OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiSotti satang hayotidan (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm24KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sotti satang hayotidan (hajviya)
Anvar Obidjon

Choyxonada

Buyoqqa oʻtir, grajdanin Abdukarim. Pajalista, nondan ol. Ie, seniki qaymoqli patirmi? Noʻ, noʻ! Qani, oʻshani ushatgin-chi boʻlmasa.

Xoʻ-oʻ-sh, traktoringda haliyam dalalarni gullatib yuribsanmi? Filtrni tez-tez yangilab tursang bas, motor eshakday ishlayveradi. Vot, asosiy masala qaerda!

Texnikani suvdek bilaman, oʻttizinchi yillarda MTSga direktor boʻlganman. U mahallarda kolxozlarga traktor bersak, oyogʻimizning tagiga tuya soʻyishardi. Biz tuyani yeb tamomlardikki, toshbaqanamo traktorlar desang bitta kartani shudgordan chiqarolmay xunob qilardi.

Daje, qirqinchi yillardagi traktorlarniyam hafsalasi sustroq edi. Oʻzi texnikaning ahvoli nima-yu, ulardan toʻgʻri foydalanmagansan deb, mendek odamni ishdan urishdi. Shumi sobiq kavalerisga oqibat dedim-u, yuqoriga qaratib xat yumalantirdim. Ancha urdi-surdidan keyin, kolxozga rais boʻlvoldik.

Aqlli odamning dushmani koʻp boʻladi, elliginchi yillarda payt poylab turib, yana tagimga suv quyishdi. Bosh tabelchilikka tushdim. Ammo, shuniyam koʻrisholmadi, ichasan deb boʻynimga ayb qoʻyishdi-ya. Eng prastoʻy bahona, toʻgʻrimi? Agar ichmaganimda, chekasan yoki boshqa narsa qilasan deb kovushimni toʻgʻrilashardi baribir.

Xoʻp, xarashoʻ, aybimiz ham bor deyaylik. Xoʻsh, men bilan seni tergaydiganlar oʻzlari ichishmaydi deb oʻylayapsanmi? Oʻhoʻ-oʻ-oʻ, oʻzlari bundan battar ishlarniyam qilishadi. Mas’ul postlarda ishlaganman, hammasi tirnogʻimning ustida. Hamma gap shundaki, oʻsha qalbaki pokizalarni palaxmonga solib irgʻitish uchun hozircha yetarli faktimiz yoʻq.

Agar zametka qilib yurgan boʻlsang, keyingi paytda oʻzimizga oʻxshagan vatanparvarlar chetda qolib, zamon shoirniki boʻp ketdi – satriga qarab pul ishlashyapti. Tunov kuni pochtaga kirsam, qoʻshnimning toʻqqizinchida oʻqiydigan mushtdekkina qizi bitta kaptansyani uzatdi-yu, davlatning bir necha soʻm mablagʻini oʻzlashtirib ketdi. Surishtirib koʻrsam, bu zumrasha oʻninchida oʻqiydigan oʻspirinlarga atab she’r yozib turarkan. Ana senga taraqqiyot!

Pochtadan chiqdim-u, toʻgʻri magazinga kirib, uchta qalam, oʻnta daftar oldim. Hech she’r yozib koʻrganmisan, grajdanin Abdukarim? Yozish-ku chepuxa, eng qiyini uni publikatsiya qilish. Gazetachilardan tanish orttirmasang, oʻlsayam bosishmaydi, vassalom. Vot, asosiy masala qaerda.

Rayon gazetasiga kechaning oʻzida toʻrtta gʻazal olib kirdim. Birini oʻpoq, birini soʻpoq qilishdi. Qani endi, shunaqada pochchang gazetada ishlasa-yu, yozganlaringni opang orqali uzatib turaversang.

Boshingni ortiqcha kampasir qilmay, yaxshisi, gʻazallarimdan bittasini senga oʻqib beraqolay. Alanglamay, bu yoqqa quloq sol:

    Qora qoshing burningda tutashibdi-ku, voy-dod,
    Prichoʻskang oʻzingga yarashibdi-ku, voy-dod.
    Osmondagi turnalar joyida taqqa toʻxtab,
    Suv tagidan baqalar qarashibdi-ku, voy-dod.
    Sotti Sagatovich Sunnatovni ado qilma,
    Boshqa oshiqlar birlashibdi-ku, voy-dod.

Oʻzi loʻnda, mazmuni judayam chuqur, toʻgʻrimi? Gazetadagi buyrakratga shuyam yoqmadi. Yanglishmasam, keyingi vaqtda u meni vapshe koʻrolmay boryapti. Chunki, oʻzi bundan oʻtkazib yozolmaydi-da.

Shunaqa nohaqlik qilishaversa, bir kunmas-bir kuni yozishni shartta toʻxtatib qoʻyishim mumkin. Xoʻsh, unda nima boʻladi? Gazetachilarga qolsa-ku, bitta shoirning kamaygani foyda. Lekin, odamlar-chi? Shoʻring qurgʻur oddiy odamlarga mendek gʻazalxonni kim topib beradi? Vot, asosiy masala qaerda.

Nega bunaqa betoqat boʻlyapsan? Gʻazalning magʻzini chaqolmading shekilli, grajdanin Abdukarim? Xijolat tortmay qoʻyaqol, sen-ku traktorchisan, bunaqangi ma’nodor gʻazalni hatto birinchi klass shofyorlaringgam darrovda tushunavermaydi.

Ha, aytganday, oʻzing ham shofyor boʻp ketmasayding. Mashinada koʻp paxta terib, mukofotga «Jiguli» olganmishsan? Malades, eshitib xursand boʻldim. Biz otda chopib yurib shundaqa ajoyib zamonni qurib qoʻydik, senlar davrni suraver endi.

Mashinang shu atrofdami oʻzi? Oyogʻini koʻrib qoʻysak, qalay boʻlarkin? Gʻir etib pivoxonaga boramiz-u, bir-ikkitadan kurushkani boʻshatib, bahonada mashinaniyam yuvgan boʻlamiz. Ruldaman desang, mayli, seni ulushingniyam oʻzim olaman. Eng muhimi – pivo tugab qolmagan boʻlsa bas. Vot, asosiy masala qaerda.

Koʻchada

Oʻv, grajdanin! Graj... Gʻassolvoymisan? Moʻylov muborak boʻlsin. Zoʻrgʻa tanidim. Xiyol qori dastlab soqol qoʻyganida, iti taniyolmay, ilgidan olgandi.

Vapshe, menam seni yoshingda moʻylov qoʻyganman. MTSga direktor edim oʻshanda. Haliyam qora ekinga suvchidirsan? Nichevo, uka, baridan muhimi – tani sihatlik. Vot, asosiy masala qaerda.

Qoʻlingdagi soʻmkadan xulosa chiqarish mumkinki, magazinga qarab ketyapsan. Tanlagan yoʻling toʻgʻri, kutubxonayu doʻkonlarga tez-tez borib, xalqaro ahvol bilan ichki savdoni kuzatib turish kerak. Men dunyoni koʻproq televizoʻr orqali paypaslab boraman. Yaqinda bir aperis... to yest, ateyis bola chiqib, ba’zi taniqli avliyolar ham uch-toʻrttadan xotin olgan, deydi. Znachit, ular ancha oshirib yuborishgan. Mana, biz hatto kolxozga rais boʻlib, ikki marta chimildiqqa kirishga zoʻrgʻa haddimiz sigʻdi. Uchinchisiga ogʻiz ochganimizni bilamiz, firqalik biletimiz «pir-r» etganicha markazga uchdi. Ancha-muncha don sepib koʻrdik, qaytib kelmadi.

Oʻshanda kimga kinnam kirganini top-chi. Oʻtgan yili bugʻdoyingni qaysi chumoli oʻgʻirlaganini topsang topasanki, bu ipning uchiga yetolmaysan.

Boʻpti, oʻzim aytaqolay. Hozir tepangda barmoq saraklatib turgan Zaytun Firdavsovna u mahallarda orqamdan pizillab yurardi. Iljayma. Bugungi ahvolimga qaraysan-da? Oshiqligimdagi turishimni koʻrsang – xirom etikdek tarsillayman. Gilamga oyoq artib, qopdan hamyon osgan davrlarim. Zaytun opangni soʻrasang, madaniyat uyida birinchi noʻmerli oʻyinchi. Ayniqsa, «Tanovar»ga yoʻrgʻalaganda, poezdni relsidan chiqarvorardi.

Xoladimga[1] yetdim deganimda, sevgim xazon boʻldi. Peshanamga shu tannozning portreti chizilmagan ekan, uka.

Oʻsha fojiaga atab bir she’r qoralaganman. Men oʻqib beray, sen qoʻlingga roʻmolcha olib eshitib tur.

    Quloq sol, ey Zaytun otli sanammoʻ-oʻ, sanam,
    Koʻpni kuydirding, yondim menammoʻ-oʻ, menam.
    Bu olamda oʻzim loyiq edim-ku vaslingga,
    Zakaznoʻydek menbop eding senammoʻ-oʻ, senam.
    Sotti Sagatovich Sunnatovga enadek tabarruk eding,
    Bizni ayirdilar... Voy, enammoʻ-oʻ, enam!

Malades, grajdanin Gʻassol, diydang qattiq ekan, yigʻlamading. Yuraging gʻippa ushlab qolishidan qoʻrqib turuvdim. Chunki, buni xotinimga oʻqib berganimda, qorib turgan xamiriga boshi sanchilganicha qimirlamay qoluvdi.

Taqdir ekan, Sotti akang Majnunlikka yaramagandan keyin, Zaytun opang ham Laylilikni yigʻishtirib, deputat boʻpketdi. Battol rahbarlar shunday narsani ishlatib qaritishdi. Menga tekkanda, uyda boʻrsiqdek boʻlib, kashta tikib oʻtirardi. Vot, asosiy masala qaerda.

Seni nega toʻxtatdim oʻzi?

Ha, aytganday, agar magazinga ketayotgan boʻlsang, kichik bir xizmat bor. Qogʻoz tugab qolib, ertalabdan buyon oʻzimni qaerga osishni bilmay yuribman. Ke endi, dardimni olgin, uka. Ortgan mayda pulingga toʻrttagina daftar opkelib bersang, she’rxonlar kelgusida senga zavoʻtning moʻrisidek haykal qoʻyishadi. Qoʻrqma, haqingni yeb ketmayman. Bironta gʻazalim bosilsa, gonorardan uzilish boʻpketarmiz...

Nima deding? Medpoʻnktga ketyapman? Nozikroq joyingga chipqon chiqqandir-da? Ie, badaningga eshakem toshgan boʻlsa, medpoʻnktda balo bormi? Kechasi ogʻilxonaga kirib, etagingda eshakka yem bersang, toshmalaring uch kunda qaytadi. Mabodo, eshak topilmasa, mayli, unda doʻxtirga bor.

Mejdu prochim, Xiyol qoriga uchrashsang ham boʻladi. Dami nihoyatda oʻtkir – «kuf» desa karni tuzatadi, «suf» desa soqovni.

Hoy, shoshmay turgin...

E, bor-e, bilganingdan qolma-e! Aslida-ku, senga oʻxshaganlarga nutqimni xor qilmasligim kerak. Lekin, anqov grajdanlarni koʻrganda, «E, xoʻsh!» – deb qoʻyish shoir xalqining burchi. Vot, asosiy masala qaerda.

Roʻzgʻorda

Shundoq qilib, xotinginam, palovniyam urvoldik. Bayramingga putur yetmasin deb, tuzi pastligini aytib oʻtirmadim.

Qanaqa bayram deganing nimasi? Bilasan-ku, har payshanba-bozor uyimizda she’r bazmi...

Qayoqqa, hov? He, tezda ranging oʻchmay oʻlgur! Qimirlama deyapman! Nima, bitta oʻzimga kerakmi ijodim? Sen parazitlar ma’rifatli boʻlgin deb, kechasi bilan qilichning tigʻida yurib chiqaman. Dorbozdan farqim shuki, u oyoqdan toyishi mumkin, men tildan. Oʻtir yaxshilikcha! Qani, eshitmay koʻr-chi!

... Ha, gap shundoq boʻpti, grajdanin xotin. Mayli, xohlasang parquvga yonboshla. Ammo, pinakka ketsang, xafa qilaman. Kapgir qozonda-yu, shoir muxlislar orasida istarali. Vot, asosiy masala qaerda.

Burnoq kuni nega qornim gʻijimladi, bilasanmi? Oʻshanda Boʻston choʻloq bir arbuzni «yor-yor» bilan koʻtarib kepqoldi. Guzarda boʻgʻizlab yedik. Kechasi azobini tortgandan keyin bildimki, poʻchogʻidan urugʻigacha gʻirt dori ekan. Mana senga elektropikatsiya plyus ximizatsiya!

Ana shundan tajanglanib, peredavoʻy grajdanskiy ruhda oʻtkir narsa yozdim. Choyni xoʻrillatmasdan, quloqni dinkaytir.

    Magazinga kelibdi arbuz, e malades,
    Sotibdi uni Nazar koʻkkoʻz, e malades.
    Bitta arbuz olib soʻysak, gʻij-gʻij selitra,
    Qoʻrqmay yedik qip-qizil tuz, e malades.
    Sotti Sagatovich Sunnatovga isitma chiqdi,
    Kelaqol, doʻmboq doʻxtir qiz, e malades.

Esnama! Esnama deyapman! Ha, esizgina she’r. Senlarga «Soʻnggi axborot» ham hayf. Endi bildimki, toʻrtta xotin olganlar toʻgʻri qilgan ekan. Oxiri bittasi esliroq chiqadi-da.

Haliyam kechmas, meni shunaqa xoʻrlayversang, boshiga kitob qoʻyib uxlaydiganini axtarib, shartta uydan jilvoraman. Kichkina shu qishloqda yangi Amiriyni yetishtirgan xudo, vodiy boʻyicha birorta Nodiraniyam yaratgandir.

Voh, peshanam qursin! Adabiyotni-ku echki karamni bilganchalik bilasan, hech boʻlmaganda, devonimni oqqa koʻchirishni eplasang ekan. Oʻzingga ma’lum, pocherkim ancha bepardoz. Adabiyot gazetasiga she’r yuborsam, u yoqdan xat keldi: «Chizib joʻnatgan rasmingizga tushunmadik», deb. Boshqa gazetadagilar boʻlsa: «Bizga atagan narsalaringizni rus alfavitida yozing», deyishibdi. Xuddi olamda oʻzbek alfavitiyam bordek gapirishadi. Oxirida bitta mashqimni Buhalchaning nevarasiga diktoʻpga qilib, «Yosh kuch»ga qaratib haydadim. Koʻp oʻtmay: «She’ringizni oldik, lekin yoshlar haqida boʻlmagani uchun qoldirildi», degan javob keldi. Xatni oʻqib, suyunib ketdim – yuborgan narsam she’r ekanligini nihoyat tan olishibdi. She’rim borligi isbotlandimi, demak, shoirman. Vot, asosiy masala qaerda.

Mana, talablaringga binoan deb, oʻsha joʻrnolga mos gʻazal bitib qoʻydim. Bunisiniyam yayrab eshit.

    Bir kamsamoʻlkani sevdim, suqlanib tursam turay,
    Uylanib, yaxshi yoʻlga shu qizni bursam buray.
    Oh dedim, soʻng voh dedim, fortichkadan bir boq dedim,
    Maktabning derazalariga moʻralab yursam yuray.
    Ishq yoʻlida tavakkal qil, Sotti Sagatovich Sunnatov,
    Shartta etikni choʻtkalab, kamsamoʻlga kirsam kiray.

Vu, parazit! Vu, parazit! Xurrak otyapsan-ku! Tumov-puchqoqligingni pesh qilma. Nima, oddiy burun tortishni xurrakdan ajratolmay qoldimmi? Ijodkorlar ayn momentda lyuboy narsani payqaydi. He, bamaza choponchangdan oʻrgildim!

Bizga juda uvol. Shoir zoti borki, shoʻrlikni senga oʻxshagan zimistonlar gumdon qiladi – goh yurakni kemirasan, goh asabni. Men dastingdan halok boʻlaman, sen ajali bilan ketdi deb dezinpormatsiya tarqatasan. Oʻlimdan-ku qoʻrqmayman, ammo kelib-kelib sen popishakka qurbon boʻlganim alam qiladi. Harom oʻlganga yarasha, Amiriy oshatgan oshdan tiqilib oʻlsang-da. Vot, asosiy masala qaerda.

Redaksiyada

Ha, betgachopar, haliyam abadiy xodim boʻlib oʻti-

ribsanmi? Nomni juda topib qoʻyishgan-da, mingta shoir gazetangda she’rini chiqarolmay oʻlib ketadi, sen yuz yil shunday turaverasan.

Senda insof bormi oʻzi? Dushanba kuni tashlab ketgan she’rimni seshanbadayoq konvertga tiqib, uyimga joʻnatibsan-a. Jigʻildonni oʻylasam, oldingga kelib oʻtirmasdim, she’rxon grajdanlarga kuyindim. Chunki, san’at – xalqniki. Vot, asosiy masala qaerda.

Mana, yozgan xatingni qara, xoʻrozqand oʻrashga arzimaydi. Yana «Oʻrtoq» deb boshlabsan. Sendaqalarga oʻrtoq boʻlish u yoqda tursin, atala xudoyigayam birga bormayman.

Gapni choʻzmaylik, menga chesniy ayt, davlatimizga doʻstmisan, yo ichki konturmisan? Qayta qurish haqidagi she’rimni majaqlash uchun osmondan parashoʻtsiz tashlabsan-ku. Buni boshqatdan bir eshitib koʻrgin, aktuvallik bundan ortiq boʻladimi?

    Noqulaydir toʻpalonda molga oʻxshab chetda turish,
    Turgʻunlikka qarshi birdan e’lon qilsam kerak urush.
    Afsus, haliyam ayollarda oshkoralik yetishmaydi,
    Mazmuni toʻq savol bersak, yaxshi emas gapni burish.
    Bordir Sotti Sagatovich Sunnatovning bir orzusi,
    Uyam boʻlsa, tovugʻining katagini Qayta qurish.

Shunday proletarskiy nazm turganda, qandaydir Rangin Gʻamgin degan bolaning ta’ziyaga oʻxshagan she’rini bosib yuribsan. Oʻsha shoiring topgan vahmagap shuki, bir sodda dehqon butefosning taqiqlanganidan suyunib, xorijdan keltirilgan boshqa zaharning idishini nogʻora qilib chalayotganmish. Shu hayron qoladigan narsami? Hammaga ma’lum-ku – nima, kapitalistlar bizga zahar joʻnatmay, asal joʻnatarmidi?

E, oʻchir popirisingni, oldingda odam oʻtiribdi. Oʻzing poʻstakdan sal kattaroq rayonning roʻmolchadek gazetasida ishlaysan, burning namuncha bulutda? Agar, oblastda ishlab qolsang, otang propuskasini koʻrsatib gaplasharkan-da?

Oʻchdimi popirising? Endi hushingni jamla, senga yoqmagan manavi gʻazalning magʻzini oʻzim chaqib beray.

    Samaloʻtlar uchirishdi turganda tayyor laylak, e-voh!
    Bozorda kartishka kam, podprilavkadir choynak, e-voh!
    Qorovuldan ministrgacha xalq mulkini talab yotar,
    Oxiri aspal koʻchalarniyam tashib ketishsa kerak, e-voh!
    Yana zoʻr gaplarni aytardim, ajoyib juvon oʻtib qoldi,
    Sotti Sagatovich Sunnatovga bering koʻzoynak, e-voh!

Bir qarashda – kichkina asar, lekin qamrovning kengligini qara: boʻlar-boʻlmas olimlarga kesatiq, sabzavotchilikning bugungi ahvoli, savdodagi nayranglarni choʻchimay fosh etish, hukumat rahbarlarini tashmachilikdek katta xavf mavjudligidan ogohlantirish va nihoyat grajdancha pok sevgi taronasi.

Shunday narsani tushunmay, «bu she’rni oʻz-oʻziga tanqid ruhida qayta koʻrib chiqishingiz kerak», debsan. Loaqal, «iltimos qilaman» desang, tilingga chechak chiqarmidi? Boʻyingga galstuk taqqandan keyin, yumshoqsoʻz boʻlishgayam chidagin-da. Mana, bizda galstuk yoʻq, xohlasak, aynib soʻkinamiz, xohlasak, shapaloq tortvoramiz.

Ha, boʻpti, oʻsha oʻz-oʻzini tanqidingdan kelib chiqib, ba’zi she’rlarda bitta-yarimta kamchilik ham bor deylik. Ammo, ayni qahraton arafasida peliton-gʻazalimni brak qilishga qanday qoʻling bordi?

    Qish kepqoldi, fermalarni tuzatish kerak, anqovlar,
    Tom bilan rom bor-yoʻqligini kuzatish kerak, anqovlar.
    «Vatandan sutni ayamang, oʻrtoq sigirlar!» debon,
    Buzuq devorni shior bilan bezatish kerak, anqovlar
    Sotti Sagatovich Sunnatov der: saryogʻ kutar shaharlik,
    Oʻzing yema, ularga uzatish kerak, anqovlar.

Yana aftingni tirishtirasan-a. Hov, nega birontang Sotti Sagatovichni tushunolmaysan? Aybim oʻzimga xosligimmi? Hammaga oʻxshatib yozish, hatto, pandavaqi xotinimning qoʻlidan kelishi mumkin. Jahonga chiqaman degan erkak shoir xotindan balandroq yoza olishi shart. Vot, asosiy masala qaerda!

Toʻyda

    Salomimiz sovgʻa boʻlsin mana shu toʻyga,
    Oʻxshatinglar qarindoshdan kelgan qoʻyga.

Ikki dunyoda kamlik koʻrmayin deganlar, bu she’rga guldiratib qarsak ursin.

Rahmat, grajdanlar! Sizlardan ilhom olib, shu mahallada shoirlikka koʻtarildim, hammaga sevimli boʻldim. Albatta, bundan xursandman. Yanayam grandiyoʻzniy yutuqlarga erishishim mumkin edi, «noʻ» deyish kerakki, redaktsiyalardagi «boʻm-boʻm»lar adabiyotga sizchalik aqli yetmaydi. Vot, asosiy masala qaerda.

Vaqtning pirillab oʻtishini qarang, MTSga direktorligimda Toʻxtavoy tushmagur ketmonsopidan yoʻgʻonroq oʻspirin edi. Kolxozga raislik qilgan davrimda uni otboqarlikka olib, mehnatda tarbiyaladim, bosh tabelchiligimda ish haqini qonuniy yozib berib turdim. Natijada, bola-chaqali boʻldi. Mana, doʻppi bir aylanguncha, bugun kenja oʻgʻliga xotin olib beryapti.

    Toʻxtavoy bir xivich edi, xoda boʻldi,
    Yoniga va boʻyiga oʻsib, ota boʻldi.
    Farzandlari koʻpayib bordi, qiyos qilsak –
    Bir qoʻchqoru bir sovliqdan poda boʻldi.
    Qishloqqa madaniyat kelib, toʻyda she’r oʻqish
    Sotti Sagatovich Sunnatovga moʻda boʻldi.

Bunisigayam qarasak chalgan grajdanlar murodiga yetsin.

Keling, doʻstlar, kuyovbola bilan kelinchakni yaxshilab tomosha qilaylik. Ana, ikkalasiyam baxtiyor. Chunki, hozir dalada ayni brigadirlarning ketini kana chaqqan davr boʻlishiga qaramay, bu ikki yosh toʻy bahonasida ketmon chopigʻidan qutulib, kamida uch kun chimildiqda jon saqlab yotadi. Buyam boʻlsa, zamonning bagʻri kengligidan, oʻrtoqlar.

Bu yoshlarga, ayniqsa, men juda havas qilaman. Binobarin, oʻzim roʻshnolik koʻrmay oʻsdim, odamga oʻxshab kulturniyroq turmush qurolmadim. Ikki marta sevishmasdan uylanganimni koʻpchilik yaxshi biladi. Uchinchisiga chin muhabbat qoʻyganimda, qoʻynimdan yorimni, choʻntagimdan partiya biletimni sugʻirib ketishdi. Endi bilsam, bu shaxsan Stalin boshlagan igʻvo ekan, hozir hamma gazeta uni urib yotibdi.

    Qora chakmonda kelib, tinchimni yuldi pravakatsiya,
    Ishimniyam, ishqimniyam rasvo qildi pravakatsiya.
    Fabrikalar boʻz va chit oʻrniga gʻiybat toʻqib,
    Rastayu peshtaxtalarga toʻldi pravakatsiya.
    Sotti Sagatovich Sunnatov hozircha salomatdur,
    Hozircha sal gumdon boʻldi pravakatsiya.
    Qarsak chalgan grajdanlar oʻlguncha omon boʻlsin.

E, rahmat. Endi bildimki, ichib yozilgan she’rni ichib eshitgan yaxshi. Oʻzi bazmni chapani xoʻrozlarga chiqargan, sahardan bomdodgacha tirikchilikka tirmashganning beti qursin.

Mana, Aspan attorni olsak, saqichu koʻzmoʻnchoqdan boshqani tanimay dunyodan oʻtdi. Ogʻir yotgan vaqtida roʻmolchaga toʻrtta behi tugib, koʻrgani kirsam, koʻzi osmonda, qoʻli kartmonda. Ahvol soʻraganim sayin kartmonni mahkamroq changallaydi deng. Zora, gap qovushsa deb, she’rxonlikka oʻtdim. Oʻsha gʻazalni eshiting.

    Goʻr judayam sovuqdir, kafan yupqadir,
    Goʻyoki qishda kiyilgan yozgi yubkadir.
    Tuproqqa koʻmilib yotasan oʻzing qaltirab,
    Munkaru Nakir kelar gurzisi yaltirab.
    Oyogʻingdan doʻzax tomon sudrashgani dam,
    Sotti Sagatovich Sunnatovdan kutmagin yordam.

Shoʻrlik Aspan attor kartmonga ilhaq boʻlib, shunday kasalbop she’rni oxirigacha eshitolmay ketdi...

Bas, bolalar, birovning oʻlgani aytilganda, qarsak chalinmaydi. Bu – bir. Ikkinchidan, toʻyning kechqurungi qismiga aralashib yurishlaring unchalik shart emas. Agar meni deb kelgan boʻlsanglar, mayli, bolalarga yozganimdan bitta oʻqib beray, keyin yaxshilikcha tarqalinglar.

    Kazbek togʻning choʻqqisida
    Archalar bor, archalar.
    Keng va ozoda bogʻchamizda
    Darchalar bor, darchalar.

«Ura!» deb qichqirgan bolaning ishtonchasi koʻpayaversin.

Barakalla, azamatlar! Iloyim, mana shu kuyov bilan kelingayam sizdaqa chugʻurchiqlardan bir galasi nasib qilsin. Hammasi sogʻ-salomat ulgʻayib, biri MTSga direktor, boshqasi rais yoki bosh tabelchi boʻlib yetishsin. Balki, birontasidan hatto shoir chiqar. Ammo, muhimi bu emas. Pajaluy, ishning katta-kichigi yoʻq. Ishqilib, har kim kasbini mendek sevsin, mendek uddalasin. Vot, asosiy masala qaerda.

Axlatxonada

Salom berdik, qadrli gadoy toʻralar. «Rayon axlatxonasiga xush kelibsiz!» demoqchi emasman, maqsadim– yaxshilikcha kelishib olish, koʻp emas, kuniga bir yarim soʻm atrofidagi sarfimni koʻtarib turishlaringga toʻgʻri keladi. Vot, asosiy masala qaerda.

Ha, piyonistaman! Bir mahallar MTSga direktor boʻlgan odam shu ahvolga tushib qoldim. Ammo, ming afsuski, gadoychilik qilish hozirgi kasbimga toʻgʻri kelmaydi– shoirman.

    U tomonga, bu tomonga qarang-qarang,
    Yangi yilning soatlari darang-darang.
    Yosh-yalanglar bangilarni choʻchitishib,
    Osmonga mushak otishar varang-varang.
    Sotti Sagatovich Sunnatovga ulfat toping,
    Stakanni urishtirsin jarang-jarang.

Buni yangi yil kuni shaxsan oʻzim yozganman. Hoynahoy, Mirzaqandni tanirsizlar? Ana oʻsha bezdelnik bunga guvoh.

Meni toʻgʻri tushuninglar, gadoy toʻralar! Har qanday daromaddan soliq olinadi, sizlar ham umumdavlat qonunidan chiqib ketmanglar, deyman. Nima? Soliqni uchastkavoyga uzatib turibmiz, deysizmi? Noʻ-oʻ! Bu soliq emas, janoblar, bu – chistiy pora. Bu qonunparvarlik emas, qonunbuzarlik. Uchastkavoyga orqa qilib, mendan qutulmoqchi boʻlganlar qattiq adashadi – qoʻlimda qalamim bor, hammangizni besposhadniy fosh qilaman! Bilmasam ekan, sizlar na urushda invalid boʻlgansiz, na mehnatda. Biringiz mastlikda poezd bilan toʻqnashib, oyoqdan ajragansiz; ikkinchingiz kissavurlikda olomontepkiga qolib, bukri boʻlgansiz; boshqangiz pivaxonada qansharga shisha yeb, koʻzdan ajragansiz. Kategoricheskiy ogohlantirib qoʻyay, men yozgan pelitonni redaktordan qaytarib olishga bir yarim soʻm pora nihoyatda kamlik qiladi. Vot, asosiy masala qaerda! Farosatni ishlatish kerak, gadoy toʻralar!

    Ayo doʻstlar, topolmadim serfarosat odamni,
    Toki menga qulluq qilsa koʻrganda shlyapamni.
    Mendan kular erkak-xotin madaniyatni qilishib xor,
    Vaholanki, kitel kiydim, boʻynimda galstuk bor.
    Bezor boʻlib, mahalladan olib ketsam agarda bosh,
    Sotti Sagatovich Sunnatovni eslab yigʻla, ey qalamqosh.

Bunisiniyam shaxsan oʻzim toʻqiganman, janoblar. Tekin eshitishga uyalmaysizlarmi, shu she’rning oʻzi bir yarim soʻmga arzimaydimi? Qolaversa, beshtasizlar, bir yarim soʻm har bittangizga bor-yoʻgʻi oʻttiz tiyindan tushadi. Shuyam pulmi, gadoy toʻralar? Tak chto, paslik qilib oʻtirmanglar.

Agar KPSSning keyingi s’ezdini matbuotdan kuzatgan boʻlsangiz, yurtimizdagi har qaysi grajdan boshqalarga gʻamxoʻr, hamma bilan ahil, muhtojlarga koʻmakdosh boʻlishi zarurligi uqtirildi. Bizga oʻxshagan eski kavalerislarni qadrlash kerakligi alohida ta’kidlandi.

    Ey veteran, nega buncha qovogʻing solingandir?
    Balki insoniy huquqing toʻsatdan tortib olingandir?

    Papoq kiyib qon kechding, hamma ogʻirliklarga chidab,
    Alam qilar, oʻsha botir nega bugun yalingandir?

    S’ezdda yangragan qarsaklar hukumat sha’niga ermas,
    Sotti Sagatovich Sunnatovning sabriga qoyil chalingandir!

Ahvol shunaqa, gadoy toʻralar! Bosh ogʻrib, yana ellikta otgim kelyapti. Bundan chiqdiki, tirikman. Besfordonniy doʻxtirlar boʻlsa, endiyam ichsang akonchatelniy oʻlasan, deb bundan besh yil oldin meni qoʻrqitishga urinishgan. Yoʻq, biz oʻlmaymiz, aksincha, biz hali koʻpning boshiga yetishimiz mumkin. Bunga sharoit tugʻilsa bas. Vot, asosiy masala qaerda!

1980-88

  1. Fargʻonada ZAGSni xoladim (xohladim) ham deyishadi.