OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

1 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiQora bodring (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qora bodring (hajviya)
Anvar Obidjon

– Ix-x!

Toʻsatdan yana oʻsha ichki sharpa paydo boʻlib, tirnoqdor panjasida yurakning naq soʻppisini changalladi. Iliklanguncha chaynalgan anjir Bosvoldining tomogʻiga chandirdek qadalgach, bor kuchi bilan yutinib, talvasali qiyofada oʻrnidan turdi.

Azaldan shunaqa – biron koʻngilsizlik yuz berishidan oldin tanasining ichida qandaydir sharpa gʻimirlab qoladi. Buni ilk bora bolalik chogʻida, shaharning aynan shu bozorida pistafurushlik qila boshlagan paytlaridayoq sezgan. Oʻshanda ellik birinchi yilning kech kuzi edi, bildiriksiz bir ichki sharpa yurakni tepadan gʻijimlab gʻashlantiraverdi. Buning nima ekanligini sal keyinroq, urushdan peshanasi yamoq boʻlib qaytgan Sulton melisa, pistani Stalinning surati bor gazetaga oʻrab sotgani uchun uni bozordan sudrab chiqib, ketiga tepib haydagan lahzada anglab yetdi. Battol sharpa boʻlajak dilxiralikning darakchisi ekanligiga biqinib-qisinib attorlik qilishga tutingan, pattachilikka koʻtarilgan davrlarida ham, bozorni shaxsan boshqarish martabasiga erishganidan keyin ham, koʻp marta amin boʻldi.

Bosvoldi dasturxonning uchini qayirib, stoldagi anjirli taqsimchaning ustini yopgach, idorasidan tashqariga chiqib, atrofga hadikli nazar tashladi. Pogʻonadan tushib, doʻkonlar tizimi boʻylab odimlagan kuyi, meva-sabzavot savdosi qizib turgan qoʻshgumbazli tim tomonga yoʻl oldi. Besh-oʻn qadam yurib-yurmay, atir-upa doʻkonchasi yonida pakanagina yigit oʻzidan ikki baravar boʻychan qizning yelkalariga osulgudek boʻlib, burniga burnini ishqayotganini koʻrdi-yu, tepa sochi tikkalanib, taqqa toʻxtadi.

– Hoʻ, laycha! – koʻzlari chilimdagi oʻtdek choʻgʻlanib, vangilladi Bosvoldi. – Islovatxonamas, bozor bu! He, simyogʻochga tirmashgan mantoʻrga oʻxshamay oʻl…

Bosvoldi boshini hoʻkizsuzish qilib, oshiq-moshiqlar sari yurayotganida, Nigʻmon pattachining: «Osmonda burgut koʻrindi, ha-hov!» – degan tovushi diqqatini tortdi, oʻsha yoqqa yarq etib qaradi. Nigʻmon pattachi ma’nodor qiyalab, moʻylovida tim tarafga ishora qildi. Bosvoldi keskin ziyraklandi, qisiq koʻzlari timning ostini titkilab-titkilab, nihoyat, bir nuqtada toʻxtadi. Qaysidir «doʻnglik»dan surilib, yaqinda hokimiyatga ishga oʻtgan Goʻga Gadoevich gʻoʻdayganicha rasta kezayotgani, ora-sira dehqonlar bilan gap choʻqilashib qoʻyayotganini koʻrdi. «Menga uchrashmay, oʻzicha bozor kezib yurishida bir xosiyatsizlik bor-ov», degan oʻydan yuragi yanada xijillandi. Nigʻmon pattachiga sirli suzilib, ikkala qoʻli bilan havoni chirmanda shaklida chizgan tarzda sehrli topshiriqni berdi, soʻngra oʻzini xaridorlarning panasiga olib, Goʻga Gadoevichga oʻgʻrincha yaqinlasha bordi.

Goʻga Gadoevich tappak doʻppili sotuvchining oldida toʻxtab, peshtaxtaga terilgan baqlajonlardan birini qoʻlga olib, uni burun jiyirgan asno koʻzdan kechirarkan: «Oltiariqlikmisiz, oʻrtoq dehqon?» – deya joʻgʻrofiy savol tashladi. Sotuvchi: «Yangiyoʻllikman», deb javob qilgach, miyigʻida tirjaydi:

– Darvoqe, Oltiariqning bodringlari koʻk boʻlguchi edi. Xoʻsh, qora bodringni qanchadan sotyapsiz?

– Bu bodringmas, aka, – beixtiyor kulib yubordi sotuvchi. – Baqlajon bu.

Goʻga Gadoevichning birdan yonogʻi titradi:

– Nima? Sizni dehqon deb oʻylasam, olib sotar ekansiz-da? Qarang, nimani sotayotganingizniyam bilmayapsiz.

– Xudo xohlasa, yaqinda qirqqa kiraman, bizni ja yosh bola qilvormang. Harqalay, bodringni baqlajondan ajratarmiz.

Shefning tugalay fe’li aynishi umumbozor miqyosidagi ishlarga ham salbiy ta’sir koʻrsatishi mumkinligidan choʻchigan Bosvoldi shamsiyali ayolning panasidan lip etib chiqib, sotuvchini poʻpisaga koʻmiza boshladi:

– E! Qanaqa odamsan? Oʻzingdan katta kishi bodring deb turibdi-yu, sen nuqul baqlajon, baqlajon, deysan. Qani ahloq? Qani odob?

Bosvoldi tarbiyaviy poʻpisani tugatiboq, tuyqusdan muloyimlandi, Goʻga Gadoevichga ta’zimlanib, quyuq salomlashdi. Shef bozorqoʻm bilan qoʻl uchida koʻrishayotib, norizo siyoqda chimrildi:

– Bozoringizda tartib qolmabdi-ku, oqsoqol. Mana, qora bodringni baqlajon deb sotishyapti. Xaridorlarning huquqiga hurmat shumi?

Bosvoldi sotuvchiga takror oʻqrayib: «Sen kallavaramga kim torozi berdi oʻzi? Bozordan uchirvoraman-a, hov!»– deb dagʻdagʻadan boloxona qurdi. Sabzifurushlar qatoriga kirib olgan Nigʻmon pattachi sotuvchiga zimdan chaqchayib, jagʻ siladi. Sotuvchi uch ovchining oʻrtasida qolgan quyondek garangsib: «Nima, bularga baqlajon deb men ot qoʻyibmanmi?» – deya oʻzini oqlashga uringanini biladi, bozorqoʻm kaftini uning ogʻziga peshma-pesh niqtab: «Yana baqlajon deydi-ya, yana baqlajon deydi-ya! Oʻchir!» – deb devdek davaralandi.

– Shuni bodring desam, qutulamanmi? – yigʻlamsiragudek boʻlib sharttakilandi sotuvchi. – Boʻpti, ana, olinglar bodringdan.

– Qora bodring! – barmogʻini osmonga bigizlab, sotuvchiga tanbeh berdi Goʻga Gadoevich. – Mana endi ayting, qora bodringni qanchadan sotyapsiz?

Sotuvchi soʻzga lab juftlab ulgurmay, Bosvoldi qaytadan oraga suquldi:

– Kallangni ishlatib, insof bilan gapir. Balki, oldingda mas’ul vazifadagi odam turgandir. Balki, shunchaki narx-navoni oʻrganib yurgandir…

Sotuvchi Goʻga Gadoevichga bu gal hushyor tortib qaradi. Muomalasi ham iliqlashdi:

– Koʻngildan chiqqanini beravering, aka. Bizga dehqonchilik bu… qora bodring.

– Borakansan-ku, azamat! – ogʻzining tanobi qochib, sotuvchini alqashga oʻtdi Bosvoldi. – Ana, qora bodring desayam boʻlarkan-ku.

Shu pallada, toʻrsimon kepka kiygan tersfe’l yigitcha Bosvoldi va Goʻga Gadoevichning orasidan muzyorardek oʻtib kelib, sotuvchiga koʻkimtir koʻzoynakning ustidan moʻraladi:

– Baqlajon nechchi pul boʻldi, amaki?

Sotuvchi yigitchaning ikki yonidan gezarib turgan kushandalarga xijolatlanib qarab qoʻygach: «Iltimos! Shu topda baqlajon demay turgin, ukajon», deya iltijolandi.

– Iy! – toʻrcayib termildi yigitcha. – Nima dey boʻlmasa?

– Manavi amaldor akamiz buni qora bodring deb turibdi. Gapini toʻgʻri demasam, bozordan haydaladiganga oʻxshayman.

– Bularning suyagi eski idoralarda qotgan, haliyam aytganim aytgan deb oʻylashadi, – bolalarcha iljayib, beparvo qoʻl siltadi yigitcha. – Hozir demokratiya zamoni. Endi hech qoʻrqmasdan bodringni bodring, baqlajonni baqlajon desak boʻlaveradi.

Allaqanday «xamak»ning dashnomi Goʻga Gadoevichga ogʻir botib, alamdan bagʻbaqasi pirpiradi, shartta ortga burilib, tez-tez odimlaganicha koʻzdan uzoqlasha boshladi. Bosvoldi bir muddat tipirchilanib turdi, soʻng Goʻga Gadoevichning ketidan chopishga shaylanarkan, sotuvchiga koʻz olaytirib gʻijindi:

– Hah, qishloqi… Qarab tur hali!

Sotuvchi bu safar bozorqoʻmga havolanib boqdi:

– Bunaqa qashqirqarash qilmang! Sizga oʻxshaganlardan qoʻrqadigan jinni yoʻq! Manavi tirmizak menga toʻgʻri dakki berdi…

Bosvoldi gʻoyib boʻlgach, sotuvchi: «E, hayriyat-e, baqlajonni bemalol baqlajon deydigan kunam borakan-ku», deya erkin nafas oldi. Dazmol koʻrmagan yaktagining choʻntagidan nosqovoqni sugʻirarkan, tevarakka ochiq chehra bilan yuzlanib, baralla sayrashga tushdi:

– Kepqoling! Yangi baqlajon, shirin baqlajon, arzon baqlajon! E, demokratiyaga ofarin! Opqoling baqlajondan! Hahe-e-y!!!

Bu hayqiriqlar kerakli izni iskalab borayotgan Bosvoldining quloq pardalarida mazaxli sadolanib, ta’bini battar xiralashtirdi: «Oxiri baribir ishkal boʻldi! Oʻsha ichki sharpagayam, qora bodringgayam ming la’nat!»

2003