OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiShomurod hasibfurushning futbolga borgani (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Shomurod hasibfurushning futbolga borgani (hajviya)
Anvar Obidjon

«
Aziz Nesinga ta’zim ila…
»

Bir togʻora hasibni koʻtarib Shayxontovurga chiqsam, koʻchada odam tanqis, hamma oʻzini futbolga urvoribdi. Xaridorning ketidan quvib menam stadionga kirdim. Kirdim-u, yuragim orqaga tortdi. Yopiray! Hech kasning boshiga tushgulik qilmasin-u, agar shuncha odam toʻyingga bostirib kelsa bormi, uzogʻi bilan ikki minutda xonavayron boʻlmasang, mana men kafil.

Olomonning avzoyi chatoqligini koʻrib, hasibni ochishga yuragim betlamadi. Xayriyatki, bir barzangining yonida boʻsh joy qolgan ekan, togʻorani oʻrtaga qoʻyib oʻsha yerga oʻtirdim. Bizdan nima ketdi, shu futboliniyam bir koʻrsak koʻribmiz-da, dedim.

Maydonga qarasam, yarmi sariq, yarmi qizil mayka kiygan bevosh oʻspirinlar qirqta sigir boqsa boʻladigan ajriqzorni bemalol tepalab yurishibdi. Hoy, koʻzingga qara, deydigan odam yoʻq. Toʻsatdan jahlim qoʻzidi: «Hoʻ, xaloyiq! Bu zararkunandalar hammayoqni tepalavordi-ku! Savobgarchilikka birgalashib haydasak boʻlmaydimi?»– deb baqirdim. Yonimdagi barzangi «sizga qaysi biri yoqmayapti oʻzi, akaxon», deb piching qiluvdi, «barini haydash kerak – sariqlarniyam, qizillarniyam», dedim. Shunda oldingi qatordagi bir dingquloq shartta menga oʻgirilib «sariqlarga yana til tegizsang, koʻzingni oʻyvolaman», dedi. Kasalmandligini hisobga olib, u bilan gap talashib oʻtirmadim, oʻzi boyadan beri shu odamga juda rahmim kepturuvdi. Bechoraning tutqanogʻi bor shekilli, toʻp sariqlarga tegsa, tizzasini oʻynatib, yelkasini uchirdi. Qizillarga tegsa, kallasi «qaltir-qaltir, qaltir-qaltir» titray boshlaydi deng.

Yo tavba, shu oʻyinning nimasini tomosha qilisharkin? Toʻpi bor oʻyinchi yugursa-ku bir nav, toʻpi yoʻqlar nimaga hakillab yuribdi, shunga hayronman. Maysani toptashganiyam mayli, koʻpchilikning ichiga shim kiymay chiqishganiyam mayli, hech boʻlmasa, oʻzidan kattani hurmat qilishni bilmaydi-ya, bu humparlar. Qarangki, qora kiyimli bir moʻysafid tili osilgudek boʻlib hali u yoqqa chopadi, hali bu yoqqa chopadi, qani endi noinsof oʻspirinlar unga toʻp berishsa. Hatto, «men bu tomondaman, ukajonlar», demoqchidek hushtak chalsayam parvo qilishmaydi deng. Buni koʻrib yana zardam qaynadi. Qoʻlimni ogʻzimga karnay qilib: «Hoʻ, tarbiya koʻrmaganlar! Otang tengi odamga hurmat shumi?» – deb doʻq urdim. Yonimdagi barzangi nimanidir kavshab turib, «vey, aka, aljiramasdan jim oʻtiring endi», deb koʻzini olaytirdi. Ahvol shu-da, haqiqatni gapirsang, darrov jinniga chiqarishadi.

Tuzi pastroq gap aytib barzangini sal muztar qilmoqchi boʻpturuvdim, kallam qoʻqqisdan foydaliroq tomonga ishlab ketdi. Ie, toʻxta-chi, Shomurodvoy, dedim, bu ishkamba mabodo bizning firmaga qarashli hasibni chaynamayaptimikan, deb oʻyladim. Togʻoraga yopilgan sochiq ancha pastlab qolganini koʻrdim-u, shubham battardan kuchaydi. U qarsa-qurs chapak chalib, «ur-ur, «Paxtakor!», «ur-ur, «Paxtakor!» deb hayqirishga tushganidan keyin hasibni yegani aniq sezildi-qoldi. Ha, hasib juda kuchli narsa. Barzangiga qoʻshilib, hasib yemaganlaram baqira boshlashdi. Shunisi qiziqki, ular qancha qattiq baqirishsa, sariq maykali oʻyinchilar maysani shuncha koʻp tepalashdi.

Tekin yeyilgan hasiblarni hisob-kitob qilvolish uchun togʻorani bu tomonga olib barzangiga yaqinroq surilgan paytimda qizil maykali oʻyinchilardan bittasi toʻsatdan toʻpni ilib qochdi. Zingʻillaganicha borib, darvozaga shunaqangi varanglatib tepdiki, hatto oyogʻidagi botinkasiyam uchib ketdi. Toʻp darvozaning u burchagiga, botinka bu burchagiga kirdi. Stadion oʻti oʻchgan samovardek jimib qoldi. Oldimdagi dingquloq «Voy-e-ey!» deb koʻkragini changallaganicha, shilq etib tizzamga yiqildi. Orqadagi bolaning limonadini olib, betiga suv purkaganimni bilaman, haligi dingquloq birdan uvvos solib, oʻrnidan turib ketdi-yu, «koʻzni yeding, itvachcha», deb boʻkirishga tushdi. Qarangki, shoshilishda limonadga qoʻshib ogʻzimdagi nosniyam purkavoribman. Xayriyatki, doʻxtirlar bor ekan, uni moshinaga bosib kasalxonaga opketishdi. Yuraging pachava boʻlgandan keyin, toʻp urishni biladigan tomonga ishqibozlik qilsang oʻlasanmi, deb oʻyladim.

Aqlli odamning sadagʻasi ketsang arziydi. Toʻp kiritilgandan keyin qora kiyimli moʻysafid nihoyat oʻspirinlarni murosaga keltirib, sariqlarni bu tomonga, qizillarni u tomonga ajratib tashladi. Toʻgʻri-da, qaysidir donishmand maydonni ilgaritdan teppa-teng boʻlib bergan ekan, birovning tomonida pishirib qoʻyibdimi? Agar maqsad toʻp kiritish boʻlsa, oʻzingni tarafingdayam tap-tayyor darvoza turibdi, boshqalarnikiga urishing shartmi?

Moʻysafid shoʻrlik shuncha urindi-yu, kuyib-pishganini baribir chippakka chiqdi. Hushtak chalinishi bilanoq, bezori oʻspirinlar hasibdagi guruch bilan qiymadek yana bir-biriga aralashib ketishdi.

Bir payt badanimning qitigʻi kelgandek boʻldi. Mundoq qarasam, barzangi qoʻshnimning koʻzi oʻyinda-yu, qoʻli oyogʻimda oʻrmalab yuribdi, timirskilanib nimanidir qidiryapti. Indamasam, qoʻlini choʻntagimga suqadigan chamasi bor. «Hoʻ, akasi, hasib bu tomonda», dedim. Endigina aybini boʻyniga qoʻymoqchi boʻlib turuvdim, toʻs-toʻpalon tagʻin avjga chiqdi. Sariq maykali oʻyinchilar bu vaqtda narigi darvozani oʻrab olishgan ekan. Ulardan bittasi toʻpni yuqoridan qiyalatib tepgan edi, bexosdan boshqasining kallasiga tegib, darvozaga kirib ketsa boʻladimi. Stadionda qiyomat boshlandi, qoʻrqib togʻoramni qoʻlimga ushlab oldim.

Sheriklari toʻp urgan oʻyinchining yoniga kelib, kallang yorilmadimi degandek bir-bir koʻngil soʻrab ketishdi. Boshi lat yegan u yoqda-yu, bu yoqdagi ishqibozlar unga achinganidan «Uv-v!» deb yuborishdi. Keyin oʻyinchining kallasi butunligini koʻrib suyunib ketishdi shekilli, bir-birini yangi kelin-kuyovdek «choʻlp-choʻlp» oʻpa boshlashdi. Barzangi qoʻshnim meni quchoqlab, dast koʻtargan paytda, koʻrgilikni qarangki, togʻoram qoʻlimdan bexos chiqib ketdi. Odamlarning ustidan boshma-bosh sirgʻanib borib, pastroqda bir darangladi-yu, shu-shu qaytib daragi boʻlmadi. He, oʻsha futbolingni karomatidan oʻrgilay, deb yigʻlamsiraganimcha tashqariga yurdim. Darvozadan chiqayotgan chogʻimda tomoshabinlarning hayqirigʻi orasidan qadrdon togʻoramning tovushiyam eshitilgandek boʻldi. Ishqibozlarning: «Ur, ur, «Paxtakor!» – deyishiga moslab «darang-darang», «darang-darang» qiladi-ya jonivor.

Xullas, oʻshandan buyon hasib sotgani stadionga bormaydigan boʻldim, ammo-lekin mistogʻoram nodonlik qilib «Paxtakor»ning ishqibozlariga qoʻshilib ketdi. Ha, togʻoramning shoʻri qursin-a, «Paxtakor» oliy ligaga chiqquncha daranglayverib, ilma-teshik boʻpketmasaydi.

1986