OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiToʻnni teskari kiyish (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm5KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Toʻnni teskari kiyish (hajviya)
Anvar Obidjon

Yangi toʻqimachilik kombinati qurilishi haqida gazetada bir sahifalik tantanavor maqola berilgach, telestudiyadagilar ham birdan yeng shimarib qolishdi. Bosh muharrir meni huzuriga chaqirib, bu joydan shoshilinch koʻrsatuv tayyorlashimni topshirdi.

Ishni bizni iliq kutib olgan quruvchilar-u, zarur ashyolarni qurilishga uzluksiz yetkazib berishga erishayotgan turnaqator mashinalarni suratga tushirish va koʻpirtirib izohlashdan boshladim:

– Koʻrib turganingizdek, eng zamonaviy kranlar oʻrnatilgani karvon-karvon yuk mashinalarini oʻz vaqtida boʻshatish imkonini bermoqda. Ayniqsa, oilaviy pudrat asosida ishlashga oʻtgan Qovunchiev va Kabanovlar sulolasi sifatu tejamda barchaga namuna boʻlayotgani bizni quvontirdi. Besh yillik zarbdorlari hisoblangan Markaev, Jaloladze, Pak va Papandapulo oʻrtoqlar maxsus qurilgan chekish kapasida ham bekor oʻtirishgani yoʻq– prorab Layloev bilan navbatdagi rejalar toʻgʻrisida kuyib-pishib suhbat qurishyapti.

Mana bu esa, quruvchilar ovqatlanadigan oshxona. Bir necha yuz kishilik ulkan kollektivga bu katalak torlik qilmasmikan? Qolaversa, oshxonada bor-yoʻgʻi besh xil ovqat tayyorlanar ekan. Tepsa tebranmas bosh oshpaz Kamoloxunovdan buning sababini surishtirganimizda, qovoq-tumshugʻi osilganicha lom-mim deyolmay qoldi. Rayon umumiy ovqatlanish idorasidagi kallador zotlar bu masalani jiddiyroq oʻylab koʻrsalar chakki boʻlmasdi.

Qurilish rahbari Doʻmboqovni yaqinda mukofotga berilgan shaxsiy «Jiguli»siga oʻtirayotgan chogʻda uchratdik. Bu kamtarin inson teleekranda koʻkrak kerishdan iymangandek, «haqiqiy qahramonimiz – oddiy ishchilar, oʻshalarni suratga olinglar», deya boshqarmadagi yigʻilishga joʻnab ketdi.

Azamat binokorlar bu muhim ob’ektni shu yilning birinchi aprelida, ya’ni muddatdan ikki oy ilgari foydalanishga topshirish uchun kurashmoqdalar. Buni eshitib, shijoatkorlar maskanidan dilimiz zavq-shavqqa toʻlib, mamlakatimiz boʻylab keng quloch yoygan Qayta qurish jarayonining muqarrar gʻalabasiga ishonchimiz yanada mustahkamlanib qaytdik...

Ertasi barvaqt ishga kelib, montajni endigina tugallagan edimki, yana bosh redaktor yoʻqlatib qoldi. Borsam, turqi bejo.

– Ishlar chatoq, – dedi u. – Kecha kechqurun ministrlikda boʻlgan yigʻilishda toʻqimachilik kombinati qurilishi choʻzib yuborilayotgani qattiq tanqid qilinibdi, gazetada asossiz maqtalgani koʻrsatib oʻtilibdi. Endi borib, boshqacha koʻrsatuv tayyorlaysiz. Ayamay doʻpposlang xumparlarni. Topshiriq shunaqa.

Xonaga shalviraganimcha qaytib, yurakni changallagudek ahvolda kresloga choʻkdim: bu qanaqasi – kecha undoq deb borsam, bugun bundoq deb borsam... burd degan narsa qayoqda qoladi?!

Administrator qiz quyib uzatgan toʻqson beshinchi choyni bir-ikki simirishim bilan kallam yarq etib ishlab ketdi. «Nega endi boshqatdan suratga tushirish kerak ekan, – deb oʻyladim men, – tap-tayyor tasvirlar turibdi-ku!»

Shartta qogʻoz-qalam olib, yangi jumlalar tuza boshladim:

– Quruvchilar bemavrid kelganimizdan oʻngʻaysizlanib, bizni soxta iljayish bilan kutib olishdi. Axir yuki soatlab boʻshatilmay, machit ostonasidagi kalishlardek tizilib yotgan manavi mashinalar fonida suratga tushishga kimning tobi bor? Toʻgʻri, kranlar eng zamonaviy, ammo ish uslubi hanuz eskichaligi qattiq pand bermoqda. Intizom sustligi, oʻzaro talabchanlik yoʻqligining boisi shuki, bu yerda qarindosh-urugʻchilik kuchayib, hammayoqni Qovunchiev va Kabanovlar bosib ketgan. Bu ham yetmagandek, Markaev, Jaloladze, Pak va Papandapuloga oʻxshagan takasaltanglarga maxsus kashandalar joyi qurib qoʻyilgan. Qarangki, prorab Layloevning oʻzi bekor vaqillashda ularga oʻrnak boʻlib turganining ustidan chiqdik.

Mana bu esa, quruvchilarning ovqatlanish joyi. Ishining bosh-uchi yoʻq boqibegʻamlarga shunday shinam oshxona qurish shartmidi? Tagʻin har bir tekinxoʻr uchun besh xildan ovqat tayyorlanayotgani-chi? Menimcha, qoʻli gul pazanda Kamoloxunovning nega qovogʻi uyilib turganini tushunish qiyin emas – qoloq uchastkaning xoʻrandalari haddan ziyod taltaytirib yuborilmayaptimikan? Rayon umumiy ovqatlanish idorasidagi oʻrtoqlar bu haqda jiddiy oʻylab koʻrishsa, chakki boʻlmasdi.

Qurilish rahbari Doʻmboqov bizning daragimizni eshitib, qandaydir yoʻllar bilan mukofotga olgan ziynatdor «Jiguli»sida qochib qoldi. Balki hamma aybni oddiy ishchilarga agʻdarib, bu safar ham boshqarmadagi homiylarning panohiga oshiqayotgandir?

Bu muhim ob’ektni shu yilning birinchi aprelida foydalanishga topshirish planlashtirilgan. Ahvol shunday davom etsa, kelgusi yilda bitishi ham amrimahol. Shular haqda oʻylab, ushbu harobadan qaytar ekanmiz, mamlakatimiz boʻylab keng quloch yoyishi lozim boʻlgan Qayta qurish jarayonining taqdiri bizni qattiq tashvishga soldi...

Mana, bugungi gaplar kechagi suratlarga binoyidek yopishdi-qoldi. Jurnalist mahorati degani bundan ortiq boʻladimi? Kallamga qoyil-e! Toʻqson beshinchi choyga ofarin-e!

1989