OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering

3 / 5 (1ta baho berilgan)


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiToʻgʻon Takayevning qoshiqbozi (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Toʻgʻon Takayevning qoshiqbozi (hajviya)
Anvar Obidjon

Hurmatli sud raisi! Muhtaram masahatchilar!

Akalarim! Boʻynimga olaman, oʻzimdayam sal-pal ayb bor– ba’zan koʻngli boʻshlik qildim, ba’zan nafsim hakalak otdi. Ammo-lekin, aybning eng yirigi – shu topda meni qallobga chiqarib, uyalmay-netmay da’vogarlik qipturgan manavi odamlarning oʻzida. Shunday pachaq ahvolga tushib qolishimga sababchi boʻlganlar, ana, pastda tarvayib oʻtirishibdi.

Yana bir narsaga hayronman – asosiy gunohkor nimagadir bu zolda koʻrinmayapti. Iltimos, hurmatli sud raisi, telestudiya rejissyori Suvonqoraevniyam yonimga juftlab qoʻyishingiz kerak boʻladi. Hamma mashmashani boshlagan oʻsha!

Somsapazlik qilib, tinchgina yashab yuruvdim. Bir kuni tandirni ertaroq qoqlab, xoʻjaynimdan oʻz tegishimni oldim-u, kayfiyat vajang boʻlib, uyga joʻnadim. Odatdagidek, telestudiyaning yonidan oʻtib borayotsam, bir zanjinusxa odam ichkaridan holpillab chiqib, shartta yoʻlimni toʻsdi, «boʻshmisan, okosi», deb soʻradi. «Maqsad?» – dedim. «Arzimagan xizmat bor, soqqasi naqd», dedi u. Keyin, javobimni kutib oʻtirmay, qoʻlimdan tutib, ichkariga sudradi.

Nima gapligini ichkariga kirib tushundim. Rejissyor Suvonqoraev mashhur xonanda Toʻgʻon Takaev haqida «Tilla tishli bulbul» degan film-kansertni suratga olayotgan ekan. Hamma narsa taxt boʻlgan kezda, musiqachilardan bittasi, ya’ni qoshiqboz yigit pillapoyadan yiqilib, qoʻlini lat yegizibdi. Hali-veri ishga yaramasligi ma’lum boʻlganidan soʻng, Suvonqoraev shosha-pisha meni topib kelgan joyi ekan.

– Tayyor pulni olishga-ku qornim ogʻrimaydi-ya, – dedim men Suvonqoraevga. – Lekin, toʻgʻrisini aytsam, turli yedi-ichdilarda qoʻlimdan qancha-qancha qoshiqlar oʻtgan boʻlsayam, umrimda ularni bir-biriga hech urishtirib koʻrmaganakanman.

Shunda Suvonqoraev: «E-e! Birov senga qoshiqni ohangga solib shaqillatasan deyaptimi? Tasmaga yozilgan qoʻshiqni bersak, ashulachi xoʻja koʻrsinga ogʻzini qimirlatib, musiqachilar asbob chalgandek boʻpturishadi, xolos», dedi meni jerkib. Keyin: «Dadil boʻl, uka, qoshiqlarni zavq-shavq bilan urishtirgin, xoʻpmi?» – deb yelkamga qoqdi. «Xoʻp» deganimni bilaman, meni pardozxonaga opkirishib, betimga bir balolarni surkashdi. Yap-yangi kiyim kiydirishib, galstoʻk degan lattada boʻynimni boʻgʻishdi...

Vo-o, akalar! Oʻsha kansert televizoʻrda berilganidan keyin boshimdan nimalar kechganini koʻrganingizda edi! Oldiniga mahalla-koʻyga osh tortdim. Qarindosh-urugʻlarni kutish bir haftaga choʻzildi. Ishxonadagilarga alohida ziyofat uyushtirdim. Ilgari meni «xasmisan, kasmisan» demaydigan katta xoʻjayinimiz ham oʻtirishga kelib, qoshimdan oʻpib tabrikladi. Oʻshanda: «San’at deganiyam yogʻliqqina soha-yu, ammo siz oʻzimizga koʻproq keraksiz», deb koʻz qisganidi. Koʻp oʻtmay, meni tuzukkina bir oshxonaga shef qilvordi.

Bu yoqda ishlarim qaynab yotibdi-yu, duppa-durust zotlar atay oldimga kelib, meni toʻylarga olib ketadigan boʻlishdi. «Tantanali kechamizni ochish uchun soʻz – hammaga sevimli Toʻgʻon Takaevning asl shogirdi Qosim-qoshiqqa!» – deyilishi bilan qiyqiriqlar butun mahallaga zilzila solishini aytmaysizmi. Bora-bora, gap degan narsaga doʻppi kiydiradigan boʻpketdim.

Yetilgan-etilgan qizlar koʻcha-kezikda meni koʻrib qolishsa, «Voy, ana, ana, Toʻgʻon Takaevning qoshiqbozi kelyapti», deb bir-birini qitiqlab qoʻyishadi deng. Xoʻsh, bunaqada xotinni qoʻyvormay boʻladimi? Haliyam, tugalay insofdan chiqib ketmay, bor-yoʻgʻi besh martagina uylandim, xolos. Alimentlarni vaqtida toʻlab kelyapman.

Obroʻyim oshgan sayin, iltimos qiluvchilar ham koʻpayib bordi. Shuning natijasida, yuqorida aytib oʻtganimdek, nafsim tobora hakalak otib, ogʻzimga sigʻmaydigan luqmalargayam panja urishni oʻrgandim. Birov «bolamni oʻqishga kiritib bering», desa, boshqasi «kelinimni falon kasalxonaga navbatsiz yotqizsangiz», deb moʻltiraydi. Ishxona hisobidan uy-joy olishga umidvorlarning-ku son-sanogʻi yoʻq. Avvaliga iymangandek boʻldim, keyinchalik sharoitga tez moslashib, bergan «choʻtal»larini bezrayib olaverdim, akalar.

Oʻzlaring mard-mardum boʻlib aytinglar, majburlab choʻntagimga solishaversa, men nima qilishim keragidi? Uzoqqa borib oʻtirmasdan, mendan uch ming «yumaloq»ni da’vo qilayotgan anavi bozor pattachisini olaylik. Bu polvonvachcha meni urgudek boʻlib choʻntagimga pulni tiqishdirdiki, institoʻtni bitirgan oʻgʻlimni soliq idorasiga ishga joylaysan, deb. Oʻshancha pulni qaerdan olgansan, deb uning oʻziniyam tergov qiladiganlar topilib qolar?

Bu gaplarim bilan nima demoqchiman? Aytmoqchimanki, mayli, mayda-chuyda gunohlarimni oʻgʻilbolachasiga boʻynimga olay. Ammo-lekin, asosiy aybdor chetda qolib ketmasin-da. Jazoning eng kattasini – gʻoʻrligimdan foydalanib, mendek sodda bir somsapazni egri yoʻlga boshlagan rejissyor Suvonqoraev olishi kerak. Anavini adolat desa boʻladi.

Oxirgi iltimosim shuki, akalar, hukm chiqarayotganda, yoshligimni, hayotda juda tajribasizligimni, qallob Suvonqoraevning ogʻirini yengillatayin deb, oʻzim bilmagan holda qingʻir yoʻlga kirib qolganimni hisobga olinglar...

Ax, pishmagan kalla! Televizoʻrda qoshiqni shaqillatguncha, somsaxonada choʻmichni taqillatib yuraversam oʻlarmidim?!

1984