OʻzLib elektron kutubxonasi
Бош Сахифа Асарлар Бўлимлар Муаллифлар
Bosh Sahifa Asarlar Boʻlimlar Mualliflar
 
Asarga baho bering


Asarni saqlab olish

Asarni ePub formatida saqlab olish (iBooks va Kindle kabi ereader'larda oʻqish uchun) Asarni PDF formatida saqlab olish Asarni OpenDocument (ODT/ODF) formatida saqlab olish Asarni ZIM formatida saqlab olish (Kiwik kabi e-reader'larda oʻqish uchun) Icon book grey.gif

Asar tafsillari
MuallifAnvar Obidjon
Asar nomiTushuntirish xati (hajviya)
TurkumlarKutubxona
Xalqlar
   - Oʻzbek/sovet adabiyoti
Boʻlimlar
   - Hajv
Mualliflar
   - Anvar Obidjon
Uslub
   - Nasr
Shakl
   - Hajviyalar
Yozuv
   - Lotin
TilOʻzb
Hajm6KB
BezatishUzgen (admin@kutubxona.com)
Qoʻshilgan2012/09/27
Manbahttp://www.ziyouz.com/index...


iPad asboblari
Bu asarni ePub versiyani saqlab olish


Mazmun
Bu asar Oʻzbek elektron kutubxonasida («OʻzLib»da) joylashgan. OʻzLib — notijorat loyihasi. Bu saytda joylashgan barcha kitoblar tekin oʻqib chiqish uchun moʻljallangan. Ushbu kitobdan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, koʻpaytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.



Logo.png





Tushuntirish xati (hajviya)
Anvar Obidjon

Uchaskavoʻy melisamizga yozib ma’lum qilamanki, men kim – oddiy sovet bangisi, qoʻsh gumbazli hammomning ilgʻor oʻt yoquvchisi, adolatparvar deyilguchi mamlakatning adolatga tashna grajdani, adabiy nagʻmada aytganda, fuqarosidurman.

Oʻrtoq kapiton! Sizga ustimdan tagʻin shikoyat tushganini eshitib, haddan tashqari xijolat boʻldim. Xotinim oʻzi shunaqa, maktabda oʻqib yurganda devoriy gazetaga redaktur boʻlgan, joʻrnolistlik kasali hanuz qoʻzib turadi. Xuruji tutganda, eng yaqinidagi odamga, ya’ni shundoq qoʻshni bolishda yotuvchi kaminaga yopishadi.

Oʻtgan kuniyam shunaqa boʻldi. Men ahmoq ishdan yutaqib kelib, bitta choy buyuribman. Choynakni doʻq etkazib oldimga qoʻyib ketdi. Bir qaytarma qilay deb piyolaga qoʻysam, kartishka qaynatilgan suvning oʻzginasi. Jahlim qoʻzib: «Oʻ, enasini koʻrmagan, shuyam choymi?»– deb, va hokazo, yana hokazo gaplarni aytib, andak tergab oʻtdim.

Xotin kishi degani asalarining yashigʻiga oʻxshaydi, sal tegsang, baloga qolasan. Shu zardam bahona boʻldi-yu, bir vaqt qarasam, men palon gektardan palon tsentnerdan makka olgan brigadirman, palon joyga deputotman, sen kim boʻpsanki, menga oliftachilik qilasan, deb tepamdan uchib yuribdi. Arizasida menga siyosiyroq ayb yuklaganiga kelsak, bu gaplarning chiqishiga oʻzi aybdor. Qoʻlini biqiniga choynaksop qilib, masalangni jensovetga qoʻyaman, dedi. Shunda, men battar tutaqib, jensovet, selsovet va hokazo, yana hokazo sovetlarni boʻralab tashladim. Ammo, buni manmansirab ketib, qasddan aytganim yoʻq. Zero, men pahlavon hukumatimizda qancha sallot-u, qancha zambarak borligini yaxshi bilaman.

Shu desangiz, oʻrtoq kapiton, xotinim: «Hali shunaqami?» dedi-yu, tashqariga qarab yurdi. Hovlini kesib oʻtayotib, hovuzcha boʻyida tahorat olayotgan otamni vahshiylarcha turtib yubordi. Chol u tarafga uchdi, obdasta bu tarafga. Otamning hovuzga agʻdarilishi bir nav, chunki u pishiq suzuvchi, urushda Dneprni kechib oʻtgan. Lekin, tilsiz-jagʻsiz yap-yangi sopol obdasta bekorga pachaqlanganiga koʻp achindim. (Bu gapimdan keyin, gʻilay demay, chillashir demay, mahallamizdagi bor yigitni qurilish batalyoniga joʻnatishayotgani kabi, «pishadi» degan bahona bilan, obdastalarniyam armiyaga olish boshlanmagani durust).

Cholni quritish uchun paqqos kiyimini yechib, ayvondagi soʻriga yotqizdim. Ustiga endigina choyshab tortganimda, rayijroqoʻmda shopirlik qiladigan ukasini ergashtirib, xotinim keldi. Qaynogʻam koʻzini folchining pildirogʻidek aylantirib, menga tiraldi. Qirq besh yil yashab, umrimda bunaqa soʻkish eshitmagandim, bir zumda achamni bojamga aralashtirvordi. Hov, goʻdak, dedim unga, pochchangni hurmat qilmasang, sochimdagi oqni hurmat qil, dedim. Shunda u: «Kim goʻdak?» – deb boʻynini choʻzdi. Xato gapiribman, kechirgin, uka, dedim unga, koʻrib turibman, boʻgʻoz xotin obberishsa, bola koʻradigan boʻpqolibsan, dedim. Soʻzim tugab-tugamay, gardanimga gursillatdi. Shunda: «He, oʻsha opangni medaliga...» deb, va hokazo, yana hokazo gaplarni ishlatib, biqiniga soluvdim, opasi orqamdan, ukasi oldimdan tirmashib, meni novvosagʻdarish qilishdi. Itlarning yaylovdagi tanishuviga oʻxshagan sudra-sudra boshlandi.

Soʻrida yotgan otam menga achinib ketdimi, choyshabning tagidan chiqib kelib, bizni ajratishga tushdi. Cholning ahvolini koʻrib, xotinim betini toʻsganicha dahlizga qochdi. Keyin qaynogʻam «bu uydagilar hammasi jinni», deb koʻchaga otildi.

Oʻrtoq kapiton! Xotinim nuqul siyosatni roʻkach qilib, rayijroqoʻm xodimi, Afgʻon urushi qatnashchisi boʻlgan ukam ayovsiz doʻpposlandi, deb yozibdi. Bu qip-qizil tuhmat. Birinchidan, haqorat qilishni qaynogʻam oʻzi boshladi. Hukumat vakili ekanini hisobga olib, to shapaloq tortguncha indamay turdim. Vaholanki, ovozini vaqtida oʻchirish uchun boʻyniga tayyor chandilgan galstoʻkni ozgina tortib qoʻyishim kifoya edi. Afgʻonda boʻlganiga kelsak, shu bolaga ishonib poʻrma berishganiga hayronman. Bir kuni undan «urushda dushmanni doʻstdan qanday ajratarding», deb soʻrasam, «koʻzini rangidan», dedi. Shu bilan bitta kazarmada yotganlarning yuragiga balli.

Oʻrtoq kapiton! Xullas, opa-ukaning igʻvosiga uchmang. Bu muttahamlarga qolsa, hatto Fargʻonadagi isyonniyam mening boʻynimga agʻdarishadi. Oʻzi bu yoqda aybni kimga toʻnkashni bilmay turishibdi.

Yana shikoyatdagi gaplarga qaytsak, qaynogʻam ketganidan keyin alam ustida dahlizga kirib bordim. Senmi hali meni ukangga kaltaklatadigan, deb, shartta xotinimning sochidan changallab, va hokazo, yana hokazo harakatlar qilib, uni odamgarchilikka chaqirdim. Afsuski, tarbiya koʻrmagan bu ayol oilaviy tartib-intizomga tupurib, otasinikiga ketib qoldi. Peshanam shoʻrligidan xoʻrligim kelib, kechasi bilan chilim tortib chiqdim. Natijada ikkita toʻshak, uchta koʻrpa va hokazo, yana hokazo matohlarga choʻgʻ tushib, kichik yongʻin chiqdi.

Oʻrtoq kapiton! Erta-indin xotinim qaytib kelgudek boʻlsa, shu kuygan lattalarni pesh qilib, yangi bir shikoyat yozishi turgan gap. Siz u chalasavodga yaxshilab uqtirib qoʻying – hozir demokratiya zamoni! Demokratiya deyilganda, amerikalik kimni soʻksang soʻkaver deb, frantsiyalik kimni oʻpsang oʻpaver deb tushunadi. Men uchun bu– qaerda cheksang chekaver degani. Huquqim poymol etilmasin!

Yana bir gapim bor, oʻrtoq kapiton. Bundan keyin pogonni xor qilib, er-xotinning oʻrtasiga tushib yurmang, kattaroq ishlar bilan shugʻullaning. Masalan, men boʻgʻzi uzilgan obdastani chorsiga tugib, rayon sugʻurta idorasiga borsam, tahorat vositasining sinishi tabiiy ofatga kirmaydi, deb haqini toʻlashmadi. Iltimos qilaman, shu ishni qattiq tekshirib, tegishli pulimni undirib bersangiz. Agar ish oʻngidan kelsa, oʻzlarini hammomda shahonasifat bugʻlab, keyin ikkalamizdan ortmaydigan kobili shoʻrva qaynatib, va hokazo, yana hokazolarni iste’mol qilib, bir yayragan boʻlardik.

Bor gapim shu. Iloyim, salomat boʻlaylik.

1989