib, uning havasini keltirdim. –Qani-qani, sen ham shunaqa qil-chi.

Qoʻzichoq tumshugʻini balchiqqa tiqdi-yu, darrov boshini koʻtarib, aftini burishtirganicha loy tuflashga tutindi.

– E-e, yutvormaysanmi!– dedim, gʻashim kelib.

Qoʻzichoq menga yomon koʻz bilan oʻqrayib qoʻyib, indamasdan uyiga joʻnab qoldi. Shu-shu, mendan andak xafa. Eshitishimga qaraganda, uyiga borganidan soʻng, poʻstinchangni rasvo qilibsan, deb onasi rosa ta’zirini beribdi. Buni eshitib, Qoʻzichoqqa juda rahmim keldi.

Boshqa tomondan, sal jahlim ham chiqdi. Qoʻzichoq-ku hali yosh, lekin kap-katta qora Sovliq balchiqning qadriga yetmagani qiziq. Xur... xur... xurofot bu.

E, menga nima? Kimki yashashni bilmabdi, oʻziga qiyin. Men boʻlsam, bugun ham, ertaga ham balchiqqa yumalayveraman. Ishqilib, toza yurmasam boʻlgani. Shundagina haqiqiy Choʻchqa boʻlib yetishaman.

... Ha, yoʻl boʻlsin? Oqsoyga deysanmi? Ie, gʻoʻr bola ekansan-ku! Soyda choʻmilib nima huzur topasan? Yur, Sassiqkoʻlga boramiz. Sen ham menga qoʻshilib bir yalala-yalay qilsang-chi.

Buzoqning hikoyasi

Chindan ham sinchkov boʻlsangiz, menga dunyodagi eng farosatsiz hayvonning nomini aytib bering-chi. Yoʻq, Eshak emas. Topolmadingiz. Eng befarosat maxluq, bu – Tuya. Ha-da!

Masalan, qoʻshnimiz Nortuyani olaylik. Ismim Targʻil ekanligini unga kuniga oʻn martalab uqtiraman. U boʻlsa, baribir Qashqa deb chaqiraveradi. Hozir ham yonidan oʻtib borayotsam, «Yoʻl boʻlsin, Qashqavoy?» – deb yana jigʻimga tegdi.

Alam qiladigan joyi shundaki, shu topda oʻzim oʻsha soʻtak Qashqani axtarib yuribman. Qoʻlimga tushsa, uni yanayam qashqaroq qilib qoʻyishim turgan gap. Negaki, doim rizqimni qiygani-qiygan.

Aslida, Nortuyaning adashtirganicha bor. Qashqa ikkalamiz bir-birimizga juda oʻxshab ketamiz. Qorongʻi tushgan paytda hatto onalarimiz ham bizni farqlolmay qolishadi. Yaramas Qashqa xuddi mana shundan foydalanib, uxlab yotgan chogʻimda onamni emib qochadi.

Avvaliga uni bir-ikki marta yaxshilikcha ogohlantirdim. Keyin biqiniga bir kallalab qoʻydim. Bezbet oʻshandayam pinagini buzmaydi deng. Jirillamasdan, sen ham mening onamni emaversang-chi, deydi-ya. Zap ahmoqni topibsan-da, dedim unga. Ochigʻini aytsam, uning qiltiriqday bir onasi bor, ertalabdan kechgacha emganingdayam, soʻrgan suting chap ichakka yuq boʻlmaydi. Mening onam boʻlsa, gumbazdek toʻlishgan, yelinlari lorsillab yotibdi.

Xullas, bugun ham uzoqroq uxlab qolgan ekanman, uygʻonib qarasam, Qashqa onamni yana emib qochibdi. Xunobim oshib ketdi. Har qanday sabr-toqatniyam chegarasi boʻladi, yetar endi. Uni qaerdan boʻlmasin topib, u biqiniga, bu biqiniga, tagʻin u biqiniga, tagʻin bu biqiniga kallalab tashlamasam, novvosman deb yurgan ekanman-da.

...Buzoqning yugurgani somonxonagacha, deysanmi? Gapingda jon bor, oshnavoy. Qani, bir somonxonaga borib koʻray-chi.

Tulkichaning hikoyasi

Biz Tulkilar haqida gap ketgudek boʻlsa, odamlar ismimizning oldiga albatta «ayyor» soʻzini qoʻshib aytishadi. Bu insofdan emas. Ayyorlik bilan uddaburonlikning farqiga borish kerak. Ishbilgich boʻlmasang, bu olamda kun koʻrish qiyin.

Ke, boshingni aylantirib oʻtirmay, yaqinda yuz bergan bir voqeani dastaklab oʻta qolay. Shunga qarab, kimligimizni oʻzing tushunib olarsan.

Bundan oʻn kuncha oldin ayam ikkalamiz tovuqxonada qoʻlga tushdik. Ichkariga kirganimiz zahoti shartta eshikni yopishdi. Endi bizni oʻldirishadi deb oʻylab, juda qoʻrqib ketdim. Ayam bechora ham dagʻ-dagʻ qaltiray boshladi. Goʻyo: «Bolamda ayb yoʻq, nima qilsanglar meni qilinglar», demoqchidek, meni tagiga bosib, boshimni jagʻining ostiga yashirib oldi.

Qorovul chol bilan oʻgʻli allaqanday matoni yoyishganini koʻrdim-u, ularning niyati nimaligini anglab yetgunimcha, koʻz oldimni birdan zulmat qopladi. «Odamlar bizni sholchaga oʻrab olishdi», deya chinqirdi ayam, soʻng jon-jahdi bilan potirlay ketdi. Men ham jim turmadim. Ammo, odamlar allaqachon ustimizga minib olishgandi. Kuchli panja sholcha aralash boʻynimdan qisdi. Nafasim boʻgʻilib, xirillab qoldim. Keyin nima boʻlganini bilmayman...

Bir mahal koʻzimni ochsam, ayam ikkovimiz ariqcha yoqasidagi tolning salqinida yotibmiz. Boʻynimizda itlarnikiga oʻxshagan pishiq zanjir. Qiziq! Bizni nima qilishmoqchi oʻzi?

Zanjirni goh siltab koʻrdik, goh gʻajib koʻrdik, foydasi yoʻqligini sezib, hafsalamiz pir boʻlib turganida, qorovul chol cheti siniq kosada achigan boʻtqa keltirib, oldimizga qoʻyib ketdi. Chol uzoqlashishi bilanoq, taomni shoshilib iskay boshlagan edimki, ayam tumshugʻimga bitta tarsakilab qoldi.

– Yema! – dedi u. – Nafsingni tiy, tentak!

– Nega yemas ekanman? – deya zardalandim men. – Qornim allaqachon hushtak chalyapti.

– Hozir bizga tekin ovqat kerakmas, – deb oʻdagʻayladi ayam. – Ozodlik kerak bizga, ozodlik!

Keyin, ahvolimga achinib, meni bagʻriga bosdi. Boshimni silab turib, oʻylab qoʻygan rejasini gapirib berdi, nimalar qilishimiz lozimligini yotigʻi bilan uqtira ketdi. Shunda men, bir yalanib olib, yana mingʻirladim:

– Hech boʻlmasa, suv ichsam maylimi? Tilim tanglayimga yopishib qolyapti.

– Suvdan ichsak boʻladi, chunki kamaygani bilinmaydi, – dedi ayam va ariqcha tomonga yutoqib qarab qoʻydi. – Faqat kechqurun, hamma uxlaganda ichamiz. Sabr qil, eslikkinam, sabr qil.

Nihoyat, men orziqib kutgan vaqt keldi, tunda qonib-qonib suv ichdim. Buning ustiga, payt poylab turib, ariqchada qurillab yurgan baqalardan uch-toʻrttasini ushlab, isini chiqarmay urvoldik.

Kunlar shunday oʻtaverdi. Kunduzlari tuz totmasdan sulayib yotamiz, tunlari oz-moz tirikchilik qilib olamiz. Hech narsa yemayotganimiz oxiri tovuqboqar kampirning e’tiborini tortdi.

– Bularni sholchaga oʻrab bosganlaringda qovurgʻalari singanga oʻxshaydi, – dedi u qorovul cholga. – Toʻrt kundan beri tuz totmasdan yotishibdi-ya. Ikkalasiyam chalajon.

– Oʻlishmaydi, – deb toʻngʻilladi chol. – Bolasiniyam katta qilvolsam, oʻgʻling ikkalamizga bittadan telpak chiqadi, kampir.

Beshinchi kuni erta saharda ayam menga tayinladi:

– Bugun, iloji boricha, nafas olayotganingni sezdirmay yot. Tepishsayam, gʻing dema. Chida!

Shu tariqa, miq etmay yotaverdik. Bir mahal, qadam tovushi eshitildi. Koʻzimni qiya ochib qarasam, kampir yana ovqat olib kelyapti. U, tepamizda toʻxtalib, bizga diqqat bilan tikilib turdi, keyin egilib, meni bir-ikki qimirlatib koʻrdi. Qitigʻim kelsayam, oʻliklikka chidadim.

– Uf-f! – ovqatni yerga qoʻyib, chuqur homuza tortdi kampir. – Oʻlishadi desam, ishonmadi bu chol. Mana, shoʻrliklarning uvoliga qoldik.

U gʻudranganicha boʻynimizdagi zanjirni yechib tashlab, indamasdan nari ketdi.

– Endi qochamizmi? – toqatsizlanib, yonimda yotgan ayamni turtkiladim men. – Vaqtida gʻoyib boʻlmasak, qaytib kelib, boshqatdan zanjirga solishmasin!

– Jim! – koʻzini xiyol ochib shivirladi ayam. – Chol darvoza tarafda yuribdi. Yana ozgina toqat qil, eslikkinam.

Chol ochiq turgan darvozaning oldida ancha ivirsib yurdi. Keyin uychasining yoniga borib, obdastani oldi-da, kalishini sudraganicha hovuz tomonga keta boshladi.

– Tur! – qat'iy ohangda buyurdi ayam. – Qochdik, bolam!

Men oʻrnimdan qoʻzgʻalayotib, cheti siniq kosadagi ovqatdan boplab bitta yalab oldim. Ayam esa, tevaragimizda bemalol sayr qilib yurgan tovuqlardan eng semizini allaqachon tumshugʻiga qistirib ulgurgan edi.

Qiyinchiliklarga bardosh berganimiz yaxshi boʻldi. Mana, zanjirdan qutulib, omon-omonda oʻynab yuribmiz. Naq ajalning panjasidan sogʻ chiqdik-da oʻziyam!

... Qani, birodar, aytgan gaplarimni aqlingning tarozisiga bir solib koʻrgin-chi. Seningcha, bu ayyorlikmi, yo ishbilarmonlikmi? Balki, tamoman boʻlak narsadir?

Quyonchaning hikoyasi

Buncha xomushsan, deysanmi? Nahot, xafaga oʻxshab koʻrinayotgan boʻlsam? Bu shunchaki qornimning ochligidan... yoki Toʻngʻiz bilan «ahmoq-ahmoq» oʻynayverib, charchaganimdan boʻlsa kerak.

Qanaqa oʻyin bu, deganing nimasi? Rostdanam hech oʻynab koʻrmaganmisan? Hayotdan toʻrt qarich orqada qolibsan-ku, xi-xi-xi.

Toʻgʻrisini aytsam, bu oʻyinni oʻzim ham bugun oʻrgandim. Agar karamlarim boʻlmaganida, kim biladi deysan, haliyam oʻrganolmay yurarmidim...

Xullas, inda yotaverib, juda zerikib ketdim. Buning ustiga, mundoq timirskilab koʻrsam, omborchamda tishga ilinadigan narsa qolmabdi. Picha tamaddi qilvolish, bahonada oyoqning chigalini ham yozvolish maqsadida chakalakka chiqdim.

Bir vaqt qarasam, hoʻ anavi yoʻldan eshakarava ketib boryapti. Chetan[1]ning ichi liq toʻla karam. Ogʻzim suvlashib, jigʻildonim likillay boshladi. Odamlarda «Omading yurishsa – koʻmiringdan tillo, eshagingdan mullo chiqadi», degan maqol borligini buvimdan eshitganidim. Meniyam bir omadim keldi-yu, gʻildiragi chuqurchaga tushgan arava qattiq silkingan chogʻda, katta-katta ikkita karam chetandan tashqariga uchib ketdi. Mudrab borayotgan aravakash buni sezmay qoldi.

Karamlarni koʻzdan panaroq joyga birin-ketin dumalatib kelib, yeyishni qaysinisidan boshlasam ekan, deb taraddudlandim. Shunda, «Ishkamba» laqabli qorindor Toʻngʻiz inqillagan kuyi qarshimdan chiqib keldi.

– Ingq, ingq, karam muborak boʻlsin, Quyonpolvon! – dedi u oldimga yaqinlashib. – Qayoqdan eplashtirding bularni?

Ishkambaning menga bunaqa doʻstona muomala qilganini sira koʻrmagandim. Birdan erib ketib: «Topdik-da endi», deb suzilganimcha iljaydim.

– Judayam ajoyibsan-da, uka, – karamlarga soʻlagi oqib tikilarkan, meni maqtashga tushdi Ishkamba. – Bilaman sen shovvozni, men bilan «ahmoq-ahmoq» oʻynashni moʻljallab turibsan, ingq. Ishkamba akangni ermak qilib, bir yayramoqchisan-da, a?

Buning qanaqa oʻyinligini surishtirgan edim, keksa Toʻngʻiz «bilaturib, meni kalaka qilyapsan», deya avvaliga sal ranjigan boʻldi, keyin shoshmasdan tushuntira boshladi. Uning aytishicha, bu oʻyinda ikkita hayvon qatnasharkan. Ulardan biri ovqatlanayotganida ikkinchisi «ahmoq kavshandi-yo, ahmoq kavshandi-yo», deb atrofida irgʻishlab aylanganicha mazaxlab turarkan. Juda qiziq oʻyin, toʻgʻrimi? Men koʻp oʻylanib oʻtirmay, oʻyinga qoʻshilishga rozi boʻldim. Ishkamba karamlarni «gʻirs-gʻirs» qilib yeyishga tushdi. Men uning tevaragida sakrab, «ahmoq kavshandi-yo, ahmoq kavshandi-yo», deb chapak ura ketdim. Shu desang, masxara qilaverib – tomogʻim, irgʻishlayverib oyogʻim ogʻriy boshladi.

Ishkamba ikkala karamni chiqindi qoldirmay tushirib boʻlgach, «Hoʻ, gʻilay, oʻzingdan oʻzing namuncha shataloq otasan?» – deya koʻzimga oʻqraydi. Men yana picha «ahmoq-ahmoq» oʻynaylik, deb iltimos qilgan edim, u «ingq-ingq, oʻzing ahmoqsan», deganicha kelgan tomoniga qaytib ketdi. Ortiqcha ahmoq qilganimdan xafa boʻldi shekilli.

...Menga bunaqa masxaraomuz iljaymagin-da, oshna. Nima, Toʻngʻizni boplaganimga ishonmayapsanmi?

Xachirning hikoyasi

Ot – dadam, Eshak – ayam... Yoʻq, yoʻq, adashib ketdim. Eshak – dadam, Ot – ayam...

Ha, dadam – Eshak! Shuning uchun men Xachirman!

Agar dadam ham Ot boʻlganida, men toychoq boʻlib tugʻilardim. Yo aksincha, ayam ham Eshak boʻlganida edi, hozir qarshingizda men emas, ketvorgan bir xoʻtik turardi.

Imkon boricha yo toychoq, yo xoʻtik boʻlib tugʻilgan yaxshi ekan. Xachirlik nimaligini xachir boʻlgan biladi. Menga juda qiyin. Yaylovga chiqsam, bir tomonda ayam kishnay boshlaydi, bir tomonda dadam hangrab qoladi. Ayamning ketidan chopay desam, unga yetib yurolmayman. Dadamga ergashay desam, maydaqadamligi jonimga tegib ketadi. Bor-e, deyman-u, oʻzim boshqa yoqqa qarab baholi qudrat chopib ketaman. Toʻrgʻaylar hushtak chalganlaricha orqamdan ermaklab qolishadi.

Oyoqlarimga boqib, pakana boʻlsam ham, hartugur ayamga tortgan ekanman, deb yurardim. Tunov kun buloqda oʻz aksimni koʻrib, bu fikrimdan qaytdim. Tumshugʻim bilan quloqlarim xuddi eshaknikiga... e, uzr... dadamnikiga oʻxshar ekan. Turxatim ham ikkiyoqlama ekanligini payqab, ichikkandan ichikib ketdim. Qisqasi, na toychoqman, na xoʻtik. Katta boʻlganimdan keyin ham odamlar meni otdek choptirishib, eshakday ishlatishsa kerak.

Bularni qoʻyib turaylik, muhimroq boshqa bir masala bor. Koʻpdan buyon boshim qotib yuribdi – kishnasammikin, hangrasammikin? Kishnaganim bilan baribir meni hech kim tulpor demaydi. Bordi-yu, hangrasam, unda chala eshak boʻpqolaman. Menimcha, kishnagan-u hangraganga oʻxshaganroq ovoz topganim ma’qul.

...Hoʻ, akasi boʻyidan! Sen shu masalada menga durustroq maslahat berolmaysanmi?

Hakkaning hikoyasi

Odamlar meni oʻgʻri deyishadi. Shuyam gap boʻldi-yu! Nima, boshqa qushlardan boyib ketgan joyim bormi? Koʻpchilik qatori tirikchilik qilib yuribman-da. Oʻzimga keragidan ortiqroq narsani oʻmargan boʻlsam, teshib chiqsin.

Farazlab koʻraylikki, yogʻliqqina suzma qatiqni qurut qilishib, oftobga terib qoʻyishgan boʻlsin. Tevarakda hech kim yoʻq. Masalan, siz oʻsha qurutlardan bir-ikkitasini totib koʻrmasmidingiz? Faqat, oliftagarchilik qilmay, toʻgʻrisini gapiring.

Yoki tomga yoyib qoʻyilgan yongʻoqqa duch kelib qoldingiz deylik. Nega endi undan uch-toʻrttagina chaqib koʻrmaslik kerak ekan? Bilaman, shaxsan siz qorinniyam toʻydirasiz, choʻntakkayam urasiz. Men bechorada esa, choʻntak degan narsaning oʻzi yoʻq.

Endi, tuxum masalasiga toʻxtalaylik. Qushlarning tuxumini qasddan oʻgʻirlaydi deb oʻylasangiz, meni toʻgʻri tushunmas ekansiz. Birovlar haqida, oʻylamay-netmay, boʻlmagʻur gaplar aytish odobdan emas. Sizdaqangilarni gʻiybatchi deyishadi.

Oʻzingiz bilasiz, men ashulachiman. Ashulachi boʻlgandayam, mayna-saynalarga oʻxshagan xashaki yallachilardan emasman. Terakning uchiga qoʻnvolib, bir shaqillashni boshlasam, ovozim yetti mahallaga taraladi. Shunaqa ajoyib ovozingiz boʻlsa, siz ham kuniga xom tuxum yutib turishni kanda qilmasdingiz...

Ie! Hoʻ obdastaning yonidagi nima? Pishloqmi? Voy, atirsovun-ku! Yerga tashlab qoʻyishibdi-ya. Hoynahoy, odamlarga ortiqchalik qilayotganga oʻxshaydi. Atrofda birov yoʻqmi?

...Vey, shalpangquloq, nega xoʻmrayib qolding? Koʻrib turibsan, havo tobora isib ketyapti. Ozgina sovun yesam, patlarim tulab, sal yengillayman. Axir, men oʻzimga kerak boʻlmagan narsani olayotganim yoʻq-ku!

Chiyaboʻrining hikoyasi

Maktabga borishga hech oyogʻim tortmay qoldi. Oʻqituvchimiz borgan sari qiyin savollar berib, miyamning qatigʻini chiqaryapti. Oldingi qatorda oʻtirishning xosiyati yoʻq ekan. Kuniga elakdan oʻtaman-da.

Mana, kechagi kunni olaylik. Oʻqituvchim meni oʻrnimdan turgizib, «Xoʻsh, ayt-chi, Quyon botqoqqa choʻkayotgan boʻlsa, biz nima qilishimiz kerak?» – deb soʻrab qoldi. «Serqamishroq joyni tanlab, ehtiyotkorlik bilan unga yaqinlashamiz», dedim men.

– Balli! – dedi oʻqituvchimiz.

Bu maqtovdan koʻnglim koʻtarilib, dadil soʻzlashga tushdim:

– Judayam yaqinlashib qolganimizda, bir qoʻlimizda baquvvatroq qamishning tubidan ushlab, ikkinchisini Quyonga choʻzamiz.

– Ofarin! – deya bosh irgʻab iljaydi oʻqituvchimiz.

Men baralla sayrashda davom etib: «Quyon panjamizga ilindi deguncha, uni shartta oʻzimizga tortamiz», dedim.

– Tasanno! – sevinganidan qichqirib yubordi oʻqituvchimiz. – Balo ekansan! Kallang zoʻr ishlayapti! Qani, uyogʻini gapir-chi!

Shu yerga kelganda, nima deyishni bilmay, duduqlanib qoldim:

– Keyin... keyin...

Bu turishim oʻqituvchimizga yoqmadi shekilli, birdan qovogʻi osildi. Negadir toqatsizlana boshladi. Soʻng hozirgina meni «ofarin»layotgan maxluq tuyqus toʻnini teskari kiyib: «Quyon changalingda turibdi, xumkalla. Gapga tuzukroq xulosa yasamaysanmi endi», deb oʻshqirdi.

Men bahomning pastlab ketishidan qoʻrqib, picha oʻylanib olgach, «Quyonning terisidagi loylarni tozalab tashlaymiz», deb mungʻaydim.

– Gapniyam, ishniyam choʻzvoryapsan! – soʻlagini yutib gʻijindi oʻqituvchimiz. – Sen Quyonni mushkul ahvoldan qutqarding, ozod qilding. Oddiyroq tilda aytganda, Quyonga foydang tegdi. Endi Quyonning senga foydasi tegishi kerak. Xoʻsh, oʻyla-chi?!

Hanuz dudmallanib turganimni koʻrib, oʻqituvchimizning battar jahli chiqdi:

– Qaysidir Quyon boshqa bir Quyonga tekinga yaxshilik qilishi mumkindir, – menga yeb qoʻygudek boʻlib oʻqraydi oʻqituvchimiz. – Lekin, biz Chiyaboʻrilarmiz. Bizdagi falsafa boshqacha... Oʻzimizga yarasha nafsimiz bor!

Tugalay dovdirab, nima deyishimni bilmay qoldim. Bundan oʻqituvchimizning figʻoni falakka koʻtarildir-yu, shartta boʻgʻzimdan ushlab, meni oʻziga yaqinroq tortdi.

– Avvaliga Quyonni ozod qilamiz, – koʻzlariga qon toʻlib chiyilladi oʻqituvchimiz. – Qutqarganimizdan keyin, biz uni mana munday qilib...

U ogʻzini katta ochib, oʻtkir tishlarini kekirtagimga yaqinlashtirgan pallada miyam yarq etib ishlab ketdi va bor ovozda: «Yeb qoʻyamiz!» – deb qichqirdim. Oʻqituvchimiz shu zahoti yengil tortib, meni qoʻyib yubordi.

– Borakansan-ku, humkalla, – chehrasi yorishib, yelkamga qoqdi u. – Chiyaboʻri deganning gapi mana bunaqa boʻpti-da!

Ha, bitta «toʻrt» olguncha, ona sutim ogʻzimga keldi.

...Nima deding? Uchta tovuqqa ikkita oʻrdakni qoʻshsak, jami nechta boʻladi deysanmi? Bu masalani chiyaboʻrichasiga oppa-oson hal qilish mumkin, ogʻaynijon. Boshni ortiqcha qotirib oʻtirmaslik uchun ularni xappa yeb qoʻyamiz, qorinda oʻzlari qoʻshilib ketaveradi.

Beshiktervatarning hikoyasi

Mana shu uvatning hammasi ilgarilari Beshiktervatarlarga qarashli edi. Bir kuni ochkoʻz Chigirtkalar yoprilib kelishdi-yu, biz ov qiladigan joylarni egallab olishdi. Tirikchiligimiz qiyinlashib ketdi.

Avvallari yemishni har qadamda uchratish mumkin edi. Endi kun boʻyi kuyib-pishib oʻlja qidirasan-u, topganing oshqozonga jaz boʻlmaydi. Sakrogʻich Chigirtkalar deyarli hamma narsani zahri-mahriga yutib boʻlishdi.

Bu koʻrgiliklar kamlik qilganidek, oʻsha chirilloq maxluqlarning doʻqchiligini aytmaysizmi. Kecha ov qilib yursam, ulardan ikkitasi qarshimdan chiqib qoldi: bittasi vajavang semiz, boshqasi chakachak oriq. Semizi menga koʻz qirida qarab qoʻyib, sherigidan soʻradi:

– Anavi soʻljayib turgan narsa nima?

– Dunyoda qalangʻi-qasangʻilardan koʻpi yoʻq, – dedi origʻi. – Bu yashshamaguram birorta oʻrmalovchidir-da.

Semizi: «Soʻrab koʻr-chi, nimaga soʻppayib turibdiykin?» – deya dimogʻdorlanib suzilgan edi, origʻi menga koʻzini oʻynatib: «Hoʻ, ogʻzi bor! Nega biz tomonlarda ivirsib yuribsan?» – deb shangʻilladi.

Bu gaplar menga judayam alam qildi. Oʻzing tugʻilib oʻsgan joyda boʻyin qisib yurishga majbur boʻlsang-u, buning ustiga, kelgindilar seni goh mazaxlashsa, goh «qayoqdan kepqolding» deb doʻq urishsa, yurak-yuraging toʻkilib ketmaydimi?

Hoʻngrab yigʻlaganimcha, uyga kirib keldim. Xuni-biyronligimning sababini eshitib, buvim menga taskin bera boshladi:

– Xafa boʻlma, doʻmboqcham, tirikchiligimiz bir nav oʻtib turibdi-ku, shunisigayam shukur qilaylik.

– Yoʻq, buvijon, chidash qiyin, – dedim men. – Tunov kuni bittasi yoʻlimni toʻsib, «Bizga oʻxshab chirillashni qachon oʻrganasan?» deb dagʻdagʻa qiluvdi, endi boshqalari meni «qalangʻi-qasangʻi»ga chiqarishdi...

Buvim birpas xomush turib qoldi. Keyin chuqur uf tortib, mungli tovushda dedi:

– Chirilloq ochofatlarning urugʻi koʻp, doʻmboqcham. Ular bilan ortiqcha oʻchakishma. Zoʻravonlargayam bir balolik kun bordir.

Oʻshanday kun qachon kelarkin, bilmadim. Balki, qish qattiqroq kechib, Chigirtkalarning tuxumi yoppa muzlab qolar. Qoʻshnimiz buvimga shunaqa deyotganday boʻluvdi.

...Buncha esnaysan, bolakay, uyqi bosyaptimi deyman? Bunaqada qulogʻingga gap kirarmidi? Mayli, keyinroq dardlasharmiz. Hozir men tebranib turib, baxtiyorlik haqida alla aytaman, sen bir toʻyib uxlab olgin boʻlmasa.

Chumolining hikoyasi

Ishkom ostida timirskilanib yurib, daroyi uzumning urugʻini topib oldim. Qurib ketgur zil-zambil ekan, itarib ham, tortib ham joyidan siljitib boʻlmadi. Tavakkal qilib yelkalab olsammikin, deb turganimda, oldimdan «vish-sh» yetib bir badbashara maxluq chiqib qolsa boʻladimi!

Enam kechagina yovuz ajdarho haqida ertak aytib bergan edilar. Oʻsha qonxoʻr ogʻzini katta ochganicha oldimdan chiqib turibdi-yu hozir. U bilan solishay desam, ertakda ajdarhoni oʻldirgan Qilichbotir, afsuski, men emasman. Qoʻlimda siltansa qirq gaz choʻziladigan qilichim ham yoʻq.

Darrov es-hushimni yigʻib oldim-u, muloyimlik bilan unga ta’zim qildim.

– Assalomu alaykum, janob Ajdarho! – dedim.

Ajdarho avvaliga nechundir oʻngʻaysizlanib, uyoq-buyoqqa qarab qoʻydi. Keyin birdan koʻkrak kerib: «Gar saloming boʻlmasa, ikki yamlab bir yutardim», deya menga koʻz olaytirdi. Men egilib, qaytadan ta’zim qildim.

Bir vaqt, boshimni koʻtarib qarasam, zumgina oldin qarshimda gerdayib turgan ajdarho yoʻq. U janobning yerda yotgan barg ostiga shosha-pisha kirib ketayotganini arang payqab qoldim. Gap nimada ekanligini anglab ulgurganim yoʻq ediki, osmondan bir pahlavon uchib tushib, gursillaganicha yerga qoʻndi. Uning shabadasidan uch-toʻrt yumalanib, yana oyoqqa turdim.

Pahlavon toʻsatdan patlarini hurpaytirib: «Koʻkqurt qani?» – deb soʻradi mendan.

Endigina soʻzga ogʻiz juftlaganimda, bexos shamol ufurib, boyagi barg pildirab uchdi-yu, Koʻkqurt ismli ajdarho yalangda qoldi. Pahlavon shu zahotiyoq hamlaga hozirlanganini koʻrib, uning Qilichbotir ekanligini fahmladim. Enamning ertakda soʻylaganlari rost boʻlsa, ular endi qirq kecha-yu qirq kunduz jang qilishadi deya bezillab turgan edim, Qilichbotir bir kalla solishdayoq ajdarhoni sulaytirib qoʻydi.

– Qoyil, Qilichbotir! – deb qichqirdim men, zavqlanib ketib.

– Ogʻzingga qarab gapir! – kutilmaganda meni jerkib berdi pahlavon. – Meni nega boshqalar bilan adashtiryapsan, tirrancha? Akkang qaragʻay yetti iqlimga dongʻi ketgan mashhur Chumchuq polvon boʻlaman-a!

U shunday deya, janob ajdarhoni tishlab olganicha, yana osmoni falakka koʻtarildi.

Shu topda enamning yoniga shoshilyapman. Men unga ertak emas, Chumchuq polvon haqida oʻz koʻzim bilan koʻrganlarimni aytib bersam, sezib turibmanki, ogʻzi lang ochilib qoladi.

...Xoʻp, xayr, birodar. Sen ham bu gʻaroyib hikoyani oʻrtoqlaringga soʻzlab berib, ularni yoppasiga angraytirib qoʻysang-chi.

Mushukchaning hikoyasi

Odamlar «Mushuk ham tekinga oftobga chiqmaydi», degan maqol toʻqishganmish. Bu bekorchi gap boʻlsa kerak deb oʻylayman. Masalan, shaxsan men har kuni tomga chiqvolib, oftobda isinaman, lekin buning evaziga hech kimdan hech qanaqa haq talab qilgan emasman.

Tomda yotib, ba’zan uzoq-uzoqlarga termilib qolaman. Yer yuzi poyonsiz deyishadi. Bu gapga ishonish uchun dunyoga tomdan turib qarash kerak ekan. Men atrofni yaxshilab koʻzdan kechirib chiqqanimdan keyin, yer yuzi mana shu tomga qaraganda kamida oʻn besh marta katta boʻlsa kerak, deb oʻylab qoʻydim. Oʻn besh marta-ya!

Tomda yotishning tagʻin bir foydali tomoni shundaki, bu yerdan hovlining hammayogʻi kaftdek koʻrinib turadi. Kecha moʻrining yonida yotib, tandir ostidagi kavakdan allanimaning pildiraganicha chiqib kelayotganini payqab qoldim. Mundoq qarasam, kap-katta bir Sichqon uyalmay-netmay kalish chaynab oʻtiribdi. Achchigʻim qoʻziganidan, dumim xoda boʻlib, junlarim hurpayib ketdi. Miy-yov!

Vagʻillagan kuyi oʻzimni tomdan tashladim. Haligi kalishxoʻr nonushtani toʻxtatib, juftakni rostlab qoldi. Unga yetib olib, endigina tappa bosaman deb turganimda, oldimdan yer yutgur Qoplon chiqib qolsa boʻladimi. U vopira-vop qilib menga tashlangan edi, oʻzim sichqonga aylandim-qoldim.

Qochib borayotib qarasam, tandirning yonida cheti siniq sopol togʻora toʻntariligʻ turibdi. Oʻqdek uchib borib, oʻzimni oʻshaning tagiga urdim. Qoplon tirqishdan tumshugʻini suqib, rosa irilladi. Bundan foyda chiqmagach, orqa oyoqlari bilan togʻoraning ustiga tuproq changita boshladi. Itliging qoʻzimay oʻlgur-ey!

Qoplon qaytib ketganidan soʻng olam birdan jimjit boʻldi-qoldi. Shunda togʻora ostida birovning «pish-pish» nafas olayotgani qulogʻimga chalindi. Mundoq yonga oʻgrilsam, bir chekkada hansiraganicha boyagi Sichqonboy turibdi. Mendan qoʻrqibmi, itdan qoʻrqibmi, uyam toʻgʻri shuyoqqa qarab qochgan ekan. Donishmand bobom: «Nodon qarshingda turgan boʻlsa, sen aql bilan ish koʻr», der edilar. Tezda shu oʻgitga amal qildim. Goʻshtidan kalish hidi anqib turganini hisobga olmaganda, yogʻliqqina Sichqon ekan, maza qilib yedim.

Voy, esi past Sichqon-ey, boshqa joy qurib ketgandek, kelib-kelib, togʻoraning tagiga berkinganini qarang. Kallavaram-da. Bilmaydiki, yer yuzi mana shu siniq togʻoraga qaraganda, kamida ming marta katta. Hatto, bir yarim ming marta katta boʻlishiyam mumkin!

...Ogʻayni, sen ham yer yuzini oʻzingcha hech chamalab koʻrganmisan?

Qurbaqaning hikoyasi

Qur-r, vaq! Meni tanidingizmi? Ha, men oʻsha boshi yapaloq, koʻzi shapaloq Qurbaqaman. Laqabim – Vaqvaqatoʻra!

Koʻrib turibsiz, vaqtim choq. Boʻlmasam-chi! Hozirgina ikkita boʻrdoqi pashshani tutvolib, shappa-shuppa yamlab qoʻydim. Endi hovuzga kalla tashlab, bir choʻmilsammikin deb turibman. Men sizga aytsam, qorin toʻyganidan keyin chalqanchasiga suzib yurishning ham oʻziga yarasha gashti bor. Qancha koʻp suzsang, shuncha lanj boʻlasan. Ana undan keyin, baqatoʻnga oʻranvolib, miriqib uxlash mumkin.

Biroq, shunisi yomonki, uyqudan uygʻongan chogʻingda qorning qaytadan ochqab qolgan boʻladi. Shunda, tarvayib bir kerishasan-u, koʻzing jovdirab, yana ovqat axtarishga tushasan.

Oʻtgan kuni uyqusirab turib, bir sayoq Chumakarini yutib yuboribman. Itpashshaga oʻxshatibman-da. Bir vaqt ichak-ichaklarimga igna sanchishni boshladi. Qurillab dodlaganimcha, satta paqir boʻyi sakrab, oʻzimni yerga uraman deng. Ari chaqishini qoʻymaydi, men – qurillashimni. Yoʻq, xayriyat, oxiri oshqozonimgayam bitta igna sanchdi-yu, shundayicha butunlay hazm boʻpketdi.

Baloyi azimdan qutilib olganimdan soʻng, mundoq qarasam, sayroqi qushlarni qafasda boqib yuradigan sariqsoch bola menga suqlanib tikilib turibdi. Boya tinmay qurillayotganimda, chamasi, shirali ovozim unga yoqib ketgan boʻlsa kerak. Qiligʻing qur-r-gʻur bolakay sayroqi qushlarga qoʻshib, meniyam bironta qafasga solib qoʻymasin, dedim-u, hovuzga qarab ura qochdim. Men sizga aytsam, qafasda yotib tayyor ovqat yegandan koʻra, erkin yurib, och qoringa ari yutgan ming marta afzal.

...Bu hikoyani aytishdan maqsadim, oʻrtoqchilik hurmati seni ogohlantirib qoʻymoqchiman, toybola. Maslahatim shuki, uyqusirab turib ovqat yeyishga odatlana koʻrmagin, buning oqibati judayam yomon boʻlarkan.

Joʻjaning hikoyasi

Mana, eson-omon tuxumdan chiqib oldim. Oʻziyam, tor joyda qisilib, qorongʻida oʻlgudek zerikib ketuvdim.

Mendan keyin ukalarim ham tuxumlarini birin-ketin pachoqlashga tushdilar. Yorugʻlikka chiqishgach, anchagacha koʻzlarini ocholmay turishdi. Shumshayib oʻtirishlarini koʻrib, kulging qistaydi.

Hozircha oltitamiz. Men-u, yana bittamiz oʻgʻil, qolgan toʻrttasi qiz. Yettinchi tuxum haliyam singani yoʻq. Ayam bechora bundan xavotirda. Dam tuxumni bosib yotadi, dam unga asta quloq solib koʻradi – jimjit. Qachongacha yotar ekansan, deb qoʻyaman oʻzimcha. Qayoqqa borardi, baribir chiqadi. Keyin, dadamdan bir kaltak yeyishi bor bu yalqovning.

Ha, aytganday, judayam zoʻr dadam bor-da. Boshida qip-qizil toj, bitta-bitta qadam tashlab yurishini koʻrsang, havasing keladi. Koʻp gapirmaydi, faqat ba’zan koʻkragini kerib turib, ma’nodor qichqirib qoʻyadi: «Chi-chi-chiy chiy-y-y!»

Yoʻq, oʻxshatolmadim. Tilim kelishmayapti.

Ayamning aytishiga qaraganda, shu yaqin-atrofdagi xoʻrozlar dadamni koʻrdi deguncha, chumchuqlardek tiraqaylab ketisharkan. Lekin, ochigʻini tan olsam, Chumchuq nimaligini oʻzim ham unchalik tushunolmay turibman. Uni qoʻying, buni qoʻying, payti kelib, men ham dadamdek polvon boʻpketsam-a!

E, xayriyat, ana, yettinchi tuxum ham yorildi. Ie-ie! Bunisi kim boʻldi endi? Na menga oʻxshaydi, na ukalarimga. Tumshugʻi yap-yapaloq, oyogʻiyam boshqacha – panjalarining orasida pardasi bor. Voy, tavbangda ketayin-ey!

– Bu oʻrdak-ku! – deya birdan shovqin soldi ayam. – Menga oʻrdakning tuxumini bostirishibdi. Muttahamlar!

Dadam kenjatoyga hafsalasiz kayfiyatda qarab qoʻydi-yu, indamay yuzini oʻgirdi. Kenjatoy boʻlsa, ye yoʻq, be yoʻq, chopganicha borib, oʻzini suv toʻla jomchaga otdi. Bir-ikki shoʻngʻib olgach, gerdayganicha suzishga kirishdi.

Oxiri aytganim keldi – betasir kichkintoy dadamning bitta tarsakisini yedi-yu, jomchadan chetga uchib tushdi.

Boshqalardan kattaroq boʻlganim uchun, ularni tergab turishga haqqim bor. Shuni hisobga olib, tarsakidan zada yemay, yana jomchaga tirmashayotgan kenjatoyga qarab oʻshqirdim:

– Vey, oʻrdak! Qoch jomchaning oldidan!

Goʻyo gapimga tushunmayotgandek, bezrayib turishini qarang. Yapaloq tumshugʻingdan oʻrgildim seni! Oʻrdak boʻlsang, oʻzingga!

... Oshna, uqtiribroq ayt-chi, Oʻrdak degani nima oʻzi?

Xoʻtikning hikoyasi

Koʻp narsaga qiziqaman. Shu tufayli kechalari uxlamasdan oʻylanib yotaman. Hozircha kallam balodek ishlab turibdi, farosatim joyida. Men bilan u-bu narsalar toʻgʻrisida bir-ikki ogʻiz gaplashsangiz, ishonchim komilki, zehnim oʻtkirligini sezib, hang-hang... yoʻq, hang-mang boʻpqolasiz.

Siz, masalan, nima uchun chaqmoq chaqib, keyin momaguldirak boʻlishini bilasizmi? Qoʻying, xijolat tortmang, buni oʻzim tushuntirib qoʻya qolay.

Xullas, bulutlar suzib boraveradi, suzib boraveradi, suzib boraveradi, oxiri birdamas-birda togʻning choʻqqisi bilan toʻqnashadi. Agar ikkita chagʻir toshni bir-biriga urib koʻrgan boʻlsangiz bilasiz, bunday paytda «chars-churs» oʻt chaqnaydi. Ana sizga chaqmoq! Bulut choʻqqiga urilganidan keyin, oʻz-oʻzidan ma’lumki, hammayoq larzaga keladi. Qarabsizki, qanordek-qanordek toshlar guldiraganicha pastga qarab yumalay boshlaydi. Ana sizga momaguldirak!

Ha, bu ancha chigal masala. Hammaning ham tezda fahmi yetavermaydi. Keling, sizga boshqa osonroq savol berayin. Qani, ayting-chi, nima uchun aravaning gʻildiragi yumalogʻ-u, derazaning koʻzi toʻrtburchak? Eha-a-a, shuniyam bilmayman deng? Mayli, bunisiniyam oʻzimiz uqtirib qoʻyaylik boʻlmasa.

Xoʻ-oʻ-sh... Umringizda biror marta yumaloq oynakni koʻrganmisiz? Bilaman, koʻrmagansiz...

Bunaqasini hech kim koʻrmagan. Chunki, odatda, oynaklar korxonadan toʻrtburchak qilib chiqariladi. Shunday boʻlgandan keyin, derazaning koʻzini ham oʻsha oynakka moslashtirib, toʻrtburchak shaklda yasashga toʻgʻri keladi. Aravaning gʻildiragiga esa oynak solinmaydi, shuning uchun u yumaloq. Mana, gap qaerda!

... Hoʻ, bolakay, menga qarab nega xoʻshshayi-i-b qolding? Biron-bir jumboqqa aqling yetmay turibdimi deyman-da. Savoling boʻlsa, tortinmay soʻrayver, men hamma narsani bilaman.

Qovogʻarining hikoyasi

Bir uchishda bugʻdoyzorning ustidan toʻxtamay oʻtib ketishni niyat qilgan edim, boʻlmadi. Yarim yoʻlda motorim qizishni boshladi-yu, birdan tezligim kamayib, noiloj pastga shoʻngʻidim. Dirillaganimcha borib urilganimda, bugʻdoy poyasi kamalakdek egilib, men tirmashib turgan boshoq yerga tegdi, soʻng, hayinchakda uchgandek, yana balandga koʻtarildim. Qarang-a, buyoqda tap-tayyor oʻyin bor ekan-u, bilmasdan yurganakanman. Endi bekorchilikda mana shunaqa «halov tuya» oʻynab tursam boʻlarkan.

Hozir vaqtim ziq. Hoʻ pichanzorda Ninachi bilan uchrashishim kerak. Uning ota-onasi meni mehmonga chaqirishibdi. Qani, borib, ninachilarning ovqatidan ham bir tatib koʻraylik-chi.

Ninachi bilan juda gʻalati vaziyatda tanishib qoldim. Ilgari kuni pichanzordagi kurmaklardan biriga qoʻnib dam olib tursam, sochiga koʻk latta bogʻlagan bir qizaloq yonimdan oyoq uchida ehtiyotkorona odimlab oʻtib qoldi. Orqaroqda kelayotgan bolakay esa: «Vertolyot kichkina ekan, avaylab ushlagin», deb pichirladi unga.

Vertolyoti nima ekan, deb mundoq qarasam, nariroqdagi qiyoqning uchida chiroyli bir Ninachi qoʻnib turibdi. Qizaloq barmoqlarini ombir qilvolib, uning ortidan asta pisib boryapti. Men qanotlarimni zirillatganimcha Ninachi tarafga otildim-u, dumiga bir kalla solib oʻtib ketdim. Ikkalamiz birin-ketin havoga koʻtarildik.

– Namuncha anqayasan, oshna? – Ninachiga qichqirdim, uchib borayotib. – Anavi pismiqlar seni ushlagani poylab kelishayotuvdi!

Shunda, boyagi bolakay pastdan turib: «Hap senimi, bombardimonchi!» – deya menga musht oʻqtaldi. «Bombardimonchi» nimaligini aniq bilmayman-u, taxminan aytganda, bu – chaqimchilarga qoʻyilgan yangicha laqab boʻlsa kerak. Topdimmi?

Gapning qisqasi, oʻshandan beri Ninachi bilan inoqlashib ketdik. Mana, bugun – mehmondorchilik.

...Xohlasang, seniyam birga olib borishim mumkin, ogʻayni chalish. Lekin, boradigan boʻlsang, avval motoringni yaxshilab sovutib ol.

Suvarakning hikoyasi

Mish-mishlarga qaraganda, bir zamonlar bu yerda durustgina qoʻrgʻon boʻlgan ekan. Nurab-nurab, oxiri undan mana shu bir parchagina devor qolibdi. Bu devor shunaqayam serkovakki, pastdan turib qarasang, koʻp qavatli binoga oʻxshab koʻrinadi. Ana shu binodagi xonalardan bittasida men yashayman.

Toʻgʻrisini aytsam, qoʻshnilarim ichida istarasi issiqrogʻi oʻzimman. Masalan, oʻng tarafimdagi xonada Buzoqboshi, chap tomonimda Kaltakesak turadi. Ikkovi ham bir-biridan badbashara. Tagimdagi xonada yashaydigan Qirqoyoqqa kelsak, u yanayam tasqararoq. Ba’zan unga qarab turib, oyogʻing saksonta boʻlgandayam, bari bir menchalik poyga chopolmaysan, deb oʻylab qoʻyaman.

Qoʻshnilarim orasida eng turqi sovugʻi, bu — Chayon. Siz faqat uning turqini koʻrgansiz, lekin hali gaplashmagan boʻlsangiz kerak. Uning gapi sumbatidan ham sovuq.

Bundan uch-toʻrt kun oldin oʻsha Chayon shunaqayam ta’bimni tirriq qildiki...

Oʻsha kuni odatdagidek novvoyxonaga borib, maza qilib uvoq yedim. Koʻzim toʻyib, nafsim qonib, qorinni chirmanda qilganimcha uyga qaytib kelayotsam, yoʻlda birdan yomgʻir shivalab qoldi. Yugurib borib ariqcha boʻyidagi zahar zamburugʻning tagiga kirib oldim. Bir mahal qayoqdanam Chayon paydo boʻldi-yu, halloslaganicha kelib, u ham zamburugʻning ostiga suquldi. Orqa oyogʻimni bosganicha taqqa toʻxtadi. Boldirlarim qirsillab ketgan boʻlishiga qaramay, tishni-tishga qoʻyib sekingina mingʻilladim:
— Hoʻ, aka, oyogʻingizning tagidan chiqib ketsak maylimi?— dedim.

Shunda u choʻchib yoniga oʻgirildi-yu, meni koʻrib, birdan dumini gajak qildi.
— Mogʻor kiyimda nega menga suykalasan, vey? Yoʻqol bu yerdan!— deya oʻshqira ketdi u. Keyin oʻxshatib turib ketimga bitta tepsa boʻladimi! U kaltafahm bilan adi-badi aytishib oʻtirmadim. Oʻzimni zoʻrgʻa bosib, sekin uyga qaytdim. Uyga yetib kelguncha shalabbo boʻlib ketgan ekanman, tuni bilan isitmalab chiqibman deng.

Ha, bu Chayon deganlari shunaqa maraz maxluq, u bilan qoʻshnichilikpn allaqachon yigʻishtirib qoʻyganman.

...Mana, tanishib ham oldik. Biz taraflarga yana kelib qolsang, tortinmay toʻgʻri uyimga kirib boraver. Adresimni yozvol: Buzuq qoʻrgʻon, eski devor, chapdan oʻn ikkinchi kavak. Yozib boʻldingmi? Qani, koʻray-chi... Mana shunaqa-da, men oʻn ikkinchi kavak desam, sen oʻn yettinchini yozibsan! Oʻchir! Oʻchir darrov! Bilasanmi, oʻn yettinchi xonada kim turadi? U yerda oʻsha la’nati Chayon yashaydi-ya!

Toshbaqaning hikoyasi

Dushanba ogʻir kun deganlari toʻgʻri ekan. Bugun havo shunaqayam isib bsrdiki, nafas olsang, xuddi choʻgʻ yutayotgandek boʻlasan. Hali hech qancha yoʻl yurganim yoʻgʻ-u, sillam qurib, tomogʻim qaqrab ketdi.

Odamlarning bolalariga maza-da, ular bunaqa paytda salqin joyni topvolishib, muzdek limonad ichi-i-ib oʻtirishadi, yo boʻlmasa burunlarini tortib-tortib muzqaymoq yalashadi. Xullas, toshbaqa boʻlib ming yil sudralgandan koʻra, odam boʻlib yuz yilgina yashagan ma’qul ekan.

Bilib turibman, «shunchalik holing bor ekan, safarga chiqishni senga kim qoʻyibdi», deb oʻylayapsiz.

Hoʻ, mirzateraklarni koʻryapsizmi? Oʻsha tomonda bitta xolam bor. Xolamning kenja chevarasi qadrdon oshnam. Kelasi dushanbada oʻsha kichkintoy oʻrtogʻim bir yuz oʻn yoshga toʻladi. Uni tabriklagani ketyapman.

Nega menga bunaqa qaraysiz? Bir hafta oldin yoʻlga chiqqanimdan hayron boʻlyapsiz shekilli? Nima, men aygʻirmidimki, oyogʻimga taqa qoqvolib, tosh yoʻldan shaqir-shuqur chopib ketsam. Orqamdan it quvlasa ham boʻlgan-bitganim shu.

Ana xolos, gap bilan boʻlib, qumloqqa chiqib qolibman-ku. Hammadan ham anavi doʻnglikka toʻgʻri kelib qolganimni koʻrmaysizmi. Ish rasvo boʻldi-da. Bunaqa doʻnglardan koʻp pand yeganman, oʻlib-tirishib tepaga chiqdim deganingda bir sirgʻanasan-u, oʻzingni yana pastda koʻrasan.

...Umringda birovga yaxshilik qilganmisan, oshna? Malol kelmasa, meni doʻppingga solib, ana shu doʻngdan oʻtkazib qoʻygin. Nima boʻlsayam, yaxshi niyat bilan yoʻlga chiqqanman, ziyofatdan quruq qolmayin tagʻin.

Uloqning hikoyasi

Ota-onamdayam, oʻzimdayam soqol bor. Bir qarashda uchalamiz bir xilga oʻxshaymiz. Lekin judayam unaqa emas. Masalan, dadamning boʻyniga qoʻngʻiroq osib qoʻyilgan, ayamning bugʻularnikidan ham chiroyliroq burama shoxi bor, mening esa chap koʻzim shilpiq. Keksa serkaning taxmini toʻgʻri chiqsa, koʻzim shu yoz ichi tuzalib ketishi kerak.

Yaylovda Maymun degan yaramas maxluq paydo boʻlmasdan ilgari ikkala koʻzim ham soppa-sogʻ edi. Ozgina ehtiyotsizlik qilib, boshimga shu koʻrgilikni orttirib oldim.

Oʻshanda erta bahor edi. Har galgidek bizni saharlab oʻtloqqa haydashdi. Dadamning ortidan saf tortib, qoʻngʻiroq ovoziga quloq solganimizcha buloq boʻyidagi togʻolcha ostidan oʻtib borayotgan paytimizda «zuv-v» etgan tovush eshitilib qoldi. Kattakon archa bujuri toshdek uchib kelib, tarsillaganicha dadamning qoq kallasiga tegsa boʻladimi. Dadam bechora bir shataloq otdi-yu, ovozining boricha ma’rab yubordi.

Bundoq qarasam, archaning baland shoxida bir tasqara maxluq tirjayib oʻtiribdi. Koʻzlari bejo. Men «anavi shaytonni qaranglar», deb qichqirgan edim, keksa Serka «be-e, bu Maymun-ku», deya burnini jiyirib qoʻydi.

Dadamning alamini olish uchun qoʻy-qoʻzilarni ikki tomonga surib bir oz orqaga tisarildim-da, tapira-tupur qilganimcha borib, jon-jahdim bilan archaga kalla soldim. Maymun shoxdan uzilgan olmadek tap etib oldimga tushsa kerak, deb oʻylovdim. Yiqilmadi. Hayron boʻlib tepaga qaraganimni bilaman, u afting qurgʻur shuni poylab turgan ekanmi, qoʻlidagi archa bujuri bilan oʻxshatib sopqoldi-yu. Chap koʻzimdan oʻt chaqnab ketgandek boʻldi. Bexush yiqilib qolibman deng.

Keyin surishtirsam, oʻsha Maymun hayvonot bogʻidan qochib kelgan ekan, odamlar uni ertasigayoq ushlab ketishibdi.

Chakki boʻlibdi-da. Shu yerda yurganda, u tasqara bilan yakkama-yakka solishib koʻrardim. Oʻziniyam bundan keyin qoʻliga archa bujuri ushlamaydigan qilib tashlardim-da.

...Sen ancha madaniyatli bolaga oʻxshaysan. Hayvonot bogʻiga ham borib tursapg kerak? Yana borib qolsang, oʻsha Maymuiga aytib qoʻy, agar qoʻlimga tushsa, naq jigʻini ezib qoʻyaman. Keyin, oʻzing ham chap koʻzingga ehtiyot boʻl, xoʻpmi?

Suvalamushning hikoyasi

Choʻrtanbaliqlarni yaxshi bilaman, birovni nazar-pisand qilishmaydi. Tarvaqaylagan moʻylovlaridan quvonishadi shekilli. Ularda bor moʻylov bizdayam bor, lekin shu paytgacha gerdaygan emasmiz.

Men, hatto, oʻzimdan kichik Tangabaliqlarni ham hurmat qilaman. Mabodo qornim ochib qolsa, ulardan birortasini yaxshilikcha tutib olaman-da, hech bir qoʻpollik qilmay silab-siypab turib, pok-pokiza yeb qoʻyaman. Mana bu boshqa gap. Birovga nohaq ozor berishning nima keragi bor? Zoʻravonlik qilib, hali hech kim baraka topmagan.

Masalan, Choʻrtan uchiga chiqqan zoʻravon edi. Yomonning bir qiligʻi ortiq deganlaridek, mening gʻashimga tegmasdan turolmasdi.

Tashqarida uchrashib qolsak, koʻrmaganga olib turib, dumi bilan biqinimga bir turtib oʻtardi. Ichkarida yotsam, inimning ogʻziga kelib, suvni ataylab loyqalata boshlardi. Bir narsa deyay desam, gavdasi menga ikkita keladi.

Oxiri jonimdan oʻtib ketdi. Kecha, «ke, nima boʻlsa boʻlar» dedim-u, baqatoʻnning tagiga kirib olib, uning yoʻlini poylay boshladim. Bir vaqt lallayganicha suzib kepqoldi. Tepamdan oʻtayotgan paytda bir sapchib boʻgʻzidan kirt tishlab oldim. Jon shirin-da, bir zum tipirchilab turdi, keyin sulaydi-qoldi. Atrofga olazarak qarab qoʻyib, uni sekingina inimga sudrab kirdim. Oʻziyam rosa yetilgan ekan, kechadan beri yeb tugatolmayman.

Ertalab quyuq nonushtadan keyin tashqariga chiqib kerishib tursam, yonimdan yalpayganicha Zogʻarabaliq oʻtib qoldi. U oldimda toʻxtalib: «Qoʻshning Choʻrtanbek koʻrinmaydimi?» deya shamador bir gap aytdi. Men chaynalib oʻtirmay «sayru sayohatda yurgandir-da», deb qoʻya qoldim. Shunaqa ezmalarni jinim suymaydi. Oʻzing sogʻomon qiltinglab yurganingga shukur qilsang-chi, boshqalar bilan ishing nima?

Umuman, Zogʻorabaliq bilan gapni kalta qilganim yaxshi boʻldi. Dadam rahmatli «koʻp yeginu, kamroq gapirgin», derdilar. Haqiqatanam, yuz ogʻiz gap gapirgandan koʻra, bitta baqa tutib yegan yaxshiroq.

...Mana, hamma gapni oʻz qulogʻing bilan eshitding. Xoʻsh, ogʻayni, mening xulq-atvorim haqida nimalar deya olasan?

Echkiemarning hikoyasi

Timsohning jiyaniman. Bir davrlar togʻam bilai birga daryoda yashardik. Qurgʻoqchilik yillari tuyqus suv kamayib ketdi-yu, ikkalamiz tor joyda juda qisilib qoldik. Buning ustiga togʻam oriyatimga tegadigan bir-ikkita gap aytib, gʻashimni keltirib qoʻydi. Shundan keyin «hayyo-huyt» deb, choʻlu biyobonga bosh olib ketvordim.

Dastlabki oylarda jaziramaga chidolmay, tomogʻim qurib yurdi, keyin bora-bora koʻnikib qoldim. Sahro — daryo emas, bu yerda yashaydigan maxluqlar sanoqli.

Agar epchilroq boʻlmasang, ochingdan oʻlib ketasan. Shu tufayli qoʻngʻizdan tortib, kalamushgacha bir boshdan tutib yeyaverdim. Gap oʻrtamizda qolsin-u, bir kukn payt poylab turib, bitta kasalmand Chiyaboʻrini ham gumdon qildim. Xayriyatki, uning bezori oshnalari buni payqamay qolishdi.

Qishloq tarafga borishni oʻrganib olganimdan keyin, yangi bir hunar orttirdim. Echki degan yuvoshgiia jonivor boʻlarkan, emsang indamay turaveradi... Suti biram shirin, biram mazaliki, toʻyib emib olsang, ikki kun ovqatlanmay yuraverasan.

Lekin, bu xursandchiligim ham uzoqqa choʻzilmadi. Odamlar echkini emib turganimni koʻrib qolishib, meni shunaqayam tiraqaylatib quvishdiki, boshim omon qolganiga hali-hali shukur qilaman.

Timsoh degan dabdabali nomim ana oʻshandan keyin rasvo boʻldi. Odamlar menga echkiemar degan laqab tirkashdi. Nafsi buzuqlikning oqibati yomon boʻlarkan, mana, oxiri sharmandali laqab orttirib oldim. ...Jon oshna, shu odamlar bilan bir gaplashib koʻrmaysanmi? Agar ular meni qaytadan timsoh deb atashga rozi boʻlishsa, men ham bundan keyin oʻshalarning echkisini emmaganim boʻlsin. Bunga koʻnishmasa, oʻzlaridan koʻrishsin.

1978—1983 yillar