OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiShiliqabiliq (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm8KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shiliqabiliq (hajviya)
Anvar Obidjon

Ikki qoʻlini bogʻkursi suyanchigʻiga yarador turnaning qanotlaridek yoyib olgan domla Soʻzpardoziy qarshisidagi Ulugʻbek haykaliga tuyalanib tikilganicha miq etmay oʻtirar, daholik talashayotganga oʻxshardi. Lugʻatxoʻjaev esa, keng olachipor kostyumi ichida tovuqdek potranib, hanuz bidir-bidir qilishda davom etardi:

– Keyingi oylarda yuz xil lugʻat titkilab kunim oʻtdi. Povulgʻon degan qishloqning nomi nimadan kelib chiqqanini aniqlash ustida koʻp bosh qotirdim. Ba’zi olimchalarimizning bu boradagi taxminlari meni qoniqtirmaydi.

Lugʻatxoʻjaev oʻz boshvoqchisi domla Soʻzpardoziyning izdoshlarini «olim», qolganlarni «olimchalar» deb atar, bu iboralar ustozga yogʻdek singgayotgani har safar uning yuzidan yarq-yurq sezilib turardi.

– Povulgʻon, Pungon singari joylarning nomi moʻgʻulchada soqchilar qoʻrgʻonchasi ma’nosini anglatadi degan qarashlarga mendayam shubha bor, – Ulugʻbekka uqdirayotgan kepatada soʻz qotdi domla Soʻzpardoziy. – Bahsli fikr bu. Harqalay, biron yangiroq talqin topdingmi?

Lugʻatxoʻjaev aynan shu savolni koʻpdan intizorlanib kutgandek, shosha-pisha bosh qimirlatdi:

– Topdim, ustoz, topdim. Ishonchim komil, bu qishloq Rusiya hukmdori boʻlmish Pavel Birinchi, yoinki Pavel Ikkinchining sharafiga qurilgan. Tabiiyki, nomini oʻzbekchalashtirib, Paveljon deyishgan. Bora-bora, shevada Povulgʻon boʻpketgan.

Bu gapni eshitib, domla Soʻzpardoziy puffa tutaqib ketdi. Pavellar hukmdorligi davrida Turkiston Rusiyaning ta’sirida boʻlmaganini aytib, shu oddiygina mantiqni nazardan qochirgani uchun shogirdini astoydil siltab tashladi. Shogirdlari orasida mana shu Lugʻatxoʻjaev sal noʻxtasizroq shakllandi-da. Buxoroning nomi oʻrischadagi «bugorok» soʻzidan kelib chiqmaganmikan, deb ilgariyam hammaga kulki boʻlganidi. Mana, yana qovun tushirishiga oz qoldi.

– Nima boʻlgandayam, ustozingman, – deb oʻpkalandi domla Soʻzpardoziy. – Senga urilgan qamchining uchi meniyam timdalab oʻtadi, gulpadar.

– Uzr, ustoz... Siz doim haqsiz...

Jazirama boʻlishiga qaramay, boshiga qashqartelpakni bostirib, egniga uzun kamzul kiygan qariya vosh-voshlaganicha kelib, bogʻkursining chetrogʻiga xamirlandi. Qoʻlidagi belvogʻda yelpinayotib: «Bay-bay-bay, shunaqayam dim boʻladimi», deya oʻzicha shikoyatlanib qoʻydi. Soʻng Lugʻatxoʻjaevga yuzlanib soʻradi:

– Bir narsani qidirib keluvdim. Shiliqabiliq qaerda sotilishini bilmaysizmi, inim?

Lugʻatxoʻjaevning ensasi qotdi:

– Nima?!

– Shiliqabiliq kerak boʻpqoluvdi.

– Bunaqa narsani eshitmaganman. Bilmayman.

Lugʻatxoʻjaev qariyadan zardali qiyofada yuz burib, olamshumul suhbat qaerda boʻlinib qolganini eslashga urinayotganida, ustozning: «Povulgʻondan boshqa joylarning ustidayam ishlab koʻrdingmi?» – degan savoli tiliga boshqatdan jon bagʻishladi.

– Boʻka masalasidayam qattiq urindim, – hisobotni taxlashga tushdi u. – Buyam nihoyatda katta muammo tugʻdirdi. Asotirlarda bitilishicha, bu oʻram qadimda son-sanoqsiz buloqlar chiqib yotgan oʻta zaxkash yerlar boʻlgan. «Boʻka»ga aynan oʻxshaydigan «bokiy» arabchada yigʻi, buloqni bildirsa, «biqo’» – yer boʻlaklari degan ma’noni anglatishini lugʻatdan aniqladim.

– Yana ayniyapsan, Lugʻatxoʻjaev, yana ayniyapsan, – deya uning soʻzini kesdi domla Soʻzpardoziy. – Menimcha, bu nom forsiydagi...

– Ie! Qanaqa forsiy? Qanaqa arabiy? – kutilmaganda eski oʻninchi kalish bilan «donolar davrasi»ga bostirib kirdi qariya. – Suvga boʻkib yotgan zax yerlarni dalachilar «boʻkak» deyishadi. Boʻka xuddi shundan kelib chiqqan. Oʻzbekda «boʻka» degan qabila ham bor.

Ikkala olim bir zum soʻrrayib qolishdi. Qirpalikda tajribasi ancha ortiq boʻlgan domla Soʻzpardoziy oʻzini tezroq oʻnglab oldi. Qariyaga qoʻtosqarash qilib, labining chetidan soʻz uchirdi:

– Biz olim odamlarmiz. Ishimizga aralashmang, gulpadar.

– Olim boʻlsalaring, hadeb boshqa tildagi kitoblarni titmasdan, oʻzbekchaniyam oʻrganinglar-da, – boʻsh kelmadi qariya ham.

Lugʻatxoʻjaevning jizzakiligi qoʻzidi:

– Qiziq ekansiz-ku, otaxon! Sizga oʻxshagan omilarning toʻpori shevasiga yopishvolsak, olimligimiz qayoqda qoldi? – soʻng ustoziga qarab tirjaydi. – Bularga qoʻyib bersak, Toʻytepaniyam turkiycha deyishdan toyishmaydi.

– Va! Hali Toʻytepayam oʻzbekchamasmi? – qariyaning daf’atan koʻzlari olaydi.

– Oʻzbekchamas! – e’tirozga oʻrin yoʻq degandek tizzasiga shap etkizib urdi Lugʻatxoʻjaev. – Ochigʻi, oʻzimam buni oʻzbekcha deb yurardim. Lekin, yaqinda ispancha soʻzlar lugʻatini varaqlayotib...

– Lugʻatxoʻjaev! – oʻshqirgudek bir tarzda murojaat qildi domla Soʻzpardoziy. – Kimga uqtiryapsan? Nimani isbotlamoqchisan bu cholga? – keyin qariyaga oʻgirilib tumtaydi. – Xullas, oʻzlariga nima keragidi?

– Aytdim-ku shiliqabiliq kerak deb, – javob qildi qariya. – Shundoq shloʻmbadan oʻtib soʻrasangiz, hamma aytib beradi deyishganidi.

Lugʻatxoʻjaevning tagʻin ensasi qotib: «Shloʻmba nima?» – deb soʻradi. Qariya «hu ana, turibdi-ku», deya barmogʻida temiryoʻl shlagbaumini koʻrsatdi. Lugʻatxoʻjaev kinoyali kulib qoʻygach: «U narsa shloʻmbamas, shlagbaum. Nemischa soʻz», deb kallasidagi xazinani takror namoyishlagan boʻldi.

– Senlarda yo hamiyat yetishmaydi, yo asli zoting boshqa zuvaladan, – ustoz va shogirdning basharasidan oʻzbeklikni sinchiklab qidirdi qariya. – Oʻzbekning gapini bir arabga ilinasan, bir nemisga. Sen indamay turgin-chi, girmoniyalik oliming zoʻr boʻlsa, oʻzbekchadagi «shloʻmba» nemischadagi «shalagʻvaum»dan kelib chiqqanini oldimda oʻtirib, isbotlab bersin. Isbotlab boʻpti! Masalan, biz eshikka tirab qoʻyiladigan tayoqni tamba deymiz. Shundan koʻrinib turibdiki, eshikni toʻsadigan tayoq – tam-ba, temiryoʻlni toʻsadigan tayoq – shloʻm-ba! Qalangʻi-qasangʻi kitoblarni paypaslamasdan, mahalla-koʻygayam aralashib turinglar. Shiliqabiliqning nimaligini mahalladagi yosh bolayam biladi-yu, olim boʻpturib, ikkoving yelka qisasan xolos.

Oxirgi soʻz Lugʻatxoʻjaevning ichini chimchilab, birdan figʻoni falakka chiqdi. Qariyaning kekirtagiga roʻmolcha tiqishdan oʻzini zoʻrgʻa tiyib: «Oʻsha la’nati shiliqabiliq nima oʻzi? Koʻrinishi qanaqa?» –deb uvvos soldi. Qariya uning jazavasiga pisandsiz boqib, shiliqabiliq degan narsa duvol qilib uriladigan kattakon, lekin yengilgina gʻisht ekanligini tushuntirishga tirishdi.

– E-e, shlakoblok demaysizmi, gulpadar, – qariyaga burnini zambarakladi domla Soʻzpardoziy. – Anavi uzun binoni aylanib oʻtib, oʻngroqqa qarab yursangiz, shlakoblok chiqaradigan kichik korxona bor.

– Odamni chalgʻitib, nuqul shiliqabiliq deysiz! –

arazlagan boladek ostki labini burishtirdi Lugʻatxoʻjaev.

– Shiliqabiliq-da! – oʻrnidan turarkan, odatdagidek oʻzinikini ma’qulladi qariya. – Shiliq etkizib duvolga bossang, biliq etib loyga yopishadi. Shuniyam bilmaganingdan keyin...

Qariya, satqayi olimlik senlarga, degan ma’noda qoʻl siltab qoʻyib, beshiktervatardek lakki-lukki odimlab yoʻlga tushdi.

– Shiliqabiliq, shiliqabiliq deyaverib, kallaniyam shiliqabiliq qipketdi bu chol, – deya qorachigʻi yonib sayroqilandi Lugʻatxoʻjaev, qariyaning ortidan xoʻmrayarkan.

Domla Soʻzpardoziy esa, bu pallada chuqur oʻyga choʻmgandi. «Gulpadar cholning Boʻka xususidagi gaplarida jon bor, – deya ichida mulohaza yuritayotgandi u.– Bu topilmani matbuotda tezroq e’lon qilvormasam boʻlmaydi. Aks holda, anavi yalamur ogʻzimdagini ilib ketadi».

Domla Soʻzpardoziy shumshuk shogirdining koʻzlariga bir muddat sinovchan tikilib turgach, farmon ohangida dedi:

– Sen bola asosiy maqsaddan chalgʻima, Povulgʻonni yanayam tuzukroq mijib koʻr. Tushunarlimi?!

– Tushundim ustoz... Siz doim haqsiz...

Lugʻatxoʻjaev tilida shunday dedi-yu, dilida boshqa gap kechdi. «Obbo, qari tullag-ey, – deb oʻyladi u. – Bilsam-bilmasam, meni eski ishga alahsitib qoʻyib, Boʻka haqidagi yangilikni oʻzi kappa otmoqchi. Hoziroq radioga chopganim boʻlsin...»

1998