OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiQoʻlaqabli bogʻkursi (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qoʻlaqabli bogʻkursi (hajviya)
Anvar Obidjon

Suyanchiqli bogʻkursilar bu xiyobonda son-sanoqsiz. Lekin, ulardan faqat bittasining oʻz ismi, aniqrogʻi, oʻz laqabi bor. Uni hamma Qoʻ deb ataydi. Birov bu bogʻkursiga yalpayib oʻtirarkan, sherigiga maqtab qoladi: «Xiyobon boʻyicha shu Qoʻdan fayzlirogʻi yoʻq. Juda salqin joyga oʻrnashgan-da». Boshqasi sal naridagi taksofondan mahbubasiga qoʻngʻiroq qilib, deydi: «Toʻgʻri xiyobonga kelavering, jonim. Qoʻning oldida kutib turibman».

Ehhe-e! Toʻrt oyogʻi yerga qadalgandan buyon quchogʻida kimlarni olib oʻtirmadi bu bogʻkursi. Goh manaman degan hurliqolar bilqillab tizzasiga qoʻnadi, goh bojasi toʻngʻiz mayxoʻrlar shilqillab ustiga agʻanaydi. Dam ikkita ashaddiy dushmanning boshi shu yerda qovushib, uchinchi bir gʻanimning oyogʻiga bolta urish rejasini tuzishsa, dam kissavurlar shildirab kelishib, otarchilardek visirlashganicha pul boʻlishadi. Mijozlar orasida Qoʻga eng yoqadigani – sevishganlar. Ular oʻta samimiy, butkul bezarar. Na birovning sha’niga tappi chaplashadi, na oʻzgaga qasd qilishadi. Aksincha, gaplarning shirali-shiralisini tanlab soʻzlashadi, bir-birlarini sutga toʻygan kuchuklardek iskashib, yayrab-yashnab hingillashadi.

Barcha bogʻkursilar orasida yolgʻiz Qoʻgina tayinli laqab orttirishiga ham ana shu oshiqlardan birovi sababchi boʻlgandi. Oʻsha kuni choʻgʻizkoʻz yigit sevgilisini juda uzoq kutdi. Kutaverib, salkam bir quti segaretni bulutga a’zo qildi. Oxiri choʻntagidan chalauzarini olib, otashtaft koʻksini suyanchiqqa bosganicha allaqanday bitiklarni muhrlashga tushdi. Puxta ishladi. Chuqur-chuqur oʻyib yozdi.

Endigina «Qoʻ...» degan naqsh paydo boʻlgan ham ediki, «uzr, Qoʻshoq aka, koʻproq kuttirib qoʻydim», deb jononasi kelib qoldi. Qoʻshoqvoy, chamasi, oʻz nomini abadiylashtirmoqchi edi. Visol lazzatining isi uni ezgu niyatdan chalgʻitdi-yu, boshlagan ulugʻvor ishi chalasicha qolib ketaverdi. Shunaqa, maishiy ehtiyojlar mikrobi har qanday ulkan maqsadni falaj qiladi.

Oʻsha kuni Qoʻshoqvoy uzoq kutganining oʻchini olmoqchidek, peshindan to qosh qorayguncha qiz bilan aysh surib oʻtirdi. Koʻchma doʻkonchasini chaqaloqlar aravachasidek itarganicha pirtavollar boʻylab tinsiz aylanib yuruvchi oq libosli xotinlarning biridan goʻmma olib yeyishsa, boshqasi ularga muzqaymoq yalatib oʻtdi. Yaxshiyamki, hozircha koʻchma mehmonxona yoʻq. Boʻlganda, shu yerda bir yoʻla tunab qolisharmidi...

Qiz Qoʻga juda yoqib tushdi. Kiyinishi odmigina. Koʻkqargʻa atlas koʻylagining etagini tez-tez tizzaga tortib qoʻyishi uning nihoyatda uyatchan ekanini koʻz-koʻzlab turar, beliga shovvadek quyilgan maydaoʻrim sochlari hatto oʻtkinchilarning tuygʻusini ham qitiqlayotgandek tuyular, yoqimtoy tabassumi issiq istarasi bilan shohsupa talashayotgandek edi. Ayniqsa, Qoʻshoqvoy pirtavoldan oyisiga tirmashgudek boʻlib oʻtayotgan jingalaksoch bolakayni koʻrsatib, «bizniyam shunaqa oʻgʻlimiz boʻladi, otini Qoʻrgʻonboy qoʻyamiz», deganida, qizning yuzlari tuyqus lovullab, shunaqangi ochilib ketdiki, oddiy hayo kishiga bu qadar latofat bagʻishlashga qodirligidan Qoʻ hayratga tushdi…

– Tuf-e!

Momaqaldiroqdek bexosdan yangragan bu ovoz Qoʻning xayolini sochib yubordi. Hozirgina yoyma usulda tupurilgan nos qumaloqlari pirtavolga doʻldek yogʻilib, chetdagi maysalar sari tirqiradi. Jigarrang kostyum-shim ustidan beastar koʻk duxoba chopon kiygan biqqigina qariya ogʻzidagi nos quyqumini til uchida markazlashtirib, tupukni ikkinchi bor tashqariga yoʻnaltirgach, bogʻkursining qoq beliga kelib oʻtirdi.

Qoʻning qovurgʻalari qirsillab ketdi.

Qariya, hansirogʻi bosilguncha, yuzi va koʻkraklarini roʻmolchada terdan tozalash bilan band boʻldi. Tafti pasaygandan keyin, roʻmolchaga amnistiya berib, soqol-moʻylovini taroqda shixmola qilishga oʻtdi. U oʻtgan-ketganni baqadek goʻlayib kuzatar, erkaklarga apil-tapil koʻz tashlab, ayollarni ishqorlangan nigoh bilan qarshi olardi. Ora-sira choʻntagidan pul chiqarib, qayta-qayta sanashga berilar, oʻtkinchi ayollarga zimdan mushukqarash qilib qoʻyardi.

– Tak… tuk. Tak… tuk.

Qadam tovushi taralayotgan yoqqa yuzlandi-yu, Hollivuddagi xonimlardek bashang va harir kiyingan boʻyanchoq navjuvon bitta-bitta bosganicha oʻzi sari yaqin-lashayotganini koʻrib, qariyaning koʻzlari puflangan choʻgʻ misol bir yalinlanib oldi. Soʻng, moʻmintoy qiyofaga kirib, chetga sokin nigoh qadadi. Yonidan yana pullarni chiqardi. Ularni navbatma-navbat quyosh nuriga tutib, sinchiklab koʻzdan kechirishga kirishdi.

Navjuvonning qadami battardan sekinlashdi. U yoq-bu yoqqa kiborlanib qarab olgach, sekin kelib qariyaning qatoriga oʻtirdi. Qariya goʻyo uni payqamagandek, pullarni oftobga solishda davom etdi.

– Nima, yasamaga oʻxshayaptimi? – soʻradi navjuvon miyigʻida kulimsirab.

Qariya unga endigina e’tibor berayotgan siyoqda boqib, muloyim javob qildi:

– Ehtiyotdan bir tekshirib koʻryapmiz-da, oyposhsho.

– Dollarlaringiz nuqul beshtalik-ku. Yirikrogʻidan yoʻgʻakan-da?

Navjuvonning piching ila suzilib boqishiga monand qariyaning qiyofasida ham yillar davomida pishirib-puxtalangan tagdor suyuqlanish ifodalari balqiganini ziyrak Qoʻ nazardan qochirmadi.

– Yiriklari sandiqda turadi, oyposhsho, – deya tamshanib tirjaydi qariya.

Navjuvon kalta va xoʻppak sochlarini silkitib: «Kampiringiz ustida uxlaydigan sandiqdami», deb kulgan edi, qariyaning birdan qovogʻi uyildi.

– Qaniydi kampirim tirik boʻlsa, – dedi u. – Bunaqa qogʻozlarni boshidan hovuchlab sochmasmidim. Bir yarim yildirki, hayhotdek hovlida oʻzim soʻppayib yashayapman.

«Shungayam qovoq-tumshuqmi? – oʻyladi Qoʻ. – Mana biz yaralganimizdan beri yolgʻizmiz. Jala yogʻadimi, qortoʻfon turadimi, shu joyimiz – joy. Manavini haqiqiy soʻppayish desa boʻladi. Vaholanki, biz toʻyma-toʻy sudrab yuriladigan xashaki taxtaeshaklardan emasmiz. Xoʻjayinlarning alohida buyrugʻi bilan yasalib, xiyobonga tantanavor oʻrnatib qoʻyilganmiz».

U yoqda gap gapga ulanib boraverdi. Qariya oʻgʻil koʻrmaganini, bittayu bitta qizi esa insofi qoʻziganda, oyiga bir-ikki marta kelib-ketishligini, orttirgan mol-dunyosiyam bunaqada kishiga tatimasligini aytib, banda orqali Xudoga arzlangan boʻldi. Navjuvon bu olamda butkul baxtiyor odamning mavjudligiga shubhasi borligini bildirib, gapni erining noqobilligi-yu, qaynonasining yalmogʻizligiga, oʻzining had-hisobsiz tashvishlari-yu, bugungi turmush qiyinchiliklariga keltirib taqadi.

– Manavini koʻryapsizmi? – navjuvon koʻylagining barini tizzasidan yuqoriroqqa surib, guldor qora paypogʻining yoʻrmab chatilgan joyini koʻrsatdi. – Hatto shuniyam yangisini sotvolishga bosh qotirishim kerak. Oʻrgildim bunaqa hayotdan.

Koʻziga negadir issiqroq koʻrinayotgan navjuvonning bu soʻzlarini tinglab, Qoʻning bir tomondan unga rahmi kelsa, ikkinchi tomondan, paypoq kiyish hozircha bogʻ-kursilar orasida rusum boʻlmay turganiga shukur qildi.

– Shu kunlarda bunaqa paypoqning puliga yarim pud guruch beradi, – koʻzi navjuvonning oyoqlari boʻylab oʻrmalar ekan, ogʻzida soʻlagi chilpillab soʻz qotdi qariya.

– Topdingiz. Bilarkansiz.

– Umrimiz tijoratning qaynovida oʻtyapti, oyposhsho. Biz bilmasak, kim biladi? Hatto anavi tashi yaltiroq, ichi qaltiroq toʻplingiz qancha turishiniyam bilamiz. Vix-x-x...

– Ha, kuling! Pulingiz koʻp-da!

Yuzidagi bujurlarni patak soqoli bilan niqoblagan bir ishkambafe’l qariyaning yomgʻirdan keyingi gultojixoʻrozdek yogʻdulanib turgan malakzodani pisandalab mas-xaralashi Qoʻga ogʻir botdi. Bogʻkursilar bir-birini ermaklashni ham, kamsitishni ham bilishmaydi. Sababi– ular hali puldor va nochor toifalarga boʻlinib ulgurishmagan.

–Darrov lunjingizni osiltirmang-da, oyposhsho, –

titroq kaftini navjuvonning tizzasiga palapartish urib, unga taskin berishga intildi qariya. – Koʻnglingizni ogʻritgan boʻlsak, mayli, gunohimizni yuvamiz. Bitta zoʻr toʻpli bizdan. Oʻziyam italiyoniki. Kechagina bir toʻpini uyimga tashlab ketishuvdi.

Navjuvonning uzun kipriklari qariyani nishonga olganicha bir necha daqiqa tikkayib turdi. Soʻng yuzida xiyol kuldirgich jilvalandi.

– Unaqasiga kuchimiz yetmasa-chi?

– Endi-i bitta toʻpli bizdan deganimizdan keyin, gap tamom-da, – qariya navjuvonning yelkasidagi soch qazgʻoqlarini siypalagan tarzda qoqishga tushdi. – Qola-versa, qozonimga qoʻlingizdan shirinlik yuqtirib, bitta osh damlab bersangiz, uzilish boʻpketarmiz, oyposh-sh... Hartugur, otingizni bilvolaylik.

Navjuvon qariyaga koʻz qirida pirpira-pir boqib gijingladi va she’riy ohangda toblab-toblab dedi:

– Meni otim – Guliyzar!

Navjuvonning jonoqi olmadek qip-qizil boʻyalgan lablaridan shu soʻz havolandi-yu, Qoʻning choʻyan oyoqlari birdan zingʻillab ketdi, yogʻoch tanasining allaqaeri «jaz-z» etib kuygandek boʻldi. Ikki haftacha ilgari bir goʻlahpadar bezori sigaretini uning badaniga ezgʻilab oʻchirganida ayni shu jizilloqni tuygan edi.

Qariya va navjuvon oʻrinlaridan qoʻzgʻalishayotib, yana nimalarnidir gaplashishdi. Qoʻ ularning ogʻzi qimirlayotganini koʻrib tursa-da, bu pallada biron-bir gapni na tinglaydigan, na anglaydigan ahvolda edi.

«Bu oʻsha! – vujudi izgʻirindan chirsillayotgandek karaxtlanib xayolidan oʻtkazdi Qoʻ. – Uni endi tanidim!»

– Guliyzar! – deya tortinchoq qizning shovvasimon kokillarini shavqlangan kuyi silab xitob qilgandi oʻsha kuni Qoʻshoqvoy. – Bunday yap-yangi otni sizga kim topib qoʻygan oʻzi?!

Omaddan taltanglagan qariya jonivor oliftalanganicha, chatanoqlanib-chatanoqlanib odimlar edi. Dokasifat moviy koʻylak ustidan keng va gajimdor oq nimcha kiygan navjuvon esa, ixlos ila yasalgan bejirim qayiqdek uning yonida tekis suzib borardi.

Boʻyi yetib-etmagan oqqushboʻyin qiz maydaoʻrim sochlarini oʻpogʻich shamollardan qizgʻanayotgandek hovuchida tutamlab kelib, boʻm-boʻsh bogʻkursi ogʻushiga ohistagina qoʻndi. Hanuz oʻsha karaxtlik domida boʻlgan Qoʻ buni sezmadi ham.

1998