OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiQiygʻirakning shamoli (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qiygʻirakning shamoli (hajviya)
Anvar Obidjon

Sinoptiklarning navbatdagi yigʻilishi davom etar, kelgusi oy uchun gidrometeorologik byulleten tayyorlash masalasi muhokama qilinmoqda edi.

– Hoy, sen bunaqa gʻoʻrlik qilmagin, Toshkoʻmirov!– deya, jamoaga bundan bir oycha oldin kelib qoʻshilgan yosh xodim Toshtemirovga dakki berdi boshliq. – Vodiy haqida tayyorlagan ma’lumotlaring ikki hafta oʻtmasdan yuzimizni shuvit qildi-ku. Byulletenda, xuddi joʻgʻrofiyadan imtihon topshirayotgandek, viloyatlar qolib, hatto tumanlarning nominiyam koʻrsatib oʻtibsan. Namuncha mijgʻov boʻlmasang, uka? «Vodiy» deyilgandan keyin, gap tomom-da. Bu chekkasida yomgʻir yogʻmasa, u chekkasida yogʻar, bu tarafiga tuman tushmasa, u tarafiga tushar. He, seni qara-yu...

Boshliq picha jimib qoldi. Ikki tamshanib, bir yutindi. Soʻng oʻtirganlarga bir-bir baqrayib boqdi. Hamma tengdan sezdiki, endi asosiy masalaga oʻtiladi.

– Gap shu! – stolni pashsha oʻldirish uslubida qattiq shapatiladi boshliq. – Yangi byulleten shunday tayyorlanishi kerakki, unda tulkining inidagidek qirqta tuynuk boʻlsin. Biron-bir joyda oftob chiqsayam, chiqmasayam, tosh yogʻsayam, yogʻmasayam, ma’lumotlarimizga shundoqqina mos kelishi shart.

Bu soʻzlar barchaga taalluqli esa-da, boshliq koʻzini nuqul unga kamalaklab gapirganligidan tegishli xulosa chiqarib olgan Toshtemirov shumshaygan kuyi: «Xoʻp boʻladi», deb mingʻirlab qoʻydi.

– Qani, fikrlar boʻlsa, eshitaylik, – atrofdagilarga qiyaladi boshliq.

Birinchi qatorda mazkur muassasaga deyarli tengdosh boʻlgan uch nafar tullak xodim – Chamaev, Tavakkalov va Folchievlar oʻtirishardi. Folchiev bilan Tavakkalov yoshi andak ulugʻroq boʻlgan Chamaevga ma’nodor koʻz tashlashdi. Chamaev tepakal boshidagi uch yarimta sochni avaylab silab qoʻygach, jangdan charchab qaytgan sarkardalarga xos mudroq qiyofada doʻrilladi:

– Tomdagi flyugerning tumshugʻi uch kundan beri gʻarbga qarab turibdi. Shunga asoslanib aytish mumkinki, shamol surunkali ravishda uning dumi tomonga esmoqda...

– Flyugerni hozircha tinch qoʻyaylik, – uning soʻzini boʻldi boshliq. – Xoʻsh, ma’niliroq gap aytadigan odam bormi?

Boshliqning koʻnglidagini gʻizzo payqab yetgan Tavakkalov chaynalib oʻtirmay, gapni loʻndasidan boshladi:

– Mahalliy mirzateraklarning bargi bu yil tepasidan toʻkilib boryapti. Demak, qish qattiq keladi. Qoʻshnim Juman boqqolning fikriyam shu. Aytmoqchimanki, yangi ma’lumotda havoning isishi haqida kamroq bashorat qilganimiz ma’qul.

Kasbdoshining gapi boshliqqa yoqimsiragani Chamaevning gʻashini keltirdi. Uch yarimta sochi tikkaygudek boʻlib, darhol qarshi hujumga oʻtdi:

– Rastani bolam, bozorni olam deydigan xumbosh Juman boqqolni fanga tiqishtirib nima qilasiz. Kecha avtobusda ishga kelayotsam, koʻzidan farosat yogʻilib turgan qishloqi oqsoqol dalada bir juft laylakni oʻz koʻzi bilan koʻrganini aytib qoldi. Laylakki shu paytgacha uchib ketmagan ekan, sovuq kech tushadi.

Raqib ham boʻsh keladiganlardan emasdi.

– Bema’ni gap! – qat’iy e’tiroz bildirdi Tavakkalov. – Ikkita pandavaqi laylakning hanuz dalada yurishi tashkilotimizga qimmatga tushishi mumkin. Barchamizga ma’lumki, olqargʻaning shamoli shitobli oʻtdi. Bu – namgarchilik koʻp boʻladi degani. Shunday ekan, havoning sovush ehtimoli borligiga nega ishonmasligimiz kerak?

Ikkala xodim oʻrtasida tortishuv boshlandi. Biri qurbaqalar keyingi kunlarda hovuzdan chiqmay qoʻyishganini pesh qilsa, boshqasi chumolilar hamon inidan bemalol uzoqlab yurganini aytib, oʻzining haq ekanini isbotlashga tirishardi.

– Mayda gaplarni bas qilsalaring-chi, ogʻaynilar, – bahschilarga nasihatomuz soʻz qotdi Folchiev. – Balki, ikkovlaringni gaplaringdayam ma’lum darajada jon bordir. Lekin, aniq-tiniq fikr bildirishga hali sal erta emasmikin?

– Xoʻsh, xoʻsh? – birdan ziyraklandi boshliq.

– Jichcha sabr qilsak, erta-indin qiygʻiraklar oʻtadi,– dam boshliqqa, dam tevarakdagilarga boqib, soʻzlashda davom etdi Folchiev. – Agar qiygʻiraklar qibladan esgan shamol bilan uchib kelishsa, sovuq ertaroq tushishi aniq. Mabodo, teskari shamol bilan kelishsa...

Qittay kech boʻlsa ham, ishni pishiq-puxta qilganga nima yetsin. Xullas, byulleten qiygʻirakning shamolidan keyin tayyorlanadigan boʻldi.

Sinoptiklarning ishi juda nozik, oʻta murakkab. Buni bilgan biladi.

1972