OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiOshqovoqsiz satira (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oshqovoqsiz satira (hajviya)
Anvar Obidjon

Butun boshli shaharda mijozimga oʻtiradigan yagona oshxona shu. Birinchidan, ochiq havoda ovqatlanaman, ikkinchidan, oshqovoq somsa faqat shu yerda yopiladi.

Voh-voh, oshqovoq degani jon-dilim. Aytishlaricha, bolaligimdayoq endigina xamaklayotgan kadini mammaga oʻxshatib soʻrganim-soʻrgan ekan...

Issiqqina oshqovoq somsalarni, odatdagidek, chetdagi uch oyoqli nogiron stolga yoyib, endigina emishni boshlamoqchi boʻluvdimki, tepadan «Qagʻ-gʻ!» etgan tovush eshitildi. Mundoq qarasam, konvert changallagan bir qargʻa boshimda shaqildoqdek aylanib turibdi. «Kisht!» dedim. Qargʻa esa, qochish oʻrniga bexos pastga shoʻngʻidi-yu, xatni stolga tashlab, somsalardan birini changallaganicha yana osmonga koʻtarildi «Iloyim, kekirtagidan teshib chiqsin!» – deb qichqirdim yulib yutar «pochtachi»ning ortidan.

Konvertni olib koʻrsam, ustiga: «Oshqovoqxona, chetdagi uch oyoqli stol, Mamatvali Shampanovga», deb yozilibdi.

E, chalasavod! «Shanbanov»ni «Shampanov» debdi. «Shanban»ning «Shanba»dan kelib chiqqaniniyam bilmaydi.

Somsadan bir tishlab qoʻyib, xatni ochdim. Sochiqdek keladigan qogʻozda toʻrttagina soʻz: «Mamatvali plyus oshqovoq, minus satira, barobar – ahmoqona tirikchilik».

Na imzo bor, na xayr-ma’zur. Ammo, muallifi shundoqqina tirnogʻimning ustida turibdi – bu oʻsha pismiq satirachining ishi, oʻsha gʻulgʻulaboz yozgan buni. Asarlarini yanchiganimda ayrim kasbdoshlarim: «Bekorga ovora boʻpsan, sendaqalarning tanqidiga pinaginiyam buzmaydi u», deyishgandi. Mana, alam qipti-ku!

Shu desangiz, otam rahmatli askiyachi zotini soliqchidan ham yomon koʻrardi, «xiringlashib oʻtirguncha, sigirga bir quchoq oʻt yulib bersang, roʻzgʻorga yarim kosa, bozorga ikki kosa qatiq qoʻshiladi», derdi. Mengayam otamdan yuqqanmi, satirasiniyam, yumoriniyam koʻrgani koʻzim yoʻq. Bu yoqda vagon-vagon masalalar hal boʻlmay yotibdi, hajvchilarni koʻrsangiz, hanuz «xi-xi-xi, xo-xo-xo, xa-xa-xa».

Mana, bittasining yozgani: «Bu odam yostiqqa oyogʻini emas, boshini qoʻyib uxlashi, shoʻrvadagi karamni avval qoʻlida olib, soʻng qoshiqqa solishi bilan emas, qoshiqni toʻgʻridan-toʻgʻri kosaga botirishi bilan boshqalardan keskin farq qilsa-da, hamon jinnixonada davolanyapti. Chunki, u mudom oʻsha savolni takrorlagani takrorlagan: «Kimyo zavoʻdining moʻrisini qachon sudga beramiz?!»

Buning nimasi kulgili? Yozuvchi bizga nima demoqchi? Moʻrini «qora kursi»ga sudrashga urinayotgan odamning soppa-sogʻligiga xalqni ishontirmoqchimi? Ishontirganda ham, shu kuladigan gapmi? Judayam odamlarni kuldirging kelgan boʻlsa, ana, loaqal Baroq Isrofilga oʻxshab otarchilarni mazaxla, davlatga bir tiyinlik foyda keltirmaydigan saqichfurushlarni fosh qil. Zavoʻdning moʻrisiga balo bormi?

Oʻzimga qolsa, bunaqa subitsiz janrga burun tiqib, ilmimni xor qilib yurmasdim. Nailoj, ustozning ra’yiga qarab...

Bir kuni ustoznikida oʻtirib qoldik. Orada desangiz, nozikkina idoraning nozikkina vakili ham bor. Koʻrinishidan mushukday muloyim, ammo gaplari yoʻltoʻsarning mushtidek loʻnda-loʻnda.

Ustoz meni azaldan yaxshi koʻradi, boisi biron marta koʻziga tik boqqan emasman. Bu safar ham mehri tovlanib, mehmonga borimni boricha maqtashga tushdi: tanqidchiligimizning ertangi yulduzi, kallasi naq bilimning uyasi, eng muhimi – nihoyatda jasur, tabiatiga yoqmagan yoki siz bilan bizga oʻxshash bama’ni kitobxonning ixlosini qozonmagan asarlarni tap tortmay savalab tashlaydi, dedi. Shu yoʻsin, gapning qozonida adabiyotni qovuraverdik. Bir payt, «jaz» etib, kapgirga hajvchilik ilindi. Ustoz koʻzimga ma’nodor boqqan edi, «bilasiz-ku, bunaqa shatmoq janrga azaldan toqatim yoʻq», dedim.

– Ijtimoiy taraqqiyotning hozirgi bosqichida biz universal boʻlishimiz kerak, – dedi ustoz, burnining uchini oʻynatib. – Aks holda siz... aytaylik, hatto biz ham chetga surilib qolishimiz mumkin.

Yuragim bir jizillab qoʻydi.

Shundan keyin ustoz muqovasi rangparroq kitobni olib, ermakka varaqlagan boʻldi.

– Qarangki, mana shuyam satiramish, – dedi u kitobni menga uzatib. – Oʻqib chiqdim... Hech nima tushunmadim... Gʻirt topishmoq! Bir qishloqi bola poytaxtga kelibdi, na ish, na boshpana, na oʻzbekchilikni topolmay qaytib ketibdi.

– Oʻ! – deya sipo jilmaydi mehmon. – Shu zamonda-ya? Bizning jamiyatdami?

Ustoz uni ma’qullab, bosh qimirlatdi:

– Hamma gap shunda-da. Shu tipik hodisami?

– Kam boʻlmanglar-e! – deya miyigʻida kuldi mehmon. – Adabiyot shu darajaga tushgan boʻlsa, adabiyotshunoslik oldinroq tugab bitgan ekan-da.

Labiga yopishib qolgan shaftoli poʻchogʻini beozorgina chimdib olayotganimda, ustoz suzilgan tarzda picha jimib turdi, soʻng poʻchoqning ogʻzidagi qoldigʻini yelkamdan oshirib tuflab, soʻzga ogʻiz juftladi:

– Bilaman, anchadan beri matbuotda koʻrinolmay yuribsiz. Shu kitobni oʻqib, bir fikr bildirvoring... koʻpchilikka aralashtirib boʻlsayam... Bosilishiga oʻzim yordam beraman.

Mehmon oʻsha muloyim ohangda yana gap qistirdi:

– Bu yozuvchining ijodidan ancha uzoqman. Lekin, aytishlaricha, tili sal uzunroqmish. Bir hajviyasida hatto tanqidchilarniyam... a? Indamay qoʻyib bersa deyman... Uniyam kuragini ezib qoʻyadigan mardlar bordir?

Xullas, kuragini oʻzim ezib qoʻyaqoldim. Mana, endi tipirchilayapti. Shunaqada biram mazza qilaman-ey!

Umuman, nomi satirachi boʻlsa, hammasining burnini gʻishtga ishqalash kerak. Shularning dastidan tuppa-tuzuk xotinim ham aynidi-qoldi – hajviy kitobni ochvolib, qiqirlagani qiqirlagan. Bugun uyda qiqirlaydi, keyin ishxonada... keyin koʻchada... Oxiri nima boʻladi, xudo biladi.

Bu yoqda tinchgina bir oilaga sovuqchilik tushirayotgani yetmaganidek, yana qargʻadan imzosiz xat joʻnatishadi, peshanangga laqab yopishtirmoqchi boʻlishadi – «plyus oshqovoq» deb...

– Ha, aytganday... hoʻ akaxon, oshqovoq somsadan qoldimi? Yana bitta uzing. Satirachilarning uchma aygʻoqchisi toʻsatdan rizqimni qiyib ketsa boʻladimi. Bu kasofatilarning qoʻlidan boshqa nimayam kelardi...

Oh, oh, oh, oshqovoqdan qolmaylik, oshqovoqdan!

1988