OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiSudxoʻrning ziyofati (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm9KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Sudxoʻrning ziyofati (hajviya)
Anvar Obidjon

Hatto goʻrkovning ketmonida ham shirin orzu, goʻzal maqsad boʻlishi mumkin. Guzardagi xotinlar hammomini xususiylashtirib olishdek ezgu niyatini ovozalab qoʻyish uchun mahalla oqsoqolining huzuriga otlanib turgan Esonxoʻja, koʻcha eshikdan bezrayib kirib kelayotgan Qarnoqni koʻrib, ensasi qotdi. Uning tulkitirjayish tarzida bergan salomiga alikni isroflab oʻtirmay, aftini tirishtirganicha jagʻidagi soqolni qashladi.

– Bevaqt kelding, shoshib turuvdim, – deya Qarnoqqa arslonlanib qiyaladi u. – Qolavursa, qarzini uzmay yurgan nomardlar bilan gaplashadigan gapim yoʻq. Esingdami, Qarnoq sulla, yetti soʻm qilib beraman deb, sakson toʻqqizinchi yilda olti soʻm qarz olganiding? Oʻshanda yetti soʻmga ikkita tovuq berardi. Qachon qoʻshqoʻltigʻingda tovuq bilan kelasan, keyin gapingni eshitaman.

Qarnoqdagi tulkitirjayish tuyqus boʻrioʻqrayishga aylandi.

– Sizni odam deb, katta pul masalasida maslahatlashgani kelsam… E, oʻrgildim!

Qarnoq zardalanib ortga burilarkan, Esonxoʻja sergak tortdi. «Toʻxta! Qanaqa pul?» – dedi koʻzi yiltirab.

Qarnoq darhol arazini yigʻishtirib, oʻtgan kuni nosqovogʻi sinib qolgach, axlatxonadan kichikroq nosshisha qidirib yurib, suvqogʻozga oʻrogʻlik bir tutam dollar topib olganini maroq bilan soʻzlashga tushdi. Nariroqda hovli supirib turgan bekaning supurgisi qoʻlidan sirgʻanib, yarq etib Qarnoqqa yuzlandi:

– Dollar? Axlatxonada-ya?!

Esonxoʻja ham na’ra tortib yubordi:

– Bir tutam dedingmi?

– Ha, endi, bir tutam boʻlgandan keyin, bir tutam deyman-da, – taltanglanib javob qildi Qarnoq.

Esonxoʻjaning daf’atan chehrasi yorishdi. Qarnoqqa xushomadlanib quchoq ochdi:

– Ie, ie, ie! Assalomalaykum, Qarnoq boyvachcha. Bir achomlashib qoʻyaylik. Sogʻ-salomatmilar? Bola-chaqalar omonmi? Qani, qani, soʻriga yursinlar… Mastona! Bitta achchiq choy damlagin…

Esonxoʻja Qarnoqni soʻrining toʻrirogʻiga oʻtirgizdi, ishkomning ayrisiga ilingan dasturxonni olib, oʻrtaga yoydi. Hayal oʻtmay, Mastona ham paydo boʻldi – choynak-piyola, non, turli noz-ne’mat solingan katta barkashni koʻtarib kelib, eriga uzatdi. Esonxoʻja barkashni olayotib, qaynogʻi bosilmagan shoʻrvadan mehmonga bir kosa quyib kelishni xotiniga tayinlay boshlagan ediki, Qarnoq tosrayib gap qistirdi:

– Iltimos, Mastonabonu, ilikli ustixonni alohida bir tovoqchaga sopkelsangiz.

Shoʻrvadagi bittayu bitta ustixonni oʻzi gʻajib, iligini ham qoqib yegani Esonxoʻjaning yodiga tushdi va xotinining qulogʻiga shipshitdi:

– Ustixon itning oldiga yetib bormagan boʻlsa, atrofiga goʻsht yopishtir. Ilikning oʻrniga dumbayogʻdan tiqvor.

Qarnoq uzatilgan choyni olib, «sal sovugʻim oshib turuvdi», deya uni piyoladagi asalning ustiga quydi, non bilan ataladi, huzurdan labini chapillatib-chapillatib hoʻplay ketdi.

– Ayni sovugʻingiz oshganda, bizning asalga duch kepturganingizni qarang, – dedi Esonxoʻja gezarib. – Hm… Shunday qilib, bir tutam dollar topvoldim deng?

– Ha, rosa bir tutam, – kavshanib bosh qimirlatdi Qarnoq. – Men sizga aytsam, ilgari dollarni birovlarning qoʻlida gʻira-shira koʻrib yurardim. Tap etib kaftimga qoʻndi-yu, oʻzimni qaysi kavakka sigʻdirishni bilmay qoldim.

– Xex-xex-xe… Joningizni chakki qiynabsiz, Qarnoq boyvachcha. Dollarni topiboq, tezda bizga oʻxshaganlar bilan kengashvolishingiz keragidi.

– Haliyam shunaqa qildim. Shodmon bizneschi esimga tushdi-yu, toʻgʻri oʻshaning oldiga yugurdim.

Eski dushmanining nomini eshitib, Esonxoʻjaning toʻsatdan fe’li aynidi.

– Nima-a? – deb boʻkirdi gʻazabi qaynab. – Uyimda oʻtirib, Shodmonning otini atashga qanday hadding sigʻdi, Qarnoq sulla? Dollaringni, kelib-kelib, oʻsha manqaga pulladingmi? Tur oʻrningdan! Joʻna, qorangni oʻchir!

Esonxoʻja Qarnoqning yoqasidan tutamlab, koʻcha sari sudradi.

– E, yoqamni qoʻyvoring-e! – Qarnoq bir siltanib, oʻzini xalos qildi. – Nima, dollarimni Shodmonga berib qoʻyibmanmi? Qallobligi esimga tushib, yarim yoʻldan shartta orqaga qaytvordim.

Esonxoʻjaning qiyofasi zumda oʻzgardi, «bagʻo-o-yat ma’qul ish qipsiz, Qarnoq boyvachcha», deya iljayib boqdi. Qarnoqni quyuq mulozamat ila yana soʻrining toʻrirogʻiga oʻtirgʻizdi.

Mastona shoʻrva bilan ustixonni alohida idishlarda keltirib, dasturxonga qoʻyib ketdi. Qarnoq yutinganicha yaktagining yengini shimardi. Kosadagi shoʻrvani toʻrt-besh simirishda gumdon qilib, yirtqichona vajohat bilan ustixonga yopishdi.

– Qaynayverib, eti suyakdan ajrab ketibdi-ku, – deya goʻshtni olib, butunicha ogʻziga tiqdi-da, chaynayotib gʻoʻldiradi. – Qiziq! Suyagi qoʻyniki-yu, goʻshti molniki-ya?

– Bu zamondagi hayvonlargayam tushunib boʻlmay qoldi, Qarnoq boyvachcha, – burni kabi doʻngalak boshmaldogʻida tasbeh donalarini surayotib, qiroat bilan soʻzladi Esonxoʻja. – Tunov kuni bir fermer oshnamnikiga borsam, echkining bolasi choʻchqani emib turibdi. Ana shu uloq ulgʻaysa, qarabsizki, suyagi echkiniki-yu, goʻshti choʻchqaniki boʻpturibdi-da.

Qarnoq avval ham bir sinab koʻrilgan suyakka qayta ishlov berishga unnayotganida, Esonxoʻja gapni tagʻin maqsadga burdi:

– Shodmon manqa nihoyatda imonsiz odam. Bundan bu yogʻigayam bizdek oxiratini oʻylaydiganlar bilan ish qiling.

– Uyga qaytdim-u, juda gʻalati ishlar boʻldi, Eson aka…

Oʻsha kuni yarim yoʻldan qaytgach, Qarnoq dollarlarini qaerga yashirishni bilmay, kechgacha uyda ivirsib yurdi. Oxiri, qorongʻi tushirib, sekin tomorqaga oʻtdi. Tomorqa etagidagi qurigan ariqning ichida yotgan eski tunuka choynakni koʻrib, miyasiga charaqlagan bir fikr keldi. Dollarli suvqogʻozni choynakning ichiga tiqib, ogʻzini tepib bukladi, uni ariqning kamariga joylab, ustiga xas-xashak tashladi.

Bu gaplarni eshitib, Esonxoʻja mugʻambirona tirjaydi:

– Ja pixini yorgan odamsiz-da. Nihoyatda puxta ish qipsiz.

– E, puxtaligim qursin, – qoʻlini sochiqqa artayotib, kekirdi Qarnoq. – Palakatni koʻringki, kechasi bir ariq suv kelib, choynakni oqizib ketibdi. Kamarni chuvolchangdek titkiladim – yoʻq!

Esonxoʻjaning koʻzlari qinidan chiqqudek boʻlib, tasbehni chetga uloqtirdi.

– Xumbosh! Toʻnka! Eshakmiya! – deya yana Qarnoqning boʻgʻzidan oldi u. – Qaysi jinni pulni ariqqa tashlab qoʻyadi, Qarnoq sulla? Tur! Tur deyapman, bezot! Yoʻqol koʻzimdan!

Qarnoq Esonxoʻjaning koʻkragidan itarib tashlab, shangʻilladi:

– Vey! Qanaqa odamsiz? Gapni oxirigacha eshiting-da. Ariqni ikki chaqirim titkilab bordim. Topdim… choynakni.

Bir lahzada iblislashgan Esonxoʻja, bir lahzada farishtalandi.

– Ie-ie! – ogʻzining tanobi qochib, muloyim eshildi u. – Pulni topganlari qutlugʻ boʻlsin, Qarnoq boyvachcha. Xudo bir qaytarib beribdi-da, a? Qani, qani, toʻriroqqa chiqsinlar…

Mastona kelib, shoʻrvaning idishlarini yigʻishtirishga kirishdi.

– Sizga yana bitta iltimosim bor, Mastonabonu,– surlanib gap gʻildiratdi Qarnoq. – Mabodo, shavla-pavlaga urinsalar, ikki dona koʻk qalampirdanam tashlab qoʻysinlar.

Mastona eriga qaradi. «Bor, tezroq shavlani tashkil qil», degan buyruqni olgach, qoʻlidagi boʻsh idishlarni shiqirlatib, oshxona tomonga yoʻrgʻaladi.

Esonxoʻja Qarnoqning holva oshalashini gezarganicha kuzatib turib, asta soʻz qotdi:

– Hartugur, bilib qoʻyganimiz tuzuk. Dollarlarni menga opkelishdan maqsad nima oʻzi?

– Oʻzimizning soʻmga almashtirsam degandim. Bonkaga boray desam, birortasi «buni qayoqdan olding» deb qolsa...

– Ma’qul, Qarnoq boyvachcha, judayam ma’qul. Qani, bu yoqqa uzatsinlar-chi boʻlmasa.

Bodomli likobni oldiga yaqinroq surayotgan Qarnoq belbogʻining qatidan suvqogʻoz oʻramini sugʻurib, dimogʻdorlik bilan uzatdi.

Esonxoʻja oʻramni olib, uni ehtiyotkorona ocharkan, tavoze ila soʻz boshladi:

– Endi-i… qiyomat qarz yomon narsa, Qarnoq boyvachcha. Ya’ni, sakson toʻqqizinchi yildagi yetti soʻm qarzingizni aytaman-da. Oldin dollarlarni soʻmga aylantiramiz. Keyin, ikkita tovuqning pulini hozirgi narxga chaqib, menga qaytaradilar.

– Boʻpti, beraman.

– Barakalla, Qarnoq boyvachcha, barak-k…

Suvqogʻozni ochib, birdan Esonxoʻjaning rangi oqardi. «Hov! Bu nima?» – deb Qarnoqqa chaqchaydi.

– Nima balo, dollarni tanimay qoldingizmi?

– Shuni dollar deb yuribsanmi, Qarnoq sulla?– ogʻzidan tupuk sachratdi Esonxoʻja. – Bolalarning «Biznes-biznes» degan oʻyini bor. Bular oʻsha oʻyinda ishlatiladigan oʻyinchoq dollar-ku.

– Kalla bormi? Pulniyam oʻyinchogʻi boʻlarkanmi?!

– E, tur-e! Tur deyapman senga!

Esonxoʻja Qarnoqni koʻchaga ithaydash qilib borgach, eshikni qattiq yopib, kallasi qaltiraganicha tutoqib gʻudrandi:

– He tagi past! Oʻzing kim-u, toʻriga chiqvolib, ilik qoqib yeyishingga oʻlaymi!

Oshxonadan chiqib kelgan Mastona u yoq-bu yoqqa alanglab olib, eriga hayron koʻz qadadi:

– Mehmon qani, dadasi? Shavlani boshlab qoʻyuvdim.

–Qanaqa shavla? – tomogʻi yirtilgudek alfozda ayyuhannos soldi Esonxoʻja. – Oʻzi buyoqda ish atala boʻpturibdi. Bor, oʻtniyam oʻchir, ovozingniyam oʻchir!

2001