OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiOxirgi sedanatut qissasi (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm20KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Oxirgi sedanatut qissasi (hajviya)
Anvar Obidjon

Hamma uxlaganda Boyxoʻroz darvozani imkon qadar gʻijirlatmasdan ochib, koʻchaga chiqdi. Ikki hatlab yoʻlkadan, bir hatlab ariqcha koʻprigidan oʻtdi. U yoq-bu yoqqa alanglab olib, tanasi bir yarim belbogʻli sedanatutga yaqin bordi, unga biqin tirab, kavagiga qoʻl suqdi. Qoʻltigʻi kavak chetiga taqalganda, qoʻlini yana ozgina boʻlsada ichkariroq tiqish umidida chap oyogʻini itchoptirish shaklida koʻtarib, qaychilanishga tushdi.

– He potapotingga azroil mingashgur, – deb gʻudrandi u. – Sen boʻlmasang, shu gʻalvalar ham yoʻgʻidi.

Oʻshanda 1986 yilning yozi edi. Boyxoʻroz palovni kuyovboʻkish qilib yeb, tantanavor kekirishga shaylanganida, birov chaqirib qoldi. Chiqsa, doʻkonchi yigit «Yava» mototsiklini sedanatutga tiyab, koʻylagining etagida qornini yelpib turibdi. Noyob mol kelsa, raisnikiga yuguradi, potapoti buzilsa, Boyxoʻroz kerak boʻladi.

Vaqt shomdan ogʻib qolganiga qaramay, timirskilab-timirskilab, tuzatib berdi – shunchaki chaqmoq kirlab, uchqun chiqarmay qoʻygan ekan. Doʻkonchi dimogʻida suyuqroq rahmat aytib, xaltadan bitta vino sugʻurdi va: «Yuvaylik endi. Hidlagani uydan biron narsa opchiqing», deya qopqoqni ochmoqchi boʻldi.

– Shoshma, uka, – Boyxoʻroz «Chashma»ni uning qoʻlidan yulqiladi. – Hozirgina kekirdakkacha osh yedim. Shu topda ketmaydi.

Qirriq! Har safar ataylab shisha olib keladi. Xizmat haqiga pul bersa, endi daromadni boʻlishaylik, deyolmaydi-da.

Mijoz joʻnagach, Boyxoʻroz ariqchadan sakramoqchi boʻlib burildi-yu, darvoza ortidagi soʻrida oʻtirgan xotinining ovozini eshitib, toʻxtab qoldi, qoʻlidagi shishaga paysallanib boqdi. Bir koʻylagi ichidan qoʻltiqlab koʻrdi, bir shimining orqa tomoniga qistirib koʻrdi – yaqqol bilinib turaverdi. Koʻzi sedanatutning kavagiga tushib, yengil tortdi, shishani oʻsha joyga tiqdi. Umrning oʻtishini qarang, oltmishinchi yillarda shu kavakka otasidan nosini berkitib yurardi. Ketmonining sopi toʻrt marta almashmay turib, xotindan vino yashirishga navbat kepturibdi-ku...

Mana, sakson yettinchi yilning saratoniyam oʻtib boryaptiki, hanuz shuni ololmay xunob. Tutning oʻzagi chirib, kavak chuqurlashib ketganini kim bilibdi deysiz.

Boyxoʻroz yengida peshanasidagi terni artdi. Koʻprik tagidan «asrandi» piyolani olib, ariqchadan suv ichmoqchi boʻlib turganda, qoʻshnisining koʻcha qopqasi ochilib, burnini «qish-qish» qilganicha Koʻkivoy chiqdi.

– Kayfing baland shekilli, enagʻar, – deya yaqin kela boshladi u. – Xotin bilan yana orang buzildimi deyman-da? Derazadan koʻrib yotibman, yarim soatdan beri shu tutni quchoqlaysan?

Bu iskovuch bir narsadan is olib, ataylab chiqqan. Ayniqsa, piyolani koʻrgandan keyin koʻzi olazarak tortdi, oydinda shundoq sezilib turibdi. Endi bundan qochib qutulish qiyin.

Boyxoʻroz bor sirini toʻkib soldi, katta umidvorlik bilan uning ogʻziga tikilib, maslahat kutdi. Koʻkivoy esa, farazbozlik qilib oʻtirmay, amaliyotni tanladi, toʻgʻri borib, tutning kavagiga bilak kiritdi. Koʻp titkilandi, uzoq urindi. Urinishi shunchalar uzoqqa choʻzildiki, «ana oldik, mana topdik» bilan sakson sakkizinchi yilda yashay boshlaganlarini ancha kechikib eshitishdi.

Qishning oxiriga borib, ikkalasi ham nihoyatda holdan toydi. Boyxoʻroz uch qator kiyimning yengini ilma-teshik qilib, kuni qaynotasining choponiga qoldi. Koʻkivoy avvaliga juda ozib ketdi, keyin qattiq shamollab, kasalxonaga tushdi. Isitmada alahsirab, olamdagi tut ekuvchi jami mamlakatlar-u, pillaga koʻz tikib turuvchi barcha korxonalarni jild yangi soʻkishlar ishlatib boʻralay ketdi. Oʻsha davrda SSSRning ipakchilikdagi obroʻyi baland edi. Shuni hisobga olib, fikrlashi izdan chiqa boshlagan Koʻkivoyni jinnixonaga koʻchirmoqni lozim topishdi...

Koʻkivoy jismoniy va ruhiy jihatdan sogʻayib qaytar ekan, uyiga kirishdan oldin sedanatutga yaqin borib, ichiga toshcha tashlab koʻrdi. Shisha jarangi eshitilgach, koʻngli tinchib, bola-chaqasining ogʻushiga talpindi. Kasalxonada yotgan vaqtida bir reja tuzib qoʻygan edi, Boyxoʻroz bilan koʻrishgan zahoti shuni muhokama etishga tutindi. Boyxoʻroz oʻylanib qolganini koʻrib, zardasi qaynadi:

– Paskashliging qoʻzimasin endi. Shu Oʻtangayam bir hoʻplam quysak quyibmiz-da. Enagʻar juda usta, goh otyolini jizzaq qilib, bedana tutadi, goh qarmogʻini miltiqdek yelkalab, baliqchilikka joʻnaydi. Mana koʻrasan, birinchi sirtmoq tashlashdayoq shishani ilintiradi.

Shundan keyin hamma koʻrgilik Oʻtanning boshiga koʻchdi. Tashlagan sirtmogʻi doim kavakning biron-bir tirnogʻiga ilashaverdi, oʻn ikkita qarmogʻidan birortasida butun ip qolmadi. Yogʻingarchilik avj olib, qirovli kunlar yaqinlashgan sayin Koʻkivoyning bezovtaligi orta bordi. Ish xuddi u oʻylagandek boʻldi – darakchi qor uchqunlashi bilan Boyxoʻroz: «Ish tamom, oʻrtoqlar, navroʻzgacha dam olamiz», deb «magazin»ini yopdi.

Sakson toʻqqizinchi yilning Navroʻzi oqshomida uchovlon yana sedanatutning tagiga toʻplanishdi.

– Chilla ichi kallamga bir fikr keluvdi, – deya uchrashuvni ochdi Oʻtan. – Gap shu – Boysin novchani sherik qilamiz, qoʻli biznikiga qaraganda bir yarim baravar uzun. Kavakdagi shisha nima, quduqqa tushgan paqirniyam oladi. Qalay, Boyxoʻroz, ma’qulmi?

– Ma’qulmas! Yarimtalik «Chashma»ga uch kishidan ortigʻi – ortiq!

Koʻp nasiyadan oz naqdni afzal koʻradigan Koʻkivoy: «Yana oʻsha paskashliging qoʻziyaptimi?» –deya gap boshlagan edi, Boyxoʻroz: «Kim paskash? Ikkalangniyam puling kuymagan-da, a?» – deb jerkib tashladi.

Koʻkivoyning tepa sochi tikkaydi:

– Nima? Shuni deb qancha mehnat qildim, hov! Sogʻligʻimni yoʻqotdim, hov?

– Men-chi? – ikkoviga galma-gal oʻqraydi Oʻtan.– Qarmoqlarim butligida roʻzgʻorimga haftada besh-oʻn qadoq baliq kirib turardi. Ikkalang meni gadoy qildilaring. Ming la’nat sen vahshiylarga!

– Nimaga meni qoʻshib gapirasan, qiyshiq? – jirilladi Koʻkivoy. – Hamma mashmashani boshlagan anavi toʻngʻiz-ku.

– Vey, jinnixonadan chiqqan! Kimni toʻngʻiz deyapsan?

Shu kuyi uchalasi yuzkoʻrmas boʻlib tarqalishdi. Bu hol toʻqsoninchi yilning mayigacha – Boysin novchaning qizi erga uzatilguncha davom etdi. Toʻyda, sharoit taqozosi bilan, uchalasi bir kapa ostida oʻtirib qolishdi. Ammo, biror marta ham piyola urishtirishmadi. Oʻz toʻyida aljirab qolmaslik uchun hammadan kamroq ichgan Boysin novcha buni nazardan qochirmay, luqma tashladi:

– Oʻtanvoy, qoʻshnichilik qilib, Koʻkivoyga haliyam baliq-maliq chiqarib turibsanmi?

Oʻtan indamay qovurma suviga non botirdi. Koʻkivoyning afti burishdi:

– Baliq bu – ni xren, ni meyasa...

Boysin yana nimanidir soʻramoqchi boʻlgan edi, Boyxoʻroz uning ogʻzini suvadi:

– Gapni koʻpaytirma, oshna. Keyin oʻzingga aytaman. Hm...

Bu araz-durazlar shishadoshlikka uning nomzodi kiritilganidan keyin boshlanganini bilib olgan Boysin novchi ertasiga uch ulfatni sedanatut ostiga zoʻrlab yigʻib keldi. Yarashuv marosimi shishaga yaqin joyda oʻtayotgani bois ish uzoqqa choʻzilmadi. Boysin toʻnining oʻng yengidan qoʻlini chiqarib, kavakka tiqdi, yuzida tabassum balqidi. Bu yoqdagilar ham bir-biriga jovdirab, xushnud qosh uchirishdi, koʻz qisishdi, moʻylov silashdi. Boyxoʻroz koʻprik tagidan piyola olib, ariqchada chayqay boshladi. Boysin kavakdan qoʻl sugʻirayotganda, Oʻtan choʻntagidan toʻrt-beshta turshak chiqardi, Koʻkivoy xuddi shisha tushib ketadigandek, kavakdan pastroqqa ehtiyot shartdan hovuch tutdi.

Nihoyat Boysin novchaning qoʻli toʻligʻicha tashqariga chiqdi. Kafti gadoynikidek boʻm-boʻsh edi. Boyxoʻrozning manglayidan sovuq ter yumaladi, Koʻkivoyning moʻylovi soʻljaydi, Oʻtanning ogʻzi battardan qiyshaydi.

– Yo bir, yo bir yarim santimetr yetmayapti, –deya hamon iljayganicha barmogʻining uchini siladi Boysin. – Yana uch-toʻrt oy sabr qilasizlar.

– Sabr?!

– Uch-toʻrt oy?!

– N... n... nimaga?!

– Bir eshituvdim, – «ilmiylandi» Boysin. – Turnikka burushta osilib turadiganlar maymunqoʻl boʻpketarkan.

Koʻplashib turnik qurib berishdi. Boysin tirikchilikni yigʻishtirib, tinimsiz mashq qilishni boshladi. Toʻrt oygacha har haftada oʻlchab turishdi, qoʻli hadeganda oʻsavermadi.

– Nima, bu sizlarga oshqovoqpalakmi, – deya ularga tanbeh berardi Boysin novcha. – Avval et koʻnikadi, pay pishadi, tomirlar kengayadi, keyin birdaniga oʻsib beradi. Inson tanasi – moʻ‘jiza!

Bu moʻ‘jizani toʻqson birinchi yilning avgustigacha kutishdi. Oxiri hafsalalari pir boʻldi. Moskvadagi GKChP voqeasidan keyin «toʻgarak» butunlay tarqab ketdi.

Boysin ulfatlari oldida oʻzini shuvityuz his etib, kechalari bilan oʻylanib chiqardi. Faqat qiziquvchanlik emas, xijolatpazlik ham ba’zan zoʻr kashfiyotga sabab boʻlishi mumkin. Boysin boshida charaqlagan yangi oʻydan oʻziga tasanno aytib, Choʻyan aspalchining uyiga bordi. Uni sedanatut tagiga boshlab kelib, eski «hay’at»ni toʻpladi, fikrini bayon qildi, tahsinlar eshitib, duolar oldi.

Besh yuz grammlik «Chashma» besh kishiga roppa-rosa yuz grammdan taqsimlanishi xalqaro oʻlchovlarga ham mosligidan faxrlanishib, ishga kirishdilar. Choʻyan uyidan mum keltirib, tunuka idishda eritib suyultirdi, kavakka quydi, soʻng yetti-sakkizta uzun-uzun sim tiqdi.

– Buyam bir allomalik, – deb burun koʻtardi Choʻyan.– Hozir shishayam, simlaram qorayogʻning ichida turibdi. Yaxshilab qotsin, keyin simni bir tortsak, vinoxon bagʻrimizda-da. Vigʻ-gʻ...

Koʻkivoyning ishorasi bilan Boyxoʻroz koʻprik tagidan piyolani sugʻirib, ariqchada chayqashga tushdi. Oʻtan choʻntagidan turshak chiqardi, Boysin uning kaftiga egilib, gazakning changini pufladi.

Kavakdan oʻrlab turgan tutun toʻxtagandan keyin ham Choʻyan shishani qutqarishga shoshilmadi, ogʻziga sigaret qistirib, erinchoqlik bilan tutatdi, qosh kerib, asta-sekin soʻrishga tutindi. Sigaretning boshiga yetib boʻlib, panjalarini obdan uqaladi, simlarni eshib, uchini turmakladi, ortiqcha chiranmasdan bir-ikki bor tortib koʻrdi. Soʻng oliftachilikni yigʻishtirib, kuchanibroq siltadi. Oxiri, zoʻriqishi ortgani sayin, ixrashi ham balandlab bordi. Mahalladagi ayrim tarnovtomoqlarning bu beoʻxshov ovozdan xavfsirab koʻchaga chiqishi ehtimoli tugʻilganida, atrofdagilarning biri simga, biri Choʻyanning etagiga yopishishdi. Baribir falokat yuz berdi – qorongʻilik qa’ridan kutilmaganda velosipedli usta Qoʻshmoq balqidi, nimaligini surishtirib oʻtirmay, hasharga qoʻshildi. Eshilgan simga aynan shu yetmay turgandek «tars» etib uzildi, oltovlon olti joyga uchib, saqichyoʻlning changini tozalashdi. Choʻyanning oʻrnidan turiboq birinchi aytgan gapi shu boʻldi:

– Toʻla kafolat beraman, «Chashma» bus-butun. Kavakning tubi tepa qismidan kengroq boʻlishi mumkinligini oʻylamabmiz.

Gap nimadaligini shu ikki ogʻiz soʻzdanoq anglab yetgan usta Qoʻshmoq yangi taklif bilan oʻrtaga chiqdi:

– Oʻttiz yildan beri elga sartaroshmiz, oʻzim oʻrgilaylar, koʻpni koʻrib qoʻydik. Yaxshi maslahatga xoʻp denglar. Tutni imi-jimida arralaymiz, sekingina yonboshlatamiz...

«Arralaymiz» degan soʻz Boyxoʻrozning qulogʻiga «arra qilamiz» tarzida eshitildi.

– Yoʻq! – dedi u. – Otamning arvohi oʻksiydi. Bu – qishloqdagi oxirgi sedanatut, uni ehtiyot qil, deganidilar.

– Insofni baxmalga oʻrab aytganda, «Chashma»ning urugʻiyam xirmonda sochilib yotgani yoʻq, yaxshilar, – deya tashabbuskorlikni qoʻldan bermaslikka urindi usta Qoʻshmoq. – Men eng toʻgʻri yoʻlni aytdim, bunaqada xoʻp deyish kerak. Qani, Oʻtanvoy, gʻirr etib Tongotar sandiqchinikiga kirsinlar, olmosdek arrasi bor.

Oʻtan quruq boʻyi bilan ketib, quruq boʻyi bilan qaytdi. Tongotar sandiqchi arra nega kerakligini soʻrabdi, Boyxoʻrozning tutini agʻdarmoqchi ekanligini bilib, «ketaver, orqangdan oʻzim olib boraman», debdi. Aytganiday, uzoqtirmasdan yetib keldi, lekin yonida qishloq pillachilari boshligʻi Jonibek birpoy ham bor edi.

Mashmasha boshlandi. Ma’lumki, Tongotar har pilla mavsumida qurt boqadi. Boyxoʻrozning sedanatuti esa unga birkitilgan.

– Nima, ketingga xoda uryaptimi bu tut? – deya qoʻltiqtayoq orasidan dagʻdagʻa qildi Jonibek.

Boyxoʻrozning koʻzi chaqnadi:

– Ha, uryapti! Tut meniki-yu, bargiga sen xoʻjayinsan. Hech boʻlmasa, mevasi pishguncha qoʻyib bermaysan. Kesaman! Oʻtin qilaman!

– Unda, oʻzing qurt tut, barginiyam oʻzing kesvolasan.

– Bir oy qurt tutasan, bir yilgacha uying hojatxonadek sasib yotadi. Bergan puling jipiriqqa muqom qildirishgayam yetmaydi. Ja ahmoqni topvolib, a?

– Tut tugul, bitta novdasiga tegib koʻrgin-chi!

Keyingi anjumanga Tongotar sandiqchini ham chaqirishib, shishadoshlikka yettinchi nomzod etib roʻyxatga olinishi bilan qutlashdi. Jonibek birpoyga yoʻliqishni, sedanatutga hech qanday da’voim yoʻq deb aytishni topshirishdi. Tongotar oʻz ulushini ichishdan tashqari, boʻsh shishani ham olib ketish sharti bilan rozilik berdi. Ammo, ishning bu tomoni pishsa-da, u tomoni xom chiqdi– Tongotar da’vosidan kechsayam, Jonibek: «Tut senga kerak boʻlmasa, jamoa xoʻjaligimizning jahon bozoriga chiqishi uchun kerak», deb uni haydab solibdi.

Ish qadoqqa qadalib qolganiga qaramay, boʻlajak «chashma»xoʻrlik tarafdorlari har tunda oʻz-oʻzidan sedanatut ostiga yigʻiladigan, goh quruq, goh bir choynak choy ustida gurunglashib oʻtiradigan boʻlishdi. Suhbatda dam fermadagi, dam yaqin Sharqdagi dimiqliklardan gap ketar, birov bosh bugʻoltirning qudasi bilan orasi buzilganidan, birov Turkiyaning Yunonistonga munosabati iliqlashishi mumkinligidan soʻz ochar, Jonibek birpoyning surbetligidan tortib, ingliz qirolichasining sirli xulq-atvorigacha muhokama etilar edi. Xazonrezgiga borib, proletariat diktaturasi masalasida Marks katta xatoga yoʻl qoʻyganligini endigina taftishlay boshlaganlarida, usta Qoʻshmoq ommani siyosatdan chalgʻitdi.

– Yoʻlini topdim! Tutning tagiga salarka quyib quritish kerak. Tut qurisa, Jonibekning qonunlariyam ishdan chiqadi, oʻrgilaylar.

Oʻtan e’tiroz bildirdi:

– Salarka quysak, hammayoq kuygandek qorayib qoladi. Jonibek xumboshmas, sezadi.

– Burnoq yili hovlimdagi nashvati koʻchati birdan qurib qolsa boʻladimi, – deya hiringlab soʻzladi Tongotar. – Keyin bilsam, ikkita nevaram ayvondan tushiboq, uning tagiga choptirib yurisharkan...

– Endi shu qoluvdi, – deb toʻngʻilladi Boyxoʻroz. – Umuman... hech koʻzim qiymayapti. Birinchidan, bu sedanatut qishloqda bittayu bitta. Ikkinchidan, otamdan bir esdalik. Uchinchidan, shuni soyasida endigina besh-oʻnta musulmonning boshi qovushayotganda...

–– E, tur-e! – qoʻl siltadi Boysin novcha. – Siyosatni gʻalvirlashga berilib, sholgʻomni quritib qoʻyishimga sal qoldi.

Davrada gʻala-gʻovur koʻtarildi. Janjal kuchaymasligi uchun Koʻkivoy shoshilinch taklif kiritdi, ovozga qoʻyildi, koʻpchilik tomondan ma’qullandi. Shundan soʻng mahallaning uyushgan bir qismi boʻshalish uchun kechalari ataylab sedanatut yoniga keladigan boʻlishdi. Boyxoʻrozning xotini ariqchadan suv olishga chiqqanida goh shu atrofda gʻalati hid paydo boʻlganidan, goh sedanatut tevaragidagi ajriqlar barvaqt qovjiray boshlaganidan, keyinchalik esa, tomir ustidagi qorlarda sargʻish dogʻlar koʻpayayotganidan taajjublanib yurdi...

Toʻqson ikkinchi yilning marti, omon-omonlikning ilk bahori yetti musallasparvarga hech qanday quvonch keltirmadi. Qishloqdagi sedanatut goʻyo ularga qasdlashgandek, odatdagidan ertaroq kurtak chiqardi.

Ayniqsa, Boysin juda toʻliqib ketdi:

– E, oʻsha Jonibegingni popkasidagi qonuniga uray. Oʻzingni tutingga oʻzing xoʻjayinlik qilishga haqqing bor, Boyxoʻroz. Jonibek, ja nari borsa, yuz soʻm ishtarop solar. Xoʻsh, yetti kishi shuni toʻlolmaymizmi? Kesamiz tutni, vasallom!

Chiqimning daragini eshitib, usta Qoʻshmoqning yuzi gezardi. Yana bir oz qoʻyib berishsa, yuz soʻmga yuz shishadan oshiq vino olish mumkinligi kallaga urilib, balki bir-birlarini miriqib mazaxlashgan boʻlardi. Biroq, Choʻyan aspalchining: «Oʻtgan yili moshinamiz bitta tutni urib sindirganida, buni tasodifga yoʻyib, uch yuz soʻm jarimadan zoʻrgʻa qutulib ketuvdik», degan gapi barchaning fikrini battar toʻzgʻitdi.

– Ana-a! – Koʻkivoy chapak urdi. – Hovuzga endi qopqoq topdik. Sotvoldi bilan kelishamiz. Bilmaganga olib, tut enagʻarni traktirida qittak turtkilab oʻtadi...

Sotvoldi shovvoz yigit emasmi, noz qilib oʻtirmadi. Traktorim ta’mirdan chiqqan kuni bizga bayram, tutga aza, dedi.

Traktorning tuzalishini kutib, hammaning koʻzi toʻrt boʻlib yurdi. Tongotar sandiqchi enasiga yil oshi bergan kuni ulfatlar avval bir-biridan, keyin boshqalardan Sotvoldini surishtirib charchashdi.

Bir mahal loyga belanganicha jamoa xoʻjaligi raisining haydovchisi kelib qoldi. Mashinasi rais-pais bilan birga zovurga agʻanabdi. Erkaklar yordamga chopishdi. Yetib borishgach, birinchi navbatda, suyanchiqlar orasiga qisilib qolgan xoʻjayinni koʻplashib tashqariga sugʻirishdi. Mashinani nima qilishni bilmay turganlarida, boʻyogʻi qurimagan traktorni vozillatib Sotvoldi yetib keldi. Yonida koʻzini yiltillatib Jonibek birpoy oʻtirar edi. U Boyxoʻrozga qarab negadir muloyim tirjaydi, bosh qimirlatib, quyuq salomlashgan boʻldi. Odatda basharasidan zahar tomib turadigan pillaboshining bu xushomadlari Boyxoʻrozni hayratga soldi.

– Bilgandek kelding, Sotvoldi, – dedi rais. – Tort moshinani.

Oʻchakishgandek, traktorda ham, mashinada ham simarqon yoʻq ekan, Sotvoldi «hozir topib kelaman», deb garajga ketdi. To simarqon topib kelinib, mashina tortib chiqarilguncha rais ustki kiyimini quritib ulgurdi.

Xoʻjayinni kuzatishgach, barcha «Chashma»chi tengdan Sotvoldini qurshadi.

– Tut kaput! – dedi Sotvoldi.

– Anavi nima qilib yuribdi? – bezovtalanib, Jonibek tarafga ishora qildi Choʻyan aspalchi.

– Tutning qarsillab yiqilganini eshitib, uyidan chiqdi-yu, peshanangda koʻrgilik borakan, bola, deganicha yoqamdan boʻgʻdi. Iloj qolmadi, gap nimadaligini aytib, sherikchilikni shama qildim. Xayriyat, shashtidan tushdi.

Bir traktorda toʻqqiz kishi boʻlib, Boyxoʻroznikiga joʻnashdi. Kelib qarashsa, sedanatutning toʻnkasi boru, tanasi yoʻq. Boyxoʻroz shoshib hovliga kirdi, xotinidan tutni surishtirdi. U kamzulining choʻntagidan oʻntacha bir soʻmlikni chiqarib koʻrsatdi.

– Hurmat kulolga oʻtinga sotvordim. Hoʻkizida sudrab ketdi.

– Uyda yoʻqligimdan foydalanib, seni juda arzonga laqillatibdi-ku, – tish qayrab gʻingshidi Boyxoʻroz.

Traktor Hurmat kulolning darvozasi yonida toʻxtashi bilan hamma ichkariga yopirildi. Tashqiga kiriboq, karaxt holda turib qolishdi. Tut allaqachon gʻoʻlalab tashlanibdi, gʻoʻlalardan biri xumdon ostidagi kattakon yeroʻchoqda guvillab yonib yotardi.

– Bu oʻsha! – deya barmoqda oʻchoq ichini koʻrsatdi Choʻyan aspalchi. – Tutning pastki qismi yonyapti, saqichning hiydini sezyapsizlarmi?

Boyxoʻroz ketmon, Koʻkivoy kurak, Boysin novcha beshlik, Sotvoldi xodacha topib, gʻoʻlani tortqilay boshlashdi. Hurmat ichkaridan hay-haylaganicha chiqib kelib, yaqinrogʻida turgan Tongotar sandiqchiga tupugini toʻzgʻitdi:

– Nima qilyapsizlar? Oʻt pasaysa, xumdondagi idishlar buraq boʻladi-ya!

Qoʻltiqtayogʻini toʻqillatib, tashqiga eng keyinda kirgan Jonibek birpoy Hurmat kulolning qarshilik koʻrsatishga astoydil kirishganidan tutoqib, usta Qoʻshmoqqa shangʻilladi:

– Toʻqqiz kishiga yetgan narsa, oʻn kishigayam yetadi. Hurmatni sheriklikka tortmaysanmi!

Qisqa tushuntiruvdan soʻng Hurmat qarshilikni toʻxtatib, yugurganicha hovlidan changak topib chiqdi, bir sanchib yulqishda gʻoʻlani oʻchoqdan sugʻurdi. Gʻoʻla hamon guvillab yonardi. Oʻtan pizillab borib, childirab turgan artizonning tagidagi paqirni koʻtarib keldi.

– Toʻxta, eshakkalla! – qichqirdi Jonibek birpoy. – Shisha qizib yotibdi, suv sepma!

Oʻtan toʻpalonda bu tovushni eshitmadi.

Suv sepilgach, gʻoʻladan birin-ketin uch xil ovoz taraldi: «Ja-a-z! Vis-s-s... Gumbirax-x!!!»

Hamma oʻzini yerga tashladi, har kim oʻzining boshini burkadi.

1992