OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiSerkaxonim (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm15KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Serkaxonim (hajviya)
Anvar Obidjon

– Serka! Va-ey, Serka!

Doʻqi polvon shu kunlar uchinchi bolaga boʻgʻoz qaynisinglisi erga tekkanida undirgan shoyi koʻylagini dushman bayrogʻidek tutamlaginicha tomorqaga larzanglab kirib keldi. U goh ogʻilxonaga moʻralar, goh tandir tomonga boʻylanar, tinmay tomoq yirtib, xotinini chorlardi. Koʻkrakka urib qolgan juvarizor etagidan «shatir-shutur»lar eshitilgach, oʻsha yoqqa yoʻl soldi. Oʻqariq chetidagi oʻtlarni oʻrayotgan xotinini ilgʻab, tutoqqan kuyi yaqinlasha boshladi.

– Vay-ey! Serka deyapman! Bir soatdan beri azon chaqiraman, gʻing demaysan. Daming ichingga tiqilib qolganmi?

– Otam qoʻygan otim bor, toʻgʻri chaqiring, – xotin ham oʻz navbatida choydishdek jigʻilladi.

– Iy-yav! Mundoq biqinimni taroqlab, ogʻzimga uzum tashlab oʻtirsang ekan, Erkaxon deb otingni aytsam. Oʻzing choʻchqafe’lsan, qoʻling tizginimda. Yoʻrigʻingga burilmasam, yettita qoʻshni bezovta. Serka boʻlmay nimasan, oʻjarvachcha?

– Oʻziz-chi, oʻziz? Bijigan takadan battarsiz!

– Ana-a, toʻgʻri gapni endi gapirding. Manavi koʻylakni qara, yoqasi yagʻir, nusxasi chagʻir boʻlib yotibdi. Bilasan, aytganman, Tirkash oʻgʻlini uylantiryapti. Shuni kiyib boramanmi? Oʻzingni achiganing yetar, meniyam goʻngtepa qilvormagin, serkadan tarqagan.

Xotin qoʻlidagi oʻroqni jahl bilan uvatdagi daraxtga sanchdi. Yerga tappa oyoq choʻzib, ikki qoʻlida tizzalarini shapatilashga tushdi:

– Bu kunimdan serka boʻlganim ming marta yaxshiydi. Avliyoni arazlatgan bu kasofati uyda qaysi bir ishni qilay? Mol-qoʻy boqaymi, kir yuvaymi, paxta savaymi, koʻrpa qaviyinmi, oʻrik quritaymi, sabzi oʻtaymi, tokka dori sepaymi...

Shu sanashda sanayverdi, sannayverdi, qirq bogʻ xashak oʻrishga yetadigan vaqt oʻtsa-da, roʻyxat tugamadi. Doʻqi polvon oilaga uch mahal dasturxon yozish, uy-hovlini supirish, xamir qorishu non yopish, sigir sogʻishu kuvada qaymoq olish, idish-tovoq aralash bolalarniyam yuvib tozalashu ekin sugʻorish kabilardan tashqari xotinining zimmasida pashsha va suvaraklarni qirish, sichqonlarni zaharlash, juvarixoʻr chumchuqlarni kesakboʻron qilish, igʻvogar qoʻshnining tili tiyilguncha olishish, boʻsh shishalarni ayirboshlashda loʻli bilan ikki soat tortishish, joʻjalarni sorlardan asrash, yorilgan choynakni chegalatish, zanjirdagi olaparni yoʻldan ozdirayotgan qanjiq laychaga qaynoq suv sepish, Hamdam soliqchidan qutulish uchun oʻzini chalajonga solib yotish, radioni gapirtirib berolmayotgan Mirgʻob montyorni koʻchada toʻsib tuzlash, darvozaga yozib ketilgan noilmiy-ommabop soʻzlarni oʻchirish, harbiydagi oʻgʻliga moʻljallab qoʻygan qizni maktabdan qaytayotgan shilqim oʻspirinlardan qoʻriqlash singari son-sanoqsiz boshqa vazifalar ham borligini umrida birinchi marta bugun eshitib bildi.

– E xudo, meni bunaqa qiynab xoʻrlagandan koʻra, echkiga aylantirib qoʻyaqolsang boʻlmasmidi? – gardanidagi yumushlarni qisman sanab chiqqach, yana nolishga oʻtdi beka.– Shu azoblardan qutulib, tayyor xashakni chayna-a-b yotganim yaxshimasmidi? Jon tangrijonim, aylanay tangrijonim, bir marta ohimga yetgin!

Eri tashqariga chiqib ketganidan keyin ham xotinning jagʻi darrov tina qolmadi. Devorning buzilgan joyidagi chovra ortidan «tinchlikmi, qoqindiq», deya qoʻshni otin kampir boʻy koʻrsatdi. Kelinning arz-dodlarini eshitib: «Besh kunlik dunyoda shukurdan nariga oʻtmaylik, qizim. Yuring, sutchoy pishiruvdim, menga sherik boʻling», deb yogʻoch toʻsinchaga tiyab qoʻyilgan gʻoʻzapoyalardan bir bogʻini chetga surdi. Dardini toʻkishga bekorchi topolmay turgan Erkaxon chekkan sitamlarini dasturxonlab borganicha qoʻshni hovliga hatladi.

Xotinining diydiyosi odatdagidan ertaroq tugagani Doʻqi polvonni taajjubga soldi. Nechukdir yuragi bezovtalanib, yana tomorqaga oʻtdi. Jimjit. Koʻngliga shayton oralab, oʻpkasi tomoqqa yugurdi. Shosha-pisha boyagi joyga bordi, daraxtga sanchilgan oʻroq oʻshanday sanchilganicha turibdi. Xotini yoʻq.

– Hoʻ, Ser... Hm... Hoʻ, onasi, qayoqdasan? Bu yoqqa qaragin, hov!

Doʻqi polvon beixtiyor juvarizor oralab yura boshladi. Ogʻilxona tarafdagi juvarilar bejo qimirlaganidan dili sal yorishib, oʻsha yoqqa talpindi. Picha yuriboq, dong qotib toʻxtadi. Burama shoxli oppoqqina echki zimdan koʻz suzib, unga zogʻdek tikilib turardi.

Doʻqi polvon: «Iy-yav!» – deya bir sakrab tushdi. Koʻzi telvakezik pildirab, echkining tevaragida ikki-uch aylandi. Echki dastavval goh tisarilib, goh shox doʻlayib, uni hushyor kuzatdi. Beozor ta’qib tugaganidan soʻng, labining chetida osilib qolgan juvari qoldigʻini xotirjam chaynashda davom etdi.

– Hov, oʻzingmisan? – oʻng-chapga alanglab olib, asta gap soʻqdi Doʻqi polvon. – E tavba... Bu... qanaqasi boʻldi? Oʻzingni nima qipqoʻyding, xotin?!

Peshanasiga kaft bosib, boybuvasidan qolgan jodining qiriga oʻtirdi. Echkini boshdan-oyoq sinchiklab kuzatarkan, uning tinimsiz dum likillatishidan afti burishdi.

– Turishingni qara endi. Hech yoʻq ishton-pishton kiyib...

Birdan boʻgʻzi dimlanib, kirtaygan koʻzlari yoshoʻrab ketdi.

– Ha, tiling qursin-a. Burushta yomon niyat qilarding, iblis oʻrgatganini gapirarding. Anavi otincha xola qaytib-qaytib aytardi-ya: «Tosh yogʻsa, oʻt yogʻmaganiga shukur qil, qargʻanishdan tiyilib, pokiza tilaklaringni gapir», deb. Boya, bir marta ohimga yet, tangrijonim, deb osmonga irgʻishlaganingda biron nojoʻya ish boʻlishini yuragim sezuvdi... E, birpas kavshanmay tur!

Yengida koʻzini artib, chuqur nafas oldi. Echkining ruhini koʻtarish maqsadida oʻzini tetiklantirib, amaliy tadbirga koʻchdi:

– Xoʻ-oʻ-sh... Molga terit qoradigan vaqting ham boʻp qoldi. Yetar, echkilikni bas qilaylik. Qani, hushingni bir jamla-chi. Ha, barakalla. Endi osmonga tikil. Anqayma, ana, osmon tepada turibdi. Avval yaxshilab kalima keltir. Tildan qolganingni bilaman, ichingda aytaver. Barakalla. Bu yogʻiga men nima desam, shuni yurakdan chiqarib, oʻzingcha qaytarib turasan endi. Esingni yigʻvoldingmi? Boshladik boʻlmasam: «E, qodir egam, rahmdil tangrijonginam! Men oʻzi tugʻma ahmoqman, koʻpincha oʻylamasdan gapirvoraman. Gunohsiz bolalarimning hurmatidan bir marta aybimni kechirib...»

Tashqaridan, onasini izlayotgan boʻtaloqnikidek sogʻinchsas ovoz taraldi:

– Ha hov-v! Toʻyga oʻchoq quradigan azamatimiz qaysi togʻning panasida yotibdi?

– Va-ey, bu yoqdaman, – tomorqada turib tovush qildi Doʻqi polvon, soʻng echkiga yuzlandi. – Obbo, Tirkash-ku bu. Andak toqat qipturadigan boʻlding-da, xotin.

– Ba! Yurmaysanmi, oshna, – gijinglab yaqinlasha boshladi Tirkash. Ortidan mahallada yashovchi mol doʻxtiri ham qora koʻrsatdi. – Doshqozonni osmasak, toʻy boshlanganiga kim ishonadi, Doʻqi polvon? Qani, ketdik. Mana, sheriklikka Soʻlimovniyam chaqirvoldim.

Doʻqi polvon ularni noxushgina qarshilab, qoʻl uchida soʻrashdi. Tirkash echkiga pisandsiz boqib, shuncha mol-qoʻy turganda nega bu zoti past maxluqni sotib olganini surishtirdi.

– Yo is-pis chiqarmoqchimisan? – taxminlandi u. – Etini bir chamalaylik-chi, shoʻrvadan ortib, oshga yetarmikin?

Yarim tutam oʻt olib, «ma, jigi-jigi», deya echkini chaqirdi. Keyin shoxidan tutib, biqinini gʻijimladi.

– Hoy, nima qilyapsan? Qoʻyvor! – ilkisdan rashki qoʻzib doʻrangladi Doʻqi polvon.

Bu orada Soʻlimovning ham qoʻli qichidi. Bedana yurish bilan borib, echkining qornini paypasladi. Boʻgʻoz emasligini bashorat qilgach, «hali sogʻin shekilli», deya yelinini siypalaganini biladi, Doʻqi polvon: «Qoʻlingni tort, suyuqbashara!» – deb boʻkirganicha Soʻlimovning orqa yoqasidan changallab, qurchoqdek tepaga irgʻitdi. Yerga qoʻnib-qoʻnmasidan, qanshariga tortdi. Echki jitranglaganicha oʻzini juvarizorga urgan chogʻda, polvoni qurmagʻur, doʻxtirning yelkasidan ezgʻilab, boʻyniga yana ikki musht tushirishga ulgurdi.

Tirkash hilvaroq boʻlsa-da, bir mahallar chegarada xizmat qilgani bois, toʻrt-besh soat churq etmasdan oʻtirish-u, qoʻl qayirishga ustaligi bilan mashhur edi. Bir sakrashda Doʻqi polvonga Sibir mushugidek tirmashib, shartta bilagini eshdi.

– Bas qil! Jinni-pinni boʻpqoldingmi?

– Men senga nima qildim, haromzoda? – boʻynini qiyshaytirib soʻradi Soʻlimov. – Mahkamroq ushla, Tirkash. Buning quturgan. Koʻzi sopol.

Tirkash oʻzinikini ma’qulladi:

– E, yoʻ, jinni dedim-ku sizga. Hali kirib kelayotganimdayam echki bilan gaplashib turgandek boʻluvdi. Shuni bir psixicheskiy koʻrib qoʻying, aka.

– Kunim hoʻkizlarning folchisiga qoldimi endi? – Tirkashning changalidan xalos boʻlishga tirishib potirladi Doʻqi polvon. – Bilaman, buning qanaqa koʻrishini.

Doʻqi polvonning Soʻlimov haqida bilganlarini qishloqda boshqalar ham yaxshi bilishardi. Qoʻshmat-butuntiqar boʻkib qolganda, qulogʻidan burab turib, paxta yogʻini xomligicha ogʻzidan quygan, ichi ketishni boshlasayoq, hovlida toʻxtatmasdan yugurtiringlar, deb tayinlagan. Bolivoy shamollashdan oʻxchib yotganda, isitma oʻlchaydigan darajashishani qoʻltiqning tagiga emas, molga oʻxshatib, ketiga oʻrnashtirmoqchi boʻlgan. Hamdam soliqchiga «tugʻmas xotiningni sun’iy qochirib koʻrsakmikin», deb eshakdek kaltak yegan...

Ezgʻilanayotgan yelin koʻz oʻngida qaytalangani sayin Doʻqi polvonning battardan rashki lovullab, qayirilgan qoʻlini boʻshatishga urinib hayqirayotgan, Soʻlimov baqira-chaqira yangidan-yangi diagnozlarni pesh qila boshlagan, Tirkash dam bunisini boʻralab, dam unisini tinchlantirish chorasini koʻrayotgan qiyyo-qiy pallada juvarizor ichidan Erkaxon chiqib keldi.

– Voy oʻlaqolay! Nima boʻlyapti oʻzi?

Hozir Doʻqivoy xotinini oʻz holiga qaytgani bilan muborakbod etadigan kayfiyatda emas edi.

– Ha-a! Bitta kinna bilan tezda tuzalibdilar-da? Yo Soʻlimov yana kinna silab qoʻysinmi? – deya qayishni uzishga talpinayotgan boʻribosardek bir Soʻlimovga, bir xotiniga sapchiy ketdi. – Ikkalangniyam toʻshak qipqoʻyaman! Yorib tashlayman! Yoʻqol koʻzimdan!

Xotin angraygan asno lip etib gʻoyib boʻldi. Keyingi gaplardan yanada quti oʻchgan Soʻlimov Tirkashning koʻziga iltijoli termildi:

– Qattiqroq ushla, uka. Men hozir Choʻyan qimorvoznikiga kirib, mutaxassislarga qoʻngʻiroq qilaman.

– Ovora boʻlmang, – dedi Tirkash. – Choʻyan kecha Nor miskarga telefoʻnining simlariniyam yutqazvordi.

– Hoʻ, xudo xayringni bergurlar, – kutilmaganda paylari boʻshashib, siniqroq ovozda gapirdi Doʻqi polvon. – Toʻgʻrisini ayt ikkalang, shuncha ulfatchilik qilib, biror marta birortangni xotiningga ola qaragan joyim bormi? Hoʻ, Soʻlimov, xotiningiz kamsamoʻlboshiligida dalada menga qoʻl uzatib koʻrishganidi. Shundayam kaftini qitiqlab qoʻyishdan oʻzimni tiyganman.

– Kambagʻalning diagnoʻzi borgan sari chatoqlashyapti, qoʻlini qoʻyvorma, – deb bezangladi Soʻlimov. – Echkisiga sal tekkanimga, itdek taladi. Endi e yoʻq, be yoʻq, gapni xotinimga burishini qara.

«Echki» soʻzi tilga olindi-yu, labbay degandek, juvarizordan maxluqning oʻzi ham tashrif buyuraqoldi. Uni koʻrib, Doʻqi polvon qaytadan seskanib tushdi. Tanasi tugalay shalviradi.

– Yana shu kepatami, xotin? – ovozi titrab, labi burishdi. – Er boʻlib, bir soʻksam soʻkibman-da. Qittay narsagayam xudoni bezovta qilaverasanmi?

Soʻlimov soʻrrayganicha sekin ortga chekindi. Tirkash bilakni qattiqroq eshdi.

– Muncha poʻkillaysan ikkalang? Qoʻrqmanglar, urugʻimdan jinni chiqmagan.

Doʻqi povon ikkala mahalladoshini goh hang-manglatib, goh tirjaytirib, boʻlib oʻtgan ishlarni gapirib bera boshladi. Oxirida kipriklari lik-liklab, koʻziga tagʻin yosh indi.

– Ishonmayman! – nido qildi Soʻlimov. – Fanga zid bu!

– Fangayam, olimlaringgayam qoʻydim, – qahrini yutib doʻrilladi Doʻqi polvon. – Fan haq boʻlsa, unda xotinim qani? Xoʻsh, echki qayoqdan keldi? Hamma biladiki, qishloqda bittagina Safo gadoyda echki boʻlardi, uniyam qishda boʻrilar mushkulkushodga ishlatvorishdi.

Tirkash bilakni qoʻyib yuborib, yigʻlamsiraganicha doʻstining yelkasidan quchdi:

– Uzr, oshna. Echki olibsan deb oʻylab, juda xunuk ish qipqoʻydim. Qoʻlim xotiningni biqiniga yetmasdan irib tushsa boʻlmasmidi. Bizni soʻyvormading, senga ming rahmat, – soʻng koʻksiga panja bosib, echkiga boʻyin egdi. – Uzr, kelin. Milyon marta uzr!

Soʻlimov oldiniga ikkilanib turdi. Echki uzr-ma’zurni Tirkashning koʻziga tikilganicha tinglayotganini koʻrib, talmovsiragan qiyofada oraga suqildi. Qoshi baroqlanib, ustma-ust tomoq qirdi:

– Endi-i... gap mundoq, kelinposhsho. Birinchida-a-n, bu ishingiz fanga mutlaqo zid. Ikkinchidan, bu siyoqda yurish xavfli, hozir hayvonlar oʻrtasida besh xil yuqumli kasallik tarqagan. Uchinchidan, shukur qilingki, eringiz tupurgan nosining yonidan traktor aylanib oʻtadigan pahlavon bir yigit, dongʻi ketgan gektarchi. Toʻyga oʻchoq qurishniyam, oʻlikka goʻr kovlashniyam bitta shunga ishonishadi. Shuncha narsani uddalagan dev bir kuni roʻzgʻorniyam gullatar. Andak sabr qiling-da...

Chovra shatirlab, «keli-i-n, hu kelinjon», deb choʻzinganicha, surilgan gʻoʻzapoya orasidan tomorqaga otin kampir kirib keldi.

– Keling, otincha xola, – oʻzini oʻnglab qarshi oldi Doʻqi polvon.

– Chovra ochiq qolgan ekan. Echkimiz shu tomonga oʻtmabdimi?

Uch erkak bir paytning oʻzida joʻr boʻlib soʻrashdi:

– Qanaqa echki?!

– Qori togʻalaring ertalab bozordan opkeluvdi. Chol-kampirga shuni sutiyam harna-da.

Yaqinroq kelgach, echkini koʻrib, «bu yoqdamiding, jonivor», deya oldiga solib haydashga tushdi. Ayni damda «chaqirdingizmi, otincha xola», deb u yoqdan Erkaxon ham paydo boʻldi.

– Chovrani berkitmabsiz-da, qoqindiq. Echkimizni shu yoqdan topdim.

Doʻqi polvon dam echkiga, dam xotiniga alanglab, bir zum tarraklanib turdi. Soʻng gurs etib yerga oʻtirdi-yu, «vexa... vexa... vexaxay, vexaxay, vexaxay» qilib chapak chala-chala kulishga tutindi.

– Boshdayoq fanga zid degandim-a. Sen darvinsizlarga qoʻshilib menam...

Soʻlimov zarda bilan qoʻl siltab, pizillaganicha koʻzdan yoʻqoldi. Tirkash picha garangsib turdi. Doʻppini peshanaga surib, bir-ikki bor ogʻiz choʻlpillatdi-da, «ki-yinvolib yetib borarsan», deya shumshayib tashqi tomonga yurdi.

– Boyadan beri nimalar boʻlyapti bu yerda? – oʻzlari qolishgach, tinmay kulayotgan eriga lol-hayron tikilib soʻradi xotin.

– E, bu yoqqa kelgin, juda katta hangoma boʻldi. Vexaxay, vexaxay... Eshitsang, seniyam ichaging chalkashib ketadi. Vexaxay, vexaxay, vexaxay...

– Shu topda hangoma eshitishga vaqtim yoʻq. Koʻylagingizni chayqayotuvdim, suv sovimasin.

– Va-ey, Serka! Toʻxtasang-chi! – burilib ketib borayotgan xotiniga qichqirdi Doʻqi polvon. Keyin yonginasidagi bachki juvarini yulib, ortidan uzatgan boʻldi.– Toʻxta deyapman senga! Ma, jigi-jigi-jigi... Vexaxay! Vexaxay! Vahe-e-e-y...

1995