OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiTalablarga binoan (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm10KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Talablarga binoan (hajviya)
Anvar Obidjon

– Gʻat, gʻat! Gʻittir-gʻit! Gʻat, gʻat! Gʻittir-gʻit!..

Gʻildiragi yogʻlanmagan koʻtakaravani eslatuvchi bu surunkali nagʻma shoir Nashvatiyning jonini hiqildoqqa keltirdi, qalamini xontaxtadagi qogʻozga sanchgudek urib, ogʻzini qoʻshni xonaga zambaraklantirdi:

– Bas! Yigʻishtir! Toʻxtat! He, oʻsha oʻtmas arrangni…

– Ha?! Nima gap?!

Oshxona tomondan siltovli tovush eshitilib, soʻng qoʻlida kapgiri bilan Mashmashaxonning oʻzi chiqib keldi. Nashvatiyning endigina buloqlanishni boshlagan soʻzlari kekirdagida tuyqus koʻlmaklanib toʻxtadi: «ar-r-rangni… is-s-s…»

– Hey, inson! – kapgirni havoda selpitib shangʻilladi Mashmashaxon. – Marmarqoʻziga yopishmang, deb sizga nechchi marta aytdim, a? Bolamning ilhomini boʻgʻmang!

Qoʻshni xonadagi Marmarqoʻzi esa, ilhomi ancha-munchaga boʻgʻilmasligini oyijonisiga ma’lum qilib qoʻymoqchidek, mashqini bir maromda davom ettiraverdi:

– Gʻat, gʻat! Gʻittir-gʻit!..

– Men-chi? – irgʻishlanib oʻrnidan turdi Nashvatiy. – Mening ilhomim tepalansa, maylimi?

– Ilhom? Voy, oʻlaqolay! Siz yozgan narsalargayam ilhom kerakmi hali?

– Ogʻzingni peshlab gapir, hoʻv! She’rlarimni «narsa» deyishga qanday tiling bordi?

Ha, «it vafo, xotin jafo», deganlari toʻgʻri ekan. Shuncha birga yashab, xotini uning she’rlariga, koʻngil uchun boʻlsa-da, koʻz qirini tashlab qoʻyganini eslolmaydi. Vaholanki, dunyoning sinoatlariga uchinchi qavatdan razm tashlash ishtiyoqi ila kecha bolkonga chiqib, qoʻlidagi daftarni bexos tushirib yuborganida, pastda ivirsib yurgan yetti yot begona it oʻqdek uchib kelib, uning she’rlarini mislsiz qiziqish bilan uzoq iskab turdi. Oʻzi it, lekin adabiyotga boʻlgan izzatini qarang!

Odam degan unvon hayf bu xotinga. Agar, toʻlaqonli banda boʻlganida, avval xontaxtadagi qogʻozni olib, undagi bitikni oʻqib koʻrardi. Yap-yangi she’r-a!

Bahor keldi, aziz oʻrtoqlar,

Ariqlarni tozalaylik sal.

Boʻlsin ular soqol qirdirgan –

Oshnam Abrey koʻsadek goʻzal!

Allomabosh er shunday noan’anaviy satrlarni tarsa-turs kashf etib tashlansa-yu, uvadafahm xotin bundan bebahra yursa. Tagʻin, oʻqituvchimish. Teshigini koʻrmasa, nayni teshasopidan ajratolmaydi, musiqadan dars berganiga oʻlasanmi. Jonivorda qobiliyatning «Q» harfiyam yoʻq, togʻasi maktab direktorligidan urilsayoq, buniyam kuni bitadi.

– «Narsa» boʻlmay, nima? – masxaraomuz lab burishtirdi Mashmashaxon. – Agar ular «she’r» boʻlganida, loaqal birortasi gazeta-pazetada bosilmasmidi? Bu uydan Hamza chiqmadimi, endi oʻgʻlimni oʻzim Rastrapovich qilaman. Bizga xalaqit bermang!

Nashvatiy bu gapdan pishqirib kuldi:

– Voy, kallavaram-ey! Boʻyniga hushtak osgan har bir soʻtak melisa boʻlavermaganidek, yoltayoq ushlashni oʻrgangan hamma maxluqdanam Rastrapovich chiqavermaydi.

– Boshqalarni oʻzingizga oʻxshatmang. Qirqqa kirgandayam na ishingizda tayin bor, na birov otingizni biladi. Mana, oʻn bir yoshidayoq Marmarqoʻzining iste’dodini tan olishdi, shu bolaning orqasidan magnitafonli boʻldik, televizoʻrli boʻldik.

Nashvatiy oʻzini bu olamdagi eng chigal kalavalarning uchini ham bir zehn solishdayoq topmoqqa qodir shaxslardan deb hisoblasa-da, aynan ana shu magnitofon va televizor bilan bogʻliq jumboqni hali-hali yecholmay kelayotganidan qattiq iztirobda edi.

Bundan toʻrt oylar oldin kimdir eshikning qoʻngʻirogʻini choʻzgʻilantirib jiringlatishga tushdi. Uni choyxonapalovga chaqirmay qoʻygan oqibatsiz ulfatlari haqida «Burgut va qorayaloqlar» degan masal yozib oʻtirgan shoir jonini ijod jannatidan mahrum etishga kuch topib, ogʻrinibgina oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Borib, eshikni ochganini biladi, karton quti qoʻltiqlagan tappakburun kimsa chala-pula salomlashgan kuyi ichkariga suqilib kirib: «Biz ashaddiy muxlislardanmiz, shu xonadondagi iste’dodli zotni bir ziyoratlab qoʻyishga keluvdik», deb, bolalarning mis surnaychasidek pingʻilladi. Buni eshitib, Nashvatiyning chehrasi yorishdi:

– Ortiqcha maqtab, odamni uyaltirmasinlar. Toʻgʻri, iste’dodimiz yetarli, ammo-lekin dovrugʻimiz hali-hozir yetti iqlimga taralib ulgurganicha yoʻq.

– Hedemay taraladi! – qat’iy ishonch bilan qosh kerdi tappakburun. – Zero, vilonchelning ishqibozi jahonda bitta menmas!

Boʻridan gapirsang, qulogʻi koʻrinadi, deganlaridek, vilonchelning nomi tilga olinishi bilanoq, poygakdagi xonadan uning yuraktatalar ovozi labbaylandi.

– Gʻat, gʻat! Gʻittir-gʻit!..

Tappakburun bir Nashvatiyga, bir ohang taralayotgan yoqqa qarab qoʻyib, «ie, maestro bu yoqda ekan-ku», deya besoʻnaqay tuflisini popillatganicha xonaga bostirib kirdi. Yigʻlamsiragudek ahvolda mashq qilayotgan Marmarqoʻzi va uning boshi ustida musht oʻynatib turgan zolim ustozi Mashmashaxon bilan tanishuv marosimi yakunlangach, tappakburun qoʻlidagi qutini «maestro»ga tutqazib, tantanavor tarzda soʻz qotdi:

– Qadrli Marmarqoʻzi! Ijro etayotgan kuylaringiz jamoamizga gʻo-o-yatda va niho-o-yatda manzur boʻlyapti. Shu bois, «Oynaqopqon» qoʻshma korxonasi rahbariyati nomidan sizga mana shu magnitofon sovgʻa qilinadi. Tabriklayman! Bundan buyogʻigayam, talablarga binoan, toʻxtatmay chalaverasiz degan umiddamiz.

Tappakburunga qoʻshilib, er-xotin ham angraygan asno chapak chalishdi.

– Chet ellarda iste’dodli yurtdoshlarini qoʻllab yuradigan boylar koʻpligini eshitgandim, – ogʻzi qulogʻiga yetib gijingladi Mashmashaxon. – Xayriyat, oʻzbekdanam shunaqalar chiqibdi.

Oradan ikki oycha oʻtib, tappakburun ushbu xonadonga yana tashrif buyurdi. Bu safar Marmarqoʻziga «Oynaqopqon» qoʻshma korxonasi boshligʻining nomidan «Samsung» televizorini topshirib: «Jamoamizning sizga bir iltimosi bor, Marmarqoʻzi. Bundan keyin, talablarga binoan, yarim kechadayam mashq qiptursangiz», dedi-yu, Mashmashaxonning: «Hech boʻlmasa, bir piyola choy ichib keting», degan taklifini yerda qoldirib, zippa gʻoyib boʻldi.

Shundan buyon Nashvatiyning boshi garang, koʻngli xijil. Insof minbaridan turib aytiladigan boʻlsa, Marmarqoʻzida iste’dod bor-yoʻqligini muhokamalashning oʻzi kulgili. Mana, bir yildan oshyaptiki, hamon oʻsha-oʻsha nagʻma: «Gʻat, gʻat! Gʻittir-gʻit! Gʻat, gʻat! Gʻittir-gʻit!» Nashvatiy-ku hozircha tirik, bu kuyni hatto oʻlikning yonida chalsang, kafanini yirtib tashlab, ogʻzingga shapaloq tortvorishi hech gapmas. Paqqos chidab boʻlmaydigan hol, agar, chidash mumkin boʻlsa, Nashvatiydek ogʻir-bosiq shoir oʻz oʻgʻlining ishidan xitlanib, nishdor she’r yozarmidi?

«Gʻat-gʻut»lardan bezdi el,

Bosib kelar goʻyo sel.

Katta gʻijjak, vahshiy gʻijjak,

Gumdon boʻlgur vilonchel!

Shak-shubha yoʻqki, bu gʻayritabiiy voqealarning ortida yirik bir sir yashirinib yotibdi. Taxmin koʻp, biroq shulardan ikkitaginasida gʻira-shira mantiq bordek: yo xotini uning shoirlik gʻururini toptash maqsadida bularni ataylab uyushtiryapti, yo boʻlmasa, oʻsha tappakburun jinnixonadan qochgan puldor kimsa.

– Shu magnitofon bilan televizorni hadeb tumshugʻimga niqtayvermagin, – xotiniga zimdan ezginlanib tikildi Nashvatiy.– Bu dunyoda she’riyatga fahmi ilashadiganlar azaldan tanqis boʻlsa, men nima qilay?

Eshikning qoʻngʻirogʻi jiringlab, Mashmashaxonning javob nutqi ogʻzida qoldi. Nashvatiy burun jiyirganicha borib, eshikni ochdi. Xonadonning eski qadrdoniga aylana boshlagan tappakburun ichkariga lip etib kirib, Nashvatiy bilan qoʻl siqib koʻrisharkan, poygakdagi xonadan tinimsiz taralib turgan «gʻat, gʻat»ga berilib quloq tutgan asno, mahliyolanib tebrandi. Soʻng, shalviroq kostyumining choʻntagidan allaqanday qogʻozni sugʻurib, boshi uzra hilpiratdi:

– Xushxabar bor! Meni tezda Marmarqoʻziga roʻpara qilinglar!

Tappakburun xonaga kiriboq, Marmarqoʻzini quchoqlab oʻpishga tutindi:

– Tabriklayman, maestro! Mana, yana mukofot opkeldim sizga!

– Bu qanaqa qogʻoz? – qogʻozga bir suqlanib olib soʻradi Mashmashaxon.

– Oʻrder bu! – gavdasini selkillatib chimrildi tappakburun. – Ikki xonali tor kvartira yosh sozandaning erkini boʻgʻadi. Shuni hisobga olib, yangi dahadan sizlarga toʻrt xonali uy ajratishga qaror qildik.

Nashvatiyning aqldan ozishiga sal qoldi. Tili tanglayiga yopishib, «a-a… oʻr… oʻr…» deya gʻoʻldiraganicha koʻzini baqraytirdi. Mashmashaxon oʻgʻlining qoʻlidan oʻrderni och sirtlondek yulqilab olib, undagi yozuvlarni qayta-qayta oʻqishga kirishdi.

Odatdagidek shoshib gʻoyib boʻlishga shaylanayotgan tappakburun, Marmarqoʻzining yelkasiga ogʻaynilarcha qoqib, pingʻilladi:

– Jamoamizning yana bir iltimosi bor, Marmarqoʻzi. Yangi uyga koʻchgandan keyin, talablarga binoan, bolkonga chiqib mashq qiladilar-da, a?

Masovsirashi hanuz bosilmagan Nashvatiy tappakburunni pastgacha kuzatib tushdi. Maqsadi – u bilan nihoyat yolgʻiz qolib, asabini koʻpdan beri yumdalayotgan savolga javob topish edi:

– Kechirasiz-u… Bir savol boridi-da…

Tappakburun Nashvatiyga iltifotlanib yuzlandi:

– Qulogʻim sizda, taqsir.

– Hm… «Oynaqopqon» korxonasidagilarning es-hushi joyidaligiga-ku shubham yoʻgʻ-a, – chaynaldi Nashvatiy.– Shunga qaramay… hm… bu ishlarni tushunolmayroq turibman-da…

– Mayli, tushuntiramiz, – olimona gerdaydi tappakburun. – Mana shu koʻp qavatli uyda ikki yuz oltmishta xonadon bor. Marmarqoʻzi «gʻat-gʻut» qilishni boshlagandan beri atrofdagi ikki yuz ellik toʻqqizta qoʻshningiz tovush oʻtmaydigan eshik-derazalar qurdirishga majbur boʻldi. Bunaqa eshik-derazalarni faqat biz ishlab chiqaramiz.

Nashvatiyning sopollangan koʻzi oldida nimadir yarq etib chaqnadi. Tilla tishlar shekilli. Demak, tappakburun iljayib turibdi.

2003