OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiQoʻgʻirchoqlar (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Milliy adabiyot
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm4KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qoʻgʻirchoqlar (hikoya)
Anvar Obidjon

Gulsanamning tugʻilgan kunida dadasi unga ajabtovur qoʻgʻirchoq olib keldi. Sochlari mayda oʻrilib, boshiga koʻk roʻmol chandilgan, egniga atlas koʻylak kiydirilgan bu yoqimtoy qoʻgʻirchoqni bir siltab qoʻysangiz bas – ichiga oʻrnatilgan mitti moslama oʻz-oʻzidan ishga tushib, «Qizaloq» rosa yigʻlab beradi.

Gulsanam uni silkib koʻrgan edi, uyni yigʻi tovushi bosib ketdi: qiy-y, qiy-y, qiy-y... Qoʻgʻirchoq yigʻlayotgan paytda qoʻlidagi oppoq roʻmolchasini tez-tez koʻziga surtib qoʻyishini koʻrib, avvaliga Gulsanamning kulgisi qistadi, keyin injiqligi joniga tegib uni yotqizib qoʻygan edi, boshqacha ovoz chiqarib oʻkrashga tushdi: vagʻ-gʻ, vagʻ-gʻ, vagʻ-gʻ... Oyogʻini osmondan qilib koʻruvdiki, battar ayyuhannos soldi: a-a-a, a-a-a, a-a-a!!! Gulsanam zarda bilan uni ayvondagi tokchaga oʻtqizib qoʻydi.

– Bu yigʻloqi bilan endi oʻynamayman, – deya arazlab, qoʻgʻirchogʻidan yuzini oʻgirdi.

– Oʻrtoqchilik darrovda tugabdi-da? – deb jilmaydi uning oyisi.

Gulsanam labini burib, javob berdi:

– Shuyam oʻrtoq boʻpti-yu! Tugʻilgan kunimda menga qoʻshilib xursand boʻlish oʻrniga, nuqul vagʻillaydi-ya.

– Menimcha, sen nohaqsan, – tanbeh berdi oyisi. – Agar chinakam oʻrtoq boʻlsang, oʻz xursandchiligingni oʻylayvermasdan, uni yupantirishga harakat qilishing kerak, qizim.

Oradan uch kun oʻtgach, kechagina sayohatdan qaytgan togʻasi Gulsanamga boshqa bir qoʻgʻirchoq olib keldi. Bunisi yanayam antiqa edi. Uni sal qimirlatib qoʻysangiz boʻldi – qizil shlyapali olakoʻz bola boʻyniga osilgan nogʻorani zoʻr berib chalishga tushadi: traka-tak, traka-tak, traka-tak...

Bu qoʻgʻirchoq Gulsanamga juda yoqib qoldi. Uning nogʻora chalishiga moslab hatto oʻyinga tushadigan ham boʻldi.

Bir kuni Gulsanam yangi qoʻgʻirchogʻini hovlida koʻtarib yurib, suv sepilgan joyda birdan oyogʻi toyib ketdi-yu, shaloplaganicha loyga yiqildi. Yomon yiqilgani mayliku-ya, yap-yangi koʻylagining loyga belanganini koʻrib, uvvos solib yigʻlay ketdi. Uning qoʻlidan uchib, nariroqqa borib tushgan quvnoq qoʻgʻirchogʻi esa birdan ishga tushib, bazmni qizitib yubordi: traka-tak, traka-tak, traka-tak...

– Bas qil! – nogʻorachi qoʻgʻirchoqqa qarab oʻshqirib berdi Gulsanam. – Men yigʻlayin-u, sen hech narsa boʻlmagandek nogʻora chalgin-a. He, beting qursin!

Shunda qoʻgʻirchoq qoʻqqisdan tilga kirib, koʻzlarini oʻynatganicha dedi:

– Meni yasagan usta faqat nogʻora chalishimni buyurgan, sen bilan nima ishim bor, yigʻlasang yigʻlayver.

U shunday deya mashqni yana davom ettirdi: traka-tak, traka-tak...

– Seni oʻrtoq deb yursam... – Gulsanamning xoʻrligi kelib, qolgan gapni aytolmay koʻzlaridan duv-duv yosh toʻkdi.

– Qandaydir oʻrtoqchilikni deb, senga qoʻshilib yigʻlaydigan ahmoq yoʻq, – hanuz pinagini buzmay gapirdi nogʻorachi qoʻgʻirchoq. – Menga faqat nogʻora chalishni buyurishgan, vassalom. Koʻrsatmani buzolmayman.

Gulsanam qoʻgʻirchoqni qoʻliga olib, oʻzidan ancha nariga otib yuborgan boʻlsa-da, u bezrayganicha nogʻorasini chalaverdi: traka-tak, traka-tak...

Shu payt ayvondagi tokchada ivirsib yurgan mushuk atlas koʻylakli qoʻgʻirchoqni beixtiyor turtib yubordi. «qizaloq» xuddi uyqudan choʻchib uygʻongan chaqaloqdek birdan yigʻlashga tushdi: vigʻ-gʻ, vigʻ-gʻ, vigʻ-gʻ...

Uning yigʻisini eshitgan Gulsanam eski qoʻgʻirchogʻiga ma’yus termilib turarkan, oʻzi sezmagan holda asta-sekin yupanib qoldi. Keyin oʻrnidan turib borib, uni qoʻliga oldi.

– Aylanay sendan, oʻrgilay sendan, – deya «qizaloq»ni bagʻriga bosdi u. – Yomon yiqilganimni koʻrib menga rahming keldimi? Boʻldi qilaqol endi. Mana, men ham yigʻlamayapman-ku...

Uydan chiqib kelgan oyisi Gulsanamga har galgidek mehribonlik bilan jilmayib qoʻydi.

– Hayotda koʻpincha shunaqa boʻladi, – deya qizining boshini siladi u. – Quvonchli oningdagina doimo birga boʻladiganlar boshingga qaygʻu tushdi deguncha, anavi nogʻorachiga oʻxshab, senga asqotmay qolishadi. Bunday vaqtda yana eski darddoshingni axtarib qolasan kishi.

Gulsanam oyisining gaplariga tushunmay, unga angrayganicha qarab turardi. Ha, bunaqangi gaplarning magʻzini tezda chaqishga u hali yoshlik qiladi. Payti kelganda, albatta anglab yetadi va birdaniga onajonisini eslaydi.

1982