OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
Siz shu sahifadasiz: Anvar Obidjon. Qorinbotir (doston)
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiQorinbotir (doston)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Bolalar va oʻsmirlar adabiyoti
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Dostonlar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm42KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2014/04/22
Manbahttp://forum.ziyouz.com/ind...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Qorinbotir (doston)
Anvar Obidjon

Oʻrmon. Sahnaning toʻrisi daraxtzor, oʻrtada kattakon toʻnka, oʻng chetda toʻp boʻlib oʻsgan maymanchak. Uyoq-buyoqqa alanglaganicha Quyonxon kirib keladi, atrofga tovush qiladi.

Quyonxon:
— Quyonjo-o-n! Qayerdasan, ukaginam? Tagʻin. Adashib qolmagin, mittivoy.

Bu yer gulshan bogʻ emas,
Bu yer tikanzor oʻrmon.
Bunda mehr qalbaki,
Qonuniyam gʻirt yolgʻon,
Ukajonim, adashma!
Adashganga yaxshilar
Koʻmaklashar har mahal.
Bizda darrov yem boʻlar
Birov chalgʻib qolsa sal,
Ukajonim, adashma!
Xavfli emas Qoʻrsichqon,
Koʻzi ochiq koʻrdan qoʻrq.
Barcha koʻrlar nomidan
Ish koʻruvchi zoʻrdan qoʻrq,
Ukajonim, adashma!
«Erk va Adolat» soʻzi
Bezar bizning bayroqni.
Asli bayroq kiydirib
Niqoblashgan tayoqni,
Ukajonim, adashma!

Ovoz:
— Vaqa-a-a! Vaq-vaqa-a-a!

Quyonxon choʻchib tovush kelgan tomonga qaraydi. Maymanchak ortidan yum-yumaloq maxluq koʻtarila boshlaydi. Uning koʻzlari kosaday, besoʻnaqay ogʻzi irshaygan, dumi shabadada lattaga oʻxshab hilpirab turibdi. Quyonxon qoʻrqib tisariladi.

Quyonxon:
— Voy-dod! Bu nima balo? Yordam beringla-a-r! (Shilq etib behol oʻtirib qoladi).

Quyonjon:

(Maymanchai ortidan irshayib boʻy koʻrsatadi). Ve-xa-xa. Hushingdan ketib qolmadingmi, opa?

Quyonxon:

(Sal oʻziga kelib). Qoch, ukajon! Tezroq qochsang-chi! Anavi ajina yeb qoʻymasin seni. Qoch deyapman!

Quyonjon:

Dadil eding, tiling burro, qaqajon,
Endi qalt-qalt titrayapsan, opajon.
Xudoyim zap bergan ekan yurakdan,
Ajinani farqlolmasang pufakdan.

Quyonxon:

Nima deding,
Qanaqa pufak?

Quyonjon:

Koʻryapsan-ku,
Shunaqa pufak.

Quyonxon:

Axir pufak nima oʻzi,
Muncha katta ogʻzi, koʻzi?

Quyonjon pufakning dumini oʻsiq shoxga dikkaytib ilib, opasining yoniga oʻtadi.

Quyonjon:

Bugun bizning oʻrmonga
Tutun purkab, dirillab,
Keldi temir arava
Och hayvondek zirillab.
Tushdi undan toʻrt odam:
Ota, ona, qiz-oʻgʻli.
Savat ushlab, butazor —
Tomon kelishdi toʻgʻri.
Ota terdi maymanchak,
Ona terdi maymanchak.
Qizi esa oʻynadi
Shoxni qilib hayinchak.
Yolgʻiz qolib oʻgʻilcha
Xoʻp zerikdi, ufladi.
Choʻntagidan oxiri
Ichak olib, pufladi.
Puflamasdan ilgari
Ichakcha edi tildek.
Ishib-ishib, shu desang,
Boʻldi qorindor fildek.

Quyonxon:

Demak jinlar makrini
Koʻzing bilan koʻribsan.
Toʻrt ajina uchrasa,
Odamlar deb yuribsan.
Odam hatto ajdarni
Yeb tashlar, «goʻsht» desang bas,
Ammo oʻzi fil tugul,
It yasashga qodirmas.

Quyonjon:

Fil yasadi demadim,
Fildek narsa yasadi.
Keyin loydan gul chizib,
Goʻyo uni bezadi,
Maqtangan vaqt qizchaga
Koʻrib qoʻy deb pufakni,
Qizcha dedi ermaklab:
«E, yuqot bu gʻumbakni!»
Soʻngra choʻpak otgandi,
Naq moʻljalga sanchildi.
«Paq!» etdi-yu, pufak yoʻq,
Bir hamlada yanchildi.

Quyonxon (Ukasini quchib):

Yoʻq, seni jin chalibdi,
Aljirama, ukajon.
Filni bitta choʻp bilan
Yanchib boʻlmas hech qachon.

Quyonjon:

Eshitmasin Boʻrilar,
Opa, sekinroq baqir.
Fildek narsa deyapman,
Fil deganim yoʻq axir.

Quyonxon:

Uka, gaping poyma-poy,
Yorildi deysan pufak,
Unda bu-chi? Bu nima?
Meni qilma koʻp tentak.

Quyonjon:

Bu boshqasi, tushun-da,
Yorilgani — u boʻlak.
Qizcha ketgach, bolakay —
Oldi yana bir ichak.
Uniyam zoʻr ishirib,
Dumiga ip bogʻladi.
Katta ogʻiz, koʻz chizib,
Oʻz vaqtini chogʻladi.

Kuldi:

— Noming bugundan
Qorinbotir boʻlsin, deb.
Oʻrmondagi hayvonlar
Sendan qoʻrqib oʻlsin, deb.
Keyin fikri chalgʻidi,
Quvlab ketdi kapalak...
Shundoq qilib, opajon,
Menga qoldi bu pufak.

Tashqaridan begona ovozlar eshitiladi.

Birinchi ovoz:

Ir-r-r!

Ikkinchi ovoz:

Boʻ-oʻ-oʻ-!

Quyonxon:

(Uzoqqa boʻylanib)

Uka, tezroq qochaylik,
Kelar poshshomiz Sherxon.
Tayoq ushlab yonida
Vaziri Ayiq polvon.


Quyonjon (Alamnok):

Oʻzi qanday hayvonmiz
Na uyon, na buyonlik.
Rostin aytsam, opajon,
Jonga tegdi quyonlik.
Doim qoʻrqish, berkinish,
Taqdirdan fol ochamiz.
Sherxon bitta, biz mingta,
Qachongacha qochamiz?

(Pufakka qarab qoʻyib, mugʻambirona koʻz suzadi).

Mana, Qorinbotir bor,
Kel, yurakni toblaylik.
Biron marta bizlar ham
Shu zoʻrlarni boplaylik.

Quyonxon:

Hoy, aqldai ozdingmi?
Sherxon qayda, biz qayda!

Quyonjon:

Koʻpincha kuch-qudratmas,
Aqldan kelar foyda.

(Joʻshqin kayfiyatda opasining qulogʻiga nimalarnidir shivirlaydi).

Quyonxon:

Hazilingni qoʻysang-chi,
Nima, jondan toʻydingmi?

Quyonjon:

Hali shunday rejani
Sen hazilga yoʻydingmi?
Qoʻrqma, opa, men borman,
Aytganimni qilsang bas.
Makkor boʻlsak boʻpmiz-da
Vaxshiylikka qasdma-qasd.

Quyonxon:

Ehtiyot shart, ukajon,
Kel, betingdan bir yalay.
Baribir sal qoʻrqyapman,
Ular yirtqich harqalay.

(Quchoqlashib oʻpishadilar).

Quyonjon:

Fil yasama pashshadan,
Titrayverma, endi bor.
Qancha dadil kurashsang,
Omad shuncha boʻlar yor.

Quyonxon ketadi. Quyonjon maymanchak ortiga yashirinadi. Narigi yoqdan Sher bilan Ayiq kirib keladi. Sher hansirab toʻnkaga oʻtiradi. Ayiq tayoqni changallab yonida qoʻqqayadi.

Sher:
— Uf-f, sillam qurib ketdi. Yordam beringla-a-r, degan tovush shu tomondan keluvdimi oʻzi?

Ayiq:
— Xuddi shu atrofdan eshitiluvdi. Menimcha kiyikning bolasi boʻlsa kerak.

Sher:

Qoldik qanday zamonga,
Shoh boʻlsamu men buyuk,
Tashna qilsa goʻshtiga
Hatto molfe’l bir Kiyik.

Ayiq:

Surbetlikni qarang-a,
Oʻzi yordam soʻradi.
Siz yordamga kelganda,
Nega juftak uradi?

Sher:

Vazir boʻlmay oʻl, Ayiq,
Qornim ochdi ja yomon.
Kirpi-mirpi tutsang-chi,
Loaqal ilon-pilon.

Ayiq:

Qiziqsiz-a, xoʻjayin,
Ilonni topay qaydan?
Qochar hatto suvarak
Siz bilan biz bor joydan.

Yugurib Quyonxon oʻta boshlaydi. Ayiq uni chalib yiqitib, tayogʻi bilan kuragidan ezadi.

Quyonxon:

(Yotgan joyidan Sherga boqib ingraydi). Assalomu alaykum, shohim.

Sher:

(Yalanib soʻlak yutadi). Vualaykum assalom.

Ayiq:

Baxtlisiz-da, xoʻjayin,
Soʻrasangiz ilonni,
Tangrim marhamat qilib
Yuboribdi quyonni.

Sher:

Fuqaroni ranjitma,
Avval arzin eshitay.
Gapida tuz boʻlmasa,
Unda shartta tinchitay.

Ayiq:

Bularda tuz, burd bormi,
Oldingizda muloyim.
Fikrlashsa oʻzaro,
Tanqid-tanqid har doim.

Sher:

Hoy, vazir, koʻp berilmagin sarqitga,
Bizda hech kim qarshi emas tanqidga.
Toki men bor — bordir erk va adolat,
Senlar bois yogʻar taxtga malomat.
U Boʻrsiqmi, Qalamushmi, Chigirtka,
Tanqid qilsin, xatomni aytsin tikka.
Haq boʻlsa u, tan beramiz joyida,
Haq boʻlmasa, uni yeyish — qoida.

Ayiq (Tirjayib Quyonxonni boʻshatadi):

Boʻpti, Quyon, gapiraver arzingni,
Keyin toʻlab qoʻyasan jon qarzingni.

Quyonxon:

Sovuq xabar aytmoqchiman, o shohim!.
Ogʻir botsa kechirgaysiz gunohim.

Sher:

Sovuq xabar?
Gapni choʻzmay tezroq ayt!
Gunohingni padariga ming la’nat!

Quyonxon:

Bizning toʻkin va obod,
Dunyodagi eng ozod
Dorulomon oʻrmonda,
Maymanchakzor tomonda
Yovuz maxluq yurganmish,
Qoplonni yeb koʻrganmish.
Soʻng yutib toʻrt yoʻlbarsni,
Oʻn jayron, qirq qoʻtosni,
Beryotganmish tishga zeb,
Endi shohni yeyman deb.

Sher (Sal bezovtalanib):

Ehtiyotdan ayt bizga
Oʻsha yovning ismini...

Ayiq:

Shohim uning boshin yer,
Men orqaroq qismini.

Quyonxon:

Baxtimizga, xoqonim,
Boʻling gʻolib va omon.
Yovga hushyor boqsangiz,
Chamam, koʻrmaysiz ziyon.
Oʻsha ablah hayvonxoʻr
Koʻp baloga qodirmish.
Nasli, jinsi notayin,
Ismi Qorinbotirmish.

Sher (Qoʻzi gʻildirab):

Bay-bay-bay-bay!
Namuncha —
Oti xunuk oʻzidan?!


Ayiq (Oʻzicha):

Qoʻrqinch hiydi kelyapti
Xoʻjayinning soʻzidan.

Shu mahal Quyonjon maymanchak ortidan pufakni qimirlatib na’ra tortadi.

Quyonjon:
— Vaqa-a-a! Vaq-vaqa-a-a!

Olakoʻz pufakni koʻrib, Sher seskanib oʻrnidan turadi. Ayiq goʻlayib orqaga chekinadi. Quyonxon joʻrttaga Sherning pinjiga suquladi.

Quyonxon:

Qoʻrqib ketyapman, shohim. Oʻsha Qorinbotir shu boʻlmasin!

Sher:

(Tili gʻoʻldirab). Qoʻ-qoʻ.,. qoʻrqma, fuqaro. Oʻr... oʻr... oʻrmonda hukumat bor, qonun bor.

Ayiq:

(Sarosimalanib). Tushlik vaqti boʻpqoldi, xoʻjayin. Menga boshqa xizmat yoʻqmi? (Ketmoqchi boʻladi).

Sher:

Qimirlama,
He, oʻpka!
Oʻz haddingda tur, vazir!
Senga tekin tushlikni
Koʻrsataman men hozir.
Qani, mundoq beri kel,
Oldinga oʻt bir qadam.

Ayiq:

Shoh oldini toʻsma deb
Nasihat qilgan dadam.

Sher:

E, dadangni qarayu,
U qoʻrqoqki — sen qoʻrqoq.
Botir boʻl deb pand aytsa
Oʻlarkanmi u maymoq?

Borib Ayiqning tayogʻini tortib oladi, ayamasdan savalay ketadi.
Ayiq:

Men-ku qoʻrqoq emasman,
Faqat oʻylayman tiniq.
Hozircha bu dushmanning
Zoti tugal noaniq.
Eng yomoni — biz uning
Kuchi qancha — bilmaymiz.
Vaqtinchaga chekinsak,
Aslo xato qilmaymiz.

Quyonxon:

Bilaylik ne ekanin...
Qorinbotir degani —
Shu boʻp chiqsa mabodo,
Unda ishimiz rasvo:
Qochsak, quvib tutadi,
Hamla qilsak, yutadi.

Ayiq:

Taxminan oʻylab koʻrsak,
Tegmasmikan jim tursak?

Quyonxon:

Ajabmaski hozir qorni toʻq boʻlsa,
Shundan kayfi chogʻu koʻzi loʻq boʻlsa.
Balki bizni soldi ochiq qamoqqa,
Kechqurunroq qorni ochsa yemoqqa.

Sher (Ayiqqa tayogʻini berib, yana toʻnkaga oʻtiradi):

Balki oʻsha Qorinbotir bu emas...
Kepqolsaydi biron jonzot yaramas,
Gap chalgʻitib, surishtirib koʻrardik,
Aniq javob berolmasa, urardik.

Quyonxon:

Aqlingizga ofarin,
Gapingiz toʻppa-toʻgʻri.

Ayiq:

Avliyosiz, xoʻjayin,
Ana, kelyapti Boʻri.

Boʻri xirgoyi qilganicha xush kayfiyatda kirib kelib, chetdagi daraxtni ilhomlanib quchoqlaydi, kuylashda davom etadi.
Boʻri:

Jon Quyon, toʻlpoq Quyon,
Hammani hayron qilasan.
Nega duch kelsak qochib,
Akangni sarson qilasan?
Zoti past Tulki yesa,
Oxiri armon qilasan.
Boʻrini och qoldirib,
Nomini hayvon qilasan.

Ayiq:

Hoʻ, hayvon!

Boʻri (Shoshib qaraydi):

Labbay, polvon.

Ayiq:

Anqayma, oyoqni oʻp.

Boʻri:

Xoʻp dedik-ku, xoʻp.

Tez kelib Ayiqning oyogʻiga tashlanadi.
Ayiq(Boʻrini tepib):

Buyoqda shoh turibdi,
Atrofga bir qara-da.

Boʻri:

Unda bu kir oyogʻing
Nima qilar orada?

(Endi borib Sherning oyogʻiga yiqiladi)

Manavini oyoq desa boʻladi,
Pok-haromni farqlashda koʻp hushyorman.
Bunday toza, bunday tansiq oyoqni
Oʻpishgamas, yalashgayam tayyorman.

(Oyoqni yalab bosh koʻtargach, Quyonxonni koʻradi)

O, Quyonxon, azizim!
Omonmisan, bormisan?
Yoki mening mehrimsiz
Changalzorda xormisan?

Quyonxon (Kesatib):

O, qayoqda yuruvding?
Koʻzim uchib turuvdi.

Boʻri (Fotihaga qoʻl ochadi):

Omin! Uzingdan koʻpay!
Kel, ketingga bir tepay.

Sher:

Bas qil! Hozir shartmas tepishmoq!
Eshit, aytay senga topishmoq.

Boʻri:

Hukmdorim, qulogʻim sizda,
Yechvoramiz jumboqni tezda.

Sher:

Oyogʻiyam yoʻq,
Qulogʻiyam yoʻq.
Qorni qanor,
Ogʻzi ombor.
Koʻzi katta,
Dumi latta.

Ayiq:

Topsang — hay-hay!
Topmasang — vay-vay!

Boʻri:
Topishmoqni topdim aniq.

Sher:

Xoʻsh, nima u?

Boʻri:

Zogʻorabaliq!

Sher:

(Ayiqqa)

Mukofot ber sozlab,
Javobiga moslab.

Ayiq Boʻrini dodlatib tayoqda savalaydi.
Ayiq:

Ana, senga mukofot,
Mana, senga mukofot.
Ana, zogʻorabaliq,
Mana, zogʻorabaliq.

Sher:

Yetar, polvon! Boʻladi!
Yoʻqsa harom oʻladi.

Quyonjon (Maymanchak ortidan pufakni qimirlatib):
Vaqa-a-a! Vaq-vaqa-a-a!

Boʻri(Bir sapchib tushadi):

Vah! Qanaqa mahluq bu?
Muncha semiz, yogʻliq bu?

(Tisarilib, Ayiqqa qapishadi)
Ayiq:

E, nari tur, yopishqoq!
Shudir oʻsha topishmoq.

Sher:

Xoʻsh, shunaqa maxluqni
Koʻrganmiding ilgari?

Boʻri:

Bu — yo Hindistonniki,
Yo boʻlmasa Bulgʻori.

Quyonxon:

Qorinbotir boʻlsa-chi?
Eshitganing bormi hech?

Boʻri (Birdan Sherga yalinib):

Meni qoʻshmang bu ishga,
Duo qilay erta-kech...
Ezmalanib men ahmoq
Oʻtiribman buyoqda.
Qattiq betob yotibdi
Oyim shoʻrlik uyoqda.

(Ketmoqchi boʻladi)
Sher:

Qimirlama joyingdan!

Ayiq:

He, oʻrgildim oyingdan.

Quyonxon:

Boʻrivoy, xullas gap shu:
Qorinbotir boʻlsa bu,
Qochsak, quvib tutadi,
Hamla qilsak, yutadi.

Boʻri:

Turish uchun bunda jim,
Qerak boʻlar mingta shim. -

Quyonjon (Yana pufakni qimirlatib tovush qilady):
Vaqa-a-a! Vaq-vaqa-a-a!

Boʻri (Battar tipirchilab):

Balki sizlar mahkumsiz
Bunga qurbon boʻlishga.
Ammo yoʻqdir haqqingiz
Meniyam yem qilishga!

Ayiq:

Jim boʻl, badbaxt,
Bosvol jahlingni.

Quyonxon:

Chora oʻyla,
Ishlat aqlingni.

Boʻri bezovta alanglaydi, tuyqus diqqati jamlanadi.
Boʻri:

Aqlli zot kelyapti, ana,
Bitta qurbon koʻpaydi yana.

Sirtlon:

Ichdim Suvsar qonini,
Vijdonim qani?
Oldim Kaptar jonini,
Vijdonim qani?
Boʻgʻib yedim Bugʻuni,
Vijdonim qaii?
Boʻgʻish, boʻgʻish har kuni!
Vijdonim qani?

(Qoʻynidan roʻmolcha olib, koʻzyoshini artadi).
Ayiq:

Ijodingni yigʻishtir, hoʻ vijdonsiz,
Buyoqda shoh oʻtiribdi imkonsiz.

Sirtlon shoshmasdan oʻrnidan turib, sipolik bilan Sherga yaqin keladi, xiyol ta’zim qiladi.
Sher:

Kimsan oʻzing? Mushukmisan?

Sirtlon:

(Sokin)

Men Sirtlonman, xoqonim.

Sher:

Buncha tundsan? Kasbing nima?

Sirtlon:

Gʻazalxonman, xoqonim.

Sher:

Shoir boʻlsang, kallang zoʻrdir?

Aytayinmi topishmoq?

Sirtlon:

Aytavering...

Shohning kasbi —

Shoirlarga yopishmoq.

Sher:

Oyogʻiyam yoʻq,
Qulogʻiyam yoʻq.
Qorni qanor,
Ogʻzi ombor.
Koʻzi katta,
Dumi latta.

Ayiq:

Topsang — hay-hay!
Topmasang — vay-vay!

Sirtlon:

Kirib kelsa oyoqsiz,
Arzga boʻlsa quloqsiz,
Meshga oʻxshasa qorni,
Ogʻzi eslatsa gʻorni,
Ola koʻrinsa koʻzi,
Ortida — latta isi,
Bizga oydek ayon bu —
Shoh chiqargan farmon bu.

Quyonxon:

Gapi tagdor, aqli zoʻr,
Afsus, oʻzi sal qonxoʻr.

Sher:
(Ayiqqa)

Eshitdingmi javobin?

Ayiq:

Tortamiz-da tanobin!

(Sirtlonga)

Shoir uka, qani, yot,
Bir yogʻdiray mukofot.

Sirtlon yotadi. Har gal beliga tayoq tushgandi gohi. Sal ingraydi, gohi. Chidam bilan lab tishlaydi.
Sher:

Bas qil, polvon! Shoirning —
Tanasi sal boʻlar xom.

Ayiq:

Lekin ba’zi shoirga
Qaltak ham berar ilhom.

Sirtlon (Turib, Sher va Ayiqqa minnatdor boqadi):

Rahmat sizga, janoblar,
Sal tinchlandi vijdonim.
Koʻp xoʻrladim yot jonni,
Bir xoʻrlandi oʻz jonim.
Johil boʻlsa xoqoning,
Zamonang — buzuq maktab,
Vahshiy qilar shoirni
Tirikchilik degan gap.

Ayiq:

Taxtimizga dushman bu,
Soʻzi oʻxshar qotilga.
Shuni tashlyb qochsak-chi
Anov Qorinbotirga?

Sher:

Qorinbotir shumikan,
Oldii aniq bilaylik.
Qeyin, shoir-poirmi,
Bir qurbonlik qilaylik.

Quyonjon (Odatdagidek pufakni panadan qimirlatib):
Vaqa-a-a! Vaq-vaqa-a-a!

Sirtlon (Qattiq taajjublanib):

Yo alhazar! Bu nima?
Ajinami yo hayvon?

Boʻri:

Yaqin borsang, bir umr —
Tinch qoʻyar seni vijdon.

Sher:

Daydib, shuncha yurt kezib,
Qoʻp ilmni qilib yod,
Sen ham bunday maxluqni
Koʻrmagansan hech nahot?

Quyonxon:

Buning tili bormaydi
Tanishim kam demoqqa.
Faqat ba’zi doʻstlarin
Majbur boʻlgan yemoqqa.

Sirtlon:

Yetar! Jondan toʻyib ketdim!
Haqiqatan ogʻzim qon!
(Birdan hazin tortib)
Endi bildim, bu qon yuqin
Yuvib boʻlmas hech qachon.
Qorinbotir och boʻlsa gar,
Ora kiray joniga.
Ruhim uzr soʻrab borsin
Qurbonlarin yoniga.

Sher:

Shoshma, shoir!
Oʻz joningdan
Sal keyinroq qocharsan.
Yem boʻp balki bu maxluqning
Ishtahasin ocharsan.
Ishtahasi ochildimi —
Boshqaniyam qoʻymas sogʻ.

Boʻri:

Chetda she’r-per toʻqib turgin,
Kengashaylik biz tinchroq.

Qayerdandir hakkaning shaqillashi eshitiladi. Chetdagi daraxtning tepasiga tikilganicha Tulki kirib keladi.
Tulki (Yuqoriga ovoz qilib):

Salom, suluv Hakkaxon,
Zap olayib ketibsan.
Milliy lapar aytishda
Qarqunoqdan oʻtibsan.
Kecha qirga boruvdim,
Uchrab qoldim ammangni.
U desang bir vazifa
Yuklab qoʻydi zimmamga.
Qilib senga vasiyat,
Kasalim deya ogʻir,
Qayga nelar koʻmganin
Sanab berdi birma-bir.
Kel, pastga tush aylanay,
Atrofda koʻp begona.
Aytay ammang gaplarin
Qulogʻingga pinhona.

(Yuqoridan Hakkaning qanot qoqqani eshitiladi).

Hoy, qayoqqa qochyapsan?
Gʻashlik solma dilimga...

(Soʻng ortidan musht doʻlayib).

Vah, yaramas!
Baribir—
Tushasan-ku qoʻlimga!

Ayiq:

Hu, hakkaxoʻr! Hoʻ, ayyor!
Beri kel, loʻlivachcha.

Tulki (Sherni koʻrgach, boshqalarga parvo ham qilmay, uning oldiga kelib choʻkkalaydi).:

Voy, koʻrar kun bor ekan,
Bardammilar, Sher pochcha?

Ayiq (Kelib Tulkini turtadi):

Pochcha tanla oʻylab zotingni,
Toʻxtat yolgʻon xushomadingni.

Boʻri:

He, boshingda mingta bit yurgur!

Quyonxon:

Tilyogʻlama! Hu, turqing qurgʻur!

Sirtlon:

Ha, firibgar, qayda yuruvding,
Qani mening yashil daftarim?

Tulki:

Tuhmat qilma, daftar meniki,
She’rlariyam — mening gaplarim.

Sirtlon (Atrofdagilarga):

Sevgilimga yozgan pokiza —
She’rlarimni yoyib poxolga,
Tunlar oʻqib berar emish bu
Bir joʻjaxoʻr oʻgʻri Shoqolga.

(Tulkiga gʻijinib)

Hozir seni boʻgʻaman, makkor,
Tinchimayman ichmasam qoning.

Sher:

Hovliqmay tur! Buniyam yesang,
Qiynaladi battar vijdoning.

Quyonxon:

Qoʻyib bering, hukmdor,
Yesin bu yer yutgurni.
Yorugʻ dunyo koʻrganmas
Bunday nafsi oʻtkirni.
Bir kun qari qoʻshnimga
Sullohlanib javradi.
Kino kepti botqoqqa,
Boraylik deb avradi.
Botqoqzorning kinosi
Chiqib qoldi bepoyon.
Mana, bir yil oʻtdiki,
Qaytgani yoʻq goʻl Quyon.

Boʻri:

Shapkoʻr bobom bor edi,
Yurardi koʻp adashib.
Shu Tulkidan koʻzdori
Oldi qoʻyga almashib.
Suyungandim oʻshanda
Deb «Bobomga zoʻr boʻldi».
Bobom dori qoʻydiyu,
Koʻzi tugal koʻr boʻldi.

Ayiq:

Rostin aytsam, xoʻjayin,
Kashmiridir bu Tulki.
Biz — xudoga qarashli,
U-chi — shaytonning mulki.
Boy boʻlasiz degandi
Fol ochib bu aldoqchi,
Ertasiga uyimni
Urib ketdi qaroqchi.

Tulki:

Mana, boʻlding-ku vazir,
Bu boylik emasmi, sur?

Ayiq:

Zoʻr folchi boʻlsang, bildir,
Boshqa bir misol keltir,

Tulki:

Yulduz sanab bilganman
Sirtlon qushni boʻgʻishin.
Uch kun oldin aytganman
Ukki tuxum tugʻishin.

Boʻri:

Ukki tillo tugʻmaydi.
Bular — ma’lum narsalar.

Tulki:

Toʻngʻizgayam zoʻr ta’bir
Aytgan edim, masalan.

Sher:

Xoʻsh, qaiaqa zoʻr ta’bir?
Qisqaroq qilib gapir.

Tulki:

Shohim, sizning oʻlkangiz
Botqoqlikdan buyogʻi.
Narigi yoq — odamlar
Qurgan Shoʻro qishlogʻi.
Yashar oʻsha qishloqda
Toʻngʻizvoyning xolasi.
Unga qondosh umuman
Hamma choʻchqa bolasi.
Borma dedim mehmonga
Tushmay desang turmaga.
Quloq solmay boruvdi,
Qamashibdi fermaga.

Sher:

Loy-balchiqqa belanib
Yurar edi qoʻlansa.
Nahot hayvon hisoblab,
U iflosni qamashsa?

Tulki:

Shohim, bizning oʻrmonda
Majlis kam-u, goʻsht serob.
Shoʻrolarda, menimcha,
Bu masala sal xarob.

Boʻri:

Shu bois ov qilishar,
Har birida toʻrt miltiq.

Sirtlon:

Ovda yurmay, mol boqsa,
Koʻchar edi ish silliq.

Quyonxon:

Ular yomon oʻrgangan
Tayyorini ovlashga,
Sabzi ekib bersang ham,
Erinishar kavlashga.

Sher:

Nahot odam jonivor
Boʻlsa mundoq betayin?

Ayiq (Pufakka ishora qilib):

Orqada yov turibdi,
Koʻp chalgʻimang, xoʻjayin.

Sher (Pufakka sarosimali boqib qoʻyib Tulkiga yuzlanadi):

Ha, xoʻp, demak folbinsan?
Nomdormisan?

Tulki:
Juda zoʻr!

Sher:

Agar chindan zoʻr boʻlsang,
Topishmoq bor, topib koʻr:
Oyogʻiyam yoʻq,
Qulogʻiyam yoʻq.
Qorni qanor,
Ogʻzi ombor.
Koʻzi katta,
Dumi latta.

Ayiq:

Topsang — hay-hay!
Topmasang — vay-vay!

Tulki:

Bu topishmoq qiyinmas,
Nimaligi muhimmas:
Jonli boʻlsa — qulingiz,
Jonsiz boʻlsa — mulkingiz.

Ayiq:

Goʻdak emas janob Sher,
Gapga toʻgʻri javob ber!

Tulki (Bir zum osmonga sirli tikilib turgach):

Ana!
Ana, Kal Yulduz
Birdan keltirdi darak.
Sehrli topishmoqqa
Javob tayyor...
U — varrak!

Ayiq:

Eshak ham biladiki,
Qorindor boʻlmas varrak-

Sirtlon:

Yulduzingdan oʻrgildim,
Bu kallami yo xamak?

Boʻri:

Hozir bitta tushirsam,
Boshing boʻladi parrak.

Quyonxon:

Jinnilardek valdirar,
Tili xuddi tartarak.

Sher:

Tulkivoyga bir himmat qilib,
Sovgʻa bering koʻpchilik boʻlib.

Ayiq (Tayoq bilan soladi):

Ana, senga varrak!
Mana, senga varrak!

Boshqalar ham tulkini tepkilay ketishadi.
Boʻri:

He, sendaqangi tabibdan oʻrgildim. Mana, senga koʻzdori!

Sirtlon:

Yashil daftarim qani? Qani daftarim deyapman?

Quyonxon:

Qari Quyonni yeyish mana bunaqa boʻladi!

Sher:

Boʻldi! Sovgʻa koʻp ketdi,

Nogʻorachalish boʻpketdi.

Hayvonlar doʻpposlashdan toʻxtashadi. Faqat Boʻri eshitmaganga olib uraveradi.

Ayiq:

Toʻxtasant-chi, Boʻrijon,

Tepadan keldi farmon.

Boʻri nihoyat tiyilib, Tulkiga gʻijinib boqadi, jazavalanib yana bir tepadi.

Boʻri:

Bunisi poshshomiz uchun!

Tulki (Yigʻlamsirab):

Ojizlarga koʻrsatar
Yomonlar oʻz kuchini.
Olvolaqol, vey, Boʻri,
Enangniyam oʻchini.

Quyonjon (Maymanchak ortidan baqiradi).:

Vaqa-a-a! Vaq-vaqa-a-a!
Pufakni koʻrib, Tulkining ensasi qotadi.

Tulki:

Voy-dod! Voy, buvijon! Bu nima?

Quyonxon:

Bilmaysanmi, oʻrmonda
Qorinbotir yurganmish.
Yoʻlbarsniyu qoplonni
Xappa-xappa urganmish.
Shohim senga bekorga
Aytgani yoʻq topishmoq.
Qorinbotir shu boʻlsa,
Unda juda ish chatoq.

Tulki:

Koʻzi buncha chaqchaygan,
Ogʻzi osmondan katta..
Bunday chogʻda uy-uyga
Ketgan ma’qul albatta.

Boʻri:

Qochsak, quvib tutishi mumkin,
Hamla qiysak, yutishi mumkin.

Ayiq:

Qani, Tulki, unga yaqin bor,
Kimni oldin yerkin — fol ochvor.

Tulki:

Bu mahluqda til bormi oʻzi? .
Eshitaylik biron-bir soʻzin.

Sirtlon:

Koʻramiz-da seni yevorsa,
Ajabmaski «Rahmat!»—devorsa.

Quyonjon (Panadan pufakni qimirlatib):

Vaqa-a-a! Vaq-vaqa-a-a!
Meni zimdan ermaklab
Haddingizdan oshmanglar.
Hozir qornim toʻqroqdir,
Ochgunicha shoshmanglar:
Vaqa-a-a!
Hayvonlar talvasaga tushib qolishadi.

Ayiq (Pufakka qoʻl qovushtshrib):

Ulugʻ zotsiz, bilamiz,
Nega ermak qilamiz?
Ermaklagan — hu Sirtlon,
Shuni yeng, tili yomon.
Quyonjon:
Meni alday olmaysan,
Bitta Sirtlon juda kam.
Rohatlanib chaynayman
Hammangizni qilib jam.

Sher (Pufakka ta’zim bilan yaqinlashib):

Kechirgaysiz...
Hayronmiz
Taniyolmay oʻzlarin.

Quyonjon:

Mashhur Qorinbotirman!
Chiroylimi koʻzlarim?

Sher:

O, naqadar chiroyli!
Ogʻzingiz ham kelishgan...

Quyonjon:

Unda taklif etaman
Ichkaridan koʻrishga.

Sher:

E, yoʻq!
Rahmat...
Bizlarga
Tashqarisi ham tuzuk.

Quyonjon:

Demak aytmoqchisanki,
Ichkarisi sal xunuk?

Vaqa-a-a! Vaq-vaqa-a-a!
Sher:

Urush-janjal bor joydan
Ketarmish qut-baraka.
Yaxshilikcha kelishsak
Boʻlmaydimi, jon aka?
Ayting, sizga kimlarning
Goʻshti koʻproq yoqadi?
Ogʻzingizga oʻzlari
Poda boʻlib oqadi.

Quyonjon:

Yeb yuraman asosan
Poshsho degan zoʻrlarni.
Qisman gʻajib turaman
Turli haromxoʻrlarni.

Sher (Esankirab):

Bu olamda poshsho kam,
Haromxoʻrlar besanoq.

Quyonjon:

Bitta poshsho yuz mingta
Haromxoʻrga teng biroq...
Soʻzlayapsan bezillab
Poshshomisan deyman-da.
Chiqib tursang oldimdan,
Iloj qancha, yeyman-da.

(Pufakni irgʻishlatib kimirlatadi).
Vaqa-a-a! Vaq-Vaqa-a-a!

Sher (Orqaga qochadi).:

Ochofatni ushlanglar,
Yoʻqsa shohsiz qolasiz.
Hukumat xavf ostida,
Qanday ahmoq podasiz?!

(Ayiqqa)

E, satqai polvon ket,
Qaltiratma oyoqni.
Davlat senga bekorga
Bermagan bu tayoqni.

Sirtlon:

Arboblarga hukumat
Ulashsa ham tayoqlar,
Sadoqatu aqlni
Topib berar qayoqdan?

Quyonjon:
Vaqa-a-a! Vaq-vaqa-a-a!

Quyonxon:

Voy dod! Quridi shoʻrim!
Zoʻr eding-ku, hoy, Boʻri!

Sher (Boʻriga):

Doim quyon ovlaysan,
Yigʻishtir bu past ishni.
Ana, senga yirigi,
Buyuraman gʻajishni!

Boʻri:

Tekin kiyib, yeb yurgan
Askarlarni chaqiring.
Men shunchaki fuqaro,
Harbiylarga baqiring.

Tulki (Atrofdagilarni qayrab):

Qorinbotir, menimcha,
Yemoqchilar poshshoni.
Biz na shoh, na haromxoʻr,
Qochvorsak-chi osoni?

Quyonjon:
Vaqa-a-a! Vaqa-vaqa-a-a! Birontang ham joyingdan qimirlama-a-a!

Hayvonlar dong qotib qolishadi.

Quyonxon:

Voy-voy-voy! Hammamizni yeb qoʻyadi shekilli?

Quyonjon:

Qoʻrqma-a, hozir qornim toʻ-oʻ-q. Senlarni ochqaganimda yeyma-a-n. Koʻp-koʻp yeyman, toʻp-toʻp yeyman! Vaq-vaqa-a-aq.

Quyonxon:

E, xayriyat, jim boʻldi yana,
Achchigʻiga tegmay turaylik.
Qorni savil ochgunga qadar
Biron chora izlab.koʻraylik.

Bu orada Quyonjon pufakni qoldirib, maymanchak ortidan gʻoyib boʻladi.
Ayiq:

Kattalarning koʻnglin olmoq-chun
Bordir qirq ming uch yuz xil chora.

Sirtlon:

Shundan Ayiqbopi — itoat,
Boʻribopi — olqish va pora.

Tulki:
Oʻzingbopin aytmading biroq.

Sirtlon:

Menbopimi?

Chidab yashamoq!

Quyonjon (Boshqa yoqdan kirib):

Ochiq majlis boʻlyapti, chogʻim...
Assalomu alaykum, shohim.

Quyonxon:

Qoch, ukajon!
Biz yoqqa
Qorinbotir kepqoldi.
Dastidan bu oʻrmonda
Na hayvon, na choʻp qoldi.

Quyonjon:

Iye, opa, bejo-ku koʻzing,
Tushunmadim, qaytar-chi soʻzing.

Boʻri (Quyonxonga):

Choʻchitvorma dushmanni bexos,
Baqirmasdan gapir, iltimos.

Quyonxon (Ukasiga past tovushda):

Qulogʻingga chalinmaganmi
Qorinbotir degan ochofat?
Hammamizni yemoqchi boʻlib
Turar, ana, oʻsha kasofat.

Quyonjon (Pufakka parvosiz boqib):

Iye, yana qaydan keldi bu,
Ilgariyam toʻqnashuvdik bir.

Quyonxon:

Oʻshanda zap omon qolibsan,
Yaratganga ming qatla shukur.

Quyonjon:

Qoʻrqma, opa, bilasan oʻzing,
Takvandodan ta’lim olganman.
Payti kelsa, bundan zoʻrlarni
Quvib yurib rosa solganman.

Tevarakdagi hayvonlar birdan jonlanishadi.
Tulki (Pufakka olazarak boqib qoʻyib):

Hoy, Quyonjon, sekinroq gapir...

Boʻri:

Gaping rostmi, baraka topkur?

Ayiq:

Shuni yengsang, beraman asal.

Sirtlon:

Bagʻishlashim mumkin men gʻazal.

Sher:

Ikkilanma, azamat jangchi,
Roziman, shu battolni yanchi!

Quyonjon:

Qilmadi-ku menga yomonlik,
Men ham unga berdim omonlik.
Ketdik, opa, bizga tegmas u...

(Boshqalarga qarab)

Sizlarnikm... balki yemas u.

Boʻri:
Toʻxta, uka!

Tulki:

Shoshma, azamat!

Sirtlon (Tulkiga):

Bas qil!
Hadeb yalinmoq uyat.

Ayiq:

Shohim senga bermoqchi unvon...

Sher:

Lashkarboshim boʻlgin, pahlavon!

Quyonjon:

Be-e, askaring juda beta’sir.

Sher:

Ha, mayliga, qilamiz vazir.

Quyonjon:

E, yoʻq.
Opa, ketdik...

Sher:

Toʻxta! Qayt!
Unda oʻzing tilagingni ayt.

Tulki (Shivirlab):

Tovuqxona kalitin soʻra.

Boʻri:

Zoʻr qizi bor, kuyov boʻl, joʻra.

Sirtlon:

Mahbuslarga ozodlik bersin,
Shoirlarni tergamay yursin.

Ayiq:

Tezroq ishlat kallani, shovvoz.

Sher:

Hech tortinma boʻlsa iltimos.

Quyonjon:

Men iltimos qilmayman,
Bitta qat’iy talab bor.
Daryo bilan botqoqning
Oʻrtasida dala bor.
Bir tomoni chakalak,
Bir tomonda oʻpqonlar.
Yashar unda quyonu
Boshqa mayda hayvonlar.
Shu bugundan yirtqichlar
Oʻrmonidan chiqmasin.
Bizning joyga hech qachon
Qaytib tumshuq tiqmasin.
Otameros yurtimiz
Boʻlsa erkin, mustaqil.
Yumdalashmay ochlikdan
Yashar edik shod, ahil.

Quyonxon:
Mayda hayvonlarga ozodlik! Buloq va maysalar Quyon va Boʻrsiqlarga! Yoʻqolsin yirtqichlar hokimiyati!

Sher (Quyonjonga):

Hal qilamiz buni tinch,
Ortiqcha bosh qotirma.

(Quyonxonga pufakni koʻrsatib)

Faqat, tashqi dushmanga
Eshittirib baqirma.

Quyonjon:

Shu gap — gapmi, hukmdor?

Quyonxon:

Qasam ichsin! U—makkor!

Sher:

Oʻz soʻzimda turmasam,
Noyob dumim uzilsin,
Payxon boʻlsin chorbogʻim,
Yangi qasrim buzilsin.

Quyonjon:

Shohga bitta bogʻ nima,
Mingtasiga oʻt qoʻyar.
Agar qasri buzilsa,
Uni yana el qurar.

Sher:

Jon haqqi ont ichaymi?
Unda boʻynim eshilsin.
Ovchi otib, poʻstinim
Qirq joyidan teshilsin.

Tulki:

Ishonaver qasamga,
Guvohmiz-ku mana biz.

Boʻri:

Ha, shohimiz insofsiz,
Lekin emas gʻalamis.

Quyonjon:

Mayli, unga ishonib,
Dushman bilan olishay.
Oʻz yurtimning erki deb,
Ayov bilmay solishay.
Qani, yoting!
Sizlarni
Yov damiga tortmasin.
Ulgurji bu ovqatdan
Kuchi battar ortmasin.

Sher:

Buyuraman yotishni,
Chaqirtoshdek qotishni!

(Hamma yotadi).
Quyonjon:

Men tomonga qaramang,
Chaqnamasin koʻzingiz.
Jang paytida chalgʻisam,
Zarar koʻrmang oʻzingiz.

Sher:

Buyuraman hammaga,
Dumlar pastga tugilsin.
Siyosiy jang vaqtida
Ochiq koʻzlar yumilsin.

Quyonjon hayqirib pufakka tashlanadi, soʻng oʻzi Qorinbotir boʻlib na’ra tortadi. Oʻzining yuziga oʻzi tasur-tusur shapatilaydi, bir hayqirib, bir vaqillab yerda yumalaydi, kiyimlarini yirtadi. Har galgi baqiriqlarda hayvonlar yotgan joylarida choʻchib-choʻchib irgʻishlashadi. Quyonjon goh oʻz ovozida, goh Qorinbotir boʻlib baqira ketadi.
Quyonjon:
— Mana senga, ochkoʻz! Mana senga, ishkamba!
— Vaqa-a! Vaq-vaqa-a-a! Yeyma-a-n!
— Birovning yurtiga bosib kelish mana bunaqa boʻladi!
— Goʻshingni titvorama-a-n! Hammangni yutvorama-a-n!
— Kelib-kelib sendan qoʻrqamanmi? Takvando qanaqaligini bir koʻrib qoʻy! Mana!
— Vaqa-a-a! Jagʻimga tepma-a-a!
— Ha-a, qalaysan endi? Panjamgʻa ilinding-ku. Xirillama, qoʻrqoq.
— Jon Quyonpolvon, meni boʻgʻma-a! Endi senga tegmayma-a-n, dushmanlaringni yeb yurazerama-a-n. Vaqa-a-a! Qoʻyvo-o-r, iltimos qilama-a-n!

Yotganlar birin-sirin xiyol bosh koʻtarishib, janggoh tomonga qaramasdan baqirishadi.

Boʻri:

Ishonmagin, Quyonjon,
Yolgʻonchining soʻziga.

Tulki:

Gʻirt yaponcha usulda
Qoʻlingni tiq koʻziga.

Sher:

Qorinbotir to hayot,
Yurting boʻlolmas ozod.

Ayiq:

Quyonlarga ozodlik!
Erkin boʻlsin Boʻrsiqlar!

Sirtlon:

Hamma mnnbar — shoirga,
Yonib bitsin toʻsiqlar!

Sher:

Ana, eshit, Quyonjon,
Oddiy xalqning qahrini.

Quyonxon:

Sugʻurib ol qornidan
Elning xamma jabrini.

Quyonjon (Pufakni oyoqlari orasiga qisadi).:
— Vaq-vaqa-a-a! Xr-r... Meni qoʻyvo-o-r! Xr-r, xr-r!
— Yalinma, qonxoʻr! Endi mendan qutulib boʻpsan! Mana senga!

(Barmogʻini qattiq niqtaydi, pufakni yoradi).

Paqildoq ovozdan qoʻrqib, hayvonlar har tomonga dumalab ketishadi.

Tulki:

Tinchlikmi, hoʻ Quyonjon,
Qarayversak maylimi?

Quyonjon:

Ha, turinglar,
Boshlaymiz
Gʻalabaning saylini.

(Hayvonlar ishonib-ishonmay oʻrinlaridan turishadi. Quyonjon latta dumni ushlab, pufak qoldigʻini koʻrsatadi).

Mana, oʻsha ochkoʻzning
Qornin shartta yorvordim.

Boʻri (Yalanib):

Qani ichak-chavogʻi?

Quyonjon:

Shu tuproqqa qorvordim.

Tulki:

Ure-e-y!
Yasha, Quyonjon!

Boʻri:

Takvandong boʻlsin omon.

Sirtlon:

Meni asrading,
Demak —
Vatanga shoir kerak.

Quyonxon:

Kel, bosayin bagʻrimga,
Aylanding sen faxrimga.

Hayvonlar Quyonjonni bir-bir qucha boshlaydilar. Sher tabriklashga oshiqqan Ayiqni toʻxtatadi.
Sher:

Ha, maymoqvoy, yoʻl boʻlsin?

Ayiq:

Tabriklaylik gʻilayni.

Sher:

Bitta chuvrindini-ya?
Bu gapingga oʻlaymi?
Mana, meni tabrikla,
Laqillatdim Quyonni.
Shunchaki puch va’damga
Yengib berdi dushmanni.

Quyonjon hayvonlar bilan koʻrishayotib Sher va Ayiq tomonga ziyraklanib boqadi. Ularning niyati buzilganini sezib, atrofdagilarga baland tovushda gapiradi.
Quyonjon:

Doʻstlar, hozir ortiqcha
Quvonishga oʻrin yoʻq.
Qorinbotir oʻlarkan,
Menga qarab urdi doʻq.

Tulki:

Nima dedi u ablah?

Boʻri:

Gapir qilmasdan ilhaq.

Quyonjon:

Qasd olgani kelarmish
Ukasi Qovoqbotir.

Ayiq (Sherga shipshiydi):

Bu gapini eshitib
Boʻpqoldim-ku xavotir.

Sher:

Ha, chamasi hozircha
Oʻzgaradi rejamiz.
Mayli, oʻsha daladan
Vaqtinchaga kechamiz.

Ayiq:

Kim boʻlmayin desa goʻsht,
Tezda chetga qochsin, poʻsht!
Tabriklashga atayin
Kelmoqdalar xoʻjayin.

Sher (Quyonjonga yaqinlashib):

Boʻpti, mitti yurtingga
Erkinlik berdim, ukam.
Shu tomonda tursa bas
Chegaramiz mustahkam.
Qovoqbotir kepqolsa,
Bir oʻylashib koʻramiz.
Oliy Kengash xoʻp desa,
Senga yordam beramiz.

(Yelkasiga qoqib)

Xoʻp, hozircha omon boʻl.

Ayiq:

Har doim biz tomon boʻl.

Boshqalar ham xayrlashib keta boshlashadi.
Boʻri:

Yoʻyma meni yomonga,
Ba’zan keptur mehmonga.

Tulki:

Oʻtsang Shoʻro qishloqqa,
Salom deb qoʻy Boboqqa.

Sirtlon:

Eh, Quyonjon, qaniydi
Sen tomonda yashasam.
Yirtqichlikdan qutulib,
Yangi hayot boshlasam.

Hamma ketib, opa-uka yolgʻiz qolishadi.
Quyonjon:

Qalay boʻldi, opajon,
Bopladimmi barini?

Quyonxon:

Koʻrmaysan dsb yurardim
Moʻylovingdan narini.
Lekin mening yuragim
Tepdi koʻp taka-puka.
Nayrangimiz oʻtmasa,
Halok boʻlardik, uka.

Quyonjon:

Axir oʻlsak arziydi
Yurtimizning erki deb.
Bugungi kun shavqiyu
Kelajakning koʻrki deb.

Quyonxon:

Endi har bir kunimiz
Bir biridan charogon

Quyonjon:

Yuragimni baribir
Tirnayapti bir armon.

Quyonxon:

Qanday armon?

Quyonjon:

Eh, opa,
Koʻnglim — shoʻrlik otamda.
Oʻz yurtida qisinib,
Yashab oʻtdi motamda.

Quyonxon:

Senday mardni yaratdi,
Shudir otamning baxti....
Qoʻy, ukajon,
Shu tobda
Yigʻlashning emas vaqti,
Jar solaylik baralla,
Butun yurtga taralsin!

Quyonjon (Qayta ruhlanib):

Boshlansinu rost hayot,
Rostgoʻy tarix yaralsin!

Quyonxon:

Muborak boʻlsin, uka,
Yangicha havo, shodlik.

Quyonjon:

Muborak boʻlsin, opa,
Mustaqillik, ozodlik.

Bir-birlarini qattiq quchganlaricha turib qoladilar.

Parda
1990 йил, Тошкент.