OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiToʻporicha gap-gashtaklar (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm7KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Toʻporicha gap-gashtaklar (hajviya)
Anvar Obidjon

Sal madaniyatli koʻrinay deb shuncha vaqt bekorga ovora boʻldim: tirikchilik masalasi chatoqlashib ketayotganini hazil-huzulga yoʻyib, ming marta shama qilgandirman, na tepadagilar tushunishdi, na pastdagilar. Endi asli toʻporiligimga qaytib, toʻgʻrisini gapiraman – ishlar xurjun! Umuman kun koʻrib boʻlmay qoldi!

Bu qanaqasi – bergan oyliklariga yarasha mol topolmaysan, topgan molingga yarasha oylik berishmaydi. «Qorabotir» kooperativida hamma narsa bor, «Tohir-Zuhra» magazinida hech vaqo yoʻq. Xoʻsh, arzingni kimga aytasan, mahalla oqsoqoligami? Aytib koʻrdim. U beparvo qoʻl siltab: «Ovozingni koʻp ishlatma, uka, oʻsha birinchi yoʻqotgan narsamizni topsak, hamma gʻalva birdan tinchiydi-qoladi», dedi.

Oʻzi bu mamlakatda eng oldin nima gumdon boʻluvdi? Bir eslab koʻraylig-a...

Yoʻq, shakarmas, bu – yaqindagi gap.

Agar yanglishmasam, yurtimizda eng oldin qoʻngʻiroqli soatlar kamayib, gʻofil bandalar koʻpaydi. Gʻofillikdan Lanjlik, Lanjlikdan Befarqlik, Befarqlikdan Gʻurur-sizlik tugʻildi. Gʻurursizlik oʻsib-ulgʻayib, qudrati shu darajaga yetdiki, uning hukmiga tobe erkaklar oʻz bolasiga doʻkondan paypoq topolmay qolsayam, «Xizmat koʻrsatgan paxtakor» degan temirni talashib yuraverdi. Nazoratsiz qolgan xotinlar esa, bolalariga kiyim topish bahonasida bozorma-bozor sangʻiydigan boʻldi. Shunda erkaklar: «Xoʻsh, ojizalarimiz qachon teng huquqli boʻladi», deb dagʻdagʻali savol yogʻdirishdi. Bu – xotinlarimiz qachon yolchitib ishlashadi, degan gap edi. Buni toʻgʻri ilgʻagan dono hukumatimiz ayollarni sayilbop poyabzaldan shartta qisib qoʻydi.

Oʻz foydasiga ish qilishga kelganda, dunyoda ayollardan zoʻrroq kashfiyotchi yoʻq – ular hash-pash deguncha bu mushkul vaziyatdan chiqishga yoʻl topib, erkakcha kiyinishga oʻtishdi. Endi kallani ishlatish navbati erkaklarga keldi. Durustroq chora topisholmagach, xotinlarga aralashvolib, qoʻl uchida ishlashni oʻrganishdi...

Davlatimiz bu gʻayriqonuniy musobaqadan dastlab dovdirab qoldi. Keyin qator kengashlar oʻtkazib, yagona toʻgʻri yoʻlni topdi-yu, bir zarb bilan hamma turdagi ustaralarni sotuvdan supurib tashladi. Natijada, mamlakat fuqarosining jinsini aniqlash imkoni tugʻilib, endi ogʻir ishlarni soqollilarga buyuradigan boʻlishdi. Shoʻring qurgʻur soqollilar har beshyillik sayin ezilgandan ezilaverdi. Insof bilan ayting-chi, bunaqa xoʻrlikka araq ichmasdan chidab boʻladimi?

Xonadonda ichimlik koʻpayganidan keyin, mugʻambir xotinlar ham tezda oʻzini ezilganga solishdi. Senlarni qachon ezibmiz, deyishga erkaklarning tili bormadi. Shu tariqa koʻknoritabiat bolalar koʻpayaverdi. Ular voyaga yetib, tap tortmasdan har xil lavozimlarni egallab olishayotganda lop etib koʻzimiz ochildi, jamiyatni boshqarishda sogʻlarga ham oʻrin qoldirish maqsadida kambagʻal araqni konturrevolyutsioner deb e’lon qildik...

Siz aytgan shakarga mana endi navbat keldi. Balki shakarning batamom qahat boʻlishiga haqiqatanam musallasfurushlar sababchidir. Lekin boshqa narsalar-chi? Nima, zararkunanda piyonistalar kirsovunni piva, shampunni shampanskiy qilib ichvorishdimi?

Masalan, saryogʻ qayoqqa ketdi? Sigirlarga kunjara yetkazib berolmayapmiz desak, ayb oʻzimizga agʻdariladi. Bu – endi yomon. Aybni sigirlarga agʻdaraylik desak, afsuski bahona topolmaymiz, chunki ular norasmiylarga qoʻshilib miting qilayotgani yoʻq.

Bu koʻrgiliklar balki holvadir. Shu ketishda ketaversak, kim biladi deysiz...

Tasavvur qilingki, birdan gugurt gʻoyib boʻldi. Endi koʻrichakni oldirish uchun jarrohga «gardkam» deb uch quti gugurt yumalatasiz. Eng tannoz qizlarning qulogʻida tillo baldoq oʻrniga toʻrt qutidan gugurt. Boyvachchalar otarchining doʻppisiga besh-oltita gugurt qistirvorgan...

Keyin tuz yoʻqoldi. Ilgarilari toʻylarda qancha qoʻy soʻyilib, qancha araq ichilgani gapirilardi. Endi butun shaharda «falonchining bazmida yarim tonna tuz ishlatishibdi», degan mish-mish. Ovqatni ogʻizga olib boʻladimi, yoʻqmi, bu bilan kimning ishi bor. Muhimi – minglab odamlarda shoʻrva qaynatishga tuz topilmayotganda, uning toʻyidagi besh qozon palovning toʻrt yarim qozoni gʻirt tuz...

Aytaylik, mevalar ichida birinchi boʻlib anor qulogʻini ushlab ketdi. Keyin surishtirib bilsak, Yaponiya Dashnobod bilan yuqori bahoda shartnoma tuzib, anorlar tarkibidagi alyumindan (bu yer alyumin zavodiga yaqin) uchoqlar yasab sotayotgan boʻladi...

Ammo, goʻshtning yoʻqolgani anchagacha sezilmadi. Baraka topkur oʻrdak-tovuqlarimiz, harqalay, bir-ikki yilga yarab turdi. Keyin Hindistondan fil, Avstraliyadan kenguru, Mozambikadan tipratikon olib yedik. Undan keyin Argentina toshbaqalariyu Kanada qargʻalarining urugʻini quritdik. Navbat Istambul sichqonlariga kelganda, goʻshtga tashnaligimiz shu darajaga borib yetdiki...

Kunlardan bir kuni «Toshkent – Qarshi» yoʻnalishida borayotgan laynerning aloqachisi Karmana tarafdan zoti noma’lum chumchuq uchib kelayotgani haqida aeroportga xabar berdi. Bu ma’lumot zum oʻtmay yuqoriga uzatildi. Kattaqoʻrgʻon tomonga uchayotgan chumchuqning koordinati toʻliq nazoratga olingach, ovchilar jamiyati yoppasiga qoʻzgʻalib, yakkaxon parrandaning parvozidan bahramand boʻlgan barcha oʻramlarni porox tutuni qopladi.

Koʻp balolarni koʻrgan tajribali chumchuq sochma oʻq yetmaydigan balandlikda qanot qoqayotgani ma’lum boʻlgandan soʻng, Urgut ichki ishlar boʻlimi jangovar quroldan foydalanishga ruxsat soʻrab, tegishli mahkamaga telefonogramma joʻnatdi. Ammo, javob kelgan paytda chumchuq allaqachon Denovni qahramonlarcha yorib oʻtayotgan edi. Nihoyat Turkiston harbiy okrugining vertolyotlari osmonga koʻtarildi. Shovvoz chumchuq ularga ham ustalik bilan pand berib, endi jonholatda Termizga talpindi.

Ob’ekt Afgʻonistonga yaqinlashgani sayin tashvish ortib boraverdi. Chegara qoʻshinlarida birinchi nomerli tayyorgarlik e’lon qilindi, Yer-Havo tipidagi raketalar zoʻr berib nishonni qidira boshladi.

Bu vaqtda chalatirik chumchuqning ikki koʻzi Hayraton koʻprigida edi. Koʻprik ustidan eson-omon oʻtib olsa bas, u yogʻi kimsasiz togʻ etaklari.

Ming afsuski, noyob uchar masalligʻ shu joyga kelganda batamom holdan toydi, qanotlari uning xohishiga boʻysunmay qoʻydi, toshdek qulab, gupillaganicha yerga tushdi... Termizda bayram boshlandi...

Ha, odamzod ozgina xayolparastlikka berilsa, tugalay aqldan ozishi hech gapmas. Agar... unda aqlning oʻzi bor boʻlsa.

Darvoqe, oʻsha birinchi boʻlib yoʻqotgan narsamiz, mabodo, Aql emasmidi?!

1990