OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiTomoqqa taqaladigan gap (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tomoqqa taqaladigan gap (hajviya)
Anvar Obidjon

Oʻzbekning boshini tangrimiz million yil pishirgan, oʻzbekning esi koʻp, har bir ishining tagida togʻdek tajriba bor – ovqatni qoʻlida oladi, qoʻli kuymasa, keyin ogʻziga soladi.

Yarim yillik hisobot bilan band boʻlib, qogʻozbozor xonasidan chiqishga ham vaqt topolmay qolgan Toʻymas ogʻa choyxonadan kiritilgan palovli kosaga qoʻl sanchmoqqa shaylanganida, kimdir eshikni nozikkina chertdi. Toʻymas ogʻa kosani zudlik bilan stol javonchasiga tiqib, zardali irillash qildi:

– Kim u? He...

Eshik asta ochilarkan, unga qoplangan buzoq terisi «gʻum-m» deya moʻ‘ragansimon tovush taratdi. Sarvinso iymanibgina ichkariga kirdi.

– Assalomu alaykum... Mumkinmi?

Toʻymas ogʻaning oʻsiq qoshlari qovogʻini toʻsgudek pastlab, burni eski maxsidek gʻijimlandi.

– Kirishga kirding, oʻtir endi. He...

Sarviniso bosh hisobchining qarshisidagi stulga musichadek yengilgina qoʻndi va: «Chaqirtirgan ekansiz. Tinchlikmi?» – deb soʻradi.

– Yaratganga ming qatla shukurki, yurtimizning osmoni tip-tiniq, – zaharpiching qildi Toʻymas ogʻa. – Kolxoʻzimizning fermayu garajlaridayam osoyishtalik. Omaleykin, sen mudir boʻlgan bogʻchadagi ishlar haliyam algʻov-dalgʻov, Soʻriniso.

Sarviniso: «Voy! Nega endi ishlarimiz algʻov-dalgʻov boʻlarkan», deganini biladi, Toʻymas ogʻa suvi qaynagan choydishning qopqogʻidek irgʻishlanib, kecha bogʻchaning yonidan oʻtib borayotganida panjaraning uyogʻida turgan bolalar unga basma-bas loy otishgani, sandiqdek qoʻyning puliga kelgan yangi kastyumi goʻrkovning nimchasiga aylangani, bu esa, bogʻchada ommaviy intizomsizlik hukm surayotganligidan dalolat berishligi haqida sannashgan tutindi.

– Bosh ishbuzuqi oʻzingsan! – Sarvinisoga barmoq bigizladi u. – Zippa payqadimki, gʻoʻr bandachalarga «Muqbil toshotar» degan ertakni oʻqib berib, axloqni izdan chiqargansan!

Kutilmagan xurujdan karaxtlangan Sarvinisoning avvaliga ogʻzi halqalandi, soʻng mungʻayib, yerga koʻz qadadi. Ayolning ruhi singanini koʻrib, Toʻymas ogʻa xiyol xotirjamlandi, soʻzlari ham keskin muloyimlashdi:

– Unaqamas-da, Soʻriniso. Aytaman desang, boshqa narsa qurib ketibdimi? Masalan, sholgʻom toʻgʻrisida ajoyib bir ertak bor. Birinchidan, qishloq xoʻjalik mav-zusida toʻqilgan, ikkinchidan, tarbiyaviy ahamiyati katta. Oʻsha ertakda bir oqsoqol sholgʻomni bitta oʻzi yemoqchi boʻlib koʻp urinadi-yu, uni yerdan yulolmaydi. Bildiki, boshqalar bilan baham koʻrmaslikning iloji yoʻq. Shunda, sichqon mushukni, mushuk itni, it kampirni, kampir cholni, chol sholgʻomni tortib, yerdan sugʻurib olishadi. Ertakdagi hikmatni qara, tirikchilik yoʻlida odamzod hatto hayvonlar bilan til topishishi mumkin ekan. Ana, gap qaerga borib taqalyapti!

Sarviniso fursatdan foydalanib qolishga urinib, bogʻchada oʻyinchoqlar kamligini, shu bois bolalar loy otib oʻynashga majbur boʻlishganini gapira boshlagan edi, Toʻymas ogʻaning yana zardasi qaynab, bu bema’niliklarga, eng avvalo, toʻqlikka shoʻxlik sababchi ekanligini uqtirishga tushdi:

– Tirranchalaring keragidan koʻproq narsa yegandirki, oʻtganga zoʻravonlik qilishayotgandir. Demak, bogʻchangda isrofgarchilik bor, oziqning bir qismini tejab qo-lishni haliyam oʻrganmagansan. Ana, gap qaerga borib taqalyapti!

Sarviniso hanuz hech nimaga tushunmay: «Voy, oʻlchamli oziqni qanday tejayman? Ortib qolganini nimaga ishlataman?» – deya koʻzini gildiratdi. Toʻymas ogʻa miyigʻida kuldi:

– Nima, ortgan narsani sen bilan men yermidik? Bolalardan qolganini yana bolalarga beramiz. Ha, bolalar bizning kelajagimiz. Jumladan, sendayam bola bor, mendayam bola bor. Ana, gap qaerga borib taqalyapti, Soʻriniso!

Tuppa-tuzuk ismining oʻrniga kulgili laqab orttirvolishdan choʻchib, boyadan beri ichi gʻashlanib oʻtirgan Sarviniso, nihoyat bosh hisobchiga sapchilanib tikildi:

– Namuncha?! Nuqul Soʻriniso, Soʻriniso deysiz. Meni otim Sarviniso. Sarv degan daraxt bor, majnuntolga oʻxshaydi...

– Shunaqa degin? – masxaraomuz tirjaydi Toʻymas ogʻa.– Umuman olganda, majnuntol bor joyda bitta soʻriyam boʻladi. Xex-xex-xe.

Tuyqus telefon jiringladi. Toʻymas ogʻa lunjini yigʻishtirib, oliftanamo harakat bilan eshitqini oldi. Kim bilandir allaqanday soliqlar xususida jahllanib-jahllanib soʻzlashgach, eshitqini sharaqlatib joyiga qoʻydi.

– Terimniyam shilvol-e! He...

Toʻymas ogʻa piyoladagi sovuq choydan bir hoʻplab olib, nigohini yana Sarvinisoga doʻlaytirdi:

– Xoʻ-oʻ-sh... gapimiz qaerga keluvdi? Ha, ha, soʻri toʻgʻrisida gaplashib turuvdik. Hm... Xullas, bogʻchangga soʻrining nima keragi bor oʻzi?

– Qanaqa soʻri? – taajjublanib qosh chimirdi Sarviniso.

Shu kuyi tortishuv choʻzilib boraverdi. Mudira «endi soʻrini toʻqib chiqarmang», desa, bosh hisobchi «oʻzing aytmasang, bogʻchangda soʻri borligini men qayoqdan bilardim», deb tergovchilandi, unisi «tuhmat qilmang», desa, bunisi «bundan chiqdi, inventarni allaqachon oʻzlashtirgansan», deb na’ra tortdi. Bu gapdan Sarvinisoning esi chiqqudek boʻlib: «Yo tavba-a!» deya yoqa ushlagan chogʻda, Toʻymas ogʻa koʻzlarini baqalantirib, stolni mushtladi:

– Tavbangni taftishchilarga aytasan! Bogʻchangni ertagayoq tekshiramiz!

– Axir...

– Gap tamom! Joʻna!

– Oldin gapimni eshitsangiz-chi! Iltimos qilaman!

– Hech qanaqa iltimos-piltimos ketmaydi! – bir chaqchayib, bir mugʻambirona qiyalandi Toʻymas ogʻa. – Nima, menga oʻtkazib qoʻygan joying bormidiki, iltimosingni eshitsam? Gap qaerga borib taqalayotganini anglavol! Oʻyla! Gap qaerga taqalyapti, xoʻsh?!

– Manavi yerga taqalyapti, manavi yerga!

Sarviniso kaftini tomogʻiga arra qilib koʻrsatib, jazavalangudek holatda sapchib oʻrnidan turdi. Ayolning qoʻli tomoqqa ishoralanib toʻxtaganini koʻrgach, Toʻymas ogʻaning toʻsatdan chehrasi yorishdi: «E, xayriyat, oxiri tushundi-ya!»

Ha, oʻzbekning boshini million yil pishirishgan, oʻzbekning esi koʻp, har bir gapining tagida ummondek ma’no bor...

1977