OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiOrtigʻalining oʻzginasi (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Ortigʻalining oʻzginasi (hajviya)
Anvar Obidjon

Oshxonadagi javon yonida seyfning kalitini yoʻqotgan gʻaznachidek uymalanib yurgani sayin, Umrzoqni ter bosib, bosh ogʻrigʻi battar kuchaya bordi. Oxiri peshanasiga tangʻilgan nam sochiqdan bugʻ taratganicha kelib, oʻzini divanga tashladi. Shu zahoti eshikning qoʻngʻirogʻi gʻalayon koʻtardi: «Jir-r-ring!»

– Kir-r-ring! –dedi Umrzoq, qoʻngʻiroqqa kesatib.

Tarashalanganicha Ortigʻali qadam ranjida qildi. Koʻzi qirov oʻray boshlagan gʻaynolini eslatardi.

– Ahvoling shashaligini biluvdim, – deb bigʻilladi u. –Toʻyniki tekin deb, kecha xurmachangdan ja toshirvording... Eyq! Ihiv... Uyda qolgan-qutganidan yoʻqmi? Bizni jigʻildonam biyobon boʻpketdi.

Umrzoqning bitay-bitay deb turgan yarasiga qovogʻari nish urgandek boʻldi.

– Qolgan-qutgani deysan-a, – novvoshoʻngrov qildi u. – Ana, javonda bus-butiniyoq turibdi. Naq «Kristal» deganidan!

Ortigʻalining yuzi charaqlab, qoʻllarini bir-biriga ishqadi:

– E, tilingga shakar! Qani, oʻshani aldab-suldab bu yoqqa yetalab chiq-chi.

Umrzoq tugalay hoʻngrak otib yuborishdan oʻzini zoʻrgʻa tiydi.

– Hademay xotinim bozordan qaytib keladi, oʻzidan soʻrab ichaverasan, – dedi lablari uchinqirab.

Ertaga xotinining tugʻilgan kuni ekani, akalarim tabriklashga kepqolishsa, qittak-qittak qilishar deb, olib kelgan aragʻini javonga qulflab tashlaganini uqtirguncha, jigari tutdek toʻkilayozdi. Ammo, Ortigʻali hafsalasi ancha-munchaga pir boʻladiganlardan emasdi. Ogʻir asabiy sharoitga tushib qolgan sinaqta doʻstini azobdan tezroq qutqarish choralarini izlay boshladi. Nihoyat, topdi ham. Uning taklifini eshitib, Umrzoqni negadir tutqanoq tutdi.

– Esing joyidami, valat? Eshigimiz peshanama-peshana boʻlsa. Xotinim seni tanimasdan oʻlibdimi?

– Pardoz qilvolsam, tanib boʻpti, – dedi Ortigʻali. – Yigirma yildan beri bekorga artist boʻlib yuribmanmi? Sahnada bir kun ministr boʻlsam, bir kun soʻfiman. Birorta tomoshabin, bu kechagi nusxa-ku, deganmas.

Umrzoq jomchadagi qorataloqdek yoyilib, soʻrraygan asno bir zum oʻylanib turdi. Soʻng, nafsi ustun kelib, chapanichasiga qoʻl siltadi:

– Bor-e, bir tavakkal qilsak qipmiz-da.

– Boʻpti, men uyda boʻpturaman, – dedi Ortigʻali. – Ishqilib, telefoʻnimni chalkashtirvorma.

Bozor qilib qaytgan Naziraxon poygakda yechinib, ichkari xonaga yurdi. Ostonadan oʻtdi-yu, birdan «zim-m» etib tanasiga sovuqlik yugurdi. Eri gʻujanak boʻlganicha gilamda ingrab yotardi. «Voy oʻlmasam», deya yugurib borib, uning qoʻltigʻidan oldi, amallab divanga yotqizdi.

– Sizga nima boʻldi, dadasi?

– Badan-badanim uvishib... vix... bir yoqdan biqin sanchib... vix... Xotin, rozi boʻl endi... Voy-ey!

– Hoy, odamni qoʻrqitmang...

Naziraxonning yuzi quv oqardi. Umrzoq biqinini changallagan kuyi, divan yonidagi quti ustida turgan telefonga yopishdi. Inqillab-sinqillab raqam terdi.

– Aloʻv... vix... «Tez yordam»mi bu? Darrov kelinglar... voy-ey... Bordi-keldi boʻpturibman... Aloʻv, aloʻv! Iy, uzilib qoldi-ku...

– Qiynalmay, bu yoqqa bersangiz-chi.

Naziraxon eshitqini erining qoʻlidan olib, endigina raqam terishga shaylangan ediki, eshikning qoʻngʻirogʻi jiringladi. Borib eshikni ochgan hamono katta qora koʻzoynak taqqan, oq xalatli soqoldor kishi: «Men «Tez yordam»danman. Kasal qani?» –deya ostonadan shataloqlab oʻtdi.

– Voy, xash-pash deguncha qanday yetib keldingiz? – angrayib soʻradi Naziraxon.

– Biz... anaqalardanmiz... xoʻ-oʻ-sh, – deya taysallandi doʻxtir. – Ha! Bizni «Super tez yordam» deb qoʻyibdilar, xonim. Vertalyotda keldik.

– Adresniyam aytib ulgurmaganidik...

– Vertalyotdagi kompyuter hammasini aniq koʻrsatib beradi.

– Harqalay...

– E, boshimni boʻmbardimon qilvordingiz-ku! Gapni maydalamasdan, menga kasalni koʻrsating!

Oʻta zamonaviy uskunalarni pesh qilayotgan doʻxtirning qoʻlida loaqal bironta eskicha asbobning yoʻqligi Naziraxonni battar taajjubga soldi. Doʻxtir bemorning qoʻl tomirini ushlab, soatiga tikilganicha «axa, axa» deya faylasufona suzilganini koʻrganidan keyingina, koʻngli xiyla joyiga tushdi.

– Bari tushunarli, – dedi doʻxtir. – Eringiz tomirus tortishus kasaliga chalinibdi.

– Tomirus tortishus?!

– Ha, tomirus tortishus. Oddiy tilda tomir tortishish deyiladi. Eti uvishyaptimi, axir?

– Voy, voy-ey... shunaqangi uvishyaptiki! – deb tashxisni tasdiqlagan boʻldi Umrzoq. – Buning ustiga... vix... biqinimam sanchiyapti.

– Tushunarli, demak biqunus sanchigʻus ham bor, – deya Naziraxonga soqol choʻchchaytirdi doʻxtir. – Eringiz kasalxonaga yetib borishni qiyin, xonim. Bu yogʻi pishib qopti.

– Voy oʻlmasam!..

– Qoʻrqmang, chorani shoʻtta koʻrib, tuzatvorsak boʻladi. Spirt-mipirt topiladimi bu uyda?

– Yoʻgʻidi-ya...

– Balki... tozaroq araq bordir? Masalan «Kristal»?

– Bor! Xuddi oʻshandaqasidan bor! – dedi Naziraxon suyunib. Ayni paytda, doʻxtirga yana bir sinchilanib, gʻalati tikildi.

– Tasodifni qarang-a! – bezrayib xitob qildi doʻxtir. – «Kristal»ni opchiqib, tezda ixtiyorimga topshiring.

Naziraxon oshxona yoqqa bir talpindi-yu, picha toʻxtalib, doʻxtirga tagʻin kalovlanib tikildi.

– Ha? Savol bormi? – soʻradi doʻxtir.

– Mabodo-o... Ortigʻali degan qarindoshingiz yoʻqmi? Agar soqolingiz boʻlmasa...

– Hozir Ortigʻali-portigʻaliga balo bormi? – oʻshqirib berdi doʻxtir. – Dorini opchiqing!

Naziraxon masovlangan siyoqda oshxonaga kirib ketgach, Umrzoq panjalarini mushuktirnoq qilib, Ortigʻalini poʻpisalashga tushdi:

– He, doʻmpaguvalak! Oʻrgildim sandaqa artistdan. Hali telefonning eshitqisini qoʻymasimdan turib, pirpirab kelishingni qara.

– Tomoq taqillab ketdi-da. Vertalyotda keldim deb, gapni toʻgʻrilavordim-ku.

– Vertalyotmish... Raketayam bunaqa tez kelmaydi. Buyam yetmagandek, dabdurustdan «Kristal» deb turibsan...

Naziraxon qaytib chiqib, janjal chala qoldi. Doʻxtir yutinib-tamshanib araqni ochdi. Piyolaga bosib quydi.

– Tomirni yozadigan manavi narsadan ozgina ichasiz endi, bemor. Agar, achchiq deb qoʻrqayotgan boʻlsangiz, oʻzimiz ichib koʻrsatishimizga toʻgʻri kepqoladi.

Umrzoq yalanib mingʻirladi:

– Yoʻ, ja unaqa qoʻrqoqmasmiz...

– Xoʻjayinim ichib yurgan odamlardan, – erining yonini oldi Naziraxon. – Oʻlganakan shundanam qoʻrqsa.

Bu gaplardan doʻxtirning qovoq-tumshugʻi osildi.

– Endi-i, qoʻrqadimi-yoʻqmi, namuna koʻrsatib qoʻyish bizning burchimiz, – dedi u. – Gippokrat qasami degan gaplar bor. Xullas, mana bundaqa qilib ichiladi.

Doʻxtir shoshmasdan suzi-i-b icha boshladi. Umrzoq yuragi tars yorilgudek boʻlib, boshini likalanglatganicha kuzatib turdi. Nihoyat, piyola boʻshab, yana araq quyildi.

– Voy-ey, biqinimdagi ogʻriq kuchayib boryapti,– injiqlandi Umrzoq, uzatilgan piyolaga boʻylanib.– Dorini sal koʻpaytirsakmikin, doʻxtir? Oʻzingizga quygandaqa qilib quying.

Doʻxtir: «Mayli, doʻzani qittay oshiramiz», deya ustiga ozgina qoʻshdi. Umrzoq ham daryoning suvini tarnovdan oʻtkazgandek qilib shoshmasdan ichdi-da, «xayriyat-ey, chap biqinim qoʻyvordi», deb mamnun iskalandi. Doʻxtir: «Yana bittadan kurs olsak, narigi biqinning ishiyam yurishib ketadi», degan edi, u bezillab shishaga qaradi va «Qolgan muolajani oʻzim davom ettirsamam boʻlar», deb tixirlandi. Doʻxtirning bu gapdan astoydil jahli chiqdi.

– Bu preparatni, – dedi u shishani tingillatib, – shaxsan vrach nazoratida... yanayam aniqrogʻi, bevosita doʻxtirning ishtirokida qabul qilish tavsiya etilgan. Tartibni buzishga haqqim yoʻq.

Shunday dedi-yu, piyolaga yana limillatib quydi. «Yaxshilab oʻrganib turing, ikkinchisi mana bundaqa qilib otiladi», deya araqni bir agʻdaruvda gumdon qildi. Soʻng, bemorga quyib uzatdi. Naziraxon eriga doʻxtirning koʻrsatmasiga qat’iy amal qilib ichishni tayinlab, «dori»ni bir zarbda yutishini hayajon bilan kuzatib turdi.

– Oh, oh, oh! – «malham»ni yumaloq-yastiq qilib, koʻksini rohatlanib silaganicha bolishga yastandi Umrzoq. – Bu «Kristal» degani moʻmiyoyi asilakan-ku. Oʻng biqinimam qoʻyvordi-ya.

Bemorning yashnab talmovsirashi doʻxtir uchun ayni muddao boʻldi, «Demak, davolash kursimiz oxiriga yetibdi», deb shisha tagida qolgan araqning hammasini shovullatib piyolaga toʻkdi. Uni qay tarzda selbosdi qilganiga koʻz ilashmay qoldi. Umrzoq: «Iy-y!» deya oʻrnidan turib ketdi. Kech boʻlgandi.

Doʻxtir piyolani dasturxonga toʻnkarib, uyqusirayotgan alfozda joyidan qoʻzgʻaldi. Tentiraklaganicha eshik sari yurdi. Ostonada toʻxtab, ortga oʻgirildi va koʻksiga qoʻl bosib, Naziraxonga qashqirnamo tirjaydi:

– Mehmondorchilik uchun ka-a-ttakon rah-moʻ-oʻ-t. Biz tomonlargayam aylane-e-b chiqib turinglar.

Doʻxtir ketgandan keyin, Naziraxon yoqa ushlab, eriga yuzlandi:

– Yo tavba! Mastlikda gapni choʻzi-i-b xayrlashishiyam quyib qoʻygan Ortigʻalaka-ya!

Vujudi shalvirab, divan suyanchigʻiga yoyilib qolgan Umrzoq yigʻlamsiragan tovushda nido qildi:

– E, nodon xotin! Xayrlashishini gapirasan-a. U yogʻini soʻrasang, sherigining haqini liqqa ichib qoʻyishiyam gʻirt Ortigʻalakangni oʻzginasi.

1994