OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiTip-tiniq vujud (hikoya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/mustaqillik adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hikoyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm11KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2013/06/20
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tip-tiniq vujud (hikoya)
Anvar Obidjon

U oʻzbekchani bilmasdi, «Oʻtkan kunlar»ni oʻqimagan edi. Shu bois, miltiqni oʻqlayotganida ham, nishonga toʻgʻrilayotganida ham qoʻli qaltiramadi.

Olamdagi biron-bir millatga na oʻchli, na mehrli boʻlgan muzasab beshotar tirik nishonga hissiz baqraydi. Tirik nishon: «Senga ginam yoʻq, ishingni bajaraver», degandek unga begidir boqib turardi.

Qoramoydek quyuq tunni oʻtkir nurlari bilan eritayotgan projektor zindonsimon xonada oʻtirgan tergovchining stolidagi ajdarkoʻz chiroqni eslatar edi. Sovuq yorugʻlik ortidan odamsifat maxluqning xirilloq ovozi takror yangragandek tuyuldi.
— Qaytadan soʻrayapman, aybingga iqrormisan?
— Tushunarsiz hol... Qalinsoch kimsaga «men tugʻma kalman» deb ayttirishdan ne naf?
— Oʻzingni bekorga qiynayapsan. Vaqtida tavba qil. Aslida-ku, aybingni tan olish-olmasliging uncha muhimmas. Seni istagan paytimizda otib tashlashimiz mumkin.
— Qaysi gunohim uchun?
— Oʻzingni ovsarlikka solma. Hammasini balodek tushunib turibsan. Gunohing shuki, oʻzbekligingga ortiqcha baho berasan, oʻzgalardan shunga yarasha izzat-ikrom talab qilasan.
— Shu gunohmi?
— Agar bu talabni bitta oʻzingga nisbatan qoʻyganingda edi, balki unchalar shakkoklik hisoblanmasdi. Harqalay, zodagonroqsan. Ammo sen gʻirt chuvrindi xalqingga ham oʻshanday munosabatda boʻlishimizni, uning koʻngliga qarashimizni xohlaysan. Shundan kelib chiqib aytganda, oʻzini ozgina boʻlsayam hurmat qiluvchi birorta imperiya... hm-m, koʻpmillatli saltanat sendaylarni tirik qoldirmaydi...

Quldek itoatgoʻy miltiq, egasi tepkini qachon bosishini sabr bilan kutgan koʻyi, tirik nishonga hanuz baqrayib turardi. Shu mahal, bir qarashda tirik nishonga egizakdek oʻxshab ketuvchi, faqat kiyimi ibtidoiyroq, tanasi tutunsimon va oynakdek tip-tiniq vujud paydo boʻldi. U miltiq tomonga hadiksirab tikilgan asno tisarilib borib, tirik nishonning vujudiga asta singib ketdi. Buni miltiqdan boʻlak hech kim koʻrmadi.

Tirik nishon oʻzicha soʻzlanishga tutindi:
— Qoʻrqma, jigarim, qoʻrqma. Qachondir shundoq boʻlmogʻi aniq edi — men, ertami-kech, baribir, ketmogʻim kerak edi. Lekin, orzularimda yanglishmagan boʻlsam, sen dunyo turguncha yashashing mumkin. Tinchlan, Otabek, tinchlan. Men senman, sen mensan. Biz alohidalikda ham bir butunmiz. Meni ardoqlaganlar seni-da ardoqlashadi, seni sevganlar meni-da sevishadi. Endi nari tur. Iltimos, ket!

Quvgʻindi Otabek tirik nishonning tanasidan qaytib chiqdi. Ammo, ketmadi. Tiniq vujudi bilan ortidagi ogʻajonisining jussasini toʻsganicha, qalqonlanib koʻkrak kerdi. Koʻylagining koʻksi negadir qonyuqi edi. Juda eski qon.
— Otsang, meni ot! — deya miltiqqa nigohini nayzaladi tiniq vujud. — Men bunga koʻnikib ketganman. Kitobni oʻqib tugatishaveradi — Avliyootadagi jangda oʻq yeb oʻlaveraman. Oʻqishni boshlashaveradi — boshqatdan yashayveraman.

Bu soʻzlarni miltiqdan boshqa hech kim eshitmadi.

Miltiq ham shivirlagandek boʻldi:
— Ortingdagi kim oʻzi?
— Sen oʻzingcha bir ish qilolmaysan, chunki mustaqil fikring yoʻq. Shunday ekan, uning kimligini tushuntirib oʻtirishimdan ne foyda?
— Uni nega oʻldirishmoqchi?
— Mustaqil fikri borligi uchun.
— Buning nimasi faxrli? Hademay oʻsha fikrlari ham oʻzi bilan birga oʻladi.
— Adashyapsan. Aytib ulgurilmagan fikrlargina oʻlishi mumkin. U oʻz yuragidagini imkoni yetganicha qogʻozlarga toʻkib boʻlgan. Ezgu fikr — yuqumchil, oʻzgalar ongiga koʻchib yashayveradi, bolalayveradi, koʻpayaveradi. Ularni yoʻq qilish uchun miltiqlar ham, oʻqlar ham yetmay qoladi.

Mustaqil fikr... Mustaqil ong...

Tergovchining zindonsimon xonasi burchagida ogʻajonisiga ezgʻin termilib oʻtirgan Otabek asabkemirar bir suhbatning guvohi boʻlgandi.
— Tushunsang-chi, xumbosh! Biz jamoa manfaatini yoqlovchi, jamoaviy fikrga asoslangan baynalmilal davlatni quryapmiz. Bunaqa mamlakatda mustaqil fikringni boshimizga uramizmi?
— Axir, jamoaviy fikr mustaqil fikrlar bahsidan tugʻilmaydimi?
— Mustaqil fikrlar oʻz bahsini allaqachon tugatib, xulosasini chiqargan-qoʻygan. Proletariat dohiysi koʻrsatgan yoʻldan boramiz, degan shior qat’iy jamoaviy fikrga aylanib boʻldi. Shunday tep-tekis trassa turganida, sen mustaqil fikring bilan xalqni qaysi jinkoʻchaga boshlamoqchisan?
— Men, hartugur, birovlarni zoʻrlab boshlamoqchi emasman. Birovning trassasi qulaymi, oʻzining jinkoʻchasimi, buni har bir yoʻlovchi oʻzi hal qilsin demoqchiman, xolos.
— Tagʻin eski gapga qaytyapsan. Ke, erkakchasiga gaplashaylik, oʻzi xalqingda mustaqil fikr bormi? Agar bor boʻlsa, to biz qutqarmagunimizcha, nega shuncha vaqt chorizmga malay boʻlib keldi?
— Shunday salobatli Rusiya ham bir zamonlar kichik bir xonlikka tobe’ edi. Milliy ong pishib yetilishini asrlab kutdi. Yurtimga ham fursat bering, millatni tarbiyalamoqqa oʻngʻay muhit bering.
— Qanaqa oʻngʻay muhit?
— Oʻz istiqbolini oʻz bilgisi bilan izlaydigan muhit. Sizlar bu oʻlkani istibdoddan xalos etdik, xalqni qullikdan qutqardik, deysiz. Millat oʻzida bor narsalarning qay birisini qadrlab, qay birisidan voz kechmoqni oʻzining fikri bilan hal eta olish, chetdan oqib keladurgan gʻoyalar, falsafalar, madaniyatlarning saragini sarakka, puchagini puchakka ajratib, turmushiga, tutumiga zarurlarini toʻgʻri tanlay bilish darajasiga yetgandagina oʻzligiga ega boʻladi. Har bir fuqaro: «Fikrim mustaqil — men mustaqil! Men mustaqil — yurt mustaqil!» — degan tushunchani dil-diliga jo qilgandagina, mamlakat qaramlik isnodidan abadiy xalos boʻladi. Qanday toʻsiqlardan oʻtish lozim boʻlmasin, qancha muddat talab etilmasin, bu tabiiy jarayon muqarrardir!
— Qizishib ketding... Nihoyat, basharangni ochding-qoʻyding.

Oʻzining quloqyirtar ovozidan miltiqning oʻzi ham choʻchib tushgandek boʻldi.

Otabek barini koʻrib turardi. Miltiqning ogʻzida yalligʻlangan yalin ichidan qoʻrgʻoshin oʻq uchib chiqdi, juda sust, oʻta imillab parvoz qilganicha, buralib-buralib yaqinlashaverdi...

Shiroq sahroda xumordan chiqib qah-qah otaverdi... Toʻmaris ogʻzi karrakdek ochilib qolgan Kirning boshini qon toʻldirilgan meshga botiraverdi... Spitamen: «Iskanda-a-r! Zoʻr boʻlsang, bittaga bitta chiq!» — deb hayqiraverdi... Muqanna koʻchkidek gulduros solib, togʻdan devlanib tushaverdi... Manguberdi Amudaryoning u yuzida turib, Chingizxonga musht doʻlayaverdi... Qorni yorilgan Alimqul chap qoʻlida ichaklarini tutamlab, oʻng qoʻlida qilich oʻynatib, tulporida yelib kelaverdi... Hech biri boʻyin sunushni istamasdi...

Qoʻrgʻoshin qalamchasi eshilib-eshilib uchishda davom etardi. Tavba! Oʻq deganiyam shunchalik sekin uchadimi? Qachon yetib keladi-yu...

Otabek yon-veriga chaqaloqlanib jovdiradi. Bu yurtning xoʻjayinlari qani? Namuncha uyquchi boʻlmasa odamlar? Qachon uygʻonishadi?!

Oʻq, nihoyat, yetib keldi, tiniq vujudning koʻylagi koʻksidagi qonyuqi teshikchadan sekingina sirgʻalib oʻta boshladi. Otabek miq etmadi. Biroq ortda turgan ogʻajonisining jussasi nogahonda qattiq silkinib ketdi.

Abdulla Qodiriy oxirgi daqiqada ham tiz choʻkmaslikka tirishayotgandek, qaddini bukmasdan, bor basti bilan tuproqqa quladi. Otabek esa, qonyuqi koʻylakda tippa-tik qolaverdi. Buni faqat miltiq koʻrdi.

Ajinani ham hurkitadigan quyuq tun edi. Otabek: «Otishdi! Oʻldirishdi!» — deb qichqirganicha, kimsasiz koʻchalarda oʻzini u yoqdan bu yoqqa urib yugurar, goh u eshikni, goh bu derazani qoqib: «Ogʻajonimiz endi yoʻq! Ogʻajonimizni oʻldirib qoʻyishdi! Eshityapsizlarmi?!» — deya yum-yum koʻzyosh toʻkar, vo darigʻkim, uning tovushi doimgidek ichida qolib ketar, oynalarga urilayotgan mushtidan ham ovoz taralmasdi.

Otabek charchash hissidan mahrum esa-da, tushkunlikdan soʻniqib, oyoq sudragan koʻyi Boʻzsuvning yoqasiga bordi, sohildagi qovjiroq maysalar ustiga yengilgina choʻkdi.

Eh, odamlar, odamlar... Ogʻajonim sizlarni qanchalar sevardi-ya! Sevgandayam, bor-boringizcha sevardi, bu chandiqbadan oʻlkaning Xorazmiylari, Ulugʻbeklari, Fargʻoniylari, Navoiylaridan bemisl faxr tuysa, Toshpoʻlatlaridan ham olam-olam zavq-shavq ola bilardi. Ba’zilaridek, «yoʻgʻonsuyaklar tepaligi»ga chiqib olib: «Ey, pastdagi nodonlar! Qachon menga loyiq boʻlasanlar» — deb na’ralanishni sha’niga munosib koʻrmasdi. Tepalik emas, togʻ choʻqqisiga ham yarashgulik bu zot sizlarni deb sizlarning sayxonliklaringizda yashadi. «Avomning didiga qarab yozadigan boʻlsak, avom avomligicha qolaveradi», deydigan tezgirlarga: «Har kim oʻz burchini oʻzicha idroklaydi. Mayli, siz ming-minglab fozillarning koʻnglini qovushtirishga intiling, men davrangizga milliy oʻnlarni yetaklab bormoq ishtiyoqida yashab, ularning ichidan chiqib keladurman», deb javob qilguchi edi. Vaholanki, jahon adabiyotining suvini ichgan ogʻajonimning «tepa tabaqa»larni hayratlantirguchi asarlar bitishga ham chogʻi kelardi. Ammo u sizning tabaqangizni tanladi. Sizga oʻzidan oldin ijodini qurbon qilib boʻlgan edi.

Otabek Boʻzsuvga uzoq tikilib qoldi. U bir narsaga hayron edi — suvlar nega uxlamaydi? Balki uxlagudek boʻlsa...

Yoʻq, suvlar uxlamaydi. Uxlagudek boʻlsa, qadimiy oʻzanini yoʻqotishi hech gapmas.

... Kimlardir yuqori tabaqa ichida tezroq shuhrat qozonib, dunyoga tanilmoq umidida boʻldi. Ogʻajonim esa, shon-shuhratli hayotga butun bir xalqini yetaklashni, bu bilan jahonda gʻururlanib yurishni orzuladi. Ha, uning orzulari ham fikri singari oʻziga xos edi. Aynan shu xislati bilan boshqalarga oʻxshamasdi, aynan shu qirrasi bilan yangicha bir maktab edi.

Yangicha maktab! Bu maktabning darsligi quyidagidek soʻzlar bilan boshlansa ajabmas: «Yurting — oilang, xalqing — oilangdagi jigarbandlaring. Oilangdan ilgʻor chiqsa, unga ergash, u bilan magʻrurlan. Oilangda ilgʻor boʻlsang, oʻzingga bino qoʻyma, oʻzingdan soddaroqlarning fe’liga toqat qil. Oʻzingga loyiqdek koʻrinmaganlardan ijirgʻanma, oʻzgalarni oʻzing turgan tepalikka chiqarish uchun ularning yoniga tush. Ulardagi sustkashlikdan jahllanma, ular bilan yarim manzilda qolib ketish xavfidan choʻchima, tepada yashamoqlik saodatini ularbop tilda yoniqib-yoniqib ta’riflayver, yoʻl-yoʻlakay koʻzlarini ochaver, yelkama-elka yetaklayver, pogʻonama-pogʻona koʻtarishga urinaver. Mabodo, quyi tushmoqni oʻzingga ep koʻrmasang, unda, ostingdagi tepalik pastdagi qavmning zaminida turganligini aslo unutma. Tepada boʻlganga yarasha, qavmning aslida kimligini dunyoga qoyilmaqom tarzda bildirib qoʻymoqni uddala. Buni uddalay olmasang, loaqal pastdagilarni tinch qoʻy. Zero, baribir ulardansan...»

Atrof tobora yorugʻlashib borardi. Boʻzsuvdan besamar oqib oʻtayotgan vaqtlarni jim va endi hech bir achinishsiz kuzatib oʻtirgan Otabek boshini astagina koʻtardi. Vo ajab! Tevarak yop-yorugʻdek, biroq koʻkda quyosh yoʻq.

... Kunlardan bir kuni yarq etib quyosh chaqnadi. Otabek lol turib qoldi. Quyoshni uzoq vaqt koʻrmagan edi, shu bois, uni birdaniga taniy olmadi.